Pirimqul QODIROV. UCH ILDIZ (Roman)
Давоми: 3-боб. Боши олдинги саҳифаларда.
3
Ular hovliga chiqqanda quyosh bulutlar orasiga kirib ketgan, izg‘irinli achchiq shamol esardi. Yotoqxona yaqin bo‘lgani uchun ikkovi ham uch-to‘rt kundan beri o‘qishga kostyumda borardi, lekin mana shunday paytda ayniqsa Ochil sovqotib qunishardi. U o‘rta bo‘yli, qotmadan kelgan, oqish yuzli va terisi yupqa yigit edi. Uning butun vujudi qandaydir juda ta’sirchan tolalardan to‘qilganga o‘xshardi. Qo‘ng‘ir ko‘zlari doim biror narsadan ta’sirlanganini aks ettirib turar, goh kuchli porlab, qorachig‘ining pastida shaffof nam halqalanar, goh o‘ychan qisilib, piligi pastlatilgan chiroqday qorayardi. Xayolchan kishilarniki kabi bir-biriga botib turgan lablari kulganda yoki gapirganda shaklini tez va keskin o‘zgartirardi. Uning cho‘zinchoq oqish yuzi ham ehtirosli ko‘zlari va labi singari ichki kechinmalarini uzluksiz aks ettirardi. Yuragida bori yuziga tepib turadigan, bunday kishilarni ko‘nglida kiri yo‘q, deb maqtaydilar. Lekin Ochilning o‘zi bu xususiyatidan norozi bo‘lib yuradi. U ko‘ngli keng, vazmin bo‘lishni, ancha-muncha narsani ichiga bemalol sig‘dirib, hech narsa ko‘rmaganday bo‘lib yurishni havas qiladi. Shuning uchun o‘zi ham sezmay Mahkamning ba’zi odatlariga taqlid qiladi. Hatto hozir shu hovlidan o‘tayotganida ham. Mahkamga o‘xshab mumkin qadar salmoqli qadam tashlar, sovuqni pisand qilmaganday yelkasini kerib borardi.
Mahkam ham Ochil kabi endi yigirma ikkiga qadam qo‘ygan, lekin bo‘yi baland, kiyimni Ochildan ikki o‘lcham katta kiyadi. Uning egnidagi yakka bortli sheviot[1] kostyum hali bo‘yiga nisbatan ingichka bo‘lgan qaddiga kenglik qiladi, ko‘kragi biroz xalta bo‘lib, yoqasi ko‘chib turibdi. Ammo uning keng yelkasi pidjak kiftini tarang tortib, osilgani qo‘ymaydi, gavdasining kuchli va harakatchan ekanligi doim bilinib turadi. Pidjagining tagidan kiyilgan oq sadaf tugmachalari rangdor katak ko‘ylak, arzon kostyumga juda mos kelgan. Bu ko‘ylak ataylab galstuk taqmaslik uchun chiqarilganday yoqasining quloqlari, hatto orqa tomonda bo‘ladigan uch burchak qulog‘i ham tugmalanib qo‘yilgan. Uning oyog‘ida tagi rezinka qora tufli. Kitob qo‘ltiqlab borayotgan qo‘llari ham katta-katta, kafti nimrang, panjasining usti esa yuzi kabi qoramtir.
Uning qoshi qop-qora bo‘lsa ham, qoracha yuzida uncha ko‘zga tashlanmaydi. Faqat zich oq tishlari mayin yiltirab, chehrasini ochib turadi.
Mahkamning tubsiz qora ko‘zlari chuqur ichki kechinmalarini uncha bilintirmasdi, og‘ir tekkan narsalar ko‘nglining tubida cho‘kib yotar, yuzida esa doim kishini o‘ziga tortuvchi muloyimlik, bolalikdan qolgan soddalik va dilkashlik aks etib turar edi.
Ochil qanchalik tez va ko‘ngli yumshoq bo‘lsa, Mahkam shunchalik vazmin edi, lekin, ajabki, ularga bir qarashda aksini o‘ylash mumkin edi. Ochilning ot qiliday qaysar qo‘ng‘irtob sochlari do‘ppi chetidan qayrilib chiqib turar, qo‘yib bersa sochilib ketardi, qosh mo‘ylari ham yo‘g‘on-yo‘g‘on edi, uni dastlab ko‘rgan kishi juda fe’li qattiq deb o‘ylashi mumkin edi. Mahkamning tovlanuvchi qora sochi juda mayin edi, baland peshonasiga kiya tushib, shunday birikib turar ediki, hovlidagi ko‘lmaklardan sakrab o‘tayotganda ham sochilib ketmasdi. Orasi ancha ochiq qoshi ham, tig‘iz va kalta kipriklari ham o‘sha muloyim mo‘ylardan tizilgan edi, ikki yildan beri qirib yurgan soqol-mo‘ylovi ham haligacha sabzalikdan chiqib ulgurmagan va hafta-o‘n kunda bir olinardi. O‘n olti yoshidan beri soqol oladigan sermo‘y Ochil hozir uch kunda bir yuzini tarashlardi va shu jihatdan Mahkamga qaraganda bir necha yosh katta ko‘rinardi. Mahkamning bosiqligi esa uni Ochilga nisbatan bir necha yosh katta ko‘rsatardi.
Ularning qiyofalari kabi, bu yerga kelguncha bosib o‘tgan yo‘llari ham o‘zgacha edi. Ochil Zarafshon tizma tog‘i etagida chorvador va bog‘dor qishloqda o‘sgan, Mahkam esa Sirdaryo bo‘yidagi sershovqin, gavjum ishchilar shaharchasida katta bo‘lgan edi. Ikkovi ham umrining ko‘p qismini o‘qish bilan o‘tkazgan bo‘lsa-da, o‘qishdan tashqari kechirgan hayotlari har xil edi.
Mahkam yoz oylarida lagerga[2] ko‘p chiqar, avvallari, shunchaki dam olar, keyinchalik bolalar guruhi yetakchisi bo‘lib ishlardi. U ko‘pchilik bilan muomala qilib o‘rgangandi, balki shu uning fe’l-atvorini ancha silliqlagandir. Bundan tashqari u totuv va sog‘lom ishchi oilasida o‘sib, ko‘p yorqin damlarni boshdan kechirgan, shuning uchun ham qiyofasi nurga serob edi.
To‘g‘ri, u ham bolaligi urush yillariga to‘g‘ri kelgan tengdoshlari kabi ancha qiyinchilik ko‘rgan. Urushning ikkinchi yili otasi armiyaga ketdi-yu, qo‘lida hunari yo‘q ona ikki bola bilan qoldi. Mahkam to‘ng‘ich edi. Onasi zavod boshqarmasiga vaxtyor bo‘lib ishga kirdi. Mahkam uch yashar ukasi bilan uyda qolardi. Tanqislik. Kartochka bilan olganlari yetmaydi. Ko‘klamda ona-bola tog‘ etagidagi qo‘riqqa chiqib, belkurak bilan yer ag‘darib, lalmi bug‘doy ekishdi, lekin qurg‘oqchilik bo‘lib uruqqa ham chuv tushishdi. O‘shanda qorni to‘yib ovqat yemaslikdan onasi kasal bo‘lib uzoq yotib qolgani Mahkamning esidan hech chiqmaydi. Ilgari doim a’lo o‘qigan bola o‘sha yili sinfdan sinfga ko‘cha olmagandi…
Urush ham tugadi, otasi qaytib kelib, tirikchiliklari ham yaxshilandi, ammo o‘sha kunlar uning hayotida qiyinchilik cho‘qqisi bo‘lib kirdi-yu, umrbod qoldi. Hozir talabalikda biror narsaga zoriqsa, ahvoli og‘ir tuyulsa, xayolan o‘sha cho‘qqiga chiqadi-da, qiyinchiliklarga yuqoridan qaraydi va ularning mayda-chuyda, o‘tkinchi ekanini ko‘rib ko‘ngli taskin topadi.
Ochil omochga bo‘yi yetib-etmay qo‘sh haydagan, yoz oylarida otasiga qo‘shilib o‘roq o‘rgan, tog‘larda qo‘y boqqan, umuman, maktabdan ortgan vaqtining ko‘p qismini mehnatda o‘tkazgan edi. U olti yasharligida onasi tog‘ ko‘chkisining tagida qolib halok bo‘lgandi. Uch yildan keyin otasi ikki bolalik bevaga uylandi. Ikkinchi ona va uning bolalari Ochilga yomon ko‘z bilan qarashmasa ham, har holda, u begonasirar, sal narsani ko‘ngliga olib o‘ksir edi. Otasi cho‘pon bo‘lgani uchun uyda kam turardi. Ochilning qalbida chuqur iz qoldirgan eng yaxshi his-tuyg‘ular ham uydan tashqarida – dalada, otasi qo‘y boqqan joylarda, xususan, maktabda paydo bo‘lardi. Uning zehni juda o‘tkir, o‘zi tirishqoq edi, maktabda eng kuchli o‘quvchilardan hisoblanardi. Yozda kolxoz (ya’ni, jamoa xo‘jaligi) ishiga chiqqanda ham o‘sha tirishqoqligini qo‘ymas, o‘n uch-o‘n to‘rt yoshida ba’zi katta o‘roqchilardan ham o‘zib ketardi. Shuning uchun u maktabda ham, dalada ham o‘zi to‘g‘risida ko‘p iliq gaplar eshitar, bu iliqlik unga juda yetishmaydigan ona mehrini bir qadar qoplar edi. Lekin, har holda, onalarcha suyib erkalatishning, bola qalbini mehrga to‘ydirib, muloyimlashtiradigan ona muhabbatining o‘rni bilinardi.
Ochillarning kichkina qishloqlarida faqat to‘liqsiz o‘rta maktab bor edi, shuning uchun u yettinchini bitirgandan keyin salkam uch kilometr naridagi qo‘shni qishloqqa qatnab o‘qiy boshladi. Ko‘p yo‘l yurgan kishi ko‘p o‘ylanadi. O‘sha yillari Ochil kitob o‘qishga ixlos qo‘ygan edi, kitoblar uning intihosiz xayollariga qanot bog‘lar, maktab yo‘lida o‘ylamagan o‘yi, qilmagan orzusi qolmas edi. Undagi o‘ychanlik o‘shanda paydo bo‘lgandi. Ittifoqo, o‘rta maktab joylashgan qishloqning bolalari bir-biriga «jo‘ra» deb murojaat qilishardi, Ochil ko‘p ishlatadigan bu so‘z ham o‘shandan qolgandi.
Hozir u Mahkam jo‘rasi bilan katta hovlidan o‘tib, asfal’t yo‘lkaga chiqar ekan, sovuq shamoldan xiyol ko‘kargan yuzida odatdagi o‘ychanlik bilan birga horg‘in mamnunlik ham bor edi. Bir necha kunlik iztiroblari qog‘ozga tushib, ko‘ngli biroz bo‘shagandi, shekilli.
_________________________________
[1] Шевиот (инглизча: cheviot – Шотланлиядаги майин юнгли қўйлар зоти етиштирилган Шевиот тепаликлари (Cheviot hills) номидан) – жун толалари ёки аралаш толалар (жун, пахта ва бошқа) дан тўқиладиган майин, қалин, сал тукли газлама.
[2] Лагерь (немисча: Lаger – ўрин, жой; қароргоҳ; омбор) – 2) вақтинча туриш учун қурилган жой, вақтинча қароргоҳ (бу ерда шу маънода);
(Сайтимизни кузатиб боринг. Давомини ўқийсиз).
Пиримқул Қодировнинг асарлари оригиналлиги билан ажралиб туради.
Ушбу асар жуда самимий ёзилибди. Асарни ўқиган сайин асар ичига кириб бораверасиз