2017-yilda 21 ta oliy darajadagi tashriflar amalga oshirildi, 60 dan ziyod davlat va xalqaro
tashkilotlar rahbarlari va vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Natijada 400 dan ortiq bitim va kelishuvlarga erishildi, qariyb 60 milliard AQSH dollari hajmidagi savdo va sarmoyaviy shartnomalar imzolandi. Yig‘ilishda davlatimiz rahbari 2018-yilga yurtimizda “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”, deb nom berishni taklif etdi.

Seminar-treningda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bo‘lim boshlig‘i Shavkat To‘rayev, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Otabek Bozorov, O‘zMU dotsentlari Muzaffar Ortiqov, Abror Xidirov va boshqalar o‘z so‘zlarida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi mamlakatimiz taraqqiyotida qanchalik muhim o‘rin tutishini tahlil qilib berdilar.

Aholining muammolarini tizimli o‘rganish, ularni aniq hal etish, ayniqsa, ijtimoiy sharoiti og‘ir ayollarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar va xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, ularni ish bilan ta’minlash masalalarida bu tashkilotlarning ishtiroki yetarli darajada sezilmayapti. Bu boradagi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha maslahat kengashini tuzish, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqish taklifi ilgari surildi.
Ma’lumki, yosh avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Shu asosda yangicha yondashuvlar hayotga faol joriy etilmoqda. Endi O‘zbekiston yoshlari xalqaro assotsiatsiyasi tuziladi. Yoshlar xorijdagi tengdoshlari bilan ilm-fan, madaniyat, tadbirkorlik, sport va boshqa sohalarda faol muloqotda bo‘lishi ularning o‘z salohiyatini dunyo miqyosida namoyon etishi uchun katta imkoniyat yaratadi. Shuning uchun kelasi yil Samarqand shahrida Markaziy Osiyo yoshlari forumini o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda. Bundan buyon ham ingliz tili va boshqa xorijiy tillarni chuqur o‘qitish masalasiga ustuvor ahamiyat beriladi.
Dunyodagi tahlikali vaziyatni hisobga olgan holda, tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, turli xavf-xatarlarga qarshi kurashni har tomonlama kuchaytirish shart. Bu – zamon talabi. Avvalo, shu yo‘nalishda shakllangan tizim samaradorligini yanada oshirish, ayniqsa, diniy masalalar bilan bevosita shug‘ullanadigan hokim o‘rinbosarlari, mutasaddi tashkilotlar mas’uliyatini yanada kuchaytirish zarur. Xususan, mahalla raislari, profilaktika inspektorlari, imom-xatiblar, diniy-axloqiy masalalar bo‘yicha maslahatchilar, yoshlar, xotin-qizlar tashkilotlari faollari birgalikda ish olib borishi lozim. Ana shunday xayrli ishlar to‘la-to‘kis amalga oshirilishi uchun ma’naviyat va ma’rifat targ‘ibotchilari yeng shimarib ishga kirishishi va aholimiz o‘rtasida keng targ‘ibot ishlarini amalga oshirishda faollik ko‘rsatishi zarur.
Toki, davlatimiz rahbarining mazkur Murojaatnomasi mazmun-mohiyatini har bir fuqaromiz ongi va qalbiga yetkazishimiz lozim. Ana shundagina barchamiz – butun xalqimiz bir tan-u bir jon bo‘lib ulug‘ maqsadlar yo‘lida dadil qadam tashlay olamiz.
Seminar-treningda bu mavzuda atroflicha so‘z yuritilar ekan, ma’naviyat va ma’rifat targ‘ibotchilariga aholi bilan muloqotlar samarali bo‘lishi uchun tegishli tavsiyalar berildi.
To‘lqin ESHBЕK,
O‘zMU Axborot xizmati rahbari
http://manaviyat.uz/prezidentimiz-murojaatnomasi-mazmun-mohiyati-muhokamada
Сўнгги фикрлар