Nasrimiz ertalari

Adabiyot – ilohiylikdan yaralgan dil daftari.

Ijodkor esa uni adabiylikka muhrlovchi hilqatdir. Inson tug`ilibdiki, so`zga, adabiyotga mehr qo`yadi. Yashash davrida o`z-o`zidan unga ehtiyoj sezadi. Odamzotning hech bir kuni yo`qki, adabiyotsiz, so`zsiz o`tmagan. Ha, adabiyot oddiy tushuncha emas. U ilohiy so`zdek nazdimda.  Men bu so`zlarning qanchalik to`g`ri ekanini kuni kecha bo`lib o`tgan “Yurt kelajagi” Respublika iqtidorli yoshlar tanlovining “Nasr” yo`nalishi a’zolari misolida aytib o`tishim mumkin. Nimaga aynan nasr, nazm emas. Axir o`zbek nazmi nasrdan-da ilg`or demoqchimisiz? Xo`p, yaxshi biroz meni tinglang bo`lmasa.

дило2 дило1

O`zbek adabiyotida nazm ildam o`sib kelayotgan bir davrda, unga hamohang tarzda o`zbek nasri ham ildam rivojlanmoqda. Nazmda mislsiz, tengi yo`q she’rlar bitilib kelinayotganligi hech birimizga sir emas. Misol tariqasida ustoz shoirlar Erkin Vohidov, Ablulla Oripovlar boshlab bergan biz xayrlashgan asrning nodir insonlariga mos tarzda XXI asrning ham qalami o`tkir durdona misralarni bituvchi shoir-u shoiralar ustozlar etaklaridan tutib bu dargohga qadam ranjida qilgani va she’riyat atalmish bo`stonni gullarga to`ldirgani yaqqol dalildir. Biz ishonib aytamizki, bizning adabiyot maydonidagi nasrimiz ham shu darajara yuksalib kelmoqda. Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor, Muso Toshmuhammad o`g`li Oybek, Said Ahmad, Shukur Xolmirzayev, O`tkir Hoshimov, Pirimqul Qodirov, Odil Yoqubov, Tog`ay Murod kabi so`z mulkining zargarlari bo`lgan ajoyib ijodkorlarimizning oltinga teng asarlari bunga bir misoldir. Bularning hammasi kelajak uchun qoldirgan boy me’rosi va o`zbek nasrining qudrati haqida darak beradi. Asr haqida so`z borar ekan, biz  bilan bir havodan nafas olib nazrimiz go`zalligini dunyoga tarata`tgan bugungi kun nasrimizning haqiqiy qahramonlarini tilga olmasak bo`lmaydi, albatta. Abduqayum Yo`ldoshev, Nazar Eshonqul, Luqmon Bo`rixon, Ulug`bek Hamdam, Murod Muhammad Do`st, Xurshid Do`stmuhammad hamda Isojon Sultonlarning yaratib kelayotgtan asarlarini o`qigan kishi bevosita o`zbek nasrining ham yuksaklik tomon odimlab borayotganligini anglashi qiyin bo`lmaydi. Bunda albatta yuqorida sanab o`tgan ijodkorlarning so`zni sevib, asrab-avaylab yuragiga ezgu maqsadni tuyib qalam tebratgani asli sabab desak mubolag`a emas albatta.

Endi gapning indallosiga o`tib, adabiyot gulshani, nasr bo`stoniga qo`rqmasdan qadam tashlayotgan so`zning bor og`irligi-yu qog`ozga tushirish mashaqqatini his qilgan holda, qalamni qo`lga olgan yosh, umidli tengdoshlarimdan bir og`iz gap boshlasam.

Turli viloyatlardan, turli xil dunyoqarash egalarini bir maqsad yo`lida to`planib ijodkorona yondoshgan holda dildan suhbat qilib ko`ring-a? Dilingiz yayraydi. Birgina “Baxt” so`ziga tarif yozing, deb ko`ring o`ttiz kishidan o`ttiz xil tarif eshitasiz. Bu davrada ana shunday so`zga boy, o`z kelajagini aynan adabiyot maydonining nasr dargohi deb bilguvchi yoshlar yig`ilgan. Ularning har biri o`z so`zi va ovoziga ega. Ularni nomma-nom sanash joiz bo`lsa: toshkentlik Muhammadsodiq To`rayev, navoiylik Nurali Hoshimov va Doniyor Erkinov, samarqandlik Shahnoza Xoliqova, qashqadaryolik Dilrabo Mahmarahimova va Ma’mura To`rayeva, Sirdaryolik Madina Yoqubova va buxorolik Mohigul Tursunovalarni qo`rqmasdan nasrimizning ertangi kelajagi deb aytishimiz mumkin. Chunki ular hozirdanoq o`zining dilgir ijodi bilan ozmi-ko`pmi adabiyot olamida o`zining o`quvchilarini topgan. Bugun esa ular baralla o`zbek tilining so`zga boyligi va buni go`zal asarlar yozib  isbotlab kelayotganidan dil quvonadi. Biroq birozgina tajriba va ko`nikma kamligini aytmaganda ular bemalol o`zbek nasrimiz binosiga ustun bo`la oladigan yoshlar desak hech qabnday mubolag`a bo`lmaydi.

Xullas, bu gulchechaklardan faqatgina o`qib-izlanish, so`zga sadoqat va mehr hamda eng muhimi o`z ustida yanada ko`proq ishlash talab etiladi. Ana shundagina o`zbek nasrimiz bundan-da yuksak cho`qqilarga ko`tarilaveradi. Millatimiz ma’naviyati dunyo bo`ylab yoyilaveradi. Zero, adabiyot yashasa millat yashaydi.

Dilobar Asliddin qizi

Navoiy viloyati

Вам может также понравиться...

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *