Asar bilan yashash uchun kitob o`qish shartmi?

Сайтимизга хат келди: Талабалар ижодидан

Bundan bir necha yil avval o`zbek adabiyotining yorqin namunasi deb tan olingan, Abdulla Qodiriy qalamiga mansub Otabek va Kumush hayoti yoritilgan romanni ilk bor qo`lga olganim va uni ham jahl, ham katta qiziqish bilan o`qiganim hamon yodimda. Asarni yakunlaganimda esa men hamma qatori Kumushni emas, Zaynabni yaxshi ko`rib qolgan edim. Unga bo`lgan mehrim bo`lakcha edi. Oradan bir qancha vaqt o`tib, ushbu hikoyaga asoslangan “O`tgan kunlar” filmining yangi talqinini tomosha qildim. Unda xalqimizning sevimli aktrisasi Lola Eltoyeva o`zi ijro etgan Zaynabni shunday ochib bera olgan ediki, menda ushbu obrazga nisbatan nafrat uyg`ondi. Ma’lum vaqtdan so`ng yana “O`tgan kunlar” romanini qo`lga oldim va yana Kumushni yoqtirmay, Zaynabni yaxshi ko`rib qoldim.

Bu bir xil ma’lumotning ikki vosita orqali turlicha talqin etilishi va odamlar ongiga turlicha ta’sir qilishining oddiygina misoli. Shu o`rinda bir savol tug`iladi. Texnologiyalar katta shiddat bilan rivojlanayotgan bugungi zamon odamlari qaysi bir vositani ma’qul ko`radi? Oramizda kitob o`qish vaqtida sahifalarda yoritilgan jarayon bilan yashaydigan kitobxonlar bilan bir qatorda vaqtni tejash maqsadida asar asosida yaratilgan filmni tomosha qilishni ustun biluvchi kinomuxlislar ham bor. Albatta, har bir kishi erkin tanlov huquqiga ega. Biroq filmlar rivoji sababmi kitob o`quvchi shaxslarning jamiyatimizda kamayib borayotgani achinarli holat. Negaki mutolaa qilish kishini o`ylashga, mulohaza qilishga undaydi. Badiiy asarni o`qir ekanmiz, u yerdagi obrazlarni ko`z oldimizga keltiramiz, taassurotimiz rivojlanadi. Bevosita yoritilayotgan hikoyaning bir qismiga aylanib, sevimli qahramonimiz yig`lasa, yig`laymiz, kulsa – kulamiz. Asar tugab qolsa, ularni sog`inamiz.

Hech kimga sir emas, muxlislar tuyg’ulariga kirib boruvchi qator filmlar ishlanmoqda. Asarni his qilish borasida film va kitob orasida sezilarli farq ko`zga tashlanmasligi mumkin. Asardagi quvonch, alam, yoqimli va yoqimsiz holatlarni tasvirlashda hatto filmlar kitob mutolaasi ustidan nisbatan ustunlikni qo`lga kiritishi ham mumkin. Biroq ma’lum bir hikoya bilan chin dildan tanishaman degan odam uchun kitob mutolaasi afzalroqdir. Negaki, filmlarni odatda 2 soat tomosha qilib, tugatsa bo`ladi. Biroq kitob o`qish tez tugab qoladigan mashg’ulot emas. Biz ma’lum muddat davomida qahramonlarimiz bilan bir umrda yashaymiz. Ularning dardi bizning dardimizga aylanadi, quvonchiga esa sherik bo`lamiz. Bir so`z bilan aytganda, kitob mutolaasi bizlarning dunyoqarashimizga, mulohaza yuritishimizga, shuningdek, madaniyatimizga ham katta ta’sir etadi.

Yaqin oylarda bir tajriba o`tkazdim. Avvaliga zamonaviy jahon adabiyotida “bestseller” deb tan olingan britaniyalik yozuvchi Jojo Moyes qalamiga mansub

“Seni uchratguncha” nomli kitobni mutolaa qildim. So`ng ko`p o`tmay uning filmini tomosha qildim. Kitoblarni sekin o`qish odatim bo`lgani bois, asarni 1 haftada o`qib tugatdim, filmni esa – 2 soatda.

Shundan so`ng katta avlodning ham, biz tengi yoshlarning ham sevimli ijod mahsuliga aylangan “Shamollarda qolgan hislarim” filmi asosi bo`lgan Margaret Mitchell yaratgan asarni qo`lga oldim. Darslar, topshiriqlar boshlangan vaqtga to`g`ri kelgani bois uni 2-3oy davomida o`qidim. Tugatgach, o`sha barcha maqtagan 3 soatlik filmni tomosha qildim.

Yuqorida qayd etilgan filmlar juda yaxshi ishlangan. Aktyorlar mahorati, har bir kichik detalga berilgan e’tibor maqtovga sazovor. Biroq ikkala holatda ham eng avvalo, bosh qahramonlarga bo`lgan munosabatim kitob o`qigan vaqtimda boshqacha bo`lgani-yu kino tomosha qilish jarayonida o`zgarganiga guvoh bo`ldim. Bundan tashqari, bir necha kun-oy davomida yashagan “hayot”im bir necha soatda katta shoshilinch bilan o`tib ketgandek bo`ldi.

O`tkazilgan tajribadan kitob mutolaasi biz uchun juda muhim degan xulosaga keldim. Albatta, bu bilan film ko`rmaslik kerak degan g`oyadan yiroqman. Har bir ijod mahsuli – u san’atning ajralmas bir bo`lagi. Biroq asar, qahramonlar holatiga kira olish uchun avvalo uni o`qish, o`z xayolimizda jonlantirishimiz lozim. Shundagina u asar o`z vazifasini bajargan bo`ladi. Shundagina muallifning bizga yetkazmoqchi bo`lgan g`oyasini mukammalroq tushunish imkoniga ega bo`lamiz.

Мухлиса Худойберганова,

Жаҳон иқтисодиёти ва дипломатия университети 5 курс талабаси

You may also like...

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>