ЎзМУ факультетлари масъуллари диққатига!

“Ўзбекистон Миллий университети” газетасига берилаётган ушбу маълумотларни шу ҳажмда янгилаб, тузатиб, тўлдириб tueshbek@mail.ru почтасига юборишингиз сўралади:

 

BIOLOGIYA FAKULTETI

 Biologiya-tuproqshunoslik fakulteti respublikada biologiya fanining shakllanishi va rivojlanishida salmoqli o`ringa ega. Hozirgi o`zbek tabiatshunosligining bosh vazifasi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan 1998 yilda tasdiqlangan «Biologik xilma-xillikni saqlash» Milliy strategiya va harakat rejasini hayotga tatbiq etishga qaratilgan.

Fakultetda O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ilmiy tadqiqot institutlari, Tabiatni muhofaza qilish qo`mitasi, Milliy bog` va qo`riqxonalar hamda oliy va o`rta maxsus ta’lim muassasalariga mutaxassis kadrlar tayyorlab kelmoqda. Oliy ta’lim tizimini takomillashtirish va jahon andazasi darajasida mutaxassis kadrlar tayyorlash maqsadida bakalavriat va magistratura bosqichlarining tashkil qilinishi boshqa sohalar qatori biologiya-tuproqshunoslik yo`nalishi bo`yicha ham malakali, raqobatbardosh kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etdi. Bu borada fakultetda ko`pgina ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Biologiya, Tuproqshunoslik ta’lim yo`nalishidan tashqari yangi Ekologiya va tabiatdan foydalanish bakalavr yo`nalishi tashkil qilindi. Tez fursatda ushbu yo`nalishlar uchun me’yoriy hujjatlar ishlab chiqildi. Namunaviy o`quv reja asosida Davlat ta’lim standartlari yaratildi hamda namunaviy fan dasturlari to`plam shaklida chop qilindi. O`quv-uslubiy ta’minotni yuqori darajaga ko`tarish maqsadida ko`pgina darslik va o`quv qo`llanmalari yaratildi. Hozirgi kunda fakultetda Biologiya, Bioinformatika, Agrokimyo va agrotuproqshunoslik hamda Ekologiya va tabiatdan foydalanish bakalavr yo`nalishlari bo`yicha kadrlar tayyorlanmoqda. Mavjud bakalavr yo`nalishlari zaminida 10 dan ortiq magistratura mutaxassisliklari faoliyat ko`rsatmoqda.

Biologiya yo`nalishida zoologiya, botanika, o`simliklar fiziologiyasi, odam va hayvonlar fiziologiyasi, mikrobiologiya, genetika, biofizika, biokimyo, biotexnologiya, ixtiologiya, parazitologiya, kasbiy fanlarni o`qitish uslubiyoti, Tuproqshunoslik yo`nalishi bo`yicha agrokimyo, tuproqshunoslik, fizika va melioratsiya kabi mutaxassisliklar mavjud. Ekologiya va tabiatdan foydalanish yo`nalishida ekologiya mutaxassisliklari bo`yicha kadrlar tayyorlanmoqda.

 

GEOLOGIYA VA GEOGRAFIYA FAKULTETI

 Geologiya va geografiya fakulteti o`ziga xos an’analarga, tarixga, mutaxassislar tayyorlashda o`z o`rniga ega. Fakultetda mamlakatimiz xo`jaligining turli sohalari uchun yuqori malakali geolog, geograf, gidrometeorolog, geodezist va kartograf kabi mutaxassislar tayyorlab bermoqda.

Mustaqillik yillarida fakultet respublikada geografiya, gidrometeorologiya, geodeziya, kartografiya va kadastr yo`nalishlari bo`yicha mutaxassislar tayyorlaydigan asosiy markazga aylandi. Bu dargohda talabalarga nazariy bilimlar berishda zamonaviy kompyuterlar, geografik axborot tizimlari (GIS) va yangi pedagogik texnologiyalardan foydalanishga katta ahamiyat beriladi. Nazariy bilimlarni amaliyotda mustahkamlash va qo`llash maqsadida talabalar amaliyotlari rejalashtirilgan. Fakultet talabalari dala o`quv amaliyotlarini Chorvoq va Oqsoqota amaliyot bazalarida, shuningdek, iqtisodiy geografik amaliyotlarini Toshkent shahridagi turli korxonalar va muassasalarda, kompleks amaliyotlarini O`zbekiston viloyatlari bo`yicha, ishlab chiqarish amaliyotlarini esa tanlangan mavzu bo`yicha turli korxona va muassasalarda, jumladan, Toshkent Kartografiya fabrikasida, GMITI, O`zgidromet va boshqa tashkilot hamda muassasalarda o`tkazishadi. Fakultetda “Tabiiy geografiya va landshaftshunoslik”, “Geomorfologiya”, “Geografik atamashunoslik va toponimika”, “Geoekologiya”, “Ijtimoiy va iqtisodiy geografiya”, “Tog`li hududlar gidrologiyasi”, “Atlas kartografiyasi” kabi ishlanmalar hozirgi kunda fakultet olimlari tomonidan bajarilmoqda.

Bu fakultet geologiya sohasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlash borasida ham respublikada etakchi o`rinni egallaydi. Darslar Geologiya davlat muzeyi, Geologiya va mineral resurslar davlat qo`mitasi va O`zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi qoshidagi ilmiy tadqiqot institutlarida o`tkaziladi. Dala o`quv amaliyoti 1-2 kurs talabalariga Toshkent viloyatining Parkent tumani Oqsoqota o`quv dala amaliyot poligonida o`tkaziladi. O`quv jarayonida zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalaridan foydalanish borasida «Ta’lim tizimida elektron muhit» dasturi bo`yicha fakultetda 2 ta kompyuter sinfi tashkil qilindi va ulardan samarali foydalanilmoqda. O`quv jarayonini zarur vositalar bilan to`liq ta’minlash maqsadida ayrim adabiyotlarning elektron variantlari – elektron darsliklar yaratilgan.

 

JURNALISTIKA FAKULTETI

 Yaqinda zamonaviy binoga ega bo`lgan Jurnalistika fakulteti respublikamiz ommaviy axborot vositalari, axborot xizmatlari uchun malakali kadrlar tayyorlaydi. O`quv rejalarida chet tillarni puxta o`rganish, zamonaviy axborot texnologiyalarini o`zlashtirish kabi talablar ham salmoqli o`rin egallagan.

Bu dargohdan Jurnalistika (faoliyat turlari bo`yicha), Televidenie va radioeshittirish, Axborot xizmatlari, Noshirlik ishi va muharrirlik mutaxassisliklari bo`yicha magistrlar ham etishib chiqmoqda.

Boshqa sohalarda bakalavr darajasiga ega bo`lgan ijodkor-yoshlar magistratura bosqichi sifatida Oliy jurnalistika kurslarida tahsil olishlari va ixtisoslashgan jurnalist bo`lib etishishlari mumkin.

Fakultetda tashkil etilgan teleradiostudiya, fotostudiya, internetga ulangan axborot markazi, www.uchildiz.uz veb-sayti bo`lg`usi jurnalistlarga kasb mahorati sirlarini o`rgatadi.

Fakultet malakali mutaxassislar tayyorlash maskani sifatida axborot bozorida ro`y berayotgan voqea-hodisalar, o`zgarishu yangilanishlarga juda tez va xolis munosabat bildiradi. Shu bois, fakultet jamoasi OAV sohasida fan va ta’lim, nazariya va amaliyotni uyg`unlikda rivojlantirishga intiladi.

Qariyb yarim asrlik an’analarga ega fakultet faoliyati davomida minglab malakali jurnalistlarni tayyorladi. Ular bugun nafaqat respublika, balki xorij OAVlarida ham mehnat qilmoqdalar.

Har yilgi malakaviy amaliyotni bo`lajak jurnalistlar viloyat, shahar va respublika darajasida davlat va nodavlat ommaviy axborot vositalari, axborot va reklama agentliklari, vazirlik va idoralar axborot xizmatlarida o`tashadi.

Fakultet Moskva Davlat univetsiteti Kiev Milliy universiteti, Pekin Millatlar markazi universiteti, London Siti universiteti, Qozoq Milliy universiteti va Sankt-Peterburg universiteti bilan o`zaro hamkorlik asosida shartnomalar tuzgan. BMT, YuNESKO va boshqa xalqaro tashkilot hamda jamg`armalar bilan hamkorlikda doimiy ravishda ilmiy-amaliy seminarlar, konferentsiya va davra suhbatlari o`tkazib kelinmoqda.

Yangi ta’lim kontseptsiyasining ishlab chiqilishi va tatbiq etilishi axborot va texnogen jamiyat sharoitida ishlay oladigan yangi avlod jurnalistlarini tarbiyalashga yo`naltirilgan.

 

 IJTIMOIY FANLAR FAKULTETI

 Ijtimoiy fanlar fakultetida talabalar ongiga mustaqillik mafkurasining mazmun va mohiyatini singdirish, yangi dunyoqarashni shakllantirish ta’lim sohasining asosiy mohiyatini tashkil etadi.

Mamlakatimizda psixologiya muammolarining o`rganilishi Sharq uyg`onish davrida boshlangan. Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Alisher Navoiy bu sohaga o`zlarining munosib hissalarini qo`shgan. Ijtimoiy-tarixiy taraqqiyotning keyingi bosqichlarida psixologik qarashlar ilmiy tus ola boshladi va yangi psixologik-falsafiy nazariya va ilmiy yo`nalishlar yuzaga keldi.

Fakultetda falsafa, sotsiologiya, psixologiya, pedagogika, etika va estetika, ijtimoiy ish, milliy g`oya, huquq va ma’naviyat asoslari, politologiya singari bakalavr yo`nalishlarda malakali mutaxassislar tayyorlanadi. Magistratura bosqichida falsafa va fanlar metodologiyasi, ijtimoiy falsafa, falsafa tarixi, zamonaviy G`arb falsafasi va tarixi, estetika, etika, din va erkinfikrlilik falsafasi, milliy g`oyaning falsafiy masalalari, umumiy psixologiya va psixologiya tarixi, sport psixologiyasi, sotsiologiya nazariyasi metodologiyasi va tarixi, siyosiy fanlar nazariyasi va tarixi, amaliy siyosatshunoslik, ijtimoiy tizim va jarayonlarning axborot va psixologik xavfsizligi, demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti mutaxassisliklari bo`yicha ta’lim beriladi.

Ijtimoiy fanlar fakulteti oliy ta’lim tizimining barcha ijtimoiy fanlar kafedralari va O`zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Ibrohim Mo`minov nomidagi Falsafa va huquq instituti, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat boshqaruvi akademiyasi, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashi, Milliy g`oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi, “Ijtimoiy fikr” markazi hamda Moskva davlat universiteti, Sankt-Peterburg universiteti, Kiev davlat universiteti, Kolumbiya universiteti, Jorjstaun universiteti, Prinston universiteti, Qozoq Milliy universiteti falsafa va psixologiya fakultetlari bilan aloqalar o`rnatgan. Respublikamiz va MDH davlatlarining etakchi faylasuf olimlari, davlat va jamoat tashkiloti arboblari bilan fakultet talabalari, aspirant va tadqiqotchilari uchrashuvlarini o`tkazish an’anaga aylangan.

 

 IQTISODIYOT FAKULTETI

 Iqtisodiyot fakulteti O`zbekistonda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish va jahon xo`jaligi tizimiga kirib borishida zarur bo`lgan bozor iqtisodiyoti qonunlari va jahon talablariga javob beradigan malakali iqtisodchi bakalavr va magistrlar tayyorlaydigan oliy o`quv maskanlaridan biri hisoblanadi.

Fakultetda biznesni boshqarish, menejment, mintaqashunoslik va tarmoq iqtisodiyoti, iqtisod nazariyasi, jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar kabi yo`nalishlarda talabalar tahsil oladilar. Bugungi kunda fakultetda “Iqtisodiyot” (tarmoqlar bo`yicha), “Biznesni boshqarish”, “Menejment” yo`nalishlari bo`yicha bakalavrlar hamda “Iqtisodiyot nazariyasi”, “Menejment”, “Biznesni boshqarish”, “Xalqaro iqtisodiy munosabatlar”, “Mintaqaviy iqtisodiyot” mutaxassisliklari bo`yicha magistrlar tayyorlanmoqda.

Iqtisodiyot fakulteti O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy-iqtisodiy tadqiqotlar markazi, Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy Banki, O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Iqtisodiyot instituti, “Ipak yo`li” aktsionerlik innovatsion tijorat banki bilan kadrlar tayyorlash, o`quv-uslubiy va ilmiy-tadqiqot sohalari bo`yicha hamkorlik shartnomalariga ega.

Mustaqillik yillarida fakultetda ta’lim-tarbiya, ilmiy tadqiqot yo`nalishlari bo`yicha xalqaro aloqalar keng rivojlandi. Iqtisodiyot fakulteti xorijdagi hamda hamdo`stlik mamlakatlaridagi Jahon Banki instituti, Moskva davlat universiteti, Garvard va Jostaun universitetlari, Kopengagen Birmengem, Ekzeter va Surrey, Bilefild, Fantus, Tbilisi davlat, Qozoq Milliy universitetlari, Birlashgan Vena instituti bilan ilmiy aloqalar o`rnatgan.

Fakultetning 30 dan ortiq talabasi individual ta’lim g`oliblari sifatida Yaponiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Frantsiyaning etakchi universitetlarida ta’lim olib qaytdilar. Fakultetda Koreya, Xitoy, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Qozog`iston respublikalari talabalari ta’lim olmoqdalar.

Fakultetda talabalar faoliyatiga alohida e’tibor qaratilib kelinmoqda. Talabalar turli fond va xalqaro fondlar grantlari tanlovlarida faol ishtirok etmoqdalar va o`zlarining yuqori bilimga ega ekanliklarini namoyish etib, tanlov g`oliblari bo`lishmoqda.

 

 KIMYO FAKULTETI

 Kimyo fakulteti Markaziy Osiy mintaqasida kimyo fanining rivojlanishida muhim o`rin egallaydi. Universitet tashkil qilingan dastlabki yillarda talabalarga matematika, fizika, kimyo kabi aniq fanlardan ham saboq berilgan.

Fakultet kafedralari qoshida kimyo yo`nalishi bo`yicha noorganik kimyo, analitik kimyo, organik kimyo, fizik kimyo, kolloid kimyo, yuqori molekulali birikmalar kimyosi, bioorganik kimyo, tabiiy va fiziologik faol birikmalar kimyosi, neft va tabiiy gaz kimyosi mutaxassisliklari bo`yicha magistratura ochildi.

Qayd etilgan mutaxassisliklar bitiruvchilari respublikadagi maktablar, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari, O`zbekiston Fanlar akademiyasi institutlari hamda bir qator korxonalarning malakali mutaxassislarga bo`lgan ehtiyojini qondirib kelmoqda.

Mustaqillik yillari fakultet jamoasi tomonidan talabalar uchun o`zbek tilida darslik, o`quv, o`quv-uslubiy qo`llanmalarni chop etishga katta e’tibor qaratildi.

Fakultet olimlari tamonidan o`tgan yillar davomida tibbiyot va boshqa ishlab chiqarish sohalarida qo`llaniluvchi bir qator moddalar olindi. Tabiiy birikmalar kimyosi kafedrasida oxirgi yillar mobaynida mahalliy o`simlik xom ashyosi (Lagohilus inebrians-Bozulbong va gangituvchi Lagogilus) asosida samarali gemostatik vositalar yaratish muammolari ustida izlanishlar olib borildi. Natijada tibbiyotda qon tomir orqali yuboriluvchi “Lagolen” gemostatik vositasi qo`llanishga tatbiq etildi. Innovatsion loyiha asosida keng miqyosda qo`llanilib kelinayotgan va chet eldan keltirilgan “Ditsinon” vositasiga nisbatan qator afzalliklarga ega bo`lgan “Inebrin” dori vositasini ishlab chiqish va tibbiyotga tatbiq etish ustida ishlar olib borilmoqda. Joriy yil oxirida dori vositasining dori shakli — tabletkaning tajriba partiyasini olish rejalashtirilgan.

 

 MATEMATIKA FAKULTETI

 Matematika fakultetida talabalarga matematika, mexanika va axborot texnologiyalarining zamonaviy yo`nalishlari bo`yicha ta’lim beriladi. Nazariy va amaliy ahamiyatga molik bo`lgan muhim tadqiqotlar olib boriladi. Fakultetda matematika, mexanika, statistika, tatbiqiy matematika va informatika, informatika va axborot texnologiyalari yo`nalishlari bo`yicha bakalavrlar hamda matematik tahlil, differentsial tenglamalar, geometriya va topologiya, ehtimollar nazariyasi va matematik statistika, matematik mantiq, algebra va sonlar nazariyasi, nazariy mexanika, deformatsiyalanuvchi qattiq jism mexanikasi, suyuqlik, gaz va plazma mexanikasi, hisoblash matematikasi, amaliy matematika va axborot texnologiyalari, matematik fizika, hisoblash mashinalari komplekslari, tizimlari va tarmoqlarini matematik va dasturiy ta’minlash mutaxassisliklari bo`yicha magistrlar tayyorlanadi.

Ta’lim berishda an’anaviy usullar bilan cheklanilmay pedagogik va axborot texnologiyalari keng qo`llanilmoqda. Buning uchun beshta maxsus sinflar zamonaviy texnika vositalari bilan jihozlangan.

Fakultet va kafedralar zamonaviy kompyuter texnikalari bilan muntazam ta’minlab kelinmoqda, kompyuterlar internet tarmog`iga chiquvchi yagona tarmoqqa birlashtirilgan.

Fakultetda iqtidorli talabalar va magistrantlar bilan alohida shug`ullanish yo`lga qo`yilgan. Matematika va dasturlash fanlari bo`yicha fakultet talabalaridan tashkil topgan jamoalar har yili Respublika va jahon miqyosidagi musobaqalarda muntazam qatnashib, sovrinli o`rinlarni olishmoqda. Bundan tashqari bitiruvchi talabalarning diplom ishlari, magistrlik dissertatsiyalari ilmiy salohiyati hisobga olinib, Davlat attestatsiya komissiyasi a’zolari tomonidan nomzodlik dissertatsiyasi sifatida himoya qilishga tavsiya etilmoqda. Oxirgi yillarda magistrantlar va aspirantlardan tuzilgan ilmiy guruh Xalqaro «Abdus Salam» (Italiya, Triest) fondining ICTP (Nazariy fizikaning xalqaro markazi) granti sovrindori bo`ldi.

Fakultet talabasi Rustam Qosimjonov shaxmat bo`yicha xalqaro grossmeyster va 2004 yilda shaxmat bo`yicha jahon chempioni unvoniga erishgan.

 

 TARIX FAKULTETI

 Tarix fakulteti O`zbekiston ilm-fani taraqqiyoti uchun zarur bo`lgan ko`plab mutaxassis kadrlarni voyaga etkazmoqda. O`zbekistonning mustaqillikni qo`lga kiritishi fakultet va uning professor-o`qituvchilari hayotida tub burilish yasadi. Uch ming yillik davlatchilik an’analariga ega bo`lgan o`zbek xalqi tarixini xolisona va ilmiy tarzda o`rganish imkoniyati paydo bo`ldi. Fakultet professor-o`qituvchilari bugungi kunda mustaqil O`zbekiston tarix fani oldida turgan dolzarb masalalarni tadqiq qilish, talabalarda ilmiy dunyoqarashni shakllantirishda faol ishtirok etmoqda.

Bakalayr bosqichida – Tarix, Arxivshunoslik, Arxeologiya kabi uchta bakalavriat ta’lim yo’nalishlarda hamda magistratura bosqichida – O’zbekiston tarixi, Tarix (yo’nalishlar va mamlakatlar bo’yicha), Davlat boshqaruvi va mahalliy o’z-o’zini boshqaruv (faoliyat turi bo’yicha), Tarixshunoslik, Manbashunoslik va tarixiy tadqiqot metodlari, Arxeologiya, Etnografiya, etnologiya va antropologiya, Hujjatchilik va xujjatshunoslik va arxivshunoslik kabi mutaxassisliklar bo’yicha kadrlar tayyorlanadi.

O`zbekiston tarixi kafedrasi respublika Oliy ta’lim tizimida Vatan tarixini o`qitish va tarix fanini rivojlantirish ishiga salmoqli hissa qo`shib kelmoqda. Mazkur kafedra respublika oliy o`quv yurtlari mutaxassis va nomutaxassis fakultetlari uchun “O`zbekiston tarixi” fani bo`yicha tayanch kafedra hisoblanib, fan dasturlari va darsliklar yaratishda namuna bo`lmoqda. Kafedraning umumiy ilmiy yo`nalishi “O`zbekistonda millatlararo munosabatlar va bag`rikenglik” mavzusi bo`lsa-da, undagi professor-o`qituvchilar O`zbekistonning qadimgi va o`rta asrlar davri, Rossiya imperiyasi bosqini va sovet davri, mustaqillik yillarida ro`y bergan tarixiy-madaniy jarayonlar masasalalari bo`yicha ham ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqdalar. Kafedrada tarixning dolzarb masalalari bo`yicha ilmiy to`plam nashr etish, respublika va xalqaro miqyosda konferentsiyalar o`tkazish an’anaga aylangan.

“Jahon tarixi” kafedrasi tarix fanining rivojlanishida, oliy ma’lumotli tarixchi mutaxassislar tayyorlashga o’z hissasini qo’shib kelmoqda. Jahon tarixi fanlarining muammolarini o’rganish bo’yicha Respublikada yagona markaz vazifasini bajarib kelmoqda.

“Arxeologiya va etnologiya” kafedrasi professor-o’qituvchilari tomonidan talaba-yoshlarga arxeologiya va etnologiya fanlaridan nazariy bilimlar berish bilan birga yurtimizdagi arxeologik yodgorliklarda arxeologik dala-tadqiqot amaliyotlari olib borilmoqda.

“Manbashunoslik va arxivshunoslik” kafedrasi professor-o’qituvchilari talabalarga manbashunoslik va maxsus tarix fanlarining nazariy va amaliy masalalari bo’yicha dars o’tib kelmoqdalar, bevosita respublika arxivlari, muzeylari va Sharq qo’lyozmalari fondlarida amaliyotlar o’tilmoqda. Talabalarga asosiy fanlar bilan bir qatorda, eski o’zbek yozuvi, Sharq tillari (arab, fors) tillari ham ushbu kafedra yuklamasidan o’rin olgan.

Tarix fakulteti Olmaotadagi Qozog`iston xotin-qizlar pedagogika instituti va Pekindagi Millatlar markaziy universiteti, Moskva davlat universiteti tarix fakulteti va MDU qoshidagi Osiyo va Afrika instituti, XXRning Shanxay universiteti, Xalqaro Lingvistika akademiyasi (Buyuk Britaniya), Billifeld universiteti (Germaniya), Ekseter universiteti(Angliya), Frediksberg universiteti (Daniya) bilan ilmiy aloqalar o`rnatgan.

Tarix fakulteti Olmaotadagi Qozog`iston xotin-qizlar pedagogika instituti va Pekindagi Millatlar markaziy universiteti, M.B.Lomonosov nomidagi MDU Tarix fakulteti va MDU qoshidagi Osiyo va Afrika instituti, XXRning Shanxay universiteti, Xalqaro Lingvistika Akademiyasi (Buyuk Britaniya), Billifel`d universiteti (Germaniya), Ekseter universiteti (Angliya), Frediksberg universiteti (Daniya), Renn II Universiteti (Frantsiya) Mikluxo-Maklay nomidagi Antropologiya va etnologiya instituti, Osiyo va Afrika mamlakatlari instituti, Rossiya Davlat gumanitar universiteti qoshidagi Tarix-arxiv instituti, Berkli va Kolorado universitetlari (AQSH) bilan aloqalar o’rnatgan.

 

 FIZIKA FAKULTETI

 Fizika fakultetida fizika, astronomiya radioaktiv preparatlar va yadroviy texnologiyalar, lazer texnikasi va lazerli texnologiyalar ta’lim yo`nalishlari bo`yicha bakalavrlar, nazariy fizika, yarim o`tkazgichlar va dielektriklar fizikasi, optika, magnitooptika va molekulyar fizika, lazer fizikasi, atom yadrosi va elementar zarrachalar fizikasi, radiofizika, yadroviy texnologiyalar, polimerlar fizikasi, geliofizika va quyosh energiyasidan foydalanish, quyosh tizimi fizikasi va geliofizika, fizika fanini o`qitish metodikasi, astrofizika, radioastronomiya, meteorologiya, agrometeorologiya, fizikaviy elektronika mutaxassisliklari bo`yicha malakali magistrlar tayyorlanmoqda.

Fakultetda nazariy fizika, yarimo`tkazgich va dielektriklar fizikasi, optika, radiofizika, polimerlar fizikasi, atom yadrosi va elementar zarrachalar fizikasi, qattiq jism fizikasi, fizikaviy elektronika, lazer fizikasi, fizikani o`qitish uslubiyati va tarixi, elektrofizika astrofizika, radioastranomiya mutaxassisliklari bo`yicha aspirantura, nazariy fizika yarimo`tkazgich va dielektriklar fizikasi ixtisosliklari bo`yicha ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.

Fakultetdagi bakalavr va magistratura ta’lim jarayoni O`zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi institutlari bilan doimiy hamkorlikda olib boriladi. Fakultet kafedralari bir qator filial va o`quv-ilmiy markazlariga ega.

Bakalavriat yuqori kurs talabalari ixtisoslik fanlaridan amaliy va laboratoriya mashg`ulotlari, malakaviy amaliyotlar hamda magistratura ta’lim jarayoni aksariyat dars mashg`ulotlari Fanlar Akademiyasi ilmiy laboratoriyalarida yuqori ilmiy salohiyatga tajribali olimlarni jalb qilgan holda olib boriladi.

Bakalavriat va magistratura bitiruvchi kurs talabalarining malakaviy bitiruv ishlari hamda magistrlik dissertatsiyalari ushbu markazlarda amalga oshirilmokda.

Fakultetda internet tarmog`iga ulangan kompyuterlar bilan ta’minlangan axborot resurs markazi faoliyat ko`rsatmoqda. Uning imkoniyatlaridan o`quv jarayonida ilmiy anjumanlarda samarali foydalanib kelinmokda.

 

XORIJIY FILOLOGIYA FAKULTETI

 Xorijiy filologiya fakultetining tarixiy an’anasi – xorijiy tillarni chet el adabiyotini o`rganish bilan birga olib borishdan iborat. Fakultet kutubxonasida o`quv jarayoni uchun zarur bo`lgan o`zbek, rus, ingliz, nemis, frantsuz tillaridagi darsliklar, ilmiy risolalar hamda jurnal va gazetalar mavjud. Mutaxassislikka doir ba’zi mashg`ulotlarni chet ellik o`qituvchilar olib boradilar.

O`quv yili davomida fakultetning iqtidorli talabalari, magistrantlari va yosh olimlari Rossiyaning Omsk, Moskva va Sankt- Peterburg shaharlarida, Angliyaning Ochiq universitetida, Kembrij universitetida, Hindiston, Italiya va Gretsiya universitetlarida hamda Vilgelm nomidagi Vestfal universiteti grantlari asosida ilmiy faoliyat o`taydilar va malaka oshiradilar.

Fakultet tarkibida ingliz tili fonetikasi va grammatikasi, ingliz tilshunosligi va tarjima nazariyasi, nemis filologiyasi, frantsuz filologiyasi, rus tilshunosligi, rus adabiyotshunosligi va chet el adabiyotshunosligi kafedralari mavjud.

Ingliz, nemis va frantsuz filologiyasi kafedralari tillarni amaliy o`rganish, ularda so`zlashuvchi mamlakatlar tarixi, shu tillarning nazariy fonetikasi va grammatikasi, leksikologiyasi, stilistikasi hamda roman-german filologiyasiga kirish va maxsus kurslar bo`yicha ma’ruzalar va amaliy mashg`ulotlar olib borishni ta’minlaydi.

Ingliz tilshunosligi va tarjima nazariyasi kafedrasida chet tillardan tarjima qilish nazariyasi va amaliyoti, tilshunoslikka kirish, umumiy tilshunoslik, ona tili va chet tillarining qiyosiy tipologiyasi, o`zbek tili va adabiyoti kurslari bo`yicha ma’ruzalar va amaliy mashg`ulotlar o`tkaziladi.

Fakultet jamoasi Berlin, Vilgelm–Myunster, Gyottingen universitetlarida, Gyote instituti va Germaniya akademik almashuv xizmati bilan amaliy hamkorlikda ish olib bormoqda.

Fakultetni bitirgan talabalar O`zbekiston Respublikasining BMTdagi vakolatxonasida, O`zbekistonning qator davlatlardagi elchixonalarida, Angliya, Fransiya, BAA, Hindiston, Iroq, Jazoir, Gvineya Respublikasi, Madagaskar va boshqa davlatlarda xizmat qilmoqdalar.

You may also like...

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>