Jurnalistika tarixi

8-mavzu. XX ASRNING BIRINCHI YARMIDA JAHON MATBUOTI

5

ЎзМУ Журналистика факультети 3-босқич талабаларига «Жаҳон журналистикаси тарихи» фанидан маърузалар амалдаги икки алифбомизда тақдим этилмоқда.

Қадрли талабалар! Ҳар бир мавзуни эътибор билан ўқиб, 9-мавзу охирида тақдим этилган адабиётларни пухта ўрганинг. Сўнг, ушбу саҳифа адоғида билдирган фикрномаларингизга қараб Сизга балл қўямиз.

2

8-mavzu. XX ASRNING BIRINCHI YARMIDA JAHON MATBUOTI

 Reja:

  1. Amerika Qo‘shma Shtatlari matbuoti;
  2. Angliya matbuoti;
  3. Germaniya matbuoti;
  4. 4. Italiya matbuoti;
  5. Fransiya matbuoti;
  6. 6. Yaponiya matbuoti;
  7. 7. Xitoy matbuoti;
  8. 6. Rossiya matbuoti;

 

Matbaachilik ravnaq topgan sari matbuot rivojlanib borardi. XX asrning birinchi yarmida, ayniqsa, AQSh, Angliya, Germaniya, Italiya, Fransiya, Yaponiya, Rossiya (keyinchalik sobiq SSSR), Xitoy kabi davlatlarning gazeta-jurnallari o‘ziga xos axborot olamini vujudga keltirdi. O‘sha yillarda paydo bo‘lgan o‘nlab nashrlar keyingi davrlar matbuoti uchun tamal toshi bo‘lib xizmat qildi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari matbuoti taraqqiyot bobida o‘tgan asrlardayoq ancha ilgarilab ketdi. 1900 yilga kelib 2235 nomdagi kundalik gazeta 15 million 102 ming nusxada chop etilardi1. Bu davrda Qo‘shma Shtatlarda chiqadigan turli nomdagi nashrlar soni 21235 tani tashkil etdi. XX asrning birinchi yarmida gazetalar bilan bir qatorda «Commercial and Financial Chronicle», «Afro-American», «Baltimore Cun», «Washington Evening Star», «Journal of Commerce and Commercial», «Wachington Post and Times Herald», «Des Moines Register», «Denver Post», «Los Angeles Times», «New York Herald Tribune», «New York Times» gazetalari, «Iron Age», «Cosmopolitan», «Farm Journal», «The Saterday Evening Post» kabi jurnallar ham tobora ommalashib bordi. Jurnallar adadi bir necha yuz mingdan tortib 12 million nusxadan ham oshgani e’tiborga molikdir.

AQShda gazeta-jurnal nashr etishning o‘ziga xos maktabi yaratildi. To‘rt, sakkiz sahifadan iborat bo‘lib chiqadigan gazeta o‘zini oqlay olmasligi, bunday nashrlar asosan muassis yoxud ma’lum bir guruh kishilargagina ma’qul fikrlarni yoritib, keng ommaning axborotga bo‘lgan ehtiyojini qondira olmasligi to‘g‘ri anglashildi. Shu bois gazetalar yetmish, sakson, hatto yuz sahifagacha hajmda chiqib turishi odatiy holga aylangan.

Gazeta bir necha o‘n sahifadan iborat bo‘lgandagina unda keng xalq ommasining talablarini qondira oladigan axborot berish va turli mavzulardagi maqolalarni yoritish mumkinligi o‘z isbotini topdi.

Amerikaliklar asosan dam olish kuni gazeta-jurnallarni bafurja mutolaa qilishga vaqt topishini hisobga olgan tahririyatlar o‘z gazetalarining yakshanba sonlarini besh yuz sahifagacha hajmda hamda odatdagidan ikki barobar ko‘p nusxada chop etishardi. Shunisi qiziqki, bir necha million nusxada chop etiladigan besh yuz sahifalik gazetalarning ham sotuvda yetishmay qolish hollari uchrardi. Ko‘rilayotgan foydaning to‘rtdan uch qismi e’lon qilinayotgan reklamalar hisobidan olinar edi. Qolgan qismi esa gazeta savdosidan tushardi.

Gazeta-jurnallar narxini belgilashda muassis yo tahririyatlar ko‘p hollarda o‘z foydasini birinchi o‘ringa qo‘ymas edilar. Bil’aks, tannarxi, masalan, taxminan ikki dollarga tushadigan gazetani uch-to‘rt barobar arzonga sotish «taomil»ga aylandi.

O‘quvchilar manfaatini ko‘zlab qilingan bu ishning mevasidan aslida noshirlar ko‘proq bahramand bo‘lishadi. Ya’ni, nashrning adadi misli ko‘rilmagan darajada ortib boraveradi. Qanchalik ko‘p nusxada bosilsa, nashrning tannarxi shunchalik kamayishi turgan gap. Ikkinchidan, tadbirkor va ishbilarmonlar o‘z reklamalarini adadi ko‘p gazetalar orqali yoritishni afzal ko‘rishardi. Demak, gazetani sotishdan ko‘rilgan ba’zi zararlar reklamadan olinadigan foyda hisobiga qoplanib, qo‘shimcha daromadlarga ham erishilardi.

AQSh matbuoti taraqqiyotida 1948 yili asos solingan «Associated Press» («Matbuot uyushmasi») axborot agentligining roli katta bo‘ldi. Bu agentlik asr o‘rtalariga kelib 3460 dan ortiq gazeta-jurnalga, shuningdek, qator radiostansiya va telestudiyalarga xizmat ko‘rsatardi, agentlik dunyodagi 160 ta yirik shaharda faoliyat yuritayotgan 2500 dan ortiq muxbiriga ega edi. Assoshieyted Press maxsus byurolari orqali jahonning 100 dan ortiq shahrida chop etiladigan 1763 ta gazeta bilan teletayp orqali aloqani yo‘lga qo‘ydi. Shiddatkor davr hisoblangan XX asrning birinchi yarmida mamlakatda chop etila boshlagan ayrim nashrlar haqida to‘xtalish maqsadga muvofiqdir.

AQShda gazetalar bilan bir qatorda jurnallarga ham qiziqish baland ekanligi kuzatilgan. Buni XIX asrning ikkinchi yarmida tashkil etilgan qator jurnallar navbatdagi asr avlodlarining ham e’tiborini qozonganidan bilsa bo‘ladi.

Vashingtonda «National Geographic» oylik bezakli ilmiy-ommabop jurnali 1888 yilda, Nyu-Yorkda «Cosmopolitan» oylik adabiy-siyosiy jurnali 1886 yilda, ayollarga mo‘ljallangan «Voguye» oylik bezakli jurnali 1892 yilda, «American Weyekly» rangli-bezakli haftalik jurnali 1896 yilda, «New York Times» gazetasi ilovasi bo‘lgan «New York Times Magazine» jurnali 1896 yilda, «Mc Calls» ayollar oylik bezakli jurnali 1897 yilda tashkil etildi. XX asrning birinchi yarmidayoq bu jurnallar adadi bir necha yuz mingdan 13 milliongacha nusxani tashkil etgani ularning naqadar ommabop ekanligidan dalolatdir.

Jurnallarning aksariyati har haftada, oyda bir yoki ikki marotaba chop etilardi. Shunga yarasha mushtariylarining soni ham ortaverdi. Jurnallarga bo‘lgan talab-ehtiyojlar oshgani bois 1900-1950 yillarda ular safiga yana qator yangi nashrlar qo‘shildi. 1902 yilda «Chemical Engineyering» jurnalini mushtariylar qiziqish bilan kutib oldilar. Asosan muhandislik kimyosi sanoati muammolarini yoritishga mo‘ljallangan bu jurnal har ikki haftada 44589 nusxada chop qilinar edi.

1914 yili ta’sis etilgan «Current History» oylik jurnali yangi tarix mavzularini yoritishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi. Unda AQShning xalqaro maydonda tutgan o‘rni, ichki va tashqi siyosatiga oid rang-barang mavzularga keng o‘rin berilardi. Ishbilarmon hamda tadbirkorlarga mo‘ljallangan «Forbes» jurnaliga 1917 yilda asos solingan. Bu jurnal ham har oyda ikki marotaba chiqarilardi. «Barron’s National Business and Financial Weyekly» haftalik jurnali 1921 yilda Bostonda chiqarila boshladi. 97000 dan ortiq nusxada chop etilgan bu jurnalda AQShdagi yetakchi monopoliyachilar, ishbilarmonlar va ilg‘or moliyachilar faoliyati aks ettirilardi. Jurnalda AQShning siyosiy faoliyatiga ham xolis munosabatlar bildirilar edi. Boshqa xalqlar qatori amerikaliklarda ham adabiyotga, ma’naviyatga qiziqish mudom yuqori bo‘lgan.

«The Readers Digest» oylik adabiy-siyosiy jurnali 1922 yilda Plezantvill shahrida tashkil etilganidayoq o‘ziga xos voqelik bo‘lgandi. Zero, 17 tilda chiqadigan ushbu jurnalning umumiy adadi XX asr oxiriga kelib 30 million nusxaga yetgani uning qay darajada ommalashganini ko‘rsatadi.

O‘sha davrda Nyu-Yorkda qator jurnallarga asos solindi. 1922 yilda «Foreign Affairs», 1923 yilda «Time», 1924 yilda «American Mercury», 1925 yilda «The New Yorker», 1929 yilda «Business Weyek», 1930 yilda «Fortune», 1933 yilda «Newsweyek» jurnallari tashkil etildi. Ma’naviyatga tashna mushtariylar orasida bu jurnallar tezda ommalashib, umumiy adadlari ham bir necha yuz mingdan 10 million nusxagacha yetdi. Demak, AQShdagi nashrlar ham mazmunan juda boy, sifatli, o‘quvchi didiga mos bo‘lgandirki, ularning mushtariylari tobora ko‘paya bordi. O‘sha nashrlarning muassis va ta’sischilari o‘quvchilar sonining ko‘payishidan manfaat ortishini to‘g‘ri hisob-kitob qilib, gazeta-jurnallarni haqiqiy tannarxidan ham arzonga sotishardi. Chunki bu sohada faqat daromad ketidan quvganlar uzoqqa bora olmasligini, tez orada bozori kasodga uchrashini amerikalik noshirlardan tortib muassislargacha yaxshi bilishardi.

AQShlik mushtariylarning sevimli nashrlaridan biri – «Life» rangli-bezakli jurnaliga 1936 yili asos solingan. Umumiy adadi 6041778 nusxa bo‘lgan bu xalqaro miqyosdagi jurnal ikki haftada bir marta chop etila boshlagan. Jahon miqyosida o‘z o‘quvchilariga ega bo‘lgan ushbu nashr Lotin Amerikasi mamlakatlari uchun Parijda ispan tilida ham chop etilardi. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng jurnal «XX asr – Amerika asri», «AQSh dunyo rahnamosidir» shiorlari ostida chiqariladigan bo‘ldi. Dunyo miqyosida muxlislariga ega bo‘lgan «Look» jurnaliga 1937 yilda Nyu-Yorkda asos solindi. Ikki haftada bir marta 5623413 nusxada chop etiladigan jurnalda rang-barang suratlar bilan bir qatorda qiziqarli hikoyalar, kinoyulduzlar haqida ocherklar yoritilardi.

«Nigoh» degan nomiga yarasha bu ommabop nashr sahifalarida o‘z aksini topadigan AQSh va boshqa davlatlarning ijtimoiy-siyosiy hayotiga daxldor muammolar, xususan, mamlakat boshqaruvida uchrashi mumkin bo‘lgan korrupsiyaga oid tanqidiy maqolalar ham o‘quvchilar e’tiborini o‘ziga tortib turardi. Nyu-Yorkda tashkil etilgan yana ikkita jurnal haqida to‘xtalib o‘tish joiz. «Parade» haftalik ommabop jurnaliga 1941 yilda asos solindi. Har yakshanba kuni chiqadigan bu bezakli jurnal 22 million nusxada chop etilishi uning qanchalik sermazmun, qiziqarli ekanligini ko‘rsatadi. Jurnalxonlar talab-ehtiyojini muntazam kuzatib borgan mutaxassislar zamonga mos yangi nashrlar chop etish ustida muttasil izlandilar.

Shunday izlanishlar samarasi o‘laroq 1949 yilda tashkil etilgan «Reporter» siyosiy jurnali ham millionlab muxlislariga ega ekanligi bejiz emas. XX asrning birinchi yarmidagi AQSh matbuoti haqida so‘z ketganda, mashhur kompaniya rahbari Genri Lyus faoliyati haqida ham to‘xtalib o‘tish joizdir. O‘zi bosh muharrir sifatida ish boshlagan Lyusning kompaniyasiga qarashli jurnallarning bir galgi umumiy adadi 11 million nusxadan ortiq edi. «Xerst konsoliteyted pablikeyshnz, ink.» yirik noshirlik konserni XIX asrning oxirlarida tashkil etilgan bo‘lsa-da, 1930 yil o‘rtalarida chinakam ravnaq topa boshladi. Bu paytga kelib konsernda 28 ta kundalik gazeta va 13 ta jurnal chop etilardi. Bundan tashqari u o‘zining axborot agentligiga, matbuot markazi, radiostansiyasi, kinofirmasiga ham ega edi.

AQSh gazetalari haqida so‘z yuritganda ham, avvalo, XIX asrda yuz bergan ayrim voqea-hodisalarga bir bora nazar tashlash maqsadga muvofiqdir. Negaki, bu davrda navbatdagi asr matbuotining ravnaqi uchun zamin yaratilgandi. Dunyoda dong taratgan «New York Times» («Nyu-York Tayms») gazetasiga ham ayni shu davrda – 1851 yilda asos solindi. «Nyu-York Tayms kompani» deb nomlangan kompaniya tomonidan har kuni chop etiladigan gazetaning adadi 623588 nusxa, yakshanba kunlari esa 1261800 nusxadan kam bo‘lmagan. Har kuni 80-120 sahifada chop etiladigan gazetaning yakshanba sonlari 400-500 sahifagacha yetishi odatiy holga aylangan.

Dam olish kungi soniga jurnal tipidagi ikkita ilova – «Nyu–York Tayms megezin» va «Nyu–York Tayms buk revyu» ham qo‘shib chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan. Ulardan tashqari, «New York Times»ning 30 ga yaqin ilovalari chiqib turadi. Uning Lotin Amerikasi uchun Limada (Peru) va Yevropa davlatlari uchun Parijda nashriyot uylari mavjud. Gazeta xodimlarining umumiy soni 5000 nafardan ortiq kishini tashkil etadi, aynan tahririyat shtatida esa 900 xodim muntazam faoliyat ko‘rsatadi. AQShning 17 ta yirik shahrida hamda 29 ta mamlakat poytaxtlarida bu gazeta doimiy byurolariga ega. «Makkormika–Patterson» gazeta tresti mamlakatdagi yirik nashrlarga asos solgan. O‘sha nashrlarning umumiy adadi 3,4 million, yakshanba sonlari esa 5 million nusxadan ortiqroqdir. Xristianlik ilmini targ‘ib etuvchi «Christian Sciyence Monitor» gazetasiga 1908 yilda Bostonda asos solingan. 1917 yilda Medisonda (Viskonsin shtati) chiqa boshlagan «Capital Times» kundalik mustaqil gazetasida asosan ijtimoiy mavzudagi maqolalarga keng o‘rin beriladi. «The New York Daily News» («Nyu-York kundalik yangiliklari») gazetasining nomidanoq mazmun-mohiyatini anglash mumkin. 1919 yilda asos solingan bu gazeta sahifalarida asosan yangiliklar va reklamalar yoritilardi. Uning tahririyatida 3000 dan ortiq xodim faoliyat ko‘rsatardi. Gazeta adadi o‘tgan asr o‘rtalarida 2056521 nusxani, yakshanba sonlari esa 3455033 nusxani tashkil etardi.

AQSh matbuoti taraqqiyotida 1919 yilda tashkil topgan «Federated Press» axborot agentligining ham salmoqli hissasi bor. Ko‘plab gazetalar eng muhim axborotni shu agentlikdan olardilar. Uning uchta bo‘limi Nyu-York, Vashington va Detroyt shaharlarida joylashgan.

«Washington Daily News» haftalik gazetasi 1921 yildan chiqa boshlagan. Bu gazeta asosan Skripss-Govard tresti siyosiy yo‘nalishidagi mavzularni kengroq yoritardi. Rang-barang materiallar bilan bir qatorda turli ko‘ngilochar suratlar va maqolalar ham muxlislarni xushnud etardi. Mamlakatdagi yetakchi gazetalardan biri – «New York Herald Tribune»ga 1924 yilda asos solingan. Bugungi kunda ushbu gazeta yetakchi nashrlardan deb topilgan. Gazetaning «Yevropa nashri» Parijda chiqadi. XX asr o‘rtalarida 500000 nusxa atrofida chiqib turgan gazeta 50-80 sahifadan, yakshanba sonlari esa 300-400 sahifadan kam bo‘lmasdi. 1924 yildan chiqa boshlagan yana bir gazeta – «New York Daily Mirror» Nyu-Yorkning kundalik ko‘zgusi hisoblangan. Gazeta sahifalarida asosan amerikalik monopoliyachilarning qarashlari o‘z aksini topardi. «This Weyek» haftaligi 1935 yili Nyu-Yorkda chiqa boshlashi bilanoq o‘z muxlislarini topdi. Yakshanba kunlari 39 ta ilovasi bilan chop etiladigan bu nashrning umumiy adadi 11685200 nusxadan oshardi. Asosiy maqsadi reklamalarni joylashtirish bo‘lgan ushbu haftalik sahifalarida hikoya, ocherk, siyosiy va ijtimoiy mavzudagi maqolalar ham tez-tez yoritilib turgani uning ixlosmandlari sonini ko‘paytirishga xizmat qilardi. Kasaba uyushmalarining 1942 yili San-Fransiskoda tashkil etilgan nashri – «The Dispatcher» mustaqil gazetasi asosan ishchi-xizmatchilar manfaatini himoya qilishga yo‘naltirilgandi. Ularning erkin minbari hisoblangan mazkur gazetada dunyo miqyosida kasaba uyushmalarining ilg‘or tajribalari, bu sohadagi muammolar yoritilardi. Odamlarda ijtimoiy, siyosiy mavzulardagi maqolalarga qiziqish katta ekanligini anglagan chikagolik jurnalistlar va noshirlar 1947 yili «Chicago Sun–Times» gazetasini tashkil etdilar. Bu davrda kurrai zaminda turfa siyosiy voqea-hodisalar avj olayotgan edi. SSSRdagi qonli qatag‘onlar, Yevropada Ikkinchi jahon urushining o‘choqlari paydo bo‘layotgani haqidagi xabar va sharhlar amerikaliklarning ham e’tiborini jalb qilmasdan qolmasdi. Boshqa yetakchi gazetalar qatori «Chicago Sun–Times» gazetasi sahifalarida ham bu mavzular yoritib borildi. Agressiya va urushlarga hamisha qarshi turadigan «National Gardian» taraqqiyparvar gazetasiga 1948 yili Nyu-Yorkda asos solingan edi. Ko‘p o‘tmay bu gazeta nihoyatda ommalashib ketdi. Dunyoning barcha burchaklarida uning muxlislari topiladi. XX asr birinchi yarmida AQShda matbuot ravnaqini yaxshi pog‘onalarga ko‘tarishda «Ogdena», «Nyuxauz», «Perri», «Ridder», «Skripps-Govard», «Skripps», «Tayms–Mirror kompani», «Xerst» kabi gazeta tresti, konserni va birlashmalari salmoqli o‘rinda bo‘lishdi. Ular o‘nlab gazetalarni million nusxalarda chop etishgani yaxshi ma’lum. Shunisi e’tiborga molikki, AQShda ingliz tilidagi nashrlar bilan bir qatorda boshqa millat o‘quvchilariga mo‘ljallangan gazetalar ham emin-erkin chop etilardi. Masalan, 1905 yildan Bostonda latish tilida «Amerikas Latweyetiyes» («Amerikas Latvietis»), 1909 yildan Nyu-Yorkda eston tilida «Uus Ilm» («Uus Ilm»), 1917 yildan Nyu-Yorkda rus tilida «Russkiy Golos», litva tilida esa 1911 yildan Nyu-Yorkda «Laisve» («Laysve») va 1923 yildan Chikagoda «Vilnis» («Vilnis»), Nyu-Yorkda ukrain tilida «Hromadsky Holos» («Gromadskiy Golos»), 1938 yildan Nyu-Yorkda arman tilida «Lraper» («Lraper») gazetalari ham ko‘pming nusxalarda chop etilgani bu yurtda demokratiyaning ravnaq topganidan dalolatdir. AQSh matbuoti tarixida XX asrning birinchi yarmida boshlangan ilg‘or usullar va an’analar dunyo matbuoti taraqqiyotiga ham sezilarli darajada ta’sirini o‘tkazib kelayotir.

Angliya matbuoti ham XX asrning birinchi yarmida ravnaq topdi. O‘sha davrdayoq angliyaliklarning amerikalik o‘quvchilarga nisbatan ikki marta, fransuzlarga qaraganda uch barobar ko‘p gazeta-jurnal xarid qilishlari kuzatilgan. Angliya gazetalarini shartli ravishda besh guruhga ajratish mumkin:

Milliy (markaziy) tonggi gazetalar. Bular sirasida Londonda chop etiladigan 16 nomdagi gazetani sanash mumkin. 8 tasi yirik, yetakchi «Tayms», «Deyli telegraf», «Deyli meyl», «Deyli ekspress», «Deyli gerald», «Deyli Uorker», «Deyli mirror» va «Deyli sketch» gazetalari bo‘lib, o‘sha davrdayoq ularning umumiy adadi 13 million nusxadan oshardi.

Londonning tungi gazetalari «Ivning nyus», «Ivning standard»ning umumiy adadi 2, 7 million nusxadan ortiqroq edi.

Tonggi va tungi mahalliy (turli joylardagi) gazetalar. Angliya va Uelsda 19 ta tonggi va 67 ta tungi, Shotlandiyada 7 ta tonggi va 8 ta tungi, Shimoliy Irlandiyada uchta tonggi va bitta tungi, Men hamda Channelda bitta tonggi gazeta chiqib turgan. Yakshanba kungi gazetalarning umumiy adadi 32 million nusxadan oshardi. Bu davrda Angliyada 140 ga yaqin kundalik (va yakshanbalik) gazetalar chop etilardi. Londonda chiqadigan «Sandi tayms», «Observer», «Sandi ekspress», «Nyus of Uorld», «Pipl», «Reynolds nyus» va boshqa yirik nashrlar muxlislarining soni tobora ortib bordi. Mahalliy (joylardagi) kundalik gazetalar. O‘sha davrda Buyuk Britaniyada 1200 dan ziyod gazeta va 4000 dan ortiq jurnal, bulardan tashqari, har yili ma’lumotnoma hamda yilnoma tipidagi 1000 dan oshiq nashrlar ham chop etib turilardi. Aynan XX asrning birinchi yarmidagi matbuot ravnaqi shunda ko‘rinadiki, qator kichik-kichik nashrlar yirik monopoliyachilar ko‘magida kuchli nashrlarga aylantirildi. Angliya matbuotining taraqqiyotida uchta axborot agentligi muhim o‘rin tutadi. Ya’ni, «Reyter», «Press Assoshieyshn» va «Ekscheynj Telegraf» axborot agentliklari mahalliy OAVni jahondagi eng muhim siyosiy xabarlar bilan ta’minlab turadi. Ayni vaqtda mamlakat hayotiga oid axborotlarni ham asosan shu agentliklar tarqatadi. Har bir mamlakat matbuotining qiyofasini yetakchi nashrlar belgilaydi. Angliyada XX asrning birinchi yarmida asos solingan shunday gazeta-jurnallar mamlakat ijtimoiy hayotida katta voqelikka aylandi. Bu davrda Londonda qator yangi nashrlar paydo bo‘ldi. Shulardan biri bo‘lgan «Daily Express» gazetasiga 1909 yilda asos solingan. 12-14 sahifadan iborat bu gazeta bir vaqtning o‘zida London, Manchester va Glazgoda jami 4,3 million nusxada chop etilardi. Keyinchalik gazetaning sahifalari ham, adadi ham keskin ko‘paydi. Uning muxlislari nafaqat Yevropada, hatto Amerika va Osiyo qit’alarida ham kam emasdi. Angliyaliklarning yangilikka intiluvchanligi ularning matbuotga bo‘lgan ishtiyoqini kuchaytiradi. Yangi nashrlar hamisha qiziqish bilan kutib olinganini esa ularning adadlari keskin oshib borganidan ham bilsa bo‘ladi. «Daily Mirror» («Kundalik ko‘zgu») rangli, bezakli gazetasiga 1903 yilda asos solingan edi. Dastlab bir necha o‘n ming nusxalarda chop etilib, tez orada Farbiy Yevropa va Amerikada ko‘plab muxlislariga ega bo‘lgan bu gazetaning adadi 4,5 milliondan oshib ketdi. Ommabop gazetalar qatoriga 1909 yilda «Daily Sketch» («Kundalik ocherk») gazetasi ham qo‘shildi. 14-16 sahifadan iborat rangli gazeta adadi 1,2 million nusxadan kam bo‘lmasa-da, unga bo‘lgan talab-ehtiyoj tobora ortib borardi. Xo‘sh, bu gazetalarning muxlislari bunchalik ko‘p bo‘lganligining boisi nimada edi? Ushbu savolga yuqorida bir qadar javob topgandek bo‘ldik. Ya’ni, bu tahririyatlarda yuzlab, minglab xodimlar faoliyat ko‘rsatishardi. Bundan tashqari o‘sha gazetalarning maxsus muxbirlari o‘nlab mamlakatlarda faol harakat qilishardi. Ko‘pdan-ko‘p fikr chiqadi, deganlaridek, har kuni o‘nlab sahifadan iborat gazetalar axborotga boy, sermazmun bo‘lganligi bilan bir qatorda ularning sifatli chiqishiga ham katta e’tibor berilardi.

Eng dolzarb axborotni ishonchli manbadan olib, hozirjavoblik bilan yoritish Angliya matbuotining o‘ziga xos xususiyatlaridan biriga aylangan. O‘quvchilarni bezdirib qo‘yishi yoxud ularda norozilik kayfiyati uyg‘otishi mumkin bo‘lgan oldi-qochdi, saviyasi past, mazmunan sayoz materiallarga uncha-muncha gazeta sahifalarida o‘rin berilmasdi. Shu bois ham 1912 yilda asos solingan «Daily Herald» («Kundalik axborot») gazetasining adadi 1,5 million nusxadan oshganligi tabiiy holdek edi. 1915 yilda asos solinib, mohiyatan oddiy fuqarolarning erkin minbariga aylangan «Sunday Pictorial» yakshanbalik gazetasi 3,5 milliondan ortiq nusxada chiqardi. «Sunday Express» yakshanbalik gazetasiga 1918 yilda asos solingan. 18-20 sahifadan iborat bu gazeta 3, 5 million nusxada chop etilardi. Bularning barchasi zabardast jurnalistlar zalvorli mehnatining samarasi bo‘lganini izohlab o‘tirishga hojat yo‘q. Muhimi, rivojlanish yo‘lini tanlagan boshqa mamlakatlarning jurnalistlari, matbuot uchun mas’ul kishilari ham ana shu tahririyatlarning sinalgan tajribalaridan foydalanib, ko‘zlagan maqsadlariga erishganlari sir emas. Gazeta-jurnallarning ko‘pligi va adadlarining yuqoriligi jihatdan yetakchi o‘rinda turgan Buyuk Britaniya matbuoti XX asrning birinchi yarmida jahonda yuksak mavqega ega bo‘ldi. Matbuot taraqqiyoti, shak-shubhasiz, mamlakat ravnaqiga ulkan hissa qo‘shdi.

Germaniya matbuoti haqida so‘z yuritishdan avval besh asr ilgari bu yurt matbaaning beshigi bo‘lganini eslab o‘tish joizdir. Jamoatchilik fikrini shakllantirishda gazeta nechog‘li muhim rol o‘ynashini to‘g‘ri anglagan o‘sha davrdagi nemis ziyolilari bu ishga jiddiy kirishgan edilar. Ayrim manbalardan ma’lum bo‘lishicha, 1725 yildan «General-ansayger» («Hammabop xabarnoma»), 1850 yildan «Algemayne tsaytung» («Umumiy gazeta»), 1898 yildan «Berliner morgenpost» («Berlin tonggi xabarlari») gazetalari chop etila boshladi. Ular sirasiga boshqa qator gazeta-jurnallar ham qo‘shildi. XX asrning birinchi yarmida bu mamlakatda yuz bergan voqea-hodisalar tarixdan ma’lum. Ya’ni, Ikkinchi jahon urushining «o‘chog‘i» aynan shu yerda paydo bo‘ldi. Urushdan oldingi davr matbuoti kimlarga xizmat qilganini tasavvur etish qiyin emas. Ilk bosma mashina ixtiro qilingan va jahon tarixida birinchi bosmaxona bunyod etilgan mamlakatda matbuot shunga yarasha ravnaq topdi. Faqat matbuotdek qudratli kuch ham o‘sha davrda fashizm g‘oyalariga xizmat qilganini izohlab o‘tirishga hojat bo‘lmasa kerak. Urushdan keyingi davrdagi Germaniya haqida so‘z ketganda, uning mash’um tarixiyu, ikkiga, ya’ni, GDR va GFRga bo‘linib qolgani haqida ham eslab o‘tish joiz. Bu davrda ularning matbuotlari ham faoliyatini ikki xil tarzda davom ettirdi. 1990 yillarda «Berlin devori» qulatilgach, Germaniya hayotida yangi davr boshlandi. Mazkur voqea-hodisalarda o‘sha davr matbuoti qanchalik rol o‘ynaganini tushunish mumkin. Shunisi diqqatga sazovorki, urush tugagan yiliyoq nemis jurnalist va noshirlari vayron bo‘lgan mahalliy matbuotni yangicha tipda, o‘zgacha ruhda qayta tiklashga bel bog‘ladilar. O‘sha yili ikkala nemis davlatida o‘nlab turli gazetalar tashkil etilgani va yuz minglab nusxalarda chiqarilgani sir emas. Birgina GFRda 1945 yilda paydo bo‘lgan «Aachener Nachrichten» («Aaxener Naxrixten», 40 ming nusxa), «Allgemeine Zeitung» («Algemayne Saytung», 100 ming nusxa), «Weser-Kuriyer» («Vezer-Kurir», 120 ming nusxa), «Hessische Allgemeine» («Gessishe Algemayne», 72 ming nusxa), «Darmstadter Echo» («Darmshtedter exo», 50 ming nusxa), «Nurnberger Nachrichten» («Nyurnberger Naxrixten», 185 ming, shanba kunlari 220 ming nusxa), «Rhein–Neckar–Zeitung» («Reyn–Nekkar-Saytung», 63 ming nusxa), «Stuttgarter Zeitung» («Shtutgarter Saytung», 140 ming nusxa) gazetalarining muxlislari tobora ortib bordi. E’tiborli tomoni shundaki, 1946-1950 yillar mobaynida ham ko‘plab nashrlar paydo bo‘lib, yuz minglab muxlislar orttirishdi. O‘sha davrdayoq 3,5 million nusxada chop etilgan «Bild-Zeitung» («Bild-Saytung»), 1,7 million nusxada chiqib turgan «Bild-Zeitung am Sonntag» («Bild-Saytung am Zonntag») gazetalari ham o‘ziga xos voqelik edi. Dunyoga mashhur «Der Spiyegel» («Der Shpigel», ya’ni «Oyna») jurnali ham 1947 yilda Hamburg shahrida 315 ming nusxada chiqa boshlagan. 1950 yilda GFRda 10 ta yirik nashriyotda 17 ta gazeta 2506000 nusxada chiqib turardi. 1959 yilga kelib mamlakatda chop etiladigan nashrlarning umumiy adadi 17 million nusxadan oshib ketgani nisbatan qisqa davr mobaynida matbuotning qanchalik ravnaq topganini ko‘rsatadi.

Shu tariqa XX asr o‘rtalarida Germaniya Federativ Respublikasi matbuoti dunyodagi yetakchi o‘rinlardan birini egallay boshladi.

Italiya matbuoti haqida gapirganda, avvalo, 1848 yilda Turin shahrida chiqa boshlagan «La Gazzetta del popolo» («Gazetta del popolo») nashri har kuni ikki marta, ya’ni, tonggi soni – 55 ming, kechki soni esa 30 ming nusxada chiqib, muxlislari e’tiborini qozonganligini eslash lozim. Kuniga ikki marotaba chop etiladigan gazeta xabarlari qanchalik hozirjavob, dolzarb bo‘lishini tasavvur etish qiyin emas. Chinakam axborot manbaiga aylangan nashrning esa muxlislari ortib boraverdi.

Italiya nashrlari orasida Milanda 1876 yildan chiqa boshlagan «Il Coppiyere della sera» gazetasi alohida o‘rniga ega. 1922-1924 yillarda gazeta 1 million nusxagacha chiqdi. «La Ora» gazetasi 1900 yildan buyon Palermoda chop etiladi. Bu tungi gazeta sahifalarida voqeliklar haqqoniy yoritilishi bilan muxlislari e’tiborini qozongan. «Il Giornale d’ItaLia» mustaqil tungi gazetasiga 1901 yilda Rimda asos solingan. 1922 yilda bu gazetaga «Jornale d’Italia agrikolo» («Italiya qishloq gazetasi») haftaligi ilova qilib chiqarila boshladi. 1930 yildan maxsus yakshanba sonlariga ilova tariqasida «Jornale della domenika» («Yakshanbalik gazeta») ham ko‘pming nusxalarda chiqariladigan bo‘ldi. Aksariyat rivojlangan mamlakatlarda gazetxonlar sevimli nashrlarining aynan yakshanba sonlarini maroq bilan o‘qishlari odatiy holga aylanib qolgan. Shunga muvofiq o‘sha kuni chop etiladigan gazetalar odatdagidan bir necha marta katta hajmda va ko‘proq nusxalarda chop etilardi. Muhim reklamalar aynan dam olish kunlari yoritilishiga reklama beruvchilar ham, iste’molchilar ham birdek ko‘nikib qolishgan. Italiyaning mashhur «Italia» gazetasiga 1912 yilda asos solingan edi. Milanda katolik guruhi nashri bo‘lgan bu gazeta sahifalaridan rang-barang mavzular o‘rin egallardi. Azaldan diniy-ma’rifiy mavzuga qiziqish bilan qaragan ko‘p sonli mushtariylar bu gazetaning doimiy muxlisiga aylanishdi. XX asrning birinchi choragida bu o‘lkalarda fashizm bayrog‘i ostidagi harakatlar qay darajaga yetgani tarixdan yaxshi ma’lum. Bu xatti-harakatlar o‘zgacha dunyoqarashga asoslangan nashrlarni ham hazm qila olmasdi. Shu bois 1924 yilda Milanda chiqa boshlagan Italiya komfirqasi markaziy organining nashri – «L’Unita» gazetasi bir yildan so‘ng fashistlar hokimiyati tomonidan taqiqlab qo‘yildi. 18 yildan ko‘proq davr mobaynida yashirincha chiqib turgan bu gazeta, nihoyat, 1944 yil iyunidan Rimda yana oshkora chop etila boshladi. Azaldan diniy, ma’rifiy o‘choqlardan biri bo‘lib kelgan ko‘hna Rimda turli davrlarda diniy nashrlar chiqarish urfga aylangan. Xristian-demokratik partiyasi markaziy nashri «Il Popolo» gazetasi shulardan biri edi. Rimda 1944 yildan chop etila boshlagan bu gazeta ixlosmandlari Farbdagi boshqa mamlakatlarda ham kam emasdi. Yevropa mamlakatlaridagi ilg‘or tajriba biror hududdagina qolib ketmasdi. Modomiki gazetalari qo‘shni mamlakatlarga ham tarqalayotgan ekan, demak, unda yoritilayotgan mavzular voqelikka aylanib boraveradi. Moliya-iqtisodiy mavzularni yoritishga ixtisoslashgan «Il Globo» («Yer shari») gazetasiga 1945 yilda Rimda asos solingan. Ushbu nashr ham butun yevropalik moliyachi mutaxassislar e’tiborini jalb etib turardi. «The Rome Daily American» gazetasi 1946 yildan Rimda ingliz tilida chop etila boshladi. Uning faoliyati Italiyadagi amerikaliklar siyosatini yoritishga yo‘naltirilgandi. XX asrning birinchi yarmida, xususan, Ikkinchi jahon urushi davrida Italiyada ham juda murakkab vaziyat vujudga kelgan edi. Bu urush bilan bog‘liq mushkulotlar matbuot taraqqiyotiga o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmasdi. 1948 yilda matbuot to‘g‘risida qonun qabul qilinishi Italiyada bosma so‘z ravnaqini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Shu yili demokratik ruhdagi «Il Payese» gazetasi chiqishi rimlik gazetxonlarni mamnun qildi. «Il Payese sera» gazetasi 1949 yildan chiqa boshlagan. Bu tungi gazeta haftada to‘rt kun rimliklar uchun, ikki marta Neapol, bir gal Florensiya va bir marta butun mamlakat aholisi uchun chop etilardi. Adadi – 85 ming, shanba kunlari 120 ming nusxaga yetardi. Ikkinchi jahon urushidan keyin Italiya matbuoti ham asta-sekinlik bilan yana o‘zanini topa boshladi. Ma’lum fursat tiklanish davridan so‘ng u taraqqiyot sari odimlab ketdi.

Fransiya matbuoti XX asrning birinchi yarmida jadal sur’atlar bilan rivojlandi. Yevropada ravnaq topayotgan matbaachilik fransuz matbuotini yanada yuksaltirishga zamin yaratdi. Biroq Ikkinchi jahon urushi bu mamlakatni ham chetlab o‘tmadi. Urush qanchalik tajovuz qilmasin, yurtda matbuot taraqqiyoti uchun kurash besamar ketmadi. Buni aynan o‘sha yillarda tashkil etilgan qator gazeta-jurnallar faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin. Fransiya matbuotida yetakchi o‘rinlardan birini egallab kelayotgan «Le Figaro» («Figaro», 1826 yilda asos solingan) kundalik gazetasi qatoriga XX asrning birinchi yarmida o‘nlab nashrlar qo‘shildi. Yo‘nalishlari turlicha bo‘lgan gazeta-jurnallarda turfa dunyoqarashlar o‘z aksini topardi. «Figaro» gazetasi fransuz siyosiy kuchlarining o‘ng tomonini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan bo‘lsa, 1903 yilda tashkil etilgan «Les Echos» («Eko») gazetasi fransuz tadbirkorlariga, sanoat va savdo doiralariga xizmat qilar edi. Unda asosan shu sohalarga oid reklamalar, birja ma’lumotlariga keng o‘rin berilardi. Siyosiy mavzularni yoritishda gazeta ijodkorlari sanoat va savdo-sotiq borasida Fransiya bilan yaqindan aloqa qiladigan davlatlar faoliyatiga alohida to‘xtalar edilar. 1904 yilda tashkil etilgan «L’Humanite» («Yumanite») gazetasi 1920 yildan e’tiboran Fransiya komfirqasi markaziy qo‘mitasining nashriga aylantirildi. Bu gazeta safiga 1933 yilda FKPning dehqonlar gazetasi – «La Terre» («Terr»), 1948 yilda «Yumanite»ning shanbalik soni – «Yumanite-dimansh», 1945 yilda «France nouvelle» («Frans nuvel») gazetalari qo‘shildi.

AQSh, Angliya davlatlarida bo‘lgani kabi bu mamlakatdagi nashrlar tahririyatlarida ham, avvalo, ijodiy muhit yetarli darajada shakllantirilishiga alohida e’tibor qaratilgandi. Ya’ni, sanoqligina xodim ishlaydigan birorta tahririyat yo‘q edi. Modomiki biror tahririyat ommaga axborot, ma’naviy ozuqa berish mas’uliyatini zimmasiga olgan ekan, unda ijodiy kuch yetarli darajada bo‘lishi zarurligini fransuz noshirlari e’tibordan chetda qoldirmas edilar.

Hatto OAVni eng zarur axborotlar bilan ta’minlab turish maqsadida 1944 yilda Parijda tashkil etilgan «Frans-Press» axborot agentligida ham 2 ming xodim, jumladan 700 nafar muxbir faoliyat ko‘rsatardi. Gazetalarning tahririyatlarida yana yuzlab ijodiy xodimlar faoliyat ko‘rsatishini hisobga olsak, mazkur gazetalar nechog‘li sermazmun bo‘lishini tushunish qiyin emas. 1923 yilda Parijda ilg‘or fikrli adiblar tomonidan tashkil etilgan «Europe» («Erop») oylik jurnalida asosan fransuz adabiyoti va san’atiga oid asarlar, shuningdek, xalqaro maydonda yuz berayotgan qiziqarli, muhim voqea-hodisalar haqida maqolalar yoritilardi. Xristian dinining Rim papasi mazhabidagi katoliklar fransuzlar orasida ham kam emasdi. O‘sha katoliklar bu davrda bir nechta nashrga asos solishdi. Shulardan biri 1925 yilda Parijda tashkil etilgan «La France catoliquye» («Frans katolik») gazetasi bo‘lib, unda e’lon qilingan katoliklar hayotiga oid rang-barang materiallar, diniy-ma’rifiy mavzudagi maqolalar goho bahs-munozaralarga sabab bo‘lardi. O‘sha davrdayoq gazeta 70 ming nusxa atrofida chop etilgani uning muxlislari qanchalik ko‘p bo‘lganidan darak beradi. 1934 yilda Parijda tashkil etilgan «La France-monde catoliquye» («Frans-mond katolik») jurnali, katoliklarning 1941 yilda chiqa boshlagan yana bir yangi nashri – «Temoignage Cretiyen» («Temuanyaj kreten») gazetasi ham shu yo‘nalishdagi mavzularni yoritish orqali ko‘plab muxlislariga ega bo‘ldi. Ikkinchi jahon urushi davom etayotganiga qaramasdan, Fransiyada bir nechta gazeta-jurnal tashkil etilgani e’tiborga molikdir. «France d’abord» («Frans d’abor») gazetasi 1941 yilda frontdagi qo‘shinlar va partizanlar Milliy kengashining nashri sifatida maydonga chiqdi. Gazeta urush yillarida fransuz xalqini fashist bosqinchilariga qarshi kurashga chorladi. Urush poyoniga yetgunga qadar mahalliy xalq uni qo‘lma-qo‘l o‘qib bordi. 1944 yilda esa Parijda «Telegramme de Brest» («Telegramm de brest»), «La tribune des nations» («Tribyun de nason»), «L’Oise libereye» («Uaz libere»), «Ouyest-France» («Uest-frans») gazetalari chiqa boshladi. O‘sha yili Parijda tashkil etilgan «France-Soir» («Frans-suar») gazetasi bir milliondan ortiq nusxada chiqib turdi. Siyosat bobida ko‘proq hukumat tutgan yo‘lni qo‘llab-quvvatlaydigan bu tungi gazeta sahifalarida asosan mamlakat politsiyasi faoliyatiga oid turli materiallar, har xil qiziqarli suratlar, maroqli hajviyalar, ko‘ngilochar asarlarga keng o‘rin berilardi. Tabiatan oqko‘ngil fransuzlar orasida bunday mavzularga qiziqadiganlar ko‘pchilikni tashkil etishi bois mazkur gazetaning muxlislari tobora ortib bordi. Fashizm ustidan g‘alaba qozonilgan 1945 yilda mamlakatda yana bir qator yangi nashrlar paydo bo‘ldi. «France nouvelle» («Frans Nuvel»), «Force ouvriyere» («Fors uvriyer»), «L’Unite paysanne» («Yunite peyzan») gazetalari, «Les Temps modernes» («Tepmz modern»), «L’Echo de la presse et de la publicite» («Eko de lya press e de lya pyublisite»), «L’Information radical-socialiste» («Enformason radikal-sosialist»), «L’Usine nouvelle» («Yuzin nuvel») jurnallari shular jumlasidandir. Ular qatoriga 1948 yilda qo‘shilgan «Sud-Ouyest» («Syud-Uest»), 1950 yilda asos solingan «France-observateur» («Frans-observater»), «L’Information» («Enformason») gazetalari ham ommalashib ketdi. Bu gazetalar sahifalalarida mamlakat ichki va tashqi siyosatiga, adabiyot va san’atga oid xilma-xil materiallar yoritilardi. Ko‘rinib turibdiki, ilg‘or fikrli fransuz ziyolilari mamlakatning o‘sha davrdagi og‘ir iqtisodiy sharoitida ham matbuotni ravnaq toptirish yo‘lida tinmay izlanganlar hamda muayyan maqsadlariga erishganlar ham. Bu esa, o‘z navbatida, Fransiyaning barcha sohalarda beqiyos darajada rivojlanib ketishiga xizmat qildi.

Yaponiya matbuoti uchun XX asrning birinchi yarmi o‘ziga xos yuksalish davri bo‘ldi. Matbaachilik sohasidagi yangi-yangi yutuqlar nashr ishlarini yanada ravnaq toptirishga imkon yaratdi. Mo‘‘jizalarga boy bo‘lgan bu kunchiqar mamlakat matbuoti haqida so‘z yuritganda, avvalo, taraqqiyot bosqichida jahon ahlini hayratga solgan ayrim manzaralarga nazar tashlash maqsadga muvofiqdir. Ba’zi mutaxassislar XX asrni «Yapon mo‘‘jizasi» asri bo‘lgan, deya ta’riflashadi. Agar shu fikrni e’tirof etadigan bo‘lsak, o‘sha mo‘‘jizani Yaponiya matbuoti misolida ham ko‘rish mumkin. O‘tgan asrda mamlakatning yetakchi nashrlaridan bo‘lgan «Asaxi simbun» gazetasining tamal toshi 1879 yilda Osaka shahrida qo‘yilgan edi. 1888 yili tahririyat Tokioga ko‘chdi. XX asr boshlaridagi turfa voqealarni haqqoniylik va hozirjavoblik bilan yoritib borgan gazetaning nufuzi oshib, shunga monand adadi ham muttasil ko‘payib bordi. Katta adaddagi gazeta poytaxtdan tashqari Osaka, 1935 yildan Kitakyusyu va Nagoya, 1959 yildan Sapporo bosmaxonalarida ham chop etilardi.

«Asaxi simbun» gazetasi (saksoninchi yillarda) kuniga ikki marta – tonggi soni 7,5 million, tungi soni esa 4,8 million nusxada chop etilardi. Yuz sahifagacha hajmda chiqadigan ushbu gazetani o‘ta muhim axborot, dolzarb mavzudagi maqolalar bilan muntazam ravishda «to‘ldirish» mashaqqatini tahririyat ishiga umrini baxshida etgan kishilargina yaxshiroq tushunsalar kerak. Tahririyatda o‘sha davrda kam emas – besh mingdan ortiq xodim faoliyat ko‘rsatishgan. Keyinchalik xodimlar soni yana bir necha ming kishiga ortgani haqida ma’lumotlar bor.

1874 yilda asos solingan «Iomiuri simbun» gazetasi ham XX asrga kelib juda ommalashib ketdi. 1952 yildan Osaka, 1959 yildan Sapporo, 1961 yildan Takaoke, 1964 yildan e’tiboran Kitakyusyu shaharlaridagi bosmaxonalarda bir vaqtning o‘zida ertalab 8,9 million, kechqurun 4,9 million nusxalarda chop etilishi hayratomuzdir. O‘n mingdan ortiq xodim faoliyat ko‘rsatadigan «Iomiuri» gazeta kompaniyasida ishlar puxta reja asosida tashkil etilgan. Gazetaning o‘nlab muxbirlari Nyu-York, London, Parij, Moskva, San-Fransisko, Bonn, Jeneva, Nyu-Deli, Bangkok va boshqa shaharlarda faol harakat qilishadi.

Yaponiya yuksalishiga juda katta hissa qo‘shgan «Iomuri» gazetasiga e’tibor beraylik. «Iomiuri» kompaniyasi o‘zining aviatsiyasiga, alohida samolyotlariga, xalqaro miqyosda hisob-kitob yuritish vakolatiga ega bo‘lgan banklariga, o‘ta muhim axborotlardan hozirjavoblik bilan xabardor qilib turishga xizmat qiluvchi qisqa to‘lqinli radiostansiyasiga, Tokioda En-Ti-Vi, Osakada esa «Iomiuri Ge-Re-Bi» deb nomlangan telekompaniyalariga ega edi. Markaziy tahririyat ayni vaqtda 9 ta haftalik va oylik jurnallar ham chop etardi. 1955 yildan boshlab Tokioda hatto ingliz tilida «Deyli iomiuri» tonggi gazetasini chop eta boshladilar.

XX asrning ikkinchi yarmida Yaponiya xalqi ham murakkab davrni boshidan kechirayotganligiga qaramay, mamlakatda qator yangi gazeta-jurnallar tashkil etildi. 1928 yilda «Akaxata» (1946 yildan e’tiboran «Sekki» nomi bilan) gazetasi chop etila boshladi. Shuningdek, o‘sha davrda «Tokio asaxi simbun», «Miyako simbun», «Nixon simbun», «Tyuyu simbun», «Tokio nitiniti simbun», «Dziti simpo», «Mayniti simbun», «Yubin xoti simbun», «Yamato simbun» kabi gazetalar faoliyatini yo‘lga qo‘yishda yuqorida nomlari zikr etilgan mashhur nashrlar tajribasi keng qo‘llanildi.

1923 yilda yuz bergan kuchli yer silkinishi oqibatida Tokioda ko‘plab binolar vayronaga aylandi. Bu fojia poytaxtdagi qator tahririyatlar faoliyatiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Bu yerda chiqadigan «Nitiniti», «Xoti», «Miyako» gazetalari ma’lum muddat faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lishdi.

Yaponiya gazetalari ham, boshqa davlatlar kabi, markaziy va mahalliy nashrlarga bo‘linadi. Shunisi e’tiborga molikki, mahalliy gazetalarga bo‘lgan qiziqish ancha yuqori. 1934 yilda mamlakatda 1219 nomdagi kundalik, 470 ta haftalik gazetalar chop etilardi. 5392 nomdagi gazetalar esa oyda uch marta chiqardi. Mazkur nashrlarning qariyb 30 foizi Tokio va Osaka shaharlari bosmaxonalarida chop etilardi. Bu davrdagi gazetalarning adadlari o‘rtacha 4 mingdan 1,5 million nusxagacha bo‘lgan. Qizig‘i shundaki, Ikkinchi jahon urushigacha biror gazetada adadi ko‘rsatilmas edi. Mutaxassislar fikricha, o‘sha davrdagi 1100 ta yapon gazetasining umumiy adadi taxminan 19 million nusxa atrofida bo‘lgan.

Qadimiy shahar Osakada ham matbaachilik va shuning barobarida matbuot ancha rivojlangan edi. O‘sha davrda shaharda 94 ta kundalik gazeta chop etilardi. Jumladan, «Osaka asaxi simbun» gazetasining adadi 1,3 million nusxani, «Osaka mayniti simbun» gazetasi 1,2 million nusxani tashkil etardi. Ushbu nashrlar qatoriga 1935 yilda «Kyusyu asaxi» va «Nisi mayniti» gazetalari qo‘shildi.

Ikkinchi jahon urushi davridagi iqtisodiy bo‘hronlar yapon matbuoti taraqqiyotiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi. 1943 yildan boshlab ko‘plab gazeta hajmlari qisqara boshladi. Ya’ni, 40 sahifali gazetalar 4-6 sahifagacha tushib qoldi. Ayrim nashrlarning hatto yopilishiga olib keldi.

XX asr o‘rtalaridan e’tiboran dunyo hamjamiyatida munosib o‘rin egallay boshlagan Yaponiya xalqaro muomala vositasi hisoblanmish ingliz tilida ham qator nashrlarni chiqarishga kirishdi. Chunonchi, «The Japan Times», «The Daily Yomiori», «Mainichi Daily News», «Asahi evening News» kabi gazetalarning muxlislari nafaqat chet ellarda, balki yapon ishbilarmonlari orasida ham ko‘plab topiladi. O‘tgan asrning yetmishinchi yillarida o‘sha gazetalarning umumiy adadi 36, 5 million nusxadan oshgani diqqatga sazovordir. Dunyoni ko‘rmasdan, dunyo kishisi bo‘la olmaysan, degan aqidaga amal qilgan davlatda dunyoviy tillarda gazetalar chiqarish ham shu mamlakat taraqqiyotiga xizmat qilar ekan, buni Yaponiya matbuoti misolida ham ko‘rishimiz mumkin.

Yaponiya jurnallarining dunyoga kelish tarixi ham XIX asrga borib taqaladi. Mamlakat tarixida ilk bora olimlarning jurnali «Meykoru dzassi» 1883 yilda nashr etildi. 1887 yilda esa «Marumaru simbun» satirik jurnaliga asos solindi. Qator yillar mobaynida ular safiga «Xodan dzassi», «Tokio sinsi», «Xomey sinsi», «Suki to suppon», «Kagedu sinsi», «Simbunsi», «Dzyogaku dzassi», «Kyonku xoti», «Tegakukay dzassi» «Kippon-no syonen», «Tayyo» kabi turli yo‘nalishlardagi jurnallar ham qo‘shildi. Bu nashrlarning mushtariylari XX asrda yanada ko‘paydi. Asr boshida, aniqrog‘i, 1904 yilda «Nitiro senso syasin gaxo» nomli jurnal tipidagi nashr paydo bo‘ldi. Uning sahifalarida asosan rus-yapon urushini tasvirlovchi fotoyangiliklar yoritilgani bois adadi ham keskin oshib ketdi.

1920-30 yillarda qator ommabop jurnallar tashkil etildi. Ayniqsa, «Kodan», «Karabu», «Kingu», «Fudzin kurabu», «Genday», «Xinode», «Tyuo koron», «Bungey syundzyu» kabi jurnallarda yoritilayotgan turli mavzulardagi materiallar, rangli suratlar, reklamalarning ixlosmandlari kun sayin ortib bordi. Birgina «Kingu» jurnalining adadi tez orada million nusxadan oshgani uning nechog‘li o‘qimishli bo‘lganidan dalolat beradi.

Mamlakatda jurnallar soni ortib borayotgan kezlarda Ikkinchi jahon urushi yaqinlashayotgan edi. Bu urushda Yaponiyaning tutgan o‘rni, kimlar bilan ittifoqchi bo‘lgani va alal-oqibat mamlakat boshiga qanday balolar yog‘ilgani tarixdan ma’lum. Shunday qilib, 1937 yilda 12 ming nomda chiqayotgan jurnallar soni 1940 yilga kelib 5200 taga tushdi. 1944 yilda esa 2 ming atrofida jurnallar chop etilardi. Ulardan 530 nomdagisi rasmiy nashrlar bo‘lsa, 300 tasi turli tashkilotlarga qarashli, qolgan qismi esa sohaviy hamda o‘quv jurnallari bo‘lgan. Mamlakat boshiga atom bombasi yog‘ilgan 1945 yilda esa atigi 300 nomdagi jurnallar qolgan edi. Urush yillari iqtisodiy qiyinchiliklar bilan bir qatorda qog‘ozning o‘ta tanqisligi ham ko‘plab jurnallarning yopilishiga sabab bo‘ldi.

1945 yil 19 sentyabrda Amerika hukumati tomonidan e’lon qilingan «Yaponiyada gazeta nashr etish huquqi» deb nomlangan hujjat amalda bu mamlakatda «Matbuot kodeksi» sifatida qabul qilindi. 1947 yil may oyidan e’tiboran Yaponiyaning yangi Konstitutsiyasi amal qila boshladi. Bularning barchasi mamlakatda matbuot taraqqiyoti uchun yangi davrni boshlab berdi. 1945 yil 1 dekabr kuni Tokioda «Minlo» tungi gazetasining ilk soni bosmadan chiqdi. 1946 yil boshlarida «Dzidzo simpo», fevral oyida esa «Tokio tayms» va boshqa gazetalar birin-ketin chop etila boshladi. Bir yil o‘tib mamlakatda 125 nomdagi yangi nashrlar paydo bo‘ldi. Ayni paytda qator jurnallar ham qayta tiklanib, ular qatoriga «Sinsey», «Koron», «Genday», «Sintyo» kabi o‘nlab yangi nashrlar qo‘shildi.

Yaponiya matbuotining ravnaq topishida 1945 yili tashkil etilgan «Kiodo tsusin» axborot agentligi, «En-Eych-Key» yetakchi yapon gazeta hamda radioeshittirish korporatsiyasi kooperativ birlashmasi ham muhim o‘rin tutdi.

XX asrning birinchi yarmida juda ko‘p urushlarni (jumladan, 1904-1905 yillardagi rus-yapon urushi, Xitoy va Koreyani mustamlakaga aylantirishga qaratilgan harakatlar, Ikkinchi jahon urushi davrida «Uchlar pakti»ga ko‘ra bosqinchilik siyosatini qo‘llab-quvvatlash va hokazo) boshidan kechirgan yapon xalqi 1945 yil avgust oyida atom bombasining dahshatini ham ko‘rganidan jahon ahli xabardor. Shunga qaramay, Yaponiya tez orada yana taraqqiyot sari dadil odimlab ketdi. Mamlakatning bunday taraqqiyotga erishuvida «hayot ko‘zgusi» hisoblanmish matbuotning ham benazir xizmati borligini hech kim inkor eta olmaydi.

Xitoy matbuoti XX asrning birinchi yarmida og‘ir iqtisodiy sharoitda rivojlanganini kuzatish mumkin. Bu davrda Yaponiya bilan bo‘lgan mojarolar, Ikkinchi jahon urushi davridagi tahlikali voqealarning barchasi matbuot ravnaqiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmadi. Asr o‘rtalariga kelib mamlakatda 253 nomdagi gazeta 2,5 million nusxada chop etilardi.

Aholisining ko‘pligi jihatdan dunyoda birinchi o‘rinda turadigan Xitoyda kommunistik partiya hukmron ekanligi yaxshi ma’lum. Shu bois mamlakatda chop etiladigan nashrlarning aksariyati o‘sha mafkuraga xizmat qilishini tasavvur etish qiyin emas. Nima bo‘lganida ham, o‘ziga xos taraqqiyot yo‘lini tanlagan Xitoy matbuotining xalqaro jurnalistika maydonida salmoqli o‘rni bor.

O‘tgan asrning birinchi yarmida mamlakat xalqi og‘ir iqtisodiy, siyosiy bo‘hronlarni boshidan kechirdi. Bu hol boshqa sohalar qatori, matbuot ravnaqida ham o‘z oqibatini ko‘rsatdi. Biroq taraqqiyparvar xalq har qanday sharoitda yuksalish sari yo‘l topadi. Bu holni aynan Xitoy matbuoti misolida ham kuzatish mumkin.

Mamlakatning yetakchi nashrlaridan biri– «Renmin ribao» («Jenmin jibao») gazetasiga 1946 yil 15 may kuni Xandan shahrida asos solingan. 1948 yil iyunidan boshlab gazetani Shitszyanchjuane shahar bosmaxonasida yangi kalligrafik harflarda nashr etish yo‘lga qo‘yildi. 1949 yil 2 fevralda gazeta tahririyati mamlakat poytaxti Pekinga ko‘chirildi. Dastlab to‘rt, olti sahifada chiqqan gazetaning adadi 90 ming nusxa edi. 1955 yilda sakkiz sahifali gazeta adadi 700 ming nusxadan oshdi. Tamal toshi XX asr o‘rtalarida qo‘yilgan «Jenmin jibao»ning adadi saksoninchi yillarga kelib 5 million nusxadan oshgani, 1982 yildan boshlab ingliz tilidagi nashri San-Fransiskoda 300 ming nusxada chop etilib, 122 ta mamlakatga tarqatila boshlagani ma’lum. Amerikalik mutaxassislar fikricha, bu gazeta mavqei jihatidan AQShning «Nyu-York tayms, «Vashington post», Angliyaning «Tayms», Germaniyaning «Velt», Fransiyaning «Mond» gazetalari bilan tenglashgan edi. Shuni ham nazardan chetda qoldirmaslik kerakki, mazmun-mohiyatiga ko‘ra gazetaning xitoy tilidagi nashri bilan ingliz tilida dunyoga tarqatiladigan nashri o‘rtasida anchagina tafovutlar bo‘lardi.

«Wenhui bao» («Venxuey bao») – adabiy gazetasiga 1938 yilda Shanxayda asos solindi. Yapon agressiyasini qoralovchi keskin maqolalarni yorita boshlagan gazeta faoliyati ba’zi sabablarga ko‘ra 1939 yil mayda to‘xtatildi. Ikkinchi jahon urushiga uzil-kesil xotima berilgach, 1945 yil sentyabridan bu xalqparvar gazeta yana chop etila boshladi. 1949 yilda 28 ming nusxada chiqqan «Venxuey bao»ning adadi qirq yildan so‘ng 1 million 300 ming nusxadan oshdi. Gazetaning AQSh, Kanada, Yaponiya, Tailand, Meksika va boshqa mamlakatlarda maxsus muxbirlari faoliyat ko‘rsatishardi. 13-14 ta ilovasi bilan chiqadigan bu gazeta ixlosmandlari chet ellarda ham ko‘p edi.

«Guangming ribao» («Guanmin jibao») gazetasi 1949 yil iyunda Pekinda tashkil etilgan. Xitoy demokratik ligasi markaziy qo‘mitasining nashri bo‘lgan bu gazeta sahifalarida asosan sanoat, savdo, iqtisodiyot mavzulariga keng o‘rin berilardi. Dastlab 60-70 ming nusxada chop etilgan gazeta adadi saksoninchi yillarda 1,5 million nusxadan oshdi.

Dunyodagi o‘nlab mamlakatlarda kasaba uyushmalarining nashri alohida mavqega ega ekanligi kuzatilgan. Umumxitoy kasaba uyushmalari federatsiyasi nashri bo‘lgan «Gongren ribao» («Gunjen jibao») gazetasi ham 1949 yil iyul oyida Pekinda tashkil qilingan edi. Dastlab bir necha o‘n ming nusxada chop etila boshlagan gazeta ko‘p o‘tmay ommalashib ketdi. Asr o‘rtalarida 100 ming atrofida o‘quvchisiga ega bo‘lgan gazeta oradan qirq yil o‘tgach, 1,8 milliondan ziyodroq nusxada chiqa boshladi.

XX asrning birinchi yarmida Xitoyda ko‘plab jurnallar ham tashkil etildi. Umuman, xitoylik o‘quvchilar orasida gazetadan ko‘ra jurnallarga qiziqish kuchli ko‘rinadi. Buni jurnallar adadidan ham bilsa bo‘ladi.

Chunonchi, 1923 yilda tashkil etilgan «Chjungo tsinyan» yoshlar jurnali 2, 8 million nusxagacha adadda chop etilgani ma’lum. 1949 yilda Pekinda tashkil etilgan «Renmin wenhuye» («Jenmin vensyuz») adabiy-badiiy jurnali ham juda ommalashgan edi. Umumxitoy adabiyot va san’at xodimlari Assotsiatsiyasining 1 million nusxada chop etilgan mazkur nashrida turfa mavzudagi muammoli maqolalarga keng o‘rin berilardi. O‘sha yili Pekinda tashkil etilgan yana bir adabiy-tanqidiy jurnal – «Wengi bao» («Veni bao») sahifalarida ham asosan Xitoy adib va shoirlarining badiiy asarlari, adabiy-tanqidiy maqolalar yoritilardi.

1945-50 yillarda tashkil etilgan ziyolilarning «Syuzsi», targ‘ibotchilarning «Shishi shoutse», xalqaro siyosiy mavzularni yoritishga mo‘ljallangan «Shitse chjishi», Umumxitoy xotin-qizlar demokratik federatsiyasining «Sin Chjungo funyuy» jurnallari ham ancha ommalashib ketdi.

Xitoy matbuotini tezkor va muhim axborotlar bilan ta’minlashda «Sinxua» axborot agentligi alohida o‘rniga ega. 1949 yilda bu agentlikda 810 xodim faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, 1952 yilda ular soni 2 mingdan oshdi. 1950 yildan e’tiboran markazlashgan davlat axborot agentligiga aylantirilgan «Sinxua»ning 28 ta muxbirlar punkti bor edi. Uning Nyu-Deli, Praga, Moskva, Berlin va boshqa shaharlarda vakolatxonalari faoliyat ko‘rsatardi.

Modomiki xalqaro siyosiy maydonda Xitoy matbuoti ham salmoqli o‘rin tutar ekan, uning taraqqiyot bosqichlarini o‘rganish foydadan holi bo‘lmaydi.

Rossiya matbuotini XX asrning birinchi yarmida alohida tasavvur etish yoxud tasvirlash qiyin. Mazkur bobda biz ushbu masalaga yangicha, yurtimiz mustaqilligi mafkurasi nuqtai nazaridan yondashishga harakat qildik. Umuman, ushbu davrdagi Rossiya tarixi sobiq SSSR tarixi bilan chambarchas bog‘liq. Shu bois Moskvada tashkil etilib, faoliyat ko‘rsatgan aksariyat mamlakat nashrlari butun Ittifoqqa birdek daxldor hisoblangani sir emas. Sobiq Ittifoq tarkibida bo‘lgan Rossiya Federativ Respublikasi ham boshqa qardosh respublikalar qatori o‘z nashrlariga ega edi. Biroq, ushbu qismda o‘sha davrdagi yetakchi nashrlar tarixi haqida so‘z yuritishimiz maqsadga muvofiqdir.

1917 yilgacha bu o‘lkada 25 nomdagi kundalik gazetalar chop etilardi. Ular orasida 1912 yil 5 may kuni Peterburgda tashkil etilgan «Pravda» gazetasi alohida o‘rin tutardi. Sobiq komfirqaning bosh nashri bo‘lgan bu gazeta chiqqan kun 1922 yildan to SSSR barham topgan (1991) yilgacha «Matbuot kuni» sifatida nishonlab kelindi. «Pravda» ham, 1918 yil mart oyidan boshlab Moskvada chiqa boshlagan «Izvestiya» gazetasi ham o‘sha davr mafkurasining, aniqrog‘i, hukmron komfirqa faoliyatining «ko‘zgu»si sanalgan. 1921 yilda tashkil etilgan «Trud», 1925 yildan chiqa boshlagan «Komsomolskaya pravda», «Krasnaya zvezda» va boshqa gazetalar, garchi turli tashkilotlarning nashrlari hisoblansalar-da, asli maqsadlari «mushtarak» edi.

Bu gazetalar qatoriga o‘sha davrda «ittifoqdosh» respublikalarda chop etila boshlagan nashrlar ham qo‘shilgan. Xususan, bu davrda O‘zbekistonda «Sovet O‘zbekistoni», «Pravda Vostoka», Qirg‘izistonda «Sovetskaya Kirgiziya», «Sovettik Qыrgыzstan», Belorussiyada «Sovetskaya Belorussiya», «Zvyazda» va hokazo respublikalarning yetakchi nashrlari chiqib turdi.

O‘sha davrda qator jurnallarga ham asos solindi. Jumladan, mashhur «Krokodil» jurnali 1922 yilda nashr etila boshlandi. Bu satirik jurnalning muxlislari sobiq Sovet Ittifoqidan tashqari chet ellarda ham ko‘plab topilardi. O‘sha yili sohaviy nashr hisoblangan «Jurnalist», «Molodaya gvardiya», 1923 yilda esa «Ogonek», «Ekran», «Yunыe stroiteli» jurnallari tashkil etildi. Ma’lum bir mafkuragagina xizmat qilgan nashrlarning ayrimlari o‘sha siyosat barham topishi barobarida faoliyatini to‘xtatdi.

Rossiyada jurnalistika biz o‘rgangan Yevropa davlatlari ichida eng kech paydo bo‘lgan. Uning taraqqiyoti ham boshqalarga qaraganda ancha qiyinchilik bilan kechdi.

Rus jurnalistikasi ingliz, nemis yoki holland jurnalistikasiga o‘xshab nisbatan erkin sharoitlarda rivojlangani yo‘q. U har doim hukumat va shaxsan podshohning nazorati ostida bo‘lib kelgan. Hatto birinchi rus gazetasiga bevosita Pyotr I tashabbusi bilan asos solindi. Umuman, XVIII asr rus milliy jurnalistikasining tug‘ilish va oyoqqa turish davri sifatida tarixga kirdi.

Pyotr I «Vedomosti» gazetasini chop ettirguniga qadar Rus davlatida birorta davriy nashr yo‘q edi. Aslida, u paytlarda mamlakatda gazeta chiqarishga sezilarli ehtiyoj ham bo‘lmagan. Aholining ko‘pchilik qismi besavod bo‘lishi bilan birga, Rossiya madaniylashgan Yevropadan ancha ortda qolgan va yopiq mamlakat edi.

Shuning uchun ham Farbiy Yevropada ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, texnologik yangiliklar Rossiyada katta kechikishlar bilan o‘z ifodasini topardi. Bundan tashqari, ichki konservatizm ham mamlakatning rivojlanishiga to‘sqinlik qilar edi. Albatta, «Vedomosti» chiqquniga qadar xorijiy gazetalar vaqti-vaqti bilan Rossiyaga kelib turgan. Lekin ular podshoh saroyidan tashqariga chiqmasdi. Saroyda esa chet el gazetalaridagi ayrim maqolalarni tarjima qilib, qo‘lyozma tarzida ko‘paytirish an’anasi amal qilardi. Bunday tarjimalar podshoh va uning atrofidagi eng yaqin kishilarga o‘qishga berilardi.

Pyotr I hukumat tepasiga kelganidan keyin vaziyat ancha o‘zgardi. U yevropacha ruhdagi zamonaviy Rossiyani barpo etishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi. Tabiiyki, Yevropa an’analarini olib kirmasdan turib mamlakatni zamonaviylashtirishning iloji yo‘q edi. Podshoh misli ko‘rilmagan islohotlarni boshlab yubordi. Ilk rus gazetasi ana shu davrning mevasi sifatida tug‘ildi. 1702 yil 15 dekabrda Pyotr I «xorijiy va ichki hodisalar haqida xabar beradigan» «Vedomosti»ni chiqarish haqidagi farmonga imzo chekdi. Oradan bir kun o‘tib, 17 dekabr kuni Moskvada gazetaning ilk soni dunyo yuzini ko‘rdi2. Uning ikkinchi soni 27 dekabrda, uchinchisi esa 1703 yil 2 yanvar kuni chiqqanligi ma’lum. Lekin nashrning dastlabki ikki soni saqlanmagan.

«Vedomosti» gazetasida xabarlar xilma-xilligiga intilish bo‘lsa-da, aslida uning bosh vazifasi yangiliklardan xabardor qilish yoki mamlakatdagi siyosiy qarashlarni shakllantirish emas, balki armiya faoliyatini qayta tashkillashtirish, buyruq va farmonlar, turli yo‘riqnomalar va ko‘rsatmalarni xalqqa yetkazish edi. Pyotr I gazetadan o‘zining siyosatini amalga oshirish va harbiy islohotlarni kuchaytirish maqsadida foydalandi. Buni «Vedomosti»ning saqlanib qolgan nusxasi – 1703 yil 2 yanvardagi bosma soni ham tasdiqlaydi. O‘shanda gazeta Moskva shahrida misdan quyilgan 400 ta yangi zambarak va boshqa o‘qotar qurollar ishlab chiqilgani hamda 40 ming pud miqdoridagi mis zaxirasi yangi qurollarni ishlab chiqarish uchun shay turgani haqidagi xabarni e’lon qildi3.

Mazkur xabarda harbiy sir oshkor etilgan bo‘lsa-da, gazetani nashrga tayyorlashda Pyotr I shaxsan o‘zi qatnashgan va ushbu ma’lumot atayin e’lon qilingan edi. Chunki Narva yaqinidagi jangda rus armiyasi shvedlardan yirik mag‘lubiyatga uchrab, og‘ir artilleriyasidan maxrum bo‘lgandi. Ushbu mag‘lubiyatning oqibatlari Rossiyani va ayniqsa, armiyani ruhan og‘ir yuk bo‘lib ezayotgan bir paytda Pyotr I uchun siyosiy manfaatlar davlat siridan ustun turardi. Armiyadagi jangovar ruhni ko‘tarish va mamlakat xalqining urushni qo‘llab-quvvatlashi uchun ham u ana shunday ilhombaxsh yo‘l tutdi. Umuman, harbiy mavzular gazeta materiallarining asosini tashkil etar edi. «Vedomosti»ning davriyligi ham barqaror emasdi. U muhim voqealar munosabati bilan yoki Pyotr I xohishiga qarab chiqarilardi. Masalan, 1703 va 1704 yillarda gazetaning 39 tadan soni chiqqan bo‘lsa, islohotlar va harbiy yurishlar ancha susaygan 1717 yili 3 ta, 1718 yilda esa bor-yo‘g‘i bitta soni e’lon qilingan. Faqatgina 1728 yilga kelib Rossiyada birinchi muntazam gazetani chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Shu yili «Vedomosti» gazetasini nashr etish Rossiya Fanlar akademiyasi tasarrufiga o‘tgandan keyin uning nomi «Sankt-Peterburgskiye vedomosti» deb o‘zgartirildi. Doimiy davriy nashrga aylangan bu gazeta haftada ikki marotaba – seshanba va juma kunlari chiqib turdi va uzoq vaqt Rossiyaning yagona gazetasi bo‘lib qoldi. Rus olimi M. Lomonosov 1748-1751 yillar oralig‘ida uning muharriri sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

1796 yili imperator Pavel I taxtga o‘tirganidan keyin matbuotning ahvoli yanada xaroblashdi. U, birinchi navbatda, matbuot ustidan senzurani kuchaytirdi. Liberalizm g‘oyalari va unga har qanday ishoralar mutlaqo taqiqlandi. Qator nashrlar yopildi. Hatto J. Sviftning siyosiy jihatdan beozorgina «Gulliverning sayohatlari» asari erkinlik g‘oyalarini madh etganlikda ayblanib, taqiqlab qo‘yildi. Davriy matbuotda fransuz inqilobi haqida eslash va inqilobiy ildizga ega bo‘lgan «inqilob», «fuqaro», «sinf», «jamiyat», «vatanparvar», «serjant» kabi so‘zlarni ishlatish man etilgandi. Nihoyat, fransuz inqilobi davrida chop qilingan har qanday nashr – jurnal, gazeta va kitoblar olib qo‘yildi hamda ularni o‘qish taqiqlandi. Pavel I vafotidan so‘ng, 1801 yilda imperator Aleksandr I taxtga o‘tirgach, mamlakatda matbuot sohasidagi qatag‘onlar bir oz yumshadi va reaksiya to‘xtatildi.

Xullas, XVIII asr Rossiya, Germaniya va Fransiya matbuotining tarixi shuni ko‘rsatadiki, mutlaq monarxiyalarda matbuot erkinligi va uning rivoji ko‘proq hukmdorlarning kayfiyati va shaxsiy qarashlariga bog‘liq bo‘lgan.

Matbuot erkinligining mustahkam, ustuvor kafolatlari bo‘lmagan bunday jamiyatlarda bu sohaning barqaror rivojlanishi mumkin emas edi. Hukmdorlarning o‘zlari tomonidan va ularning bevosita ta’siri ostida qabul qilingan qonunlar matbuotning rivoji va erkinligiga to‘sqinlik qilardi. Qonuniy asoslari ancha mustahkam bo‘lgan ingliz jurnalistikasi esa XVIII asrda fransuz va nemis jurnalistikasidan ancha ilgarilab ketdi.

 

Nazorat savollari

  1. Matbaachilik rivojlanishi matbuot taraqqiyotida qanday o‘rin tutgan?
  2. Amerika Qo‘shma Shtatlari matbuotining taraqqiyot bosqichlari haqida nimalarni bilasiz?
  3. AQShda gazeta-jurnal nashr etishning o‘ziga xos maktabini qanday tasavvur etasiz?
  4. Angliya matbuotining o‘ziga xos jihatlari nimalardan iborat edi?
  5. Germaniya matbuotining o‘ziga xos jihatlari nimalardan iborat edi?
  6. Italiya matbuotining o‘ziga xos jihatlari nimalardan iborat edi?
  7. Fransiya matbuotining o‘ziga xos jihatlari nimalardan iborat edi?
  8. Yaponiya matbuotining o‘ziga xos jihatlari nimalardan iborat edi?
  9. Xitoy matbuotining o‘ziga xos jihatlari nimalardan iborat edi?
  10. Rossiya matbuotining o‘ziga xos jihatlari nimalardan iborat edi?

_________________________________________________

1Газета-журналларнинг ададларига оид маълумотлар улар олинган китоб (манба)лар яратилган даврдагига асосан олинди. Табиийки, бугунги кунгача бу кўрсаткичлар ўзгариб кетган.

2Қаранг: История русской журналистики XVIII-XIX веков. Под ред. проф. А. В. Западова. М.: «Высшая школа», 1966, 17-бет.

3История русской журналистики XVIII-XIX веков. 18-бет.

камоа

8-мавзу. XX АСРНИНГ БИРИНЧИ ЯРМИДА ЖАҲОН МАТБУОТИ

 Режа:

  1. Америка Қўшма Штатлари матбуоти;
  2. Англия матбуоти;
  3. Германия матбуоти;
  4. 4. Италия матбуоти;
  5. Франция матбуоти;
  6. 6. Япония матбуоти;
  7. 7. Хитой матбуоти;
  8. 6. Россия матбуоти;

 

Матбаачилик равнақ топган сари матбуот ривожланиб борарди. XX асрнинг биринчи ярмида, айниқса, АҚШ, Англия, Германия, Италия, Франция, Япония, Россия (кейинчалик собиқ СССР), Хитой каби давлатларнинг газета-журналлари ўзига хос ахборот оламини вужудга келтирди. Ўша йилларда пайдо бўлган ўнлаб нашрлар кейинги даврлар матбуоти учун тамал тоши бўлиб хизмат қилди.

Америка Қўшма Штатлари матбуоти тараққиёт бобида ўтган асрлардаёқ анча илгарилаб кетди. 1900 йилга келиб 2235 номдаги кундалик газета 15 миллион 102 минг нусхада чоп этиларди1. Бу даврда Қўшма Штатларда чиқадиган турли номдаги нашрлар сони 21235 тани ташкил этди. XX асрнинг биринчи ярмида газеталар билан бир қаторда «Commercial and Financial Chronicle», «Afro-American», «Baltimore Cun», «Washington Evening Star», «Journal of Commerce and Commercial», «Wachington Post and Times Herald», «Des Moines Register», «Denver Post», «Los Angeles Times», «New York Herald Tribune», «New York Times» газеталари, «Iron Age», «Cosmopolitan», «Farm Journal», «The Saterday Evening Post» каби журналлар ҳам тобора оммалашиб борди. Журналлар адади бир неча юз мингдан тортиб 12 миллион нусхадан ҳам ошгани эътиборга моликдир.

АҚШда газета-журнал нашр этишнинг ўзига хос мактаби яратилди. Тўрт, саккиз саҳифадан иборат бўлиб чиқадиган газета ўзини оқлай олмаслиги, бундай нашрлар асосан муассис ёхуд маълум бир гуруҳ кишиларгагина маъқул фикрларни ёритиб, кенг омманинг ахборотга бўлган эҳтиёжини қондира олмаслиги тўғри англашилди. Шу боис газеталар етмиш, саксон, ҳатто юз саҳифагача ҳажмда чиқиб туриши одатий ҳолга айланган.

Газета бир неча ўн саҳифадан иборат бўлгандагина унда кенг халқ оммасининг талабларини қондира оладиган ахборот бериш ва турли мавзулардаги мақолаларни ёритиш мумкинлиги ўз исботини топди.

Америкаликлар асосан дам олиш куни газета-журналларни бафуржа мутолаа қилишга вақт топишини ҳисобга олган таҳририятлар ўз газеталарининг якшанба сонларини беш юз саҳифагача ҳажмда ҳамда одатдагидан икки баробар кўп нусхада чоп этишарди. Шуниси қизиқки, бир неча миллион нусхада чоп этиладиган беш юз саҳифалик газеталарнинг ҳам сотувда етишмай қолиш ҳоллари учрарди. Кўрилаётган фойданинг тўртдан уч қисми эълон қилинаётган рекламалар ҳисобидан олинар эди. Қолган қисми эса газета савдосидан тушарди.

Газета-журналлар нархини белгилашда муассис ё таҳририятлар кўп ҳолларда ўз фойдасини биринчи ўринга қўймас эдилар. Билъакс, таннархи, масалан, тахминан икки долларга тушадиган газетани уч-тўрт баробар арзонга сотиш «таомил»га айланди.

Ўқувчилар манфаатини кўзлаб қилинган бу ишнинг мевасидан аслида ноширлар кўпроқ баҳраманд бўлишади. Яъни, нашрнинг адади мисли кўрилмаган даражада ортиб бораверади. Қанчалик кўп нусхада босилса, нашрнинг таннархи шунчалик камайиши турган гап. Иккинчидан, тадбиркор ва ишбилармонлар ўз рекламаларини адади кўп газеталар орқали ёритишни афзал кўришарди. Демак, газетани сотишдан кўрилган баъзи зарарлар рекламадан олинадиган фойда ҳисобига қопланиб, қўшимча даромадларга ҳам эришиларди.

АҚШ матбуоти тараққиётида 1948 йили асос солинган «Associated Press» («Матбуот уюшмаси») ахборот агентлигининг роли катта бўлди. Бу агентлик аср ўрталарига келиб 3460 дан ортиқ газета-журналга, шунингдек, қатор радиостанция ва телестудияларга хизмат кўрсатарди, агентлик дунёдаги 160 та йирик шаҳарда фаолият юритаётган 2500 дан ортиқ мухбирига эга эди. Ассошиэйтед Пресс махсус бюролари орқали жаҳоннинг 100 дан ортиқ шаҳрида чоп этиладиган 1763 та газета билан телетайп орқали алоқани йўлга қўйди. Шиддаткор давр ҳисобланган XX асрнинг биринчи ярмида мамлакатда чоп этила бошлаган айрим нашрлар ҳақида тўхталиш мақсадга мувофиқдир.

АҚШда газеталар билан бир қаторда журналларга ҳам қизиқиш баланд эканлиги кузатилган. Буни XIX асрнинг иккинчи ярмида ташкил этилган қатор журналлар навбатдаги аср авлодларининг ҳам эътиборини қозонганидан билса бўлади.

Вашингтонда «National Geographic» ойлик безакли илмий-оммабоп журнали 1888 йилда, Нью-Йоркда «Cosmopolitan» ойлик адабий-сиёсий журнали 1886 йилда, аёлларга мўлжалланган «Vogue» ойлик безакли журнали 1892 йилда, «American Weekly» рангли-безакли ҳафталик журнали 1896 йилда, «New York Times» газетаси иловаси бўлган «New York Times Magazine» журнали 1896 йилда, «Mc Calls» аёллар ойлик безакли журнали 1897 йилда ташкил этилди. XX асрнинг биринчи ярмидаёқ бу журналлар адади бир неча юз мингдан 13 миллионгача нусхани ташкил этгани уларнинг нақадар оммабоп эканлигидан далолатдир.

Журналларнинг аксарияти ҳар ҳафтада, ойда бир ёки икки маротаба чоп этиларди. Шунга яраша муштарийларининг сони ҳам ортаверди. Журналларга бўлган талаб-эҳтиёжлар ошгани боис 1900-1950 йилларда улар сафига яна қатор янги нашрлар қўшилди. 1902 йилда «Chemical Engineering» журналини муштарийлар қизиқиш билан кутиб олдилар. Асосан муҳандислик кимёси саноати муаммоларини ёритишга мўлжалланган бу журнал ҳар икки ҳафтада 44589 нусхада чоп қилинар эди.

1914 йили таъсис этилган «Current History» ойлик журнали янги тарих мавзуларини ёритишни ўз олдига мақсад қилиб қўйди. Унда АҚШнинг халқаро майдонда тутган ўрни, ички ва ташқи сиёсатига оид ранг-баранг мавзуларга кенг ўрин бериларди. Ишбилармон ҳамда тадбиркорларга мўлжалланган «Forbes» журналига 1917 йилда асос солинган. Бу журнал ҳам ҳар ойда икки маротаба чиқариларди. «Barron’s National Business and Financial Weekly» ҳафталик журнали 1921 йилда Бостонда чиқарила бошлади. 97000 дан ортиқ нусхада чоп этилган бу журналда АҚШдаги етакчи монополиячилар, ишбилармонлар ва илғор молиячилар фаолияти акс эттириларди. Журналда АҚШнинг сиёсий фаолиятига ҳам холис муносабатлар билдирилар эди. Бошқа халқлар қатори америкаликларда ҳам адабиётга, маънавиятга қизиқиш мудом юқори бўлган.

«The Readers Digest» ойлик адабий-сиёсий журнали 1922 йилда Плезантвилл шаҳрида ташкил этилганидаёқ ўзига хос воқелик бўлганди. Зеро, 17 тилда чиқадиган ушбу журналнинг умумий адади XX аср охирига келиб 30 миллион нусхага етгани унинг қай даражада оммалашганини кўрсатади.

Ўша даврда Нью-Йоркда қатор журналларга асос солинди. 1922 йилда «Foreign Affairs», 1923 йилда «Time», 1924 йилда «American Mercury», 1925 йилда «The New Yorker», 1929 йилда «Business Week», 1930 йилда «Fortune», 1933 йилда «Newsweek» журналлари ташкил этилди. Маънавиятга ташна муштарийлар орасида бу журналлар тезда оммалашиб, умумий ададлари ҳам бир неча юз мингдан 10 миллион нусхагача етди. Демак, АҚШдаги нашрлар ҳам мазмунан жуда бой, сифатли, ўқувчи дидига мос бўлгандирки, уларнинг муштарийлари тобора кўпая борди. Ўша нашрларнинг муассис ва таъсисчилари ўқувчилар сонининг кўпайишидан манфаат ортишини тўғри ҳисоб-китоб қилиб, газета-журналларни ҳақиқий таннархидан ҳам арзонга сотишарди. Чунки бу соҳада фақат даромад кетидан қувганлар узоққа бора олмаслигини, тез орада бозори касодга учрашини америкалик ноширлардан тортиб муассисларгача яхши билишарди.

АҚШлик муштарийларнинг севимли нашрларидан бири – «Life» рангли-безакли журналига 1936 йили асос солинган. Умумий адади 6041778 нусха бўлган бу халқаро миқёсдаги журнал икки ҳафтада бир марта чоп этила бошлаган. Жаҳон миқёсида ўз ўқувчиларига эга бўлган ушбу нашр Лотин Америкаси мамлакатлари учун Парижда испан тилида ҳам чоп этиларди. Иккинчи жаҳон урушидан сўнг журнал «XX аср – Америка асри», «АҚШ дунё раҳнамосидир» шиорлари остида чиқариладиган бўлди. Дунё миқёсида мухлисларига эга бўлган «Look» журналига 1937 йилда Нью-Йоркда асос солинди. Икки ҳафтада бир марта 5623413 нусхада чоп этиладиган журналда ранг-баранг суратлар билан бир қаторда қизиқарли ҳикоялар, киноюлдузлар ҳақида очерклар ёритиларди.

«Нигоҳ» деган номига яраша бу оммабоп нашр саҳифаларида ўз аксини топадиган АҚШ ва бошқа давлатларнинг ижтимоий-сиёсий ҳаётига дахлдор муаммолар, хусусан, мамлакат бошқарувида учраши мумкин бўлган коррупцияга оид танқидий мақолалар ҳам ўқувчилар эътиборини ўзига тортиб турарди. Нью-Йоркда ташкил этилган яна иккита журнал ҳақида тўхталиб ўтиш жоиз. «Parade» ҳафталик оммабоп журналига 1941 йилда асос солинди. Ҳар якшанба куни чиқадиган бу безакли журнал 22 миллион нусхада чоп этилиши унинг қанчалик сермазмун, қизиқарли эканлигини кўрсатади. Журналхонлар талаб-эҳтиёжини мунтазам кузатиб борган мутахассислар замонга мос янги нашрлар чоп этиш устида муттасил изландилар.

Шундай изланишлар самараси ўлароқ 1949 йилда ташкил этилган «Reporter» сиёсий журнали ҳам миллионлаб мухлисларига эга эканлиги бежиз эмас. XX асрнинг биринчи ярмидаги АҚШ матбуоти ҳақида сўз кетганда, машҳур компания раҳбари Генри Люс фаолияти ҳақида ҳам тўхталиб ўтиш жоиздир. Ўзи бош муҳаррир сифатида иш бошлаган Люснинг компаниясига қарашли журналларнинг бир галги умумий адади 11 миллион нусхадан ортиқ эди. «Херст консолитейтед пабликейшнз, инк.» йирик ноширлик концерни XIX асрнинг охирларида ташкил этилган бўлса-да, 1930 йил ўрталарида чинакам равнақ топа бошлади. Бу пайтга келиб концернда 28 та кундалик газета ва 13 та журнал чоп этиларди. Бундан ташқари у ўзининг ахборот агентлигига, матбуот маркази, радиостанцияси, кинофирмасига ҳам эга эди.

АҚШ газеталари ҳақида сўз юритганда ҳам, аввало, XIX асрда юз берган айрим воқеа-ҳодисаларга бир бора назар ташлаш мақсадга мувофиқдир. Негаки, бу даврда навбатдаги аср матбуотининг равнақи учун замин яратилганди. Дунёда донг таратган «New York Times» («Нью-Йорк Таймс») газетасига ҳам айни шу даврда – 1851 йилда асос солинди. «Нью-Йорк Таймс компани» деб номланган компания томонидан ҳар куни чоп этиладиган газетанинг адади 623588 нусха, якшанба кунлари эса 1261800 нусхадан кам бўлмаган. Ҳар куни 80-120 саҳифада чоп этиладиган газетанинг якшанба сонлари 400-500 саҳифагача етиши одатий ҳолга айланган.

Дам олиш кунги сонига журнал типидаги иккита илова – «Нью–Йорк Таймс мэгэзин» ва «Нью–Йорк Таймс бук ревью» ҳам қўшиб чиқарилиши йўлга қўйилган. Улардан ташқари, «New York Times»нинг 30 га яқин иловалари чиқиб туради. Унинг Лотин Америкаси учун Лимада (Перу) ва Европа давлатлари учун Парижда нашриёт уйлари мавжуд. Газета ходимларининг умумий сони 5000 нафардан ортиқ кишини ташкил этади, айнан таҳририят штатида эса 900 ходим мунтазам фаолият кўрсатади. АҚШнинг 17 та йирик шаҳрида ҳамда 29 та мамлакат пойтахтларида бу газета доимий бюроларига эга. «Маккормика–Паттерсон» газета трести мамлакатдаги йирик нашрларга асос солган. Ўша нашрларнинг умумий адади 3,4 миллион, якшанба сонлари эса 5 миллион нусхадан ортиқроқдир. Христианлик илмини тарғиб этувчи «Christian Science Monitor» газетасига 1908 йилда Бостонда асос солинган. 1917 йилда Мэдисонда (Висконсин штати) чиқа бошлаган «Capital Times» кундалик мустақил газетасида асосан ижтимоий мавзудаги мақолаларга кенг ўрин берилади. «The New York Daily News» («Нью-Йорк кундалик янгиликлари») газетасининг номиданоқ мазмун-моҳиятини англаш мумкин. 1919 йилда асос солинган бу газета саҳифаларида асосан янгиликлар ва рекламалар ёритиларди. Унинг таҳририятида 3000 дан ортиқ ходим фаолият кўрсатарди. Газета адади ўтган аср ўрталарида 2056521 нусхани, якшанба сонлари эса 3455033 нусхани ташкил этарди.

АҚШ матбуоти тараққиётида 1919 йилда ташкил топган «Federated Press» ахборот агентлигининг ҳам салмоқли ҳиссаси бор. Кўплаб газеталар энг муҳим ахборотни шу агентликдан олардилар. Унинг учта бўлими Нью-Йорк, Вашингтон ва Детройт шаҳарларида жойлашган.

«Washington Daily News» ҳафталик газетаси 1921 йилдан чиқа бошлаган. Бу газета асосан Скрипсс-Говард трести сиёсий йўналишидаги мавзуларни кенгроқ ёритарди. Ранг-баранг материаллар билан бир қаторда турли кўнгилочар суратлар ва мақолалар ҳам мухлисларни хушнуд этарди. Мамлакатдаги етакчи газеталардан бири – «New York Herald Tribune»га 1924 йилда асос солинган. Бугунги кунда ушбу газета етакчи нашрлардан деб топилган. Газетанинг «Европа нашри» Парижда чиқади. XX аср ўрталарида 500000 нусха атрофида чиқиб турган газета 50-80 саҳифадан, якшанба сонлари эса 300-400 саҳифадан кам бўлмасди. 1924 йилдан чиқа бошлаган яна бир газета – «New York Daily Mirror» Нью-Йоркнинг кундалик кўзгуси ҳисобланган. Газета саҳифаларида асосан америкалик монополиячиларнинг қарашлари ўз аксини топарди. «This Week» ҳафталиги 1935 йили Нью-Йоркда чиқа бошлаши биланоқ ўз мухлисларини топди. Якшанба кунлари 39 та иловаси билан чоп этиладиган бу нашрнинг умумий адади 11685200 нусхадан ошарди. Асосий мақсади рекламаларни жойлаштириш бўлган ушбу ҳафталик саҳифаларида ҳикоя, очерк, сиёсий ва ижтимоий мавзудаги мақолалар ҳам тез-тез ёритилиб тургани унинг ихлосмандлари сонини кўпайтиришга хизмат қиларди. Касаба уюшмаларининг 1942 йили Сан-Францискода ташкил этилган нашри – «The Dispatcher» мустақил газетаси асосан ишчи-хизматчилар манфаатини ҳимоя қилишга йўналтирилганди. Уларнинг эркин минбари ҳисобланган мазкур газетада дунё миқёсида касаба уюшмаларининг илғор тажрибалари, бу соҳадаги муаммолар ёритиларди. Одамларда ижтимоий, сиёсий мавзулардаги мақолаларга қизиқиш катта эканлигини англаган чикаголик журналистлар ва ноширлар 1947 йили «Chicago Sun–Times» газетасини ташкил этдилар. Бу даврда курраи заминда турфа сиёсий воқеа-ҳодисалар авж олаётган эди. СССРдаги қонли қатағонлар, Европада Иккинчи жаҳон урушининг ўчоқлари пайдо бўлаётгани ҳақидаги хабар ва шарҳлар америкаликларнинг ҳам эътиборини жалб қилмасдан қолмасди. Бошқа етакчи газеталар қатори «Chicago Sun–Times» газетаси саҳифаларида ҳам бу мавзулар ёритиб борилди. Агрессия ва урушларга ҳамиша қарши турадиган «National Gardian» тараққийпарвар газетасига 1948 йили Нью-Йоркда асос солинган эди. Кўп ўтмай бу газета ниҳоятда оммалашиб кетди. Дунёнинг барча бурчакларида унинг мухлислари топилади. XX аср биринчи ярмида АҚШда матбуот равнақини яхши поғоналарга кўтаришда «Огдена», «Ньюхауз», «Перри», «Риддер», «Скриппс-Говард», «Скриппс», «Таймс–Миррор компани», «Херст» каби газета трести, концерни ва бирлашмалари салмоқли ўринда бўлишди. Улар ўнлаб газеталарни миллион нусхаларда чоп этишгани яхши маълум. Шуниси эътиборга моликки, АҚШда инглиз тилидаги нашрлар билан бир қаторда бошқа миллат ўқувчиларига мўлжалланган газеталар ҳам эмин-эркин чоп этиларди. Масалан, 1905 йилдан Бостонда латиш тилида «Amerikas Latweeties» («Америкас Латвиэтис»), 1909 йилдан Нью-Йоркда эстон тилида «Uus Ilm» («Уус Ильм»), 1917 йилдан Нью-Йоркда рус тилида «Русский Голос», литва тилида эса 1911 йилдан Нью-Йоркда «Laisve» («Лайсве») ва 1923 йилдан Чикагода «Vilnis» («Вильнис»), Нью-Йоркда украин тилида «Hromadsky Holos» («Громадский Голос»), 1938 йилдан Нью-Йоркда арман тилида «Lraper» («Лрапер») газеталари ҳам кўпминг нусхаларда чоп этилгани бу юртда демократиянинг равнақ топганидан далолатдир. АҚШ матбуоти тарихида XX асрнинг биринчи ярмида бошланган илғор усуллар ва анъаналар дунё матбуоти тараққиётига ҳам сезиларли даражада таъсирини ўтказиб келаётир.

Англия матбуоти ҳам XX асрнинг биринчи ярмида равнақ топди. Ўша даврдаёқ англияликларнинг америкалик ўқувчиларга нисбатан икки марта, французларга қараганда уч баробар кўп газета-журнал харид қилишлари кузатилган. Англия газеталарини шартли равишда беш гуруҳга ажратиш мумкин:

Миллий (марказий) тонгги газеталар. Булар сирасида Лондонда чоп этиладиган 16 номдаги газетани санаш мумкин. 8 таси йирик, етакчи «Таймс», «Дейли телеграф», «Дейли мейл», «Дейли экспресс», «Дейли геральд», «Дейли Уоркер», «Дейли миррор» ва «Дейли скетч» газеталари бўлиб, ўша даврдаёқ уларнинг умумий адади 13 миллион нусхадан ошарди.

Лондоннинг тунги газеталари «Ивнинг ньюс», «Ивнинг стандард»нинг умумий адади 2, 7 миллион нусхадан ортиқроқ эди.

Тонгги ва тунги маҳаллий (турли жойлардаги) газеталар. Англия ва Уэльсда 19 та тонгги ва 67 та тунги, Шотландияда 7 та тонгги ва 8 та тунги, Шимолий Ирландияда учта тонгги ва битта тунги, Мэн ҳамда Чаннэлда битта тонгги газета чиқиб турган. Якшанба кунги газеталарнинг умумий адади 32 миллион нусхадан ошарди. Бу даврда Англияда 140 га яқин кундалик (ва якшанбалик) газеталар чоп этиларди. Лондонда чиқадиган «Санди таймс», «Обсервер», «Санди экспресс», «Ньюс оф Уорлд», «Пипл», «Рейнольдс ньюс» ва бошқа йирик нашрлар мухлисларининг сони тобора ортиб борди. Маҳаллий (жойлардаги) кундалик газеталар. Ўша даврда Буюк Британияда 1200 дан зиёд газета ва 4000 дан ортиқ журнал, булардан ташқари, ҳар йили маълумотнома ҳамда йилнома типидаги 1000 дан ошиқ нашрлар ҳам чоп этиб туриларди. Айнан XX асрнинг биринчи ярмидаги матбуот равнақи шунда кўринадики, қатор кичик-кичик нашрлар йирик монополиячилар кўмагида кучли нашрларга айлантирилди. Англия матбуотининг тараққиётида учта ахборот агентлиги муҳим ўрин тутади. Яъни, «Рейтер», «Пресс Ассошиэйшн» ва «Эксчейнж Телеграф» ахборот агентликлари маҳаллий ОАВни жаҳондаги энг муҳим сиёсий хабарлар билан таъминлаб туради. Айни вақтда мамлакат ҳаётига оид ахборотларни ҳам асосан шу агентликлар тарқатади. Ҳар бир мамлакат матбуотининг қиёфасини етакчи нашрлар белгилайди. Англияда XX асрнинг биринчи ярмида асос солинган шундай газета-журналлар мамлакат ижтимоий ҳаётида катта воқеликка айланди. Бу даврда Лондонда қатор янги нашрлар пайдо бўлди. Шулардан бири бўлган «Daily Express» газетасига 1909 йилда асос солинган. 12-14 саҳифадан иборат бу газета бир вақтнинг ўзида Лондон, Манчестер ва Глазгода жами 4,3 миллион нусхада чоп этиларди. Кейинчалик газетанинг саҳифалари ҳам, адади ҳам кескин кўпайди. Унинг мухлислари нафақат Европада, ҳатто Америка ва Осиё қитъаларида ҳам кам эмасди. Англияликларнинг янгиликка интилувчанлиги уларнинг матбуотга бўлган иштиёқини кучайтиради. Янги нашрлар ҳамиша қизиқиш билан кутиб олинганини эса уларнинг ададлари кескин ошиб борганидан ҳам билса бўлади. «Daily Mirror» («Кундалик кўзгу») рангли, безакли газетасига 1903 йилда асос солинган эди. Дастлаб бир неча ўн минг нусхаларда чоп этилиб, тез орада Fарбий Европа ва Америкада кўплаб мухлисларига эга бўлган бу газетанинг адади 4,5 миллиондан ошиб кетди. Оммабоп газеталар қаторига 1909 йилда «Daily Sketch» («Кундалик очерк») газетаси ҳам қўшилди. 14-16 саҳифадан иборат рангли газета адади 1,2 миллион нусхадан кам бўлмаса-да, унга бўлган талаб-эҳтиёж тобора ортиб борарди. Хўш, бу газеталарнинг мухлислари бунчалик кўп бўлганлигининг боиси нимада эди? Ушбу саволга юқорида бир қадар жавоб топгандек бўлдик. Яъни, бу таҳририятларда юзлаб, минглаб ходимлар фаолият кўрсатишарди. Бундан ташқари ўша газеталарнинг махсус мухбирлари ўнлаб мамлакатларда фаол ҳаракат қилишарди. Кўпдан-кўп фикр чиқади, деганларидек, ҳар куни ўнлаб саҳифадан иборат газеталар ахборотга бой, сермазмун бўлганлиги билан бир қаторда уларнинг сифатли чиқишига ҳам катта эътибор бериларди.

Энг долзарб ахборотни ишончли манбадан олиб, ҳозиржавоблик билан ёритиш Англия матбуотининг ўзига хос хусусиятларидан бирига айланган. Ўқувчиларни бездириб қўйиши ёхуд уларда норозилик кайфияти уйғотиши мумкин бўлган олди-қочди, савияси паст, мазмунан саёз материалларга унча-мунча газета саҳифаларида ўрин берилмасди. Шу боис ҳам 1912 йилда асос солинган «Daily Herald» («Кундалик ахборот») газетасининг адади 1,5 миллион нусхадан ошганлиги табиий ҳолдек эди. 1915 йилда асос солиниб, моҳиятан оддий фуқароларнинг эркин минбарига айланган «Sunday Pictorial» якшанбалик газетаси 3,5 миллиондан ортиқ нусхада чиқарди. «Sunday Express» якшанбалик газетасига 1918 йилда асос солинган. 18-20 саҳифадан иборат бу газета 3, 5 миллион нусхада чоп этиларди. Буларнинг барчаси забардаст журналистлар залворли меҳнатининг самараси бўлганини изоҳлаб ўтиришга ҳожат йўқ. Муҳими, ривожланиш йўлини танлаган бошқа мамлакатларнинг журналистлари, матбуот учун масъул кишилари ҳам ана шу таҳририятларнинг синалган тажрибаларидан фойдаланиб, кўзлаган мақсадларига эришганлари сир эмас. Газета-журналларнинг кўплиги ва ададларининг юқорилиги жиҳатдан етакчи ўринда турган Буюк Британия матбуоти XX асрнинг биринчи ярмида жаҳонда юксак мавқега эга бўлди. Матбуот тараққиёти, шак-шубҳасиз, мамлакат равнақига улкан ҳисса қўшди.

Германия матбуоти ҳақида сўз юритишдан аввал беш аср илгари бу юрт матбаанинг бешиги бўлганини эслаб ўтиш жоиздир. Жамоатчилик фикрини шакллантиришда газета нечоғли муҳим роль ўйнашини тўғри англаган ўша даврдаги немис зиёлилари бу ишга жиддий киришган эдилар. Айрим манбалардан маълум бўлишича, 1725 йилдан «Генераль-анцайгер» («Ҳаммабоп хабарнома»), 1850 йилдан «Альгемайне цайтунг» («Умумий газета»), 1898 йилдан «Берлинер моргенпост» («Берлин тонгги хабарлари») газеталари чоп этила бошлади. Улар сирасига бошқа қатор газета-журналлар ҳам қўшилди. XX асрнинг биринчи ярмида бу мамлакатда юз берган воқеа-ҳодисалар тарихдан маълум. Яъни, Иккинчи жаҳон урушининг «ўчоғи» айнан шу ерда пайдо бўлди. Урушдан олдинги давр матбуоти кимларга хизмат қилганини тасаввур этиш қийин эмас. Илк босма машина ихтиро қилинган ва жаҳон тарихида биринчи босмахона бунёд этилган мамлакатда матбуот шунга яраша равнақ топди. Фақат матбуотдек қудратли куч ҳам ўша даврда фашизм ғояларига хизмат қилганини изоҳлаб ўтиришга ҳожат бўлмаса керак. Урушдан кейинги даврдаги Германия ҳақида сўз кетганда, унинг машъум тарихию, иккига, яъни, ГДР ва ГФРга бўлиниб қолгани ҳақида ҳам эслаб ўтиш жоиз. Бу даврда уларнинг матбуотлари ҳам фаолиятини икки хил тарзда давом эттирди. 1990 йилларда «Берлин девори» қулатилгач, Германия ҳаётида янги давр бошланди. Мазкур воқеа-ҳодисаларда ўша давр матбуоти қанчалик роль ўйнаганини тушуниш мумкин. Шуниси диққатга сазоворки, уруш тугаган йилиёқ немис журналист ва ноширлари вайрон бўлган маҳаллий матбуотни янгича типда, ўзгача руҳда қайта тиклашга бел боғладилар. Ўша йили иккала немис давлатида ўнлаб турли газеталар ташкил этилгани ва юз минглаб нусхаларда чиқарилгани сир эмас. Биргина ГФРда 1945 йилда пайдо бўлган «Aachener Nachrichten» («Аахенер Нахрихтен», 40 минг нусха), «Allgemeine Zeitung» («Альгемайне Цайтунг», 100 минг нусха), «Weser-Kurier» («Везер-Курир», 120 минг нусха), «Hessische Allgemeine» («Гессише Альгемайне», 72 минг нусха), «Darmstadter Echo» («Дармштедтер эхо», 50 минг нусха), «Nurnberger Nachrichten» («Нюрнбергер Нахрихтен», 185 минг, шанба кунлари 220 минг нусха), «Rhein–Neckar–Zeitung» («Рейн–Неккар-Цайтунг», 63 минг нусха), «Stuttgarter Zeitung» («Штутгартер Цайтунг», 140 минг нусха) газеталарининг мухлислари тобора ортиб борди. Эътиборли томони шундаки, 1946-1950 йиллар мобайнида ҳам кўплаб нашрлар пайдо бўлиб, юз минглаб мухлислар орттиришди. Ўша даврдаёқ 3,5 миллион нусхада чоп этилган «Bild-Zeitung» («Бильд-Цайтунг»), 1,7 миллион нусхада чиқиб турган «Bild-Zeitung am Sonntag» («Бильд-Цайтунг ам Зоннтаг») газеталари ҳам ўзига хос воқелик эди. Дунёга машҳур «Der Spiegel» («Дер Шпигель», яъни «Ойна») журнали ҳам 1947 йилда Ҳамбург шаҳрида 315 минг нусхада чиқа бошлаган. 1950 йилда ГФРда 10 та йирик нашриётда 17 та газета 2506000 нусхада чиқиб турарди. 1959 йилга келиб мамлакатда чоп этиладиган нашрларнинг умумий адади 17 миллион нусхадан ошиб кетгани нисбатан қисқа давр мобайнида матбуотнинг қанчалик равнақ топганини кўрсатади.

Шу тариқа XX аср ўрталарида Германия Федератив Республикаси матбуоти дунёдаги етакчи ўринлардан бирини эгаллай бошлади.

Италия матбуоти ҳақида гапирганда, аввало, 1848 йилда Турин шаҳрида чиқа бошлаган «La Gazzetta del popolo» («Газетта дел пополо») нашри ҳар куни икки марта, яъни, тонгги сони – 55 минг, кечки сони эса 30 минг нусхада чиқиб, мухлислари эътиборини қозонганлигини эслаш лозим. Кунига икки маротаба чоп этиладиган газета хабарлари қанчалик ҳозиржавоб, долзарб бўлишини тасаввур этиш қийин эмас. Чинакам ахборот манбаига айланган нашрнинг эса мухлислари ортиб бораверди.

Италия нашрлари орасида Миланда 1876 йилдан чиқа бошлаган «Il Coppiere della sera» газетаси алоҳида ўрнига эга. 1922-1924 йилларда газета 1 миллион нусхагача чиқди. «La Ora» газетаси 1900 йилдан буён Палермода чоп этилади. Бу тунги газета саҳифаларида воқеликлар ҳаққоний ёритилиши билан мухлислари эътиборини қозонган. «Il Giornale d’ItaLia» мустақил тунги газетасига 1901 йилда Римда асос солинган. 1922 йилда бу газетага «Жорнале д’Италиа агриколо» («Италия қишлоқ газетаси») ҳафталиги илова қилиб чиқарила бошлади. 1930 йилдан махсус якшанба сонларига илова тариқасида «Жорнале делла доменика» («Якшанбалик газета») ҳам кўпминг нусхаларда чиқариладиган бўлди. Аксарият ривожланган мамлакатларда газетхонлар севимли нашрларининг айнан якшанба сонларини мароқ билан ўқишлари одатий ҳолга айланиб қолган. Шунга мувофиқ ўша куни чоп этиладиган газеталар одатдагидан бир неча марта катта ҳажмда ва кўпроқ нусхаларда чоп этиларди. Муҳим рекламалар айнан дам олиш кунлари ёритилишига реклама берувчилар ҳам, истеъмолчилар ҳам бирдек кўникиб қолишган. Италиянинг машҳур «Italia» газетасига 1912 йилда асос солинган эди. Миланда католик гуруҳи нашри бўлган бу газета саҳифаларидан ранг-баранг мавзулар ўрин эгалларди. Азалдан диний-маърифий мавзуга қизиқиш билан қараган кўп сонли муштарийлар бу газетанинг доимий мухлисига айланишди. XX асрнинг биринчи чорагида бу ўлкаларда фашизм байроғи остидаги ҳаракатлар қай даражага етгани тарихдан яхши маълум. Бу хатти-ҳаракатлар ўзгача дунёқарашга асосланган нашрларни ҳам ҳазм қила олмасди. Шу боис 1924 йилда Миланда чиқа бошлаган Италия комфирқаси марказий органининг нашри – «L’Unita» газетаси бир йилдан сўнг фашистлар ҳокимияти томонидан тақиқлаб қўйилди. 18 йилдан кўпроқ давр мобайнида яширинча чиқиб турган бу газета, ниҳоят, 1944 йил июнидан Римда яна ошкора чоп этила бошлади. Азалдан диний, маърифий ўчоқлардан бири бўлиб келган кўҳна Римда турли даврларда диний нашрлар чиқариш урфга айланган. Христиан-демократик партияси марказий нашри «Il Popolo» газетаси шулардан бири эди. Римда 1944 йилдан чоп этила бошлаган бу газета ихлосмандлари Fарбдаги бошқа мамлакатларда ҳам кам эмасди. Европа мамлакатларидаги илғор тажриба бирор ҳудуддагина қолиб кетмасди. Модомики газеталари қўшни мамлакатларга ҳам тарқалаётган экан, демак, унда ёритилаётган мавзулар воқеликка айланиб бораверади. Молия-иқтисодий мавзуларни ёритишга ихтисослашган «Il Globo» («Ер шари») газетасига 1945 йилда Римда асос солинган. Ушбу нашр ҳам бутун европалик молиячи мутахассислар эътиборини жалб этиб турарди. «The Rome Daily American» газетаси 1946 йилдан Римда инглиз тилида чоп этила бошлади. Унинг фаолияти Италиядаги америкаликлар сиёсатини ёритишга йўналтирилганди. XX асрнинг биринчи ярмида, хусусан, Иккинчи жаҳон уруши даврида Италияда ҳам жуда мураккаб вазият вужудга келган эди. Бу уруш билан боғлиқ мушкулотлар матбуот тараққиётига ўз таъсирини ўтказмасдан қолмасди. 1948 йилда матбуот тўғрисида қонун қабул қилиниши Италияда босма сўз равнақини юксалтиришда муҳим аҳамият касб этди. Шу йили демократик руҳдаги «Il Paese» газетаси чиқиши римлик газетхонларни мамнун қилди. «Il Paese sera» газетаси 1949 йилдан чиқа бошлаган. Бу тунги газета ҳафтада тўрт кун римликлар учун, икки марта Неапол, бир гал Флоренция ва бир марта бутун мамлакат аҳолиси учун чоп этиларди. Адади – 85 минг, шанба кунлари 120 минг нусхага етарди. Иккинчи жаҳон урушидан кейин Италия матбуоти ҳам аста-секинлик билан яна ўзанини топа бошлади. Маълум фурсат тикланиш давридан сўнг у тараққиёт сари одимлаб кетди.

Франция матбуоти XX асрнинг биринчи ярмида жадал суръатлар билан ривожланди. Европада равнақ топаётган матбаачилик француз матбуотини янада юксалтиришга замин яратди. Бироқ Иккинчи жаҳон уруши бу мамлакатни ҳам четлаб ўтмади. Уруш қанчалик тажовуз қилмасин, юртда матбуот тараққиёти учун кураш бесамар кетмади. Буни айнан ўша йилларда ташкил этилган қатор газета-журналлар фаолияти мисолида ҳам кўриш мумкин. Франция матбуотида етакчи ўринлардан бирини эгаллаб келаётган «Le Figaro» («Фигаро», 1826 йилда асос солинган) кундалик газетаси қаторига XX асрнинг биринчи ярмида ўнлаб нашрлар қўшилди. Йўналишлари турлича бўлган газета-журналларда турфа дунёқарашлар ўз аксини топарди. «Фигаро» газетаси француз сиёсий кучларининг ўнг томонини қўллаб-қувватлашга йўналтирилган бўлса, 1903 йилда ташкил этилган «Les Echos» («Эко») газетаси француз тадбиркорларига, саноат ва савдо доираларига хизмат қилар эди. Унда асосан шу соҳаларга оид рекламалар, биржа маълумотларига кенг ўрин бериларди. Сиёсий мавзуларни ёритишда газета ижодкорлари саноат ва савдо-сотиқ борасида Франция билан яқиндан алоқа қиладиган давлатлар фаолиятига алоҳида тўхталар эдилар. 1904 йилда ташкил этилган «L’Humanite» («Юманите») газетаси 1920 йилдан эътиборан Франция комфирқаси марказий қўмитасининг нашрига айлантирилди. Бу газета сафига 1933 йилда ФКПнинг деҳқонлар газетаси – «La Terre» («Терр»), 1948 йилда «Юманите»нинг шанбалик сони – «Юманите-диманш», 1945 йилда «France nouvelle» («Франс нувель») газеталари қўшилди.

АҚШ, Англия давлатларида бўлгани каби бу мамлакатдаги нашрлар таҳририятларида ҳам, аввало, ижодий муҳит етарли даражада шакллантирилишига алоҳида эътибор қаратилганди. Яъни, саноқлигина ходим ишлайдиган бирорта таҳририят йўқ эди. Модомики бирор таҳририят оммага ахборот, маънавий озуқа бериш масъулиятини зиммасига олган экан, унда ижодий куч етарли даражада бўлиши зарурлигини француз ноширлари эътибордан четда қолдирмас эдилар.

Ҳатто ОАВни энг зарур ахборотлар билан таъминлаб туриш мақсадида 1944 йилда Парижда ташкил этилган «Франс-Пресс» ахборот агентлигида ҳам 2 минг ходим, жумладан 700 нафар мухбир фаолият кўрсатарди. Газеталарнинг таҳририятларида яна юзлаб ижодий ходимлар фаолият кўрсатишини ҳисобга олсак, мазкур газеталар нечоғли сермазмун бўлишини тушуниш қийин эмас. 1923 йилда Парижда илғор фикрли адиблар томонидан ташкил этилган «Europe» («Эроп») ойлик журналида асосан француз адабиёти ва санъатига оид асарлар, шунингдек, халқаро майдонда юз бераётган қизиқарли, муҳим воқеа-ҳодисалар ҳақида мақолалар ёритиларди. Христиан динининг Рим папаси мазҳабидаги католиклар французлар орасида ҳам кам эмасди. Ўша католиклар бу даврда бир нечта нашрга асос солишди. Шулардан бири 1925 йилда Парижда ташкил этилган «La France catolique» («Франс католик») газетаси бўлиб, унда эълон қилинган католиклар ҳаётига оид ранг-баранг материаллар, диний-маърифий мавзудаги мақолалар гоҳо баҳс-мунозараларга сабаб бўларди. Ўша даврдаёқ газета 70 минг нусха атрофида чоп этилгани унинг мухлислари қанчалик кўп бўлганидан дарак беради. 1934 йилда Парижда ташкил этилган «La France-monde catolique» («Франс-монд католик») журнали, католикларнинг 1941 йилда чиқа бошлаган яна бир янги нашри – «Temoignage Cretien» («Темуаньяж кретьен») газетаси ҳам шу йўналишдаги мавзуларни ёритиш орқали кўплаб мухлисларига эга бўлди. Иккинчи жаҳон уруши давом этаётганига қарамасдан, Францияда бир нечта газета-журнал ташкил этилгани эътиборга моликдир. «France d’abord» («Франс д’абор») газетаси 1941 йилда фронтдаги қўшинлар ва партизанлар Миллий кенгашининг нашри сифатида майдонга чиқди. Газета уруш йилларида француз халқини фашист босқинчиларига қарши курашга чорлади. Уруш поёнига етгунга қадар маҳаллий халқ уни қўлма-қўл ўқиб борди. 1944 йилда эса Парижда «Telegramme de Brest» («Телеграмм де брест»), «La tribune des nations» («Трибюн де насьон»), «L’Oise liberee» («Уаз либере»), «Ouest-France» («Уэст-франс») газеталари чиқа бошлади. Ўша йили Парижда ташкил этилган «France-Soir» («Франс-суар») газетаси бир миллиондан ортиқ нусхада чиқиб турди. Сиёсат бобида кўпроқ ҳукумат тутган йўлни қўллаб-қувватлайдиган бу тунги газета саҳифаларида асосан мамлакат полицияси фаолиятига оид турли материаллар, ҳар хил қизиқарли суратлар, мароқли ҳажвиялар, кўнгилочар асарларга кенг ўрин бериларди. Табиатан оқкўнгил французлар орасида бундай мавзуларга қизиқадиганлар кўпчиликни ташкил этиши боис мазкур газетанинг мухлислари тобора ортиб борди. Фашизм устидан ғалаба қозонилган 1945 йилда мамлакатда яна бир қатор янги нашрлар пайдо бўлди. «France nouvelle» («Франс Нувель»), «Force ouvriere» («Форс увриер»), «L’Unite paysanne» («Юните пейзан») газеталари, «Les Temps modernes» («Тепмз модерн»), «L’Echo de la presse et de la publicite» («Эко де ля пресс э де ля пюблиситэ»), «L’Information radical-socialiste» («Энформасьон радикал-сосиалист»), «L’Usine nouvelle» («Юзин нувель») журналлари шулар жумласидандир. Улар қаторига 1948 йилда қўшилган «Sud-Ouest» («Сюд-Уэст»), 1950 йилда асос солинган «France-observateur» («Франс-обсерватэр»), «L’Information» («Энформасьон») газеталари ҳам оммалашиб кетди. Бу газеталар саҳифалаларида мамлакат ички ва ташқи сиёсатига, адабиёт ва санъатга оид хилма-хил материаллар ёритиларди. Кўриниб турибдики, илғор фикрли француз зиёлилари мамлакатнинг ўша даврдаги оғир иқтисодий шароитида ҳам матбуотни равнақ топтириш йўлида тинмай изланганлар ҳамда муайян мақсадларига эришганлар ҳам. Бу эса, ўз навбатида, Франциянинг барча соҳаларда беқиёс даражада ривожланиб кетишига хизмат қилди.

Япония матбуоти учун XX асрнинг биринчи ярми ўзига хос юксалиш даври бўлди. Матбаачилик соҳасидаги янги-янги ютуқлар нашр ишларини янада равнақ топтиришга имкон яратди. Мўъжизаларга бой бўлган бу кунчиқар мамлакат матбуоти ҳақида сўз юритганда, аввало, тараққиёт босқичида жаҳон аҳлини ҳайратга солган айрим манзараларга назар ташлаш мақсадга мувофиқдир. Баъзи мутахассислар XX асрни «Япон мўъжизаси» асри бўлган, дея таърифлашади. Агар шу фикрни эътироф этадиган бўлсак, ўша мўъжизани Япония матбуоти мисолида ҳам кўриш мумкин. Ўтган асрда мамлакатнинг етакчи нашрларидан бўлган «Асахи симбун» газетасининг тамал тоши 1879 йилда Осака шаҳрида қўйилган эди. 1888 йили таҳририят Токиога кўчди. XX аср бошларидаги турфа воқеаларни ҳаққонийлик ва ҳозиржавоблик билан ёритиб борган газетанинг нуфузи ошиб, шунга монанд адади ҳам муттасил кўпайиб борди. Катта ададдаги газета пойтахтдан ташқари Осака, 1935 йилдан Китакюсю ва Нагоя, 1959 йилдан Саппоро босмахоналарида ҳам чоп этиларди.

«Асахи симбун» газетаси (саксонинчи йилларда) кунига икки марта – тонгги сони 7,5 миллион, тунги сони эса 4,8 миллион нусхада чоп этиларди. Юз саҳифагача ҳажмда чиқадиган ушбу газетани ўта муҳим ахборот, долзарб мавзудаги мақолалар билан мунтазам равишда «тўлдириш» машаққатини таҳририят ишига умрини бахшида этган кишиларгина яхшироқ тушунсалар керак. Таҳририятда ўша даврда кам эмас – беш мингдан ортиқ ходим фаолият кўрсатишган. Кейинчалик ходимлар сони яна бир неча минг кишига ортгани ҳақида маълумотлар бор.

1874 йилда асос солинган «Иомиури симбун» газетаси ҳам XX асрга келиб жуда оммалашиб кетди. 1952 йилдан Осака, 1959 йилдан Саппоро, 1961 йилдан Такаоке, 1964 йилдан эътиборан Китакюсю шаҳарларидаги босмахоналарда бир вақтнинг ўзида эрталаб 8,9 миллион, кечқурун 4,9 миллион нусхаларда чоп этилиши ҳайратомуздир. Ўн мингдан ортиқ ходим фаолият кўрсатадиган «Иомиури» газета компаниясида ишлар пухта режа асосида ташкил этилган. Газетанинг ўнлаб мухбирлари Нью-Йорк, Лондон, Париж, Москва, Сан-Франциско, Бонн, Женева, Нью-Дели, Бангкок ва бошқа шаҳарларда фаол ҳаракат қилишади.

Япония юксалишига жуда катта ҳисса қўшган «Иомури» газетасига эътибор берайлик. «Иомиури» компанияси ўзининг авиациясига, алоҳида самолётларига, халқаро миқёсда ҳисоб-китоб юритиш ваколатига эга бўлган банкларига, ўта муҳим ахборотлардан ҳозиржавоблик билан хабардор қилиб туришга хизмат қилувчи қисқа тўлқинли радиостанциясига, Токиода Эн-Ти-Ви, Осакада эса «Иомиури Гэ-Рэ-Би» деб номланган телекомпанияларига эга эди. Марказий таҳририят айни вақтда 9 та ҳафталик ва ойлик журналлар ҳам чоп этарди. 1955 йилдан бошлаб Токиода ҳатто инглиз тилида «Дейли иомиури» тонгги газетасини чоп эта бошладилар.

XX асрнинг иккинчи ярмида Япония халқи ҳам мураккаб даврни бошидан кечираётганлигига қарамай, мамлакатда қатор янги газета-журналлар ташкил этилди. 1928 йилда «Акахата» (1946 йилдан эътиборан «Секки» номи билан) газетаси чоп этила бошлади. Шунингдек, ўша даврда «Токио асахи симбун», «Мияко симбун», «Нихон симбун», «Тюю симбун», «Токио нитинити симбун», «Дзити симпо», «Майнити симбун», «Юбин хоти симбун», «Ямато симбун» каби газеталар фаолиятини йўлга қўйишда юқорида номлари зикр этилган машҳур нашрлар тажрибаси кенг қўлланилди.

1923 йилда юз берган кучли ер силкиниши оқибатида Токиода кўплаб бинолар вайронага айланди. Бу фожиа пойтахтдаги қатор таҳририятлар фаолиятига ҳам жиддий таъсир кўрсатди. Бу ерда чиқадиган «Нитинити», «Хоти», «Мияко» газеталари маълум муддат фаолиятини тўхтатишга мажбур бўлишди.

Япония газеталари ҳам, бошқа давлатлар каби, марказий ва маҳаллий нашрларга бўлинади. Шуниси эътиборга моликки, маҳаллий газеталарга бўлган қизиқиш анча юқори. 1934 йилда мамлакатда 1219 номдаги кундалик, 470 та ҳафталик газеталар чоп этиларди. 5392 номдаги газеталар эса ойда уч марта чиқарди. Мазкур нашрларнинг қарийб 30 фоизи Токио ва Осака шаҳарлари босмахоналарида чоп этиларди. Бу даврдаги газеталарнинг ададлари ўртача 4 мингдан 1,5 миллион нусхагача бўлган. Қизиғи шундаки, Иккинчи жаҳон урушигача бирор газетада адади кўрсатилмас эди. Мутахассислар фикрича, ўша даврдаги 1100 та япон газетасининг умумий адади тахминан 19 миллион нусха атрофида бўлган.

Қадимий шаҳар Осакада ҳам матбаачилик ва шунинг баробарида матбуот анча ривожланган эди. Ўша даврда шаҳарда 94 та кундалик газета чоп этиларди. Жумладан, «Осака асахи симбун» газетасининг адади 1,3 миллион нусхани, «Осака майнити симбун» газетаси 1,2 миллион нусхани ташкил этарди. Ушбу нашрлар қаторига 1935 йилда «Кюсю асахи» ва «Ниси майнити» газеталари қўшилди.

Иккинчи жаҳон уруши давридаги иқтисодий бўҳронлар япон матбуоти тараққиётига ҳам салбий таъсир кўрсатди. 1943 йилдан бошлаб кўплаб газета ҳажмлари қисқара бошлади. Яъни, 40 саҳифали газеталар 4-6 саҳифагача тушиб қолди. Айрим нашрларнинг ҳатто ёпилишига олиб келди.

XX аср ўрталаридан эътиборан дунё ҳамжамиятида муносиб ўрин эгаллай бошлаган Япония халқаро муомала воситаси ҳисобланмиш инглиз тилида ҳам қатор нашрларни чиқаришга киришди. Чунончи, «The Japan Times», «The Daily Yomiori», «Mainichi Daily News», «Asahi evening News» каби газеталарнинг мухлислари нафақат чет элларда, балки япон ишбилармонлари орасида ҳам кўплаб топилади. Ўтган асрнинг етмишинчи йилларида ўша газеталарнинг умумий адади 36, 5 миллион нусхадан ошгани диққатга сазовордир. Дунёни кўрмасдан, дунё кишиси бўла олмайсан, деган ақидага амал қилган давлатда дунёвий тилларда газеталар чиқариш ҳам шу мамлакат тараққиётига хизмат қилар экан, буни Япония матбуоти мисолида ҳам кўришимиз мумкин.

Япония журналларининг дунёга келиш тарихи ҳам XIX асрга бориб тақалади. Мамлакат тарихида илк бора олимларнинг журнали «Мэйкору дзасси» 1883 йилда нашр этилди. 1887 йилда эса «Марумару симбун» сатирик журналига асос солинди. Қатор йиллар мобайнида улар сафига «Ходан дзасси», «Токио синси», «Хомей синси», «Цуки то суппон», «Кагэду синси», «Симбунси», «Дзёгаку дзасси», «Кёнку хоти», «Тэгакукай дзасси» «Киппон-но сёнэн», «Тайё» каби турли йўналишлардаги журналлар ҳам қўшилди. Бу нашрларнинг муштарийлари XX асрда янада кўпайди. Аср бошида, аниқроғи, 1904 йилда «Нитиро сэнсо сясин гахо» номли журнал типидаги нашр пайдо бўлди. Унинг саҳифаларида асосан рус-япон урушини тасвирловчи фотоянгиликлар ёритилгани боис адади ҳам кескин ошиб кетди.

1920-30 йилларда қатор оммабоп журналлар ташкил этилди. Айниқса, «Кодан», «Карабу», «Кингу», «Фудзин курабу», «Гэндай», «Хинодэ», «Тюо корон», «Бунгэй сюндзю» каби журналларда ёритилаётган турли мавзулардаги материаллар, рангли суратлар, рекламаларнинг ихлосмандлари кун сайин ортиб борди. Биргина «Кингу» журналининг адади тез орада миллион нусхадан ошгани унинг нечоғли ўқимишли бўлганидан далолат беради.

Мамлакатда журналлар сони ортиб бораётган кезларда Иккинчи жаҳон уруши яқинлашаётган эди. Бу урушда Япониянинг тутган ўрни, кимлар билан иттифоқчи бўлгани ва алал-оқибат мамлакат бошига қандай балолар ёғилгани тарихдан маълум. Шундай қилиб, 1937 йилда 12 минг номда чиқаётган журналлар сони 1940 йилга келиб 5200 тага тушди. 1944 йилда эса 2 минг атрофида журналлар чоп этиларди. Улардан 530 номдагиси расмий нашрлар бўлса, 300 таси турли ташкилотларга қарашли, қолган қисми эса соҳавий ҳамда ўқув журналлари бўлган. Мамлакат бошига атом бомбаси ёғилган 1945 йилда эса атиги 300 номдаги журналлар қолган эди. Уруш йиллари иқтисодий қийинчиликлар билан бир қаторда қоғознинг ўта танқислиги ҳам кўплаб журналларнинг ёпилишига сабаб бўлди.

1945 йил 19 сентябрда Америка ҳукумати томонидан эълон қилинган «Японияда газета нашр этиш ҳуқуқи» деб номланган ҳужжат амалда бу мамлакатда «Матбуот кодекси» сифатида қабул қилинди. 1947 йил май ойидан эътиборан Япониянинг янги Конституцияси амал қила бошлади. Буларнинг барчаси мамлакатда матбуот тараққиёти учун янги даврни бошлаб берди. 1945 йил 1 декабрь куни Токиода «Минло» тунги газетасининг илк сони босмадан чиқди. 1946 йил бошларида «Дзидзо симпо», февраль ойида эса «Токио таймс» ва бошқа газеталар бирин-кетин чоп этила бошлади. Бир йил ўтиб мамлакатда 125 номдаги янги нашрлар пайдо бўлди. Айни пайтда қатор журналлар ҳам қайта тикланиб, улар қаторига «Синсэй», «Корон», «Гэндай», «Синтё» каби ўнлаб янги нашрлар қўшилди.

Япония матбуотининг равнақ топишида 1945 йили ташкил этилган «Киодо цусин» ахборот агентлиги, «Эн-Эйч-Кей» етакчи япон газета ҳамда радиоэшиттириш корпорацияси кооператив бирлашмаси ҳам муҳим ўрин тутди.

XX асрнинг биринчи ярмида жуда кўп урушларни (жумладан, 1904-1905 йиллардаги рус-япон уруши, Хитой ва Кореяни мустамлакага айлантиришга қаратилган ҳаракатлар, Иккинчи жаҳон уруши даврида «Учлар пакти»га кўра босқинчилик сиёсатини қўллаб-қувватлаш ва ҳоказо) бошидан кечирган япон халқи 1945 йил август ойида атом бомбасининг даҳшатини ҳам кўрганидан жаҳон аҳли хабардор. Шунга қарамай, Япония тез орада яна тараққиёт сари дадил одимлаб кетди. Мамлакатнинг бундай тараққиётга эришувида «ҳаёт кўзгуси» ҳисобланмиш матбуотнинг ҳам беназир хизмати борлигини ҳеч ким инкор эта олмайди.

Хитой матбуоти XX асрнинг биринчи ярмида оғир иқтисодий шароитда ривожланганини кузатиш мумкин. Бу даврда Япония билан бўлган можаролар, Иккинчи жаҳон уруши давридаги таҳликали воқеаларнинг барчаси матбуот равнақига ҳам ўз таъсирини ўтказмасдан қолмади. Аср ўрталарига келиб мамлакатда 253 номдаги газета 2,5 миллион нусхада чоп этиларди.

Аҳолисининг кўплиги жиҳатдан дунёда биринчи ўринда турадиган Хитойда коммунистик партия ҳукмрон эканлиги яхши маълум. Шу боис мамлакатда чоп этиладиган нашрларнинг аксарияти ўша мафкурага хизмат қилишини тасаввур этиш қийин эмас. Нима бўлганида ҳам, ўзига хос тараққиёт йўлини танлаган Хитой матбуотининг халқаро журналистика майдонида салмоқли ўрни бор.

Ўтган асрнинг биринчи ярмида мамлакат халқи оғир иқтисодий, сиёсий бўҳронларни бошидан кечирди. Бу ҳол бошқа соҳалар қатори, матбуот равнақида ҳам ўз оқибатини кўрсатди. Бироқ тараққийпарвар халқ ҳар қандай шароитда юксалиш сари йўл топади. Бу ҳолни айнан Хитой матбуоти мисолида ҳам кузатиш мумкин.

Мамлакатнинг етакчи нашрларидан бири– «Renmin ribao» («Женьмин жибао») газетасига 1946 йил 15 май куни Ханьдан шаҳрида асос солинган. 1948 йил июнидан бошлаб газетани Шицзянчжуане шаҳар босмахонасида янги каллиграфик ҳарфларда нашр этиш йўлга қўйилди. 1949 йил 2 февралда газета таҳририяти мамлакат пойтахти Пекинга кўчирилди. Дастлаб тўрт, олти саҳифада чиққан газетанинг адади 90 минг нусха эди. 1955 йилда саккиз саҳифали газета адади 700 минг нусхадан ошди. Тамал тоши XX аср ўрталарида қўйилган «Женьмин жибао»нинг адади саксонинчи йилларга келиб 5 миллион нусхадан ошгани, 1982 йилдан бошлаб инглиз тилидаги нашри Сан-Францискода 300 минг нусхада чоп этилиб, 122 та мамлакатга тарқатила бошлагани маълум. Америкалик мутахассислар фикрича, бу газета мавқеи жиҳатидан АҚШнинг «Нью-Йорк таймс, «Вашингтон пост», Англиянинг «Таймс», Германиянинг «Вельт», Франциянинг «Монд» газеталари билан тенглашган эди. Шуни ҳам назардан четда қолдирмаслик керакки, мазмун-моҳиятига кўра газетанинг хитой тилидаги нашри билан инглиз тилида дунёга тарқатиладиган нашри ўртасида анчагина тафовутлар бўларди.

«Wenhui bao» («Вэньхуэй бао») – адабий газетасига 1938 йилда Шанхайда асос солинди. Япон агрессиясини қораловчи кескин мақолаларни ёрита бошлаган газета фаолияти баъзи сабабларга кўра 1939 йил майда тўхтатилди. Иккинчи жаҳон урушига узил-кесил хотима берилгач, 1945 йил сентябридан бу халқпарвар газета яна чоп этила бошлади. 1949 йилда 28 минг нусхада чиққан «Вэньхуэй бао»нинг адади қирқ йилдан сўнг 1 миллион 300 минг нусхадан ошди. Газетанинг АҚШ, Канада, Япония, Таиланд, Мексика ва бошқа мамлакатларда махсус мухбирлари фаолият кўрсатишарди. 13-14 та иловаси билан чиқадиган бу газета ихлосмандлари чет элларда ҳам кўп эди.

«Guangming ribao» («Гуанмин жибао») газетаси 1949 йил июнда Пекинда ташкил этилган. Хитой демократик лигаси марказий қўмитасининг нашри бўлган бу газета саҳифаларида асосан саноат, савдо, иқтисодиёт мавзуларига кенг ўрин бериларди. Дастлаб 60-70 минг нусхада чоп этилган газета адади саксонинчи йилларда 1,5 миллион нусхадан ошди.

Дунёдаги ўнлаб мамлакатларда касаба уюшмаларининг нашри алоҳида мавқега эга эканлиги кузатилган. Умумхитой касаба уюшмалари федерацияси нашри бўлган «Gongren ribao» («Гунжэнь жибао») газетаси ҳам 1949 йил июль ойида Пекинда ташкил қилинган эди. Дастлаб бир неча ўн минг нусхада чоп этила бошлаган газета кўп ўтмай оммалашиб кетди. Аср ўрталарида 100 минг атрофида ўқувчисига эга бўлган газета орадан қирқ йил ўтгач, 1,8 миллиондан зиёдроқ нусхада чиқа бошлади.

XX асрнинг биринчи ярмида Хитойда кўплаб журналлар ҳам ташкил этилди. Умуман, хитойлик ўқувчилар орасида газетадан кўра журналларга қизиқиш кучли кўринади. Буни журналлар ададидан ҳам билса бўлади.

Чунончи, 1923 йилда ташкил этилган «Чжунго цинянь» ёшлар журнали 2, 8 миллион нусхагача ададда чоп этилгани маълум. 1949 йилда Пекинда ташкил этилган «Renmin wenhue» («Жэньмин вэньсьюз») адабий-бадиий журнали ҳам жуда оммалашган эди. Умумхитой адабиёт ва санъат ходимлари Ассоциациясининг 1 миллион нусхада чоп этилган мазкур нашрида турфа мавзудаги муаммоли мақолаларга кенг ўрин бериларди. Ўша йили Пекинда ташкил этилган яна бир адабий-танқидий журнал – «Wengi bao» («Вэньи бао») саҳифаларида ҳам асосан Хитой адиб ва шоирларининг бадиий асарлари, адабий-танқидий мақолалар ёритиларди.

1945-50 йилларда ташкил этилган зиёлиларнинг «Сюзси», тарғиботчиларнинг «Шиши шоуцэ», халқаро сиёсий мавзуларни ёритишга мўлжалланган «Шице чжиши», Умумхитой хотин-қизлар демократик федерациясининг «Синь Чжунго фунюй» журналлари ҳам анча оммалашиб кетди.

Хитой матбуотини тезкор ва муҳим ахборотлар билан таъминлашда «Синьхуа» ахборот агентлиги алоҳида ўрнига эга. 1949 йилда бу агентликда 810 ходим фаолият кўрсатган бўлса, 1952 йилда улар сони 2 мингдан ошди. 1950 йилдан эътиборан марказлашган давлат ахборот агентлигига айлантирилган «Синьхуа»нинг 28 та мухбирлар пункти бор эди. Унинг Нью-Дели, Прага, Москва, Берлин ва бошқа шаҳарларда ваколатхоналари фаолият кўрсатарди.

Модомики халқаро сиёсий майдонда Хитой матбуоти ҳам салмоқли ўрин тутар экан, унинг тараққиёт босқичларини ўрганиш фойдадан ҳоли бўлмайди.

Россия матбуотини XX асрнинг биринчи ярмида алоҳида тасаввур этиш ёхуд тасвирлаш қийин. Мазкур бобда биз ушбу масалага янгича, юртимиз мустақиллиги мафкураси нуқтаи назаридан ёндашишга ҳаракат қилдик. Умуман, ушбу даврдаги Россия тарихи собиқ СССР тарихи билан чамбарчас боғлиқ. Шу боис Москвада ташкил этилиб, фаолият кўрсатган аксарият мамлакат нашрлари бутун Иттифоққа бирдек дахлдор ҳисоблангани сир эмас. Собиқ Иттифоқ таркибида бўлган Россия Федератив Республикаси ҳам бошқа қардош республикалар қатори ўз нашрларига эга эди. Бироқ, ушбу қисмда ўша даврдаги етакчи нашрлар тарихи ҳақида сўз юритишимиз мақсадга мувофиқдир.

1917 йилгача бу ўлкада 25 номдаги кундалик газеталар чоп этиларди. Улар орасида 1912 йил 5 май куни Петербургда ташкил этилган «Правда» газетаси алоҳида ўрин тутарди. Собиқ комфирқанинг бош нашри бўлган бу газета чиққан кун 1922 йилдан то СССР барҳам топган (1991) йилгача «Матбуот куни» сифатида нишонлаб келинди. «Правда» ҳам, 1918 йил март ойидан бошлаб Москвада чиқа бошлаган «Известия» газетаси ҳам ўша давр мафкурасининг, аниқроғи, ҳукмрон комфирқа фаолиятининг «кўзгу»си саналган. 1921 йилда ташкил этилган «Труд», 1925 йилдан чиқа бошлаган «Комсомольская правда», «Красная звезда» ва бошқа газеталар, гарчи турли ташкилотларнинг нашрлари ҳисоблансалар-да, асли мақсадлари «муштарак» эди.

Бу газеталар қаторига ўша даврда «иттифоқдош» республикаларда чоп этила бошлаган нашрлар ҳам қўшилган. Хусусан, бу даврда Ўзбекистонда «Совет Ўзбекистони», «Правда Востока», Қирғизистонда «Советская Киргизия», «Советтик Қыргызстан», Белоруссияда «Советская Белоруссия», «Звязда» ва ҳоказо республикаларнинг етакчи нашрлари чиқиб турди.

Ўша даврда қатор журналларга ҳам асос солинди. Жумладан, машҳур «Крокодил» журнали 1922 йилда нашр этила бошланди. Бу сатирик журналнинг мухлислари собиқ Совет Иттифоқидан ташқари чет элларда ҳам кўплаб топиларди. Ўша йили соҳавий нашр ҳисобланган «Журналист», «Молодая гвардия», 1923 йилда эса «Огонек», «Экран», «Юные строители» журналлари ташкил этилди. Маълум бир мафкурагагина хизмат қилган нашрларнинг айримлари ўша сиёсат барҳам топиши баробарида фаолиятини тўхтатди.

Россияда журналистика биз ўрганган Европа давлатлари ичида энг кеч пайдо бўлган. Унинг тараққиёти ҳам бошқаларга қараганда анча қийинчилик билан кечди.

Рус журналистикаси инглиз, немис ёки ҳолланд журналистикасига ўхшаб нисбатан эркин шароитларда ривожлангани йўқ. У ҳар доим ҳукумат ва шахсан подшоҳнинг назорати остида бўлиб келган. Ҳатто биринчи рус газетасига бевосита Пётр I ташаббуси билан асос солинди. Умуман, XVIII аср рус миллий журналистикасининг туғилиш ва оёққа туриш даври сифатида тарихга кирди.

Пётр I «Ведомости» газетасини чоп эттиргунига қадар Рус давлатида бирорта даврий нашр йўқ эди. Аслида, у пайтларда мамлакатда газета чиқаришга сезиларли эҳтиёж ҳам бўлмаган. Аҳолининг кўпчилик қисми бесавод бўлиши билан бирга, Россия маданийлашган Европадан анча ортда қолган ва ёпиқ мамлакат эди.

Шунинг учун ҳам Fарбий Европада рўй бераётган ўзгаришлар, технологик янгиликлар Россияда катта кечикишлар билан ўз ифодасини топарди. Бундан ташқари, ички консерватизм ҳам мамлакатнинг ривожланишига тўсқинлик қилар эди. Албатта, «Ведомости» чиққунига қадар хорижий газеталар вақти-вақти билан Россияга келиб турган. Лекин улар подшоҳ саройидан ташқарига чиқмасди. Саройда эса чет эл газеталаридаги айрим мақолаларни таржима қилиб, қўлёзма тарзида кўпайтириш анъанаси амал қиларди. Бундай таржималар подшоҳ ва унинг атрофидаги энг яқин кишиларга ўқишга бериларди.

Пётр I ҳукумат тепасига келганидан кейин вазият анча ўзгарди. У европача руҳдаги замонавий Россияни барпо этишни ўз олдига мақсад қилиб қўйди. Табиийки, Европа анъаналарини олиб кирмасдан туриб мамлакатни замонавийлаштиришнинг иложи йўқ эди. Подшоҳ мисли кўрилмаган ислоҳотларни бошлаб юборди. Илк рус газетаси ана шу даврнинг меваси сифатида туғилди. 1702 йил 15 декабрда Пётр I «хорижий ва ички ҳодисалар ҳақида хабар берадиган» «Ведомости»ни чиқариш ҳақидаги фармонга имзо чекди. Орадан бир кун ўтиб, 17 декабрь куни Москвада газетанинг илк сони дунё юзини кўрди2. Унинг иккинчи сони 27 декабрда, учинчиси эса 1703 йил 2 январь куни чиққанлиги маълум. Лекин нашрнинг дастлабки икки сони сақланмаган.

«Ведомости» газетасида хабарлар хилма-хиллигига интилиш бўлса-да, аслида унинг бош вазифаси янгиликлардан хабардор қилиш ёки мамлакатдаги сиёсий қарашларни шакллантириш эмас, балки армия фаолиятини қайта ташкиллаштириш, буйруқ ва фармонлар, турли йўриқномалар ва кўрсатмаларни халққа етказиш эди. Пётр I газетадан ўзининг сиёсатини амалга ошириш ва ҳарбий ислоҳотларни кучайтириш мақсадида фойдаланди. Буни «Ведомости»нинг сақланиб қолган нусхаси – 1703 йил 2 январдаги босма сони ҳам тасдиқлайди. Ўшанда газета Москва шаҳрида мисдан қуйилган 400 та янги замбарак ва бошқа ўқотар қуроллар ишлаб чиқилгани ҳамда 40 минг пуд миқдоридаги мис захираси янги қуролларни ишлаб чиқариш учун шай тургани ҳақидаги хабарни эълон қилди3.

Мазкур хабарда ҳарбий сир ошкор этилган бўлса-да, газетани нашрга тайёрлашда Пётр I шахсан ўзи қатнашган ва ушбу маълумот атайин эълон қилинган эди. Чунки Нарва яқинидаги жангда рус армияси шведлардан йирик мағлубиятга учраб, оғир артиллериясидан махрум бўлганди. Ушбу мағлубиятнинг оқибатлари Россияни ва айниқса, армияни руҳан оғир юк бўлиб эзаётган бир пайтда Пётр I учун сиёсий манфаатлар давлат сиридан устун турарди. Армиядаги жанговар руҳни кўтариш ва мамлакат халқининг урушни қўллаб-қувватлаши учун ҳам у ана шундай илҳомбахш йўл тутди. Умуман, ҳарбий мавзулар газета материалларининг асосини ташкил этар эди. «Ведомости»нинг даврийлиги ҳам барқарор эмасди. У муҳим воқеалар муносабати билан ёки Пётр I хоҳишига қараб чиқариларди. Масалан, 1703 ва 1704 йилларда газетанинг 39 тадан сони чиққан бўлса, ислоҳотлар ва ҳарбий юришлар анча сусайган 1717 йили 3 та, 1718 йилда эса бор-йўғи битта сони эълон қилинган. Фақатгина 1728 йилга келиб Россияда биринчи мунтазам газетани чиқариш йўлга қўйилди. Шу йили «Ведомости» газетасини нашр этиш Россия Фанлар академияси тасарруфига ўтгандан кейин унинг номи «Санкт-Петербургские ведомости» деб ўзгартирилди. Доимий даврий нашрга айланган бу газета ҳафтада икки маротаба – сешанба ва жума кунлари чиқиб турди ва узоқ вақт Россиянинг ягона газетаси бўлиб қолди. Рус олими М. Ломоносов 1748-1751 йиллар оралиғида унинг муҳаррири сифатида фаолият кўрсатган.

1796 йили император Павел I тахтга ўтирганидан кейин матбуотнинг аҳволи янада хароблашди. У, биринчи навбатда, матбуот устидан цензурани кучайтирди. Либерализм ғоялари ва унга ҳар қандай ишоралар мутлақо тақиқланди. Қатор нашрлар ёпилди. Ҳатто Ж. Свифтнинг сиёсий жиҳатдан беозоргина «Гулливернинг саёҳатлари» асари эркинлик ғояларини мадҳ этганликда айбланиб, тақиқлаб қўйилди. Даврий матбуотда француз инқилоби ҳақида эслаш ва инқилобий илдизга эга бўлган «инқилоб», «фуқаро», «синф», «жамият», «ватанпарвар», «сержант» каби сўзларни ишлатиш ман этилганди. Ниҳоят, француз инқилоби даврида чоп қилинган ҳар қандай нашр – журнал, газета ва китоблар олиб қўйилди ҳамда уларни ўқиш тақиқланди. Павел I вафотидан сўнг, 1801 йилда император Александр I тахтга ўтиргач, мамлакатда матбуот соҳасидаги қатағонлар бир оз юмшади ва реакция тўхтатилди.

Хуллас, XVIII аср Россия, Германия ва Франция матбуотининг тарихи шуни кўрсатадики, мутлақ монархияларда матбуот эркинлиги ва унинг ривожи кўпроқ ҳукмдорларнинг кайфияти ва шахсий қарашларига боғлиқ бўлган.

Матбуот эркинлигининг мустаҳкам, устувор кафолатлари бўлмаган бундай жамиятларда бу соҳанинг барқарор ривожланиши мумкин эмас эди. Ҳукмдорларнинг ўзлари томонидан ва уларнинг бевосита таъсири остида қабул қилинган қонунлар матбуотнинг ривожи ва эркинлигига тўсқинлик қиларди. Қонуний асослари анча мустаҳкам бўлган инглиз журналистикаси эса XVIII асрда француз ва немис журналистикасидан анча илгарилаб кетди.

1

Назорат саволлари

  1. Матбаачилик ривожланиши матбуот тараққиётида қандай ўрин тутган?
  2. Америка Қўшма Штатлари матбуотининг тараққиёт босқичлари ҳақида нималарни биласиз?
  3. АҚШда газета-журнал нашр этишнинг ўзига хос мактабини қандай тасаввур этасиз?
  4. Англия матбуотининг ўзига хос жиҳатлари нималардан иборат эди?
  5. Германия матбуотининг ўзига хос жиҳатлари нималардан иборат эди?
  6. Италия матбуотининг ўзига хос жиҳатлари нималардан иборат эди?
  7. Франция матбуотининг ўзига хос жиҳатлари нималардан иборат эди?
  8. Япония матбуотининг ўзига хос жиҳатлари нималардан иборат эди?
  9. Хитой матбуотининг ўзига хос жиҳатлари нималардан иборат эди?
  10. Россия матбуотининг ўзига хос жиҳатлари нималардан иборат эди?

_______________________________________________________________

1Газета-журналларнинг ададларига оид маълумотлар улар олинган китоб (манба)лар яратилган даврдагига асосан олинди. Табиийки, бугунги кунгача бу кўрсаткичлар ўзгариб кетган.

2Қаранг: История русской журналистики XVIII-XIX веков. Под ред. проф. А. В. Западова. М.: «Высшая школа», 1966, 17-бет.

3История русской журналистики XVIII-XIX веков. 18-бет.

You may also like...

9 Responses

  1. Ushbu maruza orqali men Jahon matbuoti haqida to’liqroq ma’lumotga ega bo’ldim. Jahon matbuoti bizdan ilgarilab ketgan bo’lishi mumkin. Lekin bizning matbuot hamnorqada qolayotgani yo’q deb hisoblayman.

  2. Ushbu mavzu orqali butun ko’plab davlatlardagi matbuot haqida ko’p ma’lumotlarni oldim. Rahmat ustoz. Shunga o’xshash yana yangi ma’ruzalarni joylashtirishizi kutib qolamiz.

  3. Ushbu ma’ruzani o’qib jahon matbuotiga oid bo’lgan ko’pgina ma’lumotlarga ega bo’ldim. Bu ma’lumotlar kelajakda o’z kasbiy faoliyatimizda qo’l keladi albatta. Ma’ruza uchun rahmat ustoz!

  4. Biz bu ma’ruza orqali jahon matbuotlari haqida ma’lumotlarga ega bo’ldik buning uchun sizga katta rahmat ustoz !

  5. Атрофда бугунги кун матбуоти «ўлик» ҳолга келди деган гапларг бот-бот қулоғимизга чалинадиган бўлиб қолди. Ушбу маъруза орқали матбуот қанчилик аҳамиятли эканлигига яна бир бор амин бўлдим. Техника ривожланишда давом этар экан қоғоз материаллар ҳам ўз қайсидир маънода ўз кучини сақлаб қола олади. Чунки, тарихдан бизгача етиб келган барча маълумотлар қоғоз ҳолда етиб келганлиги барчамизга маълум.

  6. Ushbu ma`ruzani o`qib jahon matbuotiga oid bo`lgan ko`pgina ma`lumotlarga ega bo`ldim. Rahmat ustoz!

  7. Ma’ruzadan jahon matbuotiga oid ko’plab ma’lumotlarga ega bo’ldik. Meni eng qiziqtirgani Amerika Qo’shma Shtatlari matbuoti bo’ldi.

  8. Sohibaxon Hodiyeva:

    Valijonova Mohichehra Ning fikrlariga qisman qo’shilaman.Chunki hozirgi kunda o’zi gazeta o’qimaydiganlar matbuotni,gazetani keraksiz deb hisoblashadi va o’zicha «o’lik»deya baholashadi.Bilishmaydiki,matbuot siyosat va jamiyat ishlari uchun nihoyatda keraklidir.Ayniqsa,siyosiy va ijtimoiy hayotda «kalit so’z»desam mubolag’a qilmasam kerak.

  9. Ассалому алайкум Дониш домла. Маърузангизни ўқиб ўзим учун керакли кўникма ва билимларга эга бўлдим. Айниқса, Англия ва АҚШ давлатларига қизиқишим юқорилиги сабабли маърузангизни 2 маротаба ўқиб чиқиб, ён дафтарчамга керакли маълумотларни ёзиб олдим. Энг долзарб ахборотни ишончли манбадан олиб, ҳозиржавоблик билан ёритиш Англия матбуотининг ўзига хос хусусиятларидан бири эканлигини, Англия газеталарини шартли равишда беш гуруҳга ажратиб, уларнинг ҳар бирини ҳаётий мисоллар орқали тушунтириб берганингиз маълумотни янада тезроқ ўзлаштириб олишимга сабаб бўлди. Бунинг учун сизга ташаккур.

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>