Pirimqul QODIROV. UCH ILDIZ (Roman)

Давоми: 6-боб. Боши олдинги саҳифада.

 п1

6

Eshonboyev ular bilan ko‘rishar ekan:

– Ishlar durustmi?– dedi Mahkamga va javobini kutmay Zokirdan so‘radi:– Nima yangilik bor?.. Shundaymi? Yuringlar bo‘lmasa, kabinetga kiraylik… Mening ham gapim bor.

Eshonboyev shu fakultetni bundan uch yil oldin bitirib aspiranturada qolgan va bu yil Hakimovning taklifi bilan fakultet partguruhiga kotib qilib saylangandi. Uning qiyofasi Zokirga yoqardi: yuzidan qizillik arimas, papiros ko‘rmagan tishlari yaraqlab turar, sochining bir tutami hali ajin tilmagan peshonasi ustiga buralib tushar, burnining o‘rkachi ham, oyog‘ini biroz qiyshiq bosishi ham o‘ziga mos ko‘rinardi. O‘ttiz yoshida fakultet boshlang‘ich partiya yetakchisi bo‘lganini hisobga olib, Zokir uni qattiq hurmat qilardi. Mahkam esa uni yaxshi bilmas va undan allanechuk tortinardi.

Ular Eshonboyevga jimgina ergashib yoshlar tashkiloti kabinetiga kelishdi.

Kabinetda vznos[1] qabul qiladigan qiz o‘tirgan ekan.

– Birpas chiqib turmaysizmi?– dedi Eshonboyev unga.– Bizning ishimiz bor.

Zokir qizning orqasidan eshikni yopdi. Eshonboyev kelib ilgagini ham solib qo‘ydi va:

– Xo‘sh, qani, o‘tiringlar,– dedi.

Mahkam stul surib o‘tirar ekan, bir derazalik kichkina kabinet, zanglagan qulf osig‘liq, qovjiroq shkaf, bir chetiga siyoh to‘kilgan sirti faner stol ko‘ziga odatdagidan boshqacharoq ko‘rinib ketdi. Go‘yo bu oddiy narsalarning hammasida murakkab bir sir bor-u, hozir oshkor bo‘lishi kerak.

– Xo‘sh,– dedi Eshonboyev,– nima chora ko‘ryapsizlar?

Gap progulchilar haqida ekani ma’lum edi. Zokir majlis tayyorlanayotganini, bir qator qat’iy choralar ko‘rilajagini aytdi. Eshonboyev qo‘llarini zanjirday chirmashtirgan holda stol ustiga qo‘yib birpas o‘ylandi-da:

– Yaxshi,– dedi.– Vinti[2] bo‘shaganlarni burab qo‘yish ham kerak.

Zokir Mahkamga g‘olibona qarab qo‘ydi.

– Ayniqsa, progulchilikning siyosiy tomonini ko‘zlariga bo‘rttirib ko‘rsatish kerak,– deb davom etdi Eshonboyev.– Oliy ta’lim muassasasini hurmat qiladigan odam ma’ruzani tashlab futbolga ketadimi? Ilm-fanga ixlosi bo‘lsa, nega seminarga kelmaydi? Umuman, g‘oyaviy tarbiyani kuchaytirish kerak. Talabalarning ma’ruzaga bexato kelishi yetarli emas, ma’ruzalarning mag‘zini chaqib, ijtimoiy mazmuniga baho beradigan bo‘lishlari ham kerak. Meningcha, kengashingiz masalaning shu tomoniga ahamiyat bermayapti. Mana, o‘zingizni olaylik,– dedi u Zokirga:– Eshitgan ma’ruzangizning sifati haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz?

– Albatta. Bugun dekanatda Akbarov bilan aytishib ham qoldik. Mana, Mahkam aytsin. Zerikarli ma’ruzalar ko‘p desam…

Eshonboyev gapni tez ilib olish va kutilmagan darajada tez javob qilish qobiliyatiga ega edi. Shuning uchun suhbatda tashabbusni qo‘ldan bermasdi. Hozir ham:

– Ana ko‘rdingizmi,– dedi Zokirni darhol eshituvchi holiga qaytarib,– o‘ylaganda ham faqat shaklini o‘ylaysiz. Axir, zerikarli degan so‘z faqat ma’ruzaning shakliga oid-ku. Biz ko‘proq mazmuniga e’tibor berishimiz kerak. Mana, masalan, ko‘p odam Akbarovning ma’ruzasi qiziqarli deydi, lekin qiziqarli shakliga qanday mazmun solib berilishini hech kim tekshirib ko‘rdimikan? Ayting-chi, o‘rtoq Mahmudov, siz siyosiy-tarbiyaviy sektorning[3] boshlig‘i sifatida shu masala bilan hech shug‘ullandingizmi?

Mahkam hayron bo‘lib, yelkasini qisdi.

Men?.. Men bir talaba bo‘la turib o‘qituvchini qanday tekshiraman?

– Siz gapimga tushunmadingiz. Men reviziya[4] qiling deganim yo‘q, gap ma’ruzaning oq-qorasini tanish ustida boryapti.

– Unday bo‘lsa… nima… Akbarovning ma’ruzalari mazmun jihatidan ham… Umuman, menga yoqadi.

Mahkam bir qo‘lini stol chetiga tirab, pidjak cho‘ntagidagi ikkinchi qo‘lini musht qilib o‘tirar, uning butun vujudi hayajon bilan tarang tortilgan edi.

Zokir qimirlamas va gangib qolganga o‘xshardi. Eshonboyev esa boyagiday dadil, faqat yuzi yanada qizilroq, ko‘zi yanada o‘tliroq edi.

– Intizomni yaxshilash mana shu narsalarga ham bog‘liq,– dedi u gapini yakunlab.

Mahkam indamadi. Shuning uchun Zokir shoshib:

– Ha, albatta,– deb qo‘ydi.

Koridorda qo‘ng‘iroq jarangladi. U yoshlar tashkiloti kabinetining qarshisiga o‘rnatilgandi, shuning uchun qattiq eshitilardi. Qo‘ng‘iroq chalinib bo‘lguncha hech kim gapirmadi. So‘ng Mahkam o‘rnidan turdi.

– Agar boshqa zarur ishingiz bo‘lmasa…– dedi u Eshonboyevga qarab.

– Mayli. Boring. Lekin… Eshikni yopib so‘zlashganimizning sababini tushunasiz-a?

Bu «gap shu yerda qolsin» degani edi. Mahkam bosh irg‘ab chiqib ketdi.

Eshonboyev bilan yakkama-yakka qolgan Zokir boshini kiftiga tortib vahimali savol kutar edi.

– Ayting-chi, Zokir,– dedi Eshonboyev kutilmaganda yumshab. O‘zining oti hozir Zokirga juda yoqimli eshitildi.– Kurslaringda hamma ham Akbarovga shu boladay maftunmi?

– Mahkam maftun deysizmi? Yo‘g‘-e, bugun ma’ruzaga kirgizmagani uchun achchig‘lanib yurgan edi. O‘zi shunaqa o‘jarroq, gapini ma’qullayman deb Akbarovga yon bosganini bilmay qoldi. Anavi Ochil Samadovni maftun desa bo‘ladi.

– Kim, kim?.. Ho‘ o‘sha jizzaki bolami? Bir qishloq haqida etnografik[5] ocherk yozib kelgan-a?

– Ha, she’r ham yozadi.

Zokir o‘shanda Ochil o‘z qishlog‘ining yutuqlari bilan birga kamchiliklarini ham dadil yozibdi, yaxshi qilibdi, degan fikrga qo‘shilgandi. Yo‘q, Eshonboyev to‘g‘ri aytadi, tanqidiy qarash Zokirda ham kuchsiz.

– To‘g‘ri,– dedi u Eshonboyevga,– g‘oyaviy masalalarga e’tiborni susaytirib qo‘yibmiz.

– Ayting-chi,– dedi Eshonboyev yana muloyimlashib,– Akbarovning kursidan konspektingiz bor-a?

Zokir «ha», dedi, lekin xavotirlanib qo‘shib qo‘ydi:

– Biroq, chalasi ko‘p.

– To‘liq yozgan biror o‘rtog‘ingiznikini ololmaysizmi?

– Olishim mumkin. Sizga kerakmi?

– Ha, lekin o‘zimga deb oling. O‘zingizniki bilan birga ertaga berasiz. Kengashlaringdan oldin uchrashamiz. Xo‘p.

Zokir kabinetdan allanechuk charchoqlik his qilib chiqdi. Uning nazarida Eshonboyev bilan o‘n daqiqa emas, o‘n kun birga bo‘lgan-u, bu orada mana shu zinapoya ham, deraza, devor, auditoriya ham ancha eskirgan va allanechuk uzoqlashgan. Hozirgi fikrlari ham kechagi, hatto ertalabki fikrlaridan juda uzoq. Navoiy davridan yozib bitirgan kurs ishi kecha ko‘ziga chiroqday ko‘rinar edi. Hozir esiga tushib badanini muzlatib o‘tdi.

Yo‘q, tanqidiy tomonini kuchaytirish kerak. «O‘tmishni qanchalik tanqid qilsang, ideallashtirish balosidan shuncha uzoq bo‘lasan,– degan gap esiga tushdi. Bu gapni yangi tarix o‘qituvchisi Ziynatullayev aytgan edi:– Aksincha, o‘zimizdagi kamchiliklardan qancha ko‘p gapirsang, tarixiy yutuqlarimizni inkor etish xavfiga shuncha yaqinlashasan». Hozir Zokirdagi eng zo‘r istak shunaqa xavflardan uzoqroq bo‘lish edi.

Ammo bu xavf kimningdir boshi ustida osilib turibdi. Akbarov… Ochil… Ular shu binoda, Zokir bilan bir jamoada.

Zokir orqasiga o‘girilib qaradi, atrofga alangladi. Koridor va zinapoyalar bo‘m-bo‘sh edi.

 DSC_0181

[1] Взнос (русча; тўлаш, тўлов) – бирор ташкилот (жамият, уюшма) аъзосининг шу ташкилотга тўлаган ёки даврий тўлаб турадиган пули.

[2]Винт (немисча: Gewinde – қирқма, резьба) – 1) бурама резьбали стержень; маҳкамлаш мосламаси (бу ерда кўчма маънода, яъни ўзбошимчалик маъносида келган);

[3] Сектор (лотинча: sector – қирқувчи, қирқиб ажратувчи) – 3) баъзи идора ва муассасаларнинг муайян фаолиятга ихтисослашган бўлими (бу ерда шу маънода).

[4] Ревизия (лотинча: revisio – қайта кўриш) – 1) муайян корхона, ташкилот, муассаса ёки мансабдор шахснинг маълум бир даврдаги иш фаолиятига доир ҳисоботларни текшириш, тафтиш қилиш (бу ерда шу маънода);

[5]Этнографик – этнографияга оид.

(Сайтимизни кузатиб боринг. Давомини ўқийсиз).

You may also like...

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>