Pirimqul QODIROV. UCH ILDIZ (Roman)

Давоми: 7-боб. Боши олдинги саҳифаларда.

п3

7

Lekin ko‘p o‘tmay yana qo‘ng‘iroq jarangladi, yana hamma eshiklar ochildi, yana atrof xushchaqchaq g‘ala-g‘ovurga to‘ldi.

Ro‘yxat ko‘targan yetakchilar tanaffusda guruhma-guruh yurib, majlisga odam aytardilar. Mahkamga avval birinchi kurs topshirilgandi, keyin kurs kengashlari bilan guruh sardorlariga xabar berish ham yuklandi. U bir to‘pdan ikkinchisiga o‘tib, ko‘p joyda sho‘x suhbat, qizg‘in bahs yo o‘yin-kulgining ustidan chiqar, bu undagi so‘lg‘in kayfiyatni yanada bo‘rttirib ko‘rsatardi.

Kishi o‘zini gunohkor his qilsa, beg‘am quvnayotganlarga havasi keladi. U ham hozir o‘ynab-kulib yurgan talabalarga havas bilan qarardi, lekin o‘zini nega gunohkor his qilayotganini tushuna olmasdi. Akbarovning jazosi, Hakimovning do‘qi, Zokirning o‘zbilarmonligi uning jahlini chiqarib, qonini qaynatgan bo‘lsa, Eshonboyevning mantiqli tuyulgan gaplari, aksincha, ko‘pligini sovuq tuyg‘ular va hafsalani pir qiluvchi bir g‘ubor bilan chulg‘adi.

Dekanning kabinetidayoq Akbarov bilan Hakimovning orasi buzuqligi sezilgan, Mahkam sababini tushuna olmay hayron bo‘lgan edi. Eshonboyev bilan uchrashganda mavhum bir ziddiyatni yanada og‘ir his qildi, chunki Hakimov bilan Eshonboyevning bir odam ekanligi hammaga ma’lum edi. Mahkam birinchi kursda ekanida shunaqa bir ziddiyat fakultetni alg‘ov-dalg‘ov qilib, havoni buzib yuborgan edi.

U vaqtda Hakimov kafedra mudiri bo‘lib ishlardi. Toshev degan professor dekanlik qilar, o‘zi juda ta’sirli ma’ruza o‘qirdi. Ba’zi ma’ruzalari talabalarning olqishiga sazovor bo‘lganini Mahkam ham ko‘rgandi. Lekin Hakimov bilan Toshev juda chap edi. Kim haq, kim nohaq bo‘lganini Mahkam haligacha aniq bilmaydi, chunki olishuv talabalarning ko‘zidan yiroqda borardi. Faqat ba’zi ochiq majlislarda Hakimov Toshevni «falon yili falonday xato qilgan», «falon vaqtda mafkurasi buzuq kishilar bilan do‘stlashgan», deb ayblab qolardi. Oxiri Toshevga bo‘lishib yurgan o‘qituvchilardan biri qamaldi. Toshevning o‘zi muzeyga ishga ketdi.

Uch yil oldin yuz bergan bu voqealar endi odamlarning esidan chiqay deganda yana Akbarov shubha ostida qolyapti. Mahkam uni sofdil odam deb bilardi, lekin hozir Eshonboyevning shubhasida ham asos bordek tuyulardi. Uning Mahkamga yoqqan ma’ruzalari haqida Eshonboyev: «Qiziqarli shaklga qanaqa mazmun solib beradi?» dedi-yu, masalaning noma’lum bir tomonini ochib yuborganday bo‘ldi. O‘zi mafkurasi buzuq odamlar doim zararli mazmunni qiziqarli shaklga solib targ‘ib qilgan emasmi? Bu shakl degani bir idishga o‘xshar ekan-da, ichiga asal solsa ham, zahar solsa ham go‘zalligicha qolaverarkan. «Lekin Akbarov… Nahotki? Yo men uni bilmaymanmi,– derdi Mahkam sovuq va rutubatli tuman ichida yurganday, bo‘lib.– Eshonboyevni bilamanmi?»

Mahkam masalaning ildizini tushunmay Akbarovning fikrlarini yodlab xato qildimikin? «Ehtiyot bo‘lish kerak» degan fikr keldi. Lekin shu zahoti ich-ichidan achchiq e’tiroz eshitildi: «O‘z jamoangda kimdandir ehtiyot bo‘lib, «xato qilsam, shu boshimni yeydi»,– deb qo‘rqib yashaysanmi?» Yo‘q, u butun vujudi bilan bunday yashashga qarshi edi. Unda yoshlikka xos ishonuvchanlik zo‘r edi. Hozir qalbida paydo bo‘layotgan shubha va chigallik uning ishonuvchanligi bilan sig‘ishmasdi, o‘tga suv kuyilganday sovuq tuyg‘ular qo‘zg‘ardi.

Shu tuyg‘ular bilan uch-to‘rt guruhga kirib chiqquncha ma’ruzaga qo‘ng‘iroq chalindi va o‘zining auditoriyalariga qaytdi.

To‘rt derazali katta, yorug‘ xonada yigirma chog‘li talaba yangi tarix o‘qituvchisining bugun kech kelishini bilib, stollar atrofida to‘p-to‘p bo‘lib gaplashmoqda. Mahkamlarning guruhida qizlar oz. Ulardan biri, guruh sardori Lola Hoshimova yaqinda o‘z hamkursi Sotiboldiyev bilan turmush qurgan va hali kelinchaklik kiyimida yuribdi. Farida degan xushbichim qiz ko‘pincha Zokir bilan birga bo‘ladi, lekin buning xolis do‘stlik ekanini hamma biladi, chunki Faridaning yaxshi ko‘rgan yigiti Moskvada aspiranturada o‘qiydi. Qiz uning bitirib qaytishini ko‘zi to‘rt bo‘lib kutadi. Hozir ham Sotiboldiyev Lola bilan, Zokir Farida bilan bir to‘p bo‘lib, deraza oldida suhbatlashardi.

Mahkam o‘zining beriroqdagi o‘rniga o‘tdi.

Bu yerda ikki stol odami bir-biriga yuzlanib olgan. Stulga ayri mingan qiziqchi yigit Shoazim hammani kuldirib o‘tiribdi. U Mahkamga ham tegishli.

– Mahkamjon, uxlab o‘tiradiganlarni ham bir majlisga chaqiringlar endi.

Hech kulgili joyi yo‘q gapni ham Shoazimdan eshitsa kuladigan o‘rtoqlari qiqirlab qo‘ydi. Bularning biri Ochil edi. Mahkam Ochilga «iye!» deganday olayib qaradi-yu, sovuq ohangda:

– Ha, xo‘p,– dedi Shoazimga.

Shoazim kulganlarni urishgan bo‘ldi:

– Nega kulasanlar? Jiddiy bir taklif qilgani qo‘yishmaydi-ya. O‘zingiz o‘ylang, Mahkamjon, ma’ruzada uxladi nima-yu, progul qilib uyda uxladi nima. Qaytaga uyida uxlagani yaxshi, boshqalarning tinchligini buzmaydi. Ya’ni auditoriyada bombalar portlamaydi.

So‘nggi gap qattiq kulgi ko‘tardi, ularning to‘piga yana bir necha kishi kelib qo‘shildi. «Bomba» voqeasi hammaga ma’lum bo‘lsa ham, kimdir jo‘rttaga Shoazimning tilini qichitib so‘radi:

– Auditoriyada bomba nima qiladi? Gapga ham to‘n kiygizasiz-da, Shoazim.

– E, siz hali u portlashni eshitganingiz yo‘qmidi? Bo‘lmasa, siz ham mast uyquda ekansiz-da. Nasrulla akamni uyg‘otgan portlash sizni uyg‘otolmagan bo‘lsa, kesib ketsa ham bilmas ekansiz!.. Cho‘ntagingizni demoqchiman, boshqacha tushunmang.

Talabalar kula-kula Shoazimni qistay boshladilar:

– Begimov o‘shanda qanday sakrab turgan edi?

– Yo‘q, Nasrulla akamning «bomba!» deb qichqirganini bir ko‘rsating…

– Yaxshisi, hammasini boshidan aytib bera qoling.

– Qani, Shoazim, ha…

Shoazim eshik tomonga qarab qo‘yib, bir yo‘talib oldi.

– Aytib nimasini aytaman. O‘sha o‘zlaring bilgan Odil Begimovich…

Oqil Begimovich deganlari qirq besh yoshlarga borgan, chakka suyaklari bo‘rtib turuvchi ozg‘in bir lektor edi. U hozirgi Sharq tarixidan juda zerikarli ma’ruza o‘qirdi. Doim o‘tirib gapirardi. Oldida ochiq konspektlari. Ovozi bir qiyomda. Gapi siyqa iboralarga, quruq bayonga, o‘rta maktabdan beri ma’lum faktlarga to‘la. Auditoriya shovur-shuvur. Birov o‘tirgan stulini g‘o‘rillatib suradi, bezovtalanib kimirlaydi. Birovlar shivir-shivir gapirishadi, stollar osha xatbozlik qilishadi, og‘zini to‘sib kulishadi. Lektor namoz o‘qiyotgan odamday hech narsaga parvo qilmay gapirgani-gapirgan.

Nasrulla degan bola-chaqali talaba bunaqa ma’ruzalarga uxlagani keladi. Orqaroqdan joy oladi-da, lektor o‘tirgandan keyin bir novcharoq talabaning panasiga suriladi. Uning sirti yorilib, eski supaga o‘xshab qolgan kulrang klyonka papkasi bor, doim kitob-daftarga to‘lib, ba’zan yegulik narsalar ham solinib, qorni qappayib yuradi. Oqil Begimovich ma’ruzaga kirishib, hech narsani payqamaydigan bo‘lgandan keyin Nasrulla sekin shu papkani oldiga tortadi-da, engagini tiraydi, keyin asta yuzini qo‘yib, uyquga ketadi.

Bir kun bolalar maslahatlashib ma’ruzaga ertaroq kelishdi-da, orqa qatorlarni band qilishdi. Nasrulla oldinga o‘tirishga majbur bo‘ldi. Konspekt qiladigan bo‘lib ruchkasini oldi, daftarini ochdi. Lekin o‘sha kuni lektor uni odatdagidan ham yaxshiroq «allalardi». Ko‘p o‘tmay mudrab, boshi dam-badam shilqillab tushib, munkiy boshladi. Oxiri, bo‘lmagandan keyin qappaygan papkasini stolning narigi chetiga surib pana qildi va ochiq daftarining muzdakkina mayin qog‘oziga yuzini qo‘ydi. Odatda oliy maktablardagi uzun stollar juda ensiz bo‘ladi. Nasrullaning uyqusi chuqurlashgan sari go‘shtdor gavdasi stol ustiga yoyilib, papkani chetga surib borardi. Nihoyat, papka popillab qulab tushdi. O‘sha kuni unga yong‘oq ham solingan ekan, bo‘g‘izlanayotgan g‘ozday bir «g‘aq» etdi-yu, sochilib ketdi. Odil Begimovich cho‘chib o‘rnidan turgan edi, yumalab borgan yong‘oqlardan birini qarsillatib bosib oldi va o‘zini orqaga tashladi. Ammo orqada stul bor edi, polga gumburlab ag‘anadi. Ma’ruza o‘zi birinchi jahon urushida ishlatilgan portlovchi moddalar haqida borardi. Nasrullaning mudroq xayolida papkaning popillagani, yong‘oqtoshi qarsillagani va stulning gumburlab yiqilgani bombaga aylanib ketdi, shekilli, ko‘zini ochar-ochmas sakrab turib: «Bomba!» deb baqirdi.

Shoazim odatda bunaqa voqealarga biroz qo‘shar, Nasrullaning «Voydod!» deganini va stolning tagiga kirib ketganini kulib ko‘rsatardi.

– E, bekor aytibsiz,– dedi bunga Nasrulla e’tiroz qilib,– stolning tagiga yong‘oq teraman deb kiruvdim.

– Papkada yong‘oq olib yurib nima qilardingiz-a,– dedi Ochil unga achinib.

– O‘sha kuni ertalab kelayotsam, bir do‘konda qog‘atak yong‘oq bor ekan, falokat bosib ola qoluvdim. Bolalarga yaxshi deb.

– Bolalar bahona,– dedi Shoazim,– uyga borganda kennoyim bilan yong‘oq o‘ynagani olgansiz.

– Kunduzi uyquni pishirib olib-a!– dedi bolalardan biri.

Yana kulgi ko‘tarildi. Uyqu bilan yong‘oqni payrov keltirib, Nasrullani chandishavergandan keyin Mahkam uning tarafini oldi. Ikki bola bilan ro‘zg‘or tebratib o‘qish oson emasligini, bolasi kasal bo‘lganda Nasrulla kechasi uxlamay chiqishini, har kimning sharoitiga qarab tosh qo‘yish kerakligini aytdi.

– Siz bu kishining uy sharoitini aytasiz, lekin ma’ruzaning ahvoliga nima deysiz?– so‘radi Shoazim.– Nasrulla aka nega Oqil Begimovichning ma’ruzasida uxlaydi? Chunki qizig‘i yo‘q. Shuning o‘rniga kutubxonada o‘tirib Sharq tarixini asl manbalardan o‘rgangani yaxshi. Lekin ma’ruzani tashlab ketsa, progul qilding deb yoqasidan bo‘g‘ib majlisga olib borasanlar, dekan o‘qishdan haydayman deb qo‘rqitadi. Nima qilsin? Keladi, uxlaydi. Bir bu kishi emas, boshqalar ham vaqtini bekor ketkizib o‘tiradi. Mana, o‘rtoq Sotiboldiyev nuqul Lola bilan xatbozlik qiladi. Ochil hadeb xayol suradi.

– O‘zingiz-chi?

– Ha, men maynavozlik qilaman. Majburman! Cho‘g‘i yo‘q ma’ruzada biring dam-badam soatga qaraysan, biring quloqni ding qilib qo‘ng‘iroq poylaysan. Men nima qilay?.. Siz ham,– dedi Shoazim Mahkamga,– shunday paytda qo‘ng‘iroq jiringlasa yelkangizdagi bir qop yukdan qutulganday bo‘larsiz?

– Hamma ham sizga o‘xshab ma’ruzalarni bir qop yuk deb o‘ylashi kerakmi?– so‘radi Mahkam jiddiy.

U Shoazimning gaplari intizomsizlikni oqlashga qaratilgan deb bilar, shuning uchun qiziq joylari kelganda ham kulmas edi. Buni sezib Shoazim ham jiddiylashdi. Boshqalar jim bo‘lib qoldi.

– Yo‘q, hamma ro‘yxat ko‘tarib kengashga odam aytib yurishi kerak, – dedi Shoazim.

– Xo‘p, sizningcha nima qilish kerak bo‘lmasa?

– Meningchami?– deb Shoazim ovozini pasaytirdi.– Menga qolsa, odamlarni kengashga sudrashdan oldin ma’ruzaga qatnashish ixtiyoriy bo‘lsin der edim. Ana unda hamma narsaning sarasi sarakka, puchagi puchakka chiqadi. O‘rtoq Hakimov Oqil Begimovich bilan har qancha qalin bo‘lsa ham, talabalar kutubxonaga ketib qolavergandan keyin boshqa lektor taklif qilishga majbur bo‘ladi. Biz ham esnab o‘tirib qo‘ng‘iroq poylashdan qutulamiz, vaqtdan yaxshiroq foydalanamiz. O‘shanda ham o‘qishdan qiyshanglaydigan maxluq topilsa, men o‘zim kengashga sudrab boraman, bormasam odam demanglar!

Mahkam Zokirni ko‘zlari bilan qidirdi, «eshitib qo‘y, boyagi gaplaringni bunaqa astari bor» demoqchi bo‘ldi, lekin uning Farida bilan so‘zlashayotganini ko‘rib indamadi. Ochil Zokirga aytgan e’tirozlarini bu yerda ham aytar deb umid qilgan edi, u ham tilini chuqillatib:

– Alomat bo‘lar edi-ku, lekin utopiya-da[1],– dedi.

– Ha, bunga ko‘nishmaydi, bo‘lmasa shu progul degan gapdan quloq tinchir edi,– dedi yana kimdir.

Hech kim jiddiy qarshi chiqmayotganini ko‘rib, Mahkam Eshonboyevning «siyosiy-tarbiyaviy ishlar bo‘sh» deganini esladi. Agar hozir Shoazimning gapi kengroq tarqalsa, jamoatchilikda progulga qarshi fikr tug‘dirib bo‘ladimi? Bu gapning oldini olmasa, Mahkam gunohkor bo‘ladi. O‘zi-ku, qandaydir ayb sezib, lekin buning nimaligini aniqlay olmay ta’bi tirriq bo‘lib yuribdi. Endi Shoazimning fikriga qanchalik qattiq zarba bersa, Eshonboyevning «sizda tanqidiy kurash kuchsiz ekan» degani shunchalik asossiz bo‘lib chiqishi mumkin.

– Bu gapni qayerdan topdingiz?– dedi u Shoazimga tikilib.

– Topdim-da. U kuni ma’ruzaga tayyorlanaman deb eski gazetalarni titib o‘tiruvdim, bir material chiqib qoldi. Bir paytlar shunaqa ekan. Sulaymon Ziynatullayevichdan so‘rasam: «Ha, to‘g‘ri, ma’ruzaga qatnashish ixtiyoriy bo‘lgan», dedi. Nega hozir shunday qilib bo‘lmaydi. Bizning talabalar ilgarigi talabalardan ongliroq emasmi? Ularga shunchalik ishonilgan ekan, bizga ishonch yanada ko‘proq bo‘lishi kerak!

– Shoshmang, unaqa… Siz… Chalg‘itmang! – deb Mahkam duduqlanib xitob qildi.

– Yo‘q, avval siz shoshmang, men gapimni gapirib olay!– dedi Shoazim ovozini ko‘tarib.– Mana shu Sharq tarixini Begimovdan oldin professor Toshev o‘qir edi-a, esingizdami? Ma’ruzasiga boshqa kurslardan ham odam kelib, auditoriyaga sig‘may ketar edi, bilarmidingiz? Men birinchi kursdaligimda to‘rtinchi kursdagi ma’ruzasiga borib, joy topolmaganman, bir soat deraza tokchasida o‘tirib eshitganman. Mana, Akim Borisovich, Akbarov, Ziynatullayev – shular ham juda qiziqarli o‘qishadi-ku! Ma’ruzaga qatnashish ixtiyoriy bo‘lsa mana shunaqa o‘qituvchilar xillanadi, bildingizmi?

Mahkamning Shoazimga aytadigan gaplari quyulib kelayotgan edi, Toshev va Akbarov tilga olingach, fikri birdan chalkashib ketdi. Shoazimning Yangi tarix o‘qituvchisi Ziynatullayevga ixlosi balandligini esladi. «Shoazimning bu fikrlari Ziynatullayev ta’sirida paydo bo‘lganmi?» degan o‘yga bordi. Lekin bu savolga javob topguncha bo‘lmay Shoazimning og‘ir masalaga yengil qarayotganini aytgisi keldi. So‘ng, negadir, buni ham aytmadi-yu:

– Siz bu… bu gap sog‘lom gap emas!– deb yubordi.– Mening sizga o‘rtoqlik so‘zim, Shoazim, bunaqa narsani boshqa yerda gapirmang, pushaymon bo‘lasiz!

– Ha, nega endi? Nimasi sog‘lom emas, aka?

– Siz progulga yo‘l qo‘yilsin deyapsiz. Istagan odam ma’ruzaga kelsin-u, istamagan futbolga ketsin, kino ko‘rsin, boshqa ming xil ishlarni bitiraversin, auditoriyada hech kim qolmasa ayb lektorning bo‘yniga tushadi, deyapsiz. Shoshmang, shoshmang. Mana, Ochil aytsin: boya Akbarovning ma’ruzasiga nega kelmadi, yoqtirmaganidanmi? Yo‘q, juda yoqtiradi.

– Hozir ham ma’ruzadan qochib futbolga ketadiganlar bor,– dedi bolalardan biri.

– Bor. Shoazim bo‘lsa, shu intizomsizlikni qonunlashtirish kerak, deydi. Unday qilsa, hamma futbolga ketadi. Chunki ma’ruzadan futbol qiziqroq.

– Futbolga ketsa, dam oladi,– dedi Shoazim,– keyin dam olishi kerak bo‘lgan vaqtini konspekt tuzishga sarflaydi. Ikki o‘n besh – bir o‘ttiz. Qaytaga mustaqil ishlab o‘rganadi.

– Unda sirtqi o‘qishdan farqi qolmaydi-da,– deb Ochil afsuslandi.– Har holda, intizom kerak.

– Lekin intizom arqon emas, u bilan hammani auditoriyaga arqonlab qo‘yib bo‘lmaydi. Gap ongda. Ongli kishi qoldirgan ma’ruzasining o‘rnini to‘ldirishga vaqt topadi.

– Vaqt topadimi yo sessiya[2] kelganda bir yo‘li bo‘lar, juda bo‘lmasa shpargalka ishlataman, deb beparvo yuraveradimi, kim bilsin?– dedi Mahkam.

– Unaqa deydiganlar o‘zi chetga chiqib qoladi. Chin yurakdan o‘qimoqchi bo‘lganlar o‘qib ketadi.

– Og‘izda aytish oson, albatta. Amalda siz aytganday qilinsa, beboshlikka katta yo‘l ochiladi, hammayoq betartib bo‘lib ketadi. Shuning uchun men fikringizni zararli dedim.

– Bu vahimali gaplarni o‘rtoq Eshonboyevdan o‘rgandingizmi deyman?– so‘radi Shoazim yana hazilga o‘tib.

– O‘rgansam-chi? Eshonboyev – yetakchimiz.

– Shundaymi?

– Siz odamlarni kuldiraman deb hammaga til tekkizavermang. Kulgingiz chiqib qoladi.

– Unday bo‘lsa tavba qildim, aka,– deb Shoazim qo‘l qovushtirdi.

Uning har bir gapi kulgi chiqarar va Mahkamni izdan toydirib, o‘rinsiz ekanligi o‘ziga ham bilinib turgan so‘zlar ishlatishiga sabab bo‘lardi. Eshonboyevning oldidan olib chiqqan tuyg‘usi – qancha tanqid qilsang, shuncha yaxshi deb turuvchi tuyg‘u – bu so‘zlarini oqlardi, lekin o‘rtoqlarining muomalasi qoralayotganga o‘xshardi. Mahkam bahsni davom ettirishni, Shoazimning fikri noto‘g‘riligini hammaga to‘liq isbot qilib berishni istardi. Ammo bolalar bu mavzuda boshqa gapirishmas, «kengashga yoki dekanatga sudrab yurmasin», deb hayiqayotganga o‘xshardi.

а

[1]Утопия (юнонча: utopos – мавжуд бўлмаган жой, мамлакат ёки eutopos – гўзал, ажойиб мамлакат жой, макон) – илмий acocra эга бўлмаган идеал ижтимоий тузум тасвири.

[2] Сессия (лотинча: sessio – мажлис, йиғилиш) – 3) олий ва ўрта махсус ўқув юртларида белгиланган вақтларда ўқув режасида кўзда тутилган имтиҳонларни топшириш даври (бу ерда шу маънода).

(Сайтимизни кузатиб боринг. Давомини ўқийсиз).

Вам может также понравиться...

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *