Pirimqul QODIROV. UCH ILDIZ (Roman)

Давоми: 8-боб. Боши олдинги саҳифаларда

п2

8

Mahkam Shoazimning pichinglariga boshqacha javob qaytarmaganidan achinib, o‘rtoqlariga sovuq rasmiyatchi bo‘lib ko‘ringanidan ko‘ngli og‘rinib o‘tirgandi Sulaymon Ziynatullayev kirib keldi.

U sochi oqara boshlagan, lekin qaddi-qomati yigitlarnikidek xipcha, bo‘yi o‘rtadan tikroq kishi edi. Ma’ruzaga doim toza, qimmatbaho kiyimlar kiyib kelar va ko‘pincha tikka turib, qo‘lini ifodali harakatlantirib, badiiy asarlardan qiziq-qiziq misollar keltirib, konspektiga qaramay gapirardi. Shuning uchun talabalar uni Begimovga qarshi qo‘yishardi. Ziynatullayevning o‘zi ham Begimov bilan Hakimovni yoqtirmas, lekin buni ochiq aytmasdi. Ba’zan ularni tilga olganda so‘z bilan aytilmagan, lekin gap mazmunidan payqasa bo‘ladigan zaharli istehzolar qilardi. «Nahotki yaxshi ma’ruza o‘qish faqat mafkurasi buzuq odamlarning qo‘lidan kelsa!» degan pichingini ham Mahkam birinchi marta Ziynatullayevdan eshitgan edi. Hozir buni Shoazim Toshev masalasiga qo‘shib, «Hakimov yaxshi lektorlarni yoniga chiqarib quvyapti» degan ma’noda aytdi. Ziynatullayev ham o‘sha pichingi bilan shundoq demoqchi bo‘lganini Mahkam endi tushundi.

Odamlarni bir-biriga bunday qarshi qo‘yish va bir og‘iz gap bilan birovni yomonga chiqarish, yana buni bemalol kulib aytish Mahkamga allanechuk juda yomon tuyulardi.

Agar u hozir xilma-xil tuyg‘ularini aniq bir fikr holiga keltira olsa edi, yomon ko‘rinayotgan narsaning nimaligini ham tushunardi: u o‘z jamoasidagi har bir odamni «o‘z kishimiz» deb bilardi. Shu jamoadagi biror kishining kamchiligi haqida begonaga o‘xshab, «chetdan» beparvo qarab, kulib gapira olmasdi, jon kuydirib, ich-ichidan achinib, o‘z-o‘z bo‘lib gapirishni istardi. Boya Eshonboyev Akbarovni yot odam demoqchi bo‘lib gumonsiraganda ham Mahkam undagi ishonsizlikdan, toshmehrlikdan ruhan ezilgan edi. Shoazimning (undan oldin Ziynatullayevning) Hakimovlar haqidagi pichingida ham shunga o‘xshash bir toshmehrlik, begonalik bor edi va Mahkamning eng aziz tuyg‘ulariga soya solib, ta’bini tirriq qilardi.

U Ziynatullayevning ma’ruzasidan konspekt olar ekan, bahsda ko‘pchilik Shoazimni yoqtirganini yana bir marta ko‘ngli og‘rib esladi. «U haq bo‘lgani uchun emas, gapga chechan bo‘lgani uchun, nohaq gapni ham kulgili qilib aytgani uchun mendan baland keldi,– deb o‘yladi u.– Mana, uning yaxshi ko‘rgan o‘qituvchisini ham yoqtiradiganlar ko‘p. Lekin sinchiklab qaralsa…»

Mahkam Shoazim tufayli Ziynatullayevga ham sinovchan ko‘z bilan qaray boshladi. Uning nazarida, Ziynatullayevning chiroyli polyak trikosidan tikilgan va hali dazmoli buzilmagan kostyumi ham, yaraqlab turgan qo‘ng‘ir tuflisi ham, har kuni soqol oldiraverishdan terisi noziklashib qolgan yuzi va jismoniy mehnat ko‘rmagan ingichka barmoqlari ham uning o‘ziga ko‘p bino qo‘yganidan dalolat berardi. «Qiziq narsalarni aytib auditoriyani kuldirishi ham faqat talabalarni qoyil qilish uchun,– derdi Mahkam o‘zicha.– Napoleon Moskvaga oq otda kirib kelganini, boyarlar[1] delegatsiyasini[2] kutib ahmoq bo‘lganini batafsil aytadi-yu, uning vaqtincha g‘alaba qozonishiga sabab bo‘lgan narsalarni quruqqina sanab o‘tadi. «Zerikarli narsalarni ham gapirishga to‘g‘ri keladi, lekin nima qilay, talab shu» deganday ma’noli kulimsirab naridan-beri aytib ketadi. Shuning uchun bu ma’ruzalardan esda qoladigani – tarixning chuqur ichki jarayonlari emas, yuzada turgan juz’iy voqealari. Shoazim ixlos qo‘ygan o‘qituvchi ham uning o‘zi kabi xiyla yengiltak».

Lekin bu hukm Mahkamni qoniqtirmasdi. Chunki u biladiki, o‘qituvchining did bilan yaxshi kiyinib kelishi ayb emas, aksincha, buni pedagogika fani ham tavsiya qiladi. Ziynatullayevning ma’ruzasida juz’iy faktlar esda qolishiga kelganda… O‘zi chuqur ilmiy xulosalardan ko‘ra yuzada turgan yorqin detallar[3] xotiraga osonroq o‘rnashadi-ku. «Yo‘q, men ham Shoazimga achchiq qilib yo‘q joydan nuqson qidirayotganga o‘xshayman», dedi Mahkam ichida va bu to‘g‘rida boshqa o‘ylamaslikka qaror qilib, butun e’tiborini konspekt olishga qaratdi.

Sulaymon Ziynatullayevich kechroq kelgani uchun mavzuni ancha qisqartirib o‘qimoqda edi. Ammo keragidan ortiq qisqartirib gapini tez tamom qilib qo‘ydi. Yangi mavzuni kelasi soatda boshlamoqchi bo‘lgani uchun soatiga qaradi.

– Voy-bo‘y, yana o‘n daqiqa bor-a!– dedi yengil kulgi bilan.

Bu kulgida «bilaman, qo‘ng‘iroq kutaverib bezor bo‘lgansizlar» degan ma’no bor edi. Tanaffusni sabrsizlik bilan kutadigan talabalarga bu juda yoqib tushdi. Ular Sulaymon Ziynatullayevichni o‘zlariga yon bosuvchi kishi deb bilib, quvonch bilan kulishdi. So‘ng Shoazim:

– Sulaymon aka,– dedi unga o‘zini juda yaqin olib.– Bo‘lmasa biror narsa aytib berasiz… Latifami, ishqilib, o‘zingiz bilasiz.

Sulaymon Ziynatullayevich «latifa bilmayman», deb unamadi, lekin talabalar qo‘ymadi.

– Xo‘p, bo‘lmasa,– deb stulini talabalar stoliga yaqin surib o‘tirdi.– Bir odam bor ekan. Har kuni kechqurun xotiniga: «Majlisim bor, kech kelaman», deb ketar ekan-u, boshqa bir juvon bilan tomoshaga tushar ekan. Xotin uyda bolalari bilan qolib hech narsani bilmas ekan. Bir kun kechqurun o‘sha odam ishdan kelib: «Tez bo‘l,– debdi,– mana shu pidjakni dazmolla, bugun juda katta majlis bo‘ladi». Xotini pidjakni dazmollayotganda cho‘ntagidan bir qog‘oz yerga tushib ketibdi. Ochib qarasa, ikkita teatr bileti. «Xap, senimi!»– debdi, biletni joyiga solib qo‘yibdi. Hech narsa bilmaganday erini jo‘natibdi. Keyin orqasidan teatrga boribdi. Lekin baxtga qarshi, kirishga bilet topolmabdi. Teatr ma’murini chaqirib, yig‘lab, voqeani aytibdi. «Bo‘lmasa siz shu yerda turing,– debdi ma’mur.– Men hozir chaqirib beraman». Kirib radiokarnay orqali butun teatrga gapiribdi: «O‘rtoqlar, oralaringda bir odam o‘tiribdi. Bu odam majlisga boraman, deb xotinini aldab, o‘ynashi bilan teatrga kelgan. Men uni taniyman, lekin obro‘si to‘kilmasin deyman. Shuning uchun chiroqni o‘chirib turaman, qorong‘idan foydalanib uyiga ketsin». Shunday deb, ma’mur zalning chirog‘ini o‘chiribdi. Birpas o‘tgandan so‘ng yana yoqib qarasa zalda bitta ham erkak qolmagan emish.

Bir qancha joydan kulgi ko‘tarildi. Mahkam kulgining sababini tushunolmay atrofga alanglardi.

– Ob-bo, hamma o‘ynashi bilan o‘tirgan ekan-da,– deb kimdir yana kuldi.

Mahkam endi tushundi va kulmoqchi bo‘ldi, lekin ikki og‘iz yengil gap bilan shuncha odamni buzuqqa chiqarish, yana buni kulimsirab aytish Mahkamga boyagiday bag‘ritoshlik, ichiqoralik bo‘lib ko‘rindi va g‘ashini keltirdi. Shoazimning bo‘lmag‘ur pichinglariga durust javob qaytara olmagani yana esiga tushdi, hammasiga birato‘la boplab javob bermoqchi bo‘ldi. Yon-veriga qarab, latifani xushlamagan bir o‘zi emasligini ko‘rdi-da, dadillanib piching qildi:

– Domla, o‘sha chiqib ketganlarning birontasi hozir biz bilan o‘tirgan bo‘lmasin!

Mahkam «siz o‘zingiz bo‘lmang!» demoqchi edi. Sulaymon Ziynatullayevichning ko‘zi bir «yalt» etdi, pichingni tushungani shundan bilindi. Lekin o‘ziga olmay, kulimsirab javob berdi:

– Bu ehtimoldan uzoq.

– Har holda,– dedi Mahkam qip-qizarib,– bir zal odamning barini buzuq deyish noto‘g‘ri.

Shoazim orqadan unga qo‘lini paxsa qilib qichqirdi:

– Kim shunaqa deyapti? Siz kulgi nimaligini bilasizmi o‘zi? Bilmasangiz borib lug‘atning «k» degan joyini o‘qib keling, keyin latifa eshiting!

– Bilaman, lekin siz kulgidan kulgini farq qilmaysiz!

Qo‘ng‘iroq chalindi. Shoazim bilan bir qancha talabalar Sulaymon Ziynatullayevichni to‘xtatib, nima to‘g‘ridadir quyuq gapirisha boshladilar. Mahkam ko‘pchilik bilan tashqariga chiqar ekan, ba’zilar unga qaramaslikka harakat qilayotganini sezdi. Faqat Ochil uning oldiga kelib:

– Sizga nima bo‘ldi, jo‘ra?– dedi.– Axir, Ziynatullayev bizni o‘ziga yaqin olib qiziqchilik qilyapti-ku. Har qanday o‘qituvchi ham talabalar bilan bunaqa ochiq gaplasha olmaydi. Osonmi? Ziynatullayev qo‘rqoq emas. Keyin bizga ishonadi, gap qilmasligimizni biladi. Bunaqa qildan qiyiq qidiradigan odatingiz yo‘q edi, shekilli. Yo chini bilan o‘rtoq Eshonboyevdan namuna olyapsizmi?

Mahkam indamay chiqib ketdi. Boya borib ulgurmagan guruhlariga xabar berarkan, Eshonboyevning tarafini olib «o‘rgansam-chi?» degani esiga tushdi. Bu endi Eshonboyevning soyasiga ko‘rpacha to‘shashday tuyulib ketdi, uning g‘ashi kelib, qo‘llarini beixtiyor tugdi.

Chap qo‘lidagi ro‘yxatning bir cheti «tirs» etib yirtildi.

Bu mash’um ro‘yxatda Gavharning nomi ham bor edi. «Progulingiz uchun kengashda javob berasiz» degan xabar bilan borish bundan ikki soat oldin juda mushkul tuyulgan, ro‘yxatda Gavharlar guruhi birinchi bo‘lsa ham Mahkam oxirgi o‘ringa surgan edi. Endi, katta mavzulardagi bahs-munozaralardan keyin, bu mushkullik zig‘irdakkina ko‘rindi. Mahkam Gavhar bilan uchrashishini tasavvur etganda sovqotib gulxanni ko‘z oldiga keltirgan kishiday yuragi bir orziqdi.

Hozir u jo‘shqin tuyg‘ular haroratiga har qachongidan ham kuchliroq ehtiyoj sezar edi.

Uning o‘ylari Gavharga qarab uchdi, unga to‘yib-to‘yib qaragisi, ko‘nglini ochib gapirgisi keldi. Ammo hozir tanaffusda, shuncha odamning orasida bunga imkon bormi? Imkon bo‘lganda ham Mahkamning haddi sig‘masligi mumkin, chunki hali «rasmana uchrashuvga» o‘tganlari yo‘q. Faqat majlis va kechalardan keyin u Gavharni bir-ikki marta uylariga kuzatib qo‘ygan, xolos. Nega shu kuzatish paytlarida muntazam uchrashib turish to‘g‘risida bir bitimga kelmadi?

Mahkam hozir birinchi marta bunga ich-ichidan achindi.

U Gavharning ochiq eshik oldida turganini uzoqdan ko‘rdi-yu, boya shu eshik oynasidan iztirob bilan qaraganini eslab, badaniga o‘tli hayajon yugurdi. «Meni u ahvolda ko‘rib nima xayolga bordiykin? Yomon bir narsa o‘ylagan bo‘lmasin?» Keyin yana ro‘yxatga xayoli ketdi: «Nega progul qildiykin?» Axir u yoshlar tashkilotining vakili, hech bunaqa qilmagan edi-ku! Bilish kerak. Hozir gaplashib bo‘larmikin? Bordi-yu, bo‘lmasa… Ertaga majlis. Yo‘q, gaplashish shart! »

U har ehtimolga qarshi ro‘yxatning Gavharlarga taalluqli joyini yirtib olib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Ammo yurib borayotib yomon yirtdi. Shu ahvolda berish o‘ng‘aysiz edi. Boshqa qog‘ozga ko‘chirish uchun zinapoya maydonchasiga burildi. Ko‘chirayotganda Gavharni qoldirib ketdi. «Yoshlar tashkilotining vakili-ku, busiz ham boradi», deb o‘yladi.

Bu orada Gavhar ichkariga kirib ketgan edi. Mahkam eshikdan qarab, uni doskaning oldida ko‘rdi. Qizil jun kofta va klyosh etakli qora yubka kiygan, bitta qilib o‘rilgan uzun sochi boshi orqasida lenta bilan bo‘g‘ib qo‘yilgan. U doskaga bo‘r bilan chiroyli bir binoning suratini chizmoqda edi, qo‘l va bo‘yin harakatlaridan sochi ham og‘ir selkillab turardi. Auditoriyada boshqa hech kim yo‘q edi. Faqat stollar ustida do‘ppayib yotgan kitob-daftarlar, portfellar bu kimsasizlikning vaqtincha ekanini, hademay auditoriya odamga to‘lishini aytib turardi.

Mahkam ochiq eshikni taqillatdi. Gavhar o‘girilib uni ko‘rganda koftasining ko‘kragidagi havorang gullar tez ko‘tarilib tushdi, qoshlari asta to‘lg‘andi, ko‘zlarida shodlik va hayrat ko‘rindi, tiniq bug‘doyrang yuziga lop etib qizillik yugurdi. To‘lqinli tovush bilan:

– Keling,– dedi-da, bo‘rni darhol joyiga qo‘yib, qo‘lini artdi.

Ko‘rishdilar.

– Ishlaringiz yaxshimi?– dedi Mahkam. U ham hayajonlanib, labida nam qolmagan edi.

– Rahmat, yomon emas.

– Men bir ish bilan keluvdim. Ertaga majlis bo‘ladi,– deb u voqeani qisqacha aytdi-da, o‘zi ko‘chirgan ro‘yxatni uzatdi.– Sizlardan mana shular. O‘zingiz birga borar ekansiz.

– Men?– so‘radi Gavhar, rangi o‘chib. U ro‘yxatga qarar, lekin harflariga ko‘zi o‘tmasdi.

– Ha, endi…– Mahkam duduqlandi. Yo‘q, hozir bu mavzuda gapirishib bo‘lmaydi. Keyinga surish kerak:– Yoshlar tashkilotining vakili ham chaqirilgan.

– Ha-ha,– dedi qiz biroz tinchlanib.

Nima qilish kerak?

Mahkam bugun Gavhar bilan odatdagiday xayrlashib keta olmaydi. U qo‘llarini cho‘ntagiga solib pastga bosdi, yelkalari yuqori ko‘tarildi. Umrida qiz bolaga aytmagan gapini hozir shu yerda aytishni o‘ylab, butun gavdasi torday tarang tortildi.

Gavhar ham undan favqulodda bir gap kutib jim turardi. Koridordan eshitilayotgan qadam tovushlari ikkovini ham qistardi: hozir qo‘ng‘iroq bo‘ladi-yu, hamma kiradi, tezroq!

– Gavhar, men sizdan bir narsani so‘ramoqchi edim. Xafa bo‘lmasangiz…

Gavhar qo‘lidagi qog‘ozchani ko‘kragiga bosib, biroz tovushi o‘zgarib:

– Nimani?– dedi.

Mahkam qo‘llarini cho‘ntagidan oldi, lekin titrayotgani uchun bir-biriga chirmashtirdi.

– Menga ishonasizmi?

Gavhar ko‘zlarini katta ochib uning ko‘ziga qaradi-yu, kip-qizarib:

– Nega bunday deysiz!– dedi.

– Agar ishonsangiz, bugun birga bo‘laylik. Kechqurun. Agar ishonsangiz, Gavhar! Tomoshagami yo shunday aylanibmi: o‘zingiz bilasiz.

Mahkam cho‘g‘day yonib javob kutardi. Gavharning ko‘zi tinib ketdi. U asli Mahkamdan shunday bir taklif kutib yurardi. Qattiq hayajon ustida shu istagini yashira olmay:

– Mayli,– dedi.

U bu so‘zni entikib, astagina aytdi, lekin Mahkamga jaranglab eshitildi va borlig‘ini olovli sadolarga to‘ldirdi. Unga shu kifoya edi: misday qizib ketgan yuzini ushlay-ushlay eshikka tomon yo‘naldi.

Faqat o‘z auditoriyalariga qaytib kelib, uchrashuv joyi va soatini aytmaganini esladi. Yugurib chiqdi. Ammo vaqt o‘tgan edi, auditoriyaga talabalar kirib borardi. Bo‘shashib, o‘z joyiga qaytdi. Lekin ko‘zi kitoblariga tushib, xayolida bir fikr chaqnadi. «O‘rta asrlar tarixi»ni olib, ichki varag‘iga qalam bilan «Gavhar! Soat yetti. O‘rda. M.» deb yozdi-yu, tez olib borib berdi. Berayotib qo‘li bilan muqovani niqtab qo‘ydi va kuldi. Gavhar ham kuldi – demak, tushundi.

Naqadar farosatli!

Mahkamning yuragida hali yonmagan chiroqlar yonib, hali chalinmagan kuylar chalinardi. «Mayli!» so‘zi bilan boshlangan bu o‘tli musiqa fakultet g‘ovur-g‘uvurida ham, yotoqxona shovqinida ham, «7» raqamiga qarab ketayotgan soatning chiqillashida ham, hatto purkalgan ko‘ylakka dazmolning vashillab tegishida ham eshitilardi. U bayramlarda kiyadigan kiyimlarini yugurib-elib dazmolladi. Rangi qotib, yoqasi osilib qolgan paltosini ham cho‘tkalab, ustidan ho‘l latta qo‘yib dazmol urdi. Lekin yoqasi qurg‘ur tiklanmadi.

– Anavi yerda ip bilan igna bor,– dedi Ochil. U karavotda chalqancha yotib, «O‘zbekiston tarixi»ni o‘qirdi. Mahkamdagi holatni sezib zimdan kuzatib yotgan edi.– Yoqaning quloqlarini bir-biriga tishlatib, tagidan bir-ikki iling,– deb maslahat berdi. Chindan ham, dazmol qila olmagan ishni igna qildi.

Mahkam trolleybusda O‘rdaga kelib tushganda quyosh Toshkentning eng chiroyli binolaridan biri bo‘lgan mutaxassislar uyi ortiga tushib borardi. Binoning ustini va yon-verini nur seli chulg‘ab, old tomonidagi soyalarni quyuqlashtirib ko‘rsatar, derazalari qorayib turardi. Ko‘prik tagidan xitob bilan o‘tayotgan Anhor to‘lqinlari go‘yo pastdan qaynab chiqar va yumalab-yumalab oqardi. Hali yomg‘irlar boshlanmagani uchun anhor suvi tiniq, lekin toshlari ko‘rinib turgan sayoz chekkalarida shishaday rangsiz-u chuqur joylariga zangori bo‘yoq qo‘shib oqizilganday ko‘kimtir-yashil.

Nishab bo‘lib borgan va oxiri osmon bilan tutashgan Navoiy ko‘chasiga kunbotishdagi imoratlar uzun soya to‘shab turar, ora-oradagi nur parchalarida tramvay izlari, mashina sirtlari yalt-yult qilardi.

Mahkam buning hammasini qalbida chalinayotgan o‘sha ajib musiqa sadolari ostida ko‘rar, soat mili «7» ga yaqinlashgan sari qalb musiqasi yuqori pardalarga chiqib borardi.

Mana-e! Oq sharf o‘ragan, binafsharang palto kiygan, qog‘ozga o‘rog‘liq bir kitobni qizlarga xos qilib ko‘kragiga muloyim bosgan Gavhar trolleybusdan tushdi. Botib borayotgan quyoshda yuzi gul-gul yashnab ko‘rindi. Mahkam uni ko‘rdi-yu, qalbidagi musiqa tindi. U Gavhar haqidagi musiqa ekan, o‘zi kelgandan keyin hojati qolmadi, u sevgi haqida kuylar ekan, sevishgan ko‘zlar bir-biri bilan uchrashgach, ortiqcha bo‘lib qoldi.

Endi ularning biri uchun ikkinchisining tovushidan boshqa tovush, gapidan boshqa gap yo‘q edi. Hatto vaqt va masofa tushunchalari ham esdan chiqqandi.

G‘ira-shira qorong‘ilikda ikkovi katta ko‘chadan o‘tishdi. Kinolar oldida odamlar ko‘p ekan, Gavhar «qo‘ying!» dedi. Mahkam ham: «Birga gaplashib yurganimiz qaysi kinodan kam», deb o‘yladi-yu, teatr maydoniga qarab yo‘l boshladi. Aylanib yurib-yurib, soat to‘qqiz yarimga zang chalinayotganda kurantning oldidan chiqishdi. Odam tirband bir joydan o‘tayotganda ajralib qoladigan bo‘lishdi-yu, Mahkam Gavharning bilagidan oldi, lekin tinch ko‘chaga chiqqanda ham qo‘yib yubormadi. Qo‘ltiqlashgan holda yana Anhor bo‘yiga qaytib kelganlarini sezmay qolishdi.

Qiziq: bunday paytda gapning ham oxiri bo‘lmaydi, jimlik ham og‘ir tushmaydi. Ular nima haqda gapirishmasin, hammasi yangi tuyuladi, hatto ko‘pdan ma’lum narsalar ham birining tilida ikkinchisiga yangilik beradi, chunki bu narsalarga birining munosabatini ikkinchisi endi biladi. «Ivan Ivanovich» romanining yaqinda bo‘lib o‘tgan muhokamasi haqida gap borar ekan, Gavhar Ivan Ivanovichni yoqladi.

– Olganing xatosi unikidan katta,– dedi.

Mahkamga bu juda yoqib tushdi: to‘g‘ri-da, erkaklar bilan xotin-qizlarning haqqi-huquqi teng bo‘lgandan keyin, birining ikkinchisi oldidagi mas’uliyati ham teng bo‘lishi kerak.

– Busiz sadoqat yo‘q,– dedi u.

Bu gaplarning o‘zlariga ham aloqador ekanini sezishdi-da, birpas jim borishdi. So‘ng xuddi shunga yaqin fikrni Farida degan qiz ham chiqib gapirgani Gavharning esiga tushdi va Mahkamga eslatdi. Bu eslatishda ozgina xavotirlik va u chiroyli qizga Mahkamning munosabatini bilish istagi bor edi. Buni payqagan Mahkam ich-ichidan quvonib, Faridaning sevgan yigiti borligini aytdi. Umuman, yaxshi ko‘ruvchilar ustidan gap ketib ma’lum bo‘ldiki, ular ikkovi ham so‘nggi vaqtgacha hech kimni uchratmagan ekan. «So‘nggi vaqtgacha» deb ataylab hozirgi daqiqalarga til tekkizishmas, «Yaxshi ko‘rmagan» deyish o‘rniga «Uchratmagan» deyishlari ham bejiz emas edi.

Gavhar «Istirohat» degan maydonchaning yalang‘och daraxtlariga qarab, bu yil qorning kech ketganini, mart kirgan bo‘lsa ham yer ko‘klamaganini aytdi. Mahkam atrofga ko‘z yugurtirib:

– Mening nazarimda, hozir ko‘klam qulf urib turganga o‘xshaydi,– dedi,– xuddi anavi svetoforning yongan «ko‘zi» bilan qarayotgandayman.

Gavharda ham shunga o‘xshash tuyg‘u bor edi. Odamning nastroyeniyasi (ular bu so‘zni shu tarzda ruscha aytishardi) svetoforga o‘xshasa kerak-da, qaysi ko‘zi bilan qarasang, atrof o‘sha rangda ko‘rinadi, deb kulishdi.

Ko‘prikdan o‘tayotganlarida Mahkam osmonda miltillab turgan yulduzlarga qarab:

Shularning hammasi ham quyosh-a,– dedi,– faqat uzoq bo‘lgani uchun yulduz deymiz.

Qiziq, bizning quyosh ham shularday uzoq bo‘lganda yulduz der ekanmiz-da.

– Unda quyosh-yulduz deb aytadigan odamzodning o‘zi bo‘larmidi?

– Qarang-a,– dedi Gavhar.

«Yaqinlik qanday ulug‘!» degan so‘zlarni ikkovi bir-biriga aytmagan bo‘lsa ham, bir-biridan eshitganday bo‘ldi.

Shunday qilib, gap mavzusi tinmay o‘zgarar, suhbat boshqaruvchisiz kemaday to‘g‘ri kelgan tomonga burilib ketaverar, lekin oxiri borib ikkovining o‘zaro munosabatiga taqalardi – o‘zi, kema boshqaruvchisiz bo‘lsa ham tagida daryo oqayotgan bo‘lsa muqarrar bir manzilga qarab boradi-ku.

пир

[1] Бояр(лар) (русча: боярин – жангчи) – X-XVII асрларда Рус давлатида феодал жамиятнинг олий табақаси унвони ва шу унвонга эга бўлган киши.

[2] Делегация (лотинча: dеlеgatio – юбориш, тайинлаш) – бирор ташкилот ёки давлат томонилан белгиланган, юборилган вакиллар гуруҳи.

[3] Деталь (французча: deiail – тафсилот; мукаммаллик) – 2) бирор иш, ҳодиса. сюжет ва шу кабиларнинг кичик узвий қисми, тафсилоти (бу ерда шу маънода).

(Сайтимизни кузатиб боринг. Давомини ўқийсиз).

Вам может также понравиться...

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *