Pirimqul QODIROV. UCH ILDIZ (Roman)

Давоми: 4-боб. Боши олдинги саҳифада.

п5

4

Ular narigi o‘quv binosiga kirib borishganda, chiqishga qo‘ng‘iroq chalindi. Zinapoyada pastga tushib kelayotgan guruhdoshlari duch kelishdi, ular darhol Mahkamni o‘rtaga olib, Akbarov bergan jazo haqida gapira boshlashdi. Biri: «Qattiqqo‘llik ham evi bilan-da, juda oshirib yubordi-e» desa, biri: «Yo‘q, o‘zi anglashilmovchilik bo‘lib, «eshikni yoping» deganini Mahkam boshqacha tushundi» der, biri: «E, qo‘ying, shu Akbarovni, qo‘pol ekan juda» desa, biri: «Tushunish kerak-da, berilib ma’ruza o‘qiyotgan edi, birdan kalavasini yo‘qotib qo‘ydi», derdi. Mahkam indamas, Ochil esa nima gapligini tushunolmay alanglardi. Ularning to‘pi zinapoyani enlab, orqadan keluvchilarning yo‘lini to‘sib qo‘ydi. Yo‘lni bo‘shatishni talab qila boshladilar. Ayni vaqtda, pastdan chiqib kelayotgan guruh sardori Lola Hakimovaning Mahkamni chaqirgani eshitildi:

– Mahkam! Dekanatga borar ekansiz. Siz ham, Ochil. Dekan chaqiryapti.

Ikkovi ham pastga qaytib tushdi.

– Chini bilan terimizga somon tiqadimi deyman, jo‘ra?– so‘radi Ochil xavotirligini kulgi bilan bosmoqchi bo‘lib.

– Yuring,– dedi Mahkam jiddiy. Uning ko‘zlari qisilib, qoshlarining o‘rtasida tugunchak paydo bo‘lgan edi.– Hazil-hazil bilan, yaxshi bo‘lmayapti. Hozir fakultet o‘zi to‘polon. Davomat bo‘yicha oxirgi o‘ringa tushib ketibmiz. Bir haftada ming soat progul. O‘rtoq Akbarov,– bu ikki so‘zni u istehzo bilan aytdi,– o‘rtoq Akbarov yana biror jazo bersalar kerak-da.

– Hozir Akbarovning ma’ruzasimidi?– dedi Ochil to‘xtab.

– Ha, yuring, sizning yaxshi ko‘rgan dotsentingiz-ku[1], qo‘rqmasangiz ham bo‘ladi.

Ochil bo‘shashib ketdi: u haqiqatan ham Akbarovni juda hurmat qilardi, lekin uning Mahkamga qilgan muomalasi… Yana hozir shu ahvolda u bilan uchrashish kerakligi… ko‘ngli allanechuk g‘ash bo‘lib, dekan kabinetiga qanday kirganini sezmay qoldi.

To‘rdagi stol yonida dekan Zufar Hakimovich Hakimov o‘tiribdi. Beriroqda kitob javoni qarshisiga qo‘yilgan qora charm divanga Akbarov cho‘kkan. Ular kimnidir, jim kutayotganga o‘xshaydi. Hakimovning o‘tirishi, yuzi, hatto «tipratikon» qilib qirdirilgan sochining dikkayib turishi ta’bi tirriq ekanidan darak berardi. U Mahkam bilan Ochilning salomiga javoban:

– Bu qanaqa gap,– dedi,– bu ahvol qachongacha davom etadi endi? Bu yer karvonsaroy emas, xohlaganda qo‘nib, xohlamaganda yonidan o‘tib ketaveradigan – oliy maktab bu! Bu yerda o‘qishni orzu qilib yurganlar sonmingta. O‘qigilaring kelmasa, bo‘shatib qo‘yinglar o‘rinni, ma’ruza vaqtida yallo qilib yurmaydiganlar o‘qisin.

Ochil Akbarovdan uyalib qizardi. Mahkam esa nohaq gaplardan norozi bo‘lib, yana yuzining qoni qocha boshladi. U:

– Avval bir surishtiring, domla,– deb e’tiroz bildirgan edi, Hakimovning jahli yana bir parda ko‘tarildi:

– Nimasini surishtiraman? Ming soat progul yetmadimi? Sizdaqalarning dastidan fakultet malomatga qolayotibdi, hammadan gap eshitayotibmiz! Tag‘in nimani surishtiray, a? Mana, Temur Akbarovich nega sizni kirgizmabdi? Ishonamanki, bekorga emas. Bu kishi eng bardoshli o‘qituvchilarimizdan edi. Shu kishiningki toqatini toq qilibsizlar, demak, keskin chora ko‘rish payti kelibdi!

Akbarov o‘tirgan joyida oldinga engashib bir narsa demoqchi bo‘lar, lekin qulay payt topolmasdi.

– Bir daqiqa, Zufar Hakimovich, kechirasiz,– dedi u nihoyat Hakimovning gapini og‘zidan olib.– Gap mening toqatimda emas. Yigitlar, to‘g‘ri, sizlarni chaqirishga men sabab bo‘ldim. Garchi chaqirishni so‘ragan bo‘lmasam ham,– deb u Hakimov tomonga qaradi:– Zufar Hakimovich, ruxsat bering, o‘tirishsin. Qani, o‘tiringlar.

Ochil avval stol bilan divan orasidagi bo‘sh stullarga, so‘ng Mahkamga qaradi. Mahkam o‘tirmoqchi emas edi, qo‘llarini orqasiga qilib, o‘zini devorga yaqinroq olib qimirlamay turar, aftidan, shu bilan ham norozilik bildirardi. Akbarov ularning o‘tirishini kutib jim turgani uchun Ochil noiloj bir stulni narigi devorning zehiga surib, omonatgina o‘tirdi. Akbarov bosiq va bir qadar muloyim ovoz bilan:

– O‘rtoq Samadov, siz nega ma’ruzada yo‘q edingiz?– dedi.

Ochil so‘z topolmay yuzini kafti bilan qattiq ishqadi. Uning ko‘zlari kirtayib qolganini ko‘rib:

– Tobingiz yo‘qmidi?– dedi Akbarov yana.

– Yo‘q, o‘zim shunday… Sababsiz.

Zufar Hakimovich kresloni g‘ichirlatib bir bezovtalandi-yu, lekin gapirmadi. Akbarov Ochilga boshqa bir narsa deyish ortiqcha ekanini sezib, Mahkamga yuzlandi.

U tikka turgani uchun pastdan yuqoriga qarab gapirishga to‘g‘ri kelardi.

– Nega o‘tirmaysiz?– dedi Akbarov kulimsirab. Uning po‘latdan qilingan jag‘ tishlari ko‘rinib ketdi.– Bilaman, mendan xafasiz. Surishtirmay shunday qildi-ya, noinsof, deb turgandirsiz ichingizda-a?– Akbarov javob kutib kulimsiradi.

– Ehtimol,– dedi Mahkam ham tap tortmay.

Ochil unga qarab «sen ham shafqatsizsan-e», deb qo‘ydi ichida.

– Lekin sababingiz ma’lum edi,– dedi Akbarov xiyol tovushi o‘zgarib.– Kengash a’zosi ekaningizdan xabarim bor. Hozir dolzarb payt, yoshlar yeng shimaryapti – hammasi tushunarli. Lekin faollar ham bir narsani tushunishsin: ming soat progul osmondan tushgan emas. Fakultetda intizom pasayib ketyapti. Intizomni, avvalo, faollar tushiryapti.

– Suv boshidan loyqalanadi-da,– deb Zufar Hakimovich gap qistirdi.

– Ha. Mana o‘zingiz ayting, shu kunlarda necha kishi yoshlar ishini bahona qilib ma’ruzadan qoldi? Hozirning o‘zida necha kishi kechikdi? Men sizni shularning eng ashaddiysi demoqchi emasman. Aksincha, bu yerda Zufar Hakimovich mening gapimni boshqacharoq tushuntirdi. Kirgizmaganimning sababi bu emas. O‘zingiz ham pedagog bo‘lyapsiz. Agar, faqat ashaddiy progulchilar ibrat bo‘la olganda men kotiblaringni kirgizmagan bo‘lardim.

– Mannonovnimi?– dedi Zufar Hakimovich stol ustiga engashib. U ertalab Zokirni chaqirib, ming soat haqida bong urishni va keskin choralar qo‘llashni buyurgan, shundan keyin shoshilinch majlis o‘tkazilgan edi. U devoriy gazetaning favqulodda sonini chiqaramiz deb yugurib yurgan Zokirni boya ma’ruza paytida ham ko‘rgan, «ha, barakalla, bir zo‘r beringlar» deb o‘tib ketgan edi.

Akbarov unga tasdiq ma’nosida bosh irg‘ab, Mahkamga gapirishda davom etdi:

– Biz yoshlar tashkilotining a’zosi bo‘lgan paytimizda tashkilot vojagining[2] eng zo‘r quroli shaxsan ibrat ko‘rsatish edi. Hozir ham shundaymi? Yo…

Shu payt eshik ochilib, Zokirning kallasi ko‘rindi.

– Mumkinmi? Assalomu alaykum… E, jamoat jam-ku. Temur Akbarovich, agar Mahkamni urishayotgan bo‘lsangiz men oraga tushmoqchiman. Mana, Zufar Hakimovichning ham xabarlari bor…

Akbarov qaddini rostlab, divanning bolishiga bilagini qo‘ydi-da:

– Avval o‘zingizdan gapiring, nega ma’ruzaga kelmadingiz?– dedi.

– Ha, shu progulga qarshi kurashamiz, deb kuyib-pishib yuribmiz.

– Iye, progulga qarshi kurashish uchun ham progul qilish kerak ekan-da!

Zokir xiyol qizardi, boshini keskin siltab, peshonasiga tushgan uzun sochini orqaga tashladi-da, yerga qarab:

– Endi nima ham qilaylik, Temur Akbarovich,– dedi.– Progulning bir sababi ma’ruzalarning o‘zida. Ba’zi ma’ruzalar kitobdagidan ortiq bir yangilik bermaydi. Kitobni esa uyda ham o‘qib olish mumkin.

Ochiqdan ochiq Akbarovga qaratilgan bu istehzo Zufar Hakimovichni allanechuk yayratib yubordi. Akbarov esa oqarib ketdi.

– Ya’ni, nima demoqchisiz,– dedi Zokirga tikilib,– mening ma’ruzamga shuning uchun kelmaganmidingiz?

– E, unaqa ma’no chiqarmang-da, Temur Akbarovich. Men umuman aytdim.

Akbarov uning gapini o‘ziga olib xato qilganini sezdi va battar oqardi. Oqi ko‘payib, kulranglashib qolgan siyrak sochlarini tez siypab, yana bir narsa demoqchi bo‘ldi. Lekin Zufar Hakimovich epchillik qildi. U Ochil bilan Mahkamga Akbarov yaxshi ko‘rinayotganini sezib, o‘z kabinetida suhbat jilovini berib qo‘yganidan bezovtalanib o‘tirgan edi, hozir paytdan foydalanib yana jilovni ko‘lga oldi:

– Albatta, o‘zingizga olmasligingiz kerak, Temur Akbarovich. Lekin siz, Mannonov, unaqa zararli gaplarni tashlang. Aybni ma’ruzalarga to‘nkash progulchilikni oqlashga olib boradi.

– Kechirasiz, Zufar Hakimovich, men faqat ba’zi ma’ruzalarni aytdim.

– Gap shu, yigitlar,– dedi Hakimov hammaga murojaat qilib,– bundan buyon ehtiyot bo‘linglar. To‘rtinchi kursdamiz-u, dekan gunohimizni kechiraveradi deb o‘ylamanglar. Beshinchi kursda o‘qisa ham, intizomni buzsa, ayamaymiz, shuni quloqlaringga quyib olinglar. Xo‘p,– u Akbarovning ham nomidan ruxsat berayotganini bildirib, unga bir qarab oldi-da, dedi:– Boringlar.

____________________________________

[1]Доцент (лотинча: docens, doсеntis – ўргатувчи) – олий ўқув юртларида профессорликдан қуйи, катта ўқитувчиликдан юқори илмий унвон ва шундай унвон олган киши.

[2] Вожак (русча; бошлаб, бош бўлиб борувчи) – бошқариб, раҳбарлик қилиб борувчи шахс; бошлиқ.

п3

(Сайтимизни кузатиб боринг. Давомини ўқийсиз).

Вам может также понравиться...

1 комментарий

  1. Асарни катта қизиқиш билан ўқий бошлаган эдим
    ўқиган сайин асар ичига кириб бораверади киши

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *