Jurnalistika tarixi

7-mavzu. XIX ASRDA MATBUOT TEXNIKASINING RIVOJLANISHI

р2

ЎзМУ Журналистика факультети 3-босқич талабаларига «Жаҳон журналистикаси тарихи» фанидан маърузалар амалдаги икки алифбомизда тақдим этилмоқда.

Қадрли талабалар! Ҳар бир мавзуни эътибор билан ўқиб, 9-мавзу охирида тақдим этилган адабиётларни пухта ўрганинг. Сўнг, ушбу саҳифа адоғида билдирган фикрномаларингизга қараб Сизга балл қўямиз.

3

7-mavzu. XIX ASRDA MATBUOT TEXNIKASINING RIVOJLANISHI

Reja:

  1. Matbuot texnikasi;
  2. Qog‘oz sanoatining rivojlanishi;
  3. Bosmaxonalarning paydo bo‘lishi;
  4. Texnik taraqqiyot bosqichi;
  5. Bosish (chop etish), stereotiplik, rotatsiya, harf terish mashinalari;
  6. Fotografiyaning paydo bo‘lishi.

Dunyo miqyosida jurnalistika taraqqiyoti texnik vositalarning takomillashuvi va bosma mahsulotlarning ko‘payishi bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan. Bu asosan XIX asrda matbuot texnikasining rivojlanish davriga to‘g‘ri keldi. O‘sha davrda qo‘l mehnatidan mexanizatsiyalashgan jarayonga o‘tish matbuot texnikasi taraqqiyotining bosh yo‘nalishi edi. Tabiiyki, texnik taraqqiyot matbaachilik sohasining ham ravnaq topishida muhim omil bo‘ldi. Matbuot texnikasi – matbaa korxonasi bilan uyg‘un tushuncha. Matbaa korxonasini so‘zlashuv tilida «bosmaxona» deymiz. Bu korxonaning asosiy ishlab chiqarish vositalarini XIX asrda harf terish, sahifalash, bosma, ya’ni, chop etish mashinalar tashkil etgan. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, birinchi bosma dastgoh (stanok)ni nemis kashfiyotchisi Iogann Gutenberg 1441-1445 yillarda ixtiro qilgan. Uning noshirlik faoliyatining boshlanishidagi asosiy maqsadi – Bibliyani ko‘paytirish edi. Oradan bir necha o‘n yillar o‘tib shu dastgoh asosida tashkil etilgan bosmaxonalarda ilk gazetalar ham bosila boshladi.

XIX asrdayoq matbaachilik sohasini mexanizatsiyalashga urinishlar bo‘lgan. Shu nuqtai nazardan bu asrni «matbaachilikni mexanizatsiyalashtirish asri» deb ham atash mumkin. O‘sha davrda matbaa faoliyati bilan bog‘liq ikki muhim ish – harf terish va chop etish jarayonlarini mexanizatsiyalashtirish ustida ish olib borildi. Biroq bu darhol amalga oshavermadi. Asr boshida qog‘oz massasi qozondan qo‘l bilan suzib olinardi, so‘ngra u harakat qilib turgan elakka quyiladigan bo‘ldi. Natijada qog‘oz massasini tag moslama-polotnoda tekisroq yoyib, tezroq va osonroq presslash imkoni tug‘ildi. Shu tufayli ko‘p miqdorda qog‘oz ishlab chiqarishga yo‘l ochildi.

Qog‘oz sanoatining rivojlanishi. Matbuotni ravnaq toptirishda qog‘ozning ahamiyati haqida izohga hojat yo‘q. Xitoyda qog‘oz miloddan avval bambukdan tayyorlanardi. Yevropa va Osiyoda esa uni uzoq yillar davomida latta-puttalardan tayyorlaganlar. 1840 yilda nemis to‘quvchisi Sakson Keller yog‘ochdan qog‘oz hosil qilish texnologiyasini yaratdi. Shu tariqa qog‘ozni arzon va ko‘p miqdorda ishlab chiqarishning oson yo‘li topildi. Busiz, tabiiyki, jurnalistika ommaviylik hamda tezkorlik xususiyatiga ega bo‘lolmas edi.

Qog‘oz ishlab chiqarish borasida birinchi mexanizatsiyalashgan moslamaning loyihasi 1799 yilda fransuz muhandisi Lui Rober tomonidan tayyorlangan. Biroq bu mashinaning o‘zi bir necha yil mobaynida yaratildi. 1803 yilda ingliz konstruktori Donkon maxsus moslama bunyod etib, mashina yordamida qog‘oz olishni yo‘lga qo‘ydi. Bu mahsulotni ishlab chiqaruvchi mashinalar boshqa davlatlarda sal kechroq, aniqrog‘i, Rossiyada 1817 yilda, Germaniyada 1819 yilda, Amerikada 1827 yilda yaratildi. 1825 yili Angliyada birinchi temir yo‘lning ochilishi ham kommunikatsiya taraqqiyotida muhim bosqich bo‘ldi.

Qog‘oz ishlab chiqarish jarayonini takomillashtirishga qaratilgan texnik tafakkurning rivojlanishi har xil yo‘nalishda ko‘zga tashlanardi. 1805 yili angliyalik muhandis Jozef Bama aylanuvchan o‘qli qog‘oz ishlab chiqarish mashinasini yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Bu bilan o‘rama (rulon) qog‘oz olish imkoni tug‘ildi.

Bosmaxonalarning paydo bo‘lishi. Gazetalar bosib chiqarishni tezlashtiruvchi dastlabki moslamalardan biri – silindr bo‘ldi. Nemis muhandisi Fridrix Kyonig gazeta nusxalarini uzluksiz olishda yarim aylana bosma shakldan foydalanish borasida olib borgan izlanishlar samarali yakunlandi. 1811 yilda u aylanma silindrli bug‘ mashinasi yaratishga erishgan bo‘lsa, 1818 yilga kelib gazeta varag‘ining birato‘la ikki tomonini bosishga qodir juft silindrli mashinani barpo qildi.

1844 yili amerikalik Richard Xou esa birinchi rotatsiya bosma mashinasini yaratdi. Unda bosma shakllar silindrli valga joylashgan bo‘lib, valning aylanishi yordamida gazeta nusxalarining yanada tezroq olinishiga erishildi.

XIX asr o‘rtalarida Yevropada zamonaviy bosma vositalarning ksilografik iyerogliflar o‘rnini egallay borishi Xitoy jurnalistikasida ham o‘ziga xos voqelik bo‘ldi.

Asr o‘rtalarida Yevropada jurnalistika yanada jadal rivojlandi. Buni asosan ijtimoiy hayotning faollashuvi, insoniyat madaniyati darajasining o‘sishi taqozo etardi. Jurnalistikaga oid ixtirolar va texnika taraqqiyoti qator davlatlarda bir vaqtning o‘zida mustaqil ravishda rivojlanib bordi. Asrning birinchi yarmida faqat Angliyada turli zamonaviy harf terish mashinalarining 8 tasi qayd etilgan bo‘lsa, ikkinchi yarmida bunday ixtirolar soni 568 taga yetdi.

Berlinda yashovchi Georg Zigl 1851 yili toshdan litografik nusxa (ottisk)larni mexanizatsiya yo‘li bilan olishga erishdi. Bu litografik jarayonning takomillashuvi va ofset usulining ixtiro qilinishiga olib keldi. Shu yilning o‘zida turli rangdagi qadoqlangan materiallar o‘ylab topildi. 1854 yili linotipni eslatuvchi harf terish mashinasi yaratildi. Asl linotipning ixtirosiga esa hali yana 30 yil bor edi.

1853 yili Angliya va Amerika o‘rtasida telegraf aloqasi o‘rnatilib, Angliya qirolichasi jo‘natgan xabarni Amerika prezidenti shu vaqtning o‘zidayoq qabul qildi. Bunday tezkorlik jurnalistika faoliyatida haqiqiy yuksalish sari yana bir dadil qadam bo‘ldi.

Angliyada nashr etiladigan «Tayms» gazetasi 1814 yil 28 noyabrda «Bugundan boshlab gazeta odam qo‘li yordamisiz soatiga 1000 nusxada bosiladi, buni mashina amalga oshiradi», degan kengaytirilgan xabar bilan chiqdi. Shunday qilib, Gutenberg bosmaxonasi ishchisining tezligiga nisbatan bu davr matbaachisining mehnat unumdorligi bir necha o‘n ming marotaba oshdi. Ma’lumki, avvallari bosma harflar, so‘zlardan iborat katta hajmdagi matnlar elementlari qo‘lda bitta-bitta yig‘ib terilar edi. Albatta, bosmaxona mutasaddilari qo‘l mehnatini kamaytirish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga o‘sha vaqtlardanoq harakat qilib kelganlar. Bunda ular, masalan, reykalarga harflarni terib, matn tayyorlashni o‘rganish orqali birmuncha muvaffaqiyatlarga erishganlar.

Texnik taraqqiyot bosqichi. Matbaachilik jihozlari orasida bosma (chop etish) mashinasi alohida o‘rin tutadi. Uning tigel, tekis va rotatsiya xillari qo‘llanilgan. Bu mashinalar bosma qolip va qog‘ozni siquvchi sirtdan iborat edi.

Tigel mashinasida bosma qolip ham, siquvchi sirt ham yassi bo‘lib, unda blanka, muqova, bezaklar (illyustratsiyalar) bosiladi. XIX asrning 80-yillarida Peterburgda yaratilgan bunday bosma mashinalarning yengil tipdagi TS va ATS, og‘ir tipdagi TT-1 nusxalari ishlatib kelindi.

Tekis bosma mashinada bosma qolip yassi, siquvchi sirt esa silindr shaklida bo‘lib, u bezaklar va ko‘p bo‘yoqli bosma uchun mo‘ljallangan edi. MP, MPS, DPI, DPM, DDS, AP mashinalari shu turdagi mashinalar jumlasiga kiradi.

Rotatsiya bosma mashinasi ikki silindrdan iborat: ulardan biriga bosma qolib o‘rnatiladi, ikkinchisi unga qog‘ozni siqadi. Rotatsiya bosma mashinasida gazeta, jurnal, kitob, blanka va hokazo matbaa mahsulotlari chop etiladi. O‘tgan asrda yaratilgan GAU (gazetnыy agregat universalnыy) rusumli rotatsiya mashinalari to‘rt sahifali gazetani soatiga 100 ming nusxadan ko‘proq adadda bosa olardi.

Chop etish usuliga ko‘ra bosma mashinalarning qabariq bosma, tekis bosma va botiq bosma turlari bo‘ladi. Ular orasida maxsus qirqilgan qog‘ozlarga bosadigan, o‘ramli (rulonli) qog‘ozga chop etishga, bir, ikki va ko‘p bo‘yoqli tarzda bosishga, qog‘oz va polotnoning bir yoki ikki tomoniga chop qilishga mo‘ljallanganlari ham mavjuddir.

Bosish (chop etish) mashinalari. XIX asr boshida yassi bosma mashinaning ixtiro qilinishi zamonaviy matbaa ishlab chiqarishiga yo‘l ochib berdi. Yassi bosma mashinasi ilgariroq paydo bo‘lgani ma’lum. Qog‘oz ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mashina ham qo‘llanilardi.

Ba’zi mutaxassislar chex musavviri Karl Klichni botiq bosma usulining eng yaxshi ixtirochilaridan deb hisoblashadi. K. Klich 1878 yilda pigment qog‘ozni qo‘llash orqali tasviriy gravyurani ixtiro qildi. Bu ixtiro hozir ham keng foydalanib kelinayotgan botiq bosma nashrning texnik asosi bo‘lib qoldi.

Yassi bosma mashina nashr qilish jarayonini takomillashtirishga xizmat qildi. Bazellik noshir Fridrix Vilgelm Gaazning buyurtmasi bilan 1772 yilda dastgohning muhim qismlari temirdan (taxta o‘rniga) yasaldi, 1800 yilda esa lord Charlz Stenxup yaxlit metalldan dastgoh yaratdi. Bunda chop etish jarayoni kuchaytirilib, «bir varaq» bichimidagi qog‘ozning ikkita betini bir vaqtning o‘zida chop qilish imkoni tug‘ildi.

X.V.N.Dingler ismli ixtirochi 1820 yilda Svaybryukkenda «Vashington» dastgohini yaratdi; unda murvat (vint) egri shipli-shatunli mexanizmga almashtirilgan edi. Ishi mutlaqo boshqa prinsipga asoslangan yassi bosma mashinaning boshqa dastgohlardan farqi shunda ediki, u nashr qilish jarayonini tubdan o‘zgartirishga imkon yaratdi. Uni ham Fridrix Kyonig ixtiro qilgandi. 1774 yilda Eyslebenda tug‘ilgan bu ixtirochi 1794 yilgacha Leypsigda Breytkopfda tahsil olgach, matematika, mexanika va tabiiy fanlar bilan shug‘ullanadi va 1802 yilda Zulda bosma mashinani yaratishga kirishadi. Moliyaviy qiyinchiliklar unga loyihani amalga oshirishga imkon bermaydi. Leypsigda ham, Vena va Peterburgda ham qo‘llab-quvvatlanmagach, mablag‘siz Angliyaga kelib, vaqtincha kitob savdosi bilan shug‘ullanadi. Shunga qaramasdan, Kyonig bosma mashinani yaratish borasidagi izlanishlarini to‘xtatmadi. Nihoyat, Londonda tanishgani matbaachi-noshir Tomas Bensli bilan hamkorlikda va mexanik Fridrix Andreas Bauer (1783-1860) yordamida 1811 yili tigel mashinasini, 1812 yili bosma silindrli mashinani dunyoga keltiradi.

1790 yilda angliyalik Uilyam Nikolson silindrli bosma mashinaning chizmasini patentlab oldi, Kyonig esa mustaqil ravishda uning negizida amalda ishlaydigan konstruksiyani yaratdi. U avvaliga uchta bosqichli yassi bosma mashinani bunyod qildi. Bosma shakl har bitta bosqich davomida bir marotaba silindr tagidan o‘tishi natijasida bitta varaq bosilib chiqardi. Shundan so‘ng Kyonig ikki silindrli boshqa bir modelni yaratdiki, uning ishlab chiqarish quvvati ikki marotaba yuksak edi. 1814 yilda o‘zi yasagan ikki silindrli mashinalarni «Times» («Tayms») gazetasining asoschisi Jon Volterga taqdim etdi. U esa ixtirodan xursand bo‘lib, gazetaning butun adadini shu mashinada bir kechada bosib chiqararkan, gazetaning bosh maqolasini ham ushbu hodisaga bag‘ishladi. 1816 yilda Kyonig bir yo‘la qog‘ozning har ikki tarafiga bosa oladigan mashinani yaratdi. Shunday qilib, u barcha yassi bosma mashina turlarining ijodkori bo‘lib qoldi.

Kyonig o‘z sherigi Bensli bilan murosa qilolmay, Angliyani tark etdi va 1817 yilda Bauer hamkorligida Vyursburg yaqinidagi Obersell ibodatxonasi binosida ilk bor bosma mashinalarning nemis fabrikasiga asos soldi. Keyinchalik mashhur bo‘lib ketgan «Kyonig und Bauer» firmasiga ko‘plab texnikaviy qiyinchiliklarni yengib o‘tishga to‘g‘ri keldi.

1823 yilda u ikki tomonlama bosma uchun Berlinga yetkazib bergan birinchi mashinada «Haude und Spenersche Zeitung» («Haude und Shpenershe Saytung») gazetasi bosib chiqarildi. Ixtirochi 1827 yilda o‘z korxonasiga qog‘oz fabrikasini qo‘shib oldi. U 1833 yilda vafot etgach, Bauer firma faoliyatiga rahbarlik qilib, unda chiqarilayotgan mashinalarni doimiy ravishda yaxshilab bordi. Dunyoga dong‘i ketgan bu firma hozirgi kunda ham faoliyat ko‘rsatmoqda.

Stereotiplik. «Stereotip» grekcha so‘z bo‘lib, terilgan matnning metall, rezina yoki plastmassaga ko‘chirilgan nusxasi, bosma qolipi, degan ma’noni anglatadi. Bunday matn ko‘p nusxada bosish va qayta nashr etishda ishlatiladi. Stereotip nashr – tayyor bosma qolipda chiqarilgan nashrdir. Stereotipiya – stereotiplar tayyorlash va ulardan foydalanib, kitob va shu kabi matbaa mahsulotlarini bosish usuli, texnikasini anglatadi.

XV asrda qum qoliplarga quyib yasalgan bosma metall shakllardan foydalanilardi; XVI asrda bu usul gravyuralarning metalldan yasalgan nusxalarini yog‘ochga tushirishda qo‘llanildi. Faqatgina XVIII asrga kelib bosma matn shaklidagi nusxalarni yaratishga erishildi va bu «stereotipiya usuli» deb nomlandi. Bunday bosmani shotlandiyalik zargar usta Vilyam Ged topgan. U bosmadan gipsli qolip olib, qo‘rg‘oshin quygan. Olingan quymalar yordamida esa uning o‘g‘li 1739 yilda yunon tarixchisi Gay Krisp Sallyustiyning bayonlarini nashr etgan. Lekin bu usul keng tarqalmadi.

Lord Stenxup 1804 yilda Gedning gipsli stereotipiyasiga qaytdi va ushbu usulni takomillashtirdi. Lionlik harf teruvchi Klod Jenu 1829 yilda qog‘ozli matritsalar usulini patentladi. Bu usulda maxsus ishlov berilgan namroq karton varag‘i terilayotgan shakl ustiga qo‘yiladi-da, cho‘tka bilan qoqiladi yoki unga press yordamida yopishtiriladi. Natijada literalarning relefli birlashmasidan ko‘proq stereotiplar quyishda foydalansa bo‘ladi. Stereotiplashtirish rotatsiyali mashinada qo‘llaniladigan shaklni olishga imkon yaratdi.

Matnlarni botiq bosma usulida ham yaratish mumkin. Ushbu jarayonda fotografiya yordamida o‘yilgan bosma shakl yasaladi. Botiq bosmada matn ko‘pincha rasmlar bilan birgalikda bosib chiqariladi.

Rotatsiya mashinalari. Rotatsiya mashinasini yaratish borasida ixtirochilar uzoq izlanganlar. Izlanishlar XIX asrda o‘z samarasini berdi. Ayrim manbalarda bu mashina ixtirochilari V. Nikolson va F. Bauer deb e’tirof etiladi. Ba’zi ma’lumotlarda esa, 1860 yilda noshir va matbaachi Ogyost Godnyu matnni bir vaqtning o‘zida qog‘ozning ikki tomoniga bosadigan rotatsiya mashinasini yaratgani qayd etilgan.

Bu mashinaning afzalligi botiq bosma usulida tayyorlangan matndan va asosan suratdan sifatliroq nusxa olishga yordam berishidadir. Mashina ikki silindrli bo‘lib, bittasida bosma usulda nusxa olinadi, ikkinchisi esa, Kyonig mashinalarida bo‘lganidek, maxsus moslama gorizontal tekislikda orqaga-oldinga harakat qilishiga yordam beradi. Bosib chiqarilayotgan material aylanadigan silindrlarga beriladi va rolik silindr bilan baravar tezlikda aylanadi. Chop etilgan varaqlar mashinaning o‘zida kesiladi. Bu mashinalarda asosan gazetalar chop etiladi.

1866 yili Londonda «Tayms» gazetasi birinchi marta o‘ramli qog‘ozdan o‘sha rotatsiya mashinasida chop etildi. Bunday mashinaning ko‘rgazma modeli amerikalik J. Uilson tomonidan ixtiro qilingan. Unda aylanuvchi o‘q (val) qog‘ozning uzluksiz kelib turishini ta’minlardi. Natijada soatiga 14000 nusxagacha gazeta chop etish mumkin bo‘lib qoldi. Ayni o‘sha «Tayms» gazetasi 1814 yilda bir soatda 1000 nusxada chiqarilganiga e’tibor bersak, qanchalik yuqori tezlikka erishilganligini anglash mushkul emas. Rotatsiya mashinasi ofset va botiq bosmada ham qo‘llaniladi. Ixtirochi Avgust Eppleget 1846 yilda «Tayms» gazetasi uchun soatiga 12000 ottiska (gazeta, jurnal, kitob sahifalaridan nusxa) bosib chiqara oladigan ilk mashinani yaratdi.

«Tayms» gazetasi egasining buyurtmasi bo‘yicha amerikaliklar Richard Xoe va Uilyam Bullok hamda fransuz Ippolito Marinonilar ikki tomonlama bosmaga ixtisoslashtirilgan «Volter bosma mashinasi»ni yaratishdi. Uning konstruksiyasi keyinchalik boshqa zamonaviy modellarga ham asos bo‘lib xizmat qildi.

Davr o‘tishi bilan bosma mashinalar yanada takomillashtirila borildi. 1872 yilda rotatsiya mashinasini ishlab chiqargan «Mashinenfabrik Augsburg-Nyurnberg», «Kyonig va Bauer», «Gummel» nemis firmalari o‘sha vaqtda ulkan ishni qoyillatganlar. Zero, ular ikkita bichimda bosib chiqaruvchi modellarni yaratgan edilar. Endilikda turli hajmdagi gazetalar eng yuqori tezlikda ana shunday mashinalarda chop etilmoqda.

Hozirgi vaqtda ham ayrim mamlakatlarda kichik bichimli va kamroq adadli gazetalar yassi bosma va rotatsiya mashinalaridan tashqari tigelli bosma mashinalarda chop etiladi.

Qo‘l bilan boshqariladigan bunday dastak («Bostonka») 1830 yilda Bostonda Oyzek Adam tomonidan yaratilgan. Unda bosma shakl vertikal negizda o‘rnatilgan bo‘lib, burchak tagida boshlang‘ich holatdagi qog‘oz bilan parallel ravishda o‘rin almashadi va butun yuzasi bilan unga zich yopishadi. Mexanik yo‘sindagi bu dastak avtomatika tizimlari bilan jihozlangan edi.

Harf terish mashinalari. Yassi bosma mashina paydo bo‘lgach, chop etish jarayonlari tezlashgani ma’lum. Endi harf terish mashinasiga ehtiyoj paydo bo‘lgandi. Bu ixtirochilar oldiga qiyin muammolarni kundalang qo‘ydi, chunki harf terish mexanizatsiyalashgach, masalan, satr o‘chirishdagi hisob-kitoblarni amalga oshirish bilan bog‘liq qo‘l bilan bajariladigan amaliyotlar ham muammoga aylandi.

Bu jarayonni XVII asrning o‘zidayoq takomillashtirishga urinishlar bo‘lgan. XVIII asrda eng ko‘p takrorlanadigan bo‘g‘in va so‘zlarni bitta yaxlit qismdek quyish g‘oyasi ilgari surildi.

Angliyalik Genri Jonson 1778 yilda logotip deb atalgan bu usulda tajribalar o‘tkazib, patent oldi va uni «Tayms» gazetasini terish uchun qo‘llagan Jon Volterga sotib yubordi. XIX asrda venalik harf teruvchi Leopold Vays ishlatgan logotip ancha mukammal edi. XX asrgacha logotiplardan foydalanib kelindi. Shu bilan birga qo‘l bilan harf terishni mexanizatsiyalash yo‘lida qat’iy sa’y-harakatlar qilindi.

Harf terish jarayonini mexanizatsiyalashga urinishlar 1783 yilda boshlandi. Qator yillar mobaynida 200 ga yaqin ixtirochi shu ish bilan shug‘ullandi. 1822 yilda angliyalik Uilyam Chyorch birinchi harf terish mashinasiga patent oldi. Bu mashina faqat harf terishnigina ta’minlardi, o‘chirish avtomatik ravishda amalga oshirilar, qayta buzib-sozlash uchun alohida apparat mavjud edi. Unda harf terish kamida uch ishchini band qilardi.

Bosmaxonada ishlagan birinchi harf terish mashinasi 1840 yilda angliyalik J. Yung va A. Delkambromlar tomonidan patentlangan «Pianotip» bo‘ldi. Bu mashina ixtirochisi aslida G. Bessemer (1813-1898) ekanligi haqida ma’lumotlar bor. O‘sha davr bosmaxonalarida ixtirochisi nemis tijoratchisi Karl Kastenbayn bo‘lgan harf terish mashinasi ham qo‘llanilgan. Ba’zi ma’lumotlarga qaraganda, bu ixtiro asli parijlik bir harf teruvchi (ismi sharifi noma’lum) tomonidan boshlangan. U bilan hamkorlik qilgan Kastenbayn sherigi vafotidan so‘ng ishni poyoniga yetkazgan va shu bilan mashina uning nomi bilan ataladigan bo‘lgan.

Kastenbayn 1869 yilda patent olgach, harf teruvchi mashinalarni yasash bo‘yicha ustaxonaga asos soldi va 1871 yilda «Tayms» gazetasi uchun harf terishda 1908 yilgacha qo‘llanilgan birinchi mashinalarni xarid qildi. Bunday mashinalar Yevropa mamlakatlari va Amerikada ham ishlatib kelindi. Lekin ularda harf terish apparati klaviatura yordamida ishlar, avtomatik ravishda o‘char, ammo yig‘iladigan apparat tezlik bobida harf teruvchi apparatga bas kela olmas edi. Bu kamida uch-to‘rt ishchi xizmat ko‘rsatib turishini taqozo etardi.

Amerikalik muhandis Uilyam Torn 1880 yilda yaratgan harf terish mashinasi esa ishchi kuchini unchalik ko‘p talab qilmasdi. Avtomatik tarzda ishlaydigan harf terish mashinasini bunyod etishda Torn daniyalik Kristian Syorensenning ixtirosini qo‘lladi. Bu mashinada yig‘ish-yoyish jarayoni mexanizatsiyalashganligi bois unga xizmat ko‘rsatishda faqatgina harf teruvchi va qator (satr)lar o‘chirilishini amalga oshiruvchi operator zarur edi. Mashina soatiga 6000-7000 belgi terish tezligi bilan ishlardi. Ushbu model muvaffaqiyatli chiqqach, matbuot yanada ravnaq topishiga xizmat qilgani shubhasiz. Ixtirochi-muhandislar harf terish mashinasini takomillashtirishga qaratilgan izlanishlarini davom ettirdilar. Endi ular ishchi kuchini yanada «tejash», ya’ni, faqat bitta odam xizmat ko‘rsatadigan harf terish mashinasini yaratish ustida ish olib bordilar.

Harf terish mashinasi matbaa korxonasida asosiy ashyolardan biri hisoblanadi. XIX asr boshlarida harf terish mashinalari matn satrlarini ayrim litera (harf)lardan terishni mexanizatsiyalashga imkon berdi. 1822 yilda ingliz ixtirochisi U. Chyorch klaviaturali harf terish (literonabor) mashinasini yaratdi. 1866-1867 yillarda rus ixtirochisi P. Knyagininskiy «avtomat-harf teruvchi»–perfolentali programma asosida boshqariladigan harf terish mashinasini yaratish ustida ish olib bordi.

Harf terish mashinalari – linotip va monotip yaratilgach, XIX asr oxirlarida keng qo‘llanila boshladi. Rivojlanish bosqichiga kirgan bir qator mamlakatlarda bosmaxonalar shu tufayli jadallik bilan ishlab, juda ko‘p nusxalarda gazeta va kitoblar chiqarishga erishdilar. Bu nashrlar keng omma orasida tarqalib, odamlar ongi va tafakkuriga ta’sir etib borardi. Foto usulida harf teruvchi mashinalar yaratilishidagi dastlabki qadamlar ham xuddi shu davrga to‘g‘ri keldi va matbuot texnikasi taraqqiyotidagi ushbu yangilik matbaachilik ravnaqiga ulkan hissa bo‘lib qo‘shildi. Bu davrda harf terish mashinalari asosan uch xilga bo‘linardi, ya’ni: terish-quyish, terish-yozish va fototeruvchi mashinalar. Harf terishdek eng mashaqqatli ishning oddiy qo‘l mehnati o‘rniga bu tariqa mexanizatsiyalashgani o‘ziga xos taraqqiyot bosqichi edi.

Nikolay Bogdanov va Boris Vyazemskiyning «Spravochnik jurnalista» kitobida qayd etilishicha, ham harf terib, ham satr quyuvchi mashina haqidagi g‘oyani birinchi bo‘lib rus ixtirochisi I. N. Livchak ilgari surgan. Bu ishi uchun u Angliyadan patent ham olgan. 1884 yili nemis ixtirochisi Oppengeym Mergentaler Amerikada shu taklif asosida mashina yaratdi va u «linotip» nomini oldi. Mergentalerning linotip mashinasi soatiga 6000 belgi (harf, tinish belgilari va h. k)ni terishga imkon yaratdi. Qo‘lda harf terish tezligi o‘sha vaqtda soatiga 1400 belgini tashkil etar edi.

Linotipning ixtiro qilinishi jurnalistika texnikasi tarixidagi tub burilish bosqichlaridan biridir. Bu mashina amaliyotda keng qo‘llanildi. Unda ishlash uchun faqat bitta odam – harf teruvchigina talab etilardi, matritsalar ixtisoslashtirilgan kanalli magazinda joylashtirilgandi. Ushbu usulda har bitta belgi uchun bir nechta qatorlarni terish zarur bo‘lgan matritsalar kerak. Klavishaga bosishda matritsalar yig‘uvchiga yuboriladi va u yerda qatorga teriladi. So‘zlar orasida klaviaturadan boshqariladigan o‘chirish unsurlari qo‘yiladi. Satr terilganidan so‘ng matritsalarga quyib chiqiladi. So‘ngra satrlar quyiladi va ular avtomatik ravishda qirqilib, burchakka chiqariladi. Shpona (klin)lar va matritsalar ham avtomatik ravishda boshlang‘ich holatga keltiriladi.

Linotip gazeta materiallari matnini terishda qo‘llanila boshladi. Bu ixtirodan keng foydalanish maqsadida 1891 yilda «Mergentaler-Laynotayp Kompani» tashkil qilindi. Kompaniya Berlin va Parijda sho‘‘ba korxonalariga asos soldi va o‘z mahsulotlari bilan bozorni egalladi. 1890 yilda J. Rojers va F. Braytonlar tomonidan patentlangan satr quyuvchi «Tipograf» mashinasigina uning bilan raqobat qilardi. Shuningdek, satr quyuvchi «Intertayp» va «Monolayn» mashinalari ham mavjud edi. Harf terish vazifasini hal qiladigan model bu – harf teruvchi va harf quyuvchi mashinadir.

Harf terish yanada takomillashtirilgan «Monotip» mashinasini 1897 yilda amerikalik muhandis Tolbert Lanston (1844-1913) yaratgan. Matritsa va satr quyishni alohida bosqichlarga ajratish g‘oyasini ilgari surgan ingliz olimi bu ixtirosi bilan dovruq qozondi. Yangi mashina alohida ishlaydigan klaviatura va harf quyuvchi apparatdan iborat edi. Klaviaturada terilayotgan matn qog‘oz tasmasida teshikchalar kombinatsiyasi turida kodlashtiriladi.

Perfolenta quyuvchi apparat matritsali ramka harakatini boshqaradi, ramka 225 ta holatni egallaydigan quyuvchi shakl ustida o‘rnatiladi. Satr avtomatik ravishda o‘chirilishi mumkin. Monotipda turli harf, belgi (shrift)larni aralashtirsa bo‘ladi. Shu bois bu usul maxsus va ilmiy adabiyotlarning qiyin turlarini terishda qo‘llaniladi. Linotip singari ushbu mashina ham jahon miqyosida tan olingan.

Davrlar silsilasida ko‘p kashfiyotlar, ixtirolar yaratilgan. Matbuotni tobora ravnaq toptirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar mudom davom etgan. Harf terishning turli qulay usullarini yaratish ustida izlangan ixtirochilar bu boradagi yangiliklarni amaliyotda qo‘llab kelganlar. Ancha vaqt mobaynida ular telegraf va telefon orqali matnlarni masofaga uzatish borasida ishlashdi. Ofset bosma va rakelli botiq bosmaning yangi usullari paydo bo‘lishi ixtirochilar oldiga harf terish jarayonini takomillashtirish masalasini qo‘ydi. Ushbu usullar yordamida matnni ko‘chirishda metall harflar terishga ehtiyoj qolmadi. Bu vazifa foto usulida harf teruvchi mashinaning paydo bo‘lishi bilan hal etildi.

Fotografiya usulida harf terish g‘oyasi 1894 yilda vengriyalik ixtirochi Ye. Porselt tomonidan ilgari surilgan edi. Biroq bu mashinani birinchi bo‘lib 1895 yilda Rossiyada V. Gassiyev yaratgani haqida ham ma’lumotlar bor. Fototeruvchi mashinani 1915 yilda Myunxen bosmaxonalaridan birida ixtirochi Adolf Myuller yaratgani qator manbalarda qayd etilgan. U quyuvchi apparat o‘rniga fotokamera o‘rnatiladigan linotipdan foydalanmoqchi edi. O‘sha davrda patenti amalga oshmagani sababli ish bir oz muddat to‘xtagan bo‘lsa-da, bu muammo ixtirochilar nazaridan chetda qolmadi. Keyinchalik fototeruvchi mashinalar amaliyotda keng qo‘llanila boshladi.

Ikkinchi jahon urushidan keyin bunday mashinalarni yaratish ancha jadallashdi. Bunda proyavka qilingan, ya’ni, tasviri oydinlashtirilgan negativdan pozitivli yassi bosma shakl tayyorlanadi. Fototeruvchi mashinalarning zamonaviy modellari yaratildi. «Fotosetter», «Intertip», «Monofoto», «Monotip» kabi harf teruvchi mashinalar mutlaqo boshqa prinsipga asosan ishlardi. Ularning terish tezligi soatiga 40000 belgiga teng. Ushbu mashinada esa bir vaqtning o‘zida bir nechta xil shriftlardan foydalanish mumkin. Fototerish texnikasini o‘sha davrda hattoki qo‘lda harf terish sohasida ham qo‘llashga urinishlar bo‘lgan.

Fotografiyaning paydo bo‘lishi. Fotosuratlar ixtirosi ham uzoq tarixiy yo‘lni bosib o‘tgan. XV asr oxirida buyuk olim Leonardo da Vinchi rasm ishlab chiqarish moslamasi – kamera-obskurani tasvirlab bergan edi. XVI asr o‘rtalarida bu asbob mashhur italiyalik Jovani Batista tomonidan takomillashtirildi.

Surat (fotografiya) chiqarish moslamasining ixtiro qilinishiga rus diplomati A. P. Bestujev-Ryumin va nemis olimi Iogann Shulslar ham hissa qo‘shganlar. Shunday bo‘lsa-da, fransuzlar Neps va Dager, shuningdek, ingliz Talbot surat ishlash (fotografiya)ning bosh ixtirochilari hisoblanadi.

Iste’fodagi napoleonchi zobit Jozef Neps (1765-1833) ko‘p yillar davomida geliografiyani («nur bilan yozish» ma’nosini anglatadi) hosil qilish borasida tajribalar olib bordi. Uni suratga olish deb atagan Neps 1816 yildayoq yaxshi natijalarga erishdi. 1826 yili Neps yorug‘lik nurlari orqali gravyuraning nusxasini tayyorlashga muvaffaq bo‘ldi. Shu tariqa birinchi yangi reproduksiya yaratildi. Nepsning bu va boshqa ixtirolarini tasdiqlovchi hujjatlar deyarli 100 yil nom-nishonsiz qolib ketdi. Biroq uning ixtirosi haqida zamondoshlari yaxshi bilar edilar. Fransuz Lui Dager (1787-1851) ko‘p yillar davomida yorug‘lik tasvirini kamera-obskurada mustahkamlashga harakat qildi. U Neps bilan birgalikda bir necha bor tajribalar o‘tkazdi. Neps vafotidan so‘ng Dager o‘z tajribalarini 1838 yil 28 aprel kuni yakunlagach, «Men o‘z jarayonimni «dagerotip» deb atadim», degan edi.

1839 yil 7 yanvar kuni Parij akademiyasi kotibi Argo akademiyaga Dagerning kashfiyoti haqida xabar berdi. O‘sha kun – fotografiyaning tug‘ilgan kuni deb e’lon qilingan. Mazkur ixtirolari uchun Dagerga va Nepsning merosxo‘rlariga Fransiya parlamenti tomonidan alohida g‘amxo‘rliklar ko‘rsatiladi. 1839 yili Argo bergan xabardan voqif bo‘lgan ingliz olimi Uilyam Talbot (1800-1877) kamera-obskurada olingan tasvirni mustahkamlash usulini topganini ma’lum qildi. Neps va Dagerning ixtirolari bilan yaxshi tanish Talbot 1835 yili o‘z dalahovlisining tasvirini olishga muvaffaq bo‘ldi. Bunda tasvirni hosil qilish vaqti 30 daqiqaga cho‘zildi.

Talbot o‘z ixtirosini «kalotipiya» («kalos»– go‘zallik) deb atadi. U tasvirni oldindan yorug‘likka sezgir eritma qatlami bilan to‘yintirilgan qog‘ozda hosil qildi. Shu tariqa tasvir aksini hosil qiluvchi (proyavitel) va uni mustahkamlovchi (zakrepitel) orqali ishlanadigan qog‘oz-negativ dunyoga keldi. Mazkur qog‘ozga negativlardan olingan tasvirning haqiqiy aksi chiqariladi. Kalotipiya zamonaviy suratga tushirishning poydevori bo‘ldi.

Fotografiyaning yaratilishi katta voqea edi. O‘sha davr odamlari bu kashfiyotni hayrat ila kutib oldilar. Ayrim rassomlarga esa shunchalik alam qilgan ediki, musavvir Pol Delarosh: «Bugundan boshlab rassomlik o‘ldi!» deyishdan tilini tiya olmagandi. Taraqqiyot esa o‘z ishini qilardi. Oldin badavlatroq, keyincha o‘rta daromadli kishilar linza, kamera va yorug‘likka sezgir moslamalar sotib ola boshladilar. Ular turli ob’ektlarni soatlab tasvirga tushirar, garchi olingan suratlar xira, noaniq bo‘lsa-da, bundan rosa zavqlanar edilar.

Birinchi marta suratga tushirish bilan jiddiy shug‘ullangan fotograf-dagerrotipistlardan fransuz Ippolit Bayer, Ippolit Fizo, Antuan Klode, Sharl Shevalslarning ham nomlari tarixda qoldi. O‘sha kezlarda Rossiyada tasvir hosil qilishning yangi usuli «yorug‘lik sezuvchi», «yorug‘lik yordamida yozish» kabi nomlarni olgandi.

Fotografiya sohasini yanada takomillashtirish borasida uzoq yillar izlanishlar olib borilgani sir emas. 1868 yilda birinchi sun’iy yorug‘lik yordamida suv osti manzaralari va tabiatning rangli fotosurati olingani ko‘pchilikni hayratga soldi.

O‘sha yillarda tasvirni gazetaga tushirish borasida yana bir ixtiro paydo bo‘ldi. Ma’lumki, fotografik bo‘lmagan bezak (illyustratsiya)lar (chizilgan rasm, grafika va boshqalar) tasvirni negativdan bevosita bosma shakl ustiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri proyeksiyalash orqali hosil qilinadi. Lekin bu usulda tasvirning to‘q rangli bo‘lmagan oq-qora qismini, aniqrog‘i, nim tusni tasvirlashning iloji yo‘q edi. Jurnalistikada keng tarqalgan bunday nim tusli tasvirlar (qabariq bosma yoki ofset usulida) ko‘pchilikni tashkil etadi. Bu yerda proyeksiyaning boshqa aniqroq usuli zarur bo‘ldi.

Bunday usulni myunxenlik gravyurachi Georg Myozebax 1801 yilda kashf etdi. U tasvirni klishega rastr orqali o‘tkazishga erishdi. Rastr – bu tasvirni kichik nuqtalarga ajratuvchi to‘rdir. Nuqtalarning tekislikdagi ko‘rinishi esa har xil, oppoq yoxud tim-qora rangda. 1 kvadrat santimetrda bir necha yuztalab nuqtalar joylashishi mumkin. Bunday rastr istalgan ko‘rinishdagi suratni hech qiyinchiliksiz uzata oladi. Rastr yordamida bajariladigan klishe juda ko‘p rastrli nuqtalardan iborat va murakkab tusli tasvirni ham bosishga imkon yaratadi. O‘sha davrdayoq bu ixtironing umrboqiyligi haqida aytilgan bashoratlar nechog‘li to‘g‘ri bo‘lib chiqayotganini vaqt ko‘rsatmoqda.

Jurnalistika sohasida keng qo‘llaniluvchi bo‘yoqlarga kelsak, XIX asrga qadar musavvir va muhandislar qadim zamonlardan o‘simlik va yer pigmentlaridan tashkil topgan tabiiy bo‘yoqlardan foydalanishgan. Faqat XIX asrda tabiiy bo‘yoqlar o‘rnini sun’iy bo‘yoqlar egallay boshladi. Ular asosan turli tuzlar, kislota va boshqa kimyoviy moddalardan iborat bo‘lgan. Bo‘yoq ishlab chiqarishdagi bunday usullar takomillashib boravergach, tabiiy bo‘yoq yaratish borasidagi donishmandona kashfiyotlar unutilib ketdi.

1843 yili Londondagi Viktoriya va Albert muzeyi hamda «Albertxoll» nomli mashhur konsert zalining asoschisi ingliz Genri Koul o‘zining ko‘p sonli tanishlariga bayram tabriknomalarini bosmaxonada chop etishni o‘yladi. O‘shanda faqat imzo qo‘yish qolardi, xolos. Shu tariqa tabriknoma varaqchalari paydo bo‘ldi. Jon Xorsli qo‘lda rasmlar chizib, 1000 nusxa ko‘chirilgan ushbu tabriknomalar litografiya usulida bosilgan edi.

Kitob noshirligi va matbaa-nashriyot firmalari. Aslini olganda, kitob va davriy nashrlar noshirligi uzoq o‘tmishga borib taqaladi. 1992 yilda Stokgolmda chop etilgan Bibliya kitobida shunday satrlarni o‘qish mumkin: «Bibliya dunyodagi birinchi bosma kitobdir. «Gutenberg Bibliyasi» 1452-1455 yillarda bosilib chiqqan». Demak, kitob noshirligini rivojlantirishga bo‘lgan intilishlar asrlar davomida o‘z samarasini berib kelayotir. Biz esa ushbu bobda XIX asrda kitob va davriy nashrlar noshirligi sohasidagi matbaa texnikasi qay yo‘sinda ravnaq topgani haqida hikoya qilamiz.

Ma’lumki, bu asr boshlarida kitob chop etish deyarli hunarmandlik darajasiga yetdi. Ya’ni, durdona asarlar qo‘li gul hunarmandlar tomonidan kitob shaklida chiqarilardi. Texnika taraqqiyotisiz bunday kitoblarni ko‘p nusxada chop qilish mushkul edi. Yangi mashinalar va fotomexanika usullari ixtiro etilishi va joriy qilinishi bilan bu sohadagi taraqqiyotning yangi bosqichi boshlandi. Texnika yutuqlari zamonaviy kitob, jurnal va gazetalar nashrini takomillashtirdi. Bosma davriy nashrlar ishlab chiqarish boshqa yo‘nalishlar bilan bab-baravar qadam tashlardi. Bu sohadagi yangi mashinalar nafaqat mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirishga, ayni vaqtda arzonlashtirishga ham xizmat qildi. Natijada davriy nashrlar savdosi ommaviy tus oldi. Bosmaxona, matbaa korxonalari sanoat rivojlanishining bir qismi bo‘lib qoldi.

1867 yilda «Reklam» nashriyoti tomonidan ommabop kitoblar bosib chiqarilardi. XX asr boshida Inzel-Ferlag nashriyoti chop etgan kitoblar o‘sha davr talablariga muvofiq bezatilar edi. Bu davrda kitoblarning badiiy bezagiga alohida e’tibor berilishi kitobxonlar soni tobora ko‘payishiga xizmat qilardi. Kitob noshirligi insoniyat tarixida buyuk solnoma bo‘lib qoldi. Ma’naviy durdonalarni keng ommaga yetkazish va kelgusi avlodlarga meros sifatida qoldirishda, qo‘yingki, o‘tmish va kelajakni abadulabad bog‘lovchi buyuk vosita bo‘lmish kitoblar qadr-qimmatini ongli va tafakkurli xalq anglab yetgandi. Shunga yarasha kitob va shu kabi to‘plamlarga ehtiyoj orta bordi. Buni to‘g‘ri tushungan noshirlar hamda matbaachilar kitobxonlarning ehtiyojlarini hisobga olgan holda ish tutdilar. O‘sha davrda boshlangan bunday xayrli ishlar hozirga qadar davom etib kelayotir.

XIX asr boshida matbaachilik sohasi ravnaq topishi texnikaning jadal rivojlanishi bilan bog‘liq edi. Fotomexanika ixtiro etilishi o‘ziga xos taraqqiyot bosqichiga zamin yaratdi. Bu asr nafaqat texnika taraqqiyoti, balki ilm-fan asri sifatida ham tarix zarvaraqlariga muhrlandi. Ko‘plab fanlar qatori o‘sha davrda tarixga oid hamda tabiiy fanlar ham rivojlangani e’tiborga molik. Bu esa o‘z davrining nodir kitoblarida ham aks etgan. Masalan, «Monumental Germaniaye historica» («Germaniya tarixi yodgorliklari»), aka-uka Grimmlar tomonidan yaratilgan «Nemis lug‘ati» va turli ensiklopediyalar haqida shunday deyish mumkin.

Bu kitoblar bir oz ko‘rimsiz bo‘lsa-da, o‘sha davr ma’lumotlarini kelajak avlodlarga yetkazishda juda muhim o‘rin tutardi. Payti kelib eng taraqqiy etgan texnologiyalar vositasida bu kitoblarni nihoyatda sifatli, ko‘rkam holda istalgancha chop etishga puxta zamin yaratildi.

Germaniyada kitob nashr qilish markazlari orasida Leypsig yetakchi o‘ringa ega bo‘lib kelgan. Zero, o‘sha davrda Berlinda noshirlik jadal sur’atlar bilan rivojlangani bamisoli kelajakka qo‘yilgan bir narvon edi.

1872 yilda Londonda bo‘lib o‘tgan matbaa mahsulotlari ko‘rgazmasida matni 356 tilda yozilgan kitob namoyish etildi. Kitob rus hunarmandlari tomonidan tayyorlangan edi.

XIX asrda noshirlik korxonalari ravnaq topa boshladi. Germaniyada bu firmalar asosan Leypsig, Mayndagi Frankfurt, Shtutgart, keyinchalik Berlinda ham joylashdi. Leypsigdagi «Breytkopf und Gertel» firmasi musiqaviy adabiyotlar nashr etishda jahonga mashhurdir.

Karl Kristof Tauxnits 1797 yilda bosmaxonasiga nashriyotni va «satr quyish» uskunasini qo‘shib olib, noshirlik firmasini tashkil qildi. 1816 yilda u Germaniyada stereotipiyani joriy etgach, mumtoz asarlarni nashr qilishga kirishdi. Tauxnits alohida e’tiborga molik asarlarni nashrdan chiqarishga juda qiziqardi. Alalxusus, uning tashabbusi bilan Qur’oni karim ham stereotiplar vositasida bosmadan chiqarildi. O‘zining so‘z quyish uskunasi yordamida u sharqiy harf (shrift)larning qimmatbaho jamg‘armasini yaratdi va 1834 yilda Talmudni nashr qildi. Keyinchalik uning o‘g‘li korxonani bo‘lib, turli firmalarga sotib yubordi.

1817 yilda Leypsigga Fridrix Arnold Brokgauz (1772-1823) ko‘chib keldi. 1805 yilda u Amsterdamda kitobfurushlik firmasiga asos soldi, so‘ng Altenburgga ko‘chib bordi, nihoyat, Leypsigda o‘rnashib, bu yerda o‘z noshirlik firmasiga bosmaxonani qo‘shib oldi. Ushbu korxona ilmiy adabiyotlarni nashr qilishda yetakchi o‘ringa chiqdi, u sayohatlar haqida jug‘rofiy asarlarni, ayniqsa, 1808 yildan keyin mashhur qomusni nashr qilish bilan dong taratdi. Uning vorislari 1826 yilda Leypsigda birinchi bo‘lib o‘z bosmaxonalarida yassi bosma mashinasini o‘rnatishdi. 1836 yili ular Veymardagi Valbaumning so‘z quyish uskunasini xarid qilishdi. 1918 yilda uni «Bertgold» shrift quyuvchi firmasiga qayta sotib yuborishdi.

XIX asrda jahon miqyosida katta ahamiyatga ega bo‘lgan «B. G. Toybner» firmasi faoliyat ko‘rsatardi. Benedikt Gotxelf Toybner (1784-1856) 1811 yilda Vaynedel ismli qaynog‘asining bosmaxonasiga merosxo‘r bo‘lib, uni 1823 yilda nashriyot bilan birlashtirdi. 1850 yildan boshlab grek mualliflarining asarlari kirgan «Toybnerian kutubxonasi» turkumini nashr etishga kirishdi. Ushbu turkum kitoblari maktabda o‘qitish uchun matnlar saylanmasi sifatida foydalanildi. Toybner dasturiga kirgan matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha asarlar, shuningdek «Aus Natur und Geisteswelt» («Tabiat va ruh sohasidan») ilmiy-ommabop turkumi bu ilmlarning ommalashuviga xizmat qildi.

«Bibliografiya instituti» nashriyotining asoschisi Karl Yozef Meyer (1796-1856) halq uchun arzon kitoblar, qomuslarni nashr qilardi. U 1839 yildan 1852 yilgacha Brokgauz ensiklopediyasi bilan raqobat qiluvchi «Meyer ensiklopediyasi» («Meyersche Konversationslexikon»)ni chop etdi.

1867 yilda «Reklam» nashriyotining universal kutubxonasi» («Reclams Universalbibliothek») daftarchalari ommabop edi. Nashriyotga Anton Filipp Reklam (1807-1896) asos solgan. 1828 yilda u o‘z bosmaxonasiga ham ega bo‘ldi.

  1. Veber ksilografiya ustaxonasida «Illustriyerte Zeitung» («Rasmlar bilan bezalgan gazeta») firmasi tomonidan nashr etiladigan kitoblar, ma’lumotnomalar va ilmiy-ommabop nashrlar uchun yog‘ochda gravyuralarni tayyorlab berib turdi.

XIX asrda kitob noshirligini rivojlantirishda bosmaxonalar muhim o‘rin tutardi. Kopengagenlik Karl Berendt Lork (1814-1905) I. Veber bilan hamkorlikda «Bosmaxona ishchilari nemis uyushmasi» va «Kitob ishi xodimlarining nemis uyushmasi»ni yaratishda qatnashgan, matbaaga oid asarlar muallifi bo‘lgan. Ular hamkorlikda «Annalen der Typographiye» («Matbaa annallari») jurnalini nashr qilishdi va «Kitob nashr etish tarixi bo‘yicha qo‘llanma»ni bosmadan chiqarishdi. Karl Berendt 1856 yilda sotib olgan I. Niyesning bosmaxonasi va satr quyish uskunasini 1868 yilda u Vilgelm Drugulinga (1822-1879) pulladi. Drugulin asr oxirida o‘z bosmaxonasida kitob chop etishni yo‘lga qo‘ydi. 1928 yilda bosmaxona «Officin Haag-Drugulin» («Gaag-Drugulin firmasi») tarkibiga kirdi.

  1. Ryoderning bosmaxonasi 1847 yilda nashriyot tarmog‘ida tashkil qilindi. «Inzel-Ferlag» nashriyotining buyurtmalari bo‘yicha faoliyat yuritgan «Spamer bosmaxona»siga 1875 yildan Otto Zoyberling rahbarlik qila boshladi. XX asr boshida Germaniyaning yangi kitob san’atida yetakchi o‘rin tutgan «Pyoshel und Trepte» bosmaxonasiga 1870 yilda asos solindi.

1877 yili Berlinda keyinchalik ulkan korxonaga aylangan «Ullshtayn–Presse» nashriyotining bosmaxonasi tashkil etildi. U kitoblar bilan birga gazeta-jurnallar chop etishga ixtisoslashgandi. «Ullshtayn-Presse» bosmaxonasi ko‘p nusxalarda matbaa mahsulotlarini chop etishi bilan mashhur edi.

1851 yili tashkil qilingan Prussiya bosmaxonasini Germaniya davlati 1879 yilda sotib oldi. Unda pullar, qimmatli davlat qog‘ozlari va rasmiy xujjatlar, shuningdek kitoblar ham chop etilardi. 1892 yilda bosmaxonaga Prussiya Fanlar akademiyasining sharqiy va maxsus harf (shrift)lari berildi.

Ikkinchi jahon urushi davrida bosmaxona faoliyati to‘xtadi. Shu yillari ko‘pgina bosmaxonalar vayron bo‘ldi. 1945 yilda ularni tiklash boshlandi.

Imperiya bosmaxonasidan avval XIX asrda unga o‘xshash Avstriya davlat bosmaxonasi dunyoga dovruq taratdi. Y. Degen va Aloiz Auer (1813-1869) uning rahbarlari bo‘lgan. Degen dastlab kitob savdosi bilan shug‘ullangan, 1801 yilda harf quyuvchi ustaxonani, keyinchalik esa keng faoliyat yurita boshlagan bosmaxonani jihozladi. 1814 yilda bosmaxona davlat tasarrufiga o‘tgach, Degen uning birinchi direktori etib tayinlandi. O‘sha paytdagi harf teruvchi Aloiz Auer esa 1841 yildan boshlab korxonaga rahbarlik qila boshladi.

Fransiyadagi yirik nashriyot-matbaa firmalari orasida 1826 yilda Parijda Lui Kristof Fransua Ashett (1800-1864) tashkil etgan «Librer Ashett» firmasi alohida o‘ringa ega. Bu korxona 1833 yildan boshlab o‘quv adabiyotlarini, 1852 yildan badiiy asarlarni chop eta boshladi. Firma bosqichma-bosqich universallashib borarkan, Belgiya, Shveysariya, Ispaniya va boshqa mamlakatlarda sho‘‘ba korxonalarini tashkil qildi.

Per Laruss 1852 yilda (1817-1875) Parijda asos solgan nashriyot avval darsliklar, qomusiy adabiyotlar nashr etish bilan dong taratdi. 1866-1867 yillarda u 15 jildlik «XIX asrning Katta universal qomusi»ni bosib chiqardi.

AQShning yirik nashriyotlari orasida 1817 yilda tashkil etilgan «Xarper end Brazers» firmasini, 1848 yilda Nyu-York shahrida Jorj Palmer Putnam (1814-1872) tomonidan tashkil etilgan nashriyotni hamda 1897 yilda vujudga kelgan «Dabldey Ko.» firmasini ta’kidlash lozim.

Rossiyada 1801 yilda Yekaterinaning xususiy bosmaxonalar faoliyatini takomillashtirish haqidagi farmoni e’lon qilingach, matbaachilik ravnaq topa boshladi. 1807 yil 5 avgustdagi farmon bilan guberniya boshqaruvlari qoshida bosmaxonalar tashkil qilindi. Bu esa qishloqlarda kitob nashrini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish uchun moddiy-texnikaviy negiz yaratdi. XIX asrning birinchi choragida 100 ga yaqin kitob (asosan badiiy asarlar) chiqargan P. Beketovning (1761-1836) noshirlik faoliyati kengaydi.

XIX asrning ikkinchi choragida rus noshiri Aleksandr Smirdin (1794-1857), V. G. Belinskiy ta’biri bilan aytganda, «rus adabiyotida keskin burilish sodir etdi». U Rossiyada birinchi bo‘lib yozuvchilarga katta qalam haqi to‘lay boshladi, bu esa adabiyotni yanada rivojlantirishga ko‘maklashdi.

XIX asrning ikkinchi choragi Glazunov, Selivanovskiy, Plyushar, Slenin, Rene-Semen va boshqalarning kitob nashr qiluvchi firmalari uchun kuchayish davri bo‘ldi. Bosmaxonalar ishi mexanizatsiyalasha boshladi. 1817-1873 yillarda «Kyonig und Bauer» nemis firmasi tomonidan tayyorlangan 2000 ta yassi bosma mashinadan 392 tasi Rossiyaga yetkazib berildi. 1828 yilda Peterburgdagi Aleksandr manufakturasida bosma mashinalar ishlab chiqarish yo‘lga quyildi.

XIX asrning so‘nggi choragida nashriyot firmalarini tashkil etish jarayoni boshlandi. Ulardan eng muhimi 1876 yilda Ivan Dmitriyevich Sitin (1851-1934) tomonidan tashkil etilgan firma edi. Peterburglik kitob noshiri Mavrikiy Osipovich Volf (1825-1883) asosan puldor kitobxonga e’tiborini qaratdi. U jahon mumtoz adabiyoti vakillarining boy rasmlar bilan bezatilgan nashrlarini chiqarish yo‘lini tutdi. 1870 yilda Adolf Fedorovich Marks (1838-1904) tomonidan asos solingan «Niva» jurnali katta muvaffaqiyatga sazovor bo‘ldi, 1891 yildan unga ilova sifatida butun Rossiya bo‘ylab tarqaladigan mumtoz asarlar chiqarila boshladi.

Peterburglik noshir Aleksey Sergeyevich Suvorin 1887 yilda san’at asarlarining ommaviy turkumini nashr etdi.

XIX asrning ikkinchi yarmida Rossiyada ixtisoslashtirilgan nashriyotlar vujudga keldi. 1861 yilda Peterburgda nashriyotga asos solgan K. Rikker tabiiy-ilmiy, texnikaviy va tibbiy adabiyotlar nashrini yo‘lga quydi. A. Devriyenning 1872 yilda tashkil qilingan Peterburgdagi nashriyoti asosan qishloq xo‘jaligi, geografiya va tabiiy bilimlarga oid kitoblarni chiqarishga ixtisoslashdi.

1891 yilda mashhur «Granat qomusiy lug‘ati»ga asos solgan P. Soykin, Sabashnikov va Granatlarning faoliyatlari ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Ular hamkorlikda yaratgan lug‘at hamda boshqa nodir kitoblar ham umumbashariyatning ma’naviy mulkiga aylandi.

1890-1907 yillarda F. Brokgauz va I. Efronlarning nashriyotida ham «Qomusiy lug‘at» kitobi nashr etildi.

O‘sha davrda Buyuk Britaniya jurnalistikasi yuksak rivojlanish bosqichida edi. Ayniqsa, kundalik nashr – umummilliy «Gardian» («Qo‘riqchi», 1821 yil), yakshanbalik umummilliy «Nyus of Uorld» («Dunyo yangiliklari», 1843) gazetalari ijtimoiy hayotda o‘ziga xos voqea bo‘ldi. Ular so‘nggi yillarda 5 milliondan ortiq nusxalarda chop etilgani e’tiborga molikdir. «Ekonomist» («Iqtisodchi», 1847) haftalik siyosiy-iqtisodiy va ilmiy jurnali esa bir asrdan ko‘proq vaqtdan beri dunyoda katta obro‘ qozonib kelmoqda.

Shu davrdan e’tiboran Germaniyada ham bir necha gazeta nashri yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, 1802 yili «Kyolner shtaat ansayger» («Kyoln shahar darakchisi») nomli kundalik gazeta tashkil qilindi. 1811 yildan boshlab «Noye Bestfelishiye» («Yangi Vestfal gazetasi»), 1840 yildan «Badisheste tagblats» («Badenning kundalik varaqasi») kundalik gazetalari nashr qilina boshladi. «Forverts» («Olg‘a») kundalik gazetasi 1876 yildan buyon chop etiladi.

AQShning ayrim yirik gazetalari XIX asrdan chiqa boshlagan. 1801 yili «Nyu-York post» («Nyu-York pochtasi») gazetasi tashkil qilindi. Eng nufuzli va xabarlarga boy «Vashington post» («Vashington pochtasi») gazetasi 1877 yildan chiqa boshlagan. Umuman olganda, XIX asr Amerika matbuoti (gazeta nashri) uchun rivojlanish davri bo‘ldi.

Fransiyaning mashhur «Figaro» gazetasi 1826 yili dunyo yuzini ko‘rdi. 1859 yildan «Progre» («Progress») gazetasi chiqa boshlagan. 1870 yilda esa Tuluza shahrida eng yirik provinsial gazetalardan biri – «Depesh di Midi» («Janubdan xabar») gazetasi nashr etila boshladi.

Italiyada «Gadzetta del popolo» («Xalq gazetasi») kundalik nashri 1848 yildan chiqa boshlagan. «Korrera della sera» («Kechki darakchi») kundalik gazetasi esa 1876 yildan buyon yuz minglab nusxada chop etib kelinmoqda.

Yaponiyada ko‘pgina gazetalar XIX asr (asosan ikkinchi yarmi)da chiqa boshladi. 1872 yilda ta’sis etilgan umummilliy gazeta – «Mayniti» («Kundalik») har kuni ikki mahal – ertalab 4,4 million, kechki soni 2,4 million nusxada chop etilishining o‘ziyoq e’tiborga molikdir. 1874 yildan buyon chiqib turgan umummilliy gazeta – «Iomuri» («Reportyor») haqida ham shunday fikr aytish mumkin. Bulardan tashqari, «Asaxi» («Chiqayotgan quyosh», 1888 yil), ingliz tilida chiqadigan «Japan tayms» («Yapon vaqti», 1897 yil), har kuni ertalab va kechqurun chop etiladigan kundalik gazetalar – «Akita sakigake simpo» («Akita yangiliklari», 1874), «Gifu nitiniti simbun» («Gifu kundalik gazetasi», 1879) singari nashrlar ham hozirgacha chinakam hayot ko‘zgusi vazifasini bajarib kelayapti.

Hindistonda XIX asrda ko‘p gazetalar ingliz tilida chiqar edi. 1819 yildan esa gujarati tilida «Bombey samgar» («Bombey xabarlari») chiqa boshlagan. 1838 yildan buyon chop etilayotgan «Tayms of Indiya» («Hindiston vaqti») kundalik gazetasi esa hozirgacha eng ommabop nashrlardan biri sifatida e’tirof etiladi. 1868 yili ingliz tilida bir yo‘la ikkita gazeta: «Amrita bazar patrika» («Shiralar bozori gazetasi») va Madras kundalik kechki nashri «Meyl» chiqa boshladi. 1881 yilda tashkil etilgan «Tribyun» («Minbar») gazetasi ingliz, hind, panjob tillarida chop etilib kelmoqda.

Turkiyada hozir ham chiqayotgan ba’zi gazetalarning tamal toshi XIX asrda qo‘yilgan. Masalan, bugungi kunda mashhur hisoblangan «Yeni asr» («Yangi asr») gazetasi 1895 yilda tashkil etilgan.

Rivojlangan davlatlardan turli toifadagi kishilarning o‘zga yurtlarga borib-kelishlari azaliy an’ana edi. Ular otlarda, kemalarda, keyinchalik texnik vositalarda turli mamlakatlarga borib, ishbilarmonlik, savdo va boshqa maqsadlarini amalga oshirishar, ba’zi mutaxassislar esa bosmaxona jihozlari hamda chop etish (bosish) ashyolarini ham olib borishardi. Ularning o‘zga diyorlarda gazeta chiqarishdan maqsadlari turlicha bo‘lardi, albatta. Ammo, noshirlik ham serdaromad sohalardan biri ekanligini o‘sha davr matbaachilari, noshirlar va matbuot xodimlari yaxshi anglaganlar. Ular birlashib, o‘z mamlakatlariga taqlidan gazetalar chiqarishni yo‘lga qo‘ya boshlagan edilar. Albatta, yuqorida aytib o‘tganimizdek, davlatlar rahbarlarining maxsus topshiriqlari bilan borganlari ham topilardi.

Ayni vaqtda qaysi tilda shrift (bosma harf) naqd bo‘lsa, gazetalarni o‘sha tilda chiqarish qulayroq edi. O‘sha davr gubernatorlari, harbiylari va boshqa ma’lum bir toifadagi kishilariga tegishli bo‘lgan bu gazetalarning ko‘pchiligi barham topgan, ya’ni, hozirgi kunda chiqmaydi.

Agar uzoq Hindistonda Angliyaning kuchli ta’siri sezilsa, Yevropaga yaqinroq hududda joylashgan Misrga bunday mamlakatlar ta’siri bo‘lishi tabiiy hol edi. Shuning uchun u yerda ilk gazetalar bir necha tillarda chop etilgan.

E’tiborli jihati shundaki, Afrika mamlakatlarida ham dastlabki gazetalar XIX asrdayoq paydo bo‘lgan. 1875 yili Misrda arab tilida «Al-Ahrom» («Ehromlar») chiqa boshladi. Hozirgi kunda bu gazeta nafaqat Misrda, balki butun Yaqin Sharqda eng nufuzli nashrlardan hisoblanadi. Ingliz tilidagi «Ijipshn gazett» nashri esa 1880 yili tashkil etilgan. Grek tilidagi «Taxidromas Egiptes» («Misr kureri») kundalik gazetasi 1882 yildan boshlab chiqayapti. Fransuz tilidagi kundalik «Progre ejipsen» («Misr taraqqiyoti») gazetasi 1890 yildan nashr qilinib kelinmoqda. Arab tilida chiqadigan adabiy jurnal «Al-Hilol» («Yarim oy») esa 1895 yildan buyon chop etiladi.

Alohida davlat hisoblangan Vatikan shahrida 1861 yildayoq gazeta chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. «Osservatore romano» («Rimlik sharhlovchi») gazetasi shulardan biri bo‘lib, u siyosiy-diniy yo‘nalishga ega edi.

Xulosa qilib aytganda, XIX asrda matbaa texnikasining taraqqiy etganligi matbuot ravnaqida asosiy poydevor bo‘ldi. Bu texnologiyalar rivoj topib, takomillashgani sari gazeta, jurnal, kitob va boshqa matbaa mahsulotlarini ishlab chiqarish ham sifat, ham miqdor jihatidan rivojlanib boraverdi.

 Nazorat savollari

  1. Jurnalistika taraqqiyotida texnik vositalarning o‘rni qanday bo‘lgan? Aniq misollar bilan izohlab bering.
  2. Iogann Gutenberg ixtiro qilgan bosmaxona haqida nimalarni bilasiz?
  3. Nima uchun XIX asrni «matbaachilikni mexanizatsiyalashtirish asri» deb atashgan?
  4. Qog‘oz sanoatining rivojlanishi qay yo‘sinda amalga oshgan?
  5. Bosmaxonalarning paydo bo‘lishi haqida nimalarni bilasiz?
  6. Asr o‘rtalarida Yevropada jurnalistika qay tariqa rivojlandi?
  7. Texnik taraqqiyot bosqichida matbaachilik jihozlari qanday o‘rin tutgan?
  8. Bosish (chop etish) mashinalari haqida nimalarni bilasiz?
  9. Harf terish mashinalari haqida nimalarni bilasiz?
  10. Linotipning ixtiro qilinishi haqida nimalarni bilasiz?
  11. Fotografiya usulida harf terish haqida nimalarni bilasiz?
  12. Fotografiyaning paydo bo‘lishi jurnalistika taraqqiyotida qanday o‘rin tutgan?
  13. Dastlabki kitob noshirligi va matbaa-nashriyot firmalari haqida nimalarni bilasiz?

 4

7-мавзу. XIX АСРДА МАТБУОТ ТЕХНИКАСИНИНГ РИВОЖЛАНИШИ

 Режа:

  1. Матбуот техникаси;
  2. Қоғоз саноатининг ривожланиши;
  3. Босмахоналарнинг пайдо бўлиши;
  4. Техник тараққиёт босқичи;
  5. Босиш (чоп этиш), стереотиплик, ротация, ҳарф териш машиналари;
  6. Фотографиянинг пайдо бўлиши.

Дунё миқёсида журналистика тараққиёти техник воситаларнинг такомиллашуви ва босма маҳсулотларнинг кўпайиши билан узвий боғлиқ бўлган. Бу асосан XIX асрда матбуот техникасининг ривожланиш даврига тўғри келди. Ўша даврда қўл меҳнатидан механизациялашган жараёнга ўтиш матбуот техникаси тараққиётининг бош йўналиши эди. Табиийки, техник тараққиёт матбаачилик соҳасининг ҳам равнақ топишида муҳим омил бўлди. Матбуот техникаси – матбаа корхонаси билан уйғун тушунча. Матбаа корхонасини сўзлашув тилида «босмахона» деймиз. Бу корхонанинг асосий ишлаб чиқариш воситаларини XIX асрда ҳарф териш, саҳифалаш, босма, яъни, чоп этиш машиналар ташкил этган. Юқорида айтиб ўтганимиздек, биринчи босма дастгоҳ (станок)ни немис кашфиётчиси Иоганн Гутенберг 1441-1445 йилларда ихтиро қилган. Унинг ноширлик фаолиятининг бошланишидаги асосий мақсади – Библияни кўпайтириш эди. Орадан бир неча ўн йиллар ўтиб шу дастгоҳ асосида ташкил этилган босмахоналарда илк газеталар ҳам босила бошлади.

XIX асрдаёқ матбаачилик соҳасини механизациялашга уринишлар бўлган. Шу нуқтаи назардан бу асрни «матбаачиликни механизациялаштириш асри» деб ҳам аташ мумкин. Ўша даврда матбаа фаолияти билан боғлиқ икки муҳим иш – ҳарф териш ва чоп этиш жараёнларини механизациялаштириш устида иш олиб борилди. Бироқ бу дарҳол амалга ошавермади. Аср бошида қоғоз массаси қозондан қўл билан сузиб олинарди, сўнгра у ҳаракат қилиб турган элакка қуйиладиган бўлди. Натижада қоғоз массасини таг мослама-полотнода текисроқ ёйиб, тезроқ ва осонроқ пресслаш имкони туғилди. Шу туфайли кўп миқдорда қоғоз ишлаб чиқаришга йўл очилди.

Қоғоз саноатининг ривожланиши. Матбуотни равнақ топтиришда қоғознинг аҳамияти ҳақида изоҳга ҳожат йўқ. Хитойда қоғоз милоддан аввал бамбукдан тайёрланарди. Европа ва Осиёда эса уни узоқ йиллар давомида латта-путталардан тайёрлаганлар. 1840 йилда немис тўқувчиси Саксон Келлер ёғочдан қоғоз ҳосил қилиш технологиясини яратди. Шу тариқа қоғозни арзон ва кўп миқдорда ишлаб чиқаришнинг осон йўли топилди. Бусиз, табиийки, журналистика оммавийлик ҳамда тезкорлик хусусиятига эга бўлолмас эди.

Қоғоз ишлаб чиқариш борасида биринчи механизациялашган мосламанинг лойиҳаси 1799 йилда француз муҳандиси Луи Робер томонидан тайёрланган. Бироқ бу машинанинг ўзи бир неча йил мобайнида яратилди. 1803 йилда инглиз конструктори Донкон махсус мослама бунёд этиб, машина ёрдамида қоғоз олишни йўлга қўйди. Бу маҳсулотни ишлаб чиқарувчи машиналар бошқа давлатларда сал кечроқ, аниқроғи, Россияда 1817 йилда, Германияда 1819 йилда, Америкада 1827 йилда яратилди. 1825 йили Англияда биринчи темир йўлнинг очилиши ҳам коммуникация тараққиётида муҳим босқич бўлди.

Қоғоз ишлаб чиқариш жараёнини такомиллаштиришга қаратилган техник тафаккурнинг ривожланиши ҳар хил йўналишда кўзга ташланарди. 1805 йили англиялик муҳандис Жозеф Бама айланувчан ўқли қоғоз ишлаб чиқариш машинасини яратишга муваффақ бўлди. Бу билан ўрама (рулон) қоғоз олиш имкони туғилди.

Босмахоналарнинг пайдо бўлиши. Газеталар босиб чиқаришни тезлаштирувчи дастлабки мосламалардан бири – цилиндр бўлди. Немис муҳандиси Фридрих Кёниг газета нусхаларини узлуксиз олишда ярим айлана босма шаклдан фойдаланиш борасида олиб борган изланишлар самарали якунланди. 1811 йилда у айланма цилиндрли буғ машинаси яратишга эришган бўлса, 1818 йилга келиб газета варағининг биратўла икки томонини босишга қодир жуфт цилиндрли машинани барпо қилди.

1844 йили америкалик Ричард Хоу эса биринчи ротация босма машинасини яратди. Унда босма шакллар цилиндрли валга жойлашган бўлиб, валнинг айланиши ёрдамида газета нусхаларининг янада тезроқ олинишига эришилди.

XIX аср ўрталарида Европада замонавий босма воситаларнинг ксилографик иероглифлар ўрнини эгаллай бориши Хитой журналистикасида ҳам ўзига хос воқелик бўлди.

Аср ўрталарида Европада журналистика янада жадал ривожланди. Буни асосан ижтимоий ҳаётнинг фаоллашуви, инсоният маданияти даражасининг ўсиши тақозо этарди. Журналистикага оид ихтиролар ва техника тараққиёти қатор давлатларда бир вақтнинг ўзида мустақил равишда ривожланиб борди. Асрнинг биринчи ярмида фақат Англияда турли замонавий ҳарф териш машиналарининг 8 таси қайд этилган бўлса, иккинчи ярмида бундай ихтиролар сони 568 тага етди.

Берлинда яшовчи Георг Зигл 1851 йили тошдан литографик нусха (оттиск)ларни механизация йўли билан олишга эришди. Бу литографик жараённинг такомиллашуви ва офсет усулининг ихтиро қилинишига олиб келди. Шу йилнинг ўзида турли рангдаги қадоқланган материаллар ўйлаб топилди. 1854 йили линотипни эслатувчи ҳарф териш машинаси яратилди. Асл линотипнинг ихтиросига эса ҳали яна 30 йил бор эди.

1853 йили Англия ва Америка ўртасида телеграф алоқаси ўрнатилиб, Англия қироличаси жўнатган хабарни Америка президенти шу вақтнинг ўзидаёқ қабул қилди. Бундай тезкорлик журналистика фаолиятида ҳақиқий юксалиш сари яна бир дадил қадам бўлди.

Англияда нашр этиладиган «Таймс» газетаси 1814 йил 28 ноябрда «Бугундан бошлаб газета одам қўли ёрдамисиз соатига 1000 нусхада босилади, буни машина амалга оширади», деган кенгайтирилган хабар билан чиқди. Шундай қилиб, Гутенберг босмахонаси ишчисининг тезлигига нисбатан бу давр матбаачисининг меҳнат унумдорлиги бир неча ўн минг маротаба ошди. Маълумки, авваллари босма ҳарфлар, сўзлардан иборат катта ҳажмдаги матнлар элементлари қўлда битта-битта йиғиб терилар эди. Албатта, босмахона мутасаддилари қўл меҳнатини камайтириш ва ишлаб чиқариш самарадорлигини оширишга ўша вақтларданоқ ҳаракат қилиб келганлар. Бунда улар, масалан, рейкаларга ҳарфларни териб, матн тайёрлашни ўрганиш орқали бирмунча муваффақиятларга эришганлар.

Техник тараққиёт босқичи. Матбаачилик жиҳозлари орасида босма (чоп этиш) машинаси алоҳида ўрин тутади. Унинг тигель, текис ва ротация хиллари қўлланилган. Бу машиналар босма қолип ва қоғозни сиқувчи сиртдан иборат эди.

Тигель машинасида босма қолип ҳам, сиқувчи сирт ҳам ясси бўлиб, унда бланка, муқова, безаклар (иллюстрациялар) босилади. XIX асрнинг 80-йилларида Петербургда яратилган бундай босма машиналарнинг енгил типдаги ТЦ ва АТЦ, оғир типдаги ТТ-1 нусхалари ишлатиб келинди.

Текис босма машинада босма қолип ясси, сиқувчи сирт эса цилиндр шаклида бўлиб, у безаклар ва кўп бўёқли босма учун мўлжалланган эди. МП, МПС, ДПИ, ДПМ, ДДС, АП машиналари шу турдаги машиналар жумласига киради.

Ротация босма машинаси икки цилиндрдан иборат: улардан бирига босма қолиб ўрнатилади, иккинчиси унга қоғозни сиқади. Ротация босма машинасида газета, журнал, китоб, бланка ва ҳоказо матбаа маҳсулотлари чоп этилади. Ўтган асрда яратилган ГАУ (газетный агрегат универсальный) русумли ротация машиналари тўрт саҳифали газетани соатига 100 минг нусхадан кўпроқ ададда боса оларди.

Чоп этиш усулига кўра босма машиналарнинг қабариқ босма, текис босма ва ботиқ босма турлари бўлади. Улар орасида махсус қирқилган қоғозларга босадиган, ўрамли (рулонли) қоғозга чоп этишга, бир, икки ва кўп бўёқли тарзда босишга, қоғоз ва полотнонинг бир ёки икки томонига чоп қилишга мўлжалланганлари ҳам мавжуддир.

Босиш (чоп этиш) машиналари. XIX аср бошида ясси босма машинанинг ихтиро қилиниши замонавий матбаа ишлаб чиқаришига йўл очиб берди. Ясси босма машинаси илгарироқ пайдо бўлгани маълум. Қоғоз ишлаб чиқаришга ихтисослашган машина ҳам қўлланиларди.

Баъзи мутахассислар чех мусаввири Карл Клични ботиқ босма усулининг энг яхши ихтирочиларидан деб ҳисоблашади. К. Клич 1878 йилда пигмент қоғозни қўллаш орқали тасвирий гравюрани ихтиро қилди. Бу ихтиро ҳозир ҳам кенг фойдаланиб келинаётган ботиқ босма нашрнинг техник асоси бўлиб қолди.

Ясси босма машина нашр қилиш жараёнини такомиллаштиришга хизмат қилди. Базеллик ношир Фридрих Вильгельм Гаазнинг буюртмаси билан 1772 йилда дастгоҳнинг муҳим қисмлари темирдан (тахта ўрнига) ясалди, 1800 йилда эса лорд Чарлз Стэнхуп яхлит металлдан дастгоҳ яратди. Бунда чоп этиш жараёни кучайтирилиб, «бир варақ» бичимидаги қоғознинг иккита бетини бир вақтнинг ўзида чоп қилиш имкони туғилди.

Х.В.Н.Динглер исмли ихтирочи 1820 йилда Цвайбрюккенда «Вашингтон» дастгоҳини яратди; унда мурват (винт) эгри шипли-шатунли механизмга алмаштирилган эди. Иши мутлақо бошқа принципга асосланган ясси босма машинанинг бошқа дастгоҳлардан фарқи шунда эдики, у нашр қилиш жараёнини тубдан ўзгартиришга имкон яратди. Уни ҳам Фридрих Кёниг ихтиро қилганди. 1774 йилда Эйслебенда туғилган бу ихтирочи 1794 йилгача Лейпцигда Брейткопфда таҳсил олгач, математика, механика ва табиий фанлар билан шуғулланади ва 1802 йилда Зулда босма машинани яратишга киришади. Молиявий қийинчиликлар унга лойиҳани амалга оширишга имкон бермайди. Лейпцигда ҳам, Вена ва Петербургда ҳам қўллаб-қувватланмагач, маблағсиз Англияга келиб, вақтинча китоб савдоси билан шуғулланади. Шунга қарамасдан, Кёниг босма машинани яратиш борасидаги изланишларини тўхтатмади. Ниҳоят, Лондонда танишгани матбаачи-ношир Томас Бенсли билан ҳамкорликда ва механик Фридрих Андреас Бауэр (1783-1860) ёрдамида 1811 йили тигель машинасини, 1812 йили босма цилиндрли машинани дунёга келтиради.

1790 йилда англиялик Уильям Никольсон цилиндрли босма машинанинг чизмасини патентлаб олди, Кёниг эса мустақил равишда унинг негизида амалда ишлайдиган конструкцияни яратди. У аввалига учта босқичли ясси босма машинани бунёд қилди. Босма шакл ҳар битта босқич давомида бир маротаба цилиндр тагидан ўтиши натижасида битта варақ босилиб чиқарди. Шундан сўнг Кёниг икки цилиндрли бошқа бир моделни яратдики, унинг ишлаб чиқариш қуввати икки маротаба юксак эди. 1814 йилда ўзи ясаган икки цилиндрли машиналарни «Times» («Таймс») газетасининг асосчиси Жон Вольтерга тақдим этди. У эса ихтиродан хурсанд бўлиб, газетанинг бутун ададини шу машинада бир кечада босиб чиқараркан, газетанинг бош мақоласини ҳам ушбу ҳодисага бағишлади. 1816 йилда Кёниг бир йўла қоғознинг ҳар икки тарафига боса оладиган машинани яратди. Шундай қилиб, у барча ясси босма машина турларининг ижодкори бўлиб қолди.

Кёниг ўз шериги Бенсли билан муроса қилолмай, Англияни тарк этди ва 1817 йилда Бауэр ҳамкорлигида Вюрцбург яқинидаги Оберцелль ибодатхонаси биносида илк бор босма машиналарнинг немис фабрикасига асос солди. Кейинчалик машҳур бўлиб кетган «Кёниг унд Бауэр» фирмасига кўплаб техникавий қийинчиликларни енгиб ўтишга тўғри келди.

1823 йилда у икки томонлама босма учун Берлинга етказиб берган биринчи машинада «Haude und Spenersche Zeitung» («Ҳауде унд Шпенерше Цайтунг») газетаси босиб чиқарилди. Ихтирочи 1827 йилда ўз корхонасига қоғоз фабрикасини қўшиб олди. У 1833 йилда вафот этгач, Бауэр фирма фаолиятига раҳбарлик қилиб, унда чиқарилаётган машиналарни доимий равишда яхшилаб борди. Дунёга донғи кетган бу фирма ҳозирги кунда ҳам фаолият кўрсатмоқда.

Стереотиплик. «Стереотип» грекча сўз бўлиб, терилган матннинг металл, резина ёки пластмассага кўчирилган нусхаси, босма қолипи, деган маънони англатади. Бундай матн кўп нусхада босиш ва қайта нашр этишда ишлатилади. Стереотип нашр – тайёр босма қолипда чиқарилган нашрдир. Стереотипия – стереотиплар тайёрлаш ва улардан фойдаланиб, китоб ва шу каби матбаа маҳсулотларини босиш усули, техникасини англатади.

XV асрда қум қолипларга қуйиб ясалган босма металл шакллардан фойдаланиларди; XVI асрда бу усул гравюраларнинг металлдан ясалган нусхаларини ёғочга туширишда қўлланилди. Фақатгина XVIII асрга келиб босма матн шаклидаги нусхаларни яратишга эришилди ва бу «стереотипия усули» деб номланди. Бундай босмани шотландиялик заргар уста Вильям Гед топган. У босмадан гипсли қолип олиб, қўрғошин қуйган. Олинган қуймалар ёрдамида эса унинг ўғли 1739 йилда юнон тарихчиси Гай Крисп Саллюстийнинг баёнларини нашр этган. Лекин бу усул кенг тарқалмади.

Лорд Стэнхуп 1804 йилда Геднинг гипсли стереотипиясига қайтди ва ушбу усулни такомиллаштирди. Лионлик ҳарф терувчи Клод Жену 1829 йилда қоғозли матрицалар усулини патентлади. Бу усулда махсус ишлов берилган намроқ картон варағи терилаётган шакл устига қўйилади-да, чўтка билан қоқилади ёки унга пресс ёрдамида ёпиштирилади. Натижада литераларнинг рельефли бирлашмасидан кўпроқ стереотиплар қуйишда фойдаланса бўлади. Стереотиплаштириш ротацияли машинада қўлланиладиган шаклни олишга имкон яратди.

Матнларни ботиқ босма усулида ҳам яратиш мумкин. Ушбу жараёнда фотография ёрдамида ўйилган босма шакл ясалади. Ботиқ босмада матн кўпинча расмлар билан биргаликда босиб чиқарилади.

Ротация машиналари. Ротация машинасини яратиш борасида ихтирочилар узоқ изланганлар. Изланишлар XIX асрда ўз самарасини берди. Айрим манбаларда бу машина ихтирочилари В. Никольсон ва Ф. Бауэр деб эътироф этилади. Баъзи маълумотларда эса, 1860 йилда ношир ва матбаачи Огёст Годню матнни бир вақтнинг ўзида қоғознинг икки томонига босадиган ротация машинасини яратгани қайд этилган.

Бу машинанинг афзаллиги ботиқ босма усулида тайёрланган матндан ва асосан суратдан сифатлироқ нусха олишга ёрдам беришидадир. Машина икки цилиндрли бўлиб, биттасида босма усулда нусха олинади, иккинчиси эса, Кёниг машиналарида бўлганидек, махсус мослама горизонтал текисликда орқага-олдинга ҳаракат қилишига ёрдам беради. Босиб чиқарилаётган материал айланадиган цилиндрларга берилади ва ролик цилиндр билан баравар тезликда айланади. Чоп этилган варақлар машинанинг ўзида кесилади. Бу машиналарда асосан газеталар чоп этилади.

1866 йили Лондонда «Таймс» газетаси биринчи марта ўрамли қоғоздан ўша ротация машинасида чоп этилди. Бундай машинанинг кўргазма модели америкалик Ж. Уилсон томонидан ихтиро қилинган. Унда айланувчи ўқ (вал) қоғознинг узлуксиз келиб туришини таъминларди. Натижада соатига 14000 нусхагача газета чоп этиш мумкин бўлиб қолди. Айни ўша «Таймс» газетаси 1814 йилда бир соатда 1000 нусхада чиқарилганига эътибор берсак, қанчалик юқори тезликка эришилганлигини англаш мушкул эмас. Ротация машинаси офсет ва ботиқ босмада ҳам қўлланилади. Ихтирочи Август Эпплегет 1846 йилда «Таймс» газетаси учун соатига 12000 оттиска (газета, журнал, китоб саҳифаларидан нусха) босиб чиқара оладиган илк машинани яратди.

«Таймс» газетаси эгасининг буюртмаси бўйича америкаликлар Ричард Хоэ ва Уильям Буллок ҳамда француз Ипполито Маринонилар икки томонлама босмага ихтисослаштирилган «Вольтер босма машинаси»ни яратишди. Унинг конструкцияси кейинчалик бошқа замонавий моделларга ҳам асос бўлиб хизмат қилди.

Давр ўтиши билан босма машиналар янада такомиллаштирила борилди. 1872 йилда ротация машинасини ишлаб чиқарган «Машиненфабрик Аугсбург-Нюрнберг», «Кёниг ва Бауэр», «Гуммель» немис фирмалари ўша вақтда улкан ишни қойиллатганлар. Зеро, улар иккита бичимда босиб чиқарувчи моделларни яратган эдилар. Эндиликда турли ҳажмдаги газеталар энг юқори тезликда ана шундай машиналарда чоп этилмоқда.

Ҳозирги вақтда ҳам айрим мамлакатларда кичик бичимли ва камроқ ададли газеталар ясси босма ва ротация машиналаридан ташқари тигелли босма машиналарда чоп этилади.

Қўл билан бошқариладиган бундай дастак («Бостонка») 1830 йилда Бостонда Ойзек Адам томонидан яратилган. Унда босма шакл вертикал негизда ўрнатилган бўлиб, бурчак тагида бошланғич ҳолатдаги қоғоз билан параллел равишда ўрин алмашади ва бутун юзаси билан унга зич ёпишади. Механик йўсиндаги бу дастак автоматика тизимлари билан жиҳозланган эди.

Ҳарф териш машиналари. Ясси босма машина пайдо бўлгач, чоп этиш жараёнлари тезлашгани маълум. Энди ҳарф териш машинасига эҳтиёж пайдо бўлганди. Бу ихтирочилар олдига қийин муаммоларни кундаланг қўйди, чунки ҳарф териш механизациялашгач, масалан, сатр ўчиришдаги ҳисоб-китобларни амалга ошириш билан боғлиқ қўл билан бажариладиган амалиётлар ҳам муаммога айланди.

Бу жараённи XVII асрнинг ўзидаёқ такомиллаштиришга уринишлар бўлган. XVIII асрда энг кўп такрорланадиган бўғин ва сўзларни битта яхлит қисмдек қуйиш ғояси илгари сурилди.

Англиялик Генри Жонсон 1778 йилда логотип деб аталган бу усулда тажрибалар ўтказиб, патент олди ва уни «Таймс» газетасини териш учун қўллаган Жон Вольтерга сотиб юборди. XIX асрда веналик ҳарф терувчи Леопольд Вайс ишлатган логотип анча мукаммал эди. XX асргача логотиплардан фойдаланиб келинди. Шу билан бирга қўл билан ҳарф теришни механизациялаш йўлида қатъий саъй-ҳаракатлар қилинди.

Ҳарф териш жараёнини механизациялашга уринишлар 1783 йилда бошланди. Қатор йиллар мобайнида 200 га яқин ихтирочи шу иш билан шуғулланди. 1822 йилда англиялик Уильям Чёрч биринчи ҳарф териш машинасига патент олди. Бу машина фақат ҳарф теришнигина таъминларди, ўчириш автоматик равишда амалга оширилар, қайта бузиб-созлаш учун алоҳида аппарат мавжуд эди. Унда ҳарф териш камида уч ишчини банд қиларди.

Босмахонада ишлаган биринчи ҳарф териш машинаси 1840 йилда англиялик Ж. Юнг ва А. Делькамбромлар томонидан патентланган «Пианотип» бўлди. Бу машина ихтирочиси аслида Г. Бессемер (1813-1898) эканлиги ҳақида маълумотлар бор. Ўша давр босмахоналарида ихтирочиси немис тижоратчиси Карл Кастенбайн бўлган ҳарф териш машинаси ҳам қўлланилган. Баъзи маълумотларга қараганда, бу ихтиро асли парижлик бир ҳарф терувчи (исми шарифи номаълум) томонидан бошланган. У билан ҳамкорлик қилган Кастенбайн шериги вафотидан сўнг ишни поёнига етказган ва шу билан машина унинг номи билан аталадиган бўлган.

Кастенбайн 1869 йилда патент олгач, ҳарф терувчи машиналарни ясаш бўйича устахонага асос солди ва 1871 йилда «Таймс» газетаси учун ҳарф теришда 1908 йилгача қўлланилган биринчи машиналарни харид қилди. Бундай машиналар Европа мамлакатлари ва Америкада ҳам ишлатиб келинди. Лекин уларда ҳарф териш аппарати клавиатура ёрдамида ишлар, автоматик равишда ўчар, аммо йиғиладиган аппарат тезлик бобида ҳарф терувчи аппаратга бас кела олмас эди. Бу камида уч-тўрт ишчи хизмат кўрсатиб туришини тақозо этарди.

Америкалик муҳандис Уильям Торн 1880 йилда яратган ҳарф териш машинаси эса ишчи кучини унчалик кўп талаб қилмасди. Автоматик тарзда ишлайдиган ҳарф териш машинасини бунёд этишда Торн даниялик Кристиан Сёренсеннинг ихтиросини қўллади. Бу машинада йиғиш-ёйиш жараёни механизациялашганлиги боис унга хизмат кўрсатишда фақатгина ҳарф терувчи ва қатор (сатр)лар ўчирилишини амалга оширувчи оператор зарур эди. Машина соатига 6000-7000 белги териш тезлиги билан ишларди. Ушбу модел муваффақиятли чиққач, матбуот янада равнақ топишига хизмат қилгани шубҳасиз. Ихтирочи-муҳандислар ҳарф териш машинасини такомиллаштиришга қаратилган изланишларини давом эттирдилар. Энди улар ишчи кучини янада «тежаш», яъни, фақат битта одам хизмат кўрсатадиган ҳарф териш машинасини яратиш устида иш олиб бордилар.

Ҳарф териш машинаси матбаа корхонасида асосий ашёлардан бири ҳисобланади. XIX аср бошларида ҳарф териш машиналари матн сатрларини айрим литера (ҳарф)лардан теришни механизациялашга имкон берди. 1822 йилда инглиз ихтирочиси У. Чёрч клавиатурали ҳарф териш (литеронабор) машинасини яратди. 1866-1867 йилларда рус ихтирочиси П. Княгининский «автомат-ҳарф терувчи»–перфолентали программа асосида бошқариладиган ҳарф териш машинасини яратиш устида иш олиб борди.

Ҳарф териш машиналари – линотип ва монотип яратилгач, XIX аср охирларида кенг қўлланила бошлади. Ривожланиш босқичига кирган бир қатор мамлакатларда босмахоналар шу туфайли жадаллик билан ишлаб, жуда кўп нусхаларда газета ва китоблар чиқаришга эришдилар. Бу нашрлар кенг омма орасида тарқалиб, одамлар онги ва тафаккурига таъсир этиб борарди. Фото усулида ҳарф терувчи машиналар яратилишидаги дастлабки қадамлар ҳам худди шу даврга тўғри келди ва матбуот техникаси тараққиётидаги ушбу янгилик матбаачилик равнақига улкан ҳисса бўлиб қўшилди. Бу даврда ҳарф териш машиналари асосан уч хилга бўлинарди, яъни: териш-қуйиш, териш-ёзиш ва фототерувчи машиналар. Ҳарф теришдек энг машаққатли ишнинг оддий қўл меҳнати ўрнига бу тариқа механизациялашгани ўзига хос тараққиёт босқичи эди.

Николай Богданов ва Борис Вяземскийнинг «Справочник журналиста» китобида қайд этилишича, ҳам ҳарф териб, ҳам сатр қуювчи машина ҳақидаги ғояни биринчи бўлиб рус ихтирочиси И. Н. Ливчак илгари сурган. Бу иши учун у Англиядан патент ҳам олган. 1884 йили немис ихтирочиси Оппенгейм Мергенталер Америкада шу таклиф асосида машина яратди ва у «линотип» номини олди. Мергенталернинг линотип машинаси соатига 6000 белги (ҳарф, тиниш белгилари ва ҳ. к)ни теришга имкон яратди. Қўлда ҳарф териш тезлиги ўша вақтда соатига 1400 белгини ташкил этар эди.

Линотипнинг ихтиро қилиниши журналистика техникаси тарихидаги туб бурилиш босқичларидан биридир. Бу машина амалиётда кенг қўлланилди. Унда ишлаш учун фақат битта одам – ҳарф терувчигина талаб этиларди, матрицалар ихтисослаштирилган каналли магазинда жойлаштирилганди. Ушбу усулда ҳар битта белги учун бир нечта қаторларни териш зарур бўлган матрицалар керак. Клавишага босишда матрицалар йиғувчига юборилади ва у ерда қаторга терилади. Сўзлар орасида клавиатурадан бошқариладиган ўчириш унсурлари қўйилади. Сатр терилганидан сўнг матрицаларга қуйиб чиқилади. Сўнгра сатрлар қуйилади ва улар автоматик равишда қирқилиб, бурчакка чиқарилади. Шпона (клин)лар ва матрицалар ҳам автоматик равишда бошланғич ҳолатга келтирилади.

Линотип газета материаллари матнини теришда қўлланила бошлади. Бу ихтиродан кенг фойдаланиш мақсадида 1891 йилда «Мергенталер-Лайнотайп Компани» ташкил қилинди. Компания Берлин ва Парижда шўъба корхоналарига асос солди ва ўз маҳсулотлари билан бозорни эгаллади. 1890 йилда Ж. Рожерс ва Ф. Брайтонлар томонидан патентланган сатр қуювчи «Типограф» машинасигина унинг билан рақобат қиларди. Шунингдек, сатр қуювчи «Интертайп» ва «Монолайн» машиналари ҳам мавжуд эди. Ҳарф териш вазифасини ҳал қиладиган модел бу – ҳарф терувчи ва ҳарф қуювчи машинадир.

Ҳарф териш янада такомиллаштирилган «Монотип» машинасини 1897 йилда америкалик муҳандис Тольберт Ланстон (1844-1913) яратган. Матрица ва сатр қуйишни алоҳида босқичларга ажратиш ғоясини илгари сурган инглиз олими бу ихтироси билан довруқ қозонди. Янги машина алоҳида ишлайдиган клавиатура ва ҳарф қуювчи аппаратдан иборат эди. Клавиатурада терилаётган матн қоғоз тасмасида тешикчалар комбинацияси турида кодлаштирилади.

Перфолента қуювчи аппарат матрицали рамка ҳаракатини бошқаради, рамка 225 та ҳолатни эгаллайдиган қуювчи шакл устида ўрнатилади. Сатр автоматик равишда ўчирилиши мумкин. Монотипда турли ҳарф, белги (шрифт)ларни аралаштирса бўлади. Шу боис бу усул махсус ва илмий адабиётларнинг қийин турларини теришда қўлланилади. Линотип сингари ушбу машина ҳам жаҳон миқёсида тан олинган.

Даврлар силсиласида кўп кашфиётлар, ихтиролар яратилган. Матбуотни тобора равнақ топтириш йўлидаги саъй-ҳаракатлар мудом давом этган. Ҳарф теришнинг турли қулай усулларини яратиш устида изланган ихтирочилар бу борадаги янгиликларни амалиётда қўллаб келганлар. Анча вақт мобайнида улар телеграф ва телефон орқали матнларни масофага узатиш борасида ишлашди. Офсет босма ва ракелли ботиқ босманинг янги усуллари пайдо бўлиши ихтирочилар олдига ҳарф териш жараёнини такомиллаштириш масаласини қўйди. Ушбу усуллар ёрдамида матнни кўчиришда металл ҳарфлар теришга эҳтиёж қолмади. Бу вазифа фото усулида ҳарф терувчи машинанинг пайдо бўлиши билан ҳал этилди.

Фотография усулида ҳарф териш ғояси 1894 йилда венгриялик ихтирочи Е. Порцельт томонидан илгари сурилган эди. Бироқ бу машинани биринчи бўлиб 1895 йилда Россияда В. Гассиев яратгани ҳақида ҳам маълумотлар бор. Фототерувчи машинани 1915 йилда Мюнхен босмахоналаридан бирида ихтирочи Адольф Мюллер яратгани қатор манбаларда қайд этилган. У қуювчи аппарат ўрнига фотокамера ўрнатиладиган линотипдан фойдаланмоқчи эди. Ўша даврда патенти амалга ошмагани сабабли иш бир оз муддат тўхтаган бўлса-да, бу муаммо ихтирочилар назаридан четда қолмади. Кейинчалик фототерувчи машиналар амалиётда кенг қўлланила бошлади.

Иккинчи жаҳон урушидан кейин бундай машиналарни яратиш анча жадаллашди. Бунда проявка қилинган, яъни, тасвири ойдинлаштирилган негативдан позитивли ясси босма шакл тайёрланади. Фототерувчи машиналарнинг замонавий моделлари яратилди. «Фотосеттер», «Интертип», «Монофото», «Монотип» каби ҳарф терувчи машиналар мутлақо бошқа принципга асосан ишларди. Уларнинг териш тезлиги соатига 40000 белгига тенг. Ушбу машинада эса бир вақтнинг ўзида бир нечта хил шрифтлардан фойдаланиш мумкин. Фототериш техникасини ўша даврда ҳаттоки қўлда ҳарф териш соҳасида ҳам қўллашга уринишлар бўлган.

Фотографиянинг пайдо бўлиши. Фотосуратлар ихтироси ҳам узоқ тарихий йўлни босиб ўтган. XV аср охирида буюк олим Леонардо да Винчи расм ишлаб чиқариш мосламаси – камера-обскурани тасвирлаб берган эди. XVI аср ўрталарида бу асбоб машҳур италиялик Жовани Батиста томонидан такомиллаштирилди.

Сурат (фотография) чиқариш мосламасининг ихтиро қилинишига рус дипломати А. П. Бестужев-Рюмин ва немис олими Иоганн Шульцлар ҳам ҳисса қўшганлар. Шундай бўлса-да, французлар Непс ва Дагер, шунингдек, инглиз Талбот сурат ишлаш (фотография)нинг бош ихтирочилари ҳисобланади.

Истеъфодаги наполеончи зобит Жозеф Непс (1765-1833) кўп йиллар давомида гелиографияни («нур билан ёзиш» маъносини англатади) ҳосил қилиш борасида тажрибалар олиб борди. Уни суратга олиш деб атаган Непс 1816 йилдаёқ яхши натижаларга эришди. 1826 йили Непс ёруғлик нурлари орқали гравюранинг нусхасини тайёрлашга муваффақ бўлди. Шу тариқа биринчи янги репродукция яратилди. Непснинг бу ва бошқа ихтироларини тасдиқловчи ҳужжатлар деярли 100 йил ном-нишонсиз қолиб кетди. Бироқ унинг ихтироси ҳақида замондошлари яхши билар эдилар. Француз Луи Дагер (1787-1851) кўп йиллар давомида ёруғлик тасвирини камера-обскурада мустаҳкамлашга ҳаракат қилди. У Непс билан биргаликда бир неча бор тажрибалар ўтказди. Непс вафотидан сўнг Дагер ўз тажрибаларини 1838 йил 28 апрель куни якунлагач, «Мен ўз жараёнимни «дагеротип» деб атадим», деган эди.

1839 йил 7 январь куни Париж академияси котиби Арго академияга Дагернинг кашфиёти ҳақида хабар берди. Ўша кун – фотографиянинг туғилган куни деб эълон қилинган. Мазкур ихтиролари учун Дагерга ва Непснинг меросхўрларига Франция парламенти томонидан алоҳида ғамхўрликлар кўрсатилади. 1839 йили Арго берган хабардан воқиф бўлган инглиз олими Уилям Талбот (1800-1877) камера-обскурада олинган тасвирни мустаҳкамлаш усулини топганини маълум қилди. Непс ва Дагернинг ихтиролари билан яхши таниш Талбот 1835 йили ўз далаҳовлисининг тасвирини олишга муваффақ бўлди. Бунда тасвирни ҳосил қилиш вақти 30 дақиқага чўзилди.

Талбот ўз ихтиросини «калотипия» («калос»– гўзаллик) деб атади. У тасвирни олдиндан ёруғликка сезгир эритма қатлами билан тўйинтирилган қоғозда ҳосил қилди. Шу тариқа тасвир аксини ҳосил қилувчи (проявитель) ва уни мустаҳкамловчи (закрепитель) орқали ишланадиган қоғоз-негатив дунёга келди. Мазкур қоғозга негативлардан олинган тасвирнинг ҳақиқий акси чиқарилади. Калотипия замонавий суратга туширишнинг пойдевори бўлди.

Фотографиянинг яратилиши катта воқеа эди. Ўша давр одамлари бу кашфиётни ҳайрат ила кутиб олдилар. Айрим рассомларга эса шунчалик алам қилган эдики, мусаввир Пол Деларош: «Бугундан бошлаб рассомлик ўлди!» дейишдан тилини тия олмаганди. Тараққиёт эса ўз ишини қиларди. Олдин бадавлатроқ, кейинча ўрта даромадли кишилар линза, камера ва ёруғликка сезгир мосламалар сотиб ола бошладилар. Улар турли объектларни соатлаб тасвирга туширар, гарчи олинган суратлар хира, ноаниқ бўлса-да, бундан роса завқланар эдилар.

Биринчи марта суратга тушириш билан жиддий шуғулланган фотограф-дагерротипистлардан француз Ипполит Байер, Ипполит Физо, Антуан Клоде, Шарл Шевалсларнинг ҳам номлари тарихда қолди. Ўша кезларда Россияда тасвир ҳосил қилишнинг янги усули «ёруғлик сезувчи», «ёруғлик ёрдамида ёзиш» каби номларни олганди.

Фотография соҳасини янада такомиллаштириш борасида узоқ йиллар изланишлар олиб борилгани сир эмас. 1868 йилда биринчи сунъий ёруғлик ёрдамида сув ости манзаралари ва табиатнинг рангли фотосурати олингани кўпчиликни ҳайратга солди.

Ўша йилларда тасвирни газетага тушириш борасида яна бир ихтиро пайдо бўлди. Маълумки, фотографик бўлмаган безак (иллюстрация)лар (чизилган расм, графика ва бошқалар) тасвирни негативдан бевосита босма шакл устига тўғридан-тўғри проекциялаш орқали ҳосил қилинади. Лекин бу усулда тасвирнинг тўқ рангли бўлмаган оқ-қора қисмини, аниқроғи, ним тусни тасвирлашнинг иложи йўқ эди. Журналистикада кенг тарқалган бундай ним тусли тасвирлар (қабариқ босма ёки офсет усулида) кўпчиликни ташкил этади. Бу ерда проекциянинг бошқа аниқроқ усули зарур бўлди.

Бундай усулни мюнхенлик гравюрачи Георг Мёзебах 1801 йилда кашф этди. У тасвирни клишега растр орқали ўтказишга эришди. Растр – бу тасвирни кичик нуқталарга ажратувчи тўрдир. Нуқталарнинг текисликдаги кўриниши эса ҳар хил, оппоқ ёхуд тим-қора рангда. 1 квадрат сантиметрда бир неча юзталаб нуқталар жойлашиши мумкин. Бундай растр исталган кўринишдаги суратни ҳеч қийинчиликсиз узата олади. Растр ёрдамида бажариладиган клише жуда кўп растрли нуқталардан иборат ва мураккаб тусли тасвирни ҳам босишга имкон яратади. Ўша даврдаёқ бу ихтиронинг умрбоқийлиги ҳақида айтилган башоратлар нечоғли тўғри бўлиб чиқаётганини вақт кўрсатмоқда.

Журналистика соҳасида кенг қўлланилувчи бўёқларга келсак, XIX асрга қадар мусаввир ва муҳандислар қадим замонлардан ўсимлик ва ер пигментларидан ташкил топган табиий бўёқлардан фойдаланишган. Фақат XIX асрда табиий бўёқлар ўрнини сунъий бўёқлар эгаллай бошлади. Улар асосан турли тузлар, кислота ва бошқа кимёвий моддалардан иборат бўлган. Бўёқ ишлаб чиқаришдаги бундай усуллар такомиллашиб боравергач, табиий бўёқ яратиш борасидаги донишмандона кашфиётлар унутилиб кетди.

1843 йили Лондондаги Виктория ва Алберт музейи ҳамда «Албертхолл» номли машҳур концерт залининг асосчиси инглиз Генри Коул ўзининг кўп сонли танишларига байрам табрикномаларини босмахонада чоп этишни ўйлади. Ўшанда фақат имзо қўйиш қоларди, холос. Шу тариқа табрикнома варақчалари пайдо бўлди. Жон Хорсли қўлда расмлар чизиб, 1000 нусха кўчирилган ушбу табрикномалар литография усулида босилган эди.

Китоб ноширлиги ва матбаа-нашриёт фирмалари. Аслини олганда, китоб ва даврий нашрлар ноширлиги узоқ ўтмишга бориб тақалади. 1992 йилда Стокгольмда чоп этилган Библия китобида шундай сатрларни ўқиш мумкин: «Библия дунёдаги биринчи босма китобдир. «Гутенберг Библияси» 1452-1455 йилларда босилиб чиққан». Демак, китоб ноширлигини ривожлантиришга бўлган интилишлар асрлар давомида ўз самарасини бериб келаётир. Биз эса ушбу бобда XIX асрда китоб ва даврий нашрлар ноширлиги соҳасидаги матбаа техникаси қай йўсинда равнақ топгани ҳақида ҳикоя қиламиз.

Маълумки, бу аср бошларида китоб чоп этиш деярли ҳунармандлик даражасига етди. Яъни, дурдона асарлар қўли гул ҳунармандлар томонидан китоб шаклида чиқариларди. Техника тараққиётисиз бундай китобларни кўп нусхада чоп қилиш мушкул эди. Янги машиналар ва фотомеханика усуллари ихтиро этилиши ва жорий қилиниши билан бу соҳадаги тараққиётнинг янги босқичи бошланди. Техника ютуқлари замонавий китоб, журнал ва газеталар нашрини такомиллаштирди. Босма даврий нашрлар ишлаб чиқариш бошқа йўналишлар билан баб-баравар қадам ташларди. Бу соҳадаги янги машиналар нафақат маҳсулот ишлаб чиқаришни кўпайтиришга, айни вақтда арзонлаштиришга ҳам хизмат қилди. Натижада даврий нашрлар савдоси оммавий тус олди. Босмахона, матбаа корхоналари саноат ривожланишининг бир қисми бўлиб қолди.

1867 йилда «Реклам» нашриёти томонидан оммабоп китоблар босиб чиқариларди. XX аср бошида Инзель-Ферлаг нашриёти чоп этган китоблар ўша давр талабларига мувофиқ безатилар эди. Бу даврда китобларнинг бадиий безагига алоҳида эътибор берилиши китобхонлар сони тобора кўпайишига хизмат қиларди. Китоб ноширлиги инсоният тарихида буюк солнома бўлиб қолди. Маънавий дурдоналарни кенг оммага етказиш ва келгуси авлодларга мерос сифатида қолдиришда, қўйингки, ўтмиш ва келажакни абадулабад боғловчи буюк восита бўлмиш китоблар қадр-қимматини онгли ва тафаккурли халқ англаб етганди. Шунга яраша китоб ва шу каби тўпламларга эҳтиёж орта борди. Буни тўғри тушунган ноширлар ҳамда матбаачилар китобхонларнинг эҳтиёжларини ҳисобга олган ҳолда иш тутдилар. Ўша даврда бошланган бундай хайрли ишлар ҳозирга қадар давом этиб келаётир.

XIX аср бошида матбаачилик соҳаси равнақ топиши техниканинг жадал ривожланиши билан боғлиқ эди. Фотомеханика ихтиро этилиши ўзига хос тараққиёт босқичига замин яратди. Бу аср нафақат техника тараққиёти, балки илм-фан асри сифатида ҳам тарих зарварақларига муҳрланди. Кўплаб фанлар қатори ўша даврда тарихга оид ҳамда табиий фанлар ҳам ривожлангани эътиборга молик. Бу эса ўз даврининг нодир китобларида ҳам акс этган. Масалан, «Monumental Germaniae historica» («Германия тарихи ёдгорликлари»), ака-ука Гриммлар томонидан яратилган «Немис луғати» ва турли энциклопедиялар ҳақида шундай дейиш мумкин.

Бу китоблар бир оз кўримсиз бўлса-да, ўша давр маълумотларини келажак авлодларга етказишда жуда муҳим ўрин тутарди. Пайти келиб энг тараққий этган технологиялар воситасида бу китобларни ниҳоятда сифатли, кўркам ҳолда исталганча чоп этишга пухта замин яратилди.

Германияда китоб нашр қилиш марказлари орасида Лейпциг етакчи ўринга эга бўлиб келган. Зеро, ўша даврда Берлинда ноширлик жадал суръатлар билан ривожлангани бамисоли келажакка қўйилган бир нарвон эди.

1872 йилда Лондонда бўлиб ўтган матбаа маҳсулотлари кўргазмасида матни 356 тилда ёзилган китоб намойиш этилди. Китоб рус ҳунармандлари томонидан тайёрланган эди.

XIX асрда ноширлик корхоналари равнақ топа бошлади. Германияда бу фирмалар асосан Лейпциг, Майндаги Франкфурт, Штутгарт, кейинчалик Берлинда ҳам жойлашди. Лейпцигдаги «Брейткопф унд Гертель» фирмаси мусиқавий адабиётлар нашр этишда жаҳонга машҳурдир.

Карл Кристоф Таухнитц 1797 йилда босмахонасига нашриётни ва «сатр қуйиш» ускунасини қўшиб олиб, ноширлик фирмасини ташкил қилди. 1816 йилда у Германияда стереотипияни жорий этгач, мумтоз асарларни нашр қилишга киришди. Таухнитц алоҳида эътиборга молик асарларни нашрдан чиқаришга жуда қизиқарди. Алалхусус, унинг ташаббуси билан Қуръони карим ҳам стереотиплар воситасида босмадан чиқарилди. Ўзининг сўз қуйиш ускунаси ёрдамида у шарқий ҳарф (шрифт)ларнинг қимматбаҳо жамғармасини яратди ва 1834 йилда Талмудни нашр қилди. Кейинчалик унинг ўғли корхонани бўлиб, турли фирмаларга сотиб юборди.

1817 йилда Лейпцигга Фридрих Арнольд Брокгауз (1772-1823) кўчиб келди. 1805 йилда у Амстердамда китобфурушлик фирмасига асос солди, сўнг Альтенбургга кўчиб борди, ниҳоят, Лейпцигда ўрнашиб, бу ерда ўз ноширлик фирмасига босмахонани қўшиб олди. Ушбу корхона илмий адабиётларни нашр қилишда етакчи ўринга чиқди, у саёҳатлар ҳақида жуғрофий асарларни, айниқса, 1808 йилдан кейин машҳур қомусни нашр қилиш билан донг таратди. Унинг ворислари 1826 йилда Лейпцигда биринчи бўлиб ўз босмахоналарида ясси босма машинасини ўрнатишди. 1836 йили улар Веймардаги Вальбаумнинг сўз қуйиш ускунасини харид қилишди. 1918 йилда уни «Бертгольд» шрифт қуювчи фирмасига қайта сотиб юборишди.

XIX асрда жаҳон миқёсида катта аҳамиятга эга бўлган «Б. Г. Тойбнер» фирмаси фаолият кўрсатарди. Бенедикт Готхельф Тойбнер (1784-1856) 1811 йилда Вайнедель исмли қайноғасининг босмахонасига меросхўр бўлиб, уни 1823 йилда нашриёт билан бирлаштирди. 1850 йилдан бошлаб грек муаллифларининг асарлари кирган «Тойбнериан кутубхонаси» туркумини нашр этишга киришди. Ушбу туркум китоблари мактабда ўқитиш учун матнлар сайланмаси сифатида фойдаланилди. Тойбнер дастурига кирган математика ва табиий фанлар бўйича асарлар, шунингдек «Aus Natur und Geisteswelt» («Табиат ва руҳ соҳасидан») илмий-оммабоп туркуми бу илмларнинг оммалашувига хизмат қилди.

«Библиография институти» нашриётининг асосчиси Карл Йозеф Мейер (1796-1856) ҳалқ учун арзон китоблар, қомусларни нашр қиларди. У 1839 йилдан 1852 йилгача Брокгауз энциклопедияси билан рақобат қилувчи «Мейер энциклопедияси» («Meyersche Konversationslexikon»)ни чоп этди.

1867 йилда «Реклам» нашриётининг универсал кутубхонаси» («Reclams Universalbibliothek») дафтарчалари оммабоп эди. Нашриётга Антон Филипп Реклам (1807-1896) асос солган. 1828 йилда у ўз босмахонасига ҳам эга бўлди.

И. Вебер ксилография устахонасида «Illustrierte Zeitung» («Расмлар билан безалган газета») фирмаси томонидан нашр этиладиган китоблар, маълумотномалар ва илмий-оммабоп нашрлар учун ёғочда гравюраларни тайёрлаб бериб турди.

XIX асрда китоб ноширлигини ривожлантиришда босмахоналар муҳим ўрин тутарди. Копенгагенлик Карл Берендт Лорк (1814-1905) И. Вебер билан ҳамкорликда «Босмахона ишчилари немис уюшмаси» ва «Китоб иши ходимларининг немис уюшмаси»ни яратишда қатнашган, матбаага оид асарлар муаллифи бўлган. Улар ҳамкорликда «Annalen der Typographie» («Матбаа анналлари») журналини нашр қилишди ва «Китоб нашр этиш тарихи бўйича қўлланма»ни босмадан чиқаришди. Карл Берендт 1856 йилда сотиб олган И. Ниеснинг босмахонаси ва сатр қуйиш ускунасини 1868 йилда у Вильгельм Другулинга (1822-1879) пуллади. Другулин аср охирида ўз босмахонасида китоб чоп этишни йўлга қўйди. 1928 йилда босмахона «Officin Haag-Drugulin» («Гааг-Другулин фирмаси») таркибига кирди.

К. Рёдернинг босмахонаси 1847 йилда нашриёт тармоғида ташкил қилинди. «Инзель-Ферлаг» нашриётининг буюртмалари бўйича фаолият юритган «Спамер босмахона»сига 1875 йилдан Отто Зойберлинг раҳбарлик қила бошлади. XX аср бошида Германиянинг янги китоб санъатида етакчи ўрин тутган «Пёшель унд Трепте» босмахонасига 1870 йилда асос солинди.

1877 йили Берлинда кейинчалик улкан корхонага айланган «Улльштайн–Прессе» нашриётининг босмахонаси ташкил этилди. У китоблар билан бирга газета-журналлар чоп этишга ихтисослашганди. «Улльштайн-Прессе» босмахонаси кўп нусхаларда матбаа маҳсулотларини чоп этиши билан машҳур эди.

1851 йили ташкил қилинган Пруссия босмахонасини Германия давлати 1879 йилда сотиб олди. Унда пуллар, қимматли давлат қоғозлари ва расмий хужжатлар, шунингдек китоблар ҳам чоп этиларди. 1892 йилда босмахонага Пруссия Фанлар академиясининг шарқий ва махсус ҳарф (шрифт)лари берилди.

Иккинчи жаҳон уруши даврида босмахона фаолияти тўхтади. Шу йиллари кўпгина босмахоналар вайрон бўлди. 1945 йилда уларни тиклаш бошланди.

Империя босмахонасидан аввал XIX асрда унга ўхшаш Австрия давлат босмахонаси дунёга довруқ таратди. Й. Деген ва Алоиз Ауэр (1813-1869) унинг раҳбарлари бўлган. Деген дастлаб китоб савдоси билан шуғулланган, 1801 йилда ҳарф қуювчи устахонани, кейинчалик эса кенг фаолият юрита бошлаган босмахонани жиҳозлади. 1814 йилда босмахона давлат тасарруфига ўтгач, Деген унинг биринчи директори этиб тайинланди. Ўша пайтдаги ҳарф терувчи Алоиз Ауэр эса 1841 йилдан бошлаб корхонага раҳбарлик қила бошлади.

Франциядаги йирик нашриёт-матбаа фирмалари орасида 1826 йилда Парижда Луи Кристоф Франсуа Ашетт (1800-1864) ташкил этган «Либрер Ашетт» фирмаси алоҳида ўринга эга. Бу корхона 1833 йилдан бошлаб ўқув адабиётларини, 1852 йилдан бадиий асарларни чоп эта бошлади. Фирма босқичма-босқич универсаллашиб бораркан, Бельгия, Швейцария, Испания ва бошқа мамлакатларда шўъба корхоналарини ташкил қилди.

Пьер Ларусс 1852 йилда (1817-1875) Парижда асос солган нашриёт аввал дарсликлар, қомусий адабиётлар нашр этиш билан донг таратди. 1866-1867 йилларда у 15 жилдлик «XIX асрнинг Катта универсал қомуси»ни босиб чиқарди.

АҚШнинг йирик нашриётлари орасида 1817 йилда ташкил этилган «Харпер энд Бразерс» фирмасини, 1848 йилда Нью-Йорк шаҳрида Жорж Пальмер Путнам (1814-1872) томонидан ташкил этилган нашриётни ҳамда 1897 йилда вужудга келган «Даблдей Ко.» фирмасини таъкидлаш лозим.

Россияда 1801 йилда Екатеринанинг хусусий босмахоналар фаолиятини такомиллаштириш ҳақидаги фармони эълон қилингач, матбаачилик равнақ топа бошлади. 1807 йил 5 августдаги фармон билан губерния бошқарувлари қошида босмахоналар ташкил қилинди. Бу эса қишлоқларда китоб нашрини йўлга қўйиш ва ривожлантириш учун моддий-техникавий негиз яратди. XIX асрнинг биринчи чорагида 100 га яқин китоб (асосан бадиий асарлар) чиқарган П. Бекетовнинг (1761-1836) ноширлик фаолияти кенгайди.

XIX асрнинг иккинчи чорагида рус ношири Александр Смирдин (1794-1857), В. Г. Белинский таъбири билан айтганда, «рус адабиётида кескин бурилиш содир этди». У Россияда биринчи бўлиб ёзувчиларга катта қалам ҳақи тўлай бошлади, бу эса адабиётни янада ривожлантиришга кўмаклашди.

XIX асрнинг иккинчи чораги Глазунов, Селивановский, Плюшар, Сленин, Рене-Семен ва бошқаларнинг китоб нашр қилувчи фирмалари учун кучайиш даври бўлди. Босмахоналар иши механизациялаша бошлади. 1817-1873 йилларда «Кёниг унд Бауэр» немис фирмаси томонидан тайёрланган 2000 та ясси босма машинадан 392 таси Россияга етказиб берилди. 1828 йилда Петербургдаги Александр мануфактурасида босма машиналар ишлаб чиқариш йўлга қуйилди.

XIX асрнинг сўнгги чорагида нашриёт фирмаларини ташкил этиш жараёни бошланди. Улардан энг муҳими 1876 йилда Иван Дмитриевич Ситин (1851-1934) томонидан ташкил этилган фирма эди. Петербурглик китоб ношири Маврикий Осипович Вольф (1825-1883) асосан пулдор китобхонга эътиборини қаратди. У жаҳон мумтоз адабиёти вакилларининг бой расмлар билан безатилган нашрларини чиқариш йўлини тутди. 1870 йилда Адольф Федорович Маркс (1838-1904) томонидан асос солинган «Нива» журнали катта муваффақиятга сазовор бўлди, 1891 йилдан унга илова сифатида бутун Россия бўйлаб тарқаладиган мумтоз асарлар чиқарила бошлади.

Петербурглик ношир Алексей Сергеевич Суворин 1887 йилда санъат асарларининг оммавий туркумини нашр этди.

XIX асрнинг иккинчи ярмида Россияда ихтисослаштирилган нашриётлар вужудга келди. 1861 йилда Петербургда нашриётга асос солган К. Риккер табиий-илмий, техникавий ва тиббий адабиётлар нашрини йўлга қуйди. А. Девриеннинг 1872 йилда ташкил қилинган Петербургдаги нашриёти асосан қишлоқ хўжалиги, география ва табиий билимларга оид китобларни чиқаришга ихтисослашди.

1891 йилда машҳур «Гранат қомусий луғати»га асос солган П. Сойкин, Сабашников ва Гранатларнинг фаолиятлари кўпчиликнинг эътиборини тортди. Улар ҳамкорликда яратган луғат ҳамда бошқа нодир китоблар ҳам умумбашариятнинг маънавий мулкига айланди.

1890-1907 йилларда Ф. Брокгауз ва И. Эфронларнинг нашриётида ҳам «Қомусий луғат» китоби нашр этилди.

Ўша даврда Буюк Британия журналистикаси юксак ривожланиш босқичида эди. Айниқса, кундалик нашр – умуммиллий «Гардиан» («Қўриқчи», 1821 йил), якшанбалик умуммиллий «Ньюс оф Уорлд» («Дунё янгиликлари», 1843) газеталари ижтимоий ҳаётда ўзига хос воқеа бўлди. Улар сўнгги йилларда 5 миллиондан ортиқ нусхаларда чоп этилгани эътиборга моликдир. «Экономист» («Иқтисодчи», 1847) ҳафталик сиёсий-иқтисодий ва илмий журнали эса бир асрдан кўпроқ вақтдан бери дунёда катта обрў қозониб келмоқда.

Шу даврдан эътиборан Германияда ҳам бир неча газета нашри йўлга қўйилди. Жумладан, 1802 йили «Кёлнер штаат анцайгер» («Кёльн шаҳар даракчиси») номли кундалик газета ташкил қилинди. 1811 йилдан бошлаб «Noe Bestfelishie» («Янги Вестфал газетаси»), 1840 йилдан «Badisheste tagblats» («Баденнинг кундалик варақаси») кундалик газеталари нашр қилина бошлади. «Форвертс» («Олға») кундалик газетаси 1876 йилдан буён чоп этилади.

АҚШнинг айрим йирик газеталари XIX асрдан чиқа бошлаган. 1801 йили «Нью-Йорк пост» («Нью-Йорк почтаси») газетаси ташкил қилинди. Энг нуфузли ва хабарларга бой «Вашингтон пост» («Вашингтон почтаси») газетаси 1877 йилдан чиқа бошлаган. Умуман олганда, XIX аср Америка матбуоти (газета нашри) учун ривожланиш даври бўлди.

Франциянинг машҳур «Фигаро» газетаси 1826 йили дунё юзини кўрди. 1859 йилдан «Прогре» («Прогресс») газетаси чиқа бошлаган. 1870 йилда эса Тулуза шаҳрида энг йирик провинциал газеталардан бири – «Депеш ди Миди» («Жанубдан хабар») газетаси нашр этила бошлади.

Италияда «Гадзетта дел пополо» («Халқ газетаси») кундалик нашри 1848 йилдан чиқа бошлаган. «Коррера делла сера» («Кечки даракчи») кундалик газетаси эса 1876 йилдан буён юз минглаб нусхада чоп этиб келинмоқда.

Японияда кўпгина газеталар XIX аср (асосан иккинчи ярми)да чиқа бошлади. 1872 йилда таъсис этилган умуммиллий газета – «Майнити» («Кундалик») ҳар куни икки маҳал – эрталаб 4,4 миллион, кечки сони 2,4 миллион нусхада чоп этилишининг ўзиёқ эътиборга моликдир. 1874 йилдан буён чиқиб турган умуммиллий газета – «Иомури» («Репортёр») ҳақида ҳам шундай фикр айтиш мумкин. Булардан ташқари, «Асахи» («Чиқаётган қуёш», 1888 йил), инглиз тилида чиқадиган «Жапан таймс» («Япон вақти», 1897 йил), ҳар куни эрталаб ва кечқурун чоп этиладиган кундалик газеталар – «Акита сакигаке симпо» («Акита янгиликлари», 1874), «Гифу нитинити симбун» («Гифу кундалик газетаси», 1879) сингари нашрлар ҳам ҳозиргача чинакам ҳаёт кўзгуси вазифасини бажариб келаяпти.

Ҳиндистонда XIX асрда кўп газеталар инглиз тилида чиқар эди. 1819 йилдан эса гужарати тилида «Бомбей самгар» («Бомбей хабарлари») чиқа бошлаган. 1838 йилдан буён чоп этилаётган «Таймс оф Индия» («Ҳиндистон вақти») кундалик газетаси эса ҳозиргача энг оммабоп нашрлардан бири сифатида эътироф этилади. 1868 йили инглиз тилида бир йўла иккита газета: «Амрита базар патрика» («Ширалар бозори газетаси») ва Мадрас кундалик кечки нашри «Мейл» чиқа бошлади. 1881 йилда ташкил этилган «Трибюн» («Минбар») газетаси инглиз, ҳинд, панжоб тилларида чоп этилиб келмоқда.

Туркияда ҳозир ҳам чиқаётган баъзи газеталарнинг тамал тоши XIX асрда қўйилган. Масалан, бугунги кунда машҳур ҳисобланган «Ени аср» («Янги аср») газетаси 1895 йилда ташкил этилган.

Ривожланган давлатлардан турли тоифадаги кишиларнинг ўзга юртларга бориб-келишлари азалий анъана эди. Улар отларда, кемаларда, кейинчалик техник воситаларда турли мамлакатларга бориб, ишбилармонлик, савдо ва бошқа мақсадларини амалга оширишар, баъзи мутахассислар эса босмахона жиҳозлари ҳамда чоп этиш (босиш) ашёларини ҳам олиб боришарди. Уларнинг ўзга диёрларда газета чиқаришдан мақсадлари турлича бўларди, албатта. Аммо, ноширлик ҳам сердаромад соҳалардан бири эканлигини ўша давр матбаачилари, ноширлар ва матбуот ходимлари яхши англаганлар. Улар бирлашиб, ўз мамлакатларига тақлидан газеталар чиқаришни йўлга қўя бошлаган эдилар. Албатта, юқорида айтиб ўтганимиздек, давлатлар раҳбарларининг махсус топшириқлари билан борганлари ҳам топиларди.

Айни вақтда қайси тилда шрифт (босма ҳарф) нақд бўлса, газеталарни ўша тилда чиқариш қулайроқ эди. Ўша давр губернаторлари, ҳарбийлари ва бошқа маълум бир тоифадаги кишиларига тегишли бўлган бу газеталарнинг кўпчилиги барҳам топган, яъни, ҳозирги кунда чиқмайди.

Агар узоқ Ҳиндистонда Англиянинг кучли таъсири сезилса, Европага яқинроқ ҳудудда жойлашган Мисрга бундай мамлакатлар таъсири бўлиши табиий ҳол эди. Шунинг учун у ерда илк газеталар бир неча тилларда чоп этилган.

Эътиборли жиҳати шундаки, Африка мамлакатларида ҳам дастлабки газеталар XIX асрдаёқ пайдо бўлган. 1875 йили Мисрда араб тилида «Ал-Аҳром» («Эҳромлар») чиқа бошлади. Ҳозирги кунда бу газета нафақат Мисрда, балки бутун Яқин Шарқда энг нуфузли нашрлардан ҳисобланади. Инглиз тилидаги «Ижипшн газетт» нашри эса 1880 йили ташкил этилган. Грек тилидаги «Тахидромас Эгиптес» («Миср курьери») кундалик газетаси 1882 йилдан бошлаб чиқаяпти. Француз тилидаги кундалик «Прогре эжипсен» («Миср тараққиёти») газетаси 1890 йилдан нашр қилиниб келинмоқда. Араб тилида чиқадиган адабий журнал «Ал-Ҳилол» («Ярим ой») эса 1895 йилдан буён чоп этилади.

Алоҳида давлат ҳисобланган Ватикан шаҳрида 1861 йилдаёқ газета чиқариш йўлга қўйилган. «Оссерваторе романо» («Римлик шарҳловчи») газетаси шулардан бири бўлиб, у сиёсий-диний йўналишга эга эди.

Хулоса қилиб айтганда, XIX асрда матбаа техникасининг тараққий этганлиги матбуот равнақида асосий пойдевор бўлди. Бу технологиялар ривож топиб, такомиллашгани сари газета, журнал, китоб ва бошқа матбаа маҳсулотларини ишлаб чиқариш ҳам сифат, ҳам миқдор жиҳатидан ривожланиб бораверди.

 1

Назорат саволлари

  1. Журналистика тараққиётида техник воситаларнинг ўрни қандай бўлган? Аниқ мисоллар билан изоҳлаб беринг.
  2. Иоганн Гутенберг ихтиро қилган босмахона ҳақида нималарни биласиз?
  3. Нима учун XIX асрни «матбаачиликни механизациялаштириш асри» деб аташган?
  4. Қоғоз саноатининг ривожланиши қай йўсинда амалга ошган?
  5. Босмахоналарнинг пайдо бўлиши ҳақида нималарни биласиз?
  6. Аср ўрталарида Европада журналистика қай тариқа ривожланди?
  7. Техник тараққиёт босқичида матбаачилик жиҳозлари қандай ўрин тутган?
  8. Босиш (чоп этиш) машиналари ҳақида нималарни биласиз?
  9. Ҳарф териш машиналари ҳақида нималарни биласиз?
  10. Линотипнинг ихтиро қилиниши ҳақида нималарни биласиз?
  11. Фотография усулида ҳарф териш ҳақида нималарни биласиз?
  12. Фотографиянинг пайдо бўлиши журналистика тараққиётида қандай ўрин тутган?
  13. Дастлабки китоб ноширлиги ва матбаа-нашриёт фирмалари ҳақида нималарни биласиз?

Вам может также понравиться...

Ответов: 9

  1. Ommaviy axborot vositalarining qaysi yo’nalishida ishlamaylik, ammo bosma matbuot ham o’z uslubiga va maqomiga ega yo’yalish hisoblanadi. Matbuotning, qolaversa boshqa yo’nalishlarning ham sir asrorini bilish jurnalistning asosiy vazifalaridan hisoblanadi. Ushbu maruza orqali esa biz matbuot haqida barcha ma’lumotlarga ega bo’lishimiz mumkin.

  2. XIX asrda matbuot texnikasining rivojlanishi, qog’oz sanoatining tez sur’atlarda o’sishi, fotagrafiyaning paydo bo’lishi, ommaviy axborat vositalaridan biri bo’lgan matbuotning rivojlanishiga olib kelgan ekan. XIX asr boshida yassi bosma mashina paydo bo’lgach, chop etish osonlashgan. Ixtirochilar bundan qiyin mashina texnikasi ya’ni xarf terish mashinasini ham ixtiro qilganlar. Ko’rib turganimizdek, ma’ruzadan bundanda kerekli jurnalistika tarixiga oid ma’lumotlarni olishimiz mumkin.

  3. Avvalambor faktlarga boy ma’ruza matni uchun tashakkur ustoz. Dingler ismli ixtirochi 1820 yilda Svaybryukkenda «Vashington» dastgohini yaratishi, fikrimcha, sohaning rivojlanishida katta qadam deya hisoblasak bo’ladi. Sababi bu hodisadan keyin,matbaachi-noshir Tomas Bensli bilan hamkorlikda va mexanik Fridrix Andreas Bauer yordamida 1811 yili tigel mashinasini, 1812 yili bosma silindrli mashinani dunyoga keltirilishi dunyo uchun katta ijobiy burilishga olib keldi.

  4. Ustoz ma’ruza matni uchun katta rahmat! Juda ham ma’lumotlarga boy bo’lgan ma’ruza matni ekan. Bu ma’ruzani o’qib ko’pgina matbuotga oid bo’lgan faktlarga ega bo’ldim.

  5. Ma’ruza judayam ko’p ma’lumotlarga boy matbuot texnikasining paydo bo’lishi , qog’oz sanoatining rivojlanishi , bosmaxonalarning paydo bo’lishi biz bo’lajak jurnalist sifatida bu ma’lumotlani to’liq o’rganishimiz shart va bu biz uchun juda zarur .

  6. Дониш домла, юқоридаги кўплаб матбуот техникасининг ривожланишига оид бўлган аниқ ва қизиқарли бўлган фактларни бизга етказиб бераётганингиз учун каттакон рахмат. Ривожланишнинг босқичма-босқич ўсиб бориши жахон журналистиканинг ривожланишида асосий ва муҳим омилларидан бири бўлганлигига гувоҳи бўлдик.

  7. Sohibaxon Hodiyeva:

    Bosma nashr,matbuot tarixi ko’pchilik qatori meni ham qiziqtirib qo’ydi.Matbuot,gazeta borgan sari yo’qoladi deydiganlar diqqatiga — shuncha yillik mehnat,yillar davomida qilingan yangiliklar,rivojlanishlar mahsuli hech qachon yo’qolmaydi!

  8. Qog’oz paydo bo’lishi, rotatsiya va harf terish uskunalari,bosish mashinalari, fotografiyaning paydo bo’lishi kabi yangi va qiziqarli, aniq faktlar bilan berilgan ma’lumotlar uchun rahmat.

  9. Аssalomu alaykum Donish domla. XIX asrda matbuot texnikasining rivojlanishi, qog’oz sanoatining tez sur’atlarda o’sishi, fotagrafiyaning paydo bo’lishi, ommaviy axborat vositalaridan biri bo’lgan matbuotning rivojlanishiga olib kelganligi, XIX asr boshida yassi bosma mashina paydo bo’lgach, chop etish osonlashganligi, ixtirochilar bundan qiyin mashina texnikasi ya’ni harf terish mashinasini ham ixtiro qilganligi haqida ma’lumotlarga ega bo’ldim. Ko’rib turganimizdek, ma’ruzadan bundanda kerekli jurnalistika tarixiga oid ma’lumotlarni olishimiz mumkin ekan.

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *