Qalbingizni to`lqinlantiradigan besh hikoya

Танишинг: Бахтиёр Рустамов! Унинг Milliard.uz сайти бўлғуси журналистлар учун ўзига хос маҳорат мактабидир, дейди Дониш домла.

Siz kitobsevar insonlar toifasiga kirasizmi? Agar bunday bo‘lmasa, shoshilmang. Quyida sizga so‘zlab bermoqchi bo‘lgan kichik hikoyalarimiz uzog‘i bilan 5-10 daqiqa vaqtingizni oladi. Ishonamizki, bu kichik ijod mahsullari hayotga bo‘lgan qarashingizni tubdan o‘zgartirib yuboradi. Ularning har birida qimmatbaho o‘git yashirin. Bu hikoyachalar sizga shunday bir dars beradiki, ulardan topganingizni katta-katta qissalar hamda romanlardan topa olmaysiz. Xuddi ana shu besh hikoya hayotdagi o‘z o‘rningizni qayta ko‘rib chiqishingizga majbur qiladi.

 

Birinchi hikoya

Kunlarning birida sichqon ferma xo‘jayini qo‘ygan qopqonni ko‘rib qoldi. U bu haqda qo‘yga, tovuqqa hamda sigirga aytib berdi. Ammo ular: «Qopqon bizning muammoimiz emas. Biz uning nimasidan qo‘rqamiz? Uning bizga hech qanday aloqasi yo‘q”, deb javob qaytarishdi.

Kunlardan bir kun qopqonga ilon tushib qoldi va xo‘jayinning xotinini chaqib oldi. Xotinining tanasidan ilonning zahrini chiqarib tashlash va unga quvvat bo‘ladi, degan umidda fermer tovuqni so‘ydi-da, undan xotiniga tovuq sho‘rva tayyorlab berdi. Kasalmand xotinini ko‘rishga kelayotganlar oldida uyalib qolmasligi uchun qo‘yni so‘ydi hamda uning go‘shtidan turli taomlar tayyorlab, mehmonlarni kutib oldi. Ammo, afsuski, xotini vafot etdi. Marakani o‘tkazish uchun fermer sigirni ham so‘yishga majbur bo‘ldi.

Bu o‘tgan vaqt mobaynida vaziyatni o‘z uyasidan kuzatib turgan sichqon bo‘lib o‘tgan hodisalar haqida fikr yuritardi…

Qissadan hissa. Bu hayotda hech kim hech narsadan himoyalanmagan, shu sababli boshqaning muammosiga befarq bo‘lmaslik kerak.

Ikkinchi hikoya

Burgut baland bir daraxtda shunchaki dam olib o‘tirgan edi.

Uning bu o‘tirishini ko‘rib qolgan quyoncha burgutdan so‘radi:

— Xuddi sendek hech narsa qilmay, bamaylixotir o‘tirishim mumkinmi?

— Albatta, mumkin, nimaga yo‘q ekan, — dedi burgut.

Quyoncha daraxtning tagiga o‘tirib dam olishni boshladi. Shunda birdan qayerdandir tulki paydo bo‘ldi-yu, uni ushlab, yeb qo‘ydi.

Qissadan hissa. Agar sen hech ish qilmasdan bemalol va xotirjam bo‘lishni xohlasang juda-juda yuqorida o‘tirishing kerak. Ko‘rpangga qarab, oyoq uzat.

 Uchinchi hikoya

Kunlarning birida bir fermada ot kasal bo‘lib qoldi.

Uni ko‘rgani kelgan veterinar:

— Agar ertalabgacha oyoqqa turmasa, uni o‘ldirishimga to‘g‘ri keladi, — dedi.

Ertalab esa ot o‘rnidan turmadi. Uning yonida qo‘y yotgandi.

— Qani, birodar, o‘rningdan tursangchi! Aks holda ular seni o‘ldirishadi! — dedi u otni niqtab.

Ot bor yo‘q kuchini to‘pladi-da, o‘rnidan turdi.

Ertalab kelib, bu vaziyatni ko‘rgan fermer:

— Mo‘jiza yuz beribdi. Bunday bo‘lishi mumkin emas edi. Otim tuzalibdi. Bu voqeani darhol bayram qilish kerak. Shu bois qo‘yni so‘yamiz! — dedi.

Qissadan hissa. Hech qachon birovning ishiga aralashmang, biroq qopqon voqeasini ham unutmang.

To‘rtinchi hikoya

Uch kishi tosh tashiyotgan edi. Ularning biridan so‘rashdi:

— Umuman olganda, bu yerda nima qilayapsan?

U peshonasidagi terni artib tashladi-da, javob berdi:

— Mana shu mehnatim tufayli qaddim bukilib, og‘ir kunlarga qolib ketdim.

Ikkinchisining oldiga borib undan so‘rashdi:

— Sen nima qilayapsan?

U yenglarini shimardi-da, tumshug‘ini ko‘tarib, g‘urur ila javob berdi:

— Pul ishlayapman. Bu yerda boshqa nima ham qilardim?

Keyin uchinchi kishidan so‘radilar:

— Sen nima ish qilayapsan?

U jilmaydi-da, javob berdi:

— Ibodatxona qurayapman.

Qissadan hissa. Qachonki oldinga oliy maqsad qo‘yarkansan, har qanday vaziyatda ham yashayotgan umringda ma’no bo‘ladi.

Beshinchi hikoya

Kunlarning birida kirakashga shahardagi mashhur millionerlardan birini qayergadir olib borishga to‘g‘ri keldi. Haligi millioner mashinadagi hisob-kitob uskunasiga qarab oz ham emas, ko‘p ham emas, aniq ko‘rsatilgan qiymatga yarasha haq to‘ladi.

Shunda kirakash so‘radi:

— Kecha o‘g‘lingizni olib kelib qo‘ygandim. U menga choychaqa sifatida 100 dollar bergandi. Siz bo‘lsangiz tiyin-tiyingacha hisob-kitob qilib o‘tiribsiz.

— Nima ham deya olishim mumkin. O‘g‘limning millioner otasi bor, men esa yetimman.

Qissadan hissa. Peshona teri bilan mehnat qilgan odamgina pulning qadrini biladi.

Qisqalik nafaqat iste’dodning balki u donolikning ham singlisidir. Ishonchimiz komilki mana shu qisqa hikoyalar orqali o‘zingizga kerakli o‘gitlarni qabul qilib oldingiz. Agar hikoyalar sizga ma’qul kelgan bo‘lsa, ularni do‘stlaringiz bilan bo‘lishing.

Milliard.uz

Вам может также понравиться...

1 комментарий

  1. bu hikoyalar birov tomonidan yozilganmi yoki xalq ijodi namunalarimi?

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *