Kech porlagan yulduz

Hayot-bamisli shaxmat doskasi. Unda oq kataklar bo’lishi bilan bir qatorda,

qora kataklar ham bo’ladi. Inson umri davomida goh qora, goh oq kataklar og’ushida qoladi.

1

Oq kataklarda uni qo’llab quvvatlaydigan ko’plab do’stlariyu, yoronlari bo’lsa, yomon kunida esa atigi ota-onasi, chin yori, agar bo’lsa birgina sodiq do’sti qoladi. Dunyoda bizni faqat borligimiz uchun yaxshi ko’radigan, yomon kunimizda ham yaxshi kunimizda ham yonimizda tura oladigan, har qanday vaziyatda ham bizni qo’llab turadigan faqat va faqat ota-onalarimizdir. Lekin biz ota-onalarimiz oldidagi burchni bajarib bilyapmizmi?

Bu savolga menimcha ko’pchilik yoq deb javob beradi. Sababi, onamizga va otamizga qancha qilsak ham shuncha oz. Shu o’rinda yaqin orada o’zim guvohi bo’lgan bir voqea esimga tushdi. Mahallamizda bir onaizor to`rt farzandi bo’lishiga qaramay, yolg’iz yashar edi. Uning uch qizi va bitta-yu bitta arzanda o’g’li bo’lardi. Bechora ona bolalarim otasiz bo’lsa ham hech kimdan kam bo’lmasin deb ikki-uch joyda ishlab, bolalarini o’qitdi. Oradan vaqtlar o’tgan, hamma qizlar turmush qurishib oilali bo’lib ketishgan, o’g’il esa Germaniyada o’qib o’sha yoqda oila qurgandi.

Oyim har kun bir kosa ovqat berib, bor buvingga olib chiqib ber derdilar. Men ham xursand bo’lib buvimning uylari tomon chopardim. Shunda u kishi bilan uzoqdan uzoq suhbat qurardik. Menga » Bolam sendan iltimos agar men o’lsam sandiqda bir xat bor, shuni bolalarimga berib qoy» derdilar. Yo`q buvijon, siz hali nabiralaringizni, qolaversa, meni to’yimda bosh bo’lishingiz kerak deb aytardim. Har kun, har borganimda onangni ehtiyot qil, mayli unga bitta gul berma lekin shirin so’zsiz qoldirma deb nasihat qilardilar. Oylar o’tardi, nokas farzandlar ishlarini bahona qilib volidalaridan xabar olishmas, oxirgi paytlarda esa hatto qo’ng’iroq ham qilishmas, onalari qo’ng’iroq qilganida bandligini aytib tez o’chirib qo’yishardi.

Kunlardan bir kun, oyim bergan ovqatni olib buvimning uylariga chiqdim. Buvim betob bo’lib qolibdilar, va mening qo’limga nafaqalaridan to’plagan pullarini berdilar. “Bolam iltimos o’lsam o’ligim ko’milmay qolib ketmasin, shu pullarni sarflab bir amallab chiqaringlar”- dedilar. Shu zahoti yig’laguncha uyga yugurdim.

Oyimga hammasini aytib berdim. Oyim jahl qilib qizlariga qo’ng’iroq qildilar, afsuski, biror bir tirik jon javob bermadi. Shifokorni chaqirdik, ammo shifokor kelishga ham ulgurmay, buvim omonatlarini topshirdilar. Yomon xabar tez tarqaladi deyishardi, o’sha payt haqiqatligini sezdim. Bir zumda uyda tumonat odam to’plandi. Birin-ketin onaning qizlari ham kela boshlashdi.

Men esa hammalarining yig’ilishlarini kutdim. Afsus, o’g’li yetib kelaolmadi. Qizlar yig’ilishgach, buvim aytgan sandiqdagi xatni olib ularga berdim. Xatda ushbu misralar yozilgandi:

«BOLALARIM KO’ZLARIMNING OQ-U QORALARI , SHU KUNNI- HAMMALARINGIZ MENI KO’RISHGA KELISHINGIZNI QANCHA KUTDIM. KO’ZLARIM TUN-U KUN YO’LINGIZGA PARVONA BO’LDI. BILMADIM, BILMADIM NE AYBIM UCHUN MENI OLLOH YOLG’IZLIK KABI OG’IR BIR CHOG’GA TASHLADI. ONA UCHUN BOLASINI DIYDORIDANDA YAXSHIROQ BAXT YO’Q MENIMCHA. OLLOH MENI SHU BAXTDAN MOSUVO QILDI. QIZLARIM, ILTIMOS SO’NGI BOR YUZLARIMDAN BIR BOR O’PING, TAFTINGIZDAN MUZDEK TANIM BIROZ ILISIN, SOCHLARIMNI YAXSHILAB

O’RAB QOYING, DADANGIZNING HUZURIGA CHIROYLI BO’LIB BORAY.

BOLAJONIM, YAKKAYU YAGONA O’G’LIM, TOBUTIMGA O’ZING CHIQAR O’SHA JAJJI QO’LLARING HARORATINI YANA BIR BOR HIS QILAY. SENI VA OPALARINGNI KELISHINGIZNI KUTIB OCHIQ QOLGAN KO’ZLARIMNI O’ZING YUMIB QO`Y, BOLAM. SIZLARNI JONIMDAN HAM ORTIQ YAXSHI KO’RАMAN. ENDI DIYDOR QIYOMATGA QOLDI, JONIMNING PARCHALARI. MEN SIZLARDAN MINGDAN MING ROZIMAN, ILTIMOS SIZ HAM MENDAN

ROZI BO’LING!”- deb yozilgandi. O’sha paytda qizlarning muzlagan yuraklari eridi, onalarini endi ko’ra olmasliklarini o’ylab, qattiq og’rindilar. Onani mahkam quchib, o’ksib-o’ksib yig’lar edilar. Lekin, lekin endi kech. Ketgan poyezdni orqaga qaytarib bo’lmaydi. Onaizorni dafn qilishdi. Ammo, yemay yedirib, kiymay kiydirgan yer-u ko’kka ishonmagan o’g’li kelmadi.

Onamiz uchun ortiqcha narsa kerak emas. Shunchaki birgina shirin so’zning o’zi kifoya. Ular bizga g’animat mehmon. Bugun bor ertaga esa yo`q.

 

Mo`mina Istamova,

O`z MU Jurfak 1-bosqich talabasi

Вам может также понравиться...

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *