Pirimqul QODIROV. UCH ILDIZ (Roman)
Бу буюк асарни ўқиш насиб этаётгани барча китобхонларга муборак бўлсин!
“Adabiyot uchqunlari”
TOSHKENT – 2018
O‘zbekiston xalq yozuvchisi, Davlat mukofoti laureati, professor
Muhammad ALI
umumiy tahriri ostida
Mas’ul muharrir
Jalil HAZRATQULOV
Muharrirlar
Ikrom BO‘RIBOYEV
G‘ayrat MAJID
Nashrga tayyorlovchi va so‘zboshi muallifi
To‘lqin ESHBEK
Musahhih
Ulug‘bek USMONOV
Iqtibos va izohlarni kirituvchi:
Ergashboy MATYOQUBOV
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 13 sentyabrdagi «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida»gi qarorida yosh avlodning ma’naviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirishda, ona Vatani va xalqiga muhabbat va sadoqat tuyg‘usi bilan yashaydigan barkamol shaxsni tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga ega bo‘lgan kitobxonlik madaniyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirovning «Uch ildiz» romanini mutolaa qilgan yosh kitobxonlarning ma’naviy olami shunga yarasha bo‘ladi. Ushbu nashrning o‘ziga xos jihatlaridan biri shundaki, unda bugungi yosh kitobxonlarga ayrim so‘z hamda iboralar yanada tushunarli bo‘lmog‘i uchun tegishli va zarur izohlar ham berilgan.
© O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Meros komissiyasi
ADIBNING MA’NAVIY ILDIZLARI
Betakror asarlari bilan millionlab kitobxonlar qalbidan mangu joy olgan atoqli adib, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirov 1928 yil 25 oktyabrda tavallud topgan. 1951 yilda O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti)ni tamomlab, Moskvadagi Maksim Gorkiy nomidagi Adabiyot instituti aspiranturasiga kirgan, “Abdulla Qahhorning urushdan keyingi ijodi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1954-1963 yillarda u sobiq ittifoq Yozuvchilar uyushmasi qoshida o‘zbek adabiyoti bo‘yicha maslahatchi, 1963-1983 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti katta ilmiy xodimi, 1989-1994 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Adabiyot, san’at va me’morchilik sohasidagi Davlat mukofotlari qo‘mitasi raisi lavozimlarida ishlagan. 1990-2000 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati bo‘lib, parlamentning Fan, madaniyat va ta’lim qo‘mitasida faoliyat ko‘rsatgan.
Adibning “Uch ildiz” (1958), “Qora ko‘zlar” (1966), “Olmos kamar” (1977), “Yulduzli tunlar” (“Bobur”) (1979), “Avlodlar dovoni” (1988), “Ona lochin vidosi” (1997) romanlari, “Qadrim” (1961), “Erk” (1968), “Yayra institutga kirmoqchi” (1970), “Meros” (1974), “Akramning sarguzashtlari” (1974), “Najot”, “Baxillar va botirlar” (1980) qissalari, “Qalb ko‘zlari” (2001) badialar kitobi adabiyot ixlosmandlarining ma’naviy mulkiga aylandi.
“Qadrim” qissasi asosida “Sening izlaring” badiiy filmi, “Yulduzli tunlar” romani asosida ko‘p seriyali videofilm suratga olingan. Qator yillar “Bobur” pesasi O‘zbek milliy akademik drama teatrida, “Insof” pesasi viloyatlar drama teatrlari sahnalarida namoyish etilgan.
Filologiya fanlari nomzodi Pirimqul Qodirov “Til va el” (1972), “Xalq tili va realistik proza” (1973), “Til va dil” (2005) risolalar yaratgan, u ikki jildli “Adabiyot nazariyasi” kitobining “Adabiy asarning tili”, “Adabiy jarayon” boblarini yozgan. Adib va adabiyotshunos olimning “Til va el” (2005) ilmiy badiasi mumtoz ona tilimizga, “Amir Temur siymosi” (2007) ilmiy badiasi Sohibqiron Amir Temurning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan.
***
1980 yili Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) Jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirgach, “Uch ildiz” romanini ishtiyoq bilan mutolaa qilar ekanmiz, bu asar go‘yo bizning talabalik davrimiz haqida yozilgandek taassurot qoldirardi. Asar voqealarida o‘zimizning ikki toifadagi domlalar va talabalarni ko‘rgandek bo‘lardik.
Oradan necha o‘n yillar o‘tayotganiga qaramay asarda tasvirlanganga o‘xshash voqealar hamon davom etayotgandek; talabalarga chinakam ilm berib mehrini qozonayotgan, yosh iste’dodlarni ezgulikka chorlayotgan o‘qituvchilar bir yon va ilmdan yiroq, faqat o‘z manfaatini o‘ylab, o‘zlariga o‘xshash ba’zi yoshlarni xatarli yo‘llarga boshlab yuradiganlar bir taraf bo‘lib kurashayotganlari bor gap… Talabalarimiz ham asar qahramonlaridan qolishmaydi. Ular orasida umidli yoshlarni ko‘rganda quvonsak, tarbiyasi haminqadarroqlari uchraganda befarq qaramaymiz. Romandagi Temur Akbarov, Abdurahmon Toshevdek fidoyi ustozlardan andoza olishga va yoshlar qalbiga yo‘l topishga intilamiz.
Romanning yana bir muhim jihati – talabalarga kitob o‘qish, dars tayyorlash mas’uliyati va madaniyatini, hayotda munosib o‘rnini topish yo‘llarini o‘rgatsa, o‘qituvchilarga o‘z ustida qanday ishlash, yosh ilm toliblari bilan qay tarzda munosabatda bo‘lish borasida katta saboq beradi.
Asarni qunt bilan mutolaa qilayotgan o‘quvchi XX asr o‘rtalarida yashagan avlodning bilim va saviyasi, ilm olishga intilishi, dunyoqarashi bilan o‘z zamondoshlarini qiyoslab ko‘rish hamda xulosa chiqarish imkoniga ega bo‘ladi.
Zotan, bu romanni teran nigoh ila o‘qiganlar ma’nan boyib, hayotda oqu qorani ajratishda, ezgulik yo‘lini tanlashda adashmaydilar.
Sobiq mustabid tuzum davrida Pirimqul Qodirovni respublikamiz rahbarlaridan biri nohaq ayblaganida biz, muxlislari ham ruhan aziyat chekkan edik. Adibni ko‘rganda o‘zini olib qochadiganlar ko‘paygan (bu insonga qanchalik ruhiy ta’sir ko‘rsatishini izohlashga hojat yo‘q) paytda – 1987 yili Qibray tumani tahririyatida Pirimqul Qodirov bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazish jasorat bilan teng edi. Uchrashuvda ishtirok etgan kitobxonlar bilan savol-javob, samimiy suhbatlardan ustozning ko‘ngli ko‘tarilganini ko‘rib yengil tortgan edik.
Atoqli adib bilan o‘tkazilgan ijodiy uchrashuvlar, suhbatlar (ular gazeta-jurnallarda yoritilgan) katta saboq bo‘lardi. So‘nggi suhbat ijodning mashaqqatli yo‘llari, “Uch ildiz” romani va uning yangi nashri haqida edi. Bu suhbatni mazkur kitobga so‘zboshi o‘rnida havola etdik.
***
– Pirimqul aka, har bir adibning ijod bo‘stoniga kirib kelishi muxlislarini qiziqtiradi. Yoshlikda qalbga muhrlangan lahzalar haqida so‘zlab bersangiz.
– Tojikistonning Kengko‘l qishlog‘ida tug‘ilganman. Taqdir taqozosi bilan 1944 yili Bekobodga ko‘chib keldik va men metallurgiya zavodi radiouzelida muxbirlik qila boshladim. Yoshlikda she’r yozardim (Ba’zilari “Uch ildiz” romaniga kiritilgan – muallif izohi). Urushdan keyin o‘qishga bo‘lgan ishtiyoq O‘rta Osiyo davlat universitetiga yetakladi. Sharqshunoslik fakultetiga kirib, keyinroq o‘qishni tarix bo‘limida davom ettirdim.
1945-1946 yillarda universitetda ham hayot juda og‘ir bo‘lsa-da, kelajakka ishonch ma’naviy madad baxsh etardi. Bugun biz o‘zimiz kutgan dorilomon kunlarni ko‘ryapmiz.
– “Studentlar” degan hikoyalar to‘plamingiz o‘sha kezlarda chop etilgan-a?
– Bu hayotimdagi eng unutilmas voqealardan biridir. 1950 yili tahsil olib yurgan kezlarimda chop etilgan bu to‘plamda universitetimiz talabalarining hayotini badiiy bo‘yoqlarda aks ettirishga harakat qilganman.
Ochig‘i, universitet men uchun katta adabiyot eshigini ochib bergan. O‘sha damlardan ilhomlanib yozgan “Uch ildiz” romanida ustozlarim va tengdoshlarim hayotini, ularning orzu-umidlari va ruhiy olamini tasvirlashga intilganman.
– Roman nega «Uch ildiz» deb nomlangan?
– «Uch ildiz» nomi zamirida yoshlarning kamolotga erishishi yo‘lida avvalo uchta ma’naviy ildiz otishi g‘oyasi yotibdi. Birinchisi, puxta bilim olish, ikkinchisi, haqiqiy inson bo‘lish va uchinchi ildiz – muhabbatga asoslangan oila qurish. Har bir inson shu tariqa baxt-iqbolga erishishi mumkin. O‘ylaymanki, bugungi yoshlar ham avvalo ana shunday ma’naviy ildizlar otishga intiladilar.
– Talabalar dunyoqarashi shakllanishi va yetuk insonlar bo‘lib kamol topishida ustozlarning o‘rni beqiyos ekanini romanda juda ta’sirli tasvirlagansiz. O‘sha ustozlar haqida so‘zlab bersangiz.
– Asar qahramonlaridan biri professor Abdurahmon Toshev ig‘vogarlar tomonidan fakultetdan quvilgan. U Oybek akani yodga soladi. Bu ulug‘ adibning hayotida shunga o‘xshash voqelar yuz bergan. Oybek akaning nasablari Toshmuhammad ekani nazarda tutilib, asar qahramoni – Toshev bo‘ldi. Abdulla Qahhor domlamizga «Qo‘shchinor» romanini yozgani uchun juda adolatsiz hujumlar bo‘lgandi. Bu hol Temur Akbarov degan domla timsolida ko‘rsatilgan. Boshqa obrazlarni universitetimizda kuzatganman.
– Romandagi yosh qahramonlarning prototiplari kimlar edi?
– Bu asarning asosiy qahramonlari – bizning avlodga mansub yoshlar, aniqrog‘i, universitetimiz talabalari edi. Shu o‘rinda bir oilaviy sirimizni ochishga to‘g‘ri keladi. Asardagi Mahkam va Ochil obrazlari orqali o‘zimning hayotga qarashlarim, orzu-umidlarim o‘z ifodasini topgan bo‘lsa, Gavhar va Zamira obrazlarida menga baxt ato etgan umr yo‘ldoshim Sofiyaxonning siymosi aks etgan. Romanda yosh shoir Ochil Samadov o‘z domlasi Temur Akbarovga o‘qib bergan she’rni 1950 yilni kutgan kechamizda kursdoshlarim davrasida o‘qib bergan edim. Xullas, talabalik davrimizda qalbda kechgan tuyg‘ular “Uch ildiz” romanida o‘z aksini topgan, deb o‘ylayman.
– O‘sha davrdagi ba’zi salbiy illatlar romanda ayovsiz fosh etilgan. Shunday dadillik bilan yozilgan asar chop etilishiga to‘sqinliklar bo‘lmaganmi?
– Bunday asarlar chop etilishiga bittasi qarshi chiqsa, uni himoya qiladigan zakovatli adiblar, adabiyotshunoslar ham shunga yarasha bo‘ladi. O‘sha kezlarda menga ulug‘ ustozlar ma’naviy qalqon bo‘lishgan. Ulardan biri Muxtor Avezov 1959 yilda Moskvada bo‘lgan O‘zbek adabiyoti va san’ati dekadasining ijodiy muhokamalarida qatnashib, ajoyib nutq so‘zladi. O‘shanda Muxtor Avezov og‘alarcha g‘amxo‘rlik va hassoslik bilan tahlil qilgan asarlarning biri «Uch ildiz» edi. Ulkan adibning bu nutqi «Mahorat maktabi» degan kitobda bosilgan, keyinchalik uning Olmaotada chiqqan asarlari to‘plamida nashr etilgan.
Muxtor Avezov o‘shanda, «Uch ildiz»ni adolatsiz tanqidlardan dadil himoya qilmaganda urkaltak ko‘tarib yuradigan noxayrixohlar menga «hayotni buzib ko‘rsatgan yozuvchi» degan tamg‘ani bosib, yo‘limni bekitishlari mumkin edi.
Toshkentda romanning qo‘lyozmasi muhokama qilinganda Abdulla Qahhor uni qo‘llab-quvvatlagan, Konstantin Simonov «Uch ildiz»ni satrma-satr tarjimasini o‘qib ijobiy fikr bildirgan edi. Moskvada romanni «Drujba narodov» jurnali ma’qul ko‘rgan va dekada sonida chop etmoqchi bo‘lib tayyorlayotgan edi.
Lekin dekada arafasida yuqoridan berilgan ko‘rsatma bilan «Uch ildiz»ni «Drujba narodov» jurnalining navbatdagi sonidan chiqarib tashlashibdi. Buning sababi – shaxsga sig‘inish davrida halol ziyolilarni badnom qilib obro‘ va martaba orttirgan Hakimov va Eshonboyev tipidagi odamlarning nafratni keltiradigan qiyofalarda tasvirlangani edi. 1959 yilda bu toifa odamlar hali ko‘p, ammo ularning shaxsga sig‘inish davridagi kirdikorlarini ochib beradigan romanlar deyarli yo‘q edi.
Mana shu toifa odamlar «Uch ildiz»ning tarjimasini Anna Karavayeva degan adibaga o‘qishga beradilar.
Moskvada bizga yon bosadigan adolatli yozuvchilar ham bor edi. Dekadaning ijodiy muhokamalari boshlanishidan bir kun oldin Lidiya Grigorevna Bat (Alisher Navoiyning bolaligi haqida qissa yozgan, adabiyotimiz uchun astoydil jon kuydiradigai adiba) menga telefon qildi:
– Anna Karavayeva sizning romaningiz to‘g‘risida salbiy fikrda ekan. Men yarim soat munozara qildim, ijobiy tomonlarini aytdim. Biroq fikrimga qo‘shilmadi. Kimdir sizning to‘g‘ringizda yomon fikr tug‘dirganga o‘xshaydi. «G‘oyaviy jihatdan sog‘lom yozuvchi emas» deydi. Siyosiy ayb qo‘ymoqchi bo‘ladi! Bunga hech ham yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi! «Endi o‘ttiz yoshga kirgan adib, o‘zingiz bir uchrashib, gaplashib ko‘ring!» dedim. Oxiri shunga rozi bo‘ldi. Ertaga ertalab soat to‘qqizda Vorovskiy ko‘chasidagi adabiyotchilar uyiga boring. O‘zingiz ham unga tushuntiring!
Anna Karavayeva yoshi oltmishdan oshgan, sochlari oqargan yirik gavdali, salobatli ayol ekan.
– Siz nega bunaqa roman yozdingiz?– dedi dabdurustdan.
– Men o‘zim ko‘rgan bilganlarimni yozdim, Anna Aleksandrovna. Bu mening birinchi katta narsam, tajribam yetishmagan bo‘lishi mumkin. Kamchiliklari bo‘lsa ayting, hisobga olaman.
– Studentlarni ko‘rsatibsiz, mayli. Lekin Hakimov, Eshonboyev deganlarni jirkanch qiyofada tasvirlash nega kerak bo‘ldi?..
– Endi bu shaxsga sig‘inish oqibatlarini tugatish uchun kerak deb o‘yladim.
– Siz shunday katta maqsadlarni ko‘zlagan bo‘lsangiz nega yuqori tashkilotlar adolatni tiklash uchun olib borgan kurashni ko‘rsatmagansiz. Nega bitta fakultet miqyosi bilan cheklanib qolgansiz?
– Chunki… quyosh qatrada ham aks etishi mumkin-ku. Fakultet bir qatra bo‘lsa, men unda tarixning harakati qanday aks etganini ko‘rsatmoqchi bo‘ldim. Fakultet hayotiga qanday o‘zgarishlar kirgani romanning oxirgi boblarida berilgan, shekilli…
Shu tarzda yarim soatcha gaplashdik. Men ham bo‘sh kelmaganimni ko‘rib, Anna Qaravayeva sal shahdidan tushganga o‘xshadi.
Lekin adibani yuqoridan qo‘llab-quvvatlab turganlar bor ekan, chamamda. Dekadaning ijodiy muhokamalarida birinchi bo‘lib unga so‘z berildi. Oybek akaning «Oltin vodiydan shabadalar», Abdulla Qahhorning «Sinchalak», Sharof Rashidovning «Bo‘rondan kuchli» asarlari muhokama qilinishi kerak edi. Hali ular haqida so‘z ochilmasdan Anna Karavayeva «Uch ildiz»ning tanqidiga tushib ketdi: «Romanda voqea bitta fakultet doirasi bilan cheklanib qolgan, yuqori tashkilot vakillari ko‘rsatilmagan, voqelik tasviri bir tomonlama chiqqan, faqat Zamira nomli student qizning obrazi yaxshi ko‘rsatilgan»…
Bu tanqidlarni mantiqan davom ettirib, «romanda voqelik buzib ko‘rsatilgan» degan g‘oyaviy aybga aylantirish mumkin edi. «Uch ildiz»ni urkaltak tanqid yordamida yomonga chiqaradigan odamlar o‘zimizda ham topilardi. Hakimov va Eshonboyevlarga o‘xshab halol ziyolilarni badnom qilishga uringan mustabid tuzum malaylari bunday romanning xalq orasida tarqalishini hech ham istamas edilar. Ular «Uch ildiz»ni yozgan Pirimqul Qodirov qamaladi» degan mish-mishlar tarqatib yurganini o‘sha paytda bir talaba shoir menga aytib bergan edi.
Mana shunday vaziyatda Muxtor Avezov yozuvchi Anna Karavayevaga qarshi gapirgani va romanni dadil himoya qilgani ajoyib bir jo‘mardlik bo‘ldi.
Muxtor Omarxonovich Anna Karavayevaning «yuqori tashkilot vakillari ko‘rsatilmagan», degan talabi asossiz ekanini, rektorlar, vazirlar boshqa romanga mavzu bo‘lishi mumkinligini, bu yerda esa yosh ziyolilar avlodining shakllanish jarayoni ishonarli tasvirlanganini, studentlar mavzusi atroflicha ochib berilganini dalilu isbotlari bilan ko‘rsatdi. Keyinroq so‘z olgan Lidiya Grigorevna Bat Muxtor Omarxonovich bildirgan fikrlarni qo‘llab-quvvatlab, Anna Karavayevaning da’volariga qarshi chiqdi.
Shu bilan mening boshim ustiga yig‘ilgan qora bulutlar tarqab ketganday bo‘ldi. Muhokamalar tugagandan keyin Muxtor og‘aga minnatdorchilik bildirmoqchi bo‘ldim, lekin yoniga borishga tortindim. Chunki Muxtor og‘a hali meni tanimas edilar. Shu payt Muxtor og‘aning yonida turgan Yashin aka meni imlab chaqirdi, yaqin borganimda kimligimni unga aytdi. Muxtor og‘a kulimsirab menga qo‘l berdi, so‘ng «Uch ildiz»ning o‘zbekcha nashridan bir nusxa so‘radi.
O‘sha paytda qo‘limda kitob yo‘q edi. Xijolat bo‘lib:
– Uydan keltirib beraman!– dedim. Biz u vaqtda Moskvada turar edik.– Mehmonxonagami, qayerga desangiz, shu bugunoq olib boraman!
Muxtor og‘a vaqtini chamalab, bir lahza o‘ylanib oldi-da, ertasi kuni kechki payt Qozon vokzaliga, Olmaota poyezdiga olib chiqishim mumkinligini aytdi.
Fevral oyi, kun sovuq, yerlar toyg‘oq. Qor uchqunlab turibdi. Lekin men uchun bahor quyoshi porlab turganday tuyulardi. Aytilgan soati minutida Olmaota poyezdining beshinchi vagonini qidirib topdim. Romanning dekada munosabati bilan chiroyli ko‘k muqovada nashr qilingan nusxasi ichiga eng iliq minnatdorlik so‘zlarimni yozib, Muxtor og‘aga tutdim. Esimda bor: qorako‘l yoqali palto va qorako‘l telpak kiygan Muxtor og‘a kitobni qimmatli sovg‘adek avaylab qo‘liga oldi va muqovasini kafti bilan silab qo‘ydi. Bu menga ulug‘ ustoz boshimni otalarcha silaganday tuyulib, ko‘nglimni ko‘tardi.
Poyezd jo‘naguncha aytgan uch-to‘rt og‘iz so‘zdan shuni sezdimki, Muxtor og‘a mening ilk romanimni jo‘mardlarcha qo‘llab-quvvatlash bilan kelajagimga ishonch bildirgan va zimmamga katta mas’uliyat yuklagan…
Oradan yillar o‘tdi. Muxtor Avezovni ikkinchi marta ko‘rish menga nasib qilmadi. Lekin uning «Abay» romani Oybek akaning «Navoiy»si bilan birga, ayniqsa, murakkab tarixiy mavzuda ishlagan yillarimda men uchun ulug‘ bir namuna bo‘lib, doim ko‘z o‘ngimda turdi.
Yetmishinchi yillarda Olmaotada o‘tkazilgan yozuvchilar anjumaniga meni ham taklif qilishdi. Lolaqizg‘aldoqlar ochilgan ko‘klam payti edi. Shaharniig markaziy maydonlarini yolg‘iz kezib yurganimda baland granit tagkursiga o‘rnatilgan salobatli haykalni ko‘rib, dilimni birdan quvonch, sog‘inch va qandaydir mung chulg‘ab oldi. Muxtor Avezovga shunday ajoyib haykal o‘rnatilgani men uchun yangilik edi. Qozoq do‘stlarimizning bu ishiga dil-dilimdan tahsin aytib, haykal yonida uzoq turib qoldim. Tirik ko‘rolmaganimning mungi va ixlosmandlik sog‘inchidan tashqari uning o‘lmas ruhi oldida burchli ekanim meni haykal oldidan ketgani qo‘ymas edi. Agar haykal ochiq joyda bahor yomg‘irlari ostida turgan bo‘lmasa, uning poyiga so‘nggi o‘n yilliklarda yozgan kitoblarimni e’zoz bilan qo‘yib ketgan bo‘lardim.
Yuqorida aytganimdek, ulug‘ adib Konstantin Mixaylovich Simonov O‘zbekiston bo‘ylab safar qilgan kunlarida qattiq shamollab qoldi, isitmasi ko‘tarilib ketdi. Biz uni Moskvaga kasal ahvolda kuzatib qo‘ydik. Men Do‘rmonda qolib, «Uch ildiz» romanini tugalladim, qo‘lyozmani muhokamaga berdim. Shu orada Moskvadan – Konstantin Simonovdan xat kelib qoldi. Mashinkalatilgan uch betlik kattagina maktub, 1957 yil 17 oktyabrda yozilgani oxirida qayd etilgan. Maktub shunday boshlanadi:
«Qadrli o‘rtoq Qodirov! Men hali ham sog‘ayganim yo‘q, ko‘rpa-to‘shak qilib yotganim uchun, afsuski, Sizning romaningizni qo‘lda qalam bilan o‘qiyolmadim, shu sababli Sizga eng umumiy tarzdagi fikrimni yozib yuboryapman».
Ulkan adib kasal bo‘lib yotganiga qaramay, yosh bir qalamkashning asariga shunchalik e’tibor bergani kishini hayron qoldiradi. «Umumiy tarzdagi fikrim» deb, o‘z xatiga o‘ta kamtarona baho bergan bo‘lsa ham, maktubda men uchun juda muhim bo‘lgan quyidagi mulohazalar bitilgan edi:
«Siz Mahkamni oq, ya’ni yaxshi odam qilib tasvirlaganingizda men bunga ishonaman, chunki uning fazilati ichdan olingan, men uning yaxshiligini ichdan ko‘raman… Mannonovni qalamga olganingizda men uning yomon kirdikorlariga sabab bo‘lgan ichki mantiqni ilg‘ayman, chunki u ham ichdan olingan. U o‘zining yomon qilmishlariga qanday kelayotgani menga tushunarli. Ammo Siz dekanni yoki Eshonboyevni tasvirlaganingizda, ularni faqat tashqaridan qora qilib ko‘rsatgandek bo‘lasiz… Ulardagi yomon qilmishlar qanday tug‘ilishi, qanday mantiqdan kelib chiqayotgani menga ko‘rinmaydi, shu boisdan obraz sifatida ular menga zaif tuyula boshlaydi…»
Konstantin Simonov o‘z tanqidiy mulohazalarini teran bir ichki madaniyat bilan yozgan edi. Uning «Uch ildiz»ni qo‘lyozmasida o‘qigani va iliq xat yozib yuborgani faqat menga emas, adabiy jamoatchilikka ham yaxshi ta’sir qildi. Shundan keyin roman ustida yana besh-olti oy berilib ishladim, nuqsonlarini baholi qudrat tuzatdim.
Lekin bugungi yuksak talablar nuqtai nazaridan qaraganda, Konstantin Simonov o‘shanda donishmandlarcha ogohlantirib aytgan bir badiiy muammoni o‘zim uchun haligacha ko‘ngildagidek hal eta olmay kelayotganimni sezaman. Bu – hayotimizdagi salbiy hodisalarni va yomon odamlarni butun miqyosi va murakkabligi bilan ichdan ko‘rsatish muammosidir. Aslini olganda, bu muammo hozir butun adabiyotimiz oldida turibdi. So‘nggi davrda ochib tashlangan salbiy hodisalarning miqyosi, fosh bo‘lgan sobiq kazo-kazolarning harakat doirasi hali badiiy obrazlarda bor bo‘yicha ko‘rsatilgan emas.
Shaxsan men dilimga yaqin jozibali insonlarning ruhiga uncha qiynalmay kiraman, ammo yomon odamlarning ichki dunyosidan begonasirayman, ularning ruhiga kirishdan jirkanadigan paytlarim bo‘ladi. Holbuki, yozuvchi ham shifokor kabi kasaldan, murdadan qo‘rqishga haqli emas. Zarur bo‘lganda jarrohlik pichog‘i bilan ularning a’zolarini kesib tahlil qilishga o‘rganadi. Bu ishlar jamiyatni illatlardan poklash uchun qilinadi.
Albatta, adabiyotga nurli qahramonlar juda zarur. Axir haqiqat timsoli bo‘lgan quyosh barchaga barobar nur sochadi-ku. Uning ziyosi butun yer kurrasini qamrab oladi. Yaxshi-yomon hamma joy oftob nuri tufayli o‘zining haqiqiy manzarasini namoyon qiladi.
Yangicha tafakkur ham ijobiy-salbiy barcha hodisalar va personajlarning haqiqiy manzarasini ochib berishga xizmat qilishi kerak. Hozir dunyo bo‘ylab keng tarqalayotgan yangicha tafakkur – inson zotini halokatdan qutqarishga qaratilgandir. Odamzodni omon saqlash vazifasi oliy insonparvarlik ekan, uning alohida zarralari bo‘lgan ijobiy-salbiy xarakterdagi kishilarni yomon muhit ta’siridan va illatlar girdobidan qutqarib olish ham yuksak odamiylikka kiradi.
Bu voqealardan ilgariroq «Uch ildiz»ga adib Abdulla Qahhorning bahosi ham ilhomlantirib yuborgan edi. 1957 yil kech kuzida romanning qo‘lyozmasi O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasida Abdulla Qahhor, Shuhrat, Asqad Muxtor, Odil Yoqubov va yana o‘n-o‘n besh kishilik adabiyotchilar davrasida muhokama qilindi. Muhokamada aytilgan fikrlar orasida ko‘pimizni hayratga solgan gap – Abdulla akaning quyidagi so‘zlari bo‘ldi: «Ancha vaqtdan beri men o‘zbek adabiyotida momaqaldiroq guldurosini eshitmay yurgan edim. Nazarimda, mana shu asar adabiyotimizga momaqaldiroqday gulduros solib, chaqmoqday yaltillab kirib kelyapti».
Abdulla aka o‘z shaxsiy taassuroti tarzida aytgan bu gapni o‘rtoqlar mubolag‘a deyishga ham haqli edilar. Chunki romanning kamchiliklari ko‘p edi, men ularni tuzatish uchun yana besh-olti oy astoydil ishladim. Abdulla aka aytgan o‘sha gap esimga tushsa, mendagi mas’uliyat hissi bir darajada oshar edi.
Men hech unutmaydigan yana bir hodisa – Yozuvchilar uyushmasining a’zoligiga qabul qilinganimda birinchi tavsiyanomani Abdulla Qahhor berganligi edi.
– Yurtimiz mustaqillikka erishgach, hayotimiz, dunyoqarashlarimiz tubdan o‘zgarib ketdi. “Komsomol”, “partbyuro” degan gap-so‘zlar unutildi. Romanda esa o‘sha davrga xos shunaqa tushunchalar anchagina… Endi bular asarni qayta nashr etishga “to‘g‘anoq” bo‘lmasmikin?
– Asar voqealari aks etgan 1955 yildan buyon shuncha zamonlar o‘tdi. Bu orada buyuk o‘zgarishlar yuz berdi. Endi “komsomol”ga o‘xshash gaplar bo‘lmasa-da, zamonamiz yoshlari o‘z tashkiloti safida kamolga yetmoqda. O‘sha davr va hozirgi talabalarning qalb kechinmalari, hayotda munosib o‘rnini topishga intilishlarida ajib uyg‘unlik bordek. Shularni hisobga olib, asar biroz tahrir qilindi. Ba’zi eskirgan so‘z va iboralar zamonaviy atamalar bilan o‘zgartirildi, ayrim tushuncha va qarashlarga oydinlik kiritilib, mazmunan boyitildi. Asar qahramonlari ham ulg‘ayib, 1991 yilda O‘zbekiston mustaqillikka erishishi yo‘lida faollik ko‘rsatganlari bor gap. Ular ma’naviy ildizlari mustahkam bo‘lib kamolga yetganlari haqida yana bir bob qo‘shildi. Bu romanga o‘ziga xos “xotima”dir.
Umid qilamizki, qayta nashrga tayyorlagan romanimiz bugungi va kelgusi yosh avlodlarning ham hayotda munosib o‘rnilarini topishlariga xizmat qiladi.
***
Ustoz Pirimqul Qodirovni 2010 yil 20 dekabr kuni so‘nggi manzilga kuzatdik…
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Meros komissiyasi ustoz adibning ijodiy merosini izchil o‘rganish va targ‘ib etish bilan bir qatorda, ba’zi ishlarini poyoniga yetkazib qo‘yishni ham zimmasiga olgan.
“Uch ildiz”ning mazkur nashri ulug‘ adib ruhini shod etib, millionlab muxlislari ma’naviy mulkiga aylanib boraveradi, degan umiddamiz.
To‘lqin ESHBEK,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Meros komissiyasi mas’ul kotibi
1
Endi qor ketgan paytlar. Yalang‘och yer yangi cho‘miltirilgan chaqalokday bug‘lanadi, shahar hovlilari suv ochib yotadi, asfalt ko‘chalardan esa yengil chang ko‘tariladi. Ko‘p qavatli binolar soyasi goh bulutlar soyasiga qo‘shilib yo‘q bo‘lib ketadi, goh yana quyosh chiqib olamga issiq-issiq nur sochganda qaytadan paydo bo‘ladi. Bahor nafasi hammayoqni yumshatib, allanechuk bo‘shashtirib qo‘ygan. Havo mayin va totli tuyuladi. Hali hech narsa gullagan bo‘lmasa ham go‘yo uzoqdan gul hidi keladi. Ovozlar ham odatdagidan ko‘ra jarangliroq va aniqroq eshitiladi, butun tuyg‘ular erib ketayotganga, kishining a’zoyi badanidan yoqimli va madorsizlantiruvchi bir hovur o‘tayotganga o‘xshaydi.
Ilk ko‘klam yog‘dulari o‘quv binosining uzun koridorlarini ravshanlantirib yuborgan, qishda kunduzi ham yoqib qo‘yiladigan chiroqlar endi o‘chirilgan edi. Bu koridorda tanaffus vaqti odam qaynaydi. Lekin Mahkam bir guruh faollar bilan yoshlar tashkiloti kengashidan chiqqanda koridor bo‘shab qolgan va u boshidan bu boshigacha bahuzur ko‘rinib turar edi. Qator ketgan auditoriyalar yopiq, ichkaridan bosinqi g‘ovur eshitilardi.
Ular ma’ruzaga kechikkanlarini sezib shosha-pisha tarqashdi. Mahkam zinapoyaga qarab chopdi va uning silliq yog‘och qanotidan ushlab, eshkak eshayotganday siltana-siltana uchinchi qavatga yugurib chiqdi. Qarama-qarshi turgan ikki eshikning birini shaxt bilan ochdi-yu, hansirashini bildirmaslikka urinib, bo‘g‘iq tovush bilan:
– Mumkinmi?– dedi.
Deraza bilan doska orasida qo‘lini orqasiga qilib yurib ma’ruza o‘qiyotgan surrang[1] kostyumli barvasta kishi to‘xtadi. Uning gapi og‘zida qoldi, ko‘zlari xiyol kengayib, nim ochiq labi titradi. Xayoli yomon bo‘lindi, shekilli, asta va qat’iy qilib:
– Yo‘q,– dedi.
– Kechirasiz. Meni majlisga chaqirishgan ekan.
Auditoriya suv quyganday jimjit bo‘lib qoldi. Lektor[2] chetga qarab, avvalgiday past tovush bilan:
– Eshikni yoping,– dedi.
Mahkam darhol ichkariga kirib eshikning qabzasidan tortdi.
– Naryog‘idan yoping.
– A?
– Naryog‘idan!
Gangib qolgan Mahkam koridorga qaytib chiqar ekan, auditoriya shovur-shuvur bo‘lib ketdi. U voqeani endi angladi. Alam vujudini qaltiratib yubordi. U eshikka orqasini berganicha bir zum karaxt bo‘lib turib qoldi.
Qarshidagi auditoriyaning oynaband eshigi odatda ichkaridan qog‘oz bilan to‘sib qo‘yilardi. Biroq hozir qog‘oz ko‘chib ketganligi uchun eshikka yaqin o‘tirganlar Mahkam turgan joydan ko‘rinardi. Lekin u hech narsani ko‘rmasdi. Oyna ortidan tikilib turgan bir juft o‘tli ko‘z uning ongiga anchadan keyin borib yetdi, tanish chehra tumandan «lip» etib chiqqanday bo‘ldi.
– Gavhar!
Mahkam o‘zini tez eshikdan nariga oldi. Undagi alam hissi endi uyat aralash jahlga aylandi, boya qoni qochib, ko‘kish bo‘lib qolgan qoracha yuzi endi qonga to‘lib, birdan jigarrang tus oldi. Bo‘g‘inlari bo‘rtib turgan uzun barmoqlarini tugun qilib, pidjagining cho‘ntagiga shunday qattiq tiqdiki, choklari chirsillab ketdi. So‘ng eshikka g‘azabli nazar tashladi-da, zinapoyaga qarab intildi. Avvalgiday bir necha zinani bir hatlab pastga chopib tushdi. Lekin vestibyuldan[3] o‘tib ko‘chaga chiqayotganda kimdir uni orqadan chaqirdi. U o‘girilib qarasa, bir varaq qog‘ozni qo‘lida hilpiratib Zokir kelyapti.
Mahkamning hamkursi bo‘lgan bu xushbichim yigit fakultet yoshlar tashkilotining kotibi edi. U boya tanaffusda kengash a’zolarini yoshlar xonasiga olib kirib, shoshilinch majlis o‘tkazgan, davomat haqida vahimali faktlar keltirgan va hammaga topshiriqlar bergan edi. Mahkam hozir uning yana nimadir demoqchi ekanini sezdi, lekin unga ko‘rinishni ham, gapirishni ham istamagani uchun bosh irg‘ab eshikdan chiqdi. Ammo Zokir yetib kelib to‘xtatdi:
– Ha? Qizarib ketibsizmi?
Mahkam oftobdan ko‘zini qisib unga qaradi-da, javob o‘rniga qo‘lini yoydi va noiloj kulimsiradi.
– Kirgizmadimi?.. Akbarov-a? A-a, shunaqa odati ham bor ekanmi?
Zokir qo‘lidagi qog‘ozni ikki buklab cho‘ntagiga soldi va yo‘l-yo‘l boston pidjagining yengiga yopishgan uvoqni chertib tashladi. Qiya tushayotgan quyosh nurida uning tekis taralgan sochi ham, qoshi va kipriklarining qayrilgan joyi ham yangigina kostyumi singari xiyol tovlanib turardi. Faqat yuzi jilosiz, lekin toza va jozibali edi.
– Mayli, xafa bo‘lmang,– dedi u eshikning qabzasidan olib.– Progul[4] deydigan bo‘lsa, dekanga kirib aytamiz. Nima, yoshlar ishi ish emasmi? Mana shu qog‘oz bilan qancha eshikka kirib chiqishim kerak. Bitta devoriy gazetaga karton undirish shunchalik qiyin. Qilmasam, gazeta chiqmaydi. Xo‘p, xafa bo‘lmang.
U yana qaytib kirib ketdi. Mahkam u bilan indamay ajrashdi-da, nima qilishini bilmay kungayda birpas turdi.
Xiyobon tomondan oqib tushgan bahor suvi yo‘lka zehida ko‘llab yotar, o‘sha yoqdan kelgan kishilarning loy izlari asfaltga muhrday bosilib qurib qolgan edi. Bu ko‘lmaklar va izlar qarshisida yolg‘iz so‘ppayib turish uning qo‘zg‘algan asablarini bosa olmasdi. U yotoqxonaga borishga qaror qildi va narigi binoga qarab ketdi.
Ularning yotoqxonalari o‘sha binoning hovlisida, qizil g‘ishtdan solingan ikki qavatli kichik imoratda edi. Bir guruh yuqori kurs talabalari turadigan bu uyda xonalar kam va tarqoq bo‘lgani uchun qorovul o‘tirmas, har xonaning kaliti ma’lum bir joyga yashirib ketilardi. Mahkam birinchi qavatning torgina koridoridan o‘tib, chap tomondagi eshikning tepasini paypasladi, lekin kalitni joyidan topa olmadi. Eshikni itargan edi, ochilib ketdi.
Ro‘paradagi derazadan quyilayotgan oftob yog‘dularida laxta-laxta tamaki dudi suzib yurardi. Keskin ochilgan eshik shamoli bu dudni go‘yo cho‘chitib yubordi. Mahkam karavotlar va tumbochkalar bilan qurshalgan stolga qaradi. Stol yonida Ochil eshikka orqasini o‘girib o‘tirar va papiros buruqsitib nimadir yozardi. Uning pidjagi bilan galstugi stul suyanchig‘iga osib qo‘yilgan, ko‘ylagining ulama yoqasi yag‘riniga qiyshayib tushgan, oldida yozib-chizib tashlangan qog‘oz taxlanib yotibdi. U Mahkamning kirganini sezmadimi yoki xayolini bo‘lgisi kelmadimi, qayrilib ham qaramadi.
Mahkam uni ko‘rgan zahoti negadir Akbarovni esladi. So‘ng qo‘lida qog‘oz hilpiratib kelayotgan Zokir ko‘z oldidan o‘tdi. Yana Akbarov xayolida gavdalandi va yana uning «naryog‘idan!» degani qulog‘iga eshitilib ketdi. U eshikni taraqlatib yopdi-da, shiddat bilan stol yonidan o‘tib darchani ochdi.
Ochil irg‘ib o‘rnidan turdi va qog‘ozlarni yig‘ishtirib stolga ura-ura tekislar ekan:
– Tanaffus bo‘ldimi?– deb so‘radi.
Mahkam indamadi.
– Soat necha, tanaffusmi?– dedi Ochil yana.
– Tanaffus qilib o‘tiribsiz-ku, yana qanaqasi kerak?
– Endi, jo‘ra, piching qilsangiz-qilmasangiz shu,– dedi Ochil o‘ychan ovoz bilan. U hozir yozgan narsasining ta’sirida bo‘lib, aytishadigan holi yo‘q edi.– Gapning rosti, bugun ma’ruza qulog‘imga kirmayapti. Uch soat o‘zimni majbur qilib o‘tirdim, bo‘lmadi. Nima qilay… keyinchalik ko‘chirib olarman.
Mahkam o‘z tumbochkasi ustiga engashib nimanidir axtarar edi, boshini ko‘tarmay dedi:
– Ko‘chirib olish bilan ish bitsa, taraqa-turuq nimaga kerak, fakultetni yopib qo‘ya qolishsin bo‘lmasa.
Ochil qog‘ozlarini yig‘ishtirib, deraza oldidagi o‘z tumbochkasining ustiga eltib qo‘ydi. Keyin koridorga chiqdi, oilalik talabalar turadigan bo‘lmalardan birini taqillatib, yopiq eshik orqali vaqtni so‘radi.
Tanaffusga hali ancha bor edi. U qovog‘ini solib qaytib kirdi, soati bo‘la turib vaqtni aytmagan Mahkamga orqasini o‘girib karavotga o‘tirdi-da, tumbochkani oldiga tortib, yozuvlarini oqqa ko‘chira boshladi. Unga qattiq gapirib biroz ichini bo‘shatgan Mahkam endi ancha yumshagan edi. Tumbochkadan kerakli daftarlarini olib, stol ustiga qo‘ydi-yu, bir kitobni qidirib, eshik bilan Ochilning karavoti orasida turgan shkafni ochdi.
Bu yerdan Ochilning yozayotgan narsasi unga ko‘rinardi. Shuning uchun Ochil chap yelkasini burib, yozuvlarini to‘sdi. Mahkam uning she’r yozayotganini payqab kulimsiradi, lekin po‘pisa qilib so‘radi:
– Yana bir-ikki soat o‘tirmoqchisiz, shekilli?
Ochil indamay yozishda davom etdi. Mahkam karavotini aylanib o‘tib, uning oldiga keldi.
– Qani, ma’ruza vaqtida yozilgan she’r qanaqa bo‘lar ekan, bir ko‘raylik-chi.
– Tegmang,– dedi Ochil qog‘ozlarni kafti bilan bosib.
– Maxfiymi? Obbo, qachondan beri?
– Qo‘ying, jo‘ra, buning hazil qiladigan joyi yo‘q,– dedi Ochil jiddiy.
________________________________________________
[1] Сур (форсча) – қирмизи, қизил, қизғиш. Сурранг – тўқ кулранг, тилларанг қоракўл.
[2] Лектор (лотинча: lector — ўқувчи) – маъруза (лекция) ўқувчи киши.
[3] Вестибюл (лотинча: vestibulum – уйга кираверишдаги майдонча, даҳлиз) – кино, театр, метро ва шу каби бошқа жамоат иншоотларининг ичкари қисмига кириш жойидаги катта, кенг саҳн, майдон.
[4] Прогул (русча) – 1) ишга сабабсиз келмаслик; 2) дарсга сабабсиз келмаслик, дарс қолдириш (бу ерда шу маънода)
(Сайтимизни кузатиб боринг. Давомини ўқийсиз).
«Уч илдиз» романини иштиёқ билан ўқиётган азиз китобхонлар! Таассуротларингиз фикрнома тарзида ёзиб юборсангиз беҳад мамнун бўлардик.
Бир ялам асал есак, дарров сув ютмоққа ошиқамиз. Ўткир шира томоғимизни қириб юборади. Бўғзигача асалга ботириб қўйилган қошиқнинг азобини тасаввур қилаверинг. Устоз Пиримқул Қодировнинг асарлар ҳам асл, ҳам асал асарлар. Асал бўлганда ҳам, шираси меъёрида. Ортиқчалик йўқ.
Талабалар ҳаёти акс этган ушбу асар жуда самимий ёзилибди. Бошланишини ўқиб, тезда ҳолатга кира оласиз. Жами вужудингизни асар муҳитига тиркайсиз.
Давомини кутиб қоламиз.