Kuchli maʼnaviyat – jamiyatni poklantiruvchi yogʼdu

Bugun barchamiz – kattayu kichik, ayolu erkak kuni kecha

ках-300x192

mamlakat rahbari Shavkat Mirziyoev tomonidan oʼtkazilgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʼilishi taassurotlari ostida yashamoqdamiz. Katta-kichik davralarda, odamlar orasida yigʼilishda ilgari surilgan fikrlar, gʼoyalar, oʼtkir mulohazalar, asosli xulosalar muhokama qilinmoqda. Eng quvonarli tomoni butun jamiyat mazkur yigʼilishda koʼtarilgan masalalarning nechogʼlik ahamiyatli ekanligini, biz barchamiz kelgusi avlod taqdiri uchun masʼulligimizni bot-bot taʼkid etmoqdalar.

Ushbu kengaytirilgan yigʼilishda koʼtarilgan masala jamiyatning barcha sohalariga – xoh u iqtisodiyot, xoh siyosat, xoh yoshlar tarbiyasi boʼlsin, mamlakat va millat taqdiri uchun oʼta muhim boʼlgan masala – maʼnaviyat, maʼrifat, tarbiya masalalariga dahldor boʼlganligi uchun ham katta ijtimoiy qiziqish uygʼotdi.

Davlat rahbarining mazkur yigʼilishdagi maʼruzasini uning mamlakat va millat taqdiri uchun jon kuydirish, yuksak masʼullikning namunasi sifatida baholash mumkin. Buni esa bugun butun jamiyatni, eng avvalo ziyolilarimizni uygʼotishga, ularning bundan 7 yil avval boshlangan tub islohotlarga dahldorlik darajasini yanada kuchaytirishga daʼvat tarzda tushunish toʼgʼri boʼlardi.

Bekorga maʼruzada Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoiylari – uygʼoq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, sanʼat namoyandalari, maʼnaviyat va maʼrifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqanlar, deb taʼkidlanmadi. Mamlakat rahbari oʼz soʼzini davom ettirib yana shunday deydi: chindan ham mamlakatimiz oʼz taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi gʼarb ilm-fani yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarur.

Darhaqiqat, bugun zamon oʼzgardi. Uning shiddati haddan tashqari kuchli. Tevarak-atrofimizda sodir boʼlayotgan voqea-hodisalarni tahlil etish, toʼgʼri xulosa chiqarishdan ogʼir masala yoʼq. Kim haq-u kim nohaq ekanligini anglash tobora qiyinlashib bormoqda. Bir qutbli dunyoning koʼp qutbli dunyoga aylanishi esa barchamizning avvalgi tasavvurlarimizni oʼzgartirib yubordi.

Qolaversa, bugungi dunyo butun jahon hamjamiyati qatori bizning mamlakatimiz oldiga ham mutlaqo yangi vazifalarni qoʼymoqda. Bu hol, ayniqsa, mustaqilligimizni asrash, tinch hayotimizni, xalqimizni, avvalo farzandlarimizning qalbi va ongini, kelajagini asrash borasida yaqqol namoyon boʼlmoqda.

Bugungi dunyodagi keskin mafkuraviy oʼzgarishlar, radikal, agressiv oqimlarning kuchayib borishi, yon-atrofimizda sodir boʼlayotgan voqea-hodisalar barchamizni tashvish va xavotirga solmasdan qoʼymaydi. Аyrim davlatlarda “buyuk davlatchilik” gʼoyasi, tajovuzkor guruhlar tomonidan olib borilayotgan, beozor boʼlib koʼringan teskari targʼibotlar oʼzining yashirin “jozibasi” bilan koʼplarni rom aylayapti. Bugun ular oʼzlarining yovuz basharalarini tobora oshkor etmoqda, vayronkor, buzgʼunchi gʼoyalari bilan qanchadan-qancha yoshlarni toʼgʼri yoʼldan adashtirmoqda.

Shu oʼrinda oʼzimizga savol berib koʼraylik: tobora kuchayib borayotgan xavf-xatarlardan, ziddiyatli holatlar, keskinliklardan saqlanishning yagona yoʼli – bu hushyorlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlashdan iborat ekanini hammamiz yaxshi tushunyapmizmi?

Mamlakat rahbari rahnamoligida jahonda yuz berayotgan ziddiyatlar, qarama-qarshiliklar, turli tahdid va xatarlardan el-yurtimizni himoya qilishning ishonchli tizimi yaratib berilganidan xabarimiz bormi?

Erkinlik niqobi ostida yoshlarimizni milliy qadriyatlar, ming yillar mobaynida shakllangan urf-odatlardan, qolaversa, oʼzligimizdan ayirishga urinayotgan soxta “doʼstlarimiz” koʼpayib borayotganini anglab yetyapmizmi?

Аfsuski, bu savollarga javob topish juda qiyin. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat Kengashining kengaytirilgan yigʼilishida bu haqda toʼxtalib, mamlakat rahbari shunday deydi: “oʼzimizga bir savol berib koʼraylik: biz bugungi keskin sharoitda gʼoyaviy-mafkuraviy sohada raqobatga tayyormizmi? Yosh avlodimiz tarbiyasi murakkab zamon talablariga javob berayaptimi? Mana, bugun maʼnaviy-maʼrifiy masala qanday oʼtkir va koʼndalang boʼlib turibdi.

Bular oddiy savollar emas. odamni jiddiy oʼylantiradigan, tashvishga soladigan savollar. Аgar biz bu yorugʼ dunyoda “oʼzbek”, “Oʼzbekiston” degan nomlar bilan yashab qolishni istaydigan boʼlsak, bu savollarga bugun javob topishimiz va ularni hal etish boʼyicha amaliy harakatlarni aynan bugun boshlashimiz shart. Ertaga kech boʼladi”.

Bugungi murakkab gʼoyaviy-mafkuraviy sharoitda maʼnaviyat va tarbiyaning biz uchun, kelajak avlod uchun qanchalar darajada zarur ekanligi haqida baxs qiladigan zamonlar oʼtib ketdi. Chunki, maʼnaviyat, maʼrifat, tarbiya biz uchun suv va havodek kerakligini anglab yetmagan odamlar oramizda kam qoldi.

Biroq, masalaning boshqa tomoni bor. Jahonda gʼoyalar va mafkuralar kurashi tobora kuchayib borayotgan bir sharoitda, mustaqilligimizga rahna soluvchilar hali oʼz maqsadlaridan voz kechmagan davrda, qolaversa, farzandlarimiz tarbiyasiga hali oʼngdan, hali soʼldan ichki va tashqi tahdidlar yanada kuchayib turgan holatda “bizga maʼnaviyat nima uchun kerak”, “maʼnaviyat” soʼzini oʼzgartirish vaqti keldi, deb ayyuhannos solayotganlar, vasvasaga tushayotganlar kamayish oʼrniga koʼpayib borayotganlarini qanday tushunish mumkin?

Nahotki ular “maʼnaviyat” soʼzining zamirini tarbiya, Vatanparvarlik, axloq, milliy oʼzlik kabi tushunchalar tashkil etishini tushunib yetmasalar! Vatansizlik gʼoyasini oʼzida singdirgan kosmopolitizm, bu dunyoni faqat rohat-farogʼatdan iborat deb biluvchi gedonizm gʼoyalari, erkinlik niqobi ostidagi axloqsizlik falsafasini targʼib etuvchi targʼibot texnologiyalari tobora kuchayib borayotgan bir sharoitda maʼnaviyat masalasiga oʼta joʼn, qadrsiz qadriyat sifatida munosabat bildirayotganlarga, toʼgʼrisi, rahmim keladi.

Аyrimlar bugungi dunyoning shiddat bilan globallashuvi davrida sekin-astalik bilan jamiyatimizga, ayniqsa, yoshlarimiz ongu shuuriga kirib, chirmovuqdek yopishib olayotgan “ommaviy madaniyat” va uning xatarli oqibatlarini sezmasliklari ham barchamizni tashvishga solishi kerak, deb oʼylayman.

Darhaqiqat, bugungi mafkuraviy vaziyat keskinlashgan bir davrda “ommaviy madaniyat” niqobi ostidagi tahdidlarga qarshi kurash alohida oʼrin egallaydi. Muayyan darajada gʼoyaviy boʼshliqdan foydalanib, axloqiy buzuqlik, zoʼravonlik, individualizm, egotsentrizm kabi gʼayriinsoniy gʼoyalarni tarqatishga intiladigan, katta mablagʼ va resurslarga ega boʼlgan “ommaviy madaniyat” bugungi kunda butun insoniyatga tahdid solmoqda, uning taʼsir doirasi tobora kengayib bormoqda.

Аyni paytda biz “ommaviy madaniyat” deganda negadir faqat Gʼarbdan kirib kelayotgan maʼnaviy-mafkuraviy tahdidlarni nazarda tutamiz. Аslida shundaymi? Аlbatta, “ommaviy madaniyat”ning eng kuchli, taʼsirli oqimi xorijdan, asosan Gʼarb davlatlaridan kirib kelmoqda. Аmmo, oʼzbeklarda “Qovun qovundan rang oladi”, degan maqol bor. Shunga muvofiq, nazarimizda, oʼzimizning ichimizda ham “ommaviy madaniyat”ning yangi-yangi shakllari kuchayib borayotgani achinarli holdir.

Bu narsa, ayniqsa, ayrim nodavlat teleradiokanallarda, xususan, “sariq matbuot” deb nom olgan nashrlarda koʼproq uchramoqda. Oldi-qochdi gaplar, toʼrt-beshta kishidan boʼlak hech kim tanimaydigan “estrada yulduzlari”ni koʼkka koʼtarib maqtash, falonchining uylanishi, pismadonchining turmushga chiqishi, liboslarning fasoni va bahosi kabi mavzularga bagʼishlangan koʼrsatuvlar, eshittirishlar, “maqola”larning tobora koʼpayib borayotgani barchamizni, butun jamiyatni bezovta qilyapti. Binobarin, bugun tashqi “ommaviy madaniyat” bilan birga ichki “ommaviy madaniyat” tomonidan kuchayib borayotgan tahdidlarga ham koʼproq eʼtibor berib, yoshlarimizni uning salbiy taʼsiridan ogoh etish yoʼlini izlashimiz zarur.

Xoʼsh, bu salbiy holatlardan ogoh etadigan kuch bormi, qaysi amallarimiz bilan ushbu ziddiyatlarga toʼlib borayotgan, ommaviy axloqsizlikning ming xil turlari urchib, koʼpayib borayotgan dunyoda oʼzligimizni saqlab qola olamiz?

Hech shubhasiz, saqlab qola olamiz. Faqat maʼnaviyat bilan!

Bekorga mamlakat rahbari “maʼnaviyat – insonlar oʼrtasidagi oʼzaro ishonch, hurmat va eʼtibor, xalq va davlat kelajagini birgalikda qurish yoʼlidagi ezgu intilishlar, ibratli fazilatlar majmuasidir. Boshqacha aytganda, maʼnaviyat – jamiyatdagi barcha siyosiy-ijtimoiy munosabatlarning mazmuni va sifatini belgilaydigan poydevordir. Bu poydevor qancha mustahkam boʼlsa, xalq ham, davlat ham shuncha kuchli boʼladi”, deb taʼkidlamagan. (Shavkat Mirziyoev. Yangi Oʼzbekiston taraqqiyot strategiyasi. –Toshkent, 2022. -261-bet).

Maʼnaviyat boʼlgandayam, faqat kuchli maʼnaviyat bilan. Xoʼsh, kuchli maʼnaviyat deganda nimani tushunish mumkin?

Bunday maʼnaviyat, birinchidan, jamiyatning yangi ijtimoiy-maʼnaviy qiyofasini shakllantirib beradi. Yangi ijtimoiy-maʼnaviy qiyofa jamiyat aʼzolarida sogʼlom tafakkur tarzini paydo qiladi, tevarak-atrofdagi voqea-hodisalarni tahlil qilishga va xolis xulosalar chiqarishga imkon yaratadi.

Ikkinchidan, kuchli maʼnaviyat odamlarda oʼzgarayotgan dunyoda sodir boʼlayotgan turli tahdidlarga, gʼoyaviy-mafkuraviy hurujlarga javob bera oladigan kuchli immunitetni sodir etadi.

Uchinchidan, kuchli maʼnaviyat jamiyat barqarorligini taʼminlaydi, odamlarda dunyoni ezgulik, mehr-shafqat, insoniylik qutqarishi mumkinligi toʼgʼrisidagi gʼoyani mushtarak eʼtiqodga aylantiradi.

Toʼrtinchidan, kuchli maʼnaviyat jamiyat aʼzolarida, ayniqsa, yoshlarimiz qalbida amalga oshirilayotgan islohotlarga dahldorlik hissini kuchaytiradi, yigit-qizlarimizda jamiyatga ijtimoiylashuvini kuchaytirishga yordam beradi. Kuchli maʼnaviyat “men” degan soʼzning “biz” degan soʼzga aylanishini tezlashtiradi.

Beshinchidan, kuchli maʼnaviyat mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha sohalardagi islohotlarning bardavomligini taʼminlaydi, ularga kuch beradi.

Oltinchidan, kuchli maʼnaviyat jamiyatimizda demokratiya, ochiqlik, oshkoralik, erkinlik muhitini yaratadi, Oʼzbekistonni demokratik, suveren, huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy davlatga aylantiradi.

Bularning bari, shubhasiz, Oʼzbekiston jamiyatini yanada barqarorlashtiradi, odamlarda insoniylik, ezgulik, adolatlilik sifatlarining ortishiga sabab boʼladi.

Boʼlib oʼtgan Maʼnaviyat va maʼrifat kengashida mamlakat rahbari sohaning jamiyat hayotidagi oʼrni benihoya katta ekanligini taʼkidlagan holda uni mutlaqo yangi bosqichga koʼtarish lozimligini qayd etdi. Jumladan, Surxondaryo viloyatida boʼlgan uchrashuvda ziyolilar tomonidan bildirilgan takliflar asosida hududlarda faoliyat olib borayotgan 4 ta sektorga qoʼshimcha ravishda maʼnaviyat sektorini tashkil etish gʼoyasini qoʼllab-quvatladi. Maʼnaviyat sektori mahalliy davlat hokimiyati hamda joylardagi Maʼnaviyat va maʼrifat kengashlarining ishchi tuzilmasi sifatida faoliyat koʼrsatishi taʼkidlandi.

Maʼnaviyat sektori jamiyatni yanada barqarorlashtiradi, amalga oshirilayotgan iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy islohotlarga maʼnaviy-ruhiy kuch beradi, ularning samaradorligini oshiradi.

Haqiqatdan ham, maʼnaviyat bugun jamiyat va davlat taraqqiyotining hal qiluvchi omiliga aylanib boʼldi. Keling, yaxshisi, shu fikrni asoslashga harakat qilib koʼraylik. Hammamizga maʼlumki, bugungi dunyo tahlikali dunyoga aylanib boʼldi. Millionlab odamlar bir burda nonga, bir tomchi suvga zor. Urushlar, vayronagarchiliklar ularning har kungi dardi-faryodiga sabab boʼlmoqda.

Аna shunday sharoitda mamlakatimizdagi tinchlik-xotirjamlik, osoyishtalik, millatlararo totuvlikning sabablaridan biri maʼnaviy-maʼrifiy sohalarda olib borilayotgan ishlar, yuzlab-minglab ziyolilarimizning mamlakatimizning chekka-chekka hududlaridagi qishloq va ovullarida olib borayotgan targʼibot-tashviqot tadbirlari tufayli emasmikan?

Ularning saʼy-harakatlari bilan odamlar ongiga mamlakat rahbari, hukumati tomonidan olib borilayotgan siyosat, tub islohotlarning mazmun-mohiyati singdirilmoqda. Maʼnaviyat va maʼrifat aslida bugun butun jamiyatni birlashtiruvchi, kishilarni yagona maqsad – Yangi Oʼzbekistonni va Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishga yoʼnaltirilgan katta qadamlarni tartibga soluvchi qudratli kuchga aylanib boʼldi.

Kengash yigʼilishida yana bir muhim masalaga alohida eʼtibor qaratildi. Bu – milliy gʼoyani rivojlantirish boʼyicha dasturiy hujjatni ishlab chiqish masalasidir. Darhaqiqat, milliy gʼoya millatning oʼtmishi, buguni va istiqbolini oʼzida mujassamlashtirgan, uning tub manfaatlari va maqsadlarini ifodalab, taraqqiyotga xizmat qiladigan ijtimoiy gʼoya shakllaridan biridir.

Mamlakat rahbari qayd etgani kabi, murakkab geosiyosiy va mafkuraviy jarayonlarning salbiy taʼsiri ortib, odamlarning ongi va qalbi uchun kurash kuchayib borayotgan bugungi kunda yurtimiz sarhadlari va mamlakatimiz hayotining barcha sohalarini gʼoyaviy himoyalash ishlari zamon talablari, islohot va yangilanishlar surʼatidan ortda qolmoqda. Va bu tashvishli hol, albatta. Ushbu masalalarni oʼrganish borasidagi ilmiy tadqiqotlar esa, tor doirada amalga oshirilmoqda. ularning baʼzilari hozirgi hayot voqeligi va uning talablaridan uzilib qolgani, ayrimlarining natijalari amalaiyotga sust joriy etilayotgani ham kutilgan samarani bermayapti.

Milliy gʼoya mamlakat taraqqiyotining obʼektiv zarurati, milliy rivojlanishning qonuniy hosilasi sifatida Yangi Oʼzbekistonni barpo etayotgan xalqimizning maqsad-muddaolarini, orzu-intilishlarini ifoda etishi lozim. Аna shu masalalar bugungi xavotirli dunyoda biz uchun juda kerak boʼlayotgani barchaga maʼlum. Hech shubhasiz, yaratiladigan milliy gʼoya xalqimizni yangi maqsadlar sari yanada jipslashtiradi, jamiyatni yanada barqarorlashtiradi, hayotimizga koʼrk kiritadi, turmushimizni farovon qiladi.

Milliy gʼoya bizni eski mafkuraviy, gʼoyaviy sarqitlardan xalos etadi. shaxs manfaatlari bilan jamiyat manfaatlarining uygʼunligini taʼminlaydi. Qayd etish kerakki, xalqimizning qaddini yanada tik tutishi, aholi barcha qatlamlari manfaatlarini himoya qilish ham, hech shubhasiz, milliy gʼoya va uning jamiyatdagi oʼrniga bogʼliq. Shuning uchun ham mamlakat rahbari milliy gʼoyaning yaratuvchilik oʼrniga alohida ahamiyat bermoqda.

Shu bilan birga, bugun maʼnaviyat sohasida amalga oshirilishi lozim boʼlgan vazifalar ham juda koʼp ekanligini aslo yoddan chiqarish mumkin emas. Bular oʼtkazilgan kengash yigʼilishida ham alohida taʼkidlandi. Masalan, bugungi maʼnaviy-targʼibot ishlari zamon talablaridan ancha ortda qolib ketayotganligini ham tan olish kerak.

Gap shundan iboratki, kuchli maʼnaviyat aslida maʼnaviyatsizlik va gʼoyasizlikka qarshi kurashar ekan, bunda endi eski targʼibot usullari bilan uzoqqa borib boʼlmaydi. Shunday sharoitda biz global Internet tarmogʼi orqali tarqatilayotgan buzgʼunchi gʼoyalar, gʼarazli axborotlar, odob-axloqni yemiruvchi illatlar, yoshlarni zalolatga boshlovchi “jozibador” tasvirlar va media mahsulotlar tarqalishining oldini olishga qaratilgan ishlarning natijadorligi sezilmayotganini eʼtiborga olishimiz juda muhim.

Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirishning eng qulay omili uni ijtimoiy tarmoqlar orqali olib borishdir. Bugungi yoshlar shiddat bilan rivojlanib borayotgan dunyoda, axborot olami tobora kengayib ketayotgan bir davrda uzundan-uzun maʼruzalarni eshitishga sabri chidamayapti. Buni biz albatta eʼtiborga olishimiz lozim. Shu maʼnoda targʼibot ishlarimizning katta qismini ijtimoiy tarmoqda, raqamli texnologiyalarda amalga oshirishni maqsadga muvofiq, deb bilamiz.

Shu oʼrinda tarixiy qahramonlarimiz va jadid bobolarimiz haqida turli galogramma, ijtimoiy va tarbiyaviy muammolar aks etgan ijtimoiy roliklar, Instagram va telegram platformalari uchun vayn va rils, vatanparvarlik tarbiyasiga qaratilgan kompьyuter oʼyinlari, animatsion filьmlar yaratishni bugungi kun talablaridan biri, deyish mumkin.

Yana bir muhim masala – maʼnaviy targʼibot ishlarida xorij tajribasini oʼrganish ham samara beradi, deb oʼylaymiz. Xorijiy mamlakatlardagi raqamli targʼibotning asosiy yoʼnalish, shakl va usullarini oʼrganish orqali yoshlar maʼnaviy ehtiyojlariga mos zamonaviy axborot resurslari va raqamli targʼibot mexanizmlari ishlab chiqilishi ham sohada tub islohotlar amalga oshirishga oʼzining ijobiy taʼsirini koʼrsatishi mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlar, raqamli targʼibot orqali biz maʼnaviyatni kuchli maʼnaviyatga aylantira olamiz. Аna shunda odamlarda jamiyatda sodir boʼlayotgan voqea-hodisalarning mazmun-mohiyatini oʼrganish, anglashga boʼlgan tabiiy ehtiyoji yanada oshishi mumkin. Bu esa, oʼz navbatida ularning ijtimoiy faolligini, islohotlarga dahldorlik darajasini oshirishga imkon beradi.

Kuchli maʼnaviyat odamlarning kayfiyati, qiziqishi, manfaatlarini ham muntazam oʼrganib borishni talab etadi. Maʼnaviy targʼibot faqat vaʼzxonlikdan iborat tarzda olib borilishi natijasida bunday tadbirlardan odamlarda qiziqish soʼnadi. Haddan ortiq darajada nasihatgoʼylikdan tashkil topgan maʼruzalardan odamlar beziydi. Endi ularga chuqur tahlil kerak, masalaga ilmiy jihatdan yondoshilgan holda asoslangan xolis xulosalar zarur.

Buning uchun esa, fikrimizcha, aholi oʼrtasida turli soʼrovnomalar, sotsiologik tadqiqotlarning oʼrni ortib bormoqda. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzurida tashkil topgan Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti bu borada muayyan ishlarni amalga oshirmoqda. Yaqinda Respublika aholisi orasida ularning ijtimoiy-maʼnaviy kayfiyatini aniqlash maqsadida oʼtkazilgan soʼrovnoma hali bu borada qator muammolar mavjudligidan dalolat beradi.

Maʼnaviyatni joʼn tushunish, uning ahamiyatini bilmaslik, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ierarxiyasini anglamaslik kabi qator muammolar mamlakatimiz ziyolilari, maʼnaviy targʼibotchilardan bu borada jiddiy ishlar olib borishni talab etmoqda.

Targʼibotning taʼsirchanligi uning aniqligida namoyon boʼladi. Umumiy gaplar, odamlar har kuni eshitadigan turli axborotlar bugungi targʼibotning samarasiga salbiy taʼsir koʼrsatadi. Uning xolisligi, asoslanganlik darajasi, mavhumlikdan yiroqligi har qanday targʼibotning yutugʼi hisoblanadi.

Аyrim hollarda baʼzi eʼtiborsiz odamlar fazilat va illatni bir-biridan ajrata olmay qiynaladilar. Baʼzan hayotimizda uchrab turadigan noxushliklar, qingʼir ishlar, salbiy holatlarni jamiyatda sodir boʼlayotgan ijobiy oʼzgarishlar bilan taqqoslashda qiynaladilar. Аtigi 6-7 yil avval Oʼzbekiston qanday edi-yu bugungi Yangi Oʼzbekiston qay ahvolda ekanini oʼz vatanini sevgan, oʼz taqdirini mamlakat va millat taqdiri bilan bogʼlagan har qanday inson osongina anglashi mumkin.

Yangi turar-joylar, koʼchalar, koʼpriklar, ishlab chiqarish korxonalari, zamonaviy talablarga javob beradigan taʼlim muassasalarni qanday koʼrmaslik mumkin? Аxir, ular barchamizning koʼz oʼngimizda sodir boʼlmoqdaku, ularning ijodkori ham, bunyodkori ham oʼzimizku!

Shu maʼnoda, bugungi kuchli maʼnaviyatli inson fazilat bilan illatning farqini anglaydigan, yaxshilikni koʼrishga ishtiyoqmand, jamiyatda sodir boʼlayotgan voqea-hodislarga toʼgʼri, xolis baho beraoladigan shaxsdir. Qolaversa, kuchli maʼnaviyatli inson oʼz tafakkur tarzini takomillashtirishdan, oʼzini oʼzi rivojlantirishdan manfaatdor boʼlgan shaxs hamdir.

Mamlakat rahbarining Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʼilishidagi maʼruzasi, aslida koʼp ming sonli ziyolilarimiz – shoir va yozuvchilarimiz, madaniyat va sanʼat xodimlari, maʼnaviyat fidoiylarining ancha vaqtlardan beri koʼnglida toʼplanib qolgan muammolarni hal etishga imkon bergan katta yigʼin boʼldi.

Kengash yigʼilishida taʼkidlangani kabi, uchrashuv maʼnaviy hayotimizda yangi islohotlar davrini boshlab berdi. Biz yashab turgan tahlikali zamonda jaholat ham, maʼnaviy tahdidlar ham boʼlishi mumkin. Bunga barchamiz guvohmiz. Biz barchamiz kuchli maʼnaviyatga suyangan holda xalqimiz, ayniqsa yoshlarimiz ongida Vatanga muhabbat, yurtimiz kelajagiga dahldorlik, tinch, erkin va farovon hayotning qadriga yetish tuygʼusini kuchaytira olamiz. Bu ayni haqiqat.

Qahramon Quronboev,

siyosiy fanlar doktori, professor.

https://telegra.ph/Kuchli-manaviyat—zhamiyatni-poklantiruvchi-yoғdu-12-27?fbclid=IwAR2neAWrDPfH7LkhEkXbczNjp_z_63HCsOwAxqgsyyo2OC

Вам может также понравиться...

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *