Muolaja

(Hajviya)

Ostonadan hatlashim bilanoq, yozib-chizib, qog‘oz chaynab o‘tirgan do‘xtir yigit ko‘zoynagi tagidan ma’nodor tikildi.
— Xo‘sh, shikoyat…
— Oyoqdan! — dardimni dalillash uchun egilib pochamni shimarishga tutindim. — Mana, qarang…
— Shimni shimarish shart emas! — do‘xtir ko‘zoynagini qo‘liga oldi. — Demak, oyoq deng?!
Shunday desada xona sohibi negadir boshimga tikildi, so‘ng ohista homuza tortdi.
— Juda nozik joy ekan! Ha-ha, ishonavering, oyoq inson organizmida muhim tayanch vositasi. To‘g‘ri, ixtisosim oyoq emas, undan sal yuqoriroqdaku-ya… Lekin baribir oyoq…
Og‘riq zo‘ridan yuzimni burishtirishga majbur bo‘ldim.
— Do‘xtir, iltimos, oyog‘imni…
Xona sohibi ko‘zoynagini qaytadan taqdi.
— Ha, nima deyapman?! Qo‘l, qo‘ltiq, qorin emas… men ham aynan, “oyoq!” deyapman. Demak, mana bu o‘ringa o‘tirib, qo‘llarni qovushtiring. Qo‘ltiqni qashlamang. Qorinni esa oldinga chiqaring…
— Do‘xtir, axir oyoq…
Xona sohibi nihoyat o‘rnidan turib menga yaqinlashdi.
— Oyoqni davolaymiz! Siz faqat shoshmang. Shoshgan shaytonga yo‘liqadi. Muolajani boshlashdan oldin, demak, butun-diqqat e’tiborni oyoqqa qaratamiz…
— Hayriyat-e! — yengil tin oldim. — Demak, shimimni…
— Shimni shimarish shart emas. — Do‘xtir yana mendan uzoqlashib, bu safar nigohini xona derazasiga qaratdi. — Lekin gaplarimni diqqat bilan eshitishingiz shart. Aks holda, muolajamiz esh bo‘lmaydi. Mening davolash usulim esa…
Yolg‘ondan yo‘talishga to‘g‘ri keldi.
— Do‘xtir, axir oyog‘im…
— Obbo! — xona sohibi ranjiganini ifodalash uchun shasht bilan ko‘zoynagini yulqib oldi. — Shoshmang, dedim-ku! Eshitmaganmisiz, shoshgan shaqol shatta yeydi. Demak, takrorlayman, mening muolaja uslubim o‘ziga xos. Lekin kafolatli va sifatli! Davolash so‘nggida bunga o‘zingiz ham amin bo‘lasiz. Buning uchun esa, eng avvalo…
Yolg‘ondan yana yo‘talmoqchi yoki aksa urmoqchi bo‘ldim-u, ammo xona sohibining ko‘zoynak osti qarashidan tilimga tushov tushdi.
— O‘zingizni ana shunday tuting. Demak, muolajamizning debochasi oyoq haqidagi ilk tadrijiy ma’lumotlarga qaratiladi. Mamnuniyat bilan aytishim lozimki, maymunning juni to‘kilib, odam bashara bo‘la boshlagan davrdayoq oyoqqa zaruriyat ko‘proq tug‘ilgan, boshqacha aytganda, payi baquvvat, iligi to‘la bo‘lganlarga omad ko‘proq kulib boqqan. Ibtidoiy davr odamining oyog‘i…
Og‘riq har qancha azob bermasin, xona sohibining bir maromdagi mudroq bostiruvchi “ma’ruzasi”dan kipriklarimga tosh osildi. Qancha fursat o‘tdi, bilmadim. O‘zim otgan xurrakdan uyg‘onib ketdim. Xonada osoyishtalik. Devordagi osma soatning “chiq-chiq”iyu, do‘xtir yigitning so‘zlari olis-olislardan kuydek bo‘lib sizib kelardi, xolos.
— …Feodal davrga kelib, oyoqdan foydalanuvchilarni shartli ravishda ikki guruhga bo‘lish mumkin. Birinchisi, “oyoqdan kam foydalanuvchilar”. Bu guruhga yurishdan ko‘ra ko‘proq yotishni xush ko‘ruvchi boy — feodallar, quldorlar, zodagonlar, xullas, barcha yuqori tabaqa sinf vakillari mansub bo‘lishgan. Ikkinchi, ya’ni “oyoq vositasida kun ko‘ruvchilar”ga esa turgan gap qullar, qarollar, gumashtalar, oqsochlar, cho‘rilar, joriyalar…
Do‘xtirning e’tiborini o‘zimga qaratish uchun shim ustidan oyog‘imni siladim. Qo‘shimchasiga devordagi soatga ishora qildim.
— Uzr! Haligi vaqt masalasi…
Yana ko‘zoynak yulqib olinib, xona sohibi yovqarash qildi.
— Shoshmang, dedim-ku sizga! Eshitmaganmisiz, shoshgan qiz…. Undan keyin ortiqcha xatti-harakat, shimni shimarish ham shart emas.
Nachora. Qaytadan ko‘z yumishga mahkum etilganimni sezdim. Qancha mudraganimni bilmayman, osma soatning zangidan hushyor tortdim.
— Muolajamiz so‘nggida, oyoq bilan bog‘liq xalq maqollarini eslatib qo‘ysam. Masalan, “Bo‘rini oyog‘i boqadi, hadeb emaklab yurish kimga yoqadi?”, “Cho‘ponning tayog‘idan, kelgan kelinning oyog‘idan”, “Qarzni qo‘l bilan berasan, so‘ng oyoq bilan yugurib…”
Soat yana bong urdi. Xona sohibi noiloj qolgandek, jim qotdi. So‘ng xalatining etagiga shoshib ko‘zoynagini artdi.
— Bo‘ldi, vaqtimiz tugadi! Muolaja ham… Ketishingiz mumkin.
— Unda… — taajjubim yanada ortdi. — Oyog‘imning og‘rig‘i nima bo‘ladi? Axir, davolayman deb…
— Obbo, yana shoshyapsiz-a? Shoshganga shapaloq… degan naqlni eshitmaganmisiz? Ha, shimni ham shimarish shart emas. Qani, bir yurib ko‘ring-chi…
Ishonib-ishonmay xona bo‘ylab ikki-uch qadam tashladim. Yo, ajabo! Rostdanam oyog‘imda og‘riqdan asar qolmagandi. Ammo negadir bu dard boshimga ko‘chgan edi…

 M.Ochil

Muhammad Ochil,

O`zbekiston yozuvchilar uyushmasi Qahqadaryo viloyat bo`limi adabiy maslahatchisi

You may also like...

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>