Yoshlar huquqlari BMT himoyasida

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida BMTning “Yoshlar

huquqlari toʻgʻrisida”gi konvensiya loyihasi targʻibotiga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi. Unda universitetning barcha fakultetlaridan faol talabalar ishtirok etdilar.

OʻzMU Yoshlar bilan ishlash boʻyicha prorektori Najmiddin Qodirov, Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi boshligʻi Abror Xidirov va boshqalar mazkur konvensiya loyihasi mazmun-mohiyati haqida soʻz yuritar ekan, bunda talaba-yoshlarning faolligi muhim oʻrin tutishini taʼkidladilar.

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 19 sentyabr kuni Birlashgan Millatlar tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyani ishlab chiqishni taklif etishini jahon ahli, ayniqsa, millionlab yoshlar qoʻllab-quvvatlagan edilar,– dedi OʻzMU Jurnalistika fakulteti dotsenti, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzosi Toʻlqin Eshbek.– Maʼlumki, BMTda 1989 yilda bola huquqlari boʻyicha konvensiya qabul qilingan edi. Biroq yoshlar huquqlari toʻgʻrisida oʻylab koʻrilgani ham yoʻq edi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining BMT yuksak minbaridan turib jahondagi barcha yoshlarni turli yot gʻoyalardan himoya qilish lozimligini kuyunib gapirishi, ularga huquqlar berilishi toʻgʻrisidagi taklifni ilgari surishi butun jahon ahlida, ayniqsa, kamolot yoshidagi barcha yigit-qizlarda katta qiziqish uygʻotdi. Aytish joizki, bugun dunyoda boʻlayotgan turli jinoyatlar, terrorizm, buzgʻunchilik harakatlari asosan 30 yoshga yetmagan yoshlar tomonidan sodir etilayotgani sir emas. Bunday buzgʻunchiliklar baʼzi manfur kuchlar tomonidan boshqarilayotgani, yoshlarning ular domiga bilib-bilmay, oʻz haq-huquqlarini tushunmay ilinib qolayotganini davlatimiz rahbari atroflicha asoslab, tahlil qilib berarkan, yoshlar kelajagini himoya qilish borasida qator takliflarini ilgari surgan edi.

Hozirgi paytda dunyo aholisining ikki milliardini yoshlar tashkil etadi. Demak, jahon yoshlarining haq-huquqlari bugun himoya qilinmas ekan, ertaga dunyoning kelajagi xavf ostida qoladi. Oʻzbekistonda yoshlar huquqlari hamda manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar haqida har bir talaba bilmogʻi va bu borada tengdoshlariga targʻib qilmogʻi zarur. Prezidentimiz tashabbusi bilan Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqining tashkil etilishi, unga mamlakatimizning barcha yoshlari qamrab olinishi bu yoʻldagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Yoshlar ittifoqi nafaqat yurtimiz yoshlarini, balki chet mamlakatlarda oʻqib, mehnat qilayotgan yigit-qizlarimiz bilan ham aloqa oʻrnatib, ularning muammolari va takliflarini oʻrganib chiqayotgani eʼtiborga molikdir. Kezi kelganda ularning huquqlarini chet elda ham himoya qilish imkoniyatlari yaratilmoqda.

Har bir yigit va qiz oʻz haq-huquqlarini teran bilishlari, hayotda munosib oʻrnilarini topishlari uchun avvalo koʻp kitob oʻqishlari zarur. Maʼruzada talabalar oʻqishlari zarur boʻlgan muhim adabiyotlar haqida ham batafsil maʼlumotlar berildi.

Ochiq muloqot shaklida tashkil etilgan davra suhbatida talabalarning bu mavzudagi savollariga javoblar berildi va ularning takliflari asosida tavsiyalar ishlab chiqishga kelishib olindi.

 Dilobar Asliddin qizi,

OʻzMU Oliy Jurnalistika kursi magistranti

http://manaviyat.uz/news/view/715
21.02.2019

Вам может также понравиться...

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *