Maktab sahnasida Bobur siymosi
Bolalikda olingan bilim – toshga oʻyib yozilgan kabi mustahkam boʻladi, inson qalbiga bir umrga naqshlanib qoladi.
Kamolot yoshidagi talabalar bilan bir qatorda maktab oʻquvchilari qalbiga ham ana shunday ezgu maqsadda maʼnaviyat va maʼrifat nurini sochishni oʻz burchi deb bilgan Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti professor-oʻqituvchilari qator taʼlim muassasalarida, maktablarda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, davra suhbatlari oʻtkazmoqda.
Olmazor tumanidagi 165-maktabda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludi kuni munosabati bilan “Boburning maʼrifiy boʻstoni” mavzuida oʻtkazilgan ijodiy kechada OʻzMU Jurnalistika fakulteti dotsenti, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzosi Toʻlqin Eshbek buyuk ajdodimizning shoh va shoir sifatida mangu iz qoldirgani haqida qilgan maʼruzasi oʻquvchi-yoshlarda katta qiziqish uygʻotdi.
Tadbirda ishtirok etishgan respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Ilmiy ekspertiza boʻlimi yetakchi mutaxassisi Hayot Nurillayev, Olmazor tuman hokimligi Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Muazzam Aliboyeva xalq deputatlari Olmazor Kengashi deputati Baxtiyor Sagatov, tuman xalq taʼlimi boʻlimi uslubchisi Nodira Mansurova va mazkur maktab direktori Shohista Mirzaxojayevalar buyuk ajdodlarimizning betakror maʼnaviy meroslari yosh avlodda ona Vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻularini kamol toptirishga xizmat qilishini alohida taʼkidlab, Mir Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur bobolarimiz asarlarini har bir oʻquvchi hozirdanoq qunt bilan oʻqib-oʻrganishi zarurligini taʼkidladilar.
Maktabning isteʼdodli oʻquvchilari atoqli adib Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romani asosida ijro etishgan sahna asari barchada katta taassurot qoldirdi.
OʻzMU Axborot xizmati
http://manaviyat.uz/news/view/710
Сўнгги фикрлар