Boburning beqiyos maʼnaviy xazinasi

Moddiy va maʼnaviy boyliklar – misoli bir qushning ikki qanotidir.

Maʼnaviyati boy inson chinakam moddiy boyliklar yaratishga qodir boʻladi. Shul bois “Trastbank” xususiy aksiyadorlik bankida tez-tez maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilmoqda. Buyuk ajdodimiz, tarixda shoh va shoir sifatida yorqin iz qoldirgan Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludi kuni munosabati bilan tashkil etilgan “Boburning beqiyos maʼnaviy xazinasi” mavzuidagi ijodiy kecha ham bank xodimlarida katta taassurot qoldirdi.

Tadbirda Shayxontohur tumani Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Elyor Joʻrayev, “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki Xodimlar bilan ishlash departamenti direktori Qobiljon Joʻrayev, Oʻzbekiston Yoshlar Ittifoqining Trastbank” boshlangʻich tashkiloti yetakchisi Shuhrat Panjiyev va boshqalar buyuk ajdodimizning boy maʼnaviy xazinasidan bahramand boʻlish, “Boburnoma” kabi betakror asarlarni mutolaa qilish moliya-iqtisod sohasi xodimlarini ham maʼnan kamol topishlariga xizmat qilishini alohida taʼkidladilar.

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti dotsenti, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzosi Toʻlqin Eshbekning buyuk ajdodimiz Mirzo Boburning ibratli hayot yoʻllari, bebaho maʼnaviy meroslari haqida qilgan maʼruzasi bank xodimlarida katta qiziqish uygʻotdi.

– Biz buyuk ajdodimiz Boburning yorqin siymosini atoqli adib Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romani orqali yanada teranroq anglaymiz,– dedi maʼruzachi.– Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, Mirzo Bobur 12 yoshida taxtga oʻtirgach, uning dastlabki siyosiy maqsadi Amir Temur davlatining poytaxti, strategik va geografik jihatdan muhim boʻlgan Samarqandni egallash va Movarounnahrda markazlashgan kuchli davlatni saqlash, mustahkamlash hamda Amir Temur saltanatini qayta tiklashdan iborat edi Temuriylarning oʻzaro urushlari kuchaygan kezlarda Shayboniyxon Movarounnahrni istilo qilishga kirishadi U 1499 yili Jizzax va Samarqand orqali Qarshi va Shahrisabzgacha bosib boradi, katta oʻlja bilan Dashti Qipchoqqa qaytadi. Oradan koʻp oʻtmay katta kuch bilan Movarounnahrga qaytgan Shayboniyxon Buxoro va Qorakoʻlni egallaydi, 1500 yili Sulton Ali Mirzo kaltabinlik bilan Samarqandni Shayboniyxonga jangsiz topshiradi. Biroq, shahar aholisi va zodagonlarining maʼlum qismi temuriylar hukmdorligini tiklash tarafdori edi. Ular Fargʻona hokimi Boburga maktub yoʻllab, Samarqandni ishgʻol qilishga daʼvat etganlar. Bobur temuriylar saltanatini himoya qilish va uni saqlab qolish uchun astoydil harakat qilib, Shayboniyxonga qarshi bir necha yil davomida muttasil kurash olib borsa-da, ammo mamlakatda hukm surgan ogʻir iqtisodiy tanglik va siyosiy parokandalik sharoitida maqsadiga erisha olmaydi. Bobur Samarqand taxti uchun kurashayotgan paytda Andijonni Sulton Ahmad Tanbal egallab oladi. Bobur 200-300 navkari bilan Hisor togʻlari orqali Afgʻonistonga oʻtadi va u yerdagi ichki nizolardan foydalanib, Qobulni egallagach, mustaqil davlat tuzishga jadal kirishadi, qoʻshinni tartibga keltiradi, qattiq ichki intizom oʻrnatadi. Qobulga, umuman Afgʻonistonga Bobur oʻz yurti kabi qaradi, qurilish, obodonlashtirish, kasbu hunar va qishloq xoʻjaligini rivojlantirish ishlarini boshlab yubordi. Shahar ichidagi Bolo Hisor qalʼasini oʻz qarorgohiga aylantirib, uni qayta taʼmirlatdi, yangi imoratlar qurdirdi va oilasi bilan shu qalʼada yashadi. Uning Humoyun, Gulbadanbegim, Komron va Hindol ismli farzandlari shu yerda tugʻiladi. 1507 yil boshlarida Bobur Hindistonga yurish boshlaydi. Ammo bu urinishi muvaffaqiyatsiz tugab, yana Qobulga qaytadi. Bobur Movarounnahr va Xurosondagi siyosiy vaziyat va urush harakatlarini kuzatib boradi. Shayboniyxon Eronni zabt etish uchun yurish boshlaganda Bobur shoh Ismoil bilan harbiy-siyosiy ittifoq tuzib 1511 yil bahorida Hisorni, yozida Buxoroni, oktyabr boshlarida Samarqandni yana qoʻlga kiritadi. 1512 yil 24 noyabrida Gʻijduvon jangida Bobur shayboniylardan yana yengilib, Qobulga qaytishga majbur boʻladi. Movarounnahrni egallash ilinjidan uzil-kesil umidini uzadi va butun eʼtiborini Hindistonga qaratadi. 1519 yil bahorida Hindistonnni zabt etish rejalarini amalga oshirishga kirishadi va keyingi 5-6 yil davomida bir necha yurishlar uyushtiradi. Nihoyat, 1526 yil aprelda Panipatda asosiy raqibi, Dehli sultoni Ibrohim Loʻdiyning yuz ming kishilik qoʻshinini 12 minglik askar bilan tor-mor qiladi hamda Dehlini egallaydi, koʻp oʻtmay Hindistonning Bengaliyagacha boʻlgan qismini oʻziga boʻysundiradi. Agrani oʻziga poytaxt sifatida tanlagan Bobur katta qurilish va obodonlashtirish ishlarini boshlab yuboradi. Shu tariqa uch yarim asrga yaqin hukm surgan qudratli boburiylar sulolasiga asos soladi. Bobur Hindistonda ham, xuddi Afgʻonistonda boʻlganidek, koʻplab ijtimoiy-xayrli ishlarni amalga oshirdi, mamlakat taraqqiyotiga jiddiy taʼsir koʻrsatdi. Tarqoqlik va parokandalikka, oʻzaro ichki nizo, qirgʻinlarga barham berib, viloyatlarni birlashtirdi, markazlashgan davlatni mustahkamlash va yurtni obodonlashtirishga, ilmu hunar va dehqonchilikni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratdi. Qurilish ishlariga boshchilik qildi. Bobur shoir sifatida ijodiy faoliyati Samarqandni ikkinchi marta egallagan vaqtda boshlangan. U Samarqanddaligining ilk oylarida Alisher Navoiy tashabbusi bilan ular oʻrtasida yozishma boshlanadi. Bobur atrofida ijodkorlar toʻplana boshlashi ham shu yillarga toʻgʻri keladi. Oʻtmish adabiyot va tarix, musiqa va sanʼatdan yaxshi xabardor boʻlgan, diniy taʼlimotga chin ixlos qoʻygan Bobur har doim olimu fuzalolar davrasida boʻldi, xususan ijod ahliga, kasbu hunar sohiblariga samimiy ehtirom koʻrgazib homiylik qildi, ularni moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirib turdi. Bobur tabiatan ijodkor edi. Yigitlik yillaridan boshlab to umrining oxirigacha samarali ijodiy ish bilan shugʻullandi, har qanday sharoit va zaziyatlarda ham ijoddan toʻxtamadi, natijada har jihatdan muhim boy ilmiy va adabiy meros qoldirdi. Boburning ulkan sanʼatkorligi shundaki, shaxsiy kechinmalarini jiddiy umumlashma darajasiga koʻtara oladi va natijada, asarlarida olgʻa surilgan gʻoyalar umuminsoniy qadriyatlar darajasiga koʻtariladi. Bobur ijodida, xususan, sheʼriyatida kindik qoni toʻkilgan ona yurtini dil-dildan qoʻmsash, uning tuprogʻiga talpinish, gʻariblik azoblaridan oʻtli hasrat, yoru diyor sogʻinchi va visol ilinji, taqdir zarbalari va turmush uqubatlari, zamona nosozliklaridan nola badiiy tahlil etiladi. Hozirda uning 119 gʻazali, bir masnu sheʼri, 209 ruboiysi, 10 dan ortiq tuyuq va qitʼalari, 50 dan ortiq muammo va 60 dan ziyod fardlari aniqlangan. Devoni tarkibida umumiy hajmi 270 baytdan iborat 8 masnaviy ham oʻrin olgan. Bir necha muddat oldin podsholikni Humoyunga topshirgan Bobur 1530 yili 47 yoshida oʻzi asos solgan saltanat poytaxti Agrada vafot etdi va oʻsha yerda dafn etildi, keyinchalik 1539 yilda vasiyatiga muvofiq hoki Qobulga keltirilib, oʻzi bunyod ettirgan “Bogʻi Bobur”ga qoʻyildi. Bobur Oʻzbekiston mustaqillikka erishgandan soʻng oʻz yurtida qadr-qimmat topdi. Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti farmoniga koʻra 1993 yilda Bobur tavalludining 510 yilligi keng nishonlandi. Oʻzbekiston FAning Bobur nomidagi medali taʼsis etildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Davlat drama teatri aktyori Shukurullo Soʻfiyevning badiiy chiqishlari, Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi talabalarining Bobur gʻazallarini kuyga solib ijro etgan ashulalari davraga yanada fayz kiritdi.

Sabohat Hayitqoriyeva,

“Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki

Axborot xizmati rahbari

http://manaviyat.uz/news/view/711

You may also like...

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>