Pirimqul QODIROV. UCH ILDIZ (Roman)
Давоми: 5-боб. Боши олдинги саҳифада.
5
Uchovi gavjum koridorga chiqqanda Zokir Mahkamning bilagidan olib:
– Boplandi-a!– dedi va kuldi:– Bir alamdan chiqqandirsiz?
Mahkam tezda javob bermadi. U xayolini yig‘ishtirib ololmay o‘zi bilan o‘zi bo‘lib borardi. Yotoqda biroz sovugan asablari dekanatda yana vajillab toshgan, hammasini Akbarovdan ko‘rib betgachoparlik bilan «ehtimol!» degan va shundan so‘ng alami sal pasaygan edi. Keyin Akbarovning o‘z jazosiga bergan izohini eshitib yana biroz tushdi. Zokirning Akbarovga shafqatsizlarcha kinoya qilganini, Hakimov hamkasbini yoqlash o‘rniga Zokirni quvvatlaganini ko‘rdi-yu, yakkalanib, og‘ir ahvolga tushib qolgan Akbarovni ayblamay qo‘ydi, chiqib ketayotib hatto unga ichi ham achiganday bo‘ldi. Lekin shu zahoti qanday ayanchli ahvolda auditoriyadan haydab chiqarilgani va Hakimovdan qanday qattiq dakki yegani esiga tushdi-da, bir narsa ko‘nglini xippa bo‘g‘ib oldi. U nimaga nima sabab bo‘lganini aniqlasa bo‘g‘ilishi o‘tib ketadiganday bo‘ldi, ammo sabab va natijalar biri biri bilan shunday aralashib, shunday chalkashib ketgan ediki, u oqni oqqa, qorani qoraga ajratmoqchi bo‘lgan sari kalava battar chigallashardi. Akbarov, Hakimov, Zokir – ularning bir-biriga va Mahkamga qilgan hozirgi muomalalari bir qarashda tushunarli, bir qarashda tushunib bo‘lmaydigan, bir qarashda sababli, bir qarashda sirli ko‘rinardi. Mahkam ularni o‘zidan yuqori qo‘yar va hurmat qilardi, ayni vaqtda, hozir yuz bergan hurmatsizlikni ko‘ngliga sig‘dirolmasdi. Zokir uning uchun Akbarovdan qasd olgani ham ko‘nglini xira qilardi.
Mahkam gapiravermagach, Zokirga Ochil javob berdi:
– Juda xunuk shama qildingiz, jo‘ra,– dedi u cho‘rtkesarlik bilan.– Hamma Akbarovday ma’ruza o‘qisa, jon der edingiz.
– E, siz o‘zingiz xunuksiz!– dedi Zokir ham keskin.– Men nima debman shama qilib? Aytmoqchi bo‘lganim shuki, yaxshi ma’ruza qanchalik ko‘p bo‘lsa, progul shunchalik oz bo‘ladi. Rost-da, axir, yaxshi ma’ruza hammani o‘ziga magnitday tortadi.
– Lekin hammani emas,– dedi Ochil.– Magnit ham temirni damiga tortadi, kesakni torta olmaydi.
– Demak, siz kesak ekansiz-da, Akbarovning magniti damiga torta olmayapti?
– Ha, men ham bugun sizga o‘xshab kesaklik qildim.
– Qo‘ysalaring-chi shu cho‘qishishni,– dedi Mahkam. O‘rtoqlarining bahsidagi aniqlik uning xayolidagi mavhumlikni biroz tarqatganday bo‘ldi. U darhol gapni shu yoqqa burdi:– Lekin, Zokir, tanaffus vaqtida to‘planish bo‘lmas ekanmi deyman. Besh-o‘n daqiqada hech narsa hal bo‘lmaydi, faqat ma’ruzadan qoldiradi, xolos.
– Ertaga to‘planaylik-chi, ko‘ramiz,– dedi Zokir uning gapini yoqtirmay.
Ochil «bu gaplarning menga aloqasi yo‘q» deganday qilib qadamini tezlashtirdi va koridor to‘la talabalarga aralashib, ko‘rinmay ketdi.
– Shu ertangi majlis ham qanday bo‘larkin. Bugun belgiladik, bir kunda qanchalik tayyorlanamiz?
Zokir to‘xtab, Mahkamga yeb qo‘yguday bo‘lib qaradi.
– Necha oy tayyorlanaylik, bo‘lmasa?!
Uning burun kataklari titrab, ko‘zlari yaltirab ketdi: Akbarov va Ochil bilan aytishib qizigan asablari sal gapdan alanga olguday edi. Mahkam bunday paytlarda unga yon berardi.
– Kechirasiz, men faqat aytmoqchimanki… Agar to‘g‘ri kelsa, taklif qilmoqchiman. Shu progulchilar avval guruhlarning g‘alviridan o‘tkazilsa, keyin ularning kuchi yetmaganini biz elasak.
– Bu usul hozir bizga ish bermaydi,– tushuntirdi Zokir yumshab.– Vaqt ziq. Guruhlarda muhokama qildirgunimizcha sessiya yetib keladi.
– Ha endi, har holda, sessiyaga ikki oy bor-ku.
– Hozirdan harakat qilmasak, keyin foydasi nima? Tushuning, Mahkam, biz ertagayoq bir zarba bilan progulchilikning tomirini qirqishimiz kerak.
– Shunday-ku, har holda, yoshlar tashkilotining vakillari bor, kurs kengashlari bor. Majlis bo‘lsa boshlang‘ich tashkilotlarni mustahkamlash kerak deymiz. Mana shunaqa paytda ularni ishga solsak qanday bo‘ladi?
– Shu gapingiz bor ekan, boya to‘planganimizda aytsangiz, bo‘lmasmidi?
– Endi boya shoshildik, durustroq o‘ylab ko‘rishga vaqt bo‘lmadi-da!
– Akbarov kirgizmagandan keyin vaqt topilibdi-da! Jazo foyda beribdi, durust. Ha, xo‘p! Kurs kengashlariga ayting bo‘lmasa, yoshlar tashkilotining vakillari bilan birga hammalari kelishsin. Marhamat, majlisni katta auditoriyada o‘tkazamiz, hamma sig‘adi. Bo‘ldimi endi?.. Hozir yigirma daqiqalik tanaffus, vaqtdan foydalanib qolish kerak.
Mahkam yana bir nima deb e’tiroz qilmoqchi edi, dekanat tomondan kelayotgan Eshonboyevni ko‘rgan Zokir:
– To‘xtang bo‘lmasa, Muhammadjon aka bilan ham bir maslahatlashamiz,– dedi.
(Сайтимизни кузатиб боринг. Давомини ўқийсиз).
Сўнгги фикрлар