Oshkoralikni ta’minlashda axborot xizmatining oʻrni

Jamiyat taraqqiyotida oshkoralikning oʻrni beqiyos.

Amaliyot sirlarini oʻrgatgan Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti Axborot xizmati rahbari Ilhom Xudoynazarov har bir tashkilot faoliyatida oshkoralikni ta’minlash borasida shunday dedi:

photo_2024-03-30_20-05-52

– Oshkoralik oʻzi nima, degan savolga muxtasar javob, ya’ni, bu atamaning ta’rifi, mazmun-mohiyati, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy faoliyatidagi oʻrni «Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi»ning 6-jildida shunday bayon etilgan: «Oshkoralik – demokratiyaning zarur sharti; jamoatchilikka muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslar faoliyatiga oid barcha ma’lumot, xabarlarni bilish, muhokama va nazorat etish uchun roʻyi-rost e’lon qilish. Turli darajadagi rahbarlarning jamoatchilik bilan erkin muloqotlari, savol-javoblari va bunda ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan keng foydalanish, senzuraga yoʻl qoʻyilmaslik oshkoralikni ta’minlashga xizmat qiladi»1. Davlat siyosatida oshkoralik va soʻz erkinligi muhim oʻrin tutadi. Demokratiyaga oshkoraliksiz erishib boʻlmasligini hayotning oʻzi isbotlagan. Demokratiya huquqiy poydevoriga ega boʻlgani kabi oshkoralikning ham qonuniy asoslari yaratilishi, u davlat siyosatida oʻz ifodasini topishi zarur. Oʻzbekiston davlat mustaqilligiga erishganidan buyon yurtimiz taraqqiyot bosqichida demokratiya va oshkoralik alohida oʻrin egallayotganini esa qator qonunlar va hukumat qarorlari misolida koʻrishimiz mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasining «Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov toʻgʻrisida»gi qonuni 6-moddasi «Saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishdagi oshkoralik», «Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida»gi qonuni 7-moddasi «Referendumga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishda oshkoralik»2, deb nomlanganidanoq bu jarayonda oshkoralikka nechogʻli e’tibor bilan qaralayotganini anglash mumkin. Jamiyat taraqqiyotida demokratik saylovlar qanchalik ahamiyatga ega ekanligi barchaga yaxshi ma’lum. «Barchangiz xabardorsiz, saylov arafasida men saylovchilar hamda aholining turli qatlamlari vakillari bilan koʻplab uchrashuv va suhbatlar oʻtkazdim,– deb ta’kidladi Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoev Oliy Majlis palatalarining qoʻshma majlisidagi nutqida.– Ana shunday ochiq muloqotlarda bildirilgan amaliy takliflar, qonuniy talablar, ularni amalga oshirish uchun koʻrilgan aniq chora-tadbirlar, ochigʻini aytaman, men uchun yana bir katta hayotiy maktab boʻldi. Ana shu uchrashuv va suhbatlarning yakuniy xulosalari mamlakat Prezidenti lavozimidagi oʻta muhim va mas’uliyatli faoliyatimda men uchun dasturiy qoʻllanma boʻlib xizmat qiladi»3.

Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi qonuni 4-moddasi “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligining asosiy prinsiplari” deb nomlanadi. Unda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligining asosiy prinsiplari quyidagicha belgilangan:

ular tomonidan taqdim etiladigan axborotdan hammaning foydalanishi mumkinligi, uning oʻz vaqtida berilishi va ishonchliligi;

ular faoliyatining oshkoraligi va shaffofligi;

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni izlash, olish va tarqatish erkinligi;

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati toʻgʻrisida axborot taqdim etishda fuqarolarning oʻz sha’ni va qadr-qimmatini tajovuzlardan, oʻz shaxsiy hayotiga aralashuvlardan himoya qilishga boʻlgan huquqlari va qonuniy manfaatlariga, shuningdek fuqarolar va yuridik shaxslarning oʻz ishchanlik obroʻsini himoya qilishga boʻlgan huquqlariga rioya etish.

Qonunning “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash usullari” deb nomlangan 11-moddasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash usullari quyidagilardan iborat qilib belgilangan:

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni e’lon qilish (chop etish);

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni ularning rasmiy veb-saytlarida joylashtirish va yangilab borish;

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni hamma kirishi mumkin boʻlgan xonalarga va joylarga joylashtirish hamda yangilab borish;

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni axborot-kutubxona va arxiv fondlari orqali taqdim etish;

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ochiq hay’at majlislarida axborotdan foydalanuvchilarning hozir boʻlishi uchun sharoitlar yaratish;

axborotdan foydalanuvchilarning soʻrovi asosida ularga davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati toʻgʻrisida ogʻzaki va yozma shaklda (shu jumladan elektron hujjat shaklida) axborot taqdim etish.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash qonun hujjatlariga muvofiq boshqa usullar bilan ham amalga oshirilishi mumkin.

Zamonaviy boshqaruv va rahbar ma’naviyati haqida soʻz borganda davlatimiz rahbarining ushbu fikrlarini teran nigoh bilan oʻrganish zarur. Ijtimoiy-siyosiy hayotda oshkoralik – taraqqiyotning muhim omili hisoblanadi. Bu hokimiyat tuzilmalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish bilan bogʻliq muammodir. Bunday nazorat aniq mexanizmlarga tayanishi talab etiladi. «Bu mexanizmning asosini uchta muhim tamoyil – qonuniylik, tanqid muhiti va oshkoralik tashkil etadi,– deb yozadi mutaxassislar.– Oshkoralik jamoatchilik nazoratini oʻrnatish uchun muhim iqlim yaratishini alohida ta’kidlash zarur»9. Shuni alohida qayd etish joizki, inson huquqlari va erkinliklarini, soʻz va matbuot erkinligini, shuningdek, oshkoralikni, jamiyatda oʻtkazilayotgan islohotlarning ochiqligini ta’minlaydigan demokratik tamoyillarni soʻzda yoki qogʻozda emas, amaliy hayotda joriy qilish zarur. Chunki, jamiyatda oshkoralik va ochiqlikni ta’minlash masalasi jamoatchilik fikrini oʻrganish usul-uslublarining qay darajada rivojlangani bilan ham bevosita bogʻliq ekanligi barchaga ma’lum.

photo_2024-03-30_20-07-39

Mamlakatimiz taraqqiyoti yoʻlida amalga oshirilayotgan eng muhim vazifalardan biri – fuqarolik jamiyatini rivojlantirish yoʻlidagi sa’y-harakatlardir. Bu vazifani amalga oshirishda avvalo nodavlat va jamoat tashkilotlarining ahamiyatini yanada kuchaytirishni taqozo etadi. Zero, «Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari» tamoyilini hayotga joriy etishda ham oshkoralik siyosatining oʻrni beqiyos. Bu borada axborot sohasini jadal rivojlantirish, ommaviy axborot vositalari – matbuot, radio-televidenie faoliyatini erkinlashtirish fuqarolik jamiyati asoslarini barpo etish jarayonining uzviy tarkibiy qismiga aylanishi zarur ekanligi tegishli adabiyotlarda koʻp bora ta’kidlangan.

***

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti Axborot xizmatiga amaliyotga borgan talabalarga yaqindan yordam berishayotgan aziz ustozlar – Jurnalistika fakulteti dekani Mahliyo Mirsoatovaga, dekan oʻrinbosarlari Ravshanjon Omonov va Abdunur Saidovga, Jamoatchilik bilan aloqalar va reklama kafedrasi mudiri Ramziddin Abdusattorovga, kafedra professor-oʻqituvchilari Ahmadjon Meliboevga, Shavkat Miralimovga, Toʻlqin Eshbekka, Azizaxon Hamroqulovaga, OʻzMU rektori matbuot kotibi Ilhom Xudoynazarovlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.

 photo_2024-03-30_09-51-41

Aziza VALIJANOVA,

O`zbekiston davlat jahon tillari universiteti Xalqaro jurnalistika fakulteti

“Axborot xizmati va jamoatchilik bilan aloqalar” sirtqi talim yo`nalishi 2-kurs talabasi

Вам может также понравиться...

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *