Pirimqul QODIROV. UCH ILDIZ (Roman)

Давоми: 9-боб. Боши олдинги саҳифаларда

ПК2

9

Elektr nuriga cho‘mib, serharakat mashinalar chirog‘idan jimirlab yotgan Navoiy ko‘chasida Gavhar qo‘lini asta bo‘shatib oldi va Mahkamga ma’noli kulimsirab qaradi. «Bunday paytda mahallaliklar ko‘p uchraydi, qo‘ltiqlashib yurganimizni ko‘rishmasin» degan ma’noni Mahkam, albatta, tushundi. U bo‘shalgan qo‘lini qayerga qo‘yishini bilmay, Gavhar ko‘kragiga bosgan narsaga cho‘zdi.

– Bering, birpas ko‘tarishib boray.

Gavhar unga tomon yarim o‘girilib, gazetaga o‘ralgan narsani ko‘kragida tutar ekan:

– O‘zingizning omonatingiz,– dedi.

– Omonatim?

Mahkam taajjubdan qadamini sekinlatib, gazetani ochmoqchi bo‘lgan edi, Gavhar muzdakkina qo‘lini uning qo‘liga tekkizib to‘xtatdi.

– Tanaffusda berib ketuvdingiz-ku?

– E-e, kitob deng!

Ikkovi ham kunduzgi voqealarni esladi. Gavhar so‘rayman, deb qo‘ygan gapini endi so‘radi:

– Bugun bir ma’ruzadan allaqanaqa bo‘lib chiqib ketdingizmi?

– Faqat chiqqanimni ko‘ruvdingizmi?

– Ha.

Shu narsa kunduz so‘ralganda Mahkam qancha qizarib-bo‘zargan bo‘lar edi, chunki uyda Gavhar hozirgichalik sinashta emas edi. O‘shanda Akbarovdan qattiq ranjigani va Gavharga «jabrdiyda» kishidek ko‘rinmoqchi bo‘lgani endi kulgili tuyuldi.

– Kechikib kelgan edim,– dedi u chindan ham kulib.– Akbarov quvib berdi. Yo‘q, ishoning, Gavhar! Eshikni tashqaridan yoping desa, avval tushunmabman. Ammo-lekin tuzladi. Hamma progul qilavergandan keyin, domlalar ham berahm bo‘lib ketar ekan. Aytmoqchi, siz ham talay progul qilgan ekansiz, rostmi?

Gavhar shu vaqtgacha faqat Mahkamni va u bilan gaplashib borayotganini his qilar, atrofidagi narsalar deyarli hech sezilmasdi. Endi negadir yaproqsiz daraxtlarning yo‘lkaga to‘shalib yotgan to‘rsimon soyalari ko‘ziga yaqqol tashlandi, boshidagi sharfi bir yonga qiyshayib ketgani ham hozir bilindi.

– Rost, – dedi ro‘molini, tez to‘g‘rilab qo‘yib. Hozir Gavhar o‘z proguli haqida gapirishni istamasdi, lekin Mahkamning ochiqko‘ngilligi uni ham shunga undardi. U bor gapni ayta boshladi. – Bir kun kinoga ketib qoldim. Keyin «Parij Momo Havosining ibodatxonasi» degan kitobga qiziqib tuni bilan o‘qibman, ertalab turgim kelmadi. Yana bir-ikki marta ertaroq ketib qoluvdim.

Mahkam buning ochiqko‘ngillikmi yoki «qaysi talaba progul qilmabdi» qabilidagi gapmi ekanini bilmoq uchun unga tikilib qaradi. Lekin Gavhar qiynalib gapirardi. U Mahkamning tikilishidan o‘ng‘aysizlanib gapni hazilga burdi:

– Shunga binoan meni ham bugungi ro‘yxatga tirkasangiz bo‘lardi.

– Hali ham tirkalgansiz. Mannonovning qo‘lidagi ro‘yxatga.

Gavhar cho‘chib uyg‘onganday va yopirilib o‘tayotgan mashinalar ovozini endi eshitganday bo‘ldi. Oyoqlari birdan og‘irlashdi, ularni zo‘rg‘a ko‘tarib, yo‘lkada ayqashib yotgan ustun va terak soyasidan odimlab o‘tar ekan:

– Shundaymi?– dedi.– Boya mendan yashirganmidingiz?

– Ha, endi… biror sabab bo‘lsa bilay deb aytmagan edim.

Sababi, albatta, bor edi – Gavhar tarix fakultetiga adashib kirib qolgandi. U maktabda hamma fanlardan «a’lo» olib o‘qir, har fanning o‘z fazilati borligini bilar, lekin kelajakda o‘zini qaysi biriga bag‘ishlashni bilmasdi. Oltinchi sinfda yoshlar gazetasidan bir muxbir kelib gaplashganda «me’mor bo‘laman» degan edi. Sakkizinchi sinfda irrigatsiya[1] injeneri[2] bo‘lish, qaqroq cho‘llarga suv olib chiqish, suv omborlari qurish haqida orzu qilib yurdi. Lekin bu orzusi ham mustahkam emas ekan, shekilli, irrigatsiya institutini bitirayotgan bir qarindoshining gaplari bilan aynidi. U qarindoshi nuqul, tarixchi bo‘ling, agar menga qo‘yib bersa, qaytadan birinchi kursga tushib tarix fakultetida o‘qir edim, derdi. Gavhar boshqa fanlar qatori tarixni ham a’lo darajada o‘zlashtirar, boshqa o‘qituvchilari qatori tarix o‘qituvchisi ham uni o‘z sohasiga tortardi. Bundan tashqari, uning otasi tarixchi olim edi.

Oxiri tarix zo‘r chiqdi.

Mana, o‘qishning olti oyi ham o‘tdi, u birinchi semestrni[3] «a’lo» bilan tugatdi (imtihon bittagina edi, zachyotkaga esa baho qo‘yilmaydi), chetdan qaraganda, hammasi yaxshi boryapti. Faqat tarixni chinakam sevuvchi talabalar bilan gaplashib qolsa, u o‘zini allanechuk o‘ng‘aysiz sezadi. Tarix fanlarida qiyin nomlar, yillar behisob ko‘pligi Gavharni zeriktiradi, ularga esa o‘rmonda daraxtning ko‘pligiday tabiiy ko‘rinadi. Ular kelajakka, o‘qishni bitirganlaridan keyingi hayotlariga qarab yirik-yirik ilmiy asarlar, arxivlardan topilgan yangi hujjatlar, Tolstovnikiga[4] o‘xshagan arxeologik ekspeditsiyalar ko‘rishadi. Gavharga esa nuqul oliy ma’lumot ko‘rinadi. Uning ma’ruzalarni osongina qoldirib kinoga ketishi, roman o‘qishi ham shu sababli edi. Lekin o‘zi buni tushunmasdi: «Hali o‘quvchilik odatidan qutulmaganim, kundalik dars so‘ralmaganidan beparvolashib ketganim sabab», deb yurardi.

Hozir Mahkamga ham shuni aytdi-da:

– Siz ham shunday bo‘lganmidingiz?– deb so‘radi.

– Men… Esimda yo‘q. Lekin konspekt olishga o‘rganolmay qiynalganimni bilaman. Har kimda har xil bo‘lsa kerak-da.

Gavhar uning tarix fakultetiga qanday kirib qolganini bilgisi keldi.

– Biz kirganda konkurs hozirgidek emas edi. Men yettinchi sinfdan boshlab tarixchi bo‘laman, deb yurar edim.

– Orzu qilarmidingiz?

– Ha, tushlarimga ham kirar edi.

– Tarix-a?– dedi Gavhar. Uning qoshlari taajjubdan chiroyli to‘lg‘anib qo‘ydi.– U yoshdagi bolalar romantikasi zo‘r narsalarga havas qilmaydimi?

– Tarixning romantikasi yo‘q deysizmi? O‘-ho‘! Hamma romantika tarixda-da. Uchuvchilaringiz ham, jarrohlaringiz ham buyuk tarix mashinasining alohida g‘ildirakchalarini aylantiradi, xolos. Tarix butun odamzodni qamrab oladi. E-he, boshqa fanlar dengiz bo‘lsa, tarix okean.

– Ho, bilibsiz,– deb Gavhar haqiqday lablarini e’tiroz bilan qimtib kuldi.– Tarix okean bo‘lsa, tarixchi kim?

Mahkam jiddiy bahslashmoqchi bo‘lib unga qayrilib qaradi, lekin tabassum qilayotganini ko‘rdi-yu, o‘zi ham kulimsiradi. Gavharning jozibasi hozir bir qarashda to‘liq ko‘ringanday bo‘ldi:

Qora qoshlari bir-biridan ancha uzoqda boshlanib, sal ko‘tarilgan-u, nafis egilgan va bodom qovoqlarini aylanib o‘tgan. Baland peshonasining ikki chetini sochi bekitgan, o‘rimga kirmay qolgan ingichka soch tolalariga shabada tegib muloyim qimirlab turadi. Oq-qizg‘ish yonoqlarida mayda kulgichlar. Burni suyri bo‘lib borgan-u, uchi biroz egilib, erkakcha «qushburun» bo‘lib qolgan. Faqat shu unga biroz yarashmaydi. Ammo musaffo ko‘zlari, xiyol namli lablarining chiroyli tabassumi, qoshining yuz ifodasiga mos to‘lg‘anib qo‘yishi Mahkamni maftun etardi. Tishlari ham ajoyib: ikki kurak tishining orasi ancha ochiq. Buni Gavhar o‘zicha nuqson, deb yuradi, Mahkamga esa beg‘ubor bolalik belgisiday yoqimli tuyuladi. Peshonasining kengligi, qoshlarining orasi ochiqligi va old tishlarining bu xildaligi uning chehrasiga shunday tabiiy bir soflik bag‘ishlaydiki, Mahkam buni juda chiroyli qizlarda ham ko‘rgan emas. Umuman, Gavharning qiyofasi unga tanishmaslaridan oldin ham ma’lum bo‘lganga o‘xshardi. Mahkam uni birinchi marta ko‘rgandayoq kimnidir eslagan, «demak, xayolimda yaratib borgan ekanman-da», deb o‘ylagan edi.

– Tarixchimi?– dedi u, Gavharning chiroyiga ancha xayoli ketib.– Tarixchi shu okeanning… yo‘q, shu okean tarixchining mulki. Hamma davrlar, hamma mamlakatlar, hamma sohalar…

Mahkam qo‘llarini harakatlantirib, qizishib so‘zlar edi. Gavhar bahsga berilib yana atrofidagi narsalarni unuta boshladi. U uzoqlashgan sari tig‘iz ko‘rinadigan va oxiri bir nurli chiziq bo‘lib birlashib ketgan chiroqlar tizimiga qarab, lekin ko‘zi ko‘rgan bu narsani mushohadasi qabul qilmasdi, ko‘cha to‘la sadolardan ham faqat Mahkamning tovushini eshitardi. Bu tovush uni hadeb bahsga chaqirar, Gavhar labini qimtib, mayin tovush bilan tordi:

– Voy, yana shunday deysiz-a! Hozir qaysi tarixchi Ivan Kojedubday uch marta qahramon bo‘lgan? Akademik Shusevday binolar qurgan?

– Akademik Grekovning asarlari hech qaysi binodan qolishmaydi.

– Qolishmaydimi? Qolishmaydimi? Toshkentga kelgan turist mana shu ko‘chani ko‘rmay ketmaydi-ya? Navoiy teatrini ham eng oldin ko‘radi. Keyin vaqti bo‘lsa tarix muzeyiga boradi. Arxivlarga bo‘lsa mingtadan bittasi kiradi. Qolishmagani shumi?

Mahkam mudofaaga o‘ta boshladi:

– Tarix tomosha emas-da, jiddiy fan.

– Bilgan ekansiz! Shahar qurish tomosha bo‘lib qolibdimi juda? Mana shu yerga bir qarang-chi: bu tomoni teatr, bu tomoni-chi, chiroyli uylar. Ilgarigi Shayhontohurning o‘rniga qarang, shu yerdan o‘tgan odam faqat tomosha qiladimi-a?

– Nima qiladi bo‘lmasa, azon aytadimi? Faxrlanadi, qoyil bo‘ladi, mana bu binoni kim qurgan ekan, bu ko‘chaning rejasini kim chizgan ekan, deydi.

– Ha, deyishi mumkin. Chunki bu ko‘cha Toshkentning tarixiga kirgan, – Mahkam «tarix» so‘zini alohida talaffuz etib, shu bilan yana tarixning ustunligini ta’kidladi.

Gavhar unga qarab turib kulib yubordi:

– E, boring-e, gap chalg‘itganingiz-chalg‘itgan! Tarix boshqa, tarixchilar boshqa – bilib turib aralashtirasiz.

– Ha, mayli, xo‘p-xo‘p. Hozir tarixchilar yozuvchilarday mashhur emas ham deylik. Lekin gap mashhurlikda emas-ku. Mana, sizga bitta oddiy tarixchini misol keltiray…

Gavhar uning misol qilib to‘xtaganidan foydalandi-da:

– O‘zingizni keltira qoling,– dedi kulib.

– Yo‘q. Maktabda bizning bir o‘qituvchimiz bor edi. Rahmatov degan. Urushga borib ikki ko‘zidan ayrilib qolgan. Hech esimdan chiqmaydi: tarix darsini shunday olib borar ediki, sinfda tiq etgan tovush eshitilmasdi. O‘zingiz bilasiz, maktabda «shpargalka» ham bo‘ladi, luqma ham tashlab turiladi. Lekin Rahmatovning darsida eng yomon o‘quvchi ham bu ishlardan or qilar edi. Ko‘r odamni aldab bo‘lmas ekan. Lekin o‘zi ham qoyil qilar edi-da! Tarixga jon kirgizib yuborardi. Mana shunday tikka turib, shiftga yo derazaga ko‘r ko‘zlarini qadab gapira boshlasa, damim ichimga tushib ketardi. Bir kun Stepan Razinning o‘ldirilishini shiftga tikilib aytayotgan edi, shift orqali ko‘rib turib gapiryaptimi debman, u tikilgan joyga qayrilib qarabman. Yana bir kun Temurning Hindistonga borishini derazaga tikilib gapirayotgan edi, yonimdagi bola hadeb o‘rnidan turib u qarab turgan joyga tikiladi, deng. Bilasizmi, shu odam bizga qanchalik katta tarbiya berdi? Men buni mana endi tushunyapman. Sinfimizdan juda yaxshi bolalar chiqdi. Shularning ichki dunyosidagi zo‘r bir chiziq Rahmatovning qo‘li bilan chizilgan. O‘zi tarbiya uchun tarixday zo‘r vosita kam. Butun odamzod bosib o‘tgan yo‘l, orttirgan ma’naviy tajriba eng oldin shu fan orqali ommalashsa kerak. Rahmatov aytar ediki: «Yangi mashina, yangi imorat yaratgan yaxshi, lekin yangi odam yaratgan undan ham yaxshi. Tarixchi yangi odam yaratadiganlardan», der edi. Men ham mana shunaqa tarbiyachi bo‘laman deb yuribman. Shuhrat haqida o‘ylab ko‘rganim yo‘q.

Gavhar jim bo‘lib, go‘yo bahsdan sovib qolgan edi. Rahmatov Mahkamda uyg‘otgan tuyg‘ular bir me’mor Gavharda uyg‘otgan tuyg‘ularga o‘xshar va bu o‘xshashlik uning xayolini uzoqlarga olib ketgandi.

U o‘n yashar qizcha ekanida Yuriy Karpovich degan keksa me’mor xotini bilan Moskvadan ko‘chib kelib, Gavharlar turgan hovlida yashagan edi. Ularning farzandlari yo‘q edi, lekin bolani yaxshi ko‘rishar, Gavharni ko‘p suyushardi. Keyinchalik Yuriy Karpovich Gavharning rasm solishga, har xil shakllarni chizishga uquvi borligini payqab, unga alohida e’tibor bera boshladi. U Gavharga «Moy drug», deb murojaat qilar, «sen me’mor bo‘lasan» der va o‘z kasbi haqida soatlab gapirib berardi. Gavhar u gapirgan narsalarning ko‘pini tushunmas edi, lekin me’mor deganda nuqul Yuriy Karpovichday yaxshi odamlarni ko‘z oldiga keltirib: «Men ham me’mor bo‘laman», derdi. U beshinchini bitirayotganda Yuriy Karpovichlar Moskvaga qaytib ketishdi. Gavhar uning ish stolida ko‘rgan loyihalardan biri go‘zal binoga aylanib markaziy ko‘chaga ko‘rk kirgizdi-yu, u oltinchi sinfda ham «me’mor bo‘laman» deb yurdi. Lekin bu hali e’tiqodga aylanmagan bir havas edi. Gavharning e’tiqodlari chuqur tomir ota boshlagan yuqori sinflarda bu havasning o‘sishi uchun sharoit bo‘lmadi.

Ammo hozir Mahkamning gaplari g‘alati savol tug‘dirdi. Rost-da, Gavhar ham tarix fakul’tetida o‘qiydi-ku, nega Mahkamdagi intilishlar unda yo‘q? To‘g‘ri, Mahkam to‘rtinchi kursda bo‘lgani uchun uning minorasidan ko‘p joylar ko‘rinadi. Lekin u o‘z minorasini bu yerga kelmasdan oldin qura boshlagan ekan-ku. Gavhar-chi? Tayyor minora bo‘lsa, chiqaman deb kelganmi? Nima deb kelgan? Nima deb?..

– Ha, Gavhar, jim bo‘lib qoldingiz?– deb Mahkam unga tikildi.

ПК3

[1] Ирригация (лотинча: irrigatio – сув қуйиш; сунъий суғориш) – сувсиз ерларга сув чиқариш, далаларни, экин майдонларини суғориш ишлари.

[2] Инженер (французча: ingenieur ёки лотинча: ingenium – туғма хислат, ақл, ижодкорлик) – техниканинг бирор соҳаси бўйича олий маълумотга эга бўлган мутахассис; муҳандис.

[3] Семестр (французча: semestre ёки лотинча: semestris – олти ойлик; ярим йиллик = sex – олти + mensis – ой) – олий ўқув юртларида ўқув йилининг ярми.

[4] Сергей Павлович Толстов (1907-1976) – археолог ва этнограф. Ўрта Осиё ва Шарқ мамлакатлари тарихи, этнография ва археологияси бўйича мутахассис.

(Сайтимизни кузатиб боринг. Давомини ўқийсиз).

Вам может также понравиться...

Ответов: 3

  1. Romanning qolgan qismlari qachon e’lon qilishadi?

  2. Romanning qolgan qismlari qachon e’lon qilinadi?

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *