O‘zbekona lutf, o‘zbekona nur
ЎзМУ Журналистика факультетида камолга етиб, атоқли адиблар
“Qachonki Ozod choyning ta’mini farqlaydigan bo‘ldi-yu qariy boshlaganini sezdi…”.
“…Xona o‘rtasida qiblaga oyoqlarini uzatib Nasibbek yotardi. Ustiga yap-yangi banoras to‘n tashlab qo‘yilgan – go‘yoki horigan bir vujud shunchaki orom olayotgandek… Jasadning bosh tomonida qator tizilishib o‘tirgan kampirlardan biri asta o‘rnidan turdi, murdaning yuzidagi oq dokani sekingina oldi-da:
– Mana, yotibdi o‘rtoqlaring, o‘lmagandek, – dedi.
…Kampir inqillagancha joyiga borib o‘tirdi, tizzalarining ko‘zini uqalab, og‘ir so‘lish oldi-da:
– Qani, chiroqlarim, boshlanglar! – dedi.
… – Mening bolam dunyoga kelib chodirlarga kuyov bo‘lmadi, sarupolar kiyib “yor-yor” eshitmadi… Aytinglar, bolalarim, bolam sho‘rlikning loaqal arvohi eshitsin, aytinglar…
Yigitlarning dadil va eslirog‘i bir yutinib oldi-da, ko‘zini yerdan uzmay, do‘rillagan ovoz bilan boshladi:
– Men o‘lanchi emasman-o, boshlagani…
Shu zumdayoq ivir-shivir tovushlar to‘xtab, hovlidagi qadam sharpalari ham tindi. Keyin o‘n chog‘li rasta yigitning baravariga ko‘tarilgan yig‘i aralash tovushi baland shiftga, xonaning to‘rt devoriga urildi, urildi-yu, zir titrab ortiga qaytdi va oradan daqiqa o‘tar-o‘tmas, motamdor ko‘ngillar qa’riga bostirib bordi:
– Yor-yor-ey, boshlagani…”.
Ushbu parchalarning birinchisi ustoz adib Xayriddin Sultonning “Umr esa o‘tmoqda” hikoyasining ilk satrlaridagi hayotiy topilma, ikkinchisi esa “Yozning yolg‘iz yodgori” qissasi qahramoni – go‘shanga ko‘rmagan bo‘z yigit Nasibbekning o‘limiga bag‘ishlangan sahnalardir.
Necha yillardir, so‘z ustasi adibimizning asarlarini kutib yurar, shunday badiiy hayajonni, so‘z go‘zalliklarini qo‘msar edik. Adabiyotimiz osmonida porlagan Oybek, Asqad Muxtor, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov va boshqa ustoz adiblar izidan o‘tgan asrning yetmishinchi-saksoninchi yillarida yangi avlod kirib keldi va juda tez tilga tushdi. Ularning asarlari oddiy kishilar hayotini yanada nozik va san’atkorona ifodalashi bilan ajralib turardi. Poetik nafosat, chuqur ruhiy tahlil bilan yo‘g‘rilgan nazokatli badiiy til ularning asarlarida bor-bo‘yi bilan namoyon bo‘ldi.
Insof bilan aytganda, biz tengilar unday badiiyat darajasiga yetolmadik.
Buning ilk sababi – avvalo, badiiy so‘zga hurmat va adabiyotga fidoyilik bo‘lsa, ikkinchisi – ular ustoz Asqad Muxtor boshchiligidagi “Guliston” va keyinroq Erkin Vohidov rahbar bo‘lgan “Yoshlik” jurnali jamoasidagi ilg‘or adabiy muhit, shuningdek, Vahob Ro‘zimatov, Nizom Komilov singari ustoz tahrirchilar maktabida dars olishgani edi.
Qiziq, “Umr esa o‘tmoqda” kabi falsafiy, “Ko‘ngil ozodadur” kabi ramziy, “Yozning yolg‘iz yodgori”, “Ajoyib kunlarning birida”, “Saodat sohili”, “Boburiynoma” kabi ko‘lamli asarlar, bir qancha senariylar muallifi “Odamlardan tinglab hikoya” deb nomlangan yangi kitobida, garchi istalgan mavzuni istagani kabi chiyratishi mumkin bo‘lgani holda, juda oddiy, deyarli so‘zlashuv uslubini qo‘llagan. Xuddi odamlar orasidagi qisqa, ammo puxta rivoyatlar, matallar, aytaylik, Afandi latifalari kabi. Bu uslubga havas qilsa arziydi.
Aslida-ku, Xayriddin aka – novator yozuvchi. Har asarida bir yangilik kiritadi. “Umr esa o‘tmoqda” hikoyasi ana shunday yangilik bilan boshlanganiga guvoh bo‘ldik. “Yozning yolg‘iz yodgori” qissasida esa bunday kashfiyotlarning bir qanchasiga duch kelamiz.
Masalan, voqealar an’anaviy uslubda rivojlanar ekan, to‘satdan o‘quvchi qarshisiga Muallif chiqib keladi: “Shundan so‘ng ko‘p g‘alati ishlar bo‘ldi. Lekin ularni na Adash Karvon ko‘rdi, na Sattor eshitdi, faqat men – Muallifgina barchasini o‘z ko‘zim bilan ko‘rib, o‘z qulog‘im bilan eshitdim…”.
Shundan so‘ng asarning eng hayajonli qismi muallif tilidan davom etadi. Yoki, asar qahramoni Nasibbekning halok bo‘lishi sahnasida… miltiq so‘zga kiradi.
Shuningdek, adib qissada Alisher Navoiy, Maqsud Shayxzoda, Oybek, G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon kabi adiblarning mumtoz she’riy satrlarini mohirlik bilan qo‘llaydi.
Yangi kitobning nomi ulug‘ shoir Hamid Olimjonning barchamizga yod bo‘lib ketgan “Odamlardan tinglab hikoya, O‘sar edi shoirda g‘oya” satrlaridan olingan bo‘lib, yana ustozlarga hurmat-ehtiromni ifodalashi bilan e’tiborga molik.
Bular Xayriddin Sulton uslubining o‘ziga xos jihatlaridir, ushbu tiniq, sokin va jozibali ohang, o‘zbekona ruhiyat muallif bilan yonma-yon yashayotgan turli kishilarning, gohida keng kitobxonlar ommasiga yaxshi tanish odamlarning hikoyalari tarzida asarga muhrlanadi va bular endilikda ularning hikoyalari emas, balki mohir ustaning qalamidan chiqqan ohorli, pardozli badiiy asarga aylanadi.
Asarlar… biz ko‘rib-bilib yurgan hayot parchalari, quroq so‘zanaday taqdirlar, taqdirlar… Haqqoniy o‘zbekona hayot manzaralari… Vagiz aka, Murshida opa… Uch davlat amaldorining ma’rakaga borishi sahnalari… Ora-sira yalt etib ijtimoiy hayot uchqunlari chaqnab qoladi: “Qrimgami? – Yo‘g‘-e. Biz qozon tatarlarimiz-ku?”. “Mennonit nemislar…”, “Chinoz marketingi”…
Qahramonlar nutqi-ku, alohida bir mavzu, hali u adabiyotshunos va matnshunoslar uchun yaxshigina tadqiqot mavzusi bo‘ladi, albatta: “Agar mening o‘g‘lim bo‘lsang, tez uyingni sotib, meni Parkentga opketasan, suyagimni suyagimga qo‘shasan!”, “Ota-onasiz bu joylar biz uchun Do‘rmon emas, o‘rmon edi-da”, “Sen otamning o‘rniga dunyoga kelgansan, bolam, sen men uchun otamsan“, “Xudojon, shu bolalarimning haqqi hurmati, meni hozir o‘ldirma, shu norastalarning haqqi hurmati, o‘zing shifo ber…”.
Go‘yo ko‘pni ko‘rgan, hayotdan xulosa chiqargan donishmand kishilar davrasiga tushib qolganday bo‘lasiz – shunday davraki, har birining hikoyasi bir hikmat.
“Bir umrning uch fasli”da esa, hayot yo‘liga “uch o‘lchamli” nazar tashlanadi.
Bu hikoyatlarni biladigandaysiz – shunchalar tanish, shunchalar qadrdon. Muhit o‘ziga rom qiladi, darhol o‘z olamiga olib kiradi va beixtiyor muallif qahramonlari bilan birga, goh piyoda odimlab, goh ulovda – hamma narsaga shohid bo‘lib boraverasiz. Avval ovloq va serdaraxt joy, endi kesilib ketgan daraxtlar… Haybat bilan oqayotgan suv, Chirchiqning kechuvi… To‘qay manzaralari…
Ba’zi tasvirlar yurakni zirqiratadi, ammo bu zirqirash yorug‘, toza, unda taqdirga tan berish alomatlari seziladi. Hayqirib oqayotgan hayot dolg‘asiga ko‘nikish bor, bu ham donishmand kishilarning xulosalariga o‘xshaydi. Ovloq bir qishloqda o‘qilgan g‘alati janoza… lekin u janozaning haqqoniyligiga ishonasiz, chunki u duoni barcha biladi: “Xudoga bandaman, payg‘ambarga ummatman. Yotdim tinch, yostig‘im notinch. Yotdim o‘ng yonim bilan, uyg‘otgin imonim bilan”…
O‘zbek fe’li… Bu qaysar fe’l “Haqiqatchi” hikoyasida bor bo‘yi bilan namoyon bo‘ladi. Asar qahramoni – jinoyatchi, lekin u shunchalar “o‘zbekona”ki, beixtiyor jilmayib qo‘yasiz.
O‘tgan asrning 80-yillarida biz kabi talaba yoshlar adibning “Quyosh barchaga barobar” va “Bir oqshom ertagi” kitoblarini o‘qigach, kitob do‘konlaridan shu adibning asarlari chiqmadimikan, deb atay izlar edim. Xayriyat, ketma-ket “Onamning yurti”, “Umr esa o‘tmoqda”, “Boburning tushlari” kitoblari nashr qilindi, “Sharq yulduzi” jurnali “Ko‘ngil ozodadur” qissasini chop etdi.
Shuningdek, dunyo adabiyotining shoh asarlaridan biri – fransuz adibi Antuan de-Sent Ekzyuperining “Kichkina shahzoda” asarini va italyan adibi Dino Butsati hikoyalarini Xayriddin Sulton tarjimasida o‘qishga muyassar bo‘ldik.
Adabiy tadqiq fanida bir usul bor: adibni muayyan asarni yozishga undagan voqea-hodisalar izlanadi. Shu sababli asar yozilgan vaqt va o‘sha davrning ijtimoiy vaziyatiga e’tibor qaratiladi. Lekin asarda ko‘tarilgan ijtimoiy vaziyatlar suratdir, o‘sha hodisalar mobaynida kishilar ichki olamining tasvirlanishi esa siyrat hisoblanadi. Xayriddin Sultonning barcha asarlarida, xoh mahdudlik davrida, xoh keyingi davrda yaratilgan bo‘lsin – kishilarimiz o‘zligi, ma’naviyati mahorat bilan ochib beriladi, bu qahramonlarning barchasi o‘zining dono, biroq soda hayotiy qarashlariga ega bo‘lgan oddiy, jonajon kishilardir.
Kezi kelganida zamon talabiga mos bir jihatini ham aytish kerak: ushbu asarlarda hikoya qilingan barcha voqealar – ma’naviyatdir.
Kitobdagi “Tarjimayi hol” asarini hikoya emas, kichik qissa deb atasa ham bo‘ladi. Qissa bo‘lganida ham qanaqa deng? O‘zbek xalqining yetmish besh yillik tarixi! “Kuyi shundoq bo‘lsa g‘amning o‘ziga, Qanday chiday olgan ekan odamzod”, degan satrlar shu asar haqida aytilganday. Buncha ko‘rgilik, buncha musibat, buncha matonat! Uni o‘qiyapman-u o‘z onam ko‘z oldimda gavdalanadi. Onam-ku, asar qahramonidan biroz yosh, 1947-yilda tug‘ilgan, biroq, O‘zbekistonning barcha joyida hayot taxminan shunday edi.
Beixtiyor Abdulla Qahhorning “O‘tmishdan ertaklar”, Oybekning “Bolalik” asarlari esga tushadi, Xayriddin akaning ushbu asari ularning davomidek tuyuladi. Ota-onalar ne ko‘rgiliklarni ko‘rganiga, bolalarini tishida tishlab katta qilganiga shohid bo‘lar ekanmiz, bugungi hayotga qarab turib, qalbni shukr bilan birga, o‘kinch ham egallab oladi: asar qahramoni boshidan o‘tkazgan kunlar shunday ta’sirli, shunday jon achituvchi, bugunning avlodlari u sabr-bardoshning, u matonatning qadriga yetarmikan?
Asar qahramoniga – mushfiq-mushtipar Niso xolaga esa mehringiz oshadi, koshki diydorini bir ko‘rsaydim, yuragimdagi yaxshi so‘zlarimni aytolsaydim, deysiz.
Bu asar to‘qima hikoya emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri hayotdan olingan haqqoniy voqeadir.
Ajabo, bunday kuzatishlarga besh yil ketganmi, o‘n yilmi? Shuncha taqdirlarni barcha tafsiloti bilan, oilaning qavm-u qarindoshi, xesh-aqrabosining turmushigacha hikoya qilish osonmi? Bu yozuvchining o‘zigagina ayon sir.
Yana shunisi ham borki, kitobdagi hikoyalar – yuzlab shunday voqealar orasidan saralab olinganlari, ya’ni tanlanganlari bo‘lsa, u holda, to‘la asarlari qanaqa bo‘lar ekan?
Biz ushbu hikoyalarda yaqqol namoyon bo‘lib, ta’bir joiz bo‘lsa, har bir hikoyani ich-ichidan yoritib turgan sof o‘zbekona lutfga, o‘zbekona nurga bejiz urg‘u berayotganimiz yo‘q. Chunki o‘zbek tilida yozilgani bilan o‘zida o‘zbekona mazmunni aks ettira olmagan kitoblar ham ko‘p-da.
Xayriddin aka, shubhasiz, juda katta bilim va tajribaga ega ustoz adib. Ko‘pchilik u kishining anjumanlarda yoki suhbatlarda aytilgan bir og‘iz iborasini yoki o‘xshatishini gapirib yuradi. Yozuvchi ko‘nglida yana qanday asarlar yetilib kelayotganini bilolmaymiz.
Biroq umid shuki, muhtaram adibimizdan ko‘ngillarni his-tuyg‘ularga to‘ldirib yuboradigan bahorday, jazirama yoz mahali yetilayotgan mevalar larzoniday yoki tevarakni anvoyi hosillarga to‘ldirgan kuz tarovatiday, eng muhimi, haqqoniy o‘zbekona nur balqib turadigan yangi-yangi yorug‘ asarlar kutib qolamiz.
Isajon SULTON, yozuvchi
http://marifat.uz/marifat/ruknlar/manaviat/5369.htm
Сўнгги фикрлар