Суқротни «танийсизми?» / Suqrotni «taniysizmi?»

Катта-ю кичик ўқиб мазза қилиши учун кирил ва лотин ёзувларимизда ёритдик, дейди Дониш домла.

п5

Talabalarimdan biri shunday savol berganida yonidagi yosh iste’dod sohibi uni tuzatdi: «Suqrotni taniysizmi dema, bilasizmi? deb so‘rash kerak!» Chindan ham TANISh boshqa, BILISh boshqa tushunchalarni bildiradi. Ikkalasi qo‘shilib TANISh-BILISh bo‘lganda esa tamomila boshqa bir tasavvurga ega bo‘lamiz. Tanish-bilishchilik — jamiyat dasturxonini kemirib tashlaydigan zaharli qurtlardan qolishmaydi, deydi Donish domla alloma Suqrotdan saboq olib.

Qiziquvchan talabalarimizning savoliga esa asosli javob quyida taqdim etilmoqda.

Suqrot (m.a. 469-399)

Mashhur yunon faylasufi Suqrot Attika shahrida haykaltarosh Sofroniks va doya Fenaretta oilasida dunyoga keldi. U juda ko‘rimsiz qiyofaga ega bo‘lgan. Past bo‘yli, qorni osilgan, kalta bo‘yinli, keng va do‘ng peshonali, yapaloq, tanqaygan burunining teshiklari katta, lablari do‘rdoq Suqrotning ukki ko‘zlari kishiga zimdan boqishga moyil edi. U doim eski liboslarda, yalangoyoq yurgan.

Ayollar borasida ham Suqrotning omadi yurishmagan. Garchi ikki marta uylangan bo‘lsa-da, oilaviy baxtga erisholmagan.

Suqrot asosiy vaqtini munozara va bahslarda o‘tkazgan. Bahslarda doim uning qo‘li baland kelgan. Shuning uchun ko‘pincha uning sochidan tortib kaltaklashgan, ustidan kulib, haqoratlashgan. Suqrot hammasiga dosh bergan. Hatto bir kuni tepki yeganda ham chidab turavergan. Odamlar bundan ajablanishganda ularga qarata shunday degan: «Eshak tepsa, uni sudga berolmayman-ku!»

Suqrot mohir raqqos bo‘lgan va bunday mashqni jismning salomatligi uchun foydali deb bilgan.

U talabalarga og‘zaki saboq bergan va hech qanday yozma manba qoldirmagan. Timey ismli shogirdi: «Ey ustoz, nima sababdan dono fikrlaringizni qog‘ozga tushirmaysiz?» — deb so‘raganda, Suqrot: «Ey Timey, o‘lik hayvonlarning terisiga ishonching va tirik, barhayot fikrlarga ishonchsizliging juda mustahkam ekan», — deb javob bergan.

399 yil Suqrot bir yurtdoshining fitnasi tufayli fuqarolik me’yorlarini buzganlikda ayblanib, o‘lim jazosiga hukm qilingan va qatl etilgan. Sudda Suqrotning og‘zidan chiqqan so‘nggi so‘zlar shunday bo‘lgan: «Menga o‘lish uchun, sizga esa yashash uchun bu yerni tark etish fursati yetdi. Faqat buning qay biri afzalligi Xudodan o‘zga hech kimga ayon emas».

Sudda 220 nafar odam Suqrotning aybsizligini yoqlab, 280 nafar kishi esa unga qarshi ovoz bergan.

O‘sha davrdagi qoidaga ko‘ra, o‘limga mahkum etilganlarga belgilangan vaqtda zaharli tsikuta (zaharli suv o‘simligi, bodiyoni rumi, zangpoya deb ham ataladi) o‘simligini ezib ichirishgan. … Suqrot ruhining eson-omon boqiy dunyoga rixlat etishini Tangridan fikran so‘rab, xotirjamlik va osonlik bilan zahar to‘ldirilgan idishni bo‘shatadi. Tegrasidagi do‘stlari yig‘lab yuborishadi. Faylasuf ularni tinchlantirib, sukunatda hayot bilan vidolashishi kerakligini uqtiradi. U bir oz yurib, oyoqlari og‘irlashgach, turma burchagidagi yog‘och chorpoyaga cho‘ziladi. Keyin: «Kriton, biz Asklepiydan xo‘roz qarzmiz. Xo‘rozni qaytaring, yodingizdan chiqmasin», — deydi shogirdiga. Bu Suqrotning so‘nggi so‘zlari edi. Qadimgi yunonlar odatiga ko‘ra, bemorlarning tuzalishi uchun Apollonning o‘g‘li, tabiblar Tangrisi Asklepiyga xo‘roz so‘yib, qurbonlik qilingan. Suqrot o‘z ruhini poklash va xasta jismdan xalos bo‘lishni nazarda tutib, shogirdiga yuqoridagi vasiyatni aytgan.

Suqrotni butun umri davomida Ovidiyning «Evrilish» asarida tilga olingan inson xulq-atvoridagi bir noqislik bezovta qilgan. Ovidiy shunday yozgandi: «Ezgulikka duch kelsam, maqtayman-u, ammo yomonlikning ta’siriga berilaman».

* * *

Suqrot oila haqidagi qarashlarini mana bu hikmatga jo etgandi: «Uylanasanmi, uylanmaysanmi — baribir pushaymon yeysan».

* * *

«Navqironlik chog‘larimda tabiatni kuzatish mening eng sevimli mashg‘ulotim edi, — deydi Suqrot. — Har bir hodisa meni ajablantirar, hayratga solardi: tug‘ilish, o‘lish, mavjudlikning boisi ne?.. Men olamning bir burchidan kirib, ikkinchi bir burchidan chiqarkanman, o‘zimga o‘zim birinchi navbatda shunday savollar berardim: «Tirik mavjudotlar, ba’zi odamlar o‘ylaganidek, issiqlik va sovuqlikning bir-biriga o‘zaro ta’sir etib, chirish jarayoni yuzaga kelishi oqibatida paydo bo‘lmasmikan? Inson qay tarzda fikr yuritadi? Qon yordamidami, havo yoki olov vositasidami?»

Bundan tashqari, o‘zimning bu taxlit tadqiqotlarga yaroqsiz ekanimni anglash uchun butun borliq, fazo va Yerdagi o‘zgarishlar haqida tinimsiz o‘y suraverardim».

* * *

Suqrotning ba’zi harakatlari atrofdagilarni hayratga solgan. Bir kuni u ko‘chada o‘spirin Ksenofantga duch kelib qoldi. Yigitchadagi botiniy iste’dodni ilg‘agan faylasuf qo‘lidagi hassasi bilan uning yo‘lini to‘sdi.

— Menga ayt-chi, — so‘radi Suqrot, — unni qayerdan sotib oladilar?

— Bozordan, — javob berdi Ksenofant.

— Yog‘ni-chi?

— Uni ham bozordan xarid qiladilar.

— Donishmandlik va ezgulik istab qayerga boradilar?

Ksenofant o‘ylanib qoldi.

— Ortimdan yur, men seni o‘sha yerga olib boraman, — dedi Suqrot shunda.

… Shu tariqa Ksenofant Suqrotning bir umrlik yo‘ldoshi va hamsuhbati bo‘lib qoldi. U Suqrotning o‘limidan so‘ng Aflotun kabi yangi avlodlarga ustozi haqidagi xotiralarini esdalik qilib qoldirdi.

* * *

Bir kuni Alkiviad Suqrotga uy qurish uchun yer maydoni in’om etish niyatida ekanligini aytdi. Suqrot unga javoban shunday dedi: «Aytaylik, menga bor-yo‘g‘i bittagina shippak kerak bo‘lsa-yu, sen menga butun boshli bir buqaning terisini in’om etsang, hammaga kulgu bo‘lib qolmaymanmi?»

* * *

Kunlardan bir kun Suqrotning rafiqasi Ksantippa avvaliga erini obdan koyib, so‘ng ustidan suv quyib yubordi. «Aytgandim-a, — deya g‘o‘ldiradi sho‘rlik faylasuf, — Ksantippa avvaliga momaqaldiroq bo‘lib gumburlaydi-da, so‘ng yomg‘ir bo‘lib savalaydi». Buni ko‘rgan Alkiviad Ksantippaning janjaliga dosh berib bo‘lmasligini e’tirof etadi. Suqrot Alkiviadga:

— Men bu janjallarga g‘ildirakning to‘xtovsiz g‘irchillashi kabi ko‘nikib ketganman. Masalan, sen g‘ozlarning g‘ag‘illashiga toqat qilasan-ku!

— Shundayku-ya, lekin buning evaziga men g‘ozlardan tuxum va go‘sht olaman, — deydi faylasufga javoban Alkiviad.

— Ksantippa esa menga farzand tug‘ib beradi, — deydi Suqrot.

* * *

Janjalkash rafiqam men uchun go‘yo chavandozning asov oti kabidir. Asov otni bo‘ysundirolgan chavandoz har qanday tulporni bemalol minolganidek, men ham Ksantippa bilan murosa qilish vositasida o‘zga kishilar bilan osongina muomalada bo‘la olaman.

* * *

Taajjubki, haykaltaroshlar toshni insonga o‘xshatish yo‘lida o‘lib-tiriladilar-u, ammo o‘zlarining toshga o‘xshab qolmasliklari haqida qayg‘urmaydilar.

* * *

Saltanat hassasini qo‘lida tutgan har qanday kishi ham hukmdor bo‘lavermaydi. Shuningdek, e’tiborli amaldorlar tomonidan saylangan, qur’a tashlab yoki zo‘ravonlik, yoinki aldov yo‘li bilan davlat tepasiga kelib qolgan kimsa ham haqiqiy hukmdor bo‘lolmagay, faqatgina saltanatni boshqarish uquvi bo‘lgan zotlargina podshohlik va hukmdorlikka loyiqdirlar».

* * *

Suqrot faylasuflarga ta’rif berar ekan: «Faylasuf donishmand hamda johil oralig‘idagi mavqeni egallaydi», — deydi.

* * *

Men bu odamdan ko‘ra donoroqman. Sababi, har ikkimiz ham ba’zi bir joiz va zarur narsalarni bilmasak-da, u manmanlik qiladi, men esa manmanlikdan o‘zimni tiyaman.

* * *

Adolat va ezgulikdan ayri tushgan har qanday bilim dog‘ulilikka aylanadi. Uni donolik, deb atash nojoizdir, — deydi Suqrot.

* * *

O‘zini anglagan inson o‘zi uchun nima foydaliligi va nimalarga qodir ekanligini yaxshi tushunadi. U qo‘lidan keladigan ish bilan shug‘ullanish asnosida o‘z ehtiyojini qondiradi va saodatga erishadi. Har qanday xato va baxtsizliklardan xoli bo‘ladi. Buning natijasi o‘laroq, u o‘zga odamlarni qadrlay oladi va ulardan ezgulik yo‘lida foydalana biladi. Oqibatda o‘zini kulfatlardan asraydi.

* * *

Pul ezgulikni tug‘dirmaydi, aksincha, ezgulik tufayli odamlar shaxsiy hayotda ham, jamiyatda ham pul va boshqa boyliklarga ega bo‘ladilar.

* * *

Rivoyat qiladilarkim, Apollodor Suqrotga o‘limi oldidan qimmatbaho libos kiyishni taklif etadi.

— Nega? — deydi Suqrot Apollodorga javoban. — Bundan chiqdi egnimdagi faqirona libosim tirigimga yaroqligu, o‘ligimga yaroqsiz ekan-da?!

* * *

— Suqrot, afinaliklar seni o‘limga hukm etdilar, — dedilar faylasufga.

Suqrot xotirjamlik bilan dedi:

— Ularni esa tabiat o‘limga mahkum etdi.

* * *

Sud chog‘ida Suqrotga so‘z berildi. Suqrot nutqida o‘zini so‘naga, afinaliklarni esa katta, olijanob, ammo semiz va yalqov otga mengzaydi. «Bunday otlarni birorta so‘na chaqib, choptirib turishi lozim, — deydi u va bu o‘xshatishni shunday yakunlaydi: — Fikrimcha, Tangri meni kun bo‘yi butun shaharni kezib, har biringizni uyg‘otish va tinmay tanbeh berib, to‘g‘ri yo‘lga boshlash uchun yuborgan. So‘zlarimga ishoning, afinaliklar. Men kabilarni topish sizlarga oson bo‘lmaydi. Menga ishonsangiz, hayotimni saqlab qolasiz. Biroq siz so‘na chaqib tuyqusdan uyqudan uyg‘ongan va g‘azabga mingan odamlar kabi meni osonlik bilan urib o‘ldirishingiz ham mumkin. U holda Tangri yana kimnidir yo‘llagunga qadar qolgan umringizni g‘aflatda o‘tkazasiz».

* * *

«Qanday odamni baxtli sanamoq mumkin?» — degan savolga Suqrot shunday javob berdi:

— O‘tkir aql va teran, halol fikrlar egasi baxtiyordir.

* * *

Yoshlarga ko‘zguga ko‘proq boqishlarini maslahat beraman, — deydi Suqrot, — toki ularning xushsuratlari o‘z husnlarini sharmanda etmasinlar, badbasharalari esa xunukliklarini odoblari bilan bezasinlar.

* * *

O‘z darajasiga yetolmaslik — johillikdan o‘zga narsa emas. O‘z darajasidan oshmoqlik esa donolikning o‘zginasidir.

https://ziyouz.uz/hikmatlar/mumtoz-faylasuflar-hikmati/469-399/

———————————————————————

Birovga tuhmat qilganlar o‘qimasin!

Suqrotning 3 ta elagida “tutilgan” gap-so‘zlar…

Sarlavhada “Birovga tuhmat qilganlar o‘qimasin!” dedigu aynan ularga atalgan larini ham “qistirib o‘tmoqchi” bo‘ldik…

Muddaoga o‘tishdan avval “huquqiy madaniyat” deb atalmish atamaga to‘xtalib o‘tsak, keyin shikoyatparastlik, xususan o‘zgaga tuhmat qilish va uning salbiy oqibatlari haqida so‘z yuritamiz.

Yodingizda bo‘lsa, avvalroq Adliya vazirligi Telegram’da huquqiy maslahatlar kanalini ochganligi to‘g‘risida xabar bergan edik. Tan olish kerak, kundalik hayotimizda duch keladigan ayrim muammolarni hal etishda, aniqrog‘i vaziyat o‘z haq-huquqlarimizni himoya qilish darajasiga olib kelgan holatlarda huquqiy madaniyatimizning pastligi anchayin pand beradi.

O‘zimizcha “Bu noto‘g‘ri!”, “Qonunga to‘g‘ri kelmaydi!” deymizu lekin qaysi qonunning qaysi moddasiga to‘g‘ri kelmasligini, yanayam aniqrog‘i, qonun matni bilan tartibga solingan hatti-harakat, amaliyot va raqamlarni aytib, gapimizni isbotlashga ma’lum ma’noda ojiz bo‘lib qolamiz.

Yuqorida tilga olingan huquqiy telekanalda tuhmat to‘g‘risidagi bir hayotiy-tarixiy maslahat e’tiborimni tordi…

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilinganidan so‘ng oliy davlat organlaridan tortib har bitta vazirlik, qo‘mita va boshqarmalarning Xalq qabulxonalari ishga tushdi, aholi e’tiboriga ishonch telefonlari e’lon qilindi, veb-saytlar orqali shikoyat, ariza, talab va takliflar qabul qilinib, jamiyatda mavjud muammolar hal etildi va hal etilmoqda…

Davlat organlarining mas’ul shaxslari, aniqrog‘i mutasaddi xodimlar bilan xalq vakillari o‘rtasidagi o‘ziga xos “ko‘prik” ancha-muncha muammolarga yechim topgani rost.

Biroq guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, deganlaridek shikoyat va e’tirozlar ichida nohaq ayblovlar, “alam”, “o‘ch” kabi tuyg‘ular undagan harakatlar, eng yomoni, tuhmatlar ham, ming afsuski, uchrab turadi. Ta’bir joiz bo‘lsa, kurmaklar orasida guruch donalari ko‘rinadigan bo‘lib qoldi…

Tahririyatga turli shikoyatlar bilan qo‘ng‘iroq qilib turadigan fuqarolarimiz ko‘p. Aksariyatining shikoyatlar ostida (albatta, hamma ham o‘z manfaatini ko‘zlab shikoyat qilishi tabiiy) “shaxsiy manfaat” yotadi. Bunday kishilar ularning shikoyati “bir yoqlama” e’lon qilinishi xohlashadi.  Biz masalaga xolislik bilan yondashib, “ikkinchi tomon”ning ham arz-dodini eshitib bilgach, atroflicha tahlil qilib (kasb taqozosi bilan) o‘rganib ko‘rishimiz zarurligini bildirganimizdan so‘ng aksariyatining “hovuri pasayadi”.

Eng yomoni, tuhmat orqali o‘z “shaxsiy manfaat”larini qondirmoqchi bo‘lgan murojaat egalari ham talaygina. Ularga, yuqorida eslatilgan huquqiy maslahatlar kanalida keltirilgan Suqrot (er.avv. 470/469– 399, qadimgi yunon faylasufi) bilan bog‘liq voqeani ilindim…

Tuhmatdan tiyilish uchun va umuman hayot faoliyatingizda foydali bo‘ladigan — Suqrotning “3 ta elak” qoidasiga amal qiling!

Bir odam Suqrotning oldiga kelib:

– Bilasizmi,  do‘stingiz Siz haqingizda nimalar deb yuribdi?

– To‘xtang,  – deb uning gapini bo‘ldi Suqrot.  – Avvalo, hozir menga aytmoqchi bo‘lgan gapingizni 3 ta elakdan o‘tkazing!

– 3 ta elakdan?  – hayron bo‘ldi gap yetkazmoqchi bo‘lgan odam.

– Ha, har doim bir nima gapirishdan oldin, uni 3 ta elakdan o‘tkazish lozim. Birinchidan, “haqiqat elagi”dan. Hozir menga aytmoqchi bo‘lgan gapingiz haqiqatligiga ishonchingiz komilmi?!

– Yo‘q, men buni eshitdim xalos…

– Yaxshi. Demak, buni haqiqat yoki yolg‘onligini bilmaysiz. Unda ikkinchi  — “yaxshilik elagi”dan o‘tkazamiz. Meni do‘stim haqida qandaydir yaxshi gap aytmoqchimisiz?

– Yo‘q! Teskarisini aytmoqchiman!

– Demak, – deb davom etibdi Suqrot,  – Siz do‘stim haqida yomon gap aytmoqchisizu lekin bu haqiqatligini bilmaysiz. Unda uchinchi  — “foyda elagi”dan o‘tkazib ko‘ramiz. Ayting-chi, eshitgan narsangizni menga aytishga ehtiyojingiz kattami?

– Yo‘q, bunga ehtiyoj yo‘q!

– Xulosa qilib aytganda, menga aytmoqchi bo‘lgan gapingizda na yaxshilik, na biror foyda, na bunga ehtiyoj bo‘lmasa, nima keragi bor bu haqda so‘z ochishni?

Mana, eramizdan avvalgi yillarda yashab o‘tgan faylasufning topqirligi!

Azizlar, tuhmat qilishdan tiyiling! O‘zingiz uchun “shunchaki gap-da” yoki “qarab tur, ustingdan arz qilib abgor qilmasammi” maqomida saqlab turgan gapingizni Suqrotning 3 ta elagidan o‘tkazib ko‘ring, balki bunga hojat yo‘qdir…

http://uzbekiston.site/cr/birovga/

ж1

Талабаларимдан бири шундай савол берганида ёнидаги ёш истеъдод соҳиби уни тузатди: «Суқротни танийсизми дема, биласизми? деб сўраш керак!» Чиндан ҳам ТАНИШ бошқа, БИЛИШ бошқа тушунчаларни билдиради. Иккаласи қўшилиб ТАНИШ-БИЛИШ бўлганда эса тамомила бошқа бир тасаввурга эга бўламиз. Таниш-билишчилик — жамият дастурхонини кемириб ташлайдиган заҳарли қуртлардан қолишмайди, дейди Дониш домла аллома Суқротдан сабоқ олиб.

Қизиқувчан талабаларимизнинг саволига эса асосли жавоб қуйида тақдим этилмоқда.

сукрот

Суқрот (м.а. 469-399)

Машҳур юнон файласуфи Суқрот Аттика шаҳрида ҳайкалтарош Софроникс ва доя Фенаретта оиласида дунёга келди. У жуда кўримсиз қиёфага эга бўлган. Паст бўйли, қорни осилган, калта бўйинли, кенг ва дўнг пешонали, япалоқ, танқайган бурунининг тешиклари катта, лаблари дўрдоқ Суқротнинг укки кўзлари кишига зимдан боқишга мойил эди. У доим эски либосларда, ялангоёқ юрган.

Аёллар борасида ҳам Суқротнинг омади юришмаган. Гарчи икки марта уйланган бўлса-да, оилавий бахтга эришолмаган.

Суқрот асосий вақтини мунозара ва баҳсларда ўтказган. Баҳсларда доим унинг қўли баланд келган. Шунинг учун кўпинча унинг сочидан тортиб калтаклашган, устидан кулиб, ҳақоратлашган. Суқрот ҳаммасига дош берган. Ҳатто бир куни тепки еганда ҳам чидаб тураверган. Одамлар бундан ажабланишганда уларга қарата шундай деган: «Эшак тепса, уни судга беролмайман-ку!»

Суқрот моҳир раққос бўлган ва бундай машқни жисмнинг саломатлиги учун фойдали деб билган.

У талабаларга оғзаки сабоқ берган ва ҳеч қандай ёзма манба қолдирмаган. Тимей исмли шогирди: «Эй устоз, нима сабабдан доно фикрларингизни қоғозга туширмайсиз?» — деб сўраганда, Суқрот: «Эй Тимей, ўлик ҳайвонларнинг терисига ишончинг ва тирик, барҳаёт фикрларга ишончсизлигинг жуда мустаҳкам экан», — деб жавоб берган.

399 йил Суқрот бир юртдошининг фитнаси туфайли фуқаролик меъёрларини бузганликда айбланиб, ўлим жазосига ҳукм қилинган ва қатл этилган. Судда Суқротнинг оғзидан чиққан сўнгги сўзлар шундай бўлган: «Менга ўлиш учун, сизга эса яшаш учун бу ерни тарк этиш фурсати етди. Фақат бунинг қай бири афзаллиги Худодан ўзга ҳеч кимга аён эмас».

Судда 220 нафар одам Суқротнинг айбсизлигини ёқлаб, 280 нафар киши эса унга қарши овоз берган.

Ўша даврдаги қоидага кўра, ўлимга маҳкум этилганларга белгиланган вақтда заҳарли цикута (заҳарли сув ўсимлиги, бодиёни руми, зангпоя деб ҳам аталади) ўсимлигини эзиб ичиришган. … Суқрот руҳининг эсон-омон боқий дунёга рихлат этишини Тангридан фикран сўраб, хотиржамлик ва осонлик билан заҳар тўлдирилган идишни бўшатади. Теграсидаги дўстлари йиғлаб юборишади. Файласуф уларни тинчлантириб, сукунатда ҳаёт билан видолашиши кераклигини уқтиради. У бир оз юриб, оёқлари оғирлашгач, турма бурчагидаги ёғоч чорпояга чўзилади. Кейин: «Критон, биз Асклепийдан хўроз қарзмиз. Хўрозни қайтаринг, ёдингиздан чиқмасин», — дейди шогирдига. Бу Суқротнинг сўнгги сўзлари эди. Қадимги юнонлар одатига кўра, беморларнинг тузалиши учун Аполлоннинг ўғли, табиблар Тангриси Асклепийга хўроз сўйиб, қурбонлик қилинган. Суқрот ўз руҳини поклаш ва хаста жисмдан халос бўлишни назарда тутиб, шогирдига юқоридаги васиятни айтган.

Суқротни бутун умри давомида Овидийнинг «Эврилиш» асарида тилга олинган инсон хулқ-атворидаги бир ноқислик безовта қилган. Овидий шундай ёзганди: «Эзгуликка дуч келсам, мақтайман-у, аммо ёмонликнинг таъсирига бериламан».

* * *

Суқрот оила ҳақидаги қарашларини мана бу ҳикматга жо этганди: «Уйланасанми, уйланмайсанми — барибир пушаймон ейсан».

* * *

«Навқиронлик чоғларимда табиатни кузатиш менинг энг севимли машғулотим эди, — дейди Суқрот. — Ҳар бир ҳодиса мени ажаблантирар, ҳайратга соларди: туғилиш, ўлиш, мавжудликнинг боиси не?.. Мен оламнинг бир бурчидан кириб, иккинчи бир бурчидан чиқарканман, ўзимга ўзим биринчи навбатда шундай саволлар берардим: «Тирик мавжудотлар, баъзи одамлар ўйлаганидек, иссиқлик ва совуқликнинг бир-бирига ўзаро таъсир этиб, чириш жараёни юзага келиши оқибатида пайдо бўлмасмикан? Инсон қай тарзда фикр юритади? Қон ёрдамидами, ҳаво ёки олов воситасидами?»

Бундан ташқари, ўзимнинг бу тахлит тадқиқотларга яроқсиз эканимни англаш учун бутун борлиқ, фазо ва Ердаги ўзгаришлар ҳақида тинимсиз ўй сураверардим».

* * *

Суқротнинг баъзи ҳаракатлари атрофдагиларни ҳайратга солган. Бир куни у кўчада ўспирин Ксенофантга дуч келиб қолди. Йигитчадаги ботиний истеъдодни илғаган файласуф қўлидаги ҳассаси билан унинг йўлини тўсди.

— Менга айт-чи, — сўради Суқрот, — унни қаердан сотиб оладилар?

— Бозордан, — жавоб берди Ксенофант.

— Ёғни-чи?

— Уни ҳам бозордан харид қиладилар.

— Донишмандлик ва эзгулик истаб қаерга борадилар?

Ксенофант ўйланиб қолди.

— Ортимдан юр, мен сени ўша ерга олиб бораман, — деди Суқрот шунда.

… Шу тариқа Ксенофант Суқротнинг бир умрлик йўлдоши ва ҳамсуҳбати бўлиб қолди. У Суқротнинг ўлимидан сўнг Афлотун каби янги авлодларга устози ҳақидаги хотираларини эсдалик қилиб қолдирди.

* * *

Бир куни Алкивиад Суқротга уй қуриш учун ер майдони инъом этиш ниятида эканлигини айтди. Суқрот унга жавобан шундай деди: «Айтайлик, менга бор-йўғи биттагина шиппак керак бўлса-ю, сен менга бутун бошли бир буқанинг терисини инъом этсанг, ҳаммага кулгу бўлиб қолмайманми?»

* * *

Кунлардан бир кун Суқротнинг рафиқаси Ксантиппа аввалига эрини обдан койиб, сўнг устидан сув қуйиб юборди. «Айтгандим-а, — дея ғўлдиради шўрлик файласуф, — Ксантиппа аввалига момақалдироқ бўлиб гумбурлайди-да, сўнг ёмғир бўлиб савалайди». Буни кўрган Алкивиад Ксантиппанинг жанжалига дош бериб бўлмаслигини эътироф этади. Суқрот Алкивиадга:

— Мен бу жанжалларга ғилдиракнинг тўхтовсиз ғирчиллаши каби кўникиб кетганман. Масалан, сен ғозларнинг ғағиллашига тоқат қиласан-ку!

— Шундайку-я, лекин бунинг эвазига мен ғозлардан тухум ва гўшт оламан, — дейди файласуфга жавобан Алкивиад.

— Ксантиппа эса менга фарзанд туғиб беради, — дейди Суқрот.

* * *

Жанжалкаш рафиқам мен учун гўё чавандознинг асов оти кабидир. Асов отни бўйсундиролган чавандоз ҳар қандай тулпорни бемалол минолганидек, мен ҳам Ксантиппа билан муроса қилиш воситасида ўзга кишилар билан осонгина муомалада бўла оламан.

* * *

Таажжубки, ҳайкалтарошлар тошни инсонга ўхшатиш йўлида ўлиб-тириладилар-у, аммо ўзларининг тошга ўхшаб қолмасликлари ҳақида қайғурмайдилар.

* * *

Салтанат ҳассасини қўлида тутган ҳар қандай киши ҳам ҳукмдор бўлавермайди. Шунингдек, эътиборли амалдорлар томонидан сайланган, қуръа ташлаб ёки зўравонлик, ёинки алдов йўли билан давлат тепасига келиб қолган кимса ҳам ҳақиқий ҳукмдор бўлолмагай, фақатгина салтанатни бошқариш уқуви бўлган зотларгина подшоҳлик ва ҳукмдорликка лойиқдирлар».

* * *

Суқрот файласуфларга таъриф берар экан: «Файласуф донишманд ҳамда жоҳил оралиғидаги мавқени эгаллайди», — дейди.

* * *

Мен бу одамдан кўра донороқман. Сабаби, ҳар иккимиз ҳам баъзи бир жоиз ва зарур нарсаларни билмасак-да, у манманлик қилади, мен эса манманликдан ўзимни тияман.

* * *

Адолат ва эзгуликдан айри тушган ҳар қандай билим доғулиликка айланади. Уни донолик, деб аташ ножоиздир, — дейди Суқрот.

* * *

Ўзини англаган инсон ўзи учун нима фойдалилиги ва нималарга қодир эканлигини яхши тушунади. У қўлидан келадиган иш билан шуғулланиш асносида ўз эҳтиёжини қондиради ва саодатга эришади. Ҳар қандай хато ва бахтсизликлардан холи бўлади. Бунинг натижаси ўлароқ, у ўзга одамларни қадрлай олади ва улардан эзгулик йўлида фойдалана билади. Оқибатда ўзини кулфатлардан асрайди.

* * *

Пул эзгуликни туғдирмайди, аксинча, эзгулик туфайли одамлар шахсий ҳаётда ҳам, жамиятда ҳам пул ва бошқа бойликларга эга бўладилар.

* * *

Ривоят қиладиларким, Аполлодор Суқротга ўлими олдидан қимматбаҳо либос кийишни таклиф этади.

— Нега? — дейди Суқрот Аполлодорга жавобан. — Бундан чиқди эгнимдаги фақирона либосим тиригимга яроқлигу, ўлигимга яроқсиз экан-да?!

* * *

— Суқрот, афиналиклар сени ўлимга ҳукм этдилар, — дедилар файласуфга.

Суқрот хотиржамлик билан деди:

— Уларни эса табиат ўлимга маҳкум этди.

* * *

Суд чоғида Суқротга сўз берилди. Суқрот нутқида ўзини сўнага, афиналикларни эса катта, олижаноб, аммо семиз ва ялқов отга менгзайди. «Бундай отларни бирорта сўна чақиб, чоптириб туриши лозим, — дейди у ва бу ўхшатишни шундай якунлайди: — Фикримча, Тангри мени кун бўйи бутун шаҳарни кезиб, ҳар бирингизни уйғотиш ва тинмай танбеҳ бериб, тўғри йўлга бошлаш учун юборган. Сўзларимга ишонинг, афиналиклар. Мен кабиларни топиш сизларга осон бўлмайди. Менга ишонсангиз, ҳаётимни сақлаб қоласиз. Бироқ сиз сўна чақиб туйқусдан уйқудан уйғонган ва ғазабга минган одамлар каби мени осонлик билан уриб ўлдиришингиз ҳам мумкин. У ҳолда Тангри яна кимнидир йўллагунга қадар қолган умрингизни ғафлатда ўтказасиз».

* * *

«Қандай одамни бахтли санамоқ мумкин?» — деган саволга Суқрот шундай жавоб берди:

— Ўткир ақл ва теран, ҳалол фикрлар эгаси бахтиёрдир.

* * *

Ёшларга кўзгуга кўпроқ боқишларини маслаҳат бераман, — дейди Суқрот, — токи уларнинг хушсуратлари ўз ҳуснларини шарманда этмасинлар, бадбашаралари эса хунукликларини одоблари билан безасинлар.

* * *

Ўз даражасига етолмаслик — жоҳилликдан ўзга нарса эмас. Ўз даражасидан ошмоқлик эса доноликнинг ўзгинасидир.

https://ziyouz.uz/hikmatlar/mumtoz-faylasuflar-hikmati/469-399/

———————————————————————

Бировга туҳмат қилганлар ўқимасин! Суқротнинг 3 та элагида “тутилган” гап-сўзлар…

Муддаога ўтишдан аввал “ҳуқуқий маданият” деб аталмиш атамага тўхталиб ўтсак, кейин шикоятпарастлик, хусусан ўзгага туҳмат қилиш ва унинг салбий оқибатлари ҳақида сўз юритамиз.

Ёдингизда бўлса, аввалроқ Адлия вазирлиги Telegram’да ҳуқуқий маслаҳатлар каналини очганлиги тўғрисида хабар берган эдик. Тан олиш керак, кундалик ҳаётимизда дуч келадиган айрим муаммоларни ҳал этишда, аниқроғи вазият ўз ҳақ-ҳуқуқларимизни ҳимоя қилиш даражасига олиб келган ҳолатларда ҳуқуқий маданиятимизнинг пастлиги анчайин панд беради.

Ўзимизча “Бу нотўғри!”, “Қонунга тўғри келмайди!” деймизу лекин қайси қонуннинг қайси моддасига тўғри келмаслигини, янаям аниқроғи, қонун матни билан тартибга солинган ҳатти-ҳаракат, амалиёт ва рақамларни айтиб, гапимизни исботлашга маълум маънода ожиз бўлиб қоламиз.

Юқорида тилга олинган ҳуқуқий телеканалда туҳмат тўғрисидаги бир ҳаётий-тарихий маслаҳат эътиборимни торди…

Президент Шавкат Мирзиёев томонидан “Халқ билан мулоқот ва инсон манфаатлари йили” деб эълон қилинганидан сўнг олий давлат органларидан тортиб ҳар битта вазирлик, қўмита ва бошқармаларнинг Халқ қабулхоналари ишга тушди, аҳоли эътиборига ишонч телефонлари эълон қилинди, веб-сайтлар орқали шикоят, ариза, талаб ва таклифлар қабул қилиниб, жамиятда мавжуд муаммолар ҳал этилди ва ҳал этилмоқда…

Давлат органларининг масъул шахслари, аниқроғи мутасадди ходимлар билан халқ вакиллари ўртасидаги ўзига хос “кўприк” анча-мунча муаммоларга ечим топгани рост.

Бироқ гуруч курмаксиз бўлмайди, деганларидек шикоят ва эътирозлар ичида ноҳақ айбловлар, “алам”, “ўч” каби туйғулар ундаган ҳаракатлар, энг ёмони, туҳматлар ҳам, минг афсуски, учраб туради. Таъбир жоиз бўлса, курмаклар орасида гуруч доналари кўринадиган бўлиб қолди…

Таҳририятга турли шикоятлар билан қўнғироқ қилиб турадиган фуқароларимиз кўп. Аксариятининг шикоятлар остида (албатта, ҳамма ҳам ўз манфаатини кўзлаб шикоят қилиши табиий) “шахсий манфаат” ётади. Бундай кишилар уларнинг шикояти “бир ёқлама” эълон қилиниши хоҳлашади.  Биз масалага холислик билан ёндашиб, “иккинчи томон”нинг ҳам арз-додини эшитиб билгач, атрофлича таҳлил қилиб (касб тақозоси билан) ўрганиб кўришимиз зарурлигини билдирганимиздан сўнг аксариятининг “ҳовури пасаяди”.

Энг ёмони, туҳмат орқали ўз “шахсий манфаат”ларини қондирмоқчи бўлган мурожаат эгалари ҳам талайгина. Уларга, юқорида эслатилган ҳуқуқий маслаҳатлар каналида келтирилган Суқрот (эр.авв. 470/469– 399, қадимги юнон файласуфи) билан боғлиқ воқеани илиндим…

Туҳматдан тийилиш учун ва умуман ҳаёт фаолиятингизда фойдали бўладиган — Суқротнинг “3 та элак” қоидасига амал қилинг!

Бир одам Суқротнинг олдига келиб:

– Биласизми,  дўстингиз Сиз ҳақингизда нималар деб юрибди?

– Тўхтанг,  – деб унинг гапини бўлди Суқрот.  – Аввало, ҳозир менга айтмоқчи бўлган гапингизни 3 та элакдан ўтказинг!

– 3 та элакдан?  – ҳайрон бўлди гап етказмоқчи бўлган одам.

– Ҳа, ҳар доим бир нима гапиришдан олдин, уни 3 та элакдан ўтказиш лозим. Биринчидан, “ҳақиқат элаги”дан. Ҳозир менга айтмоқчи бўлган гапингиз ҳақиқатлигига ишончингиз комилми?!

– Йўқ, мен буни эшитдим халос…

– Яхши. Демак, буни ҳақиқат ёки ёлғонлигини билмайсиз. Унда иккинчи  — “яхшилик элаги”дан ўтказамиз. Мени дўстим ҳақида қандайдир яхши гап айтмоқчимисиз?

– Йўқ! Тескарисини айтмоқчиман!

– Демак,  – деб давом этибди Суқрот,  – Сиз дўстим ҳақида ёмон гап айтмоқчисизу лекин бу ҳақиқатлигини билмайсиз. Унда учинчи  — “фойда элаги”дан ўтказиб кўрамиз. Айтинг-чи, эшитган нарсангизни менга айтишга эҳтиёжингиз каттами?

– Йўқ, бунга эҳтиёж йўқ!

– Хулоса қилиб айтганда, менга айтмоқчи бўлган гапингизда на яхшилик, на бирор фойда, на бунга эҳтиёж бўлмаса, нима кераги бор бу ҳақда сўз очишни?

Мана, эрамиздан аввалги йилларда яшаб ўтган файласуфнинг топқирлиги!

Азизлар, туҳмат қилишдан тийилинг! Ўзингиз учун “шунчаки гап-да” ёки “қараб тур, устингдан арз қилиб абгор қилмасамми” мақомида сақлаб турган гапингизни Суқротнинг 3 та элагидан ўтказиб кўринг, балки бунга ҳожат йўқдир…

http://uzbekiston.site/cr/birovga/

Вам может также понравиться...

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *