Harakatda hikmat namoyon

     Boshlang`ich sinfda o`qib yurganimizda maktabimizga ko`chma qo`g`irchoq teatri keldi.

“Uch og`a-ini botirlar” spektaklini maroq bilan tomosha qilganimiz hamon esimda. O`ylasam, o`sha qo`g`irchoqlar tomoshasi bizni san’at eshiklariga tortqilabdi. Hech bo`lmaganda san’atga mehr qalblarimizda kurtak otishiga turtki bo`lgani aniq.

     Izohli lug`atlarda qo`g`irchoq teatri chodir ichida yoki parda ortida yashiringan aktyor, qo`g`irchoqbozlar tomonidan harakatga keltirilib ko`rsatiladigan qo`g`irchoqlar tomoshasidir, deyiladi. Tabiatni ilohiylashtirish marosimlariga borib taqaluvchi qo`g`irchoq teatrlari Gerodot, Ksenafont, Aristotelning ma’lumotiga ko`ra, V-VI asrlardayoq paydo bo`lgan. Sharqda qo`g`irchoq teatrlarining turli shakllari bo`lib, shundan soya teatri keng tarqalgan. Indoneziyada XI-XII asrlarda simlar bilan boshqariladigan qo`g`irchoq tomoshalari ijro etilgan. Yurtimizda yangi shakldagi havaskorlik qo`g`irchoq teatri XX asrning boshlaridan ish boshlagan. 1939-yilda Toshkentda Respublika qo`g`irchoq teatri tashkil topdi. Ayni kunda mamlakatimizda o`nta davlat tasarrufidagi va ko`plab havaskor qo`g`irchoq teatrlari faoliyat ko`rsatadi.

     Katta tarixiy davrni bosib o`tgan qo`g`irchoq teatrlari yillar o`tgani sayin o`z qimmatini, ahamiyatini yo`qotayotgandek. Aslida zalda jajji tomoshabinga katta ta’sir ko`rsatuvchi, uning dunyoqarashini shakllantiruvchi, insoniylik tuyg`ularidan saboq beruvchi, bolalarning ijtimoiylashuvida muhim o`ringa ega qo`g`irchoq teatrining qimmati pasaymoqda. Bunga turli sabablar, qator ijtimoiy va iqtisodiy omillarni ko`rsatish, qo`yilayotgan asarlarning mazmunan bo`shligi, bugungi kun qahramoni qiyofasining yo`qligi, shuningdek, ertak va rivoyatlar bilan cheklanib qolinayotganini ta’kidlash joiz. Ikkinchidan, ota-onaning tarbiya jarayonida istiroki ham eng birlamchi sabablardan bo`lishi tayin. Vaqtning yetishmasligi, muttasil ish bilan bandligi va turmushning tashvishlari teatrlar haqida o`ylashga yo`l bermaydi.

     Har qaysi xonadonning o`ziga xos muhiti, ob-havosi bo`ladi. Bir oilaning qarashlari keyingisidan tubdan farq qiladi. Ulg`ayayotgan bolaning xarakterida , xatti-harakatlarida oilaning nuqsi urishi tabiiy. Maktab yoshidagi bola kunining uchdan bir qismini ta’lim muassasasida o`tkazadi. Atrofidagi tengdoshlari bilan muloqot payti jamoaviylikka moslashadi, munosabatlar o`rnatishni o`rganadi. Bolaning ijtimoiylashuvi, bilim darajasini oshirishda o`quv muassasalari qanchalik muhim bo`lsa, insonga xos hislatlarning shakllanishi, ma’naviy qarashlarining oshishida, hayvonot va o`simlklar olamiga, yaqinlariga, do`stlariga mehrli bo`lishida tarbiya masalalarining o`rnini inkor etib bo`lmaydi. Teatrlar nafaqat mehr-oqibatni targ`ib etadi, qolaversa, pand-nasihat, aql o`rgatish orqaki emas, hayotiy misollar, harakatlar vositasida tushintiradi.

     Qo`g`irchoq teatrlariga bolajonlarni ko`proq jalb etish uchun “Oila—bog`cha—teatr” hamkorligini izchil yo`lga qo`yish zarur. Bu hamkorlik samarasi albatta o`zini oqlaydi.

Sabohat QAYUMOVA

O`z. MU talabasi

Ushbu maqola «Oila va jamiyat» gazetasining 2015-yil 9-sentabr sonida bosilib chiqqan.

You may also like...

1 Response

  1. Anchagina muhim mavzuni kòtaribsiz. Albatta, inson kamol topishida san’at, musiqa, adabiyot va boshqalar katta ahamiyat kasb etadi. Mana shu jihatlarni inobatga olgan holda, Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizning barcha joylarida, san’an va musiqa maktablari qurilib, foydalanishga topshirilmoqda. Bu ishlarning barchasi, yoshlar hayotini musiqa va san’at bilan bog’lashga qaratilgan desak mubolag’a bòlmaydi.

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>