Pirimqul QODIROV. UCH ILDIZ (Roman)

Давоми: 2-боб. Боши олдинги саҳифада.

4

2

Haqiqatan ham uning she’r yozishiga jiddiy sabab bor edi. O‘tgan kun fakultetda badiiy havaskorlar kechasi bo‘lgan, kechada Ochil Zamira bilan birga o‘tirgan edi. Baxtiyor damlar kechaning oxiridagi tansada (yigit va qiz juft bo‘lib raqs tushishda) ham davom qilishi kerak edi. Lekin butun ishkallik shu tansadan chiqdi.

Zamirani talabalardan bir-ikkitasi tansaga taklif qilgan edi, unamadi. Ochil zimdan quvonib «mening ko‘nglimga qarayaptimikin?» deb o‘yladi, chunki o‘zi Zamiradan boshqa hech kim bilan tansaga tushishni istamas edi. «Chet» takliflarga chek qo‘yish maqsadida uni o‘zi tangoga1 olib tushmoqchi bo‘ldi. Biroq Zamira unga ham rad javobi berdi.

– Men o‘g‘il bolalar bilan tansaga tushmayman,– dedi.

– Nega? Axir bu odobdan emas-ku!

– Istamayman!– dedi Zamira qisqa qilib.

Ochilning joni chiqib ketdi:

– Bu yerga kishilarni xafa qilish uchun kelganmisiz? Istamasangiz, tansa zalida nima qilar edingiz?

– Nima qilishimni o‘zim bilaman.

Gavjum zalda bu bahsni davom ettirib bo‘lmas edi.

Ochil koridorga chiqib papiros cheka-cheka tansaning tamom bo‘lishini kuta boshladi. Lekin sabri chidamay yana ichkari kirdi.

Zal «Rio-Rita» kuyining sho‘x sadolaridan jaranglaydi, parket2 polda ship-ship qilayotgan oyoq tovushlari eshitiladi. Zamira hali ham devor zehidagi kresloda o‘tiribdi, ko‘zlari bir nuqtaga tikilgan, yuzi o‘ychan. Uning qiyofasi hozir Ochilga beozor va ma’yus ko‘rindi. Boya uning rad javobidan «nazarga ilmadi», deb xafa bo‘lgan bo‘lsa, endi «biron sababi bormikin?» deb o‘yladi va so‘rab bilmoqchi bo‘ldi. Uning oldiga kelib:

– Ketmaysizmi?– dedi.

Zamira eldan oldin va yolg‘iz chiqib ketishni xohlamasdi.

– Tansa tamom bo‘lsin,– dedi.

Nihoyat, ko‘pchilik bilan birga ko‘chaga chiqishdi. Zamira xafa edi. Tez olovlanib, tez soviydigan Ochil esa allaqachon jahlidan tushgandi.

– Muncha qovog‘ingiz soliq,– dedi u Zamiraga,– yig‘lab yubormang tag‘in.

– Bo‘lar-bo‘lmasga yig‘laydigan odatim yo‘q.

– Bo‘lar-bo‘lmasga yig‘lagan vaqtingiz ham bo‘lgandir?

– Bo‘lgan emas,– dedi qiz.

– Bo‘lgan emas! Bolaligingizda-chi, bolaligingizda ham bo‘lgan emasmi?

Zamira unga qiyo boqib beixtiyor tabassum qildi. Shu bilan oraga tushgan tuman tarqalganday bo‘ldi-yu, gap ochilib ketdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Zamira boshqalarga rad javobi bergani uchun unga ham yo‘q degan ekan. Taklifi yerda qolgan talabalardan biri Zamiraga kinoyali ibora qilib:

– Bu kishi o‘zlarini Ochilboyga asrab o‘tiribdilar,– degan ekan.

Hali gard yuqmagan qizlik g‘ururi uchun bundan achchiq gap bormi! O‘zining Ochil bilan bir-ikki marta hamsuhbat bo‘lgani, uch-to‘rt marta yotoqxona koridorida turib so‘zlashgani endi Zamiraga boshqacha ko‘rinib ketdi. Demak, kishilar buni Ochilga tobelik deb hisoblashadi, Zamirani Ochilning «qizi» deyishadi. Yo‘q, u hech kimning «qizi» emas, u hech kimga tobe bo‘lmaydi. U Namanganday joydan bu yerga o‘qiyman deb kelgan, hech kim bilan yurmayman, deb onasiga so‘z bergan. Agar yuraman deganda, o‘sha yoqda yigitlar topilmasmidi. Yo‘q, u gap-so‘z bo‘lishni istamaydi!

Ochil bu gaplarni eshitib lol bo‘lib qoldi.

– Iye, axir yigitlik sha’ni qizlik sha’nicha emasmi? Men ham Zarafshon tog‘idan o‘qish uchun kelganman, men ham gap-so‘z bo‘lishni istamayman. Lekin siz bilan so‘zlashganimning sababi… Axir, kishilar shunday so‘zlashmasa bir-birini qanday biladi? Onamga va’da berib kelganman, deysiz. Yoki u kishi sizga birovni topib bersa, hisobmi? Bundan chiqdi, ixtiyoringiz onangizning qo‘lida ekan-da?

– Nega? Mening o‘z ixtiyorim o‘zimda,– dedi Zamira.– Bo‘lmasa bir o‘zim shuncha joyga o‘qishga kelarmidim?

– Ixtiyori o‘zida bo‘lgan odam biror kishiga qiziqsa, uning kimligini bilishi kerakmi, axir? Quloqqa yomon eshitiladigan yurish, asli, kishilar do‘stlashib bir-birini bilishlari uchun, ilgargiday ko‘r-ko‘rona oila qurmaslik uchun kerak-da.

Birovga qiziqish, oila qurish… Bu gaplar Zamirani cho‘chitar, Ochil uni yomon yo‘lga boshlayotganday tuyulardi. U bolaligidan boshlab shaloq yurishlar haqida ko‘p narsa eshitgan va o‘g‘il bolalar bilan yurishni umuman, yomon deb bilar edi. Shuning uchun yana gapni kesib:

– Men o‘qishimni bilaman, boshqa hech narsaga qiziqmayman,– dedi.

Ochilga bu gap «men senga qiziqmayman» deganday eshitildi va yashin zarbasiday ta’sir qildi. U Zamiraning ko‘nglida ham menga atalgan bir narsa bordir, deb yurar edi. Hozir bu fikri puchga chiqdi-yu, qalbida bir narsa portlaganday bo‘ldi va umidlarini chil-chil qildi. U nima deganini ham, Zamiraning yotoqxonasi qarshisidagi zinapoya maydonchasida tikka turib yana qancha vaqt so‘zlashganini ham bilmaydi. Faqat shunisi esidaki, butunlay xayrlashib, orani uzmoqchi bo‘ldi. Zamira allanechuk qimtinib:

– O‘qish bitguncha… biz faqat tanishlarmiz,– dedi.

– O‘qishingiz bitguncha yana to‘rt yarim yil bor. Tanishlikka kelganda… Tanishdan ko‘pi bormi!.. Xayr!

Ochil shart burildi-da, jadallab zinapoyadan pastga tushdi.

O‘sha kecha uxlay olmadi. U Zamirani tanigandan beri oralaridan nima o‘tgan bo‘lsa – hammasi, mayda-chuyda tafsilotlarigacha xayolida tinmay takrorlanardi. Qizning gapi, qiliqlari, yuz ifodasi, o‘zining unga muomalasi, aytgan gaplari va hokazolar xotirasiga kinotasmasi kabi o‘rnashib qolgan edi-yu, endi shuni takror-takror qo‘yib, goh u yerida, goh bu yerida to‘xtab, tekshirib ko‘rardi, goh unday, goh bunday fikrga kelardi, lekin baribir tasmaning oxirida «sen meni qiziqtirmaysan» mazmunidagi so‘zlar uchrardi va dunyosini qorong‘ilashtirib, hamma fikrlarini chalkashtirib yuborar edi. U yopishqoq o‘ylardan qutulmoqchi bo‘lar, lekin yotganda ham, turganda ham, ma’ruzada ham, ovqatlanayotganda ham, ba’zan gapirishayotganda ham xotira kinotasmalari ko‘z oldidan tinimsiz o‘tib turardi, ularni to‘xtatish, yo‘qotish qo‘lidan kelmasdi. Faqat qiziqarli ish qilganda, o‘ta ta’sirli kitob o‘qiganda yoki she’r yozganda ularni unutardi.

Mahkam qo‘ymagandan keyin u bo‘yalib ketgan qog‘ozni qo‘liga oldi, lekin she’rni past tovush bilan yoddan aytdi:

 

GO‘ZAL O‘TKINChI

Ko‘klam yomg‘irining bir tomchisini,

Ko‘m-ko‘k barg o‘ziga qilgandi sirg‘a.

Oydinda tovlanar, tong yeli uni,

Tinmay tebratadi barg bilan birga.

Lekin oftob chiqib qizdirgan sari

Bug‘lanib oxiri yo‘q bo‘ldi tomchi.

Sen ham shu bargdagi tomchi singari

Hamroh bo‘lolmading, go‘zal o‘tkinchi!

 

Ochilning ovozi tingandan keyin ikkovi ham jim bo‘lib qoldi. Mahkam hayron edi: «Hali daraxt ham barg chiqargani yo‘q, yomg‘ir ham yoqqan emas, bu nega bunday deb yozibdi?»

Ochil o‘rnidan turib kiyina boshladi. Lekin anchagacha yoqasining tugmasini o‘tkaza olmadi – qo‘li qaltirardi. Mahkam buni ko‘rib, oxirgi ikki satrni esladi va voqeani tushunganday bo‘ldi.

– Go‘zal o‘tkinchi kim, Zamirami?

Ochil indamay galstugini taqar edi.

– Ha, yana nima qildi?– dedi Mahkam uning indamaganini «ha»ga yo‘yib.– Kechada soz ko‘rinuvdilaring-ku?

– Ha, shu… to‘g‘ri kelmadi.

– Nega?

– Hozir tushuntiradigan vaqt emas,– dedi Ochil jigarrang chiyduxobadan[1] tikilgan va tirsaklari qirilib qolgan pidjagini kiyib.– Tanaffus bo‘lgandir.

Mahkam soatiga qarab o‘rnidan turdi.

– Ha, yuring tezroq. Endi kech qolsak, naq terimizga somon tiqadi.

_______________________________________________________

1 Танго (русча) – Тўрт тактда ўйналадиган мулойим рақс ва шу рақс мусиқаси.

2 Паркет (французча: parquet ёки лотинча: parricus – девор, тўсиқ, иҳота) – тураржой ва жамоат бинолари полларига қопланадиган, қаттиқ ёғочдан тайёрланадиган юпқа тахтача; 2) паркет тахтачалардан ётқизилган пол.

[1] Чийдухоба – бахмалнинг йўл-йўл бўртма чизиқли хили; чийбахмал.

 

(Сайтимизни кузатиб боринг. Давомини ўқийсиз).

Вам может также понравиться...

Ответов: 2

  1. «Уч илдиз» романини иштиёқ билан ўқиётган азиз китобхонлар! Таассуротларингиз фикрнома тарзида ёзиб юборсангиз беҳад мамнун бўлардик.

  2. Албатта Домла фикрнома қолдирамиз!

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *