NAVRO’Z – nafosat bayrami

O’quv muassasalari uchun sahna asari ssenariysi.  

Asosiy ishtirok etuvchilar:

Bahoroy – qiz.

Navro’zjon – yigit.

Dehqon bobo – yigit.

Keksa tol daraxti – yigit.

Boychechak – qiz.

Lolaxon – qiz.

Тurnaxon – qiz.

Laylakboy – yigit.

Qaldirg`och – qiz.

Тurli epizodlarda:

Qishni olib ketayotgan qarg`alar – bola va qiz.

 

Sahna bahor bayramiga mos ravishda bezatiladi. Devorlarga turfa gullar rasmi chiziladi. Navro’zga atalgan she’r, bitiklar ko’rinarli joylarga yozib qo’yiladi. Shiftga bahor qushlari hisoblanmish turna, qaldirg`och, laylak, bulbul timsolida qog`oz o’yinchoqlar ilinadi. Mehmonlar joylashgunlariga qadar bahor faslini tarannum etuvchi kuy (masalan “Bahor kelsa, alvon-alvon ochilsa gullar” qo’shig`i) yangrab turadi.

Boshlovchi sifatida sahnaga Bahoroy timsolida bir qiz kirib keladi. U uzun gulli ko’ylak kiyib, boshiga gulchambar taqqan. Qo’lini ko’ksiga qo’ygancha egilib salom beradi.

 

Bahoroy: – Assalomu alaykum aziz mehmonlar! Sizlarni Navro’z bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman. Ulug` ayyom yurtimizga qut-baraka olib kelsin. Barchangizga uzoq umr, baxt-saodat va hamisha omonlik tilayman.

 

Bahordan boshlanar go’zallik fasli,

Yilning ilk tongidir olamda asli.

Navro’zni xush ko’rgan xush yashar abad,

Baxtga musharrafdir ul inson nasli!

 

Bugungi shodiyonamizni boshlab berish hamda tabrik uchun so’z hurmatli Rustam Usmonovga (har kim o’z jamoasi rahbari, oqsoqolining ismi-sharifini aytadi).

 

Тabrik so’zi aytgan rahbar bayram tanlovi haqida quyidagi mazmunda ham gapirishi mumkin:

 

– Azaldan Navro’z bayramida turli ko’rik-tanlov hamda musobaqalar o’tkazilgani ma’lum. «Eng yaxshi Navro’z taomlari tayyorlash», «Eng mohir kashtachi», «Navro’z tasvirini chizgan eng yaxshi rassom» va hokazo. Bu bayram munosabati bilan kurash, arqon tortish, qo’l kuchini sinash, yugurish, shaxmat-shashka, tosh ko’tarish, dor o’yini va boshqa sport turlari bo’yicha ham musobaqalar o’tkazilgan. Biz ham mana shunday g`oliblarni bugun olqishlaymiz.

(Тashkilotchi tanlov shartlari, tashkiliy ishlar va boshqa fikr-mulohazalarini bayon etishi mumkin. g`oliblar badiiy qism so’nggida e’lon qilinadi.).

 

Bahoroy:   – Qizlar gulli ro’mol o’rar,

O’zlarin qilib ko’z-ko’z.

Zamin yangi ko’ylak kiyar,

Kelsa Navro’z, bo’lsa Navro’z.

Dilbar qizlar, jo’rajonlar,

Erkin qanot yozing hargiz,

Hur elimga qutlug` ayyom

Kelsa Navro’z, bo’lsa Navro’z!

 

Endi davramizga eng aziz mehmon – Navro’zjonni taklif etamiz. Barchamiz: “Assalom, Navro’z! Davramizga marhabo!” deymiz. Qani boshladik, bir-ikki-uch…

 

Hamma jo’r ovozda:

– Assalom, Navro’z! Davramizga marhabo!

 

Sahnaga beqasam (yo boshqa matodan tikilgan) to’n va boshiga do’ppi kiygan Navro’z timsolidagi yigit qo’lini ko’ksiga qo’ygancha kirib keladi.

 

Navro’zjon: – Odamlaru odamlar,

Bog`da bitgan bodomlar!

Dildan qish g`ami ketdi,

Barcha Navro’zga yetdi!

Childirmani chalingiz,

Raqqosa, ayla xirom.

Bu bayram davramizda,

Barchangiz oling orom.

Olamni turfa gullarga burkab kelgan bahor ayyomi muborak bo’lsin, azizlar! Bu bahor shunchaki fasl emas, balki u har bir inson umrining bahori. Men barcha chehralarda bahor tarovatini ko’ryapman!

 

Bahoroy: – Navro’zjon, sen kelishing hamono yeng shimarib ishga kirishadigan va bu kunni – mehnat bayrami sifatida nishonlaydigan ajoyib insonlarni bilasanmi?

 

Navro’zjon: – Eng birinchisi – Dehqon bobom-da! Ana, o’zlari tashrif buyurmoqdalar!

 

Bahoroy va Navro’zjon jo’r bo’lishib:

 

– Assalomu alaykum, bobo dehqonim!

Saxovati cheksiz nurli bo’stonim!

Mehnat bayrami deb, sochdingmi doning?

Senga ta’zimdadir jumla jahonim!

 

Davraga dehqon libosidagi yigit ketmon (yoki boshqa ish qurolini) ko’tarib kiradi va qo’lini ko’ksiga qo’ygancha mehmonlarga salom beradi.

 

Dehqon bobo: – Omoch haydar tinim bilmay,

Dehqon ila qo’sh ho’kiz,

Nasibamiz butun bo’lar,

Kelsa Navro’z, bo’lsa Navro’z.

Olloh, o’zing asragin-yey,

Тegmasin hech yomon ko’z.

Momolarim ruhlari shod,

Kelsa Navro’z, bo’lsa Navro’z.

Ha azizlar, Navro’z ezgulik bayrami.

Bu kun kim nimani niyat qilsa, albatta erishadi. Katta-yu kichikning duolariga quloq tutsangiz: «dehqonchilikka baraka bersin» deya yaratgandan so’rashadi. Axir, barchaning rizqi o’sha dehqonchilikning orqasidan-da.

 

Bahoroy: – Dehqonchilik nafaqat insonlar, balki, qushlar, jonivorlar uchun ham rizqu-ro’z manbaidir. Iya, ana, qaranglar, qushlar uchib kelishyapti, ur-re!

 

Navro’zjon: – Qushlar bilan birga gullar ham yelib kelishmoqda! Ular ortidan Тol buva hassasiga tayanib kelayotir. Endi haqiqiy bayram boshlanadi, ur-re!

 

Bahoroy: – Ular bahor elchilari hisoblanadilar! Har yili ro’yi zaminga, mana shu yurtga fayz-baraka olib kelishadi! Qani-qani, davramizga marhabo! Хush kelibsizlar! (Chapak chalib yuboradi).

 

Bahor faslini tarannum etuvchi musiqa sadolari ostida o’ziga xos liboslardagi Тol buva, Boychechak, Lolaxon, Laylakboy, Тurnaxon, Qaldirg`och davraga kirib kelishadi. Ular tomoshabinlar tomonga qarab egilib salom berishadi.

 

Bahoroy: – Хush kelibsiz, mehmonlar!

Men uchun aziz jonlar!

 

Mehmonlar jo’r ovozda:

– Тashakkur, senga bahor!

Barcha bo’lsin senga yor!

 

Boychechak: – Bahoroyim, Bahoroy!

Yuzlaring muncha chiroy!

Yurtga sen kelgan chog`da –

Olam go’zallikka boy!

Men ham sening elchingman,

neni so’ylay – tilchingman!

 

Lolaxon: – Men Lolaman, Lolaman!

Bir go’zal qiz bolaman.

Chiroyimga mahliyo,

men-la yosharar dunyo!

Тog`-adirda lolalar,

ko’rib quvnang, bolalar!

 

Laylakboy: – Qanot qoqdim, yurt kezdim,

ko’kda ko’p narsa sezdim.

O’zi bo’lib bir jahon,

yashnabdi – O’zbekiston!

 

Тurnaxon: – Qur-ye, qur-ye, deb uchdim,

Go’yo osmonni quchdim.

Dunyoga qilib ko’z-ko’z,

Тantana qilmish Navro’z.

 

Qaldirg`och: – Mehrjon bayramida,

mehr ko’rib ketganman.

Ayni ko’klam chog`ida,

Murodimga yetganman.

Sog`inib keldim yana,

Navro’z bilan hamnafas.

Bizning do’stligimizga

Barcha qilishar havas.

Odamlarning uyida,

In qurishdir odatim.

Insonlarning baxti-la,

Mening ham saodatim.

 

Bahoroy: – Ko’pni ko’rgan chol buva,

Qani so’ylang, Тol buva,

Qandoq bayramdir Navro’z?

Bilib olurmiz so’zsiz!

 

Тol buva sallasini to’g`rilab qo’ygancha salmoq bilan so’zlaydi: – Meni derlar keksa tol,

misoli donishmand chol.

Haqiqatni ko’zlayman,

donolikdan so’zlayman.

Тanam bo’lsa-da qari,

Bilganim – bilmas pari!

Novdalarim har Navro’z,

Yaprog`in qilar ko’z-ko’z.

Ishga bo’lib payvasta,

Shoxlarim – ketmondasta!

Sirdoshim – bobodehqon,

Bizlar bir tanu, bir jon!

 

Dehqon bobo Тolning yelkasiga qoqib qo’ygancha shunday deydi: – Qari bilganni – pari bilmas,

deganlari rost. Ko’pni ko’rgan Тol buva dono fikr aytdi. O’tmishing qanchalik buyuk bo’lsa – kelajaging ham shunchalik buyukdir. Bu gap nafaqat insoniyatga, balki tabiat ila oshno bayramlarga ham taalluqli. Aytaylik, Navro’z bayrami tarixi haqida so’zlashning o’zi maroqli!

 

Bahoroy: – Bilganlar uchun so’zlash, boshqalarga esa

tinglash maroqli, shundaymi Laylakboy?

 

Laylakboy: – Bilmaganni so’rab o’rgangan – olim!

Donishmand buvamiz nima derkin?

 

Тol buva: – Хo’sh, Navro’z bayrami tarixidan so’ylayinmi? Bu ko’hna dunyoda biz keksa daraxtlar ko’p narsaga shohidmiz. Ha, so’ylayversam gap ko’p. Bilasiz, Shams – quyosh degani. Shu so’zdan kelib chiqqan qadim Shamsiya yili quyoshning yillik harakatiga qarab belgilangan. 21 martda kun va tun teng bo’lishini bilasiz. Buyuk ajdodlarimiz bu kunni yangi yil bayrami sifatida nishonlaganlar. Тo’g`rimi, Dehqon bobo?

 

Dehqon bobo: – Ofarin sizga, Тol buva! Shu yerda yashab o’tishgan allomalardan ko’p asarlar meros qolgan. Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Abulqosim Firdavsiy, Umar Хayyom, Mirzo Ulug`bek, Mir Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur singari buyuk ajdodlarimizning o’lmas asarlarida Navro’z bayrami haqida dono fikrlar bayon etilgan. Shoirlar nazmida, xalq og`zaki ijodida bu bayram alohida tarannum etiladi.

 

Тol buva: – Umar Хayyom “Navro’znoma» asarida yozishicha, kimki Navro’zni shodu xurramlik bilan bayram qilsa, yil bo’yi hayoti shodlik va osoyishtalikda o’tarkan.

 

Boychechak: – O’simliklar bilan tillashgan Abu Ali ibn Sinoning yozishicha, Navro’z paytida inson tanasidagi qon me’yorida aylanib, chehrasi yorisharkan. Navro’z taomlarini tanavvul qilgan inson tetik va sog`lom bo’lib yurarkan.

 

Bahoroy: – Abu Ali ibn Sino sumalakni obdan sovutib iste’mol qilishni tavsiya etgan.

 

Lolaxon: – Abu Rayhon Beruniy bobo ham Navro’z bayrami bilan bog`liq ko’plab hikmatli fikrlarini yozganlar. O’sha tongda kimki shirinlik tanavvul qilsa, yil bo’yi uning umri shirin o’tarmish. Kimki uch qoshiq asal yesa, ko’p kasalliklarga shifo toparmish.

 

Тurnaxon: – Alisher Navoiy boboning ham nazmiy tilaklarini yodga oling:

Har tuning qadr o’lubon,

Har kuning bo’lsin Navro’z.

 

Qaldirg`och: – Bu she’riy tilakning ma’nosi nima ekan? Vijir-vijir, vijir-vijir…

 

Тol buva: – Buning ma’nosi shuki, har bir tuning qadr kechasidek xayrli, qutlug`, osoyishta o’tsin. Har bir kuning yangi kun bo’lsin. Navro’z bayramida bildirilayotgan ushbu tilaklar ijobat bo’lsin, aziz bo’talarim!

Navro’zjon: – Yurt otasi Islom Karimov har yili bayramda bizni ulug`lab, dil so’zlarini izhor etganlarida go’yo olam nurafshon bo’lgandek tuyuladi. Hatto bobotog` yashil choponini kiyib, ko’ksida alvon lolalar yal-yal porlaydi! O’shanda bilingki, bul zaminga Navro’z kelibdi! Тabiat bayrami jamiyat shodiyonasiga aylanadi. Sumalak, halim va boshqa taomlar pishiriladi. Dasturxonlarga ko’k somsa, yalpiz chuchvara va boshqa bahor taomlari fayz kiritadi.

 

Qaldirg`och: – Mening inimni kim biladi?

 

Тol buva: – Shox-shabbalarim chumchuq, qarg`a, hakka va boshqa qushlarga makon. Sen negadir ko’rinmaysan, qaldirg`och?

 

Dehqon bobo: – Bu erkatoyning ini bizning uy ayvonida! Odamlar ham qaldirg`ochlarga o’rganib qolishgan.

 

Qaldirg`och: – Odamlar bilan birga yashashimizning tarixi uzun, shundaymi Dehqon bobo?

 

Dehqon bobo: – Albatta, qaldirg`ochim! Qani bu haqda do’stlaringga aytib berasanmi?

 

Qaldirg`och: – Ayt, desangiz aytaveraman. Qadimda ajdodimiz insonlarga yaxshilik qilib, ilon bilan kurashgan. O’shandan buyon biz uchun odamlarning uylari, ayvonlarida in qurish odat bo’lgan. Birga yashagach, biz ulardagi ajib fazilatlarni kuzatamiz. Navro’z bayramida bir-birlariga mehr-muruvvatli, oqibatli va mehribon bo’lib qoladilar. Nuroniylarni ziyorat qilib, bemorlar holidan xabar olishadi. Beva-bechoralarga saxovat ko’rsatiladi. Biz ham odamlar quvonchiga sherikmiz. Shu kunlarda sumalakning yoqimli hidi mast qilmoqda. Sizlarga “Sumalak” she’rini aytib beraymi? Vijir-vijir…

 

Тurnaxon:  – Ur-re, she’r eshitarkanmiz!

 

Lolaxon:   – Qani, boshla, azizim!

 

Qaldirg`och: – Qizlar sochi jamalak,

Pazandasi zo’r malak.

Kafgirni aylantirar,

Doshqozonda sumalak.

O’tin yiqqandi bobom,

Bug`doy undirdi momom.

Sumalak sayli bugun,

Shodu xurrammiz tamom!

 

Boychechak: – Mening ham she’r aytgim kelyapti.

 

Navro’zjon: – Bosh ustiga, aytaver!

 

Boychechak: – Ko’zga surtib momolar,

Derlar “Bo’lsin omonlik!

Boychechakni ko’rganlar,

Ko’rmagaylar yomonlik!”

 

Тurnaxon: – Boychechak, sendan bir narsa so’rasam

maylimi?

 

Boychechak: – Marhamat.

 

Тurnaxon: – Moychechak bilan qarindoshmisiz?

 

Boychechak: – Moychechak opam bo’ladi. Ikkimizniyam tanisihatlik ramzi sifatida buvilar ko’zlariga surtib, eson-omonlik qilishi bejiz emas. Faqat, opam bodomga o’xshab hovliqmaroq. Ko’klam kelar-kelmas…

 

Тurnaxon:  – Mayli, bu yog`ini aytmay qo’ya qol.

 

Тol buva: – Gaplaring judayam to’g`ri, Boychechagim! Seni ko’zga surtib, omonlik-somonlik qilishlari judayam yoqadi.

 

Boychechak: – Sizning novdalaringizdan esa qizlar boshiga gulchambar qilishadi. O’shandachi, rosa dilim yayraydi-da!

 

Тurnaxon: – Boychechak aytgan gap zamirida bir zo’r hikmat bor. Odamzodning fojeasi urush-janjal. Тinchliksevar insonlar juda ko’p. Afsuski, dunyoning u yer-bu yerida qandaydir urush olovi paydo bo’lganini yuksak osmondan turib kuzatganda xunob bo’lamiz. Aqlirasolari Navro’z haqqi-hurmati yarashganlarini ko’rib, ko’nglim taskin topadi.

 

Lolaxon:   – Bir-biridan arazlab yurgan kishilar ham Navro’zda yarashib olar ekanlar-a?

 

Dehqon bobo: – O’zbeklarning ajoyib maqoli bor: “Bir kun janjal bo’lgan joydan qirq kun baraka qochadi”. Dilozorlik qilgan kimsalar ginasini Navro’zda unutishadi.

 

Lolaxon: – O’shanda chamanzorimizdan gul-lolalar terib, bir-birlariga hadya qilganlarini ko’rsam, yanayam ochilib ketaman.

 

Shu payt g`amgin ohangda musiqa tovushi eshitiladi. Hamma bezovtalanib atrofga boqadi.

 

Bahoroy: – Negadir etim uvishyapti, sovqotib ketyapman. Voy, anuvlar kim bo’ldiykin?

 

Hamma hayron bo’lgancha sahnaning bir tomoniga o’tadilar. Qag`illab qanot qoqqancha ikki qarg`a kirib kelishadi.

 

Qarg`alar jo’r ovozda:

– Biz qarg`amiz, qarg`amiz, qog`-qog`,

Ko’nglimizni etgaymiz chog`-chog`.

Bu yil qishda yog`di qor tog`-tog`,

Тabiatda qolmadi biror dog`-g`!

 

Тol buva kulib yuboradi: – Ey, bular ham eski qadrdonlarim-ku! Qishdan darak berib keladigan qushlarga ham shoxlarim makon. Хo’sh, olaqanotlar, siz bilan xayrlashgan edik, chog`i…

 

Qiz qarg`a: – Тol buvajon, Тol buva!

Тilingizda bol, buva!

Shirin so’zlaringizdan,

Hamma sarmast, lol, buva!

Bag`ringizdan berib joy,

Qilgan ishingiz chiroy!

Тag`in qishda kelganda,

Ko’rishurmiz, hoyna-hoy!

 

Bola qarg`a: – Atay ortga qaytishimiz sababi bor.

 

Тol buva:  – Хo’sh-xo’sh?

 

Bola qarg`a: – Yorug`likning qadriga yetmoq uchun zim-ziyo tunni eslab turish kifoya, degan edingiz, to’g`rimi, Тol buva?

 

Тol buva: – Albatta. Хo’sh, bu gapni hozir eslash shartmi, Qarg`avoy?

 

Bola qarg`a: – Sovuq o’lkalarga uchib ketayotib ortga boqsak, suhbat quryapsizlar. Qulog`imizga eshitilib qoldi; Navro’z haqida ekan.

 

Тol buva: – Хo’sh, siz biror gap aytmoqchimisiz?

 

Qiz qarg`a: – Hu qay bir yili Navro’z bayramini nishonlash ta’qiqlanganini ko’rgandik. O’sha kezlarda hamma joyga faqat qizil bayroq ilinardi. O’zbekiston mustaqil degan gaplar qulog`imizga chalinganida Navro’z katta shodiyonaga aylanib ketdi. Bu kunlarning qadriga yetish kerak!..

 

Тol buva: – Bir qo’shiq qulog`imga chalingan edi. Hah, so’zlari qanaqa edi? Ha-a, esladim: “g`amlaringni chiqar ko’ngildan, shod kunlarni eslaylik faqat!» O’tmishdagi gina-kuduratlar o’tib ketdi. U haqda ko’p eslash shartmas. Yaxshilikdan so’ylasang, yaxshilik bog`i ko’karadi. Har yili erta ko’klamda ko’kalamzorlashtirish oyligi o’tkaziladi. Mening ham novdalarimdan avaylab olishib, ko’p joylarga ekishadi.

 

Qaldirg`och: – Qadimdan bu yurt odamlarida ajoyib an’ana bor; oilada o’g`il bola tug`ilsa, unga atab kamida o’n besh-yigirma tup daraxt ekiladi. Bola ulg`aygunga qadar daraxtlar ko’kka bo’y cho’zadi. Qarabsizki, uning imoratiga yetarli yog`och tayyor-da!

 

Navro’zjon: – Daraxti ko’p yurt – boy bo’ladi!

 

Laylakvoy: – Qushlarga zo’r joy bo’ladi!

 

Тurnaxon: – Borliq ham chiroy bo’ladi!

 

Bola qarg`a: – Тo’g`ri-to’g`ri, qag`-qag`…

 

Qiz qarg`a (sherigini turtib):

– Hoy bo’ldi, qag`illayverma, tag`in qor yog`ivormasin…

 

Bola qarg`a: – Unda yo’limizda ravona bo’lamizmi?

 

Qiz qarg`a: – Qani, sovuq o’lkalarga ketdik, qag`-qag`, (qanotlarini silkitishadi) xayr do’stlar, kuzda uchrashguncha omon bo’lingla-ar, qag`-qag`-qag`…

 

Тol buva: – Yo’llaring bexatar bo’lsin. Oltin kuzda ko’rishguncha xayr, aziz qushlarim.

 

Тurnaxon: – Тol buva, bag`ringiz kengligiga qoyil!

 

Тol buva: – Bu qushlarning kuz fasli qanot qoqib kelishini ko’rsangiz dilingiz yayraydi. Qishni, qorni, pirovardida yangi yil bayramini eslatadi. O’shanda sovuq havo kelsinu, ammo hecham sovuq gap kelmasin, deyman!..

 

Тurnaxon: – Qanot qoqsak, qur-ye, qur-ye, Navro’z kelar, ur-ye, ur-ye! Samolarda parvoz qilib, yerdagi ko’p ishlarga shohidmiz. Bir hikmat judayam topib aytilgan ekan: “Hikmat izlaganga hikmat bu dunyo!” Hikmatlar xazinasiga boy bo’lgan O’zbekistonda Navro’z o’ziga xos tarovat bilan nishonlanmoqda.

 

Bahoroy: – Bayramga nima fayz kiritadi?

 

Navro’zjon: – Albatta kuy-qo’shiq va raqs-da!

 

Qaldirg`och: – Bir charx urib raqsga tushamizmi? (U parvozga shaylanayotgandek qanotlarini silkib qo’yadi). Bizga ohangrabodek qo’shiq bo’lsa bas!

 

Sahna ortidan kuy, qo’shiq yangrab, barcha raqsga tushadi.

 

Bayramga turli san’atkorlar taklif etilishi va ular ijrosida Navro’zni tarannum etuvchi kuy-qo’shiqlar tinglanishi, askiyabozlik qilinishi ayni muddaodir.

 

Bahoroy bilan Navro’zjon birgalikda davrani olib boradilar.

 

Bayramga tashrif buyurgan mehmonlarga tabrik uchun so’z beriladi.

 

Sahnada qo’shiq va raqslar rang-barang chiqishi uchun dastur quyidagicha tuzilishi ham mumkin:

 

Bahoroy: – Bu zaminda baynalmilal do’stlik hamisha ardoqlangan. Bugun ham turli millat vakillari tashrif buyurgani davramizga yanada fayz kiritmoqda.

 

Navro’zjon: –Marhamat.

 

Ular sahna chetiga o’tadilar. Badiiy dastur davom etadi.

 

  1. Qozoq libosidagi yigit do’mbira (yo chanqovuz) chalib chiqadi va o’lan aytadi.

 

  1. Тojik milliy kiyimidagi qiz ko’za ko’tarib chiqqancha “Aya duxtor shumo tannozi xushro’y”, “Pomir qizi” deb nomlangan kuy-qo’shiqlarga raqsga tushadi.

 

  1. Тatarcha kuy chalinib, o’sha millat milliy libosidagi yigit va qiz raqsga tushadi.

 

  1. Ozorboyjoncha kuy chalinib, o’sha millat libosidagi yigit va qiz raqsga tushadi.

 

  1. Qirg`iz libosidagi qiz qo’biz chalib beradi.

 

  1. Rus libosidagi yigit va qiz ruscha musiqaga valsga tushadi.

 

  1. “Yelpissa” yoxud boshqa turkmancha qo’shiqqa chopon va uzun ko’ylak, to’ldirma qalpoq kiygan yigit-qizlar raqsga tushadi.

 

  1. Hindi xoli bor qiz hindcha libosda raqsga tushadi.

 

  1. Ingliz, farang, nemis va boshqa xalqlarning san’atidan ham namunalar ko’rsatilsa, davraga yanada fayz kiradi.

 

So’ng ular sahnada saf tortishib, turli tillarda barchani Navro’z bayrami bilan tabriklaydilar.

 

Тurnaxon (Laylakni turtib): – Laylakboy, qara, bizning moviy osmonda chegara yo’q!..

 

Laylakboy: – Ro’yi zamindagi chegaralarni qanday kuch mahv etishini bilasanmi?

 

Qaldirg`och: – Men bilaman, men bilaman! Masalan, quyosh barchaga barobar! Oymomo ham tunda chegaraga qaramasdan nur sochadi! Bahor ham borlig`ini barcha bilan birdek baham ko’radi! Navro’z bayramini bugun butun dunyo nishonlamoqda!

 

Тol buva: – Bu gaplaring juda to’g`ri, Qaldirg`ochim! Тurnaxon boshqa bir ilohiy kuch-qudrat haqida aytmoqchiydi…

 

Qaldirg`och: – Хo’sh-xo’sh, vijir-vijir…

 

Тol buva:   – Bu – barcha xalqlar, millatu elatlar o’rtasidagi boqiy do’stlik! Bu do’stlik chegara bilmaydi. O’zbekiston dunyo bilan hamnafas! Bu jannatmakon yurt odamlari uchun dunyo eshiklari ochiq. Qarang, bugun davramizga tashrif buyurishgan turfa liboslardagi yigit-qizlar ko’nglimizni qanchalik shod etdilar.

 

Bahoroy: – Keling, birgalikda raqsga tushamiz!

 

Тol buva: – Garchi atasangiz meni – chol buva,

Raqsni qoyillatar mana – Тol buva!

Dunyoda barchangiz o’ynab-kulingiz,

Baxtimizga mudom omon bo’lingiz!

 

Dehqon bobo, Navro’zjon, Bahoroy, qushlaru gullar jo’r bo’lishib:

 

– Davramizga marhabo, kulib-o’ynaymiz,

Тo abad bayramda birga quvnaymiz!

Baxt bahori kulsin bizning jahonda,

Navro’z boqiy bo’lsin – O’zbekistonda!

“Lazgi”, “Dilxiroj”, “Andijon polkasi” kabi sho’x kuy-qo’shiqlar yangrab barcha birgalikda raqsga tushadi.

Sahna yopiladi.

 ж6

Тo’lqin Eshbek

You may also like...

4 Responses

  1. Маъмур Пармонов:

    ЎзМУ да бу йил Навруз бошқача бўлади шекилли а?
    Борганда биламиз.
    Журфак ҳар доим олдинги қаторда бўлган.
    Буни барча билади.
    аммо бу йил чи?

  2. Bu yil ham o`zgacha bo`lishiga taraddu ko`rilmoqda. Ammo bu ko`proq hozirgi 1-kurs talabalariga bog`liq. Ularning o`zgacha fikri va bayram shukuhiga o`zgacha qarashlar bilan yondashuvi JurFakning bu yilgi saviyasini belgilaydi. Hozirgi 4-kurs talabalari 1-kurlik vaqtida o`tkazgan Navro`z bayrami barchaning yodida hamon saqlanib turibdi. Sobiq talaba Ma`mur Parmonovning ashulalari, ustoz To`lqin Eshbekning rubob chalganiyu hatto rektorning xursandchilikdan o`yinga tushganligi fikrimiz isbotti albatta. Ana shu 3 yil oldingi ko`tarinki kayfiyat va g`oliblik bu yil ham takror bo`lishiga ishonamiz.

  3. Nigora eshqulova:

    Fikringiza men ham qo`shilaman Suloymon. Har yilgi Navro`z sayli o`ziga xos betakror va joziba bilan o`tadi. Bir tarafda katta dosh qozonda sumalakning qaynashi, bir tarafda bahoriy ranglar jilosi kabi kiyimlari o`ziga yarashgan talabalrning o`yin-kulgisi, xandon kulgilar-u, bir-biridan mazali milliy taomlarimiz — bularning barchasi har safar menda ajoyib taassurotlar qoldiradi!

  4. Navro’z shunday iliq xotiralar bilan yodda qoladi. Umid qilaman bu yil ham shunday bo’ladi.

Добавить комментарий для Ulug'bek Oripov Отменить ответ

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>