Ayol umri
Talabalar ijodidan
AYOL UMRI
Ba’zi farzandlar ota-onalari oldidagi
burchlarini unutib qo‘yadilar
Qoshi kamon, lablari g‘uncha
Osmondagi oyga o‘xshaydi.
Uyqu bilmay tonglar otguncha
Farzandim deb yonib yashaydi.
Alla aytib tonglari otar
Ayol umri shundayin o‘tar.
Murg‘ak bola ulg‘aydi mana
Ishga shoshar turib tong sahar
Demas, “Bir duo qiling, ona”
Bu farzandlik burchi-ku axir.
Ostonada bolasin kutar
Ayol umri shundayin o‘tar.
O‘sha jondan aziz farzandi
Bir kun bo‘lar umriga egov
Uni tashlab ketgan dilbandi
Tushiga ham kirsa keragov
Ko‘zlarida yoshlari qotar
Ayol umri shundayin o‘tar.
Tunlar keksa onaizorga
Sirdosh bo‘lar ko‘kdagi hilol
Bir onaning ko‘nglini olmoq
To‘rt farzandga keldimi malol.
Bor alamin ichiga yutar
Ayol umri shundayin o‘tar.
Qarilikning azobi qursin
Kampir bo‘ldi keraksiz buyum
Sho‘rlik boshin qayerga ursin
Mehr kutub yig‘laydi yum-yum,
Armon bilan quyoshi botar
Ayol umri shundayin o‘tar.
OTA-ONAMGA SO‘ZIM
Ota, egilmaydi meni meni deb boshing
Seni qoldirmasman malomatlarga.
Bugun yetolmasak, ozroq sabr qil
Ertaga yetamiz saodatlarga.
Ona, nigohlaring mayusmi yana
Men sabab dilingga yetdimi ozor.
Og‘rinsam, boshimda bo‘lib parvona
Kammidi tunlarining o‘tgani bedor
Ota, parvo qilma g‘iybatlarga hech
Qizing g‘ururingni toptab o‘tmaydi
Hali o‘gitlaring unutganim yo‘q
Ular xotiramdan o‘chib ketmaydi.
Ona, xavotirlar ezmasin ko‘ngling
Biz uchun baxtiyor kunlar keladi,
Sen kabi nomusli, pokiza qizing
Boshqalar bilmasa Xudo biladi.
Ota, yog‘dirdilar sha’nimga bo‘xton
Mayli, bugun menda yuzim bursinlar.
Oq libos kiyaman pok vijdon bilan,
O‘sha kun kelganda meni ko‘rsinlar.
Ona, quvonchlarga to‘lasan sen ham
Ko‘rib farzandlaring yetgan baxtini
Ko‘rasan, dunyodan so‘rab olaman
Ko‘zlaringdan oqqan yoshlar haqqini.
Ota, nega buncha ozurda ko‘ngling
Boshginangga bitgan sitammanmi men?
Axir meni deya ko‘p azob ko‘rding
Shularni unutsam, odammanmi men?
Ona, yuragingni biroz kengroq qil,
G‘amlaring baxtlarga do‘nadi bir kun
Otam omon bo‘lsin, sen ham omon bo‘l
Shodumon kunlarni ko‘rmoqlik uchun.
Biling, azizlarim, qadrdonlarim
Sizlarni qo‘ymasman malomatlarga
Ozroq sabr qiling, bugun yetmasak,
Ertaga yetamiz saodatlarga.
ONAJONIM
Bu she’r onamning tilidan yozilgan. Marhuma buvijonimning xotirasiga bag‘ishlanadi.
Xazonga to‘lmasdan bog‘larim
Yaratganga yetib ohlarim
Siz yig‘latib ketgan bu yarim
Ko‘nglim uchun qayting, onajon!
Sizni kutar bir suluv dildor
Vaslingizga u ham intizor
Onam deb aytolmagan bir bor
Singlim uchun qayting, onajon!
Kelin bo‘ldi mening Dinoram
Sizsiz o‘tdi to‘y, kelin salom,
Mayli ostonamdan bo‘lsa ham
Salom olib keting, onajon!
Mehringizga to‘ymagan uchqun,
Alp yigitlar safida bugun
Shu zabardast o‘g‘lingiz uchun
Suluv kelin toping, onajon!
Mayli ona, kelmasangiz ham,
Yonimizda turmasangiz ham,
Mayli uyga kirmasangiz ham,
Ko‘chamdan bir o‘ting, onajon!
Sizni sog‘inadi yuragim,
Zo‘rg‘a ovunadi yuragim,
Endi sizga yolg‘iz tilagim.
Qabrda tinch yoting, onajon!
Elmira XUDОYOROVA,
O’zMU Xorijiy filologiya fakulteti 1- kurs talabasi
Сўнгги фикрлар