Jurnalistika tarixi

I-mavzu. QADIMGI OMMAVIY KOMMUNIKATSIYALAR DAVRI

1 2

ЎзМУ Журналистика факультети 3-босқич талабаларига «Жаҳон журналистикаси тарихи» фанидан маърузалар амалдаги икки алифбомизда тақдим этилмоқда.

Қадрли талабалар! Ҳар бир мавзуни эътибор билан ўқиб, 9-мавзу охирида тақдим этилган адабиётларни пухта ўрганинг. Сўнг, ушбу саҳифа адоғида билдирган фикрномаларингизга қараб Сизга балл қўямиз.

 

  “ТАСДИҚЛАЙМАН”

 

_____________________

Тўлқин Эшбеков,

Журналистика кафедраси мудири

 

“___”__________ 2020 й.

 

 

ТАҚВИМ РЕЖА

(маъруза, лаборатория иши, амалий машғулот, курс ишлари)

 Журналистика факультети 3-курс, ўзбек гуруҳи

Фаннинг номи “Журналистика тарихи”

Маъруза – 18 соат

Амалий машғулот – 18 соат

Мустақил таълим – 22 соат

Умумий ўқув соати – 58 соат

6-семестр

 

Маъруза ва амалий машғулотлар мавзуси  

Соати

Бажарилганлиги ҳақида маълумот  

Ўқитув-чининг имзоси

Режа бўйича ой ва кун Амалда ой ва кун
Маъруза Амалий
1 Қадимги оммавий коммуникациялар даври 2 05.02.20
2 Журналистикагача бўлган даврда оммавий коммуникация унсурлари 2 12.02.20
3 Қадимги Шарқ журналистикаси 2 19.02.20
4 Қадимги Шарқ журналистикасига оид адабиётларни ўрганиш 2 26.02.20
5 Ўрта асрларда Европа публицистикаси 2 04.03.20
6 Ўрта асрларда Европа публицистикасига оид адабиётларни ўрганиш 2 11.03.20
7 Хитой, Корея ва Япониядаги ихтиролар 2 18.03.20
8 Хитой, Корея ва Япониядаги ихтироларга оид адабиётларни ўрганиш 2 25.03.20
9 Журналистика ривожланиш босқичлари 2 04.03.20
10 Журналистика ривожланиш босқичларига оид адабиётларни ўрганиш 2 01.04.20
11 Янги замон ва маърифат даври матбуоти 2 08.04.20
12 Янги замон ва маърифат даври матбуотига оид адабиётларни ўрганиш 2 15.04.20
13 XIX асрда матбуот техникасининг ривожланиши 2 22.04.20
14 XIX асрда матбуот техникасининг ривожланишига оид адабиётларни ўрганиш 2 29.04.20
15 XX асрнинг биринчи ярмида жаҳон матбуоти 2 06.05.20
16 XX асрнинг биринчи ярмида жаҳон матбуотига оид адабиётларни ўрганиш 2 13.05.20
17 Жаҳон оммавий коммуникациялар тарихига оид хулосалар 2 20.05.20
18 Жаҳон оммавий коммуникациялар тарихига оид хулосаларга оид савол-жавоблар 2 27.05.20
ЖАМИ 18 18

Мазкур тақвим режа Журналистика кафедрасининг 2019 йил 4 сентябрдаги мажлисида тасдиқланган.

Тузувчи:                                                                      доц. Тўлқин Эшбеков

 

3

KIRISH

 Yurtimiz mustaqillikka erishgan kunlardanoq ommaviy axborot vositalarimizni har tomonlama rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar o‘z samarasini berayotir. Galdagi vazifalardan biri – mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari faoliyatini jahon andozalari darajasiga ko‘tarish. “Bugungi kunda dunyo shiddat bilan o‘zgarmoqda. Barcha sohalarda axborot olish va uni yetkazish, ta’sirchan jamoatchilik fikrini shakllantirish zaruratga aylangan,– deb ta’kidladi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev.– Bunday murakkab sharoitda hayot yangidan-yangi talab va vazifalarni oldimizga qo‘ymoqda”1. Ana shu muhim vazifalar to‘laqonli ado etilishi uchun avvalo rivojlangan davlatlar ommaviy axborot vositalari tarixini puxta o‘rganish maqsadga muvofiqdir. O‘tmishni chuqur bilmasdan nurli kelajakka erishib bo‘lmasligi haqidagi fikrlar zamirida ulkan ma’no mujassam. Aytish joizki, XX-asrning birinchi choragidayoq o‘zbek milliy jurnalistikasining tamal toshini qo‘ygan ma’rifatparvar bobolarimiz matbuotning asl mohiyatini ana shunday chuqur anglab, mas’uliyat bilan ish yuritganlar. Bu fikrni 1914 yili “Sadoi Farg‘ona” gazetasining ilk sonida chop etilgan “Matbuot butun dunyodagi madaniy millatlarning hayot yo‘llari, olamdagi darajalari va insoniyat taraqqiyotining cho‘qqisi uchun lozim bo‘lgan say’-harakatlar to‘g‘risida maslahatlashmoq va kengashmoq uchun zarur bir vositadir” degan so‘zlar yaqqol isbotlaydi.

Dunyodagi rivojlangan davlatlar matbuoti tarixi jurnalist-olimlar tomonidan izchil tadqiq etilmoqda. Xususan, Fayzulla Mo‘minov, Fotima Mo‘minova, Akbar Nurmatov, Sangin Jabborov, Muhabbat Soliyeva, Klimentina Ismoilova, A’zamjon Dadaxonov kabi professor-o‘qituvchilar bilan hammualliflikda “Jahon jurnalistikasi tarixi” darsligini yaratgan edik. Darsligimiz O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Muvofiqlashtiruvchi kengashi tomonidan nashrga tavsiya etilib, 2006 va 2008 yillarda ikki bora nashr etildi.

O‘tgan davr mobaynida yurtimiz siyosiy va ijtimoiy hayotida ulkan o‘zgarishlar yuz berdi. Shu munosabat bilan o‘sha darslik asosida mazkur o‘quv qo‘llanmani tayyorlashga jazm qildik. Unda yuqorida nomlari zikr etilgan darslik hammualliflari tadqiqotlaridan ham keng foydalanildi. Muhimi, bo‘lg‘usi jurnalistlarimizning bilimlari kelgusida eng rivojlangan davlatlar ommaviy axborot vositalari bilan bo‘ylashishda asqotadi, degan umiddamiz.

______________________________________________

1Мирзиёев Ш.М. Матбуот ва оммавий ахборот воситалари ходимларига. http://xs.uz/uzkr/post/prezident-tabrigi-matbuot-va-ommavij-akhborot-vositalari-khodimlariga-2 27 Июнь 2019

2

I-mavzu. QADIMGI OMMAVIY KOMMUNIKATSIYALAR DAVRI

Reja:

  1. Yirik portlashdan matbuotgacha;
  2. Ommaviy kommunikatsiya vositalari (OKV) tarixining umumiy davriylanishi.
  3. Ommaviy kommunikatsiya rivojida so‘zning o‘rni.
  4. Jamiyatning umumiy kommunikatsiya manzarasiga chizgilar.
  5. Din va mifologiya – ommaviy komunikatsiyaning boshlang‘ich shakllari sifatida.
  6. Qadimgi kommunikatsiyalarning dastlabki shakllari.

Olam yaralishi haqida azaldan turfa fikrlar o‘rtaga tashlanadi. Diniy manbalarda ham Ollohning “bo‘l” degan kalomidan olam, yer, hayot paydo bo‘lgani bayon etiladi. Demak, qachonlardir mana shu olam yaralgan. Olimlar fikricha, u 15 milliard yil oldin yirik portlash natijasida paydo bo‘lgan. O‘sha portlashdan Galaktika paydo bo‘lishigacha 5 milliard yil vaqt o‘tgan. Yer shari Galaktikadan keyin yana 5 milliard yil o‘tib vujudga kelgan bo‘lib chiqadi. Yer ustida jonli hayot dengizlarda 4 milliard yil oldin paydo bo‘lgan. Jonli mavjudotlar 1 milliard yil avval ikki xil jinsga bo‘lina boshlangan. Birinchi umurtqalilar 500 million yil ilgari, yer ustidagi birinchi o‘simliklar 450 million yil, birinchi baliqlar 400 million yil, birinchi amfibiyalar yoki ham suvda, ham quruqlikda yashay oladigan jonivorlar 350 million yil, birinchi sudralib, o‘rmalab yuruvchi hayvonlar 300 million yil, birinchi sut emizuvchilar 195 million yil, birinchi qushlar 150 million yil oldin paydo bo‘lgan. Shundan keyin Yer sharida birinchi sut emizuvchilarning eng yuqori turkumi – maymunlar va odamsimon mavjudotlar vujudga kelgan. Ushbu voqea 700 million yil muqaddam sodir bo‘lgan. 7,5 million yil ilgari birinchi odamsimon jonivorlar paydo bo‘lgan. 4 million yil muqaddam zamonaviy qiyofadagi birinchi odamlar shakllangan. 2,2 million yil oldin ishbilarmon (ya’ni, birinchi mehnat qurollarini yasay oladigan), ikki oyoqda tik, lekin hali bukilib yuradigan odamlar vujudga keldi. Ayni shu davrda ushbu mavjudotlar jamoa (oila, urug‘) shaklida yashay boshladi. 1,5 million yil oldin ikki oyoqda tik yura oladigan odamlar paydo bo‘ldi. Ularning ov yoki ish qurolini qo‘lda olib yurishdek taraqqiyotga erishishi, qaddini rost tutib yurishga odatlangan bu mavjudotlarning olovdan o‘z maqsadlarida foydalana olishi 500 ming yil ilgari yuz berdi. Va, nihoyat, bevosita ongli insonlar 200 ming yil oldin paydo bo‘ldi. Yer sharida bugun yashaydigan odamlarning barchasi ongli inson toifasidandir. Ongli insonlar, albatta, jamoa bo‘lib yashagan. Uzluksiz axborot almashuvi, ibtidoiy shakllarda bo‘lsa ham, ongli insonning nafaqat paydo bo‘lishiga, balki uning keyingi rivojlanishiga ham yaqindan ta’sir ko‘rsatgan. Tasvirli va tovushli kommunikatsiya ibtidoiy odamlarga yashay olish uchun asosiy zarur vositalardan biri edi. Qoyalarga o‘yib solingan birinchi tasvirlar 30.000 yil oldin paydo bo‘lgan. Dehqonchilik davri esa 20.000 yil ilgari boshlangan. Va, nihoyat, Iogann Gutenbergning bosma matbaa ixtirosiga 550 yildan oshdi. Zamonaviy ommaviy kommunikatsiya vositalari (OKV) tarixi shundan boshlangan, degan tadqiqotlar mavjud. OKVni o‘rganish bevosita ushbu vositalardan ko‘ra insonning ijtimoiy tabiati va psixologiyasiga ko‘proq bog‘liq. OKV texnikasiga hayot va ma’no bag‘ishlovchi insonlardir. Matbuot paydo bo‘lganiga 550 yildan oshgan bo‘lsa, televideniye bor-yo‘g‘i 70 yil oldin kashf etildi. Ya’ni, rasmiy xronologik yondashuvga ko‘ra, matbuot televideniyedan 8 marta ko‘proq umr ko‘rgan. Doimiy teleko‘rsatuvlar efirga chiqqandan keyin yigirma yil o‘tar-o‘tmas televideniye matbuotni orqada qoldirdi va hanuzgacha ham OKV orasida hukmronlik qilib kelmoqda. Bugungi kunda televideniyedan g‘oliblikni hozircha faqat internet olishi mumkin. Keyin esa vaqt ko‘rsatadi: fan-texnika taraqqiyotining bu qadar jadal sur’atlari yaqin orada tag‘in ham ilg‘orroq aloqa va axborot vositalarini dunyoga keltirishi hech gap emas.

Inson psixologiyasi va ommaviy axborotni qabul qilish xususiyati nafaqat matbuotga xos mantiqiy fikrlashga, balki undan ham ko‘ra ko‘proq insonning audiovizual imkoniyatlariga asoslangan. Audiovizual xususiyatlar va imkoniyatlar esa, odamzodda uzoq ming yilliklar davomida shakllanib kelgan. Buni bilmasdan turib na insoniyat tarixini, na zamonaviy OKV samaradorligini tushunib bo‘lmaydi1.

OKV tarixining umumiy davriylanishi. Biz OKV tarixini ikki yirik davrga bo‘lib ko‘rishni maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz:

I davr – matbuotgacha bo‘lgan ommaviy kommunikatsiyalar;

II davr – matbuot, radio va televideniyening paydo bo‘lishi va rivojlanishi.

Birinchi davr ancha uzoq davom etgan va o‘z navbatida, xronologiya jihatidan katta ichki qism va bosqichlarga ega. Yer shari vujudga kelishidan ongli inson paydo bo‘lishigacha bo‘lgan birinchi qism to‘rt bosqichdan iborat. Birinchisi – yer shari (borliq)ning paydo bo‘lish va rivojlanish bosqichi. Bu jarayon bir milliard yil davom etgan. Demak, shu vaqt mobaynida yer yuzida hayot paydo bo‘lishi uchun shart-sharoitlar asta-sekin shakllana borgan. Ushbu bosqich yerda hayot, ya’ni, jonli mavjudotlar vujudga kelishi bilan tugallangan.

Jonli mavjudotlar bosqichi deb atash mumkin bo‘lgan ikkinchi bosqichning davomiyligi 930 million yilga teng. Bu davrda yer sharida jonli mavjudotlarning har xil turlari paydo bo‘lib, rivojlanib, o‘zgarib va yangi turlarga aylanib borgan. Jonli mavjudotlarning rivojlanishi hayotiy amaliyot va o‘zaro kommunikatsiyalar shaklida amalga oshgan.

II qism – ongli inson vujudga kelishidan matbuot ixtiro etilishigacha bo‘lgan qism. Jami taxminan 200000 yilni o‘z ichiga oluvchi bu qism besh bosqichdan iborat.

Birinchisi – aks ettiruvchi holat bosqichi. Mazkur bosqich jarayonida insonlar ongi borliqni shunchaki aks ettiruvchi holatdan aks ettiruvchi tushunish, bilish va nihoyat, borliqni ongli o‘rganish bosqichlaridan o‘tgan. Albatta, ushbu jarayonlar faqat o‘z qabilasi va boshqa kabilalar a’zolari bilan bo‘lgan ijtimoiy muloqotlar paytida amalga oshirilishi mumkin edi.

Ikkinchisi – aks ettiruvchi ong bosqichi. Odam ongi rivojlanishining ikkinchi bosqichi natijasida insonlar fikrlashning dastlabki cho‘qqilariga – mifologik fikrlash darajasiga yetdilar. Bu, albatta, inson ongi avvalgi bosqichlarga nisbatan yangi pog‘onaga ko‘tarilganligining ko‘rsatkichi edi. Ammo mifologik fikrlash ham bir holatda to‘xtab qolmagan. Kundalik amaliy faoliyat, ijtimoiy kommunikatsiya va yangi axborotlarga bo‘lgan ehtiyoj odamlar ongi hamda hayotining rivojlanishini uzluksiz ta’minlab turgan.

Uchinchisi – mifologik fikrlash bosqichi. Bu tarzdagi fikrlash ham ancha uzoq vaqtni, aytish mumkinki, bir necha o‘n ming yilliklarni qamrab olgan. Natijada mifologik fikrlash insoniyatni uning hayotidagi keyingi ulug‘vor bosqich bo‘lmish mifologik ijodga olib keldi.

To‘rtinchisi – mifologik ijod bosqichi. Dastlabki davrlarda mifologik ijod sinkretik, umumiy xarakterga ega edi. Ya’ni, o‘sha davrdagi ijod bir-biridan ajralmagan publitsistik – she’riy – dramatik – nasriy yo‘sinda bo‘lgan. Albatta, ushbu jarayonlar ham ko‘p ming yillar davomida amalga oshirilgan.

Beshinchisi – ongli ravishda axborot tarqatish bosqichi. Bunda insonlar mifologik ijoddan o‘tib, real fikrlash va ijod qilish natijalariga erishganlar. Ongli ijod esa faqat axborotni yig‘ish va ishlash bilan chegaralanmagan, balki uni ommaviy ravishda tarqatish yo‘llarini qidirishga ham undagan. Natijada jurnalistikadan oldingi ko‘rinishlar, jumladan, o‘zaro axborot almashuvning majlislar, jarchilar, xat yozib olish, kitobat qilish, toshbosma va hokazo shakllari kelib chiqqan. Bu kashfiyotlar esa Gutenberg ixtirosi uchun puxta zamin yaratgan. Axborot tarqatish xususiyatlari odamlarda rivojlanishning barcha bosqichlarida mavjud bo‘lib kelganligini e’tiborga olish zarur.

Ommaviy kommunikatsiya rivojida so‘zning o‘rni. So‘zning yuzaga kelishi insoniyatdan keyin uning ikkinchi, ma’naviy tug‘ilishi bo‘ldi. So‘z odamzotni ommaviy kommunikatsiya va aqliy rivojlanish tomon da’vat etdi. Shunisi ham qiziqki, turli odamlarning o‘zaro munosabatlari paytida bitta so‘z ostida hamma uchun bir xil ma’noni anglashlari ham oson kechmagan. So‘z orqali amalga oshirilgan tovushli kommunikatsiya ming yillar davomida juda sekinlik bilan vujudga keldi. Shu vaqt davomida insonlar bir-birini yaxshiroq tushunishga harakat qilgan, turli qabila va elatlar o‘zaro yaqinlasha borgan. Ammo bugungi mezonlar bilan o‘lchasak, insonning gapirish imkoniyatlari nihoyatda past sur’atda rivojlangan. Tovushli kommunikatsiya, so‘zlar va nutq uzoq davr mobaynida taraqqiy topganligiga asosiy sabab – insonning ibtidoiy ongidir. So‘zning yana bir, balki eng muhim xususiyatiga e’tiborimizni qarataylik. Tilni shaxslar emas, xalq yaratadi. So‘zlarni ham xalq topadi. Ayrim so‘zlarni olimlar, yozuvchilar yoki tilshunoslar yaratgan bo‘lishlari mumkin. Lekin hatto shu so‘zlar ham keng omma foydalana boshlagandan keyingina tan olinadi, keng muomalaga kiradi. Boshqacha aytganda, so‘zda alohida shaxslarning emas, balki jamoaning ongi o‘z aksini topgan. Har bir so‘zda odamzod ongining o‘zoq davr davomidagi evolyutsiyasi – tadrijiy rivoji bevosita mujassamlashgan. Har bir so‘z orqali boshqalarga ma’lum bir ma’noni yetkazgan, uni anglagan odam esa yangi va foydali ma’lumotga ega bo‘lgan. Shu sababli so‘z ibtidoiy inson uchun sehrli kuchga ega edi. So‘z, nutq va ular orqali kommunikatsiyada bir-ikki emas, ko‘plab odamlarning jamoaviy donoligi o‘z ifodasini topgan. So‘zlar vositasida deyarli kuch ishlatmasdan ancha ma’noni anglash mumkin bo‘ldi. Aniq bir jismoniy harakatdan ko‘ra so‘z odamga ko‘proq foyda keltirgan. Tasavvur qilaylik, agar odam ma’lum harakat bilan faqat yonidagi daraxtdan mevani uzib olishga erishgan bo‘lsa, so‘z orqali u mevazor qayerdaligini bilgan va boshqalarga tushuntirgan. Shuning uchun so‘z va nutq ongli insonlarga yashash dasturi sifatida xizmat qilgan.

Jamiyatning umumiy kommunikatsiya manzarasiga chizgilar. Kommunikatsiya deganda, biz tirik mavjudotlar o‘rtasida jismoniy, og‘zaki yoki vizual axborot almashinuvini tushunamiz. Insonlar o‘rtasida bunday munosabatlar ongli ravishda tovushli yoki optik vositalar orqali amalga oshiriladi. Hayvonot dunyosida axborot almashish tovushli yoki tasviriy signal yordamida ro‘y beradi.

Insoniyat olamida ommaviy kommunikatsiya vositalari gazetalar, jurnallar, keyinchalik ular safiga qo‘shilgan radio, televideniye va internetning hayotga kirib kelishi bilan paydo bo‘ldi. Bugungi barcha lug‘atlar va ensiklopediyalar mazkur savolga aynan shunday javob bermoqda.

Eng topqir mualliflar mazkur izohga «zamonaviy» so‘zini qo‘shib qo‘yadilar va bu bilan to‘g‘ri qiladilar. Chunki ommaviy axborot vositalarining tarixi nuqtai nazaridan ommaviy kommunikatsiyalar deb, faqat matbuot va elektron OAVni atash uncha ham to‘g‘ri emas. Bunday mezon tanlanganda, biz XV asrdan oldingi uzoq ming yilliklar ichra amal qilib kelgan ommaviy kommunikatsiya turlarini nafaqat fandan, balki butun insoniyat hayotidan ham o‘chirib tashlashga uringan bo‘lamiz.

Din va mifologiya – ommaviy komunikatsiyalarning boshlang‘ich shakllari sifatida. Din. Ibtidoiy kishining shunday atalishiga asosiy sabab – uning fikrlash qobiliyatlari ancha past va zaif bo‘lganligidir. Garchi ongli inson deb tavsiflansa-da, u paytlardagi odamlar ongi hali rivojlanishning ilk bosqichlarida edi. Shu sababli ibtidoiy odamlar na o‘zini, na tabiatdagi hodisalarni tushunishdan ojiz edilar. Atrof muhit ularga jonli ruhlarga to‘lib ketgandek tuyulardi va zaif tasavvurlaridagi shu ruhlardan qo‘rqib, ularga sig‘inishga tutinardilar. Natijada inson tomonidan tevarak-atrofni o‘rganish uchun foydalanilgan birinchi fikrlash shakli – diniy fikrlash paydo bo‘ldi. Ongli insonning shakllanishi diniy fikrlash hamda bilishning uyg‘un rivojlanish jarayonida, ayni bir paytda yuz bergan. Chunki diniy shaklda bo‘lsa-da, bunday fikrlash ham insonning aqli ancha o‘sganligiga dalolatdir. Qadimgi odamlar g‘or va qoyalarga tushirilgan eng burungi rasmlarda o‘zlari ovlaydigan, lekin yakkama-yakka olishuvda kuchlari yetmaydigan bahaybat hayvonlarni ilohiylashtirganlar. Din tarixining birinchi bosqichi fetishizm bo‘lgan. Fetish – bu xudolarning ibtidoiy ko‘rinishlari edi. Ong ilgarilagan sari din ham rivojlanib, murakkab shakllar kasb eta bordi. Fetishlarga nisbat berilgan sehrli kuch inson ongida ulardan ajratilib, yiriklashtirilib, alohida qudratga, ilohiy obrazlarga aylantirildi. Zardusht davrigacha butun dunyoda ko‘pxudolik xukmron bo‘lib kelgan. Din insonlar o‘rtasidagi ijtimoiy munosabatlarni rivojlantirishga beqiyos katta hissa qo‘shdi. Bu ikki ko‘rsatgich bilan izohlanadi.

Birinchidan, din o‘zini ibtidoiy jamiyatda va undan keyingi jamiyatlarda insonlarni birlashtiruvchi eng qulay va qudratli kommunikatsiya vositasi sifatida ko‘rsata oldi. Va paydo bo‘lishidan to milodiy XV-XVI asrlargacha shunday vosita sifatida xizmat qildi. Shundan keyin esa xalqni birlashtiruvchi birinchi ijtimoiy, siyosiy va harbiy kuch sifatida dindan nisbatan xoli mavqeda shakllangan davlat apparati maydonga keldi.

Ikkinchidan, din ommaviy kommunikatsiyalarning boshqa turlari – fan, ta’lim, siyosat, ma’naviyat va hokazo sohalarning vujudga kelishi hamda taraqqiy etishiga sababchi bo‘ldi. Olimlar ong va madaniyat endi-endi paydo bo‘lgan paytlarda insonning fikrlash darajasi hozirgi yosh bolaning fikrlashiga teng edi, degan fikrni ta’kidlaydilar. Ibtidoiy odamlar borliqni sodda va yaxlitligicha tushunganlar. Diniy fikrlash o‘zida falsafiy, axloqiy, badiiy va ilmiy dunyoqarashlarni mujassam etgan edi. Shuni ham aytish kerakki, eng qadimgi odamlarda diniy fikrlash tafakkur yuritishning yagona usuli bo‘lgan. Ibtidoiy odam mulohaza qilishicha, uning o‘zi qanday o‘ylasa, butun borliq – daraxtmi, daryomi, yomg‘irmi va hokazo – barchasi xuddi shunday o‘ylash qobiliyatiga ega. Bunday odamlarga tabiat shiddatli kuchga ega bo‘lib ko‘ringan va shu sababli ham tabiatni ilohiylashtirganlar. Bularning hammasi, albatta, insonlar o‘rtasidagi har kungi ommaviy munosabatlarda amalga oshirilgan. Odamlarning amaliy hayoti va tajribasi qanday ijtimoiy qatlamlarga tegishli bo‘lsa, ular o‘z xayolida yaratgan diniy dunyo, o‘sha dunyodagi tasvir va obrazlar ham ayni shuning ifodasi bo‘lgan.

Kishilik jamiyatida jahon miqyosida birinchi dunyoviy din asoschisi Zardusht hozirgi O‘zbekiston hududida, Xorazmda yashagan va ijod qilgan. Zardusht tomonidan yaratilgan “Avesto” kitobi asrlar osha o‘z qimmatini yo‘qotmagan.

Mifologiyani qisqa qilib, odamzod tomonidan rivojlantirilgan diniy yo‘nalishdagi dunyoqarash va ijod, deb atasak bo‘ladi. Dastlabki bosqichlarda mifologik muloqot og‘zaki va vizual, ko‘z bilan ko‘rsa bo‘ladigan shakllarda amalga oshirilgan. Diniy yo mifologik tasvirlar eng qadimgi odamlar tomonidan fantaziya, ya’ni, hayoliy gaplar emas, balki real hayot va haqiqiy hodisalar, deb qabul qilingan. Bundan tashqari, mifologik syujetlar ko‘p hollarda haqiqatdan ham ma’lum bir xalq va elat hayotida bo‘lgan voqealarga asoslangan. Yillar o‘tib xalq qahramonlari mifologik shaxslarga aylanib ketgan, masalan, Zardusht kabi. Miflarning mualliflari sifatida alohida bir kishini ko‘rsatib bo‘lmaydi, ularni bir yoki bir necha xalq yaratgan, sayqallagan.

Hali yozuv yaratilmagan qadim zamonlarda og‘zaki mifologiya diniy tafsilotlar bilan qo‘shilib, odamlar o‘rtasida ommaviy kommunikatsiya uchun asosiy ijtimoiy mavzu bo‘lib xizmat qilgan. Miflarda borliq yaxlit tizim sifatida ifodalangan va shu orqali ibtidoiy odamlarda ilmiy dunyoqarashning birinchi chizgilari paydo bo‘lgan. Mifologiya yuksak darajada rivojlanib, tarkibiy qismlari butun bir tizimga aylanganidan keyin undan ijtimoiy ongning adabiyot, fan, mafkura, targ‘ibot kabi yo‘nalishlari ajralib chiqqan. Demak, din kabi mif ham, insoniyat madaniyatining ma’naviy negizini tashkil etdi, desak, xato qilmagan bo‘lamiz. Agar meva yig‘ish va ov qilish insonning jismoniy yashashini ta’minlagan bo‘lsa, din va mifologiya uning ma’naviy hayotiga va axboriy xabardorligiga yordam bergan. Odam fikrlamasdan yashay olmaydi. O‘ylash uchun mavzu kerak. G‘oyalar esa har xil bo‘lishi mumkin, chunki birov bilan janjallashishni rejalashtirish – bu ham o‘ylash uchun mavzu. Boshqa g‘oyalardan farqli o‘laroq diniy va mifologik fikrlar insonning borliqni o‘rganishiga yo‘naltirilgan, shuning natijasida odamni ruhiy poklikka undagan. Buni esa, axborotni yig‘ish, ishlash va tarqatish orqali amalga oshirish mumkin edi. Mifologiyada ibtidoiy davrdagi ongli insonning hayoti ko‘zgudagidek ifodalab berilgan. Aynan shuning uchun mifologik qahramonlar oddiy odamlar kabi yuradilar, o‘ylaydilar, gaplashadilar, xafa yoki xursand bo‘ladilar, ishlaydilar, dam oladilar va hokazo. Masalan, daraxt yoki hayvonlarning gapirishi – mifologiya uchun oddiy hol. Ularga til bag‘ishlanishining sababi – miflarni o‘ylab chiqqan odamlar o‘zlarining ijtimoiy munosabatlarga muhtoj ekanliklarini shu yo‘l bilan ifodalashgan. Ya’ni, din kabi mif ham ibtidoiy odamlar tomonidan ijtimoiy muloqotni va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirish uchun yo‘naltirilgan va keng xalq ommasiga xos dastlabki ijod turlari bo‘lgan.

Din va mifologiya eng qadimgi odamlar uchun nafaqat borliqni o‘rganishning muhim usuli, balki shu bilan birgalikda ibtidoiy kishilik jamiyati uchun birinchi ommaviy mafkura sifatida ham xizmat qilgan. Mafkura, soddaroq qilib aytganda, g‘oyalar tizimidir. G‘oyalar qachon tizimga birlashishi mumkin? Qachonki ularning mualliflari ma’lum bir aniq maqsadga yo‘naltirilgan g‘oyalar guruhini ishlab chiqsa va jamiyat a’zolarini ushbu g‘oyalar ularning hayotini yaxshilashga qodir ekanligiga ishontira bilsa.

Qadimgi kommunikatsiyalarning dastlabki shakllari. Ommaviy tadbirlar. Ommani qamrab oluvchi tadbirlarning barchasi insonlar uchun tabiiy bo‘lgan fikr yoyish va almashish yo‘lida amalga oshirilgan. Bular sirasiga bayramlar, va’zxonlik kechalari, jarchilik, yig‘ilishlar, kuch sinashlar, majlislar, marosimlar, san’at musobaqalari, notiqlik, tantanalar, teatr, xabarchilik, shodiyonalar va uyinlarni kiritish mumkin. Jarchilik – axborot tarqatishning eng qadimiy usullaridan bo‘lib, undan ibtidoiy jamiyatda ham foydalanilgan. Jarchi va xabarchilar tez yuradigan odamlardan tayinlangan. Eng burungi rasmlarda choparlarning oyoq kiyimlari qanotlar bilan tasvir etilgan, demak, chaqqonlik va xabarlarni o‘z vaqtida yetkazish o‘sha vaqtlarda ham muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Raqslarning aksariyati ommaviy, kompleks xarakterga ega bo‘lib, va’zxonlik, majlislar, teatr hamda ommaviy tadbirlarning boshqa turlarini o‘zlarida birlashtirgan. Masalan, diniy raqslarni olaylik. Raqs eng qadimiy ommaviy kommunikatsiyaning asosiy shakllaridan hisoblanadi. Ibtidoiy davrlarda ijod qilingan ashulalar ma’nosini esa faqat o‘sha davrdagi marosimlar manzarasida to‘g‘ri tushunish mumkin.

Bugungi teletomoshabinlar ham televizor ekranida gapirayotgan odamning so‘zlaridan ko‘ra harakatlaridan ko‘proq ma’no uqib oladi. Sababi ibtidoiy ommaviy kommunikatsiyalar davriga borib taqaladi. Gap shundaki, ongli odam va aniq so‘z 40 ming yil oldin shakllangan bo‘lsa, imo-ishoralar va harakatlar yordamida gapirish tarixi yuzminglab yillarni o‘z ichiga oladi. O‘sha davrlardan buyon yig‘ilgan bilim, ko‘nikma, tajriba bugun ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda.

Ilk ongli hayot zamonlaridanoq boshliq va sardorlar ommaviy yig‘ilishlardan ko‘pchilikka o‘z ta’sirini o‘tkazish maqsadida foydalanishgan. Zamonaviy til bilan aytganda, o‘sha davrlarda ham rasmiy, hukmron mafkura, ya’ni, qabila boshlig‘i yoki diniy peshvo g‘oyalari tinglovchi, tomoshabin va ularning oila a’zolari, do‘stlari dunyoqarashidan ustun quyilgan. Shaxsiy dunyoqarash rasmiy dunyoqarashga bo‘yinsundirilgan. Ko‘p hollarda ommaviy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish aynan shunday maqsadlarni ko‘zlagan.

Signalli kommunikatsiya. Bunday bog‘lanishlar umumiy tasnif nuqtai nazaridan tovushli va yorug‘li turlardan iborat. Tovushli signallar ovoz, bong urish, qo‘ng‘iroq chalish yoki boshqa buyumlar tovushi orqali uzatilgan. Yorug‘li signallar esa olov yoqish, tutun chiqarish, chang ko‘tarish yordamida yuborilardi. Signalli kommunikatsiyalarning ko‘rinishlari ko‘p. Qisqa muddat ichida va tezkor ravishda yuborilishi hamda qabul qilinishi ko‘p ko‘rinishga ega signalli kommunikatsiyalarni farqlaydigan xususiyatlar bo‘lgan. Harbiy kommunikatsiya turlarining ayrimlarini signalli bog‘lanishlar tashkil etadi.

Ommaviy kommunikatsiyalarni siyosiylashtirishga dastlabki urinishlar. Ongli inson bor joyda, tabiiyki, ijtimoiy aloqalar yuzaga keladi. Kommunikatsiyalar bor joyda jamiyat mavjud. Jamiyat bor ekan, kimdir kimnidir boshqarmoqchi, kimningdir ustidan rahbar bo‘lib, hukmini o‘tkazmoqchi bo‘ladi. Bir odam boshqalarni boshqarishi uchun ulardan jismonan yoki aqlan ustunroq turishi yoki ikkala fazilatni o‘zida mujassam etgan bo‘lishi darkor. Nafaqat bugungi kunda, ibtidoiy jamiyatda ham jismoniy kuch bilan atrofdagilarni o‘ziga buysundirish uzoqqa bormagan. Buning uchun ko‘proq aqlni ishlatish kerak bo‘lgan. Aqlga ish buyurish esa ma’lum bir mazmun, shakl va ko‘lamda qabiladoshlarga alohida ixtisoslashtirilgan yoki umumiy tarzdagi axborotni ishlab chiqib, tarqatish va keraklicha takrorlashni taqozo etardi.

Jamoani boshqarish – siyosiy masala. Shul boisdan jamoani boshqarishga qobiliyati yetadigan odamlar ommaviy kommunikatsiyalarni siyosiylashtirishga harakat qilganlar. Ommaviy kommunikatsiyalarni siyosiylashtirish bog‘lanish jarayonining barcha bo‘g‘inlarida o‘z aksini topishi mumkin.

Olimlar e’tirof etishlaricha, eng qadimgi ixtirochilarning ismlari bizgacha yetib kelmagan. Biz ilk toshbolta, birinchi savat, shamoldan himoya qiladigan dastlabki devor yoki birinchi jun kiyimning muallifi kimligini bilmaymiz. Ushbu ixtirolar bir kishining ijodi bo‘lmasdan, uzoq vaqtlar davomida ko‘plab avlodlar vakillarining tajribasini mujassamlash natijasida kashf etib, mukammallashtirib kelingan. Ommaviy axborot ishlab chiqilishi va tarqatilishi insonga berilgan ulug‘ ne’matlar – ko‘rish, eshitish va fikrlash yordamida va ushbu ne’matlarni rivojlantirish natijasida amalga oshirilgan.

 Nazorat savollari

  1. Zamonaviy ommaviy kommunikatsiya vositalari (OKV) tarixi haqida nimalarni bilasiz?
  2. OKV tarixining umumiy davriylanishini qanday izohlaysiz?
  3. Ommaviy kommunikatsiya rivojida so‘zning o‘rnini qanday izohlaysiz?
  4. Jamiyatning umumiy kommunikatsiya manzarasini qanday tasavvur etasiz?
  5. Ommaviy komunikatsiyalarning boshlang‘ich shakllari sifatida din va mifologiyaning o‘rni qanday bo‘lgan?
  6. Qadimgi kommunikatsiyalarning dastlabki qaysi shakllarini bilasiz?
  7. Ommaviy kommunikatsiyalar qay tariqa siyosiylashib borgan?

__________________________________________________

1Ушбу мавзу профессор Файзулла Мўминовнинг “Жаҳон журналистикаси тарихи” дарслигида баён этилган фикрлари асосида тайёрланди. 2

КИРИШ

 Юртимиз мустақилликка эришган кунларданоқ оммавий ахборот воситаларимизни ҳар томонлама ривожлантиришга алоҳида эътибор қаратилди. Бу борада амалга оширилаётган кенг кўламли ишлар ўз самарасини бераётир. Галдаги вазифалардан бири – мамлакатимиз оммавий ахборот воситалари фаолиятини жаҳон андозалари даражасига кўтариш. “Бугунги кунда дунё шиддат билан ўзгармоқда. Барча соҳаларда ахборот олиш ва уни етказиш, таъсирчан жамоатчилик фикрини шакллантириш заруратга айланган,– деб таъкидлади Президентимиз Шавкат Мирзиёев.– Бундай мураккаб шароитда ҳаёт янгидан-янги талаб ва вазифаларни олдимизга қўймоқда”1. Ана шу муҳим вазифалар тўлақонли адо этилиши учун аввало ривожланган давлатлар оммавий ахборот воситалари тарихини пухта ўрганиш мақсадга мувофиқдир. Ўтмишни чуқур билмасдан нурли келажакка эришиб бўлмаслиги ҳақидаги фикрлар замирида улкан маъно мужассам. Айтиш жоизки, XX-асрнинг биринчи чорагидаёқ ўзбек миллий журналистикасининг тамал тошини қўйган маърифатпарвар боболаримиз матбуотнинг асл моҳиятини ана шундай чуқур англаб, масъулият билан иш юритганлар. Бу фикрни 1914 йили “Садои Фарғона” газетасининг илк сонида чоп этилган “Матбуот бутун дунёдаги маданий миллатларнинг ҳаёт йўллари, оламдаги даражалари ва инсоният тараққиётининг чўққиси учун лозим бўлган сайъ-ҳаракатлар тўғрисида маслаҳатлашмоқ ва кенгашмоқ учун зарур бир воситадир” деган сўзлар яққол исботлайди.

Дунёдаги ривожланган давлатлар матбуоти тарихи журналист-олимлар томонидан изчил тадқиқ этилмоқда. Хусусан, Файзулла Мўминов, Фотима Мўминова, Акбар Нурматов, Сангин Жабборов, Муҳаббат Солиева, Климентина Исмоилова, Аъзамжон Дадахонов каби профессор-ўқитувчилар билан ҳаммуаллифликда “Жаҳон журналистикаси тарихи” дарслигини яратган эдик. Дарслигимиз Ўзбекистон Республикаси Олий ва ўрта махсус таълим вазирлиги Мувофиқлаштирувчи кенгаши томонидан нашрга тавсия этилиб, 2006 ва 2008 йилларда икки бора нашр этилди.

Ўтган давр мобайнида юртимиз сиёсий ва ижтимоий ҳаётида улкан ўзгаришлар юз берди. Шу муносабат билан ўша дарслик асосида мазкур ўқув қўлланмани тайёрлашга жазм қилдик. Унда юқорида номлари зикр этилган дарслик ҳаммуаллифлари тадқиқотларидан ҳам кенг фойдаланилди. Муҳими, бўлғуси журналистларимизнинг билимлари келгусида энг ривожланган давлатлар оммавий ахборот воситалари билан бўйлашишда асқотади, деган умиддамиз.

 

I-мавзу. ҚАДИМГИ ОММАВИЙ КОММУНИКАЦИЯЛАР ДАВРИ

 Режа:

  1. Йирик портлашдан матбуотгача;
  2. Оммавий коммуникация воситалари (ОКВ) тарихининг умумий даврийланиши.
  3. Оммавий коммуникация ривожида сўзнинг ўрни.
  4. Жамиятнинг умумий коммуникация манзарасига чизгилар.
  5. Дин ва мифология – оммавий комуникациянинг бошланғич шакллари сифатида.
  6. Қадимги коммуникацияларнинг дастлабки шакллари.

Олам яралиши ҳақида азалдан турфа фикрлар ўртага ташланади. Диний манбаларда ҳам Оллоҳнинг “бўл” деган каломидан олам, ер, ҳаёт пайдо бўлгани баён этилади. Демак, қачонлардир мана шу олам яралган. Олимлар фикрича, у 15 миллиард йил олдин йирик портлаш натижасида пайдо бўлган. Ўша портлашдан Галактика пайдо бўлишигача 5 миллиард йил вақт ўтган. Ер шари Галактикадан кейин яна 5 миллиард йил ўтиб вужудга келган бўлиб чиқади. Ер устида жонли ҳаёт денгизларда 4 миллиард йил олдин пайдо бўлган. Жонли мавжудотлар 1 миллиард йил аввал икки хил жинсга бўлина бошланган. Биринчи умуртқалилар 500 миллион йил илгари, ер устидаги биринчи ўсимликлар 450 миллион йил, биринчи балиқлар 400 миллион йил, биринчи амфибиялар ёки ҳам сувда, ҳам қуруқликда яшай оладиган жониворлар 350 миллион йил, биринчи судралиб, ўрмалаб юрувчи ҳайвонлар 300 миллион йил, биринчи сут эмизувчилар 195 миллион йил, биринчи қушлар 150 миллион йил олдин пайдо бўлган. Шундан кейин Ер шарида биринчи сут эмизувчиларнинг энг юқори туркуми – маймунлар ва одамсимон мавжудотлар вужудга келган. Ушбу воқеа 700 миллион йил муқаддам содир бўлган. 7,5 миллион йил илгари биринчи одамсимон жониворлар пайдо бўлган. 4 миллион йил муқаддам замонавий қиёфадаги биринчи одамлар шаклланган. 2,2 миллион йил олдин ишбилармон (яъни, биринчи меҳнат қуролларини ясай оладиган), икки оёқда тик, лекин ҳали букилиб юрадиган одамлар вужудга келди. Айни шу даврда ушбу мавжудотлар жамоа (оила, уруғ) шаклида яшай бошлади. 1,5 миллион йил олдин икки оёқда тик юра оладиган одамлар пайдо бўлди. Уларнинг ов ёки иш қуролини қўлда олиб юришдек тараққиётга эришиши, қаддини рост тутиб юришга одатланган бу мавжудотларнинг оловдан ўз мақсадларида фойдалана олиши 500 минг йил илгари юз берди. Ва, ниҳоят, бевосита онгли инсонлар 200 минг йил олдин пайдо бўлди. Ер шарида бугун яшайдиган одамларнинг барчаси онгли инсон тоифасидандир. Онгли инсонлар, албатта, жамоа бўлиб яшаган. Узлуксиз ахборот алмашуви, ибтидоий шаклларда бўлса ҳам, онгли инсоннинг нафақат пайдо бўлишига, балки унинг кейинги ривожланишига ҳам яқиндан таъсир кўрсатган. Тасвирли ва товушли коммуникация ибтидоий одамларга яшай олиш учун асосий зарур воситалардан бири эди. Қояларга ўйиб солинган биринчи тасвирлар 30.000 йил олдин пайдо бўлган. Деҳқончилик даври эса 20.000 йил илгари бошланган. Ва, ниҳоят, Иоганн Гутенбергнинг босма матбаа ихтиросига 550 йилдан ошди. Замонавий оммавий коммуникация воситалари (ОКВ) тарихи шундан бошланган, деган тадқиқотлар мавжуд. ОКВни ўрганиш бевосита ушбу воситалардан кўра инсоннинг ижтимоий табиати ва психологиясига кўпроқ боғлиқ. ОКВ техникасига ҳаёт ва маъно бағишловчи инсонлардир. Матбуот пайдо бўлганига 550 йилдан ошган бўлса, телевидение бор-йўғи 70 йил олдин кашф этилди. Яъни, расмий хронологик ёндашувга кўра, матбуот телевидениедан 8 марта кўпроқ умр кўрган. Доимий телекўрсатувлар эфирга чиққандан кейин йигирма йил ўтар-ўтмас телевидение матбуотни орқада қолдирди ва ҳанузгача ҳам ОКВ орасида ҳукмронлик қилиб келмоқда. Бугунги кунда телевидениедан ғолибликни ҳозирча фақат интернет олиши мумкин. Кейин эса вақт кўрсатади: фан-техника тараққиётининг бу қадар жадал суръатлари яқин орада тағин ҳам илғорроқ алоқа ва ахборот воситаларини дунёга келтириши ҳеч гап эмас.

Инсон психологияси ва оммавий ахборотни қабул қилиш хусусияти нафақат матбуотга хос мантиқий фикрлашга, балки ундан ҳам кўра кўпроқ инсоннинг аудиовизуал имкониятларига асосланган. Аудиовизуал хусусиятлар ва имкониятлар эса, одамзодда узоқ минг йилликлар давомида шаклланиб келган. Буни билмасдан туриб на инсоният тарихини, на замонавий ОКВ самарадорлигини тушуниб бўлмайди1.

ОКВ тарихининг умумий даврийланиши. Биз ОКВ тарихини икки йирик даврга бўлиб кўришни мақсадга мувофиқ деб ҳисоблаймиз:

I давр – матбуотгача бўлган оммавий коммуникациялар;

II давр – матбуот, радио ва телевидениенинг пайдо бўлиши ва ривожланиши.

Биринчи давр анча узоқ давом этган ва ўз навбатида, хронология жиҳатидан катта ички қисм ва босқичларга эга. Ер шари вужудга келишидан онгли инсон пайдо бўлишигача бўлган биринчи қисм тўрт босқичдан иборат. Биринчиси – ер шари (борлиқ)нинг пайдо бўлиш ва ривожланиш босқичи. Бу жараён бир миллиард йил давом этган. Демак, шу вақт мобайнида ер юзида ҳаёт пайдо бўлиши учун шарт-шароитлар аста-секин шакллана борган. Ушбу босқич ерда ҳаёт, яъни, жонли мавжудотлар вужудга келиши билан тугалланган.

Жонли мавжудотлар босқичи деб аташ мумкин бўлган иккинчи босқичнинг давомийлиги 930 миллион йилга тенг. Бу даврда ер шарида жонли мавжудотларнинг ҳар хил турлари пайдо бўлиб, ривожланиб, ўзгариб ва янги турларга айланиб борган. Жонли мавжудотларнинг ривожланиши ҳаётий амалиёт ва ўзаро коммуникациялар шаклида амалга ошган.

II қисм – онгли инсон вужудга келишидан матбуот ихтиро этилишигача бўлган қисм. Жами тахминан 200000 йилни ўз ичига олувчи бу қисм беш босқичдан иборат.

Биринчиси – акс эттирувчи ҳолат босқичи. Мазкур босқич жараёнида инсонлар онги борлиқни шунчаки акс эттирувчи ҳолатдан акс эттирувчи тушуниш, билиш ва ниҳоят, борлиқни онгли ўрганиш босқичларидан ўтган. Албатта, ушбу жараёнлар фақат ўз қабиласи ва бошқа кабилалар аъзолари билан бўлган ижтимоий мулоқотлар пайтида амалга оширилиши мумкин эди.

Иккинчиси – акс эттирувчи онг босқичи. Одам онги ривожланишининг иккинчи босқичи натижасида инсонлар фикрлашнинг дастлабки чўққиларига – мифологик фикрлаш даражасига етдилар. Бу, албатта, инсон онги аввалги босқичларга нисбатан янги поғонага кўтарилганлигининг кўрсаткичи эди. Аммо мифологик фикрлаш ҳам бир ҳолатда тўхтаб қолмаган. Кундалик амалий фаолият, ижтимоий коммуникация ва янги ахборотларга бўлган эҳтиёж одамлар онги ҳамда ҳаётининг ривожланишини узлуксиз таъминлаб турган.

Учинчиси – мифологик фикрлаш босқичи. Бу тарздаги фикрлаш ҳам анча узоқ вақтни, айтиш мумкинки, бир неча ўн минг йилликларни қамраб олган. Натижада мифологик фикрлаш инсониятни унинг ҳаётидаги кейинги улуғвор босқич бўлмиш мифологик ижодга олиб келди.

Тўртинчиси – мифологик ижод босқичи. Дастлабки даврларда мифологик ижод синкретик, умумий характерга эга эди. Яъни, ўша даврдаги ижод бир-биридан ажралмаган публицистик – шеърий – драматик – насрий йўсинда бўлган. Албатта, ушбу жараёнлар ҳам кўп минг йиллар давомида амалга оширилган.

Бешинчиси – онгли равишда ахборот тарқатиш босқичи. Бунда инсонлар мифологик ижоддан ўтиб, реал фикрлаш ва ижод қилиш натижаларига эришганлар. Онгли ижод эса фақат ахборотни йиғиш ва ишлаш билан чегараланмаган, балки уни оммавий равишда тарқатиш йўлларини қидиришга ҳам ундаган. Натижада журналистикадан олдинги кўринишлар, жумладан, ўзаро ахборот алмашувнинг мажлислар, жарчилар, хат ёзиб олиш, китобат қилиш, тошбосма ва ҳоказо шакллари келиб чиққан. Бу кашфиётлар эса Гутенберг ихтироси учун пухта замин яратган. Ахборот тарқатиш хусусиятлари одамларда ривожланишнинг барча босқичларида мавжуд бўлиб келганлигини эътиборга олиш зарур.

Оммавий коммуникация ривожида сўзнинг ўрни. Сўзнинг юзага келиши инсониятдан кейин унинг иккинчи, маънавий туғилиши бўлди. Сўз одамзотни оммавий коммуникация ва ақлий ривожланиш томон даъват этди. Шуниси ҳам қизиқки, турли одамларнинг ўзаро муносабатлари пайтида битта сўз остида ҳамма учун бир хил маънони англашлари ҳам осон кечмаган. Сўз орқали амалга оширилган товушли коммуникация минг йиллар давомида жуда секинлик билан вужудга келди. Шу вақт давомида инсонлар бир-бирини яхшироқ тушунишга ҳаракат қилган, турли қабила ва элатлар ўзаро яқинлаша борган. Аммо бугунги мезонлар билан ўлчасак, инсоннинг гапириш имкониятлари ниҳоятда паст суръатда ривожланган. Товушли коммуникация, сўзлар ва нутқ узоқ давр мобайнида тараққий топганлигига асосий сабаб – инсоннинг ибтидоий онгидир. Сўзнинг яна бир, балки энг муҳим хусусиятига эътиборимизни қаратайлик. Тилни шахслар эмас, халқ яратади. Сўзларни ҳам халқ топади. Айрим сўзларни олимлар, ёзувчилар ёки тилшунослар яратган бўлишлари мумкин. Лекин ҳатто шу сўзлар ҳам кенг омма фойдалана бошлагандан кейингина тан олинади, кенг муомалага киради. Бошқача айтганда, сўзда алоҳида шахсларнинг эмас, балки жамоанинг онги ўз аксини топган. Ҳар бир сўзда одамзод онгининг ўзоқ давр давомидаги эволюцияси – тадрижий ривожи бевосита мужассамлашган. Ҳар бир сўз орқали бошқаларга маълум бир маънони етказган, уни англаган одам эса янги ва фойдали маълумотга эга бўлган. Шу сабабли сўз ибтидоий инсон учун сеҳрли кучга эга эди. Сўз, нутқ ва улар орқали коммуникацияда бир-икки эмас, кўплаб одамларнинг жамоавий донолиги ўз ифодасини топган. Сўзлар воситасида деярли куч ишлатмасдан анча маънони англаш мумкин бўлди. Аниқ бир жисмоний ҳаракатдан кўра сўз одамга кўпроқ фойда келтирган. Тасаввур қилайлик, агар одам маълум ҳаракат билан фақат ёнидаги дарахтдан мевани узиб олишга эришган бўлса, сўз орқали у мевазор қаердалигини билган ва бошқаларга тушунтирган. Шунинг учун сўз ва нутқ онгли инсонларга яшаш дастури сифатида хизмат қилган.

Жамиятнинг умумий коммуникация манзарасига чизгилар. Коммуникация деганда, биз тирик мавжудотлар ўртасида жисмоний, оғзаки ёки визуал ахборот алмашинувини тушунамиз. Инсонлар ўртасида бундай муносабатлар онгли равишда товушли ёки оптик воситалар орқали амалга оширилади. Ҳайвонот дунёсида ахборот алмашиш товушли ёки тасвирий сигнал ёрдамида рўй беради.

Инсоният оламида оммавий коммуникация воситалари газеталар, журналлар, кейинчалик улар сафига қўшилган радио, телевидение ва интернетнинг ҳаётга кириб келиши билан пайдо бўлди. Бугунги барча луғатлар ва энциклопедиялар мазкур саволга айнан шундай жавоб бермоқда.

Энг топқир муаллифлар мазкур изоҳга «замонавий» сўзини қўшиб қўядилар ва бу билан тўғри қиладилар. Чунки оммавий ахборот воситаларининг тарихи нуқтаи назаридан оммавий коммуникациялар деб, фақат матбуот ва электрон ОАВни аташ унча ҳам тўғри эмас. Бундай мезон танланганда, биз XV асрдан олдинги узоқ минг йилликлар ичра амал қилиб келган оммавий коммуникация турларини нафақат фандан, балки бутун инсоният ҳаётидан ҳам ўчириб ташлашга уринган бўламиз.

Дин ва мифология – оммавий комуникацияларнинг бошланғич шакллари сифатида. Дин. Ибтидоий кишининг шундай аталишига асосий сабаб – унинг фикрлаш қобилиятлари анча паст ва заиф бўлганлигидир. Гарчи онгли инсон деб тавсифланса-да, у пайтлардаги одамлар онги ҳали ривожланишнинг илк босқичларида эди. Шу сабабли ибтидоий одамлар на ўзини, на табиатдаги ҳодисаларни тушунишдан ожиз эдилар. Атроф муҳит уларга жонли руҳларга тўлиб кетгандек туюларди ва заиф тасаввурларидаги шу руҳлардан қўрқиб, уларга сиғинишга тутинардилар. Натижада инсон томонидан теварак-атрофни ўрганиш учун фойдаланилган биринчи фикрлаш шакли – диний фикрлаш пайдо бўлди. Онгли инсоннинг шаклланиши диний фикрлаш ҳамда билишнинг уйғун ривожланиш жараёнида, айни бир пайтда юз берган. Чунки диний шаклда бўлса-да, бундай фикрлаш ҳам инсоннинг ақли анча ўсганлигига далолатдир. Қадимги одамлар ғор ва қояларга туширилган энг бурунги расмларда ўзлари овлайдиган, лекин яккама-якка олишувда кучлари етмайдиган баҳайбат ҳайвонларни илоҳийлаштирганлар. Дин тарихининг биринчи босқичи фетишизм бўлган. Фетиш – бу худоларнинг ибтидоий кўринишлари эди. Онг илгарилаган сари дин ҳам ривожланиб, мураккаб шакллар касб эта борди. Фетишларга нисбат берилган сеҳрли куч инсон онгида улардан ажратилиб, йириклаштирилиб, алоҳида қудратга, илоҳий образларга айлантирилди. Зардушт давригача бутун дунёда кўпхудолик хукмрон бўлиб келган. Дин инсонлар ўртасидаги ижтимоий муносабатларни ривожлантиришга беқиёс катта ҳисса қўшди. Бу икки кўрсатгич билан изоҳланади.

Биринчидан, дин ўзини ибтидоий жамиятда ва ундан кейинги жамиятларда инсонларни бирлаштирувчи энг қулай ва қудратли коммуникация воситаси сифатида кўрсата олди. Ва пайдо бўлишидан то милодий XV-XVI асрларгача шундай восита сифатида хизмат қилди. Шундан кейин эса халқни бирлаштирувчи биринчи ижтимоий, сиёсий ва ҳарбий куч сифатида диндан нисбатан холи мавқеда шаклланган давлат аппарати майдонга келди.

Иккинчидан, дин оммавий коммуникацияларнинг бошқа турлари – фан, таълим, сиёсат, маънавият ва ҳоказо соҳаларнинг вужудга келиши ҳамда тараққий этишига сабабчи бўлди. Олимлар онг ва маданият энди-энди пайдо бўлган пайтларда инсоннинг фикрлаш даражаси ҳозирги ёш боланинг фикрлашига тенг эди, деган фикрни таъкидлайдилар. Ибтидоий одамлар борлиқни содда ва яхлитлигича тушунганлар. Диний фикрлаш ўзида фалсафий, ахлоқий, бадиий ва илмий дунёқарашларни мужассам этган эди. Шуни ҳам айтиш керакки, энг қадимги одамларда диний фикрлаш тафаккур юритишнинг ягона усули бўлган. Ибтидоий одам мулоҳаза қилишича, унинг ўзи қандай ўйласа, бутун борлиқ – дарахтми, дарёми, ёмғирми ва ҳоказо – барчаси худди шундай ўйлаш қобилиятига эга. Бундай одамларга табиат шиддатли кучга эга бўлиб кўринган ва шу сабабли ҳам табиатни илоҳийлаштирганлар. Буларнинг ҳаммаси, албатта, инсонлар ўртасидаги ҳар кунги оммавий муносабатларда амалга оширилган. Одамларнинг амалий ҳаёти ва тажрибаси қандай ижтимоий қатламларга тегишли бўлса, улар ўз хаёлида яратган диний дунё, ўша дунёдаги тасвир ва образлар ҳам айни шунинг ифодаси бўлган.

Кишилик жамиятида жаҳон миқёсида биринчи дунёвий дин асосчиси Зардушт ҳозирги Ўзбекистон ҳудудида, Хоразмда яшаган ва ижод қилган. Зардушт томонидан яратилган “Авесто” китоби асрлар оша ўз қимматини йўқотмаган.

Мифологияни қисқа қилиб, одамзод томонидан ривожлантирилган диний йўналишдаги дунёқараш ва ижод, деб атасак бўлади. Дастлабки босқичларда мифологик мулоқот оғзаки ва визуал, кўз билан кўрса бўладиган шаклларда амалга оширилган. Диний ё мифологик тасвирлар энг қадимги одамлар томонидан фантазия, яъни, ҳаёлий гаплар эмас, балки реал ҳаёт ва ҳақиқий ҳодисалар, деб қабул қилинган. Бундан ташқари, мифологик сюжетлар кўп ҳолларда ҳақиқатдан ҳам маълум бир халқ ва элат ҳаётида бўлган воқеаларга асосланган. Йиллар ўтиб халқ қаҳрамонлари мифологик шахсларга айланиб кетган, масалан, Зардушт каби. Мифларнинг муаллифлари сифатида алоҳида бир кишини кўрсатиб бўлмайди, уларни бир ёки бир неча халқ яратган, сайқаллаган.

Ҳали ёзув яратилмаган қадим замонларда оғзаки мифология диний тафсилотлар билан қўшилиб, одамлар ўртасида оммавий коммуникация учун асосий ижтимоий мавзу бўлиб хизмат қилган. Мифларда борлиқ яхлит тизим сифатида ифодаланган ва шу орқали ибтидоий одамларда илмий дунёқарашнинг биринчи чизгилари пайдо бўлган. Мифология юксак даражада ривожланиб, таркибий қисмлари бутун бир тизимга айланганидан кейин ундан ижтимоий онгнинг адабиёт, фан, мафкура, тарғибот каби йўналишлари ажралиб чиққан. Демак, дин каби миф ҳам, инсоният маданиятининг маънавий негизини ташкил этди, десак, хато қилмаган бўламиз. Агар мева йиғиш ва ов қилиш инсоннинг жисмоний яшашини таъминлаган бўлса, дин ва мифология унинг маънавий ҳаётига ва ахборий хабардорлигига ёрдам берган. Одам фикрламасдан яшай олмайди. Ўйлаш учун мавзу керак. Ғоялар эса ҳар хил бўлиши мумкин, чунки биров билан жанжаллашишни режалаштириш – бу ҳам ўйлаш учун мавзу. Бошқа ғоялардан фарқли ўлароқ диний ва мифологик фикрлар инсоннинг борлиқни ўрганишига йўналтирилган, шунинг натижасида одамни руҳий покликка ундаган. Буни эса, ахборотни йиғиш, ишлаш ва тарқатиш орқали амалга ошириш мумкин эди. Мифологияда ибтидоий даврдаги онгли инсоннинг ҳаёти кўзгудагидек ифодалаб берилган. Айнан шунинг учун мифологик қаҳрамонлар оддий одамлар каби юрадилар, ўйлайдилар, гаплашадилар, хафа ёки хурсанд бўладилар, ишлайдилар, дам оладилар ва ҳоказо. Масалан, дарахт ёки ҳайвонларнинг гапириши – мифология учун оддий ҳол. Уларга тил бағишланишининг сабаби – мифларни ўйлаб чиққан одамлар ўзларининг ижтимоий муносабатларга муҳтож эканликларини шу йўл билан ифодалашган. Яъни, дин каби миф ҳам ибтидоий одамлар томонидан ижтимоий мулоқотни ва оммавий коммуникацияларни ривожлантириш учун йўналтирилган ва кенг халқ оммасига хос дастлабки ижод турлари бўлган.

Дин ва мифология энг қадимги одамлар учун нафақат борлиқни ўрганишнинг муҳим усули, балки шу билан биргаликда ибтидоий кишилик жамияти учун биринчи оммавий мафкура сифатида ҳам хизмат қилган. Мафкура, соддароқ қилиб айтганда, ғоялар тизимидир. Ғоялар қачон тизимга бирлашиши мумкин? Қачонки уларнинг муаллифлари маълум бир аниқ мақсадга йўналтирилган ғоялар гуруҳини ишлаб чиқса ва жамият аъзоларини ушбу ғоялар уларнинг ҳаётини яхшилашга қодир эканлигига ишонтира билса.

Қадимги коммуникацияларнинг дастлабки шакллари. Оммавий тадбирлар. Оммани қамраб олувчи тадбирларнинг барчаси инсонлар учун табиий бўлган фикр ёйиш ва алмашиш йўлида амалга оширилган. Булар сирасига байрамлар, ваъзхонлик кечалари, жарчилик, йиғилишлар, куч синашлар, мажлислар, маросимлар, санъат мусобақалари, нотиқлик, тантаналар, театр, хабарчилик, шодиёналар ва уйинларни киритиш мумкин. Жарчилик – ахборот тарқатишнинг энг қадимий усулларидан бўлиб, ундан ибтидоий жамиятда ҳам фойдаланилган. Жарчи ва хабарчилар тез юрадиган одамлардан тайинланган. Энг бурунги расмларда чопарларнинг оёқ кийимлари қанотлар билан тасвир этилган, демак, чаққонлик ва хабарларни ўз вақтида етказиш ўша вақтларда ҳам муҳим аҳамиятга эга бўлган. Рақсларнинг аксарияти оммавий, комплекс характерга эга бўлиб, ваъзхонлик, мажлислар, театр ҳамда оммавий тадбирларнинг бошқа турларини ўзларида бирлаштирган. Масалан, диний рақсларни олайлик. Рақс энг қадимий оммавий коммуникациянинг асосий шаклларидан ҳисобланади. Ибтидоий даврларда ижод қилинган ашулалар маъносини эса фақат ўша даврдаги маросимлар манзарасида тўғри тушуниш мумкин.

Бугунги телетомошабинлар ҳам телевизор экранида гапираётган одамнинг сўзларидан кўра ҳаракатларидан кўпроқ маъно уқиб олади. Сабаби ибтидоий оммавий коммуникациялар даврига бориб тақалади. Гап шундаки, онгли одам ва аниқ сўз 40 минг йил олдин шаклланган бўлса, имо-ишоралар ва ҳаракатлар ёрдамида гапириш тарихи юзминглаб йилларни ўз ичига олади. Ўша даврлардан буён йиғилган билим, кўникма, тажриба бугун ҳам ўз таъсирини кўрсатмоқда.

Илк онгли ҳаёт замонлариданоқ бошлиқ ва сардорлар оммавий йиғилишлардан кўпчиликка ўз таъсирини ўтказиш мақсадида фойдаланишган. Замонавий тил билан айтганда, ўша даврларда ҳам расмий, ҳукмрон мафкура, яъни, қабила бошлиғи ёки диний пешво ғоялари тингловчи, томошабин ва уларнинг оила аъзолари, дўстлари дунёқарашидан устун қуйилган. Шахсий дунёқараш расмий дунёқарашга бўйинсундирилган. Кўп ҳолларда оммавий тадбирларни ташкил этиш ва ўтказиш айнан шундай мақсадларни кўзлаган.

Сигналли коммуникация. Бундай боғланишлар умумий тасниф нуқтаи назаридан товушли ва ёруғли турлардан иборат. Товушли сигналлар овоз, бонг уриш, қўнғироқ чалиш ёки бошқа буюмлар товуши орқали узатилган. Ёруғли сигналлар эса олов ёқиш, тутун чиқариш, чанг кўтариш ёрдамида юбориларди. Сигналли коммуникацияларнинг кўринишлари кўп. Қисқа муддат ичида ва тезкор равишда юборилиши ҳамда қабул қилиниши кўп кўринишга эга сигналли коммуникацияларни фарқлайдиган хусусиятлар бўлган. Ҳарбий коммуникация турларининг айримларини сигналли боғланишлар ташкил этади.

Оммавий коммуникацияларни сиёсийлаштиришга дастлабки уринишлар. Онгли инсон бор жойда, табиийки, ижтимоий алоқалар юзага келади. Коммуникациялар бор жойда жамият мавжуд. Жамият бор экан, кимдир кимнидир бошқармоқчи, кимнингдир устидан раҳбар бўлиб, ҳукмини ўтказмоқчи бўлади. Бир одам бошқаларни бошқариши учун улардан жисмонан ёки ақлан устунроқ туриши ёки иккала фазилатни ўзида мужассам этган бўлиши даркор. Нафақат бугунги кунда, ибтидоий жамиятда ҳам жисмоний куч билан атрофдагиларни ўзига буйсундириш узоққа бормаган. Бунинг учун кўпроқ ақлни ишлатиш керак бўлган. Ақлга иш буюриш эса маълум бир мазмун, шакл ва кўламда қабиладошларга алоҳида ихтисослаштирилган ёки умумий тарздаги ахборотни ишлаб чиқиб, тарқатиш ва кераклича такрорлашни тақозо этарди.

Жамоани бошқариш – сиёсий масала. Шул боисдан жамоани бошқаришга қобилияти етадиган одамлар оммавий коммуникацияларни сиёсийлаштиришга ҳаракат қилганлар. Оммавий коммуникацияларни сиёсийлаштириш боғланиш жараёнининг барча бўғинларида ўз аксини топиши мумкин.

Олимлар эътироф этишларича, энг қадимги ихтирочиларнинг исмлари бизгача етиб келмаган. Биз илк тошболта, биринчи сават, шамолдан ҳимоя қиладиган дастлабки девор ёки биринчи жун кийимнинг муаллифи кимлигини билмаймиз. Ушбу ихтиролар бир кишининг ижоди бўлмасдан, узоқ вақтлар давомида кўплаб авлодлар вакилларининг тажрибасини мужассамлаш натижасида кашф этиб, мукаммаллаштириб келинган. Оммавий ахборот ишлаб чиқилиши ва тарқатилиши инсонга берилган улуғ неъматлар – кўриш, эшитиш ва фикрлаш ёрдамида ва ушбу неъматларни ривожлантириш натижасида амалга оширилган.

 

Назорат саволлари

  1. Замонавий оммавий коммуникация воситалари (ОКВ) тарихи ҳақида нималарни биласиз?
  2. ОКВ тарихининг умумий даврийланишини қандай изоҳлайсиз?
  3. Оммавий коммуникация ривожида сўзнинг ўрнини қандай изоҳлайсиз?
  4. Жамиятнинг умумий коммуникация манзарасини қандай тасаввур этасиз?
  5. Оммавий комуникацияларнинг бошланғич шакллари сифатида дин ва мифологиянинг ўрни қандай бўлган?
  6. Қадимги коммуникацияларнинг дастлабки қайси шаклларини биласиз?
  7. Оммавий коммуникациялар қай тариқа сиёсийлашиб борган?

______________________________________________________________

1Мирзиёев Ш.М. Матбуот ва оммавий ахборот воситалари ходимларига. http://xs.uz/uzkr/post/prezident-tabrigi-matbuot-va-ommavij-akhborot-vositalari-khodimlariga-2 27 Июнь 2019

1Ушбу мавзу профессор Файзулла Мўминовнинг “Жаҳон журналистикаси тарихи” дарслигида баён этилган фикрлари асосида тайёрланди.

You may also like...

18 Responses

  1. Мавзуни илмий асосларини пухта узлаштиришимизга яхши имкон яралибди. Куп маьлумотга эга булдим.

  2. Ассалому алайкум устоз. Тарихий фактларга кизикишим юкорилиги учун кизикиш билан маьрузани мутолаа килдим,рахмат! Шу уринда савол тугилади.
    «OKV tarixining umumiy davriylanishi. Biz OKV tarixini ikki yirik davrga bo‘lib ko‘rishni maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz:
    1 davr – matbuotgacha bo‘lgan ommaviy kommunikatsiyalar;
    II davr – matbuot, radio va televideniyening paydo bo‘lishi va rivojlanishi.» — дея таькидлаган экансиз. Унда 3 давр килиб интернет журналистикасини киритсак булмайдими?(шахсий савол).

    • Шу мавзуда илмий иш қилсангиз ажойиб бўларди-да. Юқорида берган саволингиз илмий асосланиб, тегишли муассасалар томонидан тасдиқланса, кейин бу ҳақда баралла сўз юритишимиз мумкин.

  3. Mavzuning tarixiy faktlar bilan boshlanishi menda juda katta qiziqish uyg’otdi. Bundan tashqari, matbuot, televideniye va internet o’rtasida farq hamda ularning qay tarzda rivojlanib borayotgani va shu kabi boshqa ma’lumotlarni o’qib, juda katta ma’lumotlarga ega bo’ldim. Yana shu kabi tarixiy faktlarga asoslangan ma’ruzalardan joylashtirishingizni so’rab qolaman…

    • Зукко ва теран фикрли талаба қизим Гулруҳхон! Бундай талабчанлик билан қилган таклифингиз ҳар қандай ўқитувчини мамнун этади. Сиз ҳозирча шу 9 та мавзуимизни ўқиб-ўрганинг. Кейин дарслигимизга ҳам ошно этамиз.

  4. Botir O’lmasov:

    Assalomu alekum Ustoz! Juda qiziqarli va o’z o’rnida bizga kerakli ma’lumot ekan o’qib ko’zlarim quvnadi. Shunday og’ir kunlarda ham biz uchun harakat qilayotganingizga tashakkur!

  5. Assalomu alaykum ustoz! Birinchi maruzamizni tarixdan boshlashimiz tarixsiz kelajak yo’qligini anglatadi. Biz uchun jon kuydirib, karantinda bo’lganimizga qaramay bilim berayotganlaringiz uchun rahmat. Bu mavzuni o’qib chiqib shunday xulosaga keldimki, hali o’rganishim kerak bo’lgan narsalar juda ko’p ekan.

  6. Sohibaxon Hodiyeva:

    Assalom u alaykum,ustoz! Ushbu ma’ruza menda butunlay yangi ma’lumotlar bazasini yaralishiga sabab bo’ldi.To’g’risini aytsam,ma’ruza mavzusini o’qiganimda «shunchaki hamma aytgan gap» bo’lsa kerak deb o’ylagandim,lekin boshidan oxirigacha o’qirkanman, «zametka»ga saqlab qo’yiladigan ma’lumotlarni ko’rib, ma’ruzangizni o’zingizdan so’ramasdan alohida fayl sifatida komputerimga saqlab qo’ydim.

  7. Музаффарзода Нуруллох:

    Мавзу юзасидан етарлича ЯНГИ ва керакли маълумотларга эга бу́лдим. Жумладан, (ОКВ)ларининг янги У́збекистонни қуришимизда нечоғлик ўрни беқиёслигини тушиниб етдим. Чунки тарихни ҳам бизга қадар етиб келишида ўша давр матбуоти асос бўлиб хизмат қилди. Ўзўрнида замонавий телекоммуникация воситалари ёрдамида биздан кейинги авлод ҳам биздан ўрганииши керак бўлган нарсаларни биз ярата олишимиз керак. Ажаб эмас, янги Берунийлар, Хоразмийлар, Алишер Навоийдек инсонлар билан бир даргоҳда тахсил олаётган бўлсак!

  8. Пандемия таълим соҳасида туб ислоҳотларни янги босқичга тезлик билан амалга оширишга туртки бўлди. Ўзбекистон Миллий университетида ҳам таълим айни кунларда тўлиқ масофавий шаклда давом этмоқда.
    Шуниси ибратлики, Дониш домла виртуал билим олиши, уйидан туриб маърузаларни тўлиқ ўқиб-ўрганиши учун талабаларига бундан анча илгарироқ имконияту имтиёзларини ҳозирлаб қўйган эди. Бу саъй-ҳаракат ҳозирги шариоитда талабаларга жуда қўл келмоқда. Қадимги оммавий коммуникациялар ҳақидаги ушбу мавзуни ўқиб, биз – ёш журналистлар учун жуда керакли, эканига амин бўлдим. Барча бўлажак ҳамкасбларимга тавсия қиламан.

  9. Assalomu alaykum ustoz! Men ushbu ma’ruzani juda katta qiziqish bilab mutola qildim, o’zim uchun keraklicha ma’lumot oldim. Buning uchun sizga tashakkur!

  10. Qadimgi kommunikatsiyalarning shakllari ommaviy tadbirlar, jarchilik kabi ma’lumotlarga ega bo’ldim. Bundan tashqari bu ma’ruzadan ilmiy asoslarni chuqir o’rganishimiz mumkin rahmat ustoz.

  11. Assalom alekum ustoz bu ma’ruzadan biz o’zimiz uchun kerakli ma’lumotlarni oldik va qiziqish bilan o’qidik .

  12. Assalomu alaykum donish domla! Yuqorida berilgan ma’ruzangizdan o’zim va kelajak kasbim uchun juda ko’p foydali ma’lumotlar oldim. Buning uchun sizga kottakon raxmat!

  13. Sohibaxon Hodiyeva:

    Jurnalistika shunchalar qadimiy va tarixiy fan ekanligini to’g’risi bilmagan edim.Rahmat,ustoz!

  14. Ushbu mavzu orqali zamonaviy ommaviy kommunikatsiya va uning tarixi, so’zning o’rni, din va mifologiya haqida bilimlarimni kengaytirib oldim.

  15. Мавзу юзасидан етарлича керакли ҳамда янги маълумотларга эга бу́лдим. Ушбу кенг қамровли маърузангиз орқали сўзнинг ўрни, оммавий коммуникация воситалари тарихининг умумий даврийланиши ҳамда қадимги коммуникацияларнинг дастлабки шакллари ҳақида чуқурроқ билимларга эга бўлдим.

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>