Harakatlar strategiyasi – talabalar nigohida
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Tarix
fakulteti professor-o‘qituvchilari va iqtidorli talabalari ishtirokida tashkil etilgan to‘plam taqdimoti shunday nomlandi.
Taqdimotda O’zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar tahliliga bag‘ishlangan tarix fakulteti talabalari o’rtasidagi ilmiy-intellektual tanlov qatnashchilarining ijodiy ishlaridan iborat maqolalar to‘plami jamoatchilik havola etildi.
Tadbirni fakultet dekani, siyosiy fanlar doktori, professor Alisher Mo‘minov kirish so‘zi bilan ochdi. Fakultet talabalarining respublikamizda yuz berayotgan islohotlarning faol ishtirokchisiga aylanish, Harakatlar strategiyasining shunchaki kuzatuvchisi emas, balki amalga oshiruvchi kuchi sifatida yetuk kadrlar bo‘lib yetishish yo‘lidagi harakatlarini yuqori baholagan dekan mazkur to‘plam talabalarning o‘z ilmiy-tahliliy faoliyatidagi dastlabki muhim qadamlardan biri bo‘lganligini e’tirof etdi. To‘plamning O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Yosh olimlar ligasi hamkorligi va homiyligida nashr etilganligi ham 17 nafar maqola muallifi uchun muhim qo‘llab-quvvatlash ekanligini bildirdi.
Taqdimot davomida tarix fanlari nomzodi, dotsent Ne’mat Polvonov ham talabalarni tahliliy faoliyatga qo‘yilgan qadam: milliy taraqqiyotimizning tom ma’nodagi “yo‘l xaritasi” belgilab bergan vazifalarni yangicha nigoh bilan nazardan o‘tkazishga qaratilgan faoliyat natijasi bo‘lgan maqolalar to‘plami bilan qutladi. U har bir talaba o‘zi yoritayotgan mavzuni bayon etishda “Harakatlar strategiyasi, eng avvalo, tafakkur strategiyasidir” degan tamoyilni asos qilib olganligini muhim metodologik yondashuv deb baholadi. To‘plamdan o‘rin olgan maqolalarning ayrimlariga to‘xtalib, ularning o‘ziga xos jihatlarini tahlil qilib berdi. Talabalarning bundan keyingi ilmiy faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.
– Mazkur to‘plamga kiritilgan maqolani yozish men uchun o‘ziga xos tajriba va amaliy maktab bo‘ldi,– deydi tarix yo‘nalishi 1-bosqich talabasi Ozodbek Ne’matov.– Ilmiy rahbarim tarix fanlari doktori, professor Xurshida Yunusova yordamida Harakatlar strategiyasida alohida ahamiyat qaratilgan va uning ajralmas qismlaridan biri hisoblangan millatlararo totuvlik masalasini yoritishga, u asosida bir yil davomida mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlarni: jamiyatda yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlarni o‘z fikrim va dunyoqarashim asosida nazardan o‘tkazishga harakat qildim. Shunisi e’tiborliki, mazkur to‘plam mening ilmiy faoliyatga qo‘ygan birinchi qadamim bo‘lishi bilan birga, Harakatlar strategiyasi haqidagi mulohazalarim uchun minbar bo‘ldi.
Taqdimot qatnashchilari O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Yosh olimlar ligasi bilan hamkorlikda yozgi ta’til davomida Harakatlar strategiyasi mazmun-mohiyati, shuningdek, mazkur to‘plamda o‘zlari yoritgan mavzu va yo‘nalishlarning hududlar bo‘yicha amaliy natijalarini tengdosh-tengdoshga uslubi asosida targ‘ib etishga qaratilgan viloyatlar bo‘ylab targ‘bot tadbirlarini tashkil etishga kelishib oldilar.
Tadbir so‘ngida iqtidorli talabalar, ularning ilmiy rahbarlari va taqdimot qatnashchilariga to‘plam nusxalari taqdim etildi.
Zohidullo Munavvarov,
siyosiy fanlar doktori, professor.
Сўнгги фикрлар