Tinchlik va osoyishta hayot – bebaho neʼmatdir

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti professor-oʻqituvchilari

targʻibot guruhi Olmazor tumanidagi mahallalar, taʼlim muassasalari hamda korxona-tashkilotlarda “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik“ mavzuida davra suhbatlari oʻtkazmoqdalar. Bugun tumandagi 14- va 16-son oilaviy poliklinikalarda boʻlib oʻtgan davra suhbatlarini shifokorlar katta qiziqish bilan tingladilar.

Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Ilmiy ekspertiza boʻlimi yetakchi mutaxassisi Hayot Nurillayev, Olmazor tuman hokimligi Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Muazzam Aliboyeva va boshqalar 2017-yil sentabr oyida Nyu-York shahrida boʻlib oʻtgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan tashabbusning amaliy ifodasi sifatida “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik“ deb nomlangan maxsus rezolyutsiya qabul qilinishi jahonda tinchlik va osoyishtalik barqaror boʻlishiga xizmat qilishini taʼkidladilar.

– Davlatimiz rahbarining BMT yuksak minbaridan Oʻzbekiston tomonidan taklif etilgan rezolyutsiya asosiy maqsadi “barchaning taʼlim olish huquqini taʼminlashga, savodsizlik va jaholatga barham berishga koʻmaklashishdan iborat“ ekani haqidagi fikrlari zamirida ulkan maʼno mujassam,– dedi OʻzMU Jurnalistika fakulteti dotsenti, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzosi Toʻlqin Eshbek.– Hujjat “bagʻrikenglik va oʻzaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni taʼminlash, eʼtiqod qiluvchilarning huquqini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslikka koʻmaklashish“ga qaratilgan. Bu rezolyutsiyada maʼrifatparvarlik gʻoyasini ilgari surish qayd etilib, sayyoramizda xavfsizlik va tinchlikni mustahkamlash yoʻlidagi integratsiya, oʻzaro hurmat, inson huquqlari himoyasi, murosa va oʻzaro anglashuvning nechogʻli muhimligi eʼtirof etiladi. Hujjatda dinlar, madaniyatlar va konfessiyalararo munosabatlardagi uygʻunlikni ragʻbatlantirish hamda ayrim shaxslarga nisbatan din va eʼtiqodlar zamiridagi kamsitishlarga yoʻl qoʻyilishiga qarshi kurashishga qaratilgan barcha xalqaro, mintaqaviy va milliy tashabbuslar qoʻllab-quvvatlanadi. Ayni paytda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan hujjatda aʼzo davlatlarga milliy va xalqaro OAVlar, jumladan, Internet tarmogʻida keng koʻlamli targʻibot ishlarini yoʻlga qoʻyish, bagʻrikenglik, zoʻravonlikka barham berish hamda din va eʼtiqod erkinligiga doir maʼrifiy axborot tarqatish kabi tegishli kommunikatsion strategiyani joriy etish taklif qilinmoqda.

Aytish joizki, Prezidentimiz yoshlarni soʻnggi yillarda kuchayib borayotgan diniy ekstremizm va terrorizm tahdidlaridan himoya qilish, ularning oʻz salohiyatini namoyon etishi uchun zarur sharoitlar yaratish kerakligini taʼkidlab, BMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqishni taklif qilgani keng jamoatchilikda katta qiziqish uygʻotdi. Davlatimiz rahbarining nutqida koʻtarilgan ustuvor masalalar mazmun-mohiyatini xalqimizga, ayniqsa, yoshlarga yetkazish, tushuntirib berishga masʼulmiz. Muqaddas kitoblarimiz va qadriyatlarimiz, buyuk mutafakkir ajdodlarimiz merosida doimo halol mehnat bilan yashash, vatanparvarlik, mardlik, saxovat va kamtarlik ulugʻlanadi. Prezidentimiz oʻz nutqida islom dinining insonparvarlik ahamiyatiga yana bir bor eʼtiborni qaratdi: “Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz.

Biz muqaddas dinimizni zoʻravonlik va qon toʻkish bilan bir qatorga qoʻyadiganlarni qatʼiy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz.

Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga daʼvat etadi”.

XXI asrga kelib, jahon dinlaridan biri — islomga qiziqish tobora ortib bormoqda. Afsuski, bu qiziqish ortida islomni niqob qilib, oʻzining jirkanch maqsadlarini amalga oshirishga urinayotgan kuchlar ham borki, ular nafaqat tinchlik va barqarorlikka, balki islom dini sof­ligiga ham katta tahdid solmoqda. Diniy ekstremistlarning yovuz maqsadlari, buzgʻunchi gʻoyalari bizni doimo hushyor va ogoh boʻlishga chaqiradi.

Davra suhbatida tinglovchilarni bu mavzuda qiziqtirgan savollariga javoblar berildi.

Olmazor tuman hokimligi

Maʼnaviyat va maʼrifat markazi

Axborot xizmati

http://manaviyat.uz/news/view/730

You may also like...

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>