Jamoatchilik bilan aloqalar samarasi
Xalq bilan muloqot, inchunin, jamoatchilik bilan aloqalar samarali
boʻlishi uchun qandoq yoʻl tutgan ma’qul? Bu borada bizga amaliyot sirlarini oʻrgatgan Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti Axborot xizmati rahbari Ilhom Xudoynazarov fikrlarini shunday izohladi:
– Har bir tashkilotning jamoatchilik bilan aloqalarini tobora keng yoʻlga qoʻyib borish gʻoyat muhim oʻrin tutadi. Ma’lumki, odamlar qaysiki soha iste’molchisi boʻlsa, ular oʻsha soha yo tizimning jamoatchiligi hisoblanadi. Tashkilotning jamoatchilik bilan aloqalarini yoʻlga qoʻyishga xizmat qiladigan axborot xizmati avvalo oʻsha jamoatchilikni aniqlab olishi va muttasil ravishda ularning fikrlarini oʻrganib borishi lozim.
Har bir tashkilot oʻz jamoatchiligi bilan kuchli. Oʻsha kuchga amalda erishmogʻi uchun axborot xizmati birinchi galda tashkilot faoliyatiga oid axborotlarni muttasil ommaga etkazib turishi zarur. Shu bilan bir qatorda jamoatchilikning tegishli sohalar haqidagi fikrlarini oʻrganib, undan tashkilot mutasaddilarini xabardor qilib borishlari lozim. Axborot xizmatining asosiy vazifalaridan biri shu.
Odamlarning fikrlari, takliflarini oʻrganib bormagan yoki bee’tibor qoldirgan, ular bilan etarli darajada aloqa oʻrnatmagan tashkilot faoliyati zaiflashib, sustlashib qolaveradi.
Jamoatchilik bilan aloqalarda eng muhimi – haqiqatni gapirish. Agar Axborot xizmati xodimi tashkilot nomidan yolgʻon xabar tarqatsa, unga zarar keltiradi. Odamlar rost bilan yolgʻonning farqini yaxshi anglab etadilar. Qaysiki tashkilot jamoatchilik bilan aloqalarni uzviy ravishda yoʻlga qoʻymasa, uning faol jamoatchiligi boʻlmaydi. Ya’ni, odamlar uni tashkilot sifatida tan olmaydi, zarur paytda qoʻllab-quvvatlamaydi.
Jamoatchilik bilan aloqalar odamlarni ishontirish san’ati bilan amalga oshiriladi. Ishonchga qanday erishiladi? Buning usuli oddiy. Ya’ni, odamlarga e’tiborli boʻlish, ularga berilgan va’daning ustidan chiqish, ishini amalda koʻrsatish, soʻzini isbotlash orqaligina xalqning ishonchiga sazovor boʻlish mumkin. Aytish joizki, jamoatchilik e’tiborini muttasil qozonib kelayotgan tashkilotlar talaygina. Taassufki, faoliyati haminqadar, jamoatchilik bilan aloqalari qoniqarsiz tashkilotlar ham yoʻq emas… Nazariy jihatdan olib qaralganda, piarmenning auditoriya bilan munosabatlari – uning faoliyatida asosiy yoʻnalishlardan biridir. Ushbu munosabatlar ham xalqaro va idoraviy, turli kodekslar tomonidan tartibga solinadi. Idoraviy manfaatlar bilan adolat manfaatlarini uygʻunlashgan holida koʻzlangan umumiy maqsadga erishish mumkin.
Jamoatchilik bilan aloqalar jarayonida tashkilot ham oʻz faoliyatining samarasini oshirish maqsadida Axborot xizmati orqali axborot tarqatib borishi muhimdir. Bu axborot maqsadli ravishda amalga oshiriladi.
Axborot xizmati xodimlari oʻz faoliyatini talab darajasida amalga oshirish uchun avvalo tashkilotining jamoatchiligini yaxshi bilishi zarur. Tegishli qonunlar va hukumat qarorlarini oʻrganishi lozim. Sohaga oid ilmiy-ommabop adabiyotlar bilan muttasil tanishib borishi, mutaxassislar fikrini e’tibor bilan oʻrganishi taqozo etiladi. Qaysiki Axborot xizmati xodimi oʻsha soha sirlarini qanchalik puxta egallasa, bu mavzuda xalq bilan muloqotda mutaxassislar qatori fikrlasha olsa, demak, u oʻziga yarasha etuk mutaxassis hisoblanadi.
***
Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti Axborot xizmatiga amaliyotga borgan talabalarga yaqindan yordam berishayotgan aziz ustozlar – Jurnalistika fakulteti dekani Mahliyo Mirsoatovaga, dekan oʻrinbosarlari Ravshanjon Omonov va Abdunur Saidovga, Jamoatchilik bilan aloqalar va reklama kafedrasi mudiri Ramziddin Abdusattorovga, kafedra professor-oʻqituvchilari Ahmadjon Meliboevga, Shavkat Miralimovga, Toʻlqin Eshbekka, Azizaxon Hamroqulovaga, OʻzMU rektori matbuot kotibi Ilhom Xudoynazarovlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Aziza VALIJANOVA,
O`zbekiston davlat jahon tillari universiteti Xalqaro jurnalistika fakulteti
“Axborot xizmati va jamoatchilik bilan aloqalar” sirtqi talim yo`nalishi 2-kurs talabasi
Сўнгги фикрлар