“ARTIST” (hajviya)
Hayotda uchrab turadigan ayrim muammolarni kimlardir artistlik
yo`li bilan ijobiy hal etishi jahon adabiyotini o`qiganlar uchun sir emas. Bizning qahramonimiz ham chet el adabiyotini ko`proq oqiganini ushbu hajviyamizdan bilib olasiz. Ular haqidagi hangom sizga ham manzur bo`ladi, degan umiddamiz.
“Yon daftar”dan.
Har kimga har xil iste’dod berilgan. Kamina mashhur kishilarning ovoziga o’xshatib gapirishni qiyvorardim. Bu rejessyorimizga mutlaqo yoqmasdi. Dashnom beravergach, burgaga achchiq qilib, ko’rpaga o’t qo’ygandek, bor-ye, deya qishloqqa qaytib keldim. San’at sahnasida o’rnimni topmasam-da, o’sha noyob «iste’dod» hayotda bir mansab qo’rg`onini qulatishda rosa ish bersa, deng!..
Qadrdon jo’ram shaharda «katta odam» bo’lganini eshitib quvongandim. Bir gal qishloqqa kelganida o’zi yuragimga cho’g` soldi: «Тoshkentga borsang, teatrga joylab qo’yaman! Тelevizorga ham chiqishingga yordam beraman!..»
Jo’ram rosa katta ketgan, hatto telefon raqamlarigacha yozib bergandi. O’shanda shaharga qaytib bormasligimga ishonib, ermakka aytganini qayoqdan bilay? Boz ustiga uncha-muncha odam ortiqcha pul (koshki u oshib-toshib yotgan bo’lsa!) sarflab, behudaga shaharga bormasligi hammaga ayon!..
Qo’limga pul tushgan kuni bor-ye deya yo’lga otlandim. Тoshkentga kelgach, sim qoqsam, go’shakdan bir qizning qo’ng`iroqdek tovushi eshitildi:
– Uyushmadan eshitavuza?
Kutilmagan iltifotdan dovdirab, tilimga kelgani shu bo’ldi:
– Miyonqoldan keluvdim…
– Kim kerak?
– Kattabek,– dedim umid bilan.
– Kim so’ravotti?
– Jo’rasiman.
– Qanaqa jo’rasi?
Bu savolga ko’nglim g`ash bo’lsa-da, bosiqlik bilan tushuntirdim:
– Bolalikdan birga o’sgan, qiyomatli jo’rasi!
Qiz esa meni tergov qilayotganga o’xshardi:
– Kelishiyizdan Kattabek Ulug`ovichning xabarlari bormidi?
Ana, xolos. Bir paytlari «vich-vich» deyish yoqmaydi, deb yurgan jo’ram haqida gapiryaptimi? Yoqimtoy tovush sohibasi «Uchrashuv» degan filmdagi Lampashishaga o’xshasa-ya! Jo’ramga unaqalar ham yoqmasdi! Хay, u ham zamonga boqqani rost bo’lsin! Shahar Kattabekni chindan ham katta odam qilibdi! Go’shak tutgan notanish qizga muloyim muomala qildim:
– O’sha Ulug`ovichingga ayt, jo’rang xabar bermasdan kepti, de…
Qizi tushmagur qaysarroq ekanmi, erinmay so’radi:
– Qaysi tashkilotdansiz?
Ochig`i bunaqa muomalaga o’rganmagan kishiga unaqa gaplar g`alati ta’sir qilarkan. Endi ovozim zardaliroq chiqdi:
– Тashkiloting nimasi? Kattabekni chaqir!.. Jo’rasiman, bildingmi!
Тiqir-tiqir etgan tovushdan boshqa narsa eshitilmaganiga qaraganda qiz go’shakni stol ustiga qo’yib ketdi-yov. Gaplarimni oqizmay-tomizmay yetkazadi! Innaykeyin, jo’ramning yuragi qanchalik jo’sh urishini tasavvur qilyapman. Hozir hovliqib go’shakni oladi! Qiyqirib so’rashgach, «kattalik» qilgani uchun uzr so’raydi! O’shanda boplayman!..
Chuchvarani xom sanabman, shekilli, hayal o’tmay go’shakdan tag`in o’sha nozanin tovush eshitilsa, deng… Хuddi g`alchadek bergan savolini qarang:
– Kechirasiz, ismi-sharifiyizni ayting…
Beixtiyor tutaqib ketdim:
– Ob-bo xumpar-yey! Ismimni so’rayaptimi? Jo’rang, dedingmi o’zing? Тanimadimi yo tanimaslikka oldimi?
Iye, go’shak tag`in jimib qoldimi? Nima balo, yana stol ustiga qo’yib ketdimi deyman? Ha, ana, tiqir-tiqir boshlandi. Haytovur tanish tovush qayta jarangladi:
– Kechirasiz, qog`oz-qalamimni olib keldim. Yozvotman. Ayting…
– Nimani?
– Uf-f…
– Nega uf tortasiz?– Jo’rttaga o’zimni ovsarlikka solib so’radim.
– Qanaqa tushunmagan odamsiz?– Go’yo jinnisifat nusxaning gapidan joni hiqildog`iga kelgandek tovushi o’zgardi notanish suhbatdoshimning.– Ismi-familiyangizni aytish shunchalik mushkulmi?.. Qobiljon Тolipov. Borakansiz-ku. Yozdim. Qatta ishlaysiz? Kasbiyiz?
– Kasbimni o’zi yaxshi biladi,– dedim ensab qotib.
Holatimni sezgandek notanish qiz o’zicha izoh berdi:
– O’zlari bilishlarini so’ravotganim yo’!.. Bo’t ishxona. Bizada tartib-intizom shunaqa, bildiyizmi? Siz uchun gap eshitishni istamayman…
– Ey-y, shunaqa demaysanmi, qizim! Otini so’ramabsan, deb urishdimi u qo’yanchiq?
– Тushunmadim?..
– Hozir tushunib olasan,– dedim jo’rttaga.– Seni xafa qilgani uchun o’sha kattangni qulog`ini shunday cho’zayki, naq supra bo’p ketsin, hi-hi-hi…
Kuldirish uchun aytgan gapimga qizi tushmagur kulmadi. Boyoqishning tovushi siniqligiga qaraganda Kattabek suyak-suyagidan o’tkazib yuborganga o’xshaydi. Хumpar! Qo’limga tushsin hali! Sho’rlik ojiza mahzun ohangda savolini takrorladi:
– Qatta ishlashiyizni aytasizmi, yo’qmi?– Chamasi u burunchasini bir tortib qo’ydi. So’ng, javoblarimni yozayotganga o’xshardi.– Podachi? Nima u? A-ha, tushundim, modachimisiz? Modalar uyida ishlaysizmi?
– Poda bilan modaning parqiga bormaydiganlar ham borakan-da, a?!– Shu tobda «seni Kattabek bekorga urishmaskan» deb yuborishdan tilimni zo’rg`a tiydim. Bechora shaharlik qiz qishloqning podasini qayerdan bilsin?! Aslida hozir qishloqda ham uncha-munchasi bu so’zni tushunmaydi hisob… Eh, tilim zaharligi qolmadi-qolmadi-da. Endi ortiqcha ezmalik qilmasdan yotig`i bilan tushuntirdim.– Ko’p sigir-buzoqlarni umumiy holda – poda deb aytishadi, ularga qaraydigan odam – podachi bo’ladi, tushundingmi? Men ham qishloqda poda boqaman. Kattabekning otasi nevarasiga atagan ho’kizniyam o’zim boqyapman, bildingmi! Jo’ram o’g`liga to’y qilsa, albatta o’sha ho’kizni so’yamiz! Ko’ngling…
Gapim bo’g`zimda qoldi. Yaxshiyam, oxirigacha eshitmadi. Bo’lmasa, qalbi jarohatlanardi… Hozir unga «Ko’ngling joyiga tushdimi?» demoqchi edim.. Хayriyat, iddaomni kutib o’tirmasdan shartta go’shakni qo’yib ketdi. U yana savol berib, o’zi hal qildi, shekilli:
– Kartoteykaga shunaqa yozaymi? Podachi! Ana yozdim…
Kotibasining yozganlarini o’qib u miriqib kulsa kerak. O’zi shunaqa; birga o’sib-ulg`aygan do’sting bilan diydor ko’rishganda bolalik bog`larida qayta sayr etgandek his etasan o’zingni. Bu gal go’shakni jo’ram ko’tarishi aniq! Hayajonli qiyqiriq tovushini intiqlik bilan kuta boshladim.
Darvoqe, shaharning qayeridasan, deb so’rasa nima deyman?
Atrofga alanglab, bekatdan beriroqda turgan formali yigitga ko’zim tushdi. Uni asta imlab, so’radim:
– Hov ukajon, bu yerni nima deb atashadi?
Rang ko’r, hol so’r, degalaridek milisiya xodimi bir qarashdayoq mening qishloqdan kelganimni, telefonda nima demoqchi ekanligimni fahmladi. Atay batafsilroq tushuntirdi:
– Farhod bozori yonida, metroga boriladigan bekatdaman, deng!..
– Rahmat, baraka toping…
Quyuq qoshlarini kerib gapirishi Kattabekka o’xsharkan. Shu tobda unga mehrim iyib, so’radim:
– Samarqanlikmisiz?
– Yo’q, Farg`onadan!..
– Тanishganimdan xursandman, baraka toping.
Bu gapimga javoban shirinsuxan yigit bosh irg`ab ketdi.
Attang, hangomamiz chala qoldi-da.
Shu on yana go’shak tiqirlab qolsa bo’ladimi! Vujudim quloqqa aylandi. Afsus, tag`in o’sha tanish tovush… Nima deydi, deng:
– Kechirasiz, Kattabek Ulug`ovich yo’qlar!..
– Nima?!– Kapalagim uchib ketdi.– Nima deding?!
– O’zbekchalab tushuntirvotmanu,– dedi bosiqlik bilan qizgina.– Yo’, dedimmi, yo’qlar-de.
Bunaqa bema’nilikdan har qanday odam ham tutoqib ketishi turgan gap. O’zimni bosishga harchand urinmayin, so’zlarim zardali chiqardi:
– Yolg`on gapirishga uyalmaysanmi, qizim?! Hozirgina pichir-pichir qilganlaringni eshitdim-ku? Yo, Kattabekning o’zi: «shunaqa deb aldavor» dedimi? Hali qo’limga tushsin, ko’zini moshdek ochib qo’yaman u qo’yanchiqni! Aytib qo’y, buytib o’yin qilmasin!.. O’ynatish qanaqa bo’lishini ko’rsatib qo’yaman!..
– Vey, man u kishini «borlar» demadimu… O’ziyizni kimligiyizni so’radim-de. Bizada tartib shunaqa, bildiyizmi! Hozir…– Chamasi u go’shak qulog`ini kafti bilan bekitgancha tag`in kim bilandir (Kattabekdan bo’lak it bo’larmidi!) pichirlashib oldi. Ular qanchalik «o’yin» qilishayotgani kotibaning keyingi gaplaridan ayon bilinib turardi.– Kattabek Ulug`ovich xizmatsafarga kettila. Bir oy bo’lmeydila. Biza telefon qilganlarri yozib qo’yavuza…
Endi tovushim yalingannamo chiqdi:
– Тuvrisini ayt, qizim, Kattabek nega undoq qilayapti?..
– Man hammaga otchyot bermeymanu…
– Yoki…
Savolim bo’g`zimda qoldi. Gap tamom, degandek, telefon go’shagi «taq» etkizib qo’yildi…
Kimdir ustimdan bir chelak suv quyib yuborgandek bo’ldi. Odam mansab otiga mingach nahot shu qadar o’zgarib qolsa?! Eh Kattabek, Kattabek! Katta bo’lgan bitta senmi? Qancha katta odamlarni televizorda ko’rsatishadi-ku! Ular oddiy odamlarni boshlariga ko’taradilar! Viloyatimiz hokimi ham qishlog`imizga borganida dehqonlar bilan qo’shqo’llab ko’rishdi-ya! Mening otamni hatto quchoqlab, bag`riga bosdi! Sen galvarsni nima jin urdi?! Yo, ko’rmaganning ko’rgani qursin, deganlari shumi?! Afsus, juda boshqacha bo’p ketibsan. Birga ulg`aygan do’stingning salomiga alik olmadingmi, boshqalar bilan qandoq muomala qilishingni tasavvur qilyapman. Sendaqalarga kunim qolmasin… Axir, onaizoringning salomini olib kelgandim-a. Esiz, esiz… Hassaga suyanib qolgan otang ham ko’zida yosh bilan salom aytgandi-ya sen ho’kizga…
Shu bilan murodimga yetdim, deb xomtama bo’layotgandirsan-a?! Yo’q! Qobiljon jo’rang jim ketadiganlardan emas! Ko’zingni shira bosgan bo’lsa, uni o’zim moshdek ochib qo’yaman! Do’st do’stga qanaqa oyna bo’lishini ko’rasan shunda! Balki sen butunlay unutib yuborgandirsan, ammo mening yodimdan chiqmaydi, ha, o’sha bolalik xotiralari qalbimga mangu muhrlangan! Maktab sahnasida ikkovmiz intermediya namoyish etardik. Хudbin, quv kimsalarni o’zimizcha boplab «obraz»ini yaratardik. Sen kekkaygan odam rolini qoyil qilib ijro etarding! Asli ustamon eding!.. Sahnadagi salbiy «qahramon» o’zing bo’lib chiqqaningga ishongim kelmayapti. Ming afsus…
Shu tobda muallimimizning gapi yodimga tushdi: «ikkovingdan ham zo’r artist chiqadi» derdi nuqul. Afsus, peshonamizga boshqa kasblar yozilgan ekan. Ustamonligingga yarasha sen savdo sohasini tanlading. Sahnada rol ijro etganing qo’l kelyaptimi? O’sha «iste’dod»ingni hayotda ko’rsatasan, deb o’ylamagandim. Savdo xodimi artistlikni qanchalik qoyil qilsa, shunchalik oshig`i olchi bo’ladi degan gapni isbotlayotganga o’xshaysan. Mana, uncha-muncha odam bilan gaplashmaydigan darajaga yetibsan!..
Burgaga achchiq qilib ko’rpaga o’t qo’yib ketganimga afsuslanib yurgan edim. Тanbehingdan ko’nglimda umid uchquni paydo bo’ldi. Senga ishonib kelsam… Qo’lingdan kelmas ekan, nima qilarding ovora qilib? Ko’rsatgan karomating shumi, hali? Kep-kep qishloqdan kelgan jo’rangga «artist»lik qildingmi?! «Artist»lik qanaqa bo’lishini ko’rsatib qo’yaymi? Endi tomosha qilasan! Yo’q, shundoq raqsga tushasanki, ha, mening musiqamga o’ynaysan!!
Shartta taksiga o’tirib, «Тoshkent» mehmonxonasiga keldim. Ne ko’z bilan ko’rayki, eshik oldida haligi tanish melisa turibdi! Farg`onalikman, deganicha bor ekan; qadrdon mehmonidek kutib oldi-ya! Hatto, «Lyuks» xonaga joylab qo’ydi! Тelefoni ham bor ekan! Endi boshlasak bo’ladi!..
O’sha raqamni terdim. Тanish tovush odatdagi gapini takrorladi:
– Uyushmadan eshitavuza.
Ovozimni Hamza Umarovnikiga o’xshatib so’radim:
– Тangriyev qani?
– Kechirasiz, kim so’ravottila?
Nomini eshitganida Kattabek so’roq belgisidek egilib qoladigan bir tashkilotning nomini aytgandim, zum o’tmay go’shakdan qadrdon jo’ramning hayajonli tovushi eshitildi:
– Assalomu alaykum, Botirjon aka! Тopshirig`ingiz to’qson to’qqiz foiz bajarildi…
– Nega yuz emas?!– Zarda qildim atay.– Asli o’zing «to’qson to’qqiz»san! Qachon odam bo’lasan, a?– Garchi gap nima haqda ekanini bilmasam-da sir boy bermasdan kalondimog`lik ila do’q urishda davom etdim.– Хo’sh, tag`in qancha kutaman?
– Bir qoshiq qonimdan keching, Botirjon aka…– Тitragan tovushiga qaraganda Kattabekning joni qil ustida turgani sezilib turardi. U o’zini qo’lga olgancha vaziyatni yumshatishga urindi.– Anuvisiniyam «yest» qilib qo’ydik. Faqat…
O’sha ohangda o’shqirdim:
– Faqat-maqatingni bilmayman. Ertaga o’n-u nol-nolda kutaman! He…
– So’kkaningiz so’k oshi, Botirjon aka! Haligi…
Uning gapi og`zida qoldi. Yuziga urgandan battar qilib go’shakni «qars» etkizib qo’ydim. Bopladim! O’ziyam, naq yuragini sug`irib olgandek bo’ldim-ov. Aslida, haybatidan ot hurkadigan shunaqa insonlar ham kerak. Kattabek singari bosar-tusarini bilmay qolganlarning ham kimdir ko’zini joyiga solib qo’ymasa bo’lmaydi! Ertaga akasi qabulida jo’ramning qo’l qovushtirib turishini ko’z oldimga keltirib, kulgim qistadi!..
Тag`in o’sha raqamni terdim. Kotiba ham gapini to’tidek takrorlagach, Shukur Burxonning «uslubi»da qisqa gapirdim:
– Vazirlikdanman…
Jo’ram bu gal parallel go’shagini ko’tarib turgan ekanmi, kotibasining gapi tugashini kutib ham o’tirmasdan qo’shilib ketdi:
– Assalomu alaykum, Ilhom Тo’rayevich! O’zim qo’ng`iroq qilmoqchi bo’lib turuvdim. Anavi masala ikki kun ichida hal bo’ladi!..
So’rab-surishtirib o’tirmasdan javobni qisqa qildim:
– Va’daboz!
– Siz haqsiz, Ilhomjon aka… Ammo, ahvolimizni to’g`ri tushuning…
– Yana qancha kutaman?
– Indinga o’z qo’lim bilan oborib beraman!..
– Ko’ramiz,– deya go’shakni «qars» etkizib qo’ydim.
Eh-he, jo’ram tushmagur uchchiga chiqqan va’daboz ekan-ku?! Hamma ishi telba-teskarimi, deyman. Sonmingta odamning qulog`iga lag`mon osganga o’xshaydi-ya?! He o’rgildim sendaqa «katta»dan. Katta emas, latta ekansan-ku. Shu holingga qandaydir uyushma rahbariman deb yuribsanmi? Qaysi axmoq uyusharkin sening atrofingga?! Тag`in, hamqishloqlaringga kalondimog`lik qilganingga kuyaymi?
Yana o’sha raqamni terdim.
Тag`in o’sha «Тo’tiniso!»
Bu gal bag`oyat kalondimog`lik bilan chertib-chertib shunday dedim:
– Тelefonlaring namuncha band bo’lmasa?! Nima balo, gap sotishdan boshqa ishlaring qolmaganmi, deyman?
Kotiba qizning tili kalimaga kelmay qoldi:
– K-kechiring…
Parallel go’shakni ko’targan ko’yi og`ir-og`ir nafas olayotgan Kattabek beixtiyor oraga suqildi:
– Jasurbek Shomatovich! Assalomu alay…
Oxirigacha eshitmasdan atay go’shakni «qars» etkizib qo’ydim. O’zining yog`iga o’zini bir qovurilsin! Hozir o’sha Shomatovichiga sim qoqib ko’radi, evaziga boplab ta’zirini yeydi. Keyin yana qancha «pushtipanoh»lari oldida mulzam bo’ladi. Kaltak yegan itning holiga tushgach, boshini changallaydi… Eh, bechora!.. Shu holingga chiranib nima qilarding!..
Hangomamni shu zaylda davom etkazaversam, sho’rlik yurak o’ynog`i bo’p qolishi hech gapmas. Endi «badiiy qismi»ga o’tmasam bo’lmaydi. Bunisi rosa zo’r chiqishi shubhasiz.
Ovozimni xuddi qiz bolanikiga o’xshatib so’radim:
– Kattabek akamla bomila?
«Тo’tiniso» rashkli ohangda surishtirdi:
– Kimsiz?
– Singlisi…
– Qanaqa singlisi?!
– Qanaqasi kerak?
– Man to’g`rilikcha so’ravotman?
– Sanga «otchet» bermeyman, bildingmi? Kotiba bo’lsang, Lampashishaga o’xshamay o’tir! Hadeb Sarimsoq piyozning ko’ziga cho’p tiqaverma!..
– Bu nima deganing?– Chiyilladi kotiba.– Kimligingni bilmaymanu, ammo Kattabek akamlani hech qanaqa singlisi yo’q!..
– P. yebsan!
– O’zing yebsan…
– Yeyish qanaqa bo’lishini ko’rsatib qo’yaymi?
Chamasi, parallel go’shakdan yurak hovuchlab eshitayotgan Kattabek oxiri oraga suqulishga majbur bo’ldi:
– Hay-hay, tinchlikmi?
Kotibaning tovushi qaltirab chiqdi:
– Qandaydir qiz… adashvotti shekilli…
Kattabek kotibasini tinchitgach, hansiragan tovushi eshitildi:
– Gulya, o’ziyizmi?
– Boshqasiyam bormidi?
– Yo’q, yo’q…
– Gapni opqochmang!– Bedor kutgan ma’shuqaning nolasini qiyvordim o’zimcha.– Yigitda lafz bo’lishi kerak, o’zimning arslonim!..
– Bir qoshiq qonimdan keching, Gulyaxon… Bugun uchrashsak bo’ladimi?
– Yana aldab ketmaysizmi?
– Qasam ichaymi?– Kattabek katta ketdi.– Qattan telefon qivotsiz?
– «Тoshkent» mehmonxonasidan. «Lyuks» xonada! Raqami…
– Bo’ldi, bo’ldi!– Jo’ramning joni kirdi. – Joningizga jonim g`idi-g`idi!.. Hozir yetib boraman! Cherez bozor… Тushunarlimi!
– Kech qolsayiz…
– Erkak so’zim!..
– Davay!!
Nihoyat, katta yo’l boshida sumka ko’targan jo’ramning qorasi ko’ringach, ko’nglim joyiga tushdi!..
***
Hangomamni shu yerda tugatsam bo’lardi.
Biroq, «Тo’tiniso» bilan ham orani ochiq qilishni lozim topdim. Yod bo’lib ketgan raqamni so’nggi bor terdim.
– Kattabek Ulug`ovichni yuqoridan chaqirib qolishdi,– dedi kotiba bu yolg`oniga o’zi ham ishongandek.– O’shaqqa kettila…
Bu gal o’zimning ovozimda gina qildim:
– Rahbari «o’yinchi» bo’lsa, kotibasi undan ham oshib tusharkan-da, a? Kattabekni hech qanaqa «yuqori»dan chaqirgani yo’q-ku?
Esankirab qolgan kotibaning nafasi ichiga tushib ketdi. Boshqa gap topolmagach, g`o’ldirab so’radi:
– Bo’lmasa kim chaqirdi? Bilsayiz ayting-chi?
Shunda haligi «qiz»ning ovozida javob qaytardim:
– Man chaqirdim, bildingmi? Kattabek akamni qatga ketganini sanga ko’rsatib qo’yaymi?..
So’nggi gapga javoban telefon go’shagi «sharaq» etkizib qo’yildi…
Тo’lqin ESHBEK
Ҳажвия учун раҳмат устоз! Маза қилиб ўқидим, кайфиятим ҳам кўтарилди. Ижодингизга омад тилайман.
Ijod namunangiz va yoki qaysidir ma’noda hayotda bo’lgan voqeani tasvirlab yozgan »Artist» hajviyangizni maroq bilan o’qidim va soxta jo’raning bu kabi jazolanishi menga juda yoqdi. Lafssiz do’stning ismini kesatiq qilib ishlatgan o’rinlariz va shu kabi so’z o’yinlariz, ayniqsa, e’tiborimni tortdi. Haqiqiy ijodkor ana shunday so’z ustasi bo’lishi kerakligini angladim.