Xalqning qadim qo`shig`i – Navro`z

Ota-bobolarimiz azal-azaldan navro`z ayyomini bahorning kirib kelishi,

tabiatning uyg`onishi, tinchlik va mehr-oqibat bayrami sifatida nishonlab kelgan. Istiqlol sharofati bilan xalqimiz tarixidan hikoya qiluvchi, boy ma’naviy merosimizning tarkibiy qismi bo`lgan milliy urf-odat va an’analarimiz qatorida navro`z ayyomi ham qayta tiklandi, umumxalq bayrami sifatida nishonlanadigan bo`ldi. Vaholanki, bundan 30-32 yil muqaddam sobiq mustabid tuzum rahbarlari yurtimizda Navro`z bayramini nishonlashni man etgani ham, ushbu ulug` ayyomni kishilar turmush tarzidan qonli qamchi ila tortib olishga harakat qilgani ham tarixiy haqiqat, achchiq haqiqat… O`zbekiston Milliy universiteti Jurnalistika fakultetida o`sha sinovli yillarda haqiqiy jasorat namunasini ko`rsatgan, Navro`z bayramini saqlab qolish kerakligini, unga qo`yilgan ayblar asossiz ekanini dadil ayta olgan inson, tarix fanlari nomzodi, dotsent Shavkat Mirolimov bilan davra suhbati bo`lib o`tdi.

ШавкатМирСайт

Tadbirda ta’kidlanganidek, Navro`z ayyomi boy tarixga ega. Uning kelib chiqishi eramizdan oldingi davrlarga borib taqaladi. Bu haqidagi ma’lumotlar Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, “Kitob at-tavhim”, Mahmud Koshg`ariyning “Devonu lug`atit turk”, Umar Xayyomning “Navro`znoma” asarlarida bayon etilgan. Shuningdek, mumtoz adabiyotimizning ko`plab namunalarida Navro`z istilohi ishlatilganiga guvoh bo`lamiz. Dalil o`rnida  Alisher Navoiy navro`zda kecha va kunduz tenglashuvini tashbeh sifatida ishlatgan quyidagi baytni eslash kifoya.

 Vasli aro ko`rdim, teng emish bo`yi-yu sochi,

Tun-kun teng ekan, zohir o`lur bo`ldi chu navro`z.

 Ko`rinib turibdiki, chuqur tarixiy ildizlarga ega bo`lgan Navro`z ayyomi xalqimiz turmush tarziga singib ketgan. U majburiyat emas, balki tabiiy ehtiyoj mahsulidir. Buni tushunmagan, aniqrog`i, tushunishni istamagan sobiq kommunistik partiya 1986-yil 14-martdagi qarorida navro`zni ateistik qarashlarga nomuvofiqlikda ayblab,  uni nishonlashni man etadi. Partiyaning ushbu yig`ilishida Shavkat Mirolimov ham bor edi.

– O`sha yig`ilishni yaxshi eslayman,– deydi qahramonimiz.– Zalda ikki yuzga yaqin deputat bor edi. Rais navro`zni taqiqlash haqida gapirganda faqat ikki kishigina e’tiroz bildira oldik. Bizni eshitishni istashmadi. Qaror tasdiqlandi. Bu kaltabinlikdan boshqa narsa emas edi.

Garchi yig`ilish qaroriga ta’sir ko`rsata olmagan bo`lsa ham, Shavkat Mirolimov zamona zayliga ko`nib jim yurmadi. Matbuotda qiyinchiliklar bilan “Navro`z haqida o`ylar”, “Xalq sevgan shodiyona” nomli maqolalar e’lon qildi. Ularda navro`z milliy bayramligini, unga qo`yilgan ayblar asossiz ekanini ishonchli dalillar bilan isbotlab berdi. “Yosh leninchi” gazetasining 2-mart sonida chop etilgan “Xalq sevgan shodiyona” sarlavhali maqolada keltirilgan quyidagi fikrlarga e’tibor bering: “Xalq udumi ana shunday qudratli, isyonkor. U hamisha eli bilan yashaydi. Buyuk bayramimizni taqiqlashga hech kimning haqqi yo`q!”

Shundan so`ng, birin-ketin matbuotda navro`zni himoya qilib yozilgan maqolalar e’lon qilina boshlandi. Ziyolilarning bu harakati izsiz ketmadi. 1989-yil 26-fevralda navro`z bayrami taqiq va tazyiqlardan xalos bo`ldi.

– Har yili navro`zni oilam davrasida xursandchilik bilan nishonlayman. Ammo uning tarixini, qanday kurashlar evaziga qayta tiklanganini bilmas edim,– deydi jurnalistika fakulteti 4-bosqich talabasi Yulduz Mamatova.– Mana shunday tarixiy haqiqatlarni anglash orqali mustaqillikni, erkin va ozod hayotni qadrlashni o`rganamiz. Menimcha, bugungi davra suhbatining ahamiyatli jihati ham shunda.

 Azizbek Ramazonov,

Jurnalistika fakulteti 4-bosqich talabasi

You may also like...

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>