Jamoatchilik bilan aloqalar – taraqqiyot mezoni

Boʻlgʻusi axborot xizmati xodimlari hisoblanmish talabalar bu soha

sirlarini puxta oʻzlashtirishlari zarur.

photo_2024-03-30_20-05-19

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti Axborot xizmati rahbari Ilhom Xudoynazarov soha amaliyotini oʻrgatar ekan, bizga shunday saboq berdi:

– Jamoatchilik bilan aloqalar, xalq bilan muloqot muhim ijtimoiy institutga aylanmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2017 yil 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlariga yoʻllagan tabrigida ta’kidlanganidek, “Xalq bilan muloqot, odamlarning orzu-intilishlari, dardu tashvishlari bilan yashash davlat siyosati darajasiga koʻtarilayotgan bugungi kunda har bir ommaviy axborot vositasi chinakam muloqot maydonchasiga, erkin fikr minbariga aylangan taqdirdagina biz oʻz oldimizga qoʻygan maqsadlarga erisha olamiz”1. Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi qonunida Axborot xizmatlarining huquqiy asosi mustahkamlandi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 17 fevralda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining axborot xizmatlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 125-qarorida davlat va xoʻjalik boshqaruvi sohasida ochiqlik va shaffoflikka asoslangan samarali qarorlar qabul qilish tizimini joriy etish, axborot olishda mansabdor shaxslarning jamiyat oldidagi hisobdorligi, ochiqligi va mas’uliyatini ta’minlash vazifalari belgilab berildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 iyundagi “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori mazkur sohani yanada rivojlantirishda gʻoyat muhim qadam boʻldi. Demak, yuqorida qayd etilgan qonun, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari axborot xizmatlarining huquqiy asosi hisoblanadi.

Mazkur qonun va qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti Jurnalistika fakultetida, Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikasiya universitetida, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida, Qoraqalpogʻiston davlat universiteti Jurnalistika boʻlimida “Axborot xizmatlari” fani oʻqitilayotgani ayni muddaodir. Boʻlgʻusi jurnalistlar jamoatchilik bilan aloqalar (PR) fani nazariyasi va amaliyotini, Axborot xizmatini maxsus kurs orqali oʻrganish bilan bir qatorda respublika etakchi tashkilotlari, vazirliklar, siyosiy partiyalar va boshqa idoralarning Axborot xizmatlarida mahorat sirlarini oʻzlashtirmoqdalar. Respublikamizdagi qator tashkilotlarning Axborot xizmatlarida hozirgi vaqtda mazkur oʻquv dargohidan etishib chiqqan kadrlar samarali faoliyat koʻrsatishmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 2 fevral kuni qabul qilingan “Axborot sohasi va ommaviy kommunikasiyalarni yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonida “Davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari va tashkilotlari matbuot xizmatlarining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro hamkorligi etarli darajada yoʻlga qoʻyilmagan”i qayd etilib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi zimmasiga davlat organlari va boshqa tashkilotlarga ular faoliyatining ochiqligini ta’minlashda, davlat xizmatchilariga ommaviy axborot vositalari bilan ochiq, ommaviy oʻzaro hamkorlik qilish madaniyatini singdirishda, shu jumladan, ularning Axborot xizmatlari (jamoatchilik bilan ishlash boʻyicha boʻlinmalari) faoliyatini muvofiqlashtirish va uslubiy jihatdan ta’minlash orqali koʻmaklashish vazifasi ham yuklatildi. Bu vazifalar toʻla-toʻkis bajarilishi uchun avvalo har bir vazirlik, idora, muassasa va tashkilotning Axborot xizmatlari ham mas’uldirlar.

photo_2024-03-30_20-06-54

Axborot xizmatining asosiy vazifalaridan biri – tashkilotning jamoatchilik bilan aloqalarini rivojlantirishdan iborat ekan, bunda ommaviy axborot vositalarining davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyati ustidan jamoatchilik hamda parlament nazoratini ta’minlash, davlat va jamoatchilik oʻrtasida mustahkam aloqa oʻrnatish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi. Yurtimizda OAVning samarali faoliyat koʻrsatishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlarni yaratish, fuqarolarning axborotni erkin va moneliksiz olish hamda foydalanish huquqlarini amalga oshirish, axborotning muhofaza qilinishi, shaxs, jamiyat va davlatning axborot borasidagi xavfsizligini ta’minlash yuzasidan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Sohadagi izchil islohotlar jarayonida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, barcha vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlarida axborot xizmatlari tashkil etilib, ular faoliyati davr talabi asosida yoʻlga qoʻyilmoqda. Ayni paytda bu yoʻnalishdagi ishlarni yanada samarali tashkil etish, davlat va jamoat birlashmalari axborot xizmatlari, media-tuzilmalar ishini faollashtirish, soha mutaxassislarining bilim va koʻnikmalarini muttasil oshirib borish dolzarb ahamiyatga ega.

***

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti Axborot xizmatiga amaliyotga borgan talabalarga yaqindan yordam berishayotgan aziz ustozlar – Jurnalistika fakulteti dekani Mahliyo Mirsoatovaga, dekan oʻrinbosarlari Ravshanjon Omonov va Abdunur Saidovga, Jamoatchilik bilan aloqalar va reklama kafedrasi mudiri Ramziddin Abdusattorovga, kafedra professor-oʻqituvchilari Ahmadjon Meliboevga, Shavkat Miralimovga, Toʻlqin Eshbekka, Azizaxon Hamroqulovaga, OʻzMU rektori matbuot kotibi Ilhom Xudoynazarovlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.

 photo_2024-03-30_09-51-15

Aziza VALIJANOVA,

O`zbekiston davlat jahon tillari universiteti Xalqaro jurnalistika fakulteti

“Axborot xizmati va jamoatchilik bilan aloqalar” sirtqi talim yo`nalishi 2-kurs talabasi 

Вам может также понравиться...

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *