Haqiqiy sevgi bo’lsa

Insoniyat yaralibdiki sevgi tuyg’ularning eng ulug’I hisoblanadi.

Sevgan, sevilgan inson odatda ruhan poklanadi, (agar u haqiqiy sevgi bo’lsa)

Chunki sevgi azaliy tuyg’u, lekin har bir yurak uni o’zicha kashf etadi… U har zamonda, har bir jamiyatda, ulug’langan, shoiru hofizlarning mavzusi bo’lgan. Lekin bugungi kunda bizning jamiyatdagi ba’zi “yuraklar” bu tuyg’uni o’zlari bilmagan holda g’arbning qandaydir qarashlariga asoslanib kashf etayotganday…

Bir yil ilgari bir tanishim menga o’zining sevgi munosabatlarini o’rnatgan yigiti haqida gapirib qoldi…

U bilan tasodifan bir joyda ko’rishib qolgandik shunda…

U men bilan suhbatlashayotganda qo’l telefoni tinimsiz jiringlar, tanishim esa mag’rur ohangda menga yigitining sevgisini maqtardi… Tinimsiz qo’ng’iroqlar uning uchun so’zlarining isboti edi go’yo…

Vaqt o’tdi, tasodifan yana o’sha tanishimni uchratdim, undan yigiti haqida so’raganimda; “e hammasi qurib ketsin, telefonimga chiqaverib, bezorimni chiqarib yubordi, ko’p urshib qolaverdik, bir birimizdan charchadik, eng alam qiladigani, u juda ko’p qizlar bilan gaplashar ekan” dedi. Yana u yigitiga har bayramda qimmatbaho sovg’alar berganini, endi alamzadaligidan ularni qaytarib olmoqchi ekanini aytganida, men undan uni aslida chin dildan sevganmisiz, deb so’radim, u esa: “ bilmayman, har holda kelishgan, toparmon-tutarmon yigit edi, taqdirimni bog’lasam, u bilan qiyinchilik ko’rmayman deb o’ylardim” deganda daxshatga tushdim… Shundan buyon uning so’zlari yuragimning og’riqli nuqtasiga aylanganday bo’laveradi. Nahotki insonlar shunday bebaho tuyg’uni manfaat asosiga qursalar? Agar atrofga yaxshilab razm solsak ko’plab bunday holatlarga duch kelamiz. Boylik qachon va kimga vafo qilibdiki, biz uni bebaho ne’matlardan ustun qo’ysak? Axir hashamatli qasr uy ham, behisob boyliklar ham, insonning o’z zahmati, hamda hamma qiyinchiliklarda u bilan birga bo’ladigan jufti haloli bilan bunyod bo’lsa naqadar totli va qadrli bo’lmaydimi. deb o’ylab qolaman. Bu savollarni o’z-o’zimga

beramanu, savolimga savol bilan javob qaytarganday bo’laman:

Biz yoshlar qachon va qaysi fursatda hayotga bunday yengil qaraydigan bo’ldik?..

Ehtimol bu “ommaviy madaniyat” natijasidadir?

Ekranlarda o’zi sevgi deb tarannum etilgan, ammo g’arbning “yengil” hayotini mujassam etayotgan kinolar va qo’shiqlar ta’siriga tushib qolmayapmizmi? Shu o’rinda hayolimga bog’larda quvlashmachoq o’ynab, o’zlaricha chin sevgining qiyofasini gavdalantirishga urinib, ammo egnidagi turfa xil kiyimlarni, va

qimmatbaho mashinalarini ko’z- ko’z qilmoqchi bo’lgan kliplaru,

kinolar ko’z oldimga kelganday bo’ladi… Ularni ko’rgan yoshlar, muhabbat va havasni farqlay olmaydilar. Bir qarashda oddiy bo’lib ko’ringan bu holat esa, yoshlarni vaqti kelib katta hayotdagi qiyinchiliklar oldida o’zlarini munosib tuta olmasligiga sabab bo’lishi turgan gap! Vaholanki, turmush va hayot, bog’larda quvlashmachoq o’ynab yurishdan iborat emas!

Ammo bu ta’sirdan chiqish, hamda bu yo’llardan eng to’g’risini tanlash uchun bizga kitob beminnat yordam beradi deb o’ylayman. Kitob bo’lganda ham, milliy qadriyatlarimiz, ma’naviy boyliklarimiz aks etgan, “Farhod va Shirin”, “O’tkan kunlar”, “Kecha va kunduz”, “Mehrobdan Chayon”kabi durdona asarlarimiz mutolaasi, insonni komilikka chorlashi shubxasiz!

Buyuk adibimiz Abdulla Qodiriyning “O’tkan kunlar” romani salkam yuz yilda buyon qo’ldan qo’yilmay o’qib kelinayotganining sabablaridan biri, asarda o’zbekona odob, andisha, g’urur tarannum etilishida deb o’ylayman.

Asarda Otabek va Kumushning ilk uchrashuvi juda go’zal tasvirlangan, chunki bu tuyg’ular ibo va hayo pardasi ila o’ralgan.

Otabek ham Kumush ham qalbidagi tuyg’ularini hechkimga ayta olmaydi. Sababi andisha bunga yo’l qo’ymaydi… Muhabbatning asl qiymati ham shunda mujassam!

Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, Otabek ham, Kumush ham boy oiladan. Ammo bu boylik ham ularni hayotlarining oxirigacha baxtli qila olmaydi. Bu ham asarning hayotiy tarbiyaviy jihatini yanada oshiradi.

Shunday ekan, har bir tengdoshlarim, katta hayot ostonasida turgan yoshlar shu kabi nodir asarlarimizni mutolaa qilishlari, hamda uning mazmunini yurak yuraklariga jo qilishlarini juda-juda istar edim. Shundagina hayot yo’llarimiz charog’onlashib, ma’naviy boyliklarimiz yanada sayqallanib boraveradi.

 Shahriniso Farhodova.

 O’zMu jurnalistika fakulteti talabasi.

You may also like...

8 Responses

  1. Juda ham dolzarb mavzuni yoritibsiz Shahriniso. Maqolangizni o’qib juda hursand bo’ldim. Aytganingizdek hozirgi kunda soxta sevishganlar juda ko’pligi achinarli hol albatta. Bu mavzuda mushohada yuritishning o’ziyoq hozir ham haqiqiy sevgi bormikin degan savol paydo bo’ladi. O’tgan kunlar romanini qancha o’qisam ham yana o’qigim kelaveradi. Chunki bu asarda xaqiqiy sevgi tarannum etgan. Ming afsuslar bo’lsinki bugungi kunda Otabek va Kumush kabi sevgi qissalari faqat roman va asarlarda namoyon bolmoqda.

  2. Sevgi…
    Bu tuyg’uni har kim har xil tushunadi. Kimdir sevgiga ishonsa, yana kimdir unga ishonmaydi. Inson ruhiyati bir-biridan farq qilganidek, ularning sevgisi ham bir-birinikiga òxshamaydi. Har kim òz sevgisiga biron hislat yoki jihatni asos qilib, sabab qilib kòrsatadi. Shuning uchun ham òzining sevgi borasidagi qarashlariga tòg’ri kelmaydigan «sevgilar»ni tan olmaydi.
    Sizning fikr-mulohazalaringiz ham aynan òz qarashlaringiz va tuyg’ularingiz asosida yuzaga kelgan! Mani nazdimda, samiymiylik asosiga qurilgan sevgi, sevgilarning buyugidir!

  3. Muhabbat — ilohiy mavzu.
    Negaki insonlar o’z baxtini muhabbatda ko’radi. Bu g’aroyib hissiyot har bir odamning hayotiga ma’no-mazmun baxsh etadi. Shuning uchun hamma unga intiladi. Uning yo’lida fido bo’lishni o’zi uchun sharaf deb biladi. Chunki muhabbat tuyg’usi kishini sirli bir olamga olib kiradi. Bu olam go’zalligi, u baxsh etadigan huzur-halovat,farog’atni ta’riflab bo’lmaydi. Shunday ekan sevgi-muhabbat mavzusi asrlar,zamonlar o’zgarmasin hech qachon qadrini yo’qotmaydi. Bugunning yoshlariga,o’g’il-qizlarimizga ruhning eng chuqur qa’ridan kelib chiqadigan muhabbat hissining yangi qirralarini kashf etish,vujudida ishqning pokiza shirin halovatini his etishi uchun aql-idrok hamrohligini tilayman. Bo’lg’usi Jurnalist qizimiz Shahrinisobonu Farhodovaning bu boradagi teran fikrlariga tashakkur bildirib qolamiz.
    Rayhona Rahimova.
    Kollej direktori.

  4. Ergasheva Nazokat:

    Maqolangiz mazmuni juda yoqdi. Mening nazarimda har kim bu maqolada yoritilgan mazmun qabilida o’z-o’ziga savol bilan murojaat qilishi kerak. Balki o’shanda bunday yurakni qora qiluvchi hodisalar kamayishi va yoki batamom tugashi mumkin.

  5. Farhodova Shahriniso:

    Fikrlaringiz uchun rahmat! Men bundan judayam baland ruh oldim. Bir so’z bilan aytganda bu hali boshlanishi mening hali sevgi borasida, yoshlarning bu yo’ldagi o’zlarini tutishi borasida yana va yana fikrlarim bor. Ustoz uni ma’qul ko’rib munozaraga qo’yganingiz uchun rahmat!!!

  6. Xa to’g’ri fikrlar…Haqiqiy sevgi bu ikki dilni Allohga bog’lashi kerak. Buni isboti bor .Ana ashi chin sevgi buladi.Unday oshiqlar birga bo’lishmasa ham Umidlari alloh boladi.Ular visolni emas Qiyomatda jannatni kutadilar.

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>