To’lqinlarda bog’langan oqibat rishtasi
Biz Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy Universiteti Jurnalistika
fakultetining 1-bosqich talabalari universitet rahbariyati, fakultetimiz ustozlari va biz uchun ham ustozdek bo’lib qolgan fakultetimizning 4-bosqich talabalari bilan kelishgan holda, universitetimiz bo’ylab uzatiladigan radioni tashkil etdik. Va uni “Talaba FM” radiosi deb nomladik. Radioda ustozlarimizning taklif va maslahatlari bilan biz – 1-bosqich talaba ijodkorlari efir vaqtlarini olib boradigan bo’ldik.
Radio haftaning olti o’quv kunida ikki vaqtda, ikki tilda ( o’zbek va rus tillarida) jonli efirda uzatiladigan bo’ldi. Efirlarimizdan “Salomlashuv soati”, “ Kun tarixi” saxifasi, “Kutilgan mehmon” dasturi, “Buni kim biladi?” viktorinasi, “Motivatsion daqiqa”, “Yurakka tashrif” va yana bir necha loyihalar joy olgan. Muhimi, bizning radio tashkil etish va uni yo’lga qo’yish uchun qilgan harakatlarimiz besamar ketmadi. Radiodagi xushovoz suxandonlar va ularning ajoyib saxifalari ushbu ilm maskanining ko’plab ilmi toliblari, talaba yoshlari qalbidan joy oldi. Ovoz to’qinlarimizni yo’lga qo’yish va dasturarimizni olib borish jarayonida turli vaziyatlarga duch keldik, ammo ularning barchasi bizga zavq, kuch, qiziqish berardi. Yotoqxonada uyushtirilgan ijodiy kechalar, radio ijodkorlarining o’zaro suhbat, muhokamalari ularni dildan yaqinlashtirdi. Jurnalistika fakulteti dekani Mahliyo opa Mirsoatova: “ bu jamoa – qalblari bir-biriga yaqin, ovozi to’lqinlar ichida mehr-oqibat rishtalarini bog’laydigan so’zlari bor jamoa”,- deganlaridek, bu jamoada qabi dunyoni o’zgartiraman, dunyoni go’zal qilaman deguvchi insonlar yig’ildi.
Universitetimiz karantin tufayli masofaviy ta’limga o’tgani uchun biz bugun radiosaxifalarimizni biroz muddatga to’xtatganmiz. Muhimi, bu maskan biz uchun erkin ijod maydoniga aylandi. To’g’ridan-to’g’ri beriladigan loyihalar-u suhbatlar ijodimizga ijod qo’shdi. Radioning, ustozlar ko’magining borligi bizni ruhlantirdi, kuch berdi, ichimizga sig’dirolmayotgan ijodimizni namoyon qilganimiz sari xalovat topdik, go’yo.
Bugun esa shu zavqli qiyinchiliklarni, bir-biri bilan mikrofon talashib, radiosaxifalarimizni qiziqarli tarzda olib boradigan suxandon do’stlarimizni sog’indik… Radioyimizni… Ovozimizdan ruhlanadigan tengdosh talaba yoshlarni… Ularning gohida sho’x qo’shiqlar payti tushgan raqslarini… Ayrim sabablar bilan vaqtdan kech qolsak, “Radiochilar nega chiqishmadikin?!” deya qidiradigan muxlislarimizni sog’indik…
Ne ham biz – birmiz, qalban birgamiz! Biz, albatta, qaytamiz. Balki, sizni ham suhbatlarimizga taklik etarmiz… Tayyor turing!
Muxlisa Abdujalilova,
Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy Universiteti
Jurnalistika fakulteti 1-bosqich talabasi
Сўнгги фикрлар