Muborak tonglar hali yana qaytadi…

Guliston shahrida tug’ilib katta bo’ldim.

Taqdir taqazosi bilan Oqoltin tumani Farg’ona jamoat qishloq xo’jaligiga kelin bo’lib tushdim. Toshkentda o’qiganim sabab turmush o’rtog’im bilan bayramlarda tez-tez keksa qaynotam- qaynonamlarni ko’rgani borib turardik. 1-may kuni ertalabdan qaynotamdan kutilmagan telefon qo’ng’irog’i bo’ldi. Ular qishlog’iga yaqin bo’lgan Sardoba suv ombori to’g’oni yorilib atrofdagi qishloqlarni suv bosgan ekan. Sirdaryo viloyati FFV xodimlari tezlik bilan aholini evakuatsiya qilish jarayoniga kirishishgan. Toshkentga oboradigan yo’l ko’prigi esa allaqachon suv ostida qolgan ekan. Ular Jizzahga evakuatsiya qilindilar. Baribir o’zimizni qo’ygani joy topolmasdik. Yaratganning marhamati sabab Prezidentimiz Sh. M. Mirziyoyev o’z vaqtida falokat bo’lgan hududga yetib borib rahnamoligida Sardoba suv omboridan suv sizib chiqish jarayoni to’xtatildi. Yaratganga shukr qaynotamlar yashaydigan qishloqqa suv kelmadi. Qalbim taskin topar endi desam yo’q aksincha 17000 ortiq aholini turar-joylari suv ostida qolganini ko’rib yuragim ezildi. Sardobaliklar qalbida o’tayotgan hislarni ta’riflashning iloji bo’lmasa kerak. Quvonarlisi hech kim vafot etmadi. Mohi ramazon oyida ijtimoiy tarmoqlarni «SARDOBAGA YORDAM», «SARDOBALIKLARGA SAHOVAT» kabi o’nlab xayrli aksiyalar egalladi. Oavda tinmasdan hali u viloyat yordam ko’rsatishgani, hali bu viloyat mehr-sahovat karvonini jo’natgani haqida xabar eshitib, keksayu yoshlar bu yo’lda bir tan- u jon bo’lib harakat qilayotganini ko’rib qalbim yorisha boshladi. Yaqin oylarda ich-ichimdan Sardobaliklar bu kunlarni «YOMON TUSHDEK» unutib yuborishlariga umid uyg’ondi. Va bu umidni ularga ham ulashishni istadim. Sinovli kunlarni boshidan kechirayotgan xalqimning dardiga darmon bo’lish niyatida qalb tug’yonlarimni she’rga ko’chirdim. Bir O’zbekiston farzandi sifatida xalqim bu kunlarni yengib o’tishiga, ertangi kunimiz oldingidan ham go’zal va nurafshon bo’lishiga va bu yo’lda Tangri taolo ham bizga yo’ldosh ekanligiga ishonaman. Muqaddas ramozon oyida nafaqat Sardobaliklarga balki ularga kamarbasta bo’layotgan butun O’zbekiston xalqiga Yaratgandan mustahkam sabot-u iroda so’rab qolaman.

4 1а

Bu qora kunlaringiz o’tar, Sardobaliklar

Ollohim bir imlasa oqqan daryo tinarkan,

Yaxshi ko’rgan bandasin tashvish berib sinarkan.

Sabrni yor bilganni mukofot-la siylarkan

Bu qora kunlaringiz o’tar, Sardobaliklar,

Muborak tonglar sizni kutar, Sardobaliklar.

 

Kim o’ylabdi bu ofat to’satdan kelishini,

Suvga ko’mib uyingiz bag’ringiz tilishini.

Banda to’xtata olmas Yaratganning ishini

Bu qora kunlaringiz o’tar, Sardobaliklar,

Muborak tonglar sizni kutar, Sardobaliklar.

 

Qarang, atrofingizga barchangiz sog’-salomat,

Topilajak mol-dunyo omon bo’lsangiz albat.

Ollohga shukr deysiz, ko’rsangiz ham talofat

Bu qora kunlaringiz o’tar, Sardobaliklar,

Muborak tonglar sizni kutar, Sardobaliklar.

 

Azaldan o’zbek xalqi kulfat tushsa birlashgay,

Burda non topib olsa bir-biriga ulashgay.

Qovushtirmay qo’llarin ko’mak berib qo’llashgay.

Bu qora kunlaringiz o’tar, Sardobaliklar,

Muborak tonglar sizni kutar, Sardobaliklar.

 

Karona virus xavfi hukm surgan zamonda,

Duodamiz siz uchun muqaddas ramazonda.

Tutashmoqda mustahkam dillar O’zbekistonda,

Bu qora kunlaringiz o’tar, Sardobaliklar,

Muborak tonglar sizni kutar, Sardobaliklar.

 

Mahzuna ABDURASULOVA,

O’zbekiston Milliy Universiteti Xorijiy filologiya fakulteti

2-bosqich magistratura talabasi,

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori

You may also like...

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>