Huquqiy asos – Axborot xizmati faoliyatida muhim omil

Har bir sohaning avvalo huquqiy asoslarini puxta bilish talab etilar ekan.

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti Axborot xizmati rahbari Ilhom Xudoynazarov bu borada bizga shunday tushuntirdi:

photo_2024-03-30_20-04-40

– Axborot xizmatining huquqiy asoslarini Oʻzbekiston Respublikasining tegishli qonunlari, Prezident hamda Vazirlar Mahkamasi qarorlari tashkil etadi. Mamlakatimizda jamoatchilik bilan aloqalarni yoʻlga qoʻyish va shu maqsadda tashkilotlarda Axborot xizmatlarini tashkil etishda dastlab Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 22 sentyabrda qabul qilingan “Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining jamoatchilik bilan aloqalarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 203-qarori huquqiy asos boʻlib xizmat qilgandi. Qarorda, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari faoliyatining oshkoraligini ta’minlash, keng jamoatchilik va aholining Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarning borishi toʻgʻrisida muntazam xabardor qilish, mamlakatni demokratik yangilash va modernizasiyalashning, oshkora fuqarolik jamiyati qurishning muhim yoʻnalishi hisoblanishi qayd etilgan. Oʻtgan yillar mobaynida qarorda belgilangan vazifalar ijrosi bir qadar ta’minlandi. Ya’ni, vazirliklar, davlat qoʻmitalari, agentliklar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, xoʻjalik boshqaruvi organlari tarkibida xodimlarning umumiy soni doirasida axborot xizmatlari tashkil etildi. Internet tarmogʻida ularning veb-resurslari mavjud. Shu tariqa bugungi kunga qadar Axborot xizmatlari muayyan vazifalarni amalga oshirib kelayotir. Biror huquqiy asosga ega boʻlmasdan bunday muhim vazifalarni amalga oshirish mushkul edi. Shuni ochiq aytish joizki, mazkur qarorda belgilangan vazifalar kutilgan darajada, toʻlaqonli amalga oshirildi, deb boʻlmaydi. Nima uchun OAV toʻrtinchi hokimiyat darajasiga koʻtarila olmayapti, degan savolga koʻp omillar qatori vazirlik va idoralar Axborot xizmati faoliyatiga nisbatan e’tiborsiz munosabatni ham sabab qilib koʻrsatish mumkin. Ustozimiz ta’kidlanishicha, oʻtkazilgan tahlillar va oʻrganishlar shuni koʻrsatmoqdaki, sohada eng asosiy muammo, bugungi kunda yagona davlat axborot siyosati toʻgʻrisidagi konseptual hujjatning mavjud emasligidir. Koʻplab davlat va xoʻjalik tashkilotlari veb-saytlari, ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida axborotlar etarli darajada emasligi achinarli hol.

photo_2024-03-30_20-06-21

Mamlakatimizda Axborot xizmatlari tizimini takomillashtirish borasida muhim qadamlar qoʻyildi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 fevral kuni e’lon qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining axborot xizmatlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 125-sonli qarori sohani yanada rivojlantirish uchun huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.

Qarorda qayd etilganidek, hozirgi shiddat bilan rivojlanayotgan dunyoda axborot va bilim eng muhim milliy resurslarga, ularni yaratish va tarqatishni ta’minlovchi tizimlar esa – barqaror rivojlanishning strategik omillariga aylanmoqda. Ushbu sharoitlarda Oʻzbekistonda demokratik huquqiy davlatni va ochiq adolatli fuqarolik jamiyatini qurish, shuningdek, insonning huquq va erkinliklari himoya qilinishini ta’minlashdek strategik maqsadga erishish, davlat boshqaruvining sifati davlatning axborot, bilim va innovasiyalarga asoslangan modeliga oʻtishini ta’minlaydigan axborotni va bilimni yaratish, qabul qilish va tarqatish imkoniyatlari bilan belgilanadi. Shu munosabat bilan davlat va xoʻjalik boshqaruvi sohasida ochiqlik va shaffoflikka asoslangan samarali qarorlar qabul qilish tizimini joriy etish, axborot olishda mansabdor shaxslarning jamiyat oldidagi hisobdorligi, ochiqligi va mas’uliyatini ta’minlash zarur. Bu davlat va xoʻjalik boshqaruvi apparatining samarali faoliyat yuritishi hamda jamiyatda adolatni qaror toptirishning muhim sharti hisoblanadi. Bunda jamiyatni davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining faoliyatidan keng xabardor qilish, ularning aholi oldidagi hisobdorligini ta’minlash «Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir» degan konstitusiyaviy normani amalga oshirishning, «Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak» degan ezgu gʻoyani roʻyobga chiqarishning muhim sharti hisoblanadi.

***

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti Axborot xizmatiga amaliyotga borgan talabalarga yaqindan yordam berishayotgan aziz ustozlar – Jurnalistika fakulteti dekani Mahliyo Mirsoatovaga, dekan oʻrinbosarlari Ravshanjon Omonov va Abdunur Saidovga, Jamoatchilik bilan aloqalar va reklama kafedrasi mudiri Ramziddin Abdusattorovga, kafedra professor-oʻqituvchilari Ahmadjon Meliboevga, Shavkat Miralimovga, Toʻlqin Eshbekka, Azizaxon Hamroqulovaga, OʻzMU rektori matbuot kotibi Ilhom Xudoynazarovlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.

 photo_2024-03-30_09-51-30

Aziza VALIJANOVA,

O`zbekiston davlat jahon tillari universiteti Xalqaro jurnalistika fakulteti

“Axborot xizmati va jamoatchilik bilan aloqalar” sirtqi talim yo`nalishi 2-kurs talabasi

Вам может также понравиться...

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *