Birinchi o’zbek rektori

Maʼrifat yogʻdulari

Asr tengdoshi boʻlgan Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti tarixi zarvaraqlariga nomlari zarhal harflar bilan bitilgan ulugʻ siymolar juda koʻp. Nafaqat universitetimiz, balki, mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalari tarixida birinchi oʻzbek rektori sifatida yorqin iz qoldirgan shunday siymolardan biri – buyuk jadid bobomiz Munavvar qori Abdurashidxon oʻgʻlidir.

Qator manbalarda qayd etilishicha, murabbiy, maʼrifatparvar, adib, muharrir, jamoat arbobi, Turkiston jadidchilik harakati yetakchilaridan biri sifatida nom qozongan Munavvar qori Abdurashidxon oʻgʻli 1878-yilda Toshkent shahrining Shayx Xovand Tohur dahasi Darxon mahallasida mudarris oilasida tugʻilgan. U Toshkentdagi Yunusxon madrasasida oʻqigan, soʻngra tahsilini Buxoroda davom ettirgan va Toshkentga qaytgach, yana faoliyatini davom ettirgan.

Munavvar qori XIX-asrning oxiridan boshlab jadidchilik harakatlarida faol ishtirok eta boshladi. 1901-yilda oʻz hovlisida, keyinchalik Toshkentning turli dahalarida jadid maktablarini ochadi. Bu maktablar uchun 1907-yilda “Adibi avval”, “Adibi soniy” darsliklarini yaratadi. “Tajvid al-Qurʼon”, “Yer yuzi” singari qoʻllanmalarni tuzib, nashr etadi. Bolalar uchun qator sheʼriy va nasriy hikoyalar yozadi. 1909-yili Toshkentda “Jamiyati xayriya” uyushmasini tuzadi va “Turon” nomli jamiyatni ochadi.

1906-yilda dastlabki oʻzbek nashrlaridan biri “Xurshid” gazetasini chop etishda bosh-qosh boʻlgan Munavvar qori keyinchalik “Najot”, “Kengash” gazetalarida bosh muharrir, “Sadoyi Turkiston”da esa boʻlim muharriri boʻlib xizmat qiladi. U 1917-yil fevral inqilobidan keyin Turkistonda demokratik milliy davlatchilikni tuzish gʻoyasini ilgari surdi. Qoʻqonda tashkil topgan Turkiston Muxtoriyatini qoʻllab-quvvatladi. Shoʻro davrida u oʻzining ochiq maʼrifiy ishlarini va yashirin siyosiy harakatlarini davom ettirdi.

1918-yil aprel oyida Turkiston xalq dorilfununiga asos solinadi va 12 maydan bu oliy taʼlim muassasasi toʻla-toʻkis faoliyatini boshlaydi. Bu oʻlkada bunyod etilgan mazkur dorilfununning birinchi rektori etib saylangan Munavvar qori Abdurashidxon oʻgʻli oʻsha davr maʼrifati osmonida misoli bir quyosh boʻlgani baayni haqiqatdir.

Oʻtgan asrning 20-yillari oʻrtalarida milliy ziyolilarni taʼqib qilish kuchayishi natijasida Munavvar qori hamma lavozimlardan chetlashtiriladi. Biroq, Munavvar qori Abdurashidxon oʻgʻlini istiqlol gʻoyalaridan qatagʻon ham qaytara olmadi. U 1929-yilda qamoqqa olinadi va 1931-yil 23 mayda otib oʻldiriladi. Uning xoki Moskvadagi Vagankovo qabristonida ekanligi haqida matbuotda qator maqolalar yoritilgan.

Munavvar qori Abdurashidxonovning “Xotiralarimdan” nomli risolasi ulugʻ ajdodimizdan ajib bir merosdir. Unda 20-yillarda milliy-ozodlik va istiqlol uchun kurash olib borgan “Ittihodi taraqqiy”, “Birlik”, “Milliy ittihod” va “Milliy istiqlol” kabi oshkora va yashirin tashkilotlar tarixi yoritilgan.

Xotiraning birinchi qismi jadidchilikning maydonga kelishidan 1917 yil fevral inqilobigacha boʻlgan davrni oʻz ichiga oladi. Ikkinchisi, 1917 yil fevral-oktyabr, uchinchisi esa shoʻro davrini (1917-1929 yillar) qamrab olgan. Kitobning yozilish tarixi va joyi ham oʻzgacha. Munavvar qori uni 1929-1930 yillarda qamoqxonada boshi ustida siyosiy qatagʻonlik oyboltasi koʻtarib qoʻyilgan ayanchli bir paytda yozgan ekan. Tarixchi olim Sotimboy Xolboyevning yozishicha, bu risola milliy-ozodlik kurashi, milliy uygʻonishda maʼnaviy kuch-quvvat va ilhom manbai boʻlgan ijtimoiy-siyosiy, madaniy-maʼrifiy, milliy-demokratik harakat – jadidchilik faoliyati haqida ancha keng maʼlumot beradi.

Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan 2008 yilda chop etilgan “Moʻtabar ziyo maskani (1918-2008)” kitobida bu mavzuda keng maʼlumotlar berilgan. Chunonchi, Munavvar qori Musulmon xalq dorilfununini tashkil etish maqsadida 9 kishidan iborat tashkilot komissiyasini tuzadi. Unga Munavvar Qori (rais), Burhon Habib, Iso Toʻxtaboyev, Sodiq Abdusattorov, Murodbek, Murodxoʻja, Muxtor Bakir, Abdusami Qori Ziyoboyev va boshqalar kirgan edi. Komissiya Musulmon xalq dorilfununini ham ruscha Turkiston Xalq dorilfununi kabi uch bosqichda tashkil etadi: yuqori bosqich — dorilmuallimin (oʻqituvchilar instituti); oʻrta bosqich — oʻrta hunar maktablari; quyi bosqich — boshlangʻich maktablardan iborat boʻladi. 3 may kuni Musulmon xalq dorilfununi rahbariyatiga saylov boʻlib oʻtadi. Unda Munavvar Qori rais (rektor), Iso Toʻxtaboyev rektorning birinchi, Burhon Habib ikkinchi oʻrinbosarlari, Abdusami Qori Ziyoboyev xazinador, Muxtor Bakir sarkotib etib saylanadi.

1918 yil 12 may kuni Eski shahar dahasidagi Vikula Morozovning sobiq magazini binosi (hozirgi Oʻzbek yosh tomoshabinlar teatri)da Musulmon xalq dorilfununining tantanali ochilish marosimi boʻladi. Uni Munavvar Qori qisqacha kirish soʻzi bilan ochib, musulmonlar chorizm davrida rus yoʻqsillari bilan birgalikda yarim asr qullikda yashagani, bugungi ozodlik va tantana katta talofatlar bilan qoʻlga kiritilganligini aytadi. Shundan soʻng bu kurashda halok boʻlganlarga bagʻishlab, Qurʼoni Karimdan tilovat oʻqilib, fatvo beriladi.

Musulmon dorulfununi Munavvar Qori rahbarligida oʻz davrining katta bilim maskaniga aylanadi. U 15 demokratik madaniy-maʼrifiy tashkilot vakillaridan uyushgan 45 kishilik kengash tomonidan boshqariladi. Unda ishlovchi muallimlar soni 180 nafarga yetadi. Uning 1918 yil 31 maydan boshlab, “Xalq dorilfununi” gazetasi chiqadi. U dastlab haftada bir marta, keyin esa (5-sonidan boshlab) haftada ikki marta chiqadi. “Xalq dorilfununi” butun Turkiston oʻlkasi boʻylab tarqatilar edi. (Bu gazeta hozirgi “Oʻzbekiston Milliy universiteti” gazetasining oʻtmishdoshidir – mualliflar izohi).

1918 yil 2 iyun kuni Musulmon xalq dorilfununining yuqori bosqichi dorilmuallimin (oʻqituvchilar instituti) ishga tushadi. Unda Abdurauf Fitrat ona tilidan, Kamol Shamsi arifmetika va nemis tilidan, Rahimboyev arifmetikadan, Abdurahmon Ismoilov sanʼatdan, Rizayev madaniyat tarixi va siyosiy iqtisoddan, Munavvar Qori (dorilmuallimin mudiri – rektori ham edi) ona tilidan dars beradi.

Shu tariqa hozirgi Milliy universitetimiz poydevori qoʻyilgan.

Munavvar qori oʻzbek milliy teatri asoschilaridan biri sifatida ham katta obroʻ va eʼtibor topgan. U oʻz fikrdoshlari bilan ijodiy xamkorliqda 1914 yildayoq “Turon” truppasini tuzgan edi. Bu truppa besh yil faoliyat koʻrsatdi.

Munavvar qori yosh avlodni tarbiyalashga katta eʼtibor beradi. Ularga maʼnaviy otalik qiladi. Bu oʻrinda Hamza Hakimzoda Niyoziyning 1915 yilda unga yozgan xati diqqatga sazovordir:

“Assalomu alaykum! Maʼnaviy Qori otamiz hazratlarina!”

Ustoz esa oʻz shogirdi Hamzaga mehr ila yozilgan javob xatlaridan birida (1916):

«Hurmatli Hamza afandi!

Eshon va boylarning malʼun va ablahliklarini ochiqdan-ochiq “malʼun”, “johil”, “xoin”, “palid”, “nobakor” kabi soʻzlar ila emas, qilgʻon ishlarining yomonligi ila koʻrsatilsa yaxshi boʻlur edi»,– deb maslahat beradi.

Bu oʻrinda Munavvar qori badiiy ijodiyot sohasida Hamzaga juda toʻgʻri maslahat berishdan tashqari shu narsa aniq sezilib turibdiki, u dinga emas, balki, dindan oʻz manfaati yoʻlida foydalanayotgan dindorlarga qarshi boʻlgan. Munavvar qori butun xalq va ayniqsa yoshlarni imoni but boʻlish bilan birga oʻta xavfli dushman – ijtimoiy-siyosiy “yalqovlik” va “nodonlik”dan siyosiy faollik va milliy uygʻonishga chaqirgan edi.

Ming afsuski, bu ulugʻ zot shoʻro tarixida “xalq dushmani”, “millatchi” (bir millatni ikkinchisiga qarama-qarshi qoʻyish maʼnosida), “mahalliy burjuaziya ideologi” deb taʼriflab kelindi. Unga nisbatan yosh avlodda nafrat tuygʻusini uygʻotishga harakat qilindi.

Munavvar qori bor-yoʻgʻi 53 bahorni koʻrdi. Shundan 39 yili “inqilob”dan oldingi chorizm mustamlakachiligi azobi ostidagi bolalik, balogʻat va faollik davri boʻlsa, qolgan 14 yili qizil imperiya va lenincha qatagʻonlik siyosati tomonidan maʼnaviy xoʻrlanish zamoni boʻldi. Umrining oxirgi ikki yilida u harbiylashtirilgan siyosiy boshqarma qamoqxonalarida oʻz xalqi ozodligi va mustaqilligi uchun oʻlimga qarshi tik turib kurashdi. Bizlarga nasib boʻlgan siyosiy va milliy mustaqillik nashidasi uning uchun ulkan armon boʻlib qolsa-da, u bu yorugʻ kunlarning kelishiga komil ishonch bilan shahid oʻtib jannati boʻldi.

Markaziy Osiyoda yetakchi universitet hisoblangan bu oliy taʼlim muassasi rasman 1918 yil 12 mayda tashkil etilib, qator yillar turli nomlar bilan atalgan. Yaʼni, 1918 yilda Musulmon xalq dorilfununi, 1918-1919 yillarda Turkiston xalq universiteti, 1919-1923 yillarda Turkiston Davlat universiteti, 1923-1960 yillarda Oʻrta Osiyo davlat universiteti, 1960-2000 yillarda Toshkent Davlat universiteti deb yuritilgan.

1995 yil 14 sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent Davlat universitetiga Mirzo Ulugʻbek nomini berish toʻgʻrisida”gi Qarori eʼlon qilindi. Mazkur Qarorga binoan Toshkent Davlat universitetiga Sharqning buyuk olimi va mutafakkiri Mirzo Ulugʻbek (Muhammad Taragʻay Ulugʻbek) nomi berilgan.

Sobiq mustabid tuzum barham topgach universitetimiz buyuk ajdodimiz Mirzo Ulugʻbek nomini olishi zamirida olamcha maʼno mujassam. Bu koʻhna tariximiz, ulugʻ ajdodlardan qolgan bebaho meroslar, ilm-u maʼrifatga nisbatan adolatning tiklanishi, bu boradagi asl qadriyatlar tom maʼnoda qadr topishi edi.

Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 2000 yil 28 yanvardagi “Toshkent Davlat universitetiga “Oʻzbekiston Milliy unversiteti” maqomini berish toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan bu oʻquv dargohi “Milliy universitet” maqomiga ega boʻldi. Shundan buyon bu oliy taʼlim muassasi – Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti deb atalmoqda!

Bu ulugʻ dargohga keyinchalik turli yillarda Qori Niyoziy, Toshmuhammad Sarimsoqov, Obid Sodiqov, Sagʻdi Sirojiddinov, Erkin Yusupov, Toʻxtamurod Jo`rayev, Toʻrabek Dolimov kabi mashhur akademik olimlar ham rektorlik qilganlar. Shu tariqa universitetimizda oʻziga xos rektorlik maktabi ham yaralgan, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Soʻnggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti istiqboliga, uning ilmiy-maʼrifiy salohiyatini yanada oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratmoqda. Davlatimiz rahbari Milliy universitetimizga bir necha bor tashrif buyurib, qator istiqbolli gʻoyalarni ilgari surdilar. Mazkur gʻoyalar asosida navbatdagi yangi loyihalar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Buni birgina bugungi kunda OʻzMU hududi va Talabalar shaharchasida amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari misolida ham koʻrish mumkin.

OʻzMUda soʻnggi yillarda amalga oshirilgan xayrli ishlar haqida sanayversak, ancha salmoqli maʼlumotlar paydo boʻladi. Muhimi, Milliy universitetimizning ilm va maʼrifat yoʻlidagi istiqbolli yoʻli shu tariqa samarali davom etaveradi.

Bu ulugʻvor ishlar asr tengdoshi hisoblanmish Milliy universitetning tamal toshini qoʻygan birinchi rektorimiz – Munavvar qori Abdurashidxonov va boshqa ulugʻ siymolar ruhini shod etish barobarida bugungi avlodlar qalbida ham faxr-iftixor tuygʻusini joʻsh urdirib, ilmu-maʼrifatda yangi-yangi marralar sari ilhomlantirishiga ishonamiz.

Shavkat MIRALIMOV,

Toʻlqin ESHBЕK,

OʻzMU Jurnalistika fakulteti dotsentlari

19.02.2019

http://manaviyat.uz/news/view/713

Вам может также понравиться...

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *