Buyuk jasorat egalariga ta’zim
Vatan degan eng oliy tuyg’uni, uning erki va mustaqilligini barcha ne’matlardan
ulug’ ko’rish avlodlarning burchidir. Inson va millat tarixiy xotira bilan barhayotdir. Ayniqsa, o’tganlarning xayrli ishlarini yodga olmoq, qadrlamoq biz uchun ham farz, ham qarzdir. Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, “…buyuk g’alabani jasoratli insonlar ta’minlagan va biz, minnatdor avlodlar bu fidoiy yurtdoshlarimizni doimo ulug’laymiz, ularning beqiyos matonati va xotirasi oldida hurmat bilan bosh egamiz”
9-May – Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan Xotira va qadrlash kuni deb e’lon qilingan ushbu umumxalq bayrami mamlakatimizda keng biqyosda nishonlanadi. Ushbu kunda jang maydonlarida jasorat ko’rsatgan hamda front ortida xizmat qilgan bobokalonlarimiz ruhi xotirlanadi.
Mustaqillik yillarida bu kun tom ma’noda inson xotirasi va qadriga nisbatan adolatni tikladi. Dunyoda millionlab insonlarning yostig’ini quritgan, mislsiz to’ntarilishlarga va talafotlar olib kelgan Ikkikchi jahon urushi tarixdagi eng dahshatli urush bo’lganini hech kim esidan chiqarmaydi .Ushbu beshafqat kurashlarda xalqimizdan 1,5 milliondan ortiq inson ishtirok etgan bo’lsa, shularning yarim milliondan ziyodi halok bo’ldi. 1941-yilda aholisi 6 millionni tashkil qilgan Respublikadan 1,4 million kishi vatan himoyasiga yo’l olgan va ulardan 530 minggi o’z ona vatanlariga qaytmagan.
Kelajak avlod tinchligi va farovonligi yo’lida qurbon bo’lgan ajdodlarimiz bizning yorug’ kunlarga yetishishimizga o’zlarini aziz jonlarini ayamadilar. Zero bugungi osoyishtalik va farovonlikda ularning hissasi beqiyosdir.
O’zbek xalqining urush frontlaridagi harakati ,mamlakat ichkarisidagi fidokorona mehnati ikkinchi jahon urushi g’olibona tugallanishining bevosita tarkibiy qismi bo’ldi. Ko’p sonli qurbonlar evaziga bo’lsa ham o’zbek millati insoniyatni fashizm balosidan qutqarishda o’zining munosib hissasini qo’shdilar.
Urush. Son-sanog’i yo’q qirg’in –barot kunlarni insonlar yuziga soldi. Qanchadan qancha bolalar yetim qolib, qanchadan qancha oilalar o’z boquvchisidan ayrildi. Xalq tinchlik, to’qlik, farovonlik degan tushunchalarni sog’indi. Ona yurtimiz O’zbekiston qonli urush davrida metindek irodasi bilan matonat va qahramonlik ko’rsatdi. Ikkinchi jahon urushida bizning hududimizga bir millionga yaqin kishi evakuatsiya qilingan bo’lsa, shulardan 200 ming ziyodi bolalar bo’lgan. Bu norasida yetim bolalarni saxovatpesha xalqimiz o’z bag’riga oldi. Masalan, Toshkentlik temirchi Shomahmudovlar oilasi 14 nafar bolalarni panohiga oldi. O’z mehribonchiligini ayamagan bu insonlar yetimlarni o’z farzandlaridek ko’rib, ularga yaxshi ta’lim-tarbiya berdi. Tasavvur qilib ko’ringki, bu shafqatsiz janglar kechayotgan bir paytda hamma o’z-o’z bilan ovora, hamma yashab qolish va oilasi haqida qayg’urar edi. Shunday og’ir palla bo’lishiga qaramay o’zbek xalqi o’zining insoniylik burchlarini yo’qotmagan holda butun insoniyatga o’rnak bo’ladigan ishlarni amalga oshirdi. Yana bir qahramonlarimizdan biri Samarqandlik Samadovlar oilasi urush tufayli boshpanasiz qolgan yetim bolalarga marhamat ko’rsatdi. Hamid Samadov hali uylanmagan bo’lsa ham u 13 bolani farzandlikka oldi. Bu chinakam odamiylikning eng ulug’ cho’qqisidir. O’ylaymanki, bu insonlar bugun bizning qatorimizda yo’q ammo, ularning ishlari nafaqat biz, balki butun dunyo yuragida abadiy yashaydi. Va o’zbek xalqining bag’rikenglik ramzi bo’lib qolaveradi.
1999-yil Toshkentda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov boshchiligida Xotira maydoni barpo etildi. Unda “Motamsaro ona “ haykali, xiyobonning shimoli-janubida barpo etilgan ayvonga urushda halok bo’lgan o’zbekistonlik barcha jangchilarning ism-familiyasi yozilgan 35 jilddan iborat “Xotira” kitobi joylashtirildi. Shu yilning o’zida poytaxtimizda Ulug’ Vatan urushiga bag’ishlangan 47 ta yodgorlik qayta tiklandi. Hozir bu yodgorliklar yaqinida turli xil tadbirlar o’tkazilib kelmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan mamlakatda yoshi ulug’ insonlarga g’amxo’rlik ko’rsatish va e’tiborni kuchaytirish, ularning yaxshi yashashi uchun qulay sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda.Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga 7,5 milion so’m miqdorida pul mukofoti beriladi. Amalga oshirilayotgan ishlar ajdodlar bajargan ezgu ishlarga nisbatan minnatdorchilik va shukronalik belgisidir.
Hech shubhasiz aytishim mumkunki, biz eng baxtli avlodmiz. Bunda ajdodlarimizning hissasi beqiyosdir. Ona yurtimiz O’zbekistonning qadr-qimmati, or-nomusini asrab-avaylash, vahshiy dushman kuchlariga qarshi kurashlarda haqiqiy irodasini va mahoratini namoyon etib, osoyishta kunlar uchun bor kuchi bilan kurashgan ajdodlarimizning muqaddas xotirasini yod etish, ularning oliy va ezgu ishlarini davom ettirish biz uchun azaliy merosdir. Keling, birgalikda bobolarimiz barpo etib ketgan davlatni gullab- yashnashida, tinch –osuda bo’lishida o’zimizning hissamizni qo’shaylik. Aynan bizning harakatimiz davlatni olg’a undovchi kuchidir.
Malohat SHERALIYEVA,
O’zbekiston Milliy universiteti Xorijiy filologiya fakulteti 1-bosqich talabasi
Сўнгги фикрлар