“Eti sizniki, suyagi bizniki”

Yaxshi maqolaga o`xshaydi, faqat muallifsiz…

 му1

“Sariq devni minib” asari qahramoni Hoshimboy qalpog`ini kiyib olib boshini ne balolarga qoldirdi deysiz. Ha, qalpoq uni tekis va ravon, chiroyli hamda nuqsonsizdek ko`ringan yo`ldan yurishiga bosh-qosh bo`ldi. U Hoshimjonga bir deguncha bo`y berdi, ko`z ochib-yumguncha bo`lgan fursatda olib qochib, kaltaklanishdan qutqardi. Ko`plab qahramonliklar, sirli va ajabtovur ishlarga qodir qalpoqchaning kuchi nega bilim berishga yetmadi? Axir u hamma narsaga qodir emasmidi?

Biz o`ylaymiz, buni oddiy odam bolasi ham eplay oladiku. Shunday emasmi? Lekin yosh kitobsevarlarimiz qalpoqchani sevadilar. Axir uning ko`magida Hoshimjon butun qishloq ahlini yolg`onchi oila kirdikorlaridan asrab qolmadimi? Demak, u yaxshi! Kitobsevar bolajonlar bizdan xafa bo`lmasin. Qalpoqchani ayblashga bizda sira asos yo`q. Faqat uning no`xotdek kamchiligi bor edi. Bu uning qo`lidan kelmaydigan – bilim berolmaslik qobiliyatida emas. Axir qalpoqda bilim nima qiladi? Bilim olish va uni o`rgatish uchun qancha matonat kerak deysiz.

Navoiy bobomiz bir harf o`rgatgan ustoz haqqini ming tillo bilan ham uzib bo`lmasligini bitib ketdi axir. Ular uchun tilloga teng narsa nima ekanligini bilasizmi? E’tibor bering, har qanday vijdonli va qalb ko`zi ochiq inson hayratga tushmay iloji yo`q.

Bizning yutug`imiz, shogirdlar muvaffaqqiyati tillo o`rnini bosarmish. Qiziq tabiatli insonlar. Yoshligimizda ota-onamiz tabiatiga hayron qolardik. O`zining ustida almisoqdan qolgan atigt bittagina kiyimi bor, bizda qalashib yotibdi. Shunda ham bozordan bizga loyiq kiyimlargina uyimizga kirib kelardi. Vijdonni qarang, biror marta rad qilmaganmiz. O`zingizning ustingizni butlang, yuring siz uchun xarid qilamiz demaganmiz. Ko`ra-bila turib, hamma hohish-istaklarimizning bajarilishini talab qilganmiz. Tan oling bunga hamisha erishganmiz. Chunki ota-onamiz bilishadi, ular Dadaqo`zi ota fikriga to`la qo`shiladilar: “Bolaning ko`ngli podsho”.

Bolaligimizda ko`rganimiz shunday yoqimli, hozir hamma “tabiiy” deb ataydigan, aslida g`ayritabiiy munosabatni vaqt o`tib ulg`ayishimiz jarayonida ustoz atalmish insonlarda ko`ra boshladik. Faqat ota-onamiz mehridan taltayib ketganmizda, ularning noodatiy muruvvat va xatti-harakatlarini ham xuddi hayot qonunidek qabul qilamiz. O`ylaymizki, ular shunga majbur. Do`stlar davrasida, ilm ahli ichida “Men bu fanni juda yaxshi bilaman”, “Bu sohada yetarli bilim va tajribaga egaman” deb ko`p aytishganini eshitganmiz. O`zimiz ham bunday jumlalarni ko`p bor ishlatamiz. Yana vijdonni ro`kach qilishga to`g`ri keladi. O`ylab qarasam, hech “Menga bu fanni yaxshi o`qitishgan” yoki “Bu sohada ustozlarim tufayli yetarli bilim va ko`nikmalarga ega bo`lganman” deya jumla tuzish haqida o`ylab ham ko`rmas ekanmiz.

Murabbiyni baxtiyor etgan o`sha tilloga erishganimizda ham bir jumla bilan eslamaymiz. Ular esa shu tilloga loyiq topilishimizni intizorlik bilan kutib o`tiradilar. Natijadan so`ng ikki xil jumla yaranglaydi: Ustoz aytadi: “Mening shogirdim”, shogird aytadi: “Mening g`alabam”.

Agar ota-onani ham yodga olsak, u ham ustozdek kamtar insonlar-da, “Mening farzandim” deydi xolos. Barcha oltin bizga, barcha qarsak bizga! Nima bunday holatda aybdor bormi, degan savol tug`iladi. Yo`q, bunda aybdor yo`q, qahramon ham biz emas. Bunda individ xususiyat, mehnat, izlanish, mehr-muruvvat mevasi, hatto millatimizga xos qadriyatlar bor. Kamchilik esa “biz” emas, “men” deb harakat qilishimizda, nimaning qadriga yetib, nimani tan olishni anglab yetmaganimizda.

Aslida ustozlarimiz ko`rsatayotgan to`g`ri yo`l va berayotgan ilm-u hikmat har qanday mo`jizadan-da kuchli. Uning o`zi mo`lizalarni yetaklaydi. Hoshimjonning sehrli qalpog`i qanday xatoga yo`l qo`ydi? Uning asli aybi nimada edi, degan savolga javob aytish vaqti keldi.

Qalpoqcha, avvalo, o`ziga suyanayotgan insonga to`g`ri yo`l ko`rsata olmadi. Hoshimjon hali yosh, kim qanday yo`l ko`rsatsa u yo`lni bosib o`tishga tayyor. Ayniqsa sehrli buyumga ega bo`lganida unda ko`plab yaxshi orzular paydo bo`ldi. Maqsadiga erishish uchun esa birgina imkoniyat borligini his etdi. U uchun qalpoqcha barcha orzularing ro`yobi. Oddiygina qilib aytganda, suyangan tog`iga aylandi. Mana shunday vaziyatda qalpoqcha uni to`g`ri yo`l bo`ylab yetaklaganda, bir marta bo`lsa-da “Men sehrliman, ammo hammasi o`z qo`lingda,” deganida edi… Shunda hammasi boshqacha bo`larmidi. Ana ko`ryapsizmi, bunday muhim vazifani hatto sehrli buyumlar ham bajara olmaydilar.

Ular bajara olmaydigan bunday mas’uliyatni esa ustozlarimiz kundalik hayotda necha bor uddalaydilar deysiz. Shuning uchun maktabga ilk qadam qo`yganimizda ota-onalarimiz farzndlarini murabbiylarimizga “Eti sizniki, suyagi bizniki” deb ishonib topshiradilar. Qiziq holat, ular bizdan ustozlarimiz o`gitiga amal qilsakkina rozi, ustozlarimiz esa aksincha ota-onani hurmat qilishimizni uqtiradilar. Demak, “Ustoz-otangdan ulug`” maqoli bilan bir o`rinda “Ustoz ham ota-ona” deyish mumkin ekan.

Oddiy bir holatni eslaylik. Hamma narsani o`rgatgan o`qituvchimiz nega ustozning har bir shogird hayotida tutgan o`rni to`g`risida va ularni hamisha xotirlab turishimiz biz uchun farz ekanini qulog`imizga quymagan? Ular bergan maslahatlarni bir yodimizga olaylik. Hammasida bosh qahramon o`zimiz: “Shogirdlarim, sizlar buyuk inson bo`lishingiz kerak, vatanga xizmat qilishingiz lozim, hamma maqsadlaringizga yetishishingiz darkor, ota-onangizni xurmat qiling, ular orzu qilgan farzand bo`ling”.

Qanday manfaatsiz va ezgu tilaklar! Uyimizda ham shunga o`xshash maslahat va talablarni esga olaylik: “Ustozingni xurmat qil, aytgan gapidan chiqma.bergan maslahatlarini qulog`ingga quyib ol”. O`quv dargohimizda ota-ona ulug`lansa, xonadonimizda ular tomonidan ustoz ulug`lanadi. Qarang qanday o`xshashlik, birdek ulug`vor insonlar ular. Bunday oddiy haqiqatlarni qachon sezamiz-u, qachon ularning mag`zini tushunib yetamiz. Balki buning uchun dono xalqimiz aytganidek, avvalo, ota-ona yoki ustoz bo`lib ko`rishimiz kerakmi?

Shu o`rinda bir fikr hayolimga keladi. Yaxshiyamki, yurtimizda 1-oktabr “Ustoz va murabbiylar kuni” nishonlanadi. Har holda yilda bir marta bo`lsa-da ularni eslash, minnatdorchilik bildirish uchun imkon tug`iladi. Balki shunday qilish lozimligini aslida eslatadi ham. Ularni eslaganimizda, esa ular ko`rsatgan yo`l-yo`riqlar, maslahatlarni ham yodga olishimiz va hamisha amal qilishimiz darkor. Zero, maktab direktori, o`qituvchilari aytgan bir og`iz gapning qanchalik to`g`ri ekanligini Hoshimjonga sehli qalpoqcha isbotladi. Ungacha esa qahramonimiz qanday uyatli holatlarga tushdi, qancha keraksiz mashaqqatlar chekdi. Buning uchun yuqoridagi fikrlardan chekingan holda qalpoqchadan minnatdor bo`lishimiz mumkin. Aslida yozuvchining ham maqsadi shunday edi. Ilm va bilimsiz hech narsaga erishib bo`lmasligini Hoshimjon orqali yana bir bor isbotlandi. Bizning nigohimiz esa o`sha bilim ortida turgan ustozlar mehnatiga ham tushishi kerak. Har holda , asarning o`zi ham ustozning mehnat mahsuli edi. Har qanday yozuvchi, jurnalist yoki havaskor inson qo`liga qalam olib biror narsa yozar ekan, albatta, undan ko`zlangan maqsad, insonlarga yetkazmoqchi bo`lgan fikrlari bo`ladi. Fikr-mulohaza esa o`quvchiga bog`liq. Biz aytmoqchi bo`lgan fikrlar shular edi. Xullas, buyog`iga “Eti sizniki, suyagi bizniki!”

му2

You may also like...

5 Responses

  1. Inson yashar ekan hayoti mobaynida albatta biror narsaga erishishni maqsad qilib qo’yadi. Bu maqsadga erishish yo’lida bizga avvalo ota -onamiz va ustozlarimizning orinlari beqiyosdir. Ota -onamiz bizni voyaga yetkazib tarbiya berishsa, ilk bilim va ko’nikmalarimizni ustozlarimizdan olamiz. Maqola sarlavhasidan ham ayonki murg’ak qalbimizga hayajon solgan onimizdan boshlab qolimizga qalam tutib yozishni o’rgatganlar, ayb ish qilsak kechirganlar, hato va kamchiliklarimizni tuzatib yanada yuksaklikka erishishimizga sababchi bo’lganlar. Bizni o’z farzandlaridek ko’rib, mehrlarini ayamay bor bilimlarini bizga o’rgatgan muallimlarimizga qancha tashakkur aytsak shuncha kam.

  2. Maqola muallifi 2-kurs talabasi, kursdoshimiz Sotvoldiyeva Nargiza. Qalpoqchaning qahramon qilib olingani menga yoqdi.Bu noodatiy usul deb o’ylayman.

  3. Ustozlarimiz bizni bilim va konikmalarimizni oshirish bilan bir qatorda kelajagdagi ornimizni topish uchun ham dahldordirlar. Biz ustozlarimiz bergan bilimlaridan samarali foydalangan holda ular bergan bilimlarni oqlashimiz, vatanimiz ravnaqiga o’z hissamizni qo’shishimiz kerak.

  4. Biz bilim olishimizda ustozlarimizning o’rni juda katta. Ular kelajakda o’z yo’limizni topishimiz uchun bizga ko’maklashishadi, yordamlarini ayashmaydi, qo’llaridan kelgancha yordam berishadi.

  5. Bizni hayotimizda ustozlar o’rni nihoyatda beqiyosdir. Chunki kimlardir fanni sevib emas, aksincha o’qituvchini yaxshi ko’rganliklari uchun o’sha faanga mehr qo’yadilar. Va bir umrlik hayot yo’llarini o’sha sohaga baxshida etadilar. Demak, bir ustoz sababli butun taqdirlarini belgilab qo’yishadi. Ana shu nuqtada ustozning bizning hayotimizda nima uchun kerakligini tushunamiz. Bu murabbiy uchun juda katta yutuq. Shunday o’qituvchi bo’lish hammaga nasib etsin.

Добавить комментарий для Nurijahon Zokirova Отменить ответ

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>