Malikshoh va Nizom ul-mulk davrida siyosiy-madaniy hayot

O`zMU Tarix fakulteti 1-bosqich talabasi ijodiga xolis fikrlaringizni kutamiz.

Достон

Saljuqiylar davlati XI asrda siyosiy maydonda yirik g`alabalarga erishib, kuch-qudrat jihatidan har qaysi raqibini bemalol yenga oladigan darajada edi. Har bir davlatda ham o`z rivojlanishi davrida davlatni gullab-yashnatgan hukmdorlar, ular bilan birgalikda siyosiy maydonda ijobiy faoliyat yuritgan vazir-devonlar, ilm ahliga cheksiz tafakkur urug`ini sochgan olimu fuzalolar yashab o`tganlar. Saljuqiylarda ham ana shunday shaxslar mavjud edi. To`g`rulbek davrida ushbu davlat siyosiy chegaralarini ancha kengaytirgan bo`lsa, Alp Arslon davrida yanada o`z qudratini Osiyo maydonlarida yoya oldi.

Alp Arslon Qoraxoniylar bilan asosiy janglarga tayyorgarlik paytida Yusuf al-Xorazmiy tomonidan o`ldirildi. Ibn al-Asirning bergan ma’lumotiga ko`ra, Alp Arslon hayotlik chog`idayoq 1066-yili Eronning shimolidagi Radkon (Radakon, aynan, Nizom ul-mulk shu shaharda tavallud topgan edi) degan joyda saroy a’yonlari oldida o`g`li Malikshohni taxt vorisi deya e’lon qilgan edi. Jaloliddin Malikshoh nomi bilan taxtga o`tirgan yangi sultonning hukmronligi roppa-rosa yigirma yil davom etdi (1072-1092). Uning davri saljuqiylar hukmronligining  eng gullab-yashnagan davri bo`ldi. Malikshoh dastlabki siyosiy janglarini azaliy raqib – Qoraxoniy hukmdorlariga qarshi boshladi. Termizni egallab, Qoraxoniylarga birinchi zarbani berdi. 1089-yili Sulton Malikshoh Qoraxoniy Ahmadxonga qarshi bo`lgan guruhlarni o`z atrofida birlashtirdi va Movarounnahrga yurish qildi. Samarqand va Buxoroni egallashga muvaffaq bo`lgan Malikshoh yurishni Qoshg`ar tomonga qaratdi. Sulton Malikshoh qo`shinlari bilan Farg`onaning O`zgand shahriga yetib kelganida bu yurishning oqibatlarini yaxshi tushungan Qoshg`ar hokimi Malikshohni oliy hukmdor deya tan olgan holda o`z choparini jo`natadi.[1]

Jaloliddin Malikshoh davrida saljuqiylar davlatining chegaralari Sharqiy Turkistondan to O`rta Yer dengiziga qadar cho`zilgan edi. Shuni alohida ta’kidlash mumkinki, bu ulkan hududda barcha yerlardagi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayotni boshqarish uchun malakali mutahassislar kerak bo`lar edi. Shunday bir vaziyatda Movarounnahr va Xuroson madaniy qatlamlaridan chiqqan o`qimishli mahalliy xalq vakillarini davlat ishlariga jalb etish boshlandi. Ana shunday madaniy qatlam vakillaridan biri kelib chiqishi asli Tusdan bo`lgan Abu Ali ibn Ali ibn Is’hoq bo`lib, u deyarli 30 yil davomida (1063-1092) Alp Arslon, Malikshoh saroylarida bosh vazir lavozimida faoliyat olib borgan edi. Uning yuksak salohiyati, aqlu-zakovatiga, har bir tadbirni zukkolik bilan hal etishiga yuqori baho bergan sulton Malikshoh vaziriga “Nizom ul-mulk” (“Davlat nizomi, qonun-qoidasi”) faxriy unvonini tuhfa etdi. [2] Nizom ul-mulkning hayotiga to`xtaladigan bo`lsak, u Nishopur va Marvda o`qigan. Voyaga yetgach, Balxga borib, Ali ibn Shodon xizmatiga o`tadi. Keyinchalik u Dovud ibn Mikoilga dabir lavozimida xizmat qiladi. Alp Arslon saroyidagi xizmatlari tufayli u vazirlik darajasiga ko`tariladi. 17 yoshida taxtga chiqqan Malikshoh saroyida Nizom ul-mulk  vazirlik faoliyatini davom ettirgan holda qariyb davlatning hamma ishlarini o`zi olib borgan. Malikshoh uni o`z homiysi – otabek deb atagan.[3] Nizom ul-mulk o`zining mashhur fors tilidagi “Siyosatnoma”  (“Siyar ul-muluk”) asarini yozdi.[4] Asarda davlat boshqaruvi, siyosat tamoyillari haqida atroflicha so`z yuritilgan. Nizom ul-mulk mamlakatda yirik mulkdorlar va qabila boshliqlarining ayirmachilik (separatistik) harakatlariga qarshi kurashib, davlatni boshqarish ishlarini  markazlashtirish siyosatini amalga oshirgan. “Siyosatnoma”  da davlat boshqaruviga aloqador qariyb hamma qoida va qonunlar, usul va vositalar, qozi va qozixona ishlari, qo`shin va sarbozlar, xizmatchi va shaxsiy sarbozlar masalasi, saroydagi soqchilaru posbonlar vazifalari, ularning maoshlari, pochta va ayg`oqchilik (razvedka) ishlari, ularning moddiy jihatlari, hatto shohning oilaviy ishlari, soliq va xiroj, zakot va vaqf masalalari ham o`rin olgan.

“Siyosatnoma”  ning asosiy g`oyasi shundan iboratki, vazir Nizom ul-mulk shoh va hokimlarni adlu insofga, sulh va muruvvatga, davlatni oqilona boshqarib, qat’iy qoida va tartib o`rnatishga, amaldorlarni vijdonli, pok, halol va iymonli bo`lishga, mamlakat obodonligi, uning ahli farovonligi, tinchlik va totuvligini ta’minlash uchun harakat qilishga da’vat etishdir.U asarining asosiy qismida davlatning yer egaligi shakli “ iqto` ” ni qattiq tanqid qilgan. Sababi ushbu yer egaligi hukmron tabaqa vakillariga, yirik amaldorlar, harbiylar va boshqa xizmat ko`rsatgan shaxslarga yer in’om etish uchun juda zarur edi. Bu yer egalari esa doimo markaziy hokimyatdan qochishga, mustaqil bo`lishga intilar edilar. Bu hol tabiiyki, davlatning markazlashuviga, xalqning tinch-osoyishta yashashiga to`sqinlik qilar edi.

Davlatni markazlashtirish, o`zaro parokandalik va ayirmachilikka qarshi kurash, xo`jalik va madaniy hayotni yuksaltirish, aholi farovonligini oshirish uchun Nizom ul-mulkning hissasi anchayin baland edi.

Nizom ul-mulk  markazlashgan, qudratli davlat uchun kerak bo`ladigan amaldorlarni tedishli qonun-qoidalar asosida tarbiyalash maqsadida Bag`dod, Basra va Isfahonda “Nizomiya” nomli madrasalarni barpo ettiradi.

Vazirligi davomida u ko`p olimlar va mashhur kishilarga homiylik qilib, ularni moddiy ta’minotini o`zi ko`tardi. Mashhur olim va shoir Umar Xayyom ham Nizom ul-mulkning muruvvatidan bahramand bo`lganligi alohida e’tiborga loyiq jihat.

Malikshoh va vazir Nizom ul-mulk davlatida iqtisodiy, madaniy va siyosiy jarayonlar yaxshilangan davrda 30 yoshda bo`lgan Umar Xayyom (1040-1123) o`sha davrning taniqli astronomi edi. Uni 1074-yili Sosoniylarning shamsiy taqvimi (kalendari) ni isloh etish uchun tuzilgan guruhga rahbarlikka taklif etishadi. Umar Xayyom bu ishni muvaffaqiyatli uddalaydi, haamda hozirgi Grigoriy taqvimidanda aniq yil hisobiga ega bo`lgan kalendarni yaratadi. Bu kalendar esa Jaloliddin Malikshoh sharafiga “Jaloliy kalendari” deya nomlanadi. Bu kalendardan Eronda XIX asr o`rtalarigacha foydalanganlar. Ushbu ishlardan so`ng Umar Xayyom, devonning ilmiy va davlat ishlariga jalb etiladi. Biroq Umar Xayyom rad javobini beradi. Shunday bo`lsada, Nizom ul-mulk shoirga  1200 tuman haq berib, ilmiy va adabiy faoliyatini davom ettirish uchun sharoit yaratib beradi. 1079-yili Marv rasadxona bunyod etiladi va Umar Xayyom unga bosh mudarris sifatida tayinlanadi. Keyinroq Umar Xayyom o`zining mashhur “Navro`znoma” asarini yozib, forsiy urf-odat va an’analar to`g`risida ma’lumotlar beradi.

Nizom ul-mulkning har bir holatni aqliy teranlik bilan etishiga ushbu voqea isbot bo`la oladi. Tarixchi Mirxondning “Ravzat us-safo” asarida (4-jild, 107-bet) ushbu voqea keltiriladi: “ Bir kuni Malikshoh Nizom ul-mulkning o`g`lidan hafa bo`ladi. U sulton shahnasini tahqir qilgan emish. Vaziriga o`z odamlaridan hafa bo`lganini aytib yuboradi: “Agarda sen menga mamlakat boshqaruvida sherik bo`lsang, mayliya, biroq menga tobe bo`lsang, nimaga farzandingni qilmishlarini nazorat qilmaysan. U haddidan oshib ketibdi-ku. Xohlasam buyuraman, oldingdan davotni oladilar (ya’ni vazirlikdan tushiraman seni)”. Nizom ul-mulk unga javob beradiki, sening davlatu tojing mening davotimga bog`liq, vazirlikni mendan olsang, sendan tojingni oladilar”.[5] Nizom ul-mulkning oqilona va adolatli davlat boshqaruvi tufayli Malikshohning nomi tarixda qoldi. U adl va insofning buyuk me’mori ekanligini har tomonlama ko`rsatib bo`lgan edi.

Bu paytda bo`lg`usi olim – Muhammad G`azzoliy (1058-1111) endi ijod olamiga qadam qo`ygan, arabiynavis shoirlar Muiziy, Tantaroniy, Tug`roiy kabilar esa Malikshoh saroyi bilan Nizom ul-mulkning yordami tufayli bevosita bog`langan edilar. Nizom ul-mulk 1067-yili Bag`dodda olamga mashhur “Nizomiya” madrasasini bunyod ettiradi. Muhammad G`azzoliy o`z vaqtida ana shu madrasada tolibi ilmlarga dars beradi. Nizom ul-mulk  o`z davrining mashhur kishilaridan bo`lmish Hasan Sabohni ham saroyga jalb etadi. Ammo oradan biro z vaqt o`tgach u bilan kelisha olmay, uni saroy xizmatidan chetlatadi. Ular o`rtasida ochiqdan ochiq dushmanlik kayfiyati vujudga keladi. Hasan Saboh Misrga borib tehsil oladi va ismoiliya mazhabining targ`ibotchisiga aylanadi. Nizom ul-mulk esa bu vaqtda an’anaviylik tarafdori bo`lgan, ijtimoiy-ma’naviy hayotda ismoiliylik diniy oqimiga qarshi turgan.[6] Hasan Saboh kuch bilan Qazvin yaqinidagi Alamut qal’asini bosib oladi va Saljuqiy Malikshoh va uning vaziri Nizom ul-mulkga qarshi harakatlarni boshlaydi.

Bundan tashqari, Malikshohning o`limidan keyin uning avlodlari o`rtasida taxt uchun kurash boshlanadi. Nizom ul-mulk Malikshohning katta o`g`li Barqayoriqning taxt uchun kurashuvida madad beradi. Bu bilan Malikshohning xotini Turkonxotunning ashaddiy dushmaniga aylanadi. Davlat ishlariga ta’siri juda sezilarli bo`lgan  Turkonxotunning bevosita ishtirokida Nizom ul-mulk vazirlikdan olinib, uning o`rniga oz’ining odami – Tojumulk Abulg`anoim ibn Xusravi Firuz tayinlanadi. Vazirlik lavozimidan chetlatilgan Nizom ul-mulk ana shu kishilarning ig`volari hamda Hasan Sabohning bevosita ishtirokida hajga safarida, Bag`dodning Nahovand shahri yaqinida Abu Tohir boshchiligidagi “Alamut assasinlari” tomonidan o`ldirildi.[7] Ushbu mudhish voqea 1092-yilning 14-oktabrida sodir bo`ldi.

Malikshohdan keyin merosxo`rlar o`rtasida toj-taxt talashuvlari avjiga chiqdi. Davlat tobora inqiroz botqog`iga sho`ng`iy boshladi. Nizom ul-mulk tomonidan poytaxtga yig`ilgan ko`plab olimlar, shoirlar notinchlik va faoliyatga tahdid tufayli boshqa yurtlarga bosh olib ketdilar. Mashhur rasadxona ham yopib tashlandi. Umar Xayyom ham “Alamut assasinlari” ning ta’qibidan zo`rg`a qochib qutuldi va ona vatanini butkul tark etdi. Madaniy muhit butkul tanazzulga yuz tutdi.

Har qaysi davrda ham madaniy jihatdan rivojlangan jamiyat ijtimoiy ishlab chiqarishning yuqori pog`onalarini egallaydi. Biroq bu madaniyatni  ko`rolmaydigan johillar barcha davrlarda bo`lgan va eng yomoni ular hozirda ham mavjudligi achinarli holdir. Johil jaholat urug`ini qanchalik sochmasin madaniyat tarqatayotgan, ilmni o`rgatoyotgan insonlar bu urug`larni yanchib tashlash uchun ularda ham kattaroq kuchga ega bo`ladilar. Ana shunday insonlar yashab o`tgan davr haqida va ularning hayotiy faoliyatlari to`g`risida doimo yaxshilik bilan eslanadi. Bugungi yoshlar esa ularning  xizmatlari uchun doimo minnatdorlik hissini unutmaydilar.

Dostonjon Tojiyev,

O`zMU Tarix fakulteti 1- bosqich talabasi.

____________________________________________________

[1] Эшов Б.Ж, Одилов А.А. ЎЗБЕКИСТОН ТАРИXИ I – жилд  (Олий ўқув юртлари талабалари учун дарслик) (Энг қадимги даврдан ХIХ аср ўрталаригача) Тошкент-2013

 

[2] Эшов Б.Ж, Одилов А.А. ЎЗБЕКИСТОН ТАРИXИ I – жилд  (Олий ўқув юртлари талабалари учун дарслик) (Энг қадимги даврдан ХIХ аср ўрталаригача) Тошкент-2013

[3] Wikipedia, ochiq ensiklopediya.

[4] Nizom ul-mulkning “Siyosayatnoma” asari 1997-yili o’zbek tiliga tarjima qilingan

[5] www.e-tarix.uz

[6] Nizom ul-mulk tomonidan olib borilayotgan siyosiy yo’l ma’lum davlat amaldorlariga maqbul emas edi. Turli fitna-fasodlar bois Nizom ul-mulk 1092-yili iste’foga chiqib, hajga yo’l olgan paytida ismoiliy josus tomonidan o’ldirildi.

 

[7] www.e-tarix.uz

Вам может также понравиться...

Ответов: 9

  1. qoyil kursdoshim maqolangizga tan berdim. yaxshi yozibsiz. tarixni qancha o’rgansak shuncha oz. ishlarizga omad tilab qolaman

  2. maqola umuman olib qaraganda yomon emas. Sababi unda keltirilgan fikrlar voqelikni anchayin keng qamrov bilan o’rab olgan.Saljuqiylar davlati tarixi bilan bir qadar qiziqib ham qoldim ushbu maqolani o’qib. tnaqidiy fikr aytishdan yiroqman, shunchaki omad tilayman ijodkorga

  3. Faqat bitta savolim bor. Malikshoh hukmronligi davri madaniy hayotining yoki ijtimoiy iqtisodiy hayotining yuksalishiga nima turtki bolgan?

  4. Savol uchun avvalo rahmat, javobim quyidagicha: Malikshoh davrida iqtisodiy hayotning o’shiga turtki bo’lgan holat bu davlatning siyosiy barqarorligi edi. Bosh vazirning siyosat va madaniyat ishlarini rivojiga birdek hissa qo’shganligi ham yuksalishning bosh omili bo’ldi.

  5. MALADES JUDAYAM ZUR TARIX BUYICHA KUP YOZASIZ SIZNI KUZATIB TURAMAN. XOTIRA XAQIDAGI MAQOLANGIZGA KUZIMDAN YOSH CHIQQANDI. IJODEZNI QADRLEMAN. BUNDAN KEYINGI ISHLARENGIZGA OMAD TILEMAN. YANA MAQOLALAR KUTIB QOLAMAN DEB ZIROAT

  6. umuman olib qaraganda maqola juziy kamchiliklardan holi. Menga maqola yoqdi. Sababi o’zim ham tarixga qiziqaman va ijtimoiy fanlar yo’nalishida o’qiyman. Tarixchi odam jurnalistik faoliyatni ham bemalol bajarsa bo’lar ekan.

  7. yaxshi maqola. chunki tarixda o’qiydiganlar uchun yaxshi qo’llanma bo’ladi. Tarixiy xotirasiz kelajak yo’q. omad va omad man ham maqola yozishga qiziqib qoldim

  8. Yaxshi mavzu tanlabsiz. Chuqur mohiyatga ega ekan. Hayotiy jihatlar ham bir qadar qamrab olingan. Mavzuga doir ilmiy ishlarizni yana ham davom ettirishez uchun omad tilayman.

  9. maqola mohiyatan yaxshi yozilgan.ijodiy yondashuv menga ma’qul bo’ldi.

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *