Ustozning uch sabog`i — Устознинг уч сабоғи

Portret ocherk — Портрет очерк

8

Jurnalistika fakultetida o`chmas iz qoldirgan siymolar uncha ko`p emas. Talabalarga dars berganlarning hammasi ham ustoz degan nomga munosib bo`la olmaskan. Buni shu dargohda tahsil olganlarning gap-so`zlaridan ham ilg`ab olish mumkin… Ya’ni, qaysi domladan qay darajada ta’lim olganini va u amaliyotda qanchalik asqotayotganini eslasa, demak, haqiqiy ustoz o`sha bo`ladi!

Ochil Tog`ayev shunday e’tirofga sazovor bo`lgan domlalarimizdan biridir. Biri bo`lganda ham ko`p xislatlari bilan ajralib turadigan oliymaqom Ustoz deya ta’riflagim keladi.

Umrini jurnalist-kadrlar tayyorlashga baxshida etgan va ko`plab ijodkorlar qalbida o`chmas iz qodirgan bu ulug` ustozga uch xil nazar bilan boqib, ul siymoning uch xislatini kashf etdim.

Birinchisi, talabalik davridagi taassurotlar, ikkinchisi, ijod maydonidagi kuzatuv, uchinchisi, Jurfak o`qituvchisi (ya’ni, hamkasb) sifatida chiqarilgan xulosalar…

Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti biz tahsil olgan 1980-1985 yillarda Toshkent davlat universiteti deb yuritilardi. Bu mo`’tabar dargohning Jurnalistika fakultetida tahsil olgan sobiq hamkurslar bilan diydorlashib turamiz. Har gal suhbat mavzui – talabalik yillari qalblarimizga muhrlangan qiziq voqea-hodisalar, aziz ustozlar haqida bo`ladi.

Jurfakni tamomlagach, qator yillar turli gazeta-jurnallarda, kitob nashriyoti, bir tashkilot matbuot guruhida faoliyat ko`rsatdim. 1987-1990 yillarda ustoz Shavkat Miralimovning taklifi bilan qadrdon fakultetimda (soatbay) o`qituvchi bo`lib ishlagan edim. O`sha kezlar aziz domlalarimiz bilan bir safda ishlash qanchalik maroqli bo`lganini ta’riflashga til ojizlik qilardi. Tahririyatda ishlarim oshib-toshib ketgach, dars berishga fursat yetishmay qoldi…

2000 yilda ilmiy rahbarim Fayzulla Mo`minovning taklifi bilan fakultetga qaytdim.

Qisqacha “tarjimai hol”imni eslashim boisi, bizga saboq bergan ustozlarga bir paytlar talaba, so`ng jurnalist ko`zi bilan boqqan va o`zimizcha “baholagan” bo`lsak, endi ularga izdosh – hamkasb sifatida qarab, qay bir jihatlarini o`rganishga, andoza olishga intilyapmiz.

Sobiq hamkurslar bilan diydorlashuvning gashti o`zgacha. Yaqinda o`qishni tamomlaganimizning 30 yilligini maroq bilan nishonladik.

Har galgidek qadrdonlarim o`sha savolini takrorlashdi:

– Bugungi kunda Jurfakning “Ochil Tog`ayevi” kim?

Savolning mazmunini tushungandirsiz?

Ya’ni, Jurfakda hozir ham Ochil Tog`ayevdek dars o`tadigan domla bormi, deb so`rashadi…

Afsuski, jo`yaliroq javob topa olmay yer chizib qolaman… Nega?

Domlamizga talabalik ko`zi bilan qaragan davrimiz yodga tushadi.

Qishloq maktabini tamomlab kelgan soddadil, g`o`r bola Toshkent davlat universitetidek ulug` dargohning Jurnalistika fakultetida qanday o`qituvchilar dars berishini tasavvurimga sig`dira olmagan edim. Professor Ochil Tog`ayev darsini tinglab, universitet domlasi qanday bo`lishi kerak, degan savolimga javob topdim!

O`rta bo`yli, peshonasi keng, burgutsifat ko`zlaridan talabchanligi ko`rinib turgan ustoz darsni avvalo stolga “Publitsistika janrlari”, “O`zbek badiiy publitsistikasi” deb nomlangan kitoblarini qo`yishdan boshladi.

Ochig`i, o`shanda kitobi chiqqan kishini birinchi ko`rishim edi!

Qishloqda biror yozuvchi yoki olimni ko`rmagandim. Kitob yozgan odam – eng ulug` va buyuk siymo bo`ladi, degan tasavvurda yurardim.

Mana shu qalin kitoblar muallifi bo`lgan domlamizga hayrat va havas ila qarardim. O`zi yozgan kitoblarini ochib qo`yib dars o`tish – universitet domlasining ajib xislati bo`lib ko`ringan.

Kitobi chiqqan domla dars beryaptimi, demak, bizga ijod, qalam tebratish sirlarini ham o`rgatadi, degan umid paydo bo`lgan!

Orzuimiz rosmana amalga oshdi. Domla publitsistika nazariyasi, ayniqsa, ocherk janrini mukammal o`rgatgach, yozish sirlaridan saboq berdi. Mavzu qanday tanlanadi, qay tariqa qog`ozga tushuriladi, har bir ibora, jumla ustida izlanish va ishlash jarayoni qanaqa bo`ladi – hammasini miridan sirigacha o`rgatardi. Ko`p adiblarning ocherklari haqida tahliliy fikr yuritar ekan, ulardan to`g`ri xulosa chiqarishga va andoza olishga undardi. Yo`l ocherki, portret ocherk qanaqa bo`lishi, yozuvchi nimalarga e’tibor qaratishi zarurligini nazariy jihatdan o`rgatgan ustoz har bir fikrini amaliyot bilan bog`lab tushuntirardi. Ko`plab ocherklar tahlili, domlaning o`ziga xos izohlari talabalarni sehrlab qo`yardi. Har bir darsida albatta biror yangilik yoki qizqarli ma’lumot beradigan Ustozning darslari go`yo san’at asariga o`xshardi.

Xat janrini tushuntirar ekan, o`sha davr uchun “muhim ta’limot” hisoblangan Lenin yo boshqa arboblarning yozishmalari haqida emas, milliy jurnalistikamiz uchun g`oyat noyob manba – buyuk ajdodimiz Mir Alisher Navoiyning «Munshaot» asaridan so`z ochardi. (Mavzuni shu tariqa tushuntirish o`sha davr uchun ma’naviy jasorat hisoblanardi!) «Bu maktublar buyuk adibning turli holat va vaziyatlardagi kayfiyatini realistik aks ettirgan noyob tarixiy hujjatlar sifatida ham g`oyat ahamiyatlidir,– deb yozgan ustoz «O`zbek badiiy publitsistikasi» kitobida.– Navoiy xatlarida o`z vatani, xalqi haqidagi g`amxo`rlik tuyg`usi bilan yashagan, xalq ahvolini yaxshilash haqida ko`p o`ylagan, o`z siyosiy tushunchalariga muvofiq amaliy tadbirlar taqdim etgan grajdanin shoirning otashin ovozi eshitiladi».

Biz adabiyot darslarida nominigina eshitgan o`sha «Munshaot»dagi noyob bitiklarning mazmun-mohiyatini domlamiz shu qadar chiroyli tushuntirar ediki, go`yo o`sha xatlar qalbmizga jo bo`lib qolardi!

Ochil Tog`ayevning darsini qoldirgan talaba ko`p narsa yo`qotishini dildan his etardik. Shu bois, ayrim domlalarimiz darsiga “progul” bo`lmaslik uchungina kelsak, professor Ochil Tog`ayevdan albatta saboq olishga oshiqardik. Auditoriya to`lib turganini ko`rgan domlamiz birma-bir “yo`qlama” qilishga vaqtini ketkizmasdi!

Amaliy mashg`ulotlar boshlanganida ustoz bizga ocherk yozib kelish vazifasini berdi.

Talabalar qo`lidan kelgancha yozib topshirdi.

Domlamiz uyiga bir sumka qo`lyozmalarni ko`tarib ketdi.

Birinchi partada o`tirganim bois navbatdagi mashg`ulotda domla har bir qo`lyozma ustida qanchalik ishlaganini kuzatib, qoyil qoldim. Dars mobaynida domlamiz har bir talabaga o`z bahosini berardi:

– Ko`chirmakashlik ham zo`r “san’at”,– dedi bir kursdoshimizga kinoya qilib.– Faqat, eplab ko`chirolmaganing chatoq bo`libdi. Mana, sen o`g`irlik qilgan jurnaldagi maqola, qara, bir jumlada qancha imloviy xato ko`chirgansan…

O`sha mashg`ulotda maqtovdan ko`ra dashnom eshitganlar ko`p bo`ldi.

Mening pilla yetishtirgan bir ayol haqidagi “portret ocherkim”ni rosa chizib, tahrir qilibdi. Tepasiga “Qishloq haqiqati” (hozirgi “Qishloq hayoti”) gazetasiga, deb yozib qo`yibdi. Qo`lyozmani qaytarib berarkan, Norbobo Shakarovga olib bor-chi, dedi.

Uni mashinkada qayta ko`chirib, Norbobo akaga yetkazdim, ustozning gaplarini ayta turib, “domlamiz maqtadi” deb qo`shib qo`ydim…

Norbobo aka boshini sarak-sarak qilib kularkan, boplab nishonga urdi:

– Ochil Tog`ayev domla bunaqa maqolalarni maqtamaydi!– U shunday degancha sarlavha tagidagi “portret ocherk” so`zlarini bo`yab tashladi, kamiga yana tahrir qildi.– Maqolaning mazmuni yomonmas, faqat, har bir jumlani qayta-qayta ko`chirib tahrir qilishdan erinmang…

Bir kuni domlamiz “Qishloq haqiqati”da o`sha maqolani o`qiganini aytib, iste’dodning to`qson to`qqiz foizi – mehnat ekanligini, yozishni tinmay mashq qilishim, izlanishim zarurligini qayta-qayta uqtirdi.

Bu pandnomalar men uchun professor Ochil Tog`ayevning “oq yo`l tilashi” bilan barobar edi!

O`shanda qo`lyozmalarimizni tahlil qilgan domlamizdan kursdagi ellik nafar talabaning yarmidan kamrog`i yaxshi gap eshitdi. Buni qarangki, o`qishni tamomlagach, o`shalargina turli darajada jurnalist bo`lib yetishdilar! (Qolganlari Jurfakdek mo`’tabar dargohga turli yo`llar bilan kirib olib, qancha iste’dodli yosh qalamkashlarga yo`l bermay, ularning o`rnini egallaganlari, alal-oqibat shuncha joyning boshiga yetganlarini hech narsa bilan oqlab bo`lmaydi…)

Jurfakda boshqa birorta domlamiz shundoq yozishni o`rgatmadi…

Qaysiki talabaning biror maqolasi gazeta yo jurnalda yoritilsa, albatta Ochil Tog`ayevning nazariga tushardi. O`sha kezlarda “Guliston” jurnalida yoritilgan bir maqolam haqida domlamiz aytgan tanqidiy gap yaxshigina saboq bo`lgan: “Hayotga oyog`ingning panjalari orasidan qarama…”

Bu gapning mag`zini ancha vaqtgacha chaqa olmay yurdim.

Keyinchalik tushunganim shu bo`ldi: hayotga yuzaki qaramaslik kerak! Afsuski, hayot telba-teskari bo`lib yotgan o`sha mustabid tuzum davrida boshqacha qarash, fikrlashning imkoni yo`q edi. Ota-onamiz, xudo bor, deb tarbiyalagan bo`lsa, maktabda “xudo yo`q” deb ta’lim berishgan…

Dilimdagi dardimni keyinchalik (1987-88 yillarda Jurfakda dars berib yurgan kezlarimda) ustozga ochiq aytishga jur’at etganman.

Shunda donishmand domlamiz istehzo bilan kulib, shunday degan:

– Haqiqiy ijodkor har qanday sharoitda ham haqiqatning yuziga tik qarashi kerak! Abdulla Qodiriy, Cho`lponlar o`limdan qo`rqmadi. “Yulduzli tunlar”dek ajoyib roman yozgani uchun respublikaning o`sha paytdagi birinchi rahbaridan dashnom eshitganiga qaramay jasoratli adib Pirimqul Qodirov ijoddan to`xtab qolgani yo`q! Bu yozuvchining publitsistikasi ham bir olam. Sen ulardan ibrat ol!..

Ijodkor uchun eng muhimi – fikrlash, tafakkur qilish ekanligini shu domlamizdan o`rgandik. Tafakkur qilmasdan, tahliliy mushohada yuritmasdan yozganlaring – yuzaki, oldi-qochdi “maqola” bo`lib qolishi mumkinligini ustoz ko`plab adiblar ijodi misolida tushuntirardi.

Kursimizda Hakim Sattoriy, A’zam O`ktam, G`ulom Ibodov, Haydar Akbarov, Kamola Yusupova, G`affor Rasulov, To`xtaxon Madrahimova, Akrom Erdonov, Dilbar Bekchanova, Ro`ziboy Qo`ldoshyev, Bahodir Husanov, Mahbuba Xainova, Ulash Nurmonov, Sanobar Boymurodova, Muzaffar Hojiyev, Surayyo Qosimova, Gulbahor Tangirova, Ne’mat Boynazarov, Fayzulla Yunusov kabi qalamkash talabalar professor Ochil Tog`ayevdek ustozning nazariga tushganmizdan baxtiyor edik. (Gazeta-jurnallarda yoritilgan maqolalarimizni boshqa domlalar yo ko`rmasdi, yoki ko`rmaslikka olardi… Chunki, birortasidan ijobiy yoki tanqidiy gap eshitmaganmiz…)

Ustoz – otangdan ulug`, degan maqol bor. Otadan ulug` degan maqom olganiga yarasha haqiqiy ustoz chinakam ulug`ligini ko`rsatishi kerak! Ochil Tog`ayev domlamiz yurish-turishi, muomala madaniyatida ham tom ma’noda ulug`vorligini namoyish etardi, desam mubolag`a bo`lmaydi.

Oilada otamizning oldidan kesib o`tishga yo dasturxonda u kishidan ilgari qo`l cho`zishga jur’at etmaganimiz kabi Ochil Tog`ayev domlamiz kelayotganini ko`rsak, o`zimizni chetga olib turardik. U kishining ko`ziga tik qarashga, baho talashib-tortishga, gap qaytarishga hech qachon jur’at eta olmasdik. Ustozning salobati o`ziga yarasha edi. Ota-onamizning har bir gapi, pand-nasihatini qandoq qabul qilgan bo`lsak, domlamiz ta’limi ham xuddi shunday qalbga jo bo`lgan.

Ustozimizning har bir so`zi salmoqli bo`lardi!

Xuddi shunday, o`sha darajada dars o`ta oladigan domlalarnigina fakultetimiz “Ochil Tog`ayevi” deyish biz uchun “urf”ga aylangan.

Keyinchalik ustozning “Adiblar va janrlar”, “Ijod va idrok” deb nomlangan salmoqli kitoblarini ham katta qiziqish bilan o`qigandik. Afsuski, bu kitoblarni hozir topish amrimahol. Sotuvda umuman yo`q, kutubxonalarda qay bir yili “tozalash” ishlari amalga oshirilib, sobiq mustabid tuzum yillari chop etilgan ko`plab kitoblar “o`sha davr mafkurasiga xizmat qilgan” degan tamg`a ostida yo`q qilib tashlandi… Afsus, ular orasida umuman tuzumga aloqasi bo`lmagan kitoblar ham kam emasdi…

Yana bir armon shuki, Ochil Tog`ayevga munosib, sadoqatli shogird chiqmadi. Shu kungacha hech kim uning kitoblarini o`rganib, kerak bo`lsa, tahrir qilib, qayta nashr etish harakatiga tushmadi…

Hayotda xiyonatning turi ko`p ekan. Kezi kelganda, Ochil Tog`ayevdek professor bir “shogirdi”ning xiyonatidan qanchalik ozor chekkanini eslamaslikning iloji yo`q. Domlamizning ilmiy rahbarligida bir yosh o`qituvchi nomzodlik dissertatsiyasini yozishga kirishadi. Ustoz unga qanchalik qalb qo`rini berib, yo`l-yo`riq ko`rsatganini tasavvur etish qiyinmas. O`sha kezlarda qandaydir guruhbozlar Ochil Tog`ayevga hujum qilayotganini ko`rgan “shogird” shamolga qarab turlangancha ustozdan yuz o`giradi va boshqa bir professorning etagidan tutib ketadi…

Keyinchalik o`sha professor o`z maqolalari orqali Ochil Tog`ayev domlamizga ko`p tosh otganlarini kuzatganmiz. Bu toshlar ortida o`sha bevafo “shogird”ning ham ko`rinmas qo`li borligiga shubha qilmayman. Chunki, nomzodlik dissertatsiyasini amallab yoqlagan o`sha “shogird” ilm yo`lini ochib bergan birinchi ustoziga zarracha sadoqat qilmadi… (Buyam yetmagandek, keyinchalik ilmiy ishga qo`l urgan qancha yoshlarning yo`liga g`ov bo`lgani alohida mavzu.

O`zgalarga saboq bo`lishi uchun payti kelganda u haqda ham yozishni niyat qilganman). Shu-shu, professor Ochil Tog`ayevning ilmiy va ijodiy merosi e’tibordan chetda qolib ketdi…

Ustozning kitoblaridan ayovsiz “o`g`irlab” go`yo o`z ma’ruzalarini yasab olganlar asl manbadagi g`oyalarni eplab tushuntira olmayotganiga afsus-nadomat bilan qarashdan nariga o`ta olmayapmiz…

Afsuski, biz no`noq va loqayd shogirdlari shunday ulug` ustozning ruhini shod etmayapmiz, hurmatini joyiga qo`ymayapmiz, degan o`y sira tinchlik bermasdi. Jonkuyar adiblar Mirzapo`lat Toshpo`latov va Hakim Sattoriy Ochil Tog`ayev xotirasiga bag`ishlangan kitob yaratishga, ustozning merosini o`rganishga, kitoblarini qayta nashr etishga kirishgani ana shu dardimizga malhamdek bo`ldi.

 ***

Yuqorida aytganimdek, sobiq hamkurslar diydorlashgan kezlarda ustozni bot-bot eslaymiz. Shirin xotiralar talabalik yillari sari yetaklaydi.

Bir kuni tanaffusda shundoq qo`limni yuvib chiqsam, karidorda Ochil Tog`ayev domlamiz kelyapti.

O`tgan darsda maqtov eshitganimdan masrur holda (qo`lni artishga ulgurmasdan) yugurib borib ko`rishdim.

Domlamiz qo`limni mahkam qisib, ko`zimga tik boqqancha shunday dashnom berdi:

“Mening qo`lim senga dastro`molmi?! Bundan keyin qo`lni tozalab artib, keyin ko`rishgin, xo`pmi?”

Qaytar dunyo ekan, Jurfakda faoliyatimni boshlaganimdan buyon qancha talabalar goho shoshib-pishib shundoq ho`l qo`li bilan ko`rishadi.

O`shanda men ham Ustozning pand-nasihatini takrorlayman…

 ***

Domlamiz mansabdor, boyvachcharoq kimsalarga qandaydir tanqidiy ko`z bilan qarashini his etib yurardik. Bir kuni respublika gazetasi bosh muharririning qizi qimmatbaho pal`to kiyib kelibdi. Darsga kirib kelgan Ochil Tog`ayev qunduz terisi kabi tovlanib turgan pal`toga g`alati qarab qo`ydi.

Bir mahal o`sha qizning yonida o`tirgan dugonasi shunday dedi:

– Domla, uning boshi og`riyotgan ekan, uyiga ketishga ruxsat bera qoling.

– O`zi shu pal`toni ko`rgan kishining uyqusi kep-ketadi,– dedi domlamiz ko`zoynagi uzra ko`z tashlab,– Uning ichida odam o`zini qandoq his etarkin? Qani, pal`toni biroz yechib o`tirsin-chi…

Kursdosh qizimiz pal`tosini yechdi.

Qizig`i, keyin yana ikki para darsda ham “boshi og`rimay” o`tirdi!..

 ***

O`sha kezlarda darslarda ham Lenin va kommunistik partiyani ulug`lab gapirish odatga aylangandi. Brejnevni maqtamasdan gapirish go`yo “siyosiy g`o`rlik” hisoblanardi. Ochil Tog`ayev domlamiz Brejnev o`lganda aytgan gapini hamon kulgi bilan eslaymiz:

“Lenin o`g`rilarni tarbiyalab, kommunist qildi, Brejnev tuppa-tuzik kommunistlarni o`g`riga aylantirib yubordi…”

 ***

Oshkoralik degan zamon boshlanganida prokuratura xodimlari jurnalistlar bilan uchrashuv o`tkazdi.

Unda so`z olgan Ochil Tog`ayev domlamiz shunday dedi:

– Axir, hammayoqda korruptsiya, poraxo`rlik illatlari urchib ketdi-ku?!

Prokuratura xodimi domlamizni mot qilmoqchi bo`ldi, shekilli, savol nazari bilan qarab, luqma tashladi:

– Isbotingiz bormi?

Domlamiz ham bo`sh kelmadi:

– O`rnimizni almashsak, istaganingizcha topib beraman!

 ***

Ochil Tog`ayev so`zi o`tkir, fikri teran, jasoratli qalam sohibi edi. Ustozning asosiy mavzulari: HALOLLIK, TO`G`RILIK, VIJDON haqida bo`lar, shul bois, vaqti-vaqti bilan biror gazeta yo jurnalda yoritilgan maqolasi shov-shuv bo`lib ketardi.

Domlamizning “Yosh leninchi” (hozirgi “Turkiston”) gazetasi 1988 yil 5 mart sonida yoritilgan “Iftixor” sarlavhali maqolasini bugun ham bo`lg`usi jurnalistlarga ibrat qilib ko`rsataman.

Bu maqolani jasoratli jurnalist-olimning qalb daftari, degim keladi. Unda muallifning ham asl qiyofasini, shijoati va matonatini ko`rgandek bo`lasiz. Jamiyatdagi katta muammolar haqida shunday teran va mushohadali maqola yozmoq uchun Ochil Tog`ayevdek bo`lish darkor!

Mana, o`sha maqoladan ayrim jumlalarni o`qiymiz:

“Toshkentda Navoiy dahosini ulug`laydigan bir qancha yodgorliklar mavjud. Yirik markaziy ko`chalardan biri Navoiy nomi bilan ataladi. Ko`chaning naq ko`kragida joylashgan shoirlar xiyobonida Navoiyning salobatli haykali qad ko`targan. Butun bir xalq dardini yuragida jo qilgan, uning istiqboli haqida iztirob bilan o`y surayotgan daho shoirning nuroniy siymosi har bir tashna qalbni gurungga tortadi. Shodlik-baxtiyor onlarimda ham, ruhimda noxush iztirobli kechinmalar ro`y berganda ham Navoiy asarlarini varaqlayman, shoirlar xiyobonini kezib, soatlab o`y suraman. Navoiyning ma’no va tuyg`ularga boy olami ruhiy chigallarimga yog`du baxsh etadi. Nopok maydakashlar muhitidan yuksakroq ko`tarilishga undaydi, ruhiy bardamlik bag`ishlaydi. Navoiy siymosi dard — olam, ishonch va qudrat, kurash va saodat, vafo va sadoqat, do`stlik va hamkorlik olami bo`lib, shuurimizni zabt etadi. Buyuk shoir bamisoli ma’rifat va go`zallik quyoshi. Uning qiyofasida har birimiz o`zligimizni ko`ramiz, o`zimizni taniymiz. O`z moddiy-ma’naviy qudratimizni his etamiz. Xalqqa uning buyuk farzandlari orqali baho beradilar, degan edi Rasul Hamzatov. Navoiy — xalq ma’naviyati ko`zgusi, xalq buyukligi timsoli”.

Mustabid tuzum mafkurasi hukmron bo`lgan davrda Mir Alisher Navoiy haqida shunchalik purma’no, tahliliy maqola yozish va buyuk ajdodimizning ibratli jihatlarini mahorat bilan ko`rsatish Ochil Tog`ayevning o`ziga xos uslubi edi. Navoiyni anglagan kishi “Nopok maydakashlar muhitidan yuksakroq ko`tarilishga” intilishini muallif g`oyat ta’sirchan ifoda etadi. U bir o`rinda shunday yozadi: “Ideal olis yulduzlar shu’lasi bo`lib, insonni o`ziga chorlayveradi. Maysa quyosh nuriga intilganidek, inson ham hamisha yuksak tuyg`ular og`ushiga intiladi”.Bu quyma fikrlar atoqli adib Pirimqul Qodirovning “inson hamisha yuksakliklar sari intilishi, hech qachon pastga qarab to`n bichmaslik lozim” degan hikmatli bitiklariga hamohangdir.

Iftixor haqida so`z yuritgan domlamiz shunday g`oyani ilgari suradi: “Shaxs ijtimoiy iftixor tuyg`usini his etmoq uchun el, Vatan boyligiga o`z mehnat ulushini qo`shmog`i lozim. Birinchi maoshini ota-ona qo`liga tutqazgan o`spirinda shu ro`zg`orga nisbatan yangi tuyg`u paydo bo`ladi. U oilada uzoq davom etgan iste’molchidan moddiy boylik yaratuvchiga aylandi. O`spirinni o`z mehnat mahsulotidan iftixor tuyg`usi, o`z-o`zini yangidan his etish, yetuklik tuyg`usi harakatga keltiradi. Mehnat mahsulotining el-yurt, xalq manfaati uchun ahamiyatini chuqurroq his etgan sari bu tuyg`u ko`lami tobora kengayib boradi”.

Qarang, ushbu satrlar gazetada yoritilganida hozirgi talabalar hali dunyoga kelmagandilar. Biroq, uning zamirida bugungi yoshlar uchun ham g`oyat ibratli fikrlar mujassam. Kasb iftixori haqida so`z yuritgan muallif shunday yozadi:

“Kasbga sadoqat insoniylikka sadoqatdir. Uyimiz peshayvoniga deraza romi yasab o`rnatayotgan usta har bir mayda-chuydalarigacha erinmay hafsala bilan ishlar edi. Keksa duradgor o`z ishini kuzatib turgan kishining so`ziga javoban dedi: «Men yengil-yelpi qo`l uchida ish bajarib o`rgangan emasman. Qo`ling sinsin, degan qarg`ish emas, qo`ling dard ko`rmasin, degan olqish olgan mehnat baxt keltiradi». Keksa duradgor – usta so`zlari ota-bobolarimiz kasbga e’tiqod udumini naqadar yuksak qadrlaganliklarini ko`rsatadi”.

O`zbekiston mustaqil davlat sifatida dunyoga bo`y ko`rsatganiga chorak asrdan oshdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning dadil sa’y-harakatlari bilan mamlakatda korruptsiyaga qarshi kurash davlat siyosati darajasiga ko`tarildi. 2017 yil 3 yanvar` kuni O`zbekiston Respublikasining “Korruptsiyaga qarshi kurashish to`g`risida”gi Qonuni qabul qilindi.

Aslida jamiyat kushandasi sanalmish korruptsiya degan jinoyatning ildizi naqadar chuqur. U o`tgan asrda ham urchigandan urchib yotardi. Bu mavzuda hamisha dangal so`z yurita olgan domlamiz shunday yozadi:

“Tekin mol-dunyo, pul iftixori kasb iftixorining kushandasidir. Iftixor sotilsa, insoniylik tanazzulga yuz o`giradi. Poraxo`rlikka qarshi shafqatsiz kurashmay turib, kasbning iftixori, insonparvarligi haqida gap ham bo`lishi mumkin emas. Dahshatli tomoni shundaki, voqeligimizda ta’magirlik isnod keltiruvchi illatdan rag`bat uyg`otuvchi «fazilat»ga aylandi. Yolg`onchi, poraxo`r, hiylakor, umuman davlatga xiyonatkor odamlar izzat-ikrom tojiga ega bo`ldilar, qo`sha-qo`sha ordenlar, lavozimlar sohibi bo`ldilar, deputatlikning yumshoq kursilariga o`tirdilar. Pora bilan qo`lga tushgan oliy maktab domlasi bitta hayfsan bilan oppoq bo`lib, yana minbardan axloq haqida lektsiya o`qiydi. Yoki o`g`riligi oshkor bo`lgan shaxs tashviqot va targ`ibot sohasiga yetakchilik qilib, halollikdan saboq beradi. Undan hazar qilgan, norozilik bildirgan shaxslarning xatti-harakati noaxloqiy ish hisoblanadi”.

O`sha davrda korruptsiya degan balo axloqsizlik bilan qanchalik chatishib ketgani haqida muallif shunday yozadi:

“Xalq maorifi rayondagi ilm-ma’rifatning yashil daraxti. Oliy maktab ham, akademiya ham shu daraxtning mahsuloti. Ildizga qurt tushsa, butun madaniy hayotga zil ketadi. Qashqadaryo oblastidagi tog`li rayon (o`sha paytlarda viloyatni – oblast`, tumanni – rayon, deb atardik. Ta’kid bizniki.) maorif mudiri, mansab kursisiga o`tirgan kunidan axloqiy nopoklik yo`liga kirgan. Qabulxona sekretarining eri benomuslikka chiday olmasdan o`zini osganda, qutqarib qolishgan. Mudirning militsiya va boshqa mutasaddi boshliqlar ogoh yangi-yangi xufya kirdikorlari rayon aholisi orasida duv-duv gap. Biroq, yuziga charm qoplagan mudir mansab kursisida o`tirib, o`quv-tarbiya haqidagi muqaddas hujjatlarga bemalol imzo chekmoqda. Tuyani shamol uchirsa, echkini osmonda ko`r, deydilar. Mudir qiyofasi rayondagi yuzlab o`qituvchilarga, minglab o`quvchilarga qay darajada saboq bo`lib xizmat qilishini tasavvur etish qiyin emas. Biroq, rayonning ma’rifiy iftixori mutasaddilardan hech kimni bezovta qilayotgani yo`q.

Loqaydlik — xavfli vijdon xastaligidir”.

Xo`sh, bugun biz qarshi bo`lib kurashayotgan korruptsiyaning yuzi, o`zi qanaqa? Mazkur maqolada ta’riflangan voqea-hodisalarga o`xshash jihatlari bormi? U holda, bunday illatlarga qarshi kurashga da’vat etguvchi har bir so`zimizni chuqur mushohada va tahlil qilib yozish mahoratini ustoz Ochil Tog`ayevdan o`rgansak arziydi, demoqchimiz.

Qariyb o`ttiz yil ilgari gazetada yoritilgan maqolada bugungi kun uchun ham ahamiyatli muammolarni ilg`ab olish qiyinmas:

“Shaharning madaniy sifati ham, illati ham qishloqqa o`z ta’sirini ko`rsatadi. Dehqon mahsulotining ilgarigi sifati yo`qolib borayotganligi qattiq tashvish tug`dirmoqda. Rangi zahilroq kasalmand bir yigit bozorning chetrog`ida qornini changallab azob chekardi. «Tez yordam» chaqirib, shifoxonaga jo`natishdi. Ma’lum bo`lishicha, yigit qovun yeb shu ahvolga tushibdi. Nariroqda savdo qilayotgan qovunchining parvoyi palak. Sirti yaltiroq obdan yetilgan qovunlarni pullash bilan band. Markaziy shaharlardan kelgan mehmonlarimiz qovun-tarvuzni ko`rsa, qovoq aridan cho`chiganday o`zlarini chetga oladilar. Zaharlanish xavfi ularning ruhiyatiga o`rnashib qolgan. Xorazm, Buxoro qovuni, umuman o`zbek qovunining shuhrati, iftixori qani? Boshqa mevalar — Dashtnobod anori, Samarqand mayizi, Qashqadaryo anjirining ilgarigi shuhrati qaerga ketdi? Azaldan muqaddas kasb bo`lgan dehqon mehnatiga nopoklik qanday dahl qildi? Buni meshchanlik, iste’molchilik illatining ta’siri bilangina izohlash kamlik qiladi. Dehqon mehnatining moddiy va ma’naviy aynishida byurokratizmning gunohi katta. Qishloq xo`jaligida hamma diqqat-e’tibor monokul`turaga aylangan paxtaga qaratildi. Boshqa ekinlar katta ijtimoiy manfaat doirasidan chetga surib qo`yildi. Ilmiy-iqtisodiy qarovsizlik balosiga duchor qilindi. Inson mehridan mahrum etilgan bu ekinlar kundan-kunga kamayib, qashshoqlashib, yaroqsiz holga tusha boshladi.

Ma’lumki, byurokratizm hamisha mansab, vazifa negizida vujudga keladi. Mansab iftixori xalqqa, umum manfaatiga halol, beg`araz xizmat qilishdir. Xalq faoliyatidan rozi bo`lgan rahbarni boshi uzra bayroq qilib ko`taradi, ulug`laydi, u bilan faxrlanadi. Xalq orzu niyatlarining amalga oshuviga xizmat qilgan rahbar oxir oqibatda xalq idealiga aylanib, yorqin yulduz bo`lib qoladi.

Byurokratizm naq xalq yuragini nishonga oladi”.

Maqoladagi ushbu jumlalarga ham alohida e’tibor qaratamiz:

“Qonun va yolg`on o`t bilan suvdek azaldan bir-biriga zid. Qonun durbinlik ko`z bo`lsa, aldov niqobli bashara. Yolg`on rasmiy qiyofaga ega bo`lganda teskari mo`’jiza ro`y berdi. Qonun va yolg`on bir-birlari bilan og`iz-burun o`pishib, nikohdan o`tib, yagona oilaga aylandilar. Muqimiy aytganidek, «osh yesalar o`rtada sarson ilik, Xo`ja chirog` yog`i, Hakimjon — pilik».

Byurokratizm, shuhratparastlik dehqonni har gektardan yetmish-sakson sentnerdan paxta hosili yetishtirishga, chorvadorni har yuz sovliqdan ikki yuz, ikki yuz ellik va undan oshirib qo`zi olishga majbur etadi. Bu rasmiylashtirilgan yolg`on muqaddas minbarlardan, tashviqot organlaridan turlicha bo`yoqlarda tovlanib yangraydi. Dehqon haq bo`lsa, fan yolg`onchiga chiqadi. Agranom ham, selektsioner ham, chorvador, olim ham bu hisobni inkor ham etmaydi, tasdiqlay olmaydi ham. Jamiyatning adolat tarozusi — qonun sukutda”.

Gap asosan sobiq mustabid tuzum davri illatlari haqida ketayotgan bo`lsa-da bu maqolaning siz-u biz o`rganishimiz zarur bo`lgan jihatlari ko`p.

Jamiyatni ma’nan poklash maqsadida yozilgan bu dangal gaplarni izohlashga hojat bo`lmasa kerak. Faqat, bu iqtiboslarni keltirishdan maqsad – bo`lg`usi jurnalistlarni ham ana shunday fikrlashga va mahorat bilan yozishga o`rgatishdir.

 ***

Zabardast olim va faol jurnalist Ochil Tog`ayev fakultet-u tahririyatlarda gulduros solib yurgan kezlarda ijodiy muhitimiz o`zgacha edi. Matbuotda yoritiladigan mavzularning janrlari: yo`l ocherki, portret ocherk, esse, fel`eton, deb ko`rsatilardi. Ular shunga yarasha o`quvchilarda katta qiziqish uyg`otardi.

Afsuski, bugungi avlod ana shu muhim ijodiy an’anani yetarli darajada davom ettira olmayapmiz. Gazeta-jurnallarimizda deyarli birorta janri ko`rsatilgan publitsistikani topish amrimahol…

Bu nima degani? O`sha janrlar talabi darajasida yozolmaymizmi yoki qoralamalarimiz sarlavhasi tagiga falon janr, deb ko`rsatishga jur’at yetishmaydimi?

To`g`ri, yuqorida nomlari qayd etilgan janrlarda qalam tebratish osonmas. Bu ijodkordan katta iste’dod bilan birga juda ko`p mehnat talab qiladi. Xuddi badiiy asar ustida ishlagandek har bir so`z, jumla ustida izlanish kerak. Toki, ocherkingni o`qiganlar ko`z oldida uning qahramoni rosmana gavdalansin, o`quvchi uni kashf eta olsin, dardiga ruhan sherik bo`lsin…

Axir, ustozimiz bizga shunday ta’lim bermaganmidi?

Demak, o`z ustimizda muttasil ishlashimiz, tinmay izlanishimiz lozim. Toki, matbuot sahifalarini turli janrlar bilan boyitmas ekanmiz, o`quvchilar qalbini zabt eta olmaymiz…

Bunday matbuotni – “hayot ko`zgusi” deyishga uyalamiz…

 ***

Ustoz-murabbiylarimizga bugun endi izdosh (hamkasb) sifatida boqaman. Talabalik davrimiz Ochil Tog`ayev kabi salmoqli kitoblari bilan dars o`tgan Orif Saidov, Muxtor Xudoyqulov, Abdug`afur Rasulov, G`aybulloh as-Salom, Najmiddin Komilov, Mahmudjon Nurmatov, Abdulla Ayupov, Rahbarxon Murtazayeva, Fayzulla Mo`minov, Nazira Abduazizova, Feliks Nesterenko, Hamidulla Akbarov, Qudrat Ernazarov kabi fan doktori va professorlar, Anvar Shomaqsudov, Irisali Toshaliyev, Omonulla Madayev, Yusufjon Hamdamov, Saydi Umirov, Shodmon Azizov, Sayyora Nizomiddinova, Fatxiddin Nasriddinov, Anvar Karimov, Tohir Pidayev, Vohid Abdullayev, Abdulla Sayfiddinov, Fatxulla Lutfullayev, Adham Ergashyev, Qobilbek Karimbekov, Muqaddas Abdusamatova kabi fan nomzodi, dotsent va amaliyot sirlaridan saboq bergan jurnalist-ustozlarim ma’naviy qanot baxsh etgan.

Ularning har biri o`ziga xos – SHAXS edilar. Har biridan juda ko`p xislatlarini o`rgansa arziydi. Ularning salbiy xatti-harakatlarini ko`rmaganman, orqavarotdan yoki talabalar o`rtasida bir-birlarini yomonlaganini eshitmaganman. Yurish-turishlari salobatli, muomala madaniyatlari havas qilsa va ibrat olsa arzigulik edi.

Ustozlarimning halolligi haqida alohida so`z yuritsam arziydi. Ba’zi davralarda oliy o`quv yurti domlalari poraxo`r, degan malomat qulog`imga chalingani hamono lovullab ketaman va menga dars bergan ustozlarim qanchalik halol bo`lganlarini faxrlanib aytaman! Ota-onaning farzandlari, ustozlarning shogirdlari oldida yuzlari yorug` bo`lishi qanchalik ulkan baxtligini tushunganlar xarom-xarishdan yiroq yuradilar. Besh yil talabalik davrimda, keyinchalik ham biror kimsadan ana shu ustozlarimning birovlarni o`qishga kirgizish bilan shug`ullangani yoki biror talabaga ta’magirlik qilganlari, boshqa qing`irliklari haqida xabar topmadim.

Ular darslarda, hatto ish faoliyatida ham shevada gapirganini eshitmaganman. Toshkent shahrida voyaga yetgan Anvar Shomaqsudov yoki Shavkat Miralimov domlalarimiz uylarida ham adabiy tilda so`zlagan gurunglaridan ko`p bahramand bo`lganman.

Ustoz – otangdan ulug`, degan maqol yodga tushganda ana shu ustozlar va ijod maydonida mahorat sirlaridan saboq berishgan Pirimqul Qodirov, Oqiljon Husanov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, O`tkir Hoshimov, Muhammad Ali, Ibrohim G`afurov, Oydin Hojieva, Xurshid Do`stmuhammad, Ziyod Yesenboyev, Shavkat Miralimov, Shoyim Bo`tayev, Shuhrat Jabborov, Olloyor Begaliyev, Azim Suyun, Mardi Nuriddinov, Farmon Toshyev, Habib Temur, Abduhamid Fozilov, Zayniddin Bahriddinov kabi siymolar gavdalanaveradi. Ular publitsistikada ham o`z mahorat maktablarini yaratgan ustoz ijodkorlardir.

Jurnalistika fakultetida faoliyat ko`rsatayotgan ekanman, qaysi ustozimdan qanday andoza olganlarimni o`zimcha cho`tga solaman:

Talabalarga darsni stolga o`quv qo`llanmalarimni va hammualliflikda chiqargan darsliklarni namoyish qilib qo`yishdan boshlash – Ochil Tog`ayevdan andoza!

Bo`lg`usi jurnalistlarga ijodiy mahorat sirlarini o`rgatishda maqola yozdirish, ularni tahlil qilib, yutuq-kamchiliklarini o`zlariga tushuntirish va yoritishga munosiblarini biror gazetaga tavsiya etish – Ochil Tog`ayevdan andoza!

Jurnalist halol bo`lishi, xarom-xarish ishlardan nafaqat yiroq yurishi, ayni vaqtda unga qarshi beayov kurashishi lozimligi haqida bong urib turish – Ochil Tog`ayevdan andoza!

Bo`lg`usi jurnalistlarning qalbiga Vatan va millat tuyg`usini jo etish – Ochil Tog`ayevdan andoza!

Ijod maydonida yoshlarga ibrat ko`rsatish, dolzarb mavzularda maqolalar, badialar yozish – Ochil Tog`ayevdan andoza!

Har bir talaba bilan do`stona munosabatda bo`lish, ularni ijod qilishga undash, matbuotda yoritilgan maqolalariga e’tibor bilan qarab, o`z bahoimni aytib borish – Ochil Tog`ayevdan andoza!

Hayotda pastga (pastkashlarga) qarab to`n bichmasdan, yuksaklikka intilib yashash – Ochil Tog`ayevdan andoza!

Afsuski, shu kunga qadar ustoz Ochil Tog`ayevdan andoza ololmagan jihatlarim kam emas.

Birinchisi, hali fan doktori, professor darajasiga erisholmadim, ikkinchisi, haqiqatga tik boqib, har qanday muammo va ularning yechimi haqida dangal aytishga jur’at yetishmaydi, uchinchisi, Ustoz darajasida dolzarb mavzularda asosli va tahliliy maqolalar yozishga ulgura olmadim, to`rtinchisi, Ustozdek har qanday mavzuda mushohada qilib, og`ir-vazminlik bilan so`zlashni o`rganishim kerak…

Bu xislatlarga ega bo`lmasdan turib Jurfakning “Ochil Tog`ayevi” bo`lish amrimahol…

Fakultetimiz professor-o`qituvchilari orasida bugun biz o`rta avlodga mansub bo`lib, ustozlarning eng maqbul, yaxshi an’analarini qo`ldan kelgancha davom ettirishga harakat qilyapmiz.

Ko`ngilni tog`dek ko`taradigan ishlar haqida ham aytib o`tish joiz.

Fakultetimiz peshqadam domlalaridan Yusufjon Hamdamov doktorlik dissertatsiyasini himoya qilish arafasida! O`tgan yili bu ustozning “Taraqqiyot mezoni” deb nomlangan salmoqli kitobi – o`quv qo`llanmasi katta qiziqish bilan kutib olindi.

Jurnalistika fakulteti professor-o`qituvchilari safiga dadil qadamlar bilan kirib kelgan shogirdlarimiz – ayni paytda doktorlik dissertatsiyalari ustida ishlayotgan Nozima Murodova (u filologiya fanlari nomzodi darajasiga va dotsent ilmiy unvoniga ega), Shohruh Qosimov, Otabek Tillayev, Dilmurod Usmonov, Ravshan Omonov, Sohiba Soliyevalar tom ma’noda professor Ochil Tog`ayevning munosib vorislari bo`lib yetishmoqdalar, degim keladi.

Ular talabalarga dars berish bilan birga maqola yozish, ijodiy mahorat sirlarini o`rgatmoqdalar. Talabalar yozgan xabar va maqolalarini komp`yuterda birato`la maket qilib, gazeta, jurnal shaklida chiqarmoqdalar. Bu bo`lg`usi jurnalistlarni ijod bo`stoniga yanada dadilroq qadamlar bilan kirib kelishlarida muhim poydevor bo`lib xizmat qiladi, yoshlarga ma’naviy qanot baxsh etadi.

Jurnalistikada o`ziga xos ilmiy maktab yaratgan filologiya fanlari doktori, professor Ochil Tog`ayev shu tariqa shogirdlari, yosh avlodlar qalbida barhayot bo`lib qolaveradi.

 ***

Ustoz hayoti va faoliyatiga bag`ishlangan bitiklarim janrini “portret ocherk” deb ko`rsatdim.

Xo`sh, uni o`qiganlar ko`z oldida Ochil Tog`ayev siymosi gavdalandimikin? Domlamiz o`rgatgan va talab qilgan darajada shu janrda yoza oldimmi-yo`qmi, unga o`quvchilarimiz baho qo`yishar…

 

To`lqin ESHBEK,

Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti

Jurnalistika fakulteti dotsenti, O`zbekiston Yozuvchilar

uyushmasi a’zosi, “Oltin qalam” mukofoti sovrindori

 2017 yil 21 yanvar

13

УСТОЗНИНГ УЧ САБОҒИ

Портрет очерк

Журналистика факультетида ўчмас из қолдирган сиймолар унча кўп эмас. Талабаларга дарс берганларнинг ҳаммаси ҳам устоз деган номга муносиб бўла олмаскан. Буни шу даргоҳда таҳсил олганларнинг гап-сўзларидан ҳам илғаб олиш мумкин… Яъни, қайси домладан қай даражада таълим олганини ва у амалиётда қанчалик асқотаётганини эсласа, демак, ҳақиқий устоз ўша бўлади!

Очил Тоғаев шундай эътирофга сазовор бўлган домлаларимиздан биридир. Бири бўлганда ҳам кўп хислатлари билан ажралиб турадиган олиймақом Устоз дея таърифлагим келади.

Умрини журналист-кадрлар тайёрлашга бахшида этган ва кўплаб ижодкорлар қалбида ўчмас из қодирган бу улуғ устозга уч хил назар билан боқиб, ул сиймонинг уч хислатини кашф этдим.

Биринчиси, талабалик давридаги таассуротлар, иккинчиси, ижод майдонидаги кузатув, учинчиси, Журфак ўқитувчиси (яъни, ҳамкасб) сифатида чиқарилган хулосалар…

Мирзо Улуғбек номидаги Ўзбекистон Миллий университети биз таҳсил олган 1980-1985 йилларда Тошкент давлат университети деб юритиларди. Бу мўътабар даргоҳнинг Журналистика факультетида таҳсил олган собиқ ҳамкурслар билан дийдорлашиб турамиз. Ҳар гал суҳбат мавзуи – талабалик йиллари қалбларимизга муҳрланган қизиқ воқеа-ҳодисалар, азиз устозлар ҳақида бўлади.

Журфакни тамомлагач, қатор йиллар турли газета-журналларда, китоб нашриёти, бир ташкилот матбуот гуруҳида фаолият кўрсатдим.

1987-1990 йилларда устоз Шавкат Миралимовнинг таклифи билан қадрдон факультетимда (соатбай) ўқитувчи бўлиб ишлаган эдим. Ўша кезлар азиз домлаларимиз билан бир сафда ишлаш қанчалик мароқли бўлганини таърифлашга тил ожизлик қиларди. Таҳририятда ишларим ошиб-тошиб кетгач, дарс беришга фурсат етишмай қолди…

2000 йилда илмий раҳбарим Файзулла Мўминовнинг таклифи билан факультетга қайтдим.

Қисқача “таржимаи ҳол”имни эслашим боиси, бизга сабоқ берган устозларга бир пайтлар талаба, сўнг журналист кўзи билан боққан ва ўзимизча “баҳолаган” бўлсак, энди уларга издош – ҳамкасб сифатида қараб, қай бир жиҳатларини ўрганишга, андоза олишга интиляпмиз.

Собиқ ҳамкурслар билан дийдорлашувнинг гашти ўзгача. Яқинда ўқишни тамомлаганимизнинг 30 йиллигини мароқ билан нишонладик.

Ҳар галгидек қадрдонларим ўша саволини такрорлашди:

– Бугунги кунда Журфакнинг “Очил Тоғаеви” ким?

Саволнинг мазмунини тушунгандирсиз?

Яъни, Журфакда ҳозир ҳам Очил Тоғаевдек дарс ўтадиган домла борми, деб сўрашади…

Афсуски, жўялироқ жавоб топа олмай ер чизиб қоламан… Нега?

Домламизга талабалик кўзи билан қараган давримиз ёдга тушади.

Қишлоқ мактабини тамомлаб келган соддадил, ғўр бола Тошкент давлат университетидек улуғ даргоҳнинг Журналистика факультетида қандай ўқитувчилар дарс беришини тасаввуримга сиғдира олмаган эдим. Профессор Очил Тоғаев дарсини тинглаб, университет домласи қандай бўлиши керак, деган саволимга жавоб топдим!

Ўрта бўйли, пешонаси кенг, бургутсифат кўзларидан талабчанлиги кўриниб турган устоз дарсни аввало столга “Публицистика жанрлари”, “Ўзбек бадиий публицистикаси” деб номланган китобларини қўйишдан бошлади.

Очиғи, ўшанда китоби чиққан кишини биринчи кўришим эди!

Қишлоқда бирор ёзувчи ёки олимни кўрмагандим. Китоб ёзган одам – энг улуғ ва буюк сиймо бўлади, деган тасаввурда юрардим.

Мана шу қалин китоблар муаллифи бўлган домламизга ҳайрат ва ҳавас ила қарардим. Ўзи ёзган китобларини очиб қўйиб дарс ўтиш – университет домласининг ажиб хислати бўлиб кўринган. Китоби чиққан домла дарс беряптими, демак, бизга ижод, қалам тебратиш сирларини ҳам ўргатади, деган умид пайдо бўлган!

Орзуимиз росмана амалга ошди. Домла публицистика назарияси, айниқса, очерк жанрини мукаммал ўргатгач, ёзиш сирларидан сабоқ берди. Мавзу қандай танланади, қай тариқа қоғозга тушурилади, ҳар бир ибора, жумла устида изланиш ва ишлаш жараёни қанақа бўлади – ҳаммасини миридан сиригача ўргатарди. Кўп адибларнинг очерклари ҳақида таҳлилий фикр юритар экан, улардан тўғри хулоса чиқаришга ва андоза олишга ундарди. Йўл очерки, портрет очерк қанақа бўлиши, ёзувчи нималарга эътибор қаратиши зарурлигини назарий жиҳатдан ўргатган устоз ҳар бир фикрини амалиёт билан боғлаб тушунтирарди. Кўплаб очерклар таҳлили, домланинг ўзига хос изоҳлари талабаларни сеҳрлаб қўярди. Ҳар бир дарсида албатта бирор янгилик ёки қизқарли маълумот берадиган Устознинг дарслари гўё санъат асарига ўхшарди.

Хат жанрини тушунтирар экан, ўша давр учун “муҳим таълимот” ҳисобланган Ленин ё бошқа арбобларнинг ёзишмалари ҳақида эмас, миллий журналистикамиз учун ғоят ноёб манба – буюк аждодимиз Мир Алишер Навоийнинг «Муншаот» асаридан сўз очарди. (Мавзуни шу тариқа тушунтириш ўша давр учун маънавий жасорат ҳисобланарди!) «Бу мактублар буюк адибнинг турли ҳолат ва вазиятлардаги кайфиятини реалистик акс эттирган ноёб тарихий ҳужжатлар сифатида ҳам ғоят аҳамиятлидир,– деб ёзган устоз «Ўзбек бадиий публицистикаси» китобида.– Навоий хатларида ўз ватани, халқи ҳақидаги ғамхўрлик туйғуси билан яшаган, халқ аҳволини яхшилаш ҳақида кўп ўйлаган, ўз сиёсий тушунчаларига мувофиқ амалий тадбирлар тақдим этган гражданин шоирнинг оташин овози эшитилади».

Биз адабиёт дарсларида номинигина эшитган ўша «Муншаот»даги ноёб битикларнинг мазмун-моҳиятини домламиз шу қадар чиройли тушунтирар эдики, гўё ўша хатлар қалбмизга жо бўлиб қоларди!

Очил Тоғаевнинг дарсини қолдирган талаба кўп нарса йўқотишини дилдан ҳис этардик. Шу боис, айрим домлаларимиз дарсига “прогул” бўлмаслик учунгина келсак, профессор Очил Тоғаевдан албатта сабоқ олишга ошиқардик. Аудитория тўлиб турганини кўрган домламиз бирма-бир “йўқлама” қилишга вақтини кеткизмасди!

Амалий машғулотлар бошланганида устоз бизга очерк ёзиб келиш вазифасини берди. Талабалар қўлидан келганча ёзиб топширди.

Домламиз уйига бир сумка қўлёзмаларни кўтариб кетди.

Биринчи партада ўтирганим боис навбатдаги машғулотда домла ҳар бир қўлёзма устида қанчалик ишлаганини кузатиб, қойил қолдим. Дарс мобайнида домламиз ҳар бир талабага ўз баҳосини берарди:

– Кўчирмакашлик ҳам зўр “санъат”,– деди бир курсдошимизга киноя қилиб.– Фақат, эплаб кўчиролмаганинг чатоқ бўлибди. Мана, сен ўғирлик қилган журналдаги мақола, қара, бир жумлада қанча имловий хато кўчиргансан…

Ўша машғулотда мақтовдан кўра дашном эшитганлар кўп бўлди.

Менинг пилла етиштирган бир аёл ҳақидаги “портрет очерким”ни роса чизиб, таҳрир қилибди. Тепасига “Қишлоқ ҳақиқати” (ҳозирги “Қишлоқ ҳаёти”) газетасига, деб ёзиб қўйибди. Қўлёзмани қайтариб бераркан, Норбобо Шакаровга олиб бор-чи, деди.

Уни машинкада қайта кўчириб, Норбобо акага етказдим, устознинг гапларини айта туриб, “домламиз мақтади” деб қўшиб қўйдим…

Норбобо ака бошини сарак-сарак қилиб куларкан, боплаб нишонга урди:

– Очил Тоғаев домла бунақа мақолаларни мақтамайди!– У шундай деганча сарлавҳа тагидаги “портрет очерк” сўзларини бўяб ташлади, камига яна таҳрир қилди.– Мақоланинг мазмуни ёмонмас, фақат, ҳар бир жумлани қайта-қайта кўчириб таҳрир қилишдан эринманг…

Бир куни домламиз “Қишлоқ ҳақиқати”да ўша мақолани ўқиганини айтиб, истеъдоднинг тўқсон тўққиз фоизи – меҳнат эканлигини, ёзишни тинмай машқ қилишим, изланишим зарурлигини қайта-қайта уқтирди.

Бу пандномалар мен учун профессор Очил Тоғаевнинг “оқ йўл тилаши” билан баробар эди!

Ўшанда қўлёзмаларимизни таҳлил қилган домламиздан курсдаги эллик нафар талабанинг ярмидан камроғи яхши гап эшитди. Буни қарангки, ўқишни тамомлагач, ўшаларгина турли даражада журналист бўлиб етишдилар! (Қолганлари Журфакдек мўътабар даргоҳга турли йўллар билан кириб олиб, қанча истеъдодли ёш қаламкашларга йўл бермай, уларнинг ўрнини эгаллаганлари, алал-оқибат шунча жойнинг бошига етганларини ҳеч нарса билан оқлаб бўлмайди…)

Журфакда бошқа бирорта домламиз шундоқ ёзишни ўргатмади…

Қайсики талабанинг бирор мақоласи газета ё журналда ёритилса, албатта Очил Тоғаевнинг назарига тушарди. Ўша кезларда “Гулистон” журналида ёритилган бир мақолам ҳақида домламиз айтган танқидий гап яхшигина сабоқ бўлган: “Ҳаётга оёғингнинг панжалари орасидан қарама…”

Бу гапнинг мағзини анча вақтгача чақа олмай юрдим.

Кейинчалик тушунганим шу бўлди: ҳаётга юзаки қарамаслик керак! Афсуски, ҳаёт телба-тескари бўлиб ётган ўша мустабид тузум даврида бошқача қараш, фикрлашнинг имкони йўқ эди. Ота-онамиз, худо бор, деб тарбиялаган бўлса, мактабда “худо йўқ” деб таълим беришган… Дилимдаги дардимни кейинчалик (1987-88 йилларда Журфакда дарс бериб юрган кезларимда) устозга очиқ айтишга журъат этганман.

Шунда донишманд домламиз истеҳзо билан кулиб, шундай деган:

– Ҳақиқий ижодкор ҳар қандай шароитда ҳам ҳақиқатнинг юзига тик қараши керак! Абдулла Қодирий, Чўлпонлар ўлимдан қўрқмади. “Юлдузли тунлар”дек ажойиб роман ёзгани учун республиканинг ўша пайтдаги биринчи раҳбаридан дашном эшитганига қарамай жасоратли адиб Пиримқул Қодиров ижоддан тўхтаб қолгани йўқ! Бу ёзувчининг публицистикаси ҳам бир олам. Сен улардан ибрат ол!..

Ижодкор учун энг муҳими – фикрлаш, тафаккур қилиш эканлигини шу домламиздан ўргандик. Тафаккур қилмасдан, таҳлилий мушоҳада юритмасдан ёзганларинг – юзаки, олди-қочди “мақола” бўлиб қолиши мумкинлигини устоз кўплаб адиблар ижоди мисолида тушунтирарди.

Курсимизда Ҳаким Сатторий, Аъзам Ўктам, Ғулом Ибодов, Ҳайдар Акбаров, Камола Юсупова, Ғаффор Расулов, Тўхтахон Мадраҳимова, Акром Эрдонов, Дилбар Бекчанова, Рўзибой Қўлдошев, Баҳодир Ҳусанов, Маҳбуба Хаинова, Улаш Нурмонов, Санобар Боймуродова, Музаффар Ҳожиев, Сурайё Қосимова, Гулбаҳор Тангирова, Неъмат Бойназаров, Файзулла Юнусов каби қаламкаш талабалар профессор Очил Тоғаевдек устознинг назарига тушганмиздан бахтиёр эдик. (Газета-журналларда ёритилган мақолаларимизни бошқа домлалар ё кўрмасди, ёки кўрмасликка оларди… Чунки, бирортасидан ижобий ёки танқидий гап эшитмаганмиз…)

Устоз – отангдан улуғ, деган мақол бор. Отадан улуғ деган мақом олганига яраша ҳақиқий устоз чинакам улуғлигини кўрсатиши керак! Очил Тоғаев домламиз юриш-туриши, муомала маданиятида ҳам том маънода улуғворлигини намойиш этарди, десам муболаға бўлмайди. Оилада отамизнинг олдидан кесиб ўтишга ё дастурхонда у кишидан илгари қўл чўзишга журъат этмаганимиз каби Очил Тоғаев домламиз келаётганини кўрсак, ўзимизни четга олиб турардик. У кишининг кўзига тик қарашга, баҳо талашиб-тортишга, гап қайтаришга ҳеч қачон журъат эта олмасдик. Устознинг салобати ўзига яраша эди. Ота-онамизнинг ҳар бир гапи, панд-насиҳатини қандоқ қабул қилган бўлсак, домламиз таълими ҳам худди шундай қалбга жо бўлган. Устозимизнинг ҳар бир сўзи салмоқли бўларди!

Худди шундай, ўша даражада дарс ўта оладиган домлаларнигина факультетимиз “Очил Тоғаеви” дейиш биз учун “урф”га айланган.

Кейинчалик устознинг “Адиблар ва жанрлар”, “Ижод ва идрок” деб номланган салмоқли китобларини ҳам катта қизиқиш билан ўқигандик. Афсуски, бу китобларни ҳозир топиш амримаҳол. Сотувда умуман йўқ, кутубхоналарда қай бир йили “тозалаш” ишлари амалга оширилиб, собиқ мустабид тузум йиллари чоп этилган кўплаб китоблар “ўша давр мафкурасига хизмат қилган” деган тамға остида йўқ қилиб ташланди… Афсус, улар орасида умуман тузумга алоқаси бўлмаган китоблар ҳам кам эмасди…

Яна бир армон шуки, Очил Тоғаевга муносиб, садоқатли шогирд чиқмади. Шу кунгача ҳеч ким унинг китобларини ўрганиб, керак бўлса, таҳрир қилиб, қайта нашр этиш ҳаракатига тушмади…

Ҳаётда хиёнатнинг тури кўп экан. Кези келганда, Очил Тоғаевдек профессор бир “шогирди”нинг хиёнатидан қанчалик озор чекканини эсламасликнинг иложи йўқ. Домламизнинг илмий раҳбарлигида бир ёш ўқитувчи номзодлик диссертациясини ёзишга киришади. Устоз унга қанчалик қалб қўрини бериб, йўл-йўриқ кўрсатганини тасаввур этиш қийинмас. Ўша кезларда қандайдир гуруҳбозлар Очил Тоғаевга ҳужум қилаётганини кўрган “шогирд” шамолга қараб турланганча устоздан юз ўгиради ва бошқа бир профессорнинг этагидан тутиб кетади…

Кейинчалик ўша профессор ўз мақолалари орқали Очил Тоғаев домламизга кўп тош отганларини кузатганмиз. Бу тошлар ортида ўша бевафо “шогирд”нинг ҳам кўринмас қўли борлигига шубҳа қилмайман. Чунки, номзодлик диссертациясини амаллаб ёқлаган ўша “шогирд” илм йўлини очиб берган биринчи устозига заррача садоқат қилмади… (Буям етмагандек, кейинчалик илмий ишга қўл урган қанча ёшларнинг йўлига ғов бўлгани алоҳида мавзу. Ўзгаларга сабоқ бўлиши учун пайти келганда у ҳақда ҳам ёзишни ният қилганман). Шу-шу, профессор Очил Тоғаевнинг илмий ва ижодий мероси эътибордан четда қолиб кетди…

Устознинг китобларидан аёвсиз “ўғирлаб” гўё ўз маърузаларини ясаб олганлар асл манбадаги ғояларни эплаб тушунтира олмаётганига афсус-надомат билан қарашдан нарига ўта олмаяпмиз…

Афсуски, биз нўноқ ва лоқайд шогирдлари шундай улуғ устознинг руҳини шод этмаяпмиз, ҳурматини жойига қўймаяпмиз, деган ўй сира тинчлик бермасди. Жонкуяр адиблар Мирзапўлат Тошпўлатов ва Ҳаким Сатторий Очил Тоғаев хотирасига бағишланган китоб яратишга, устознинг меросини ўрганишга, китобларини қайта нашр этишга киришгани ана шу дардимизга малҳамдек бўлди.

 ***

Юқорида айтганимдек, собиқ ҳамкурслар дийдорлашган кезларда устозни бот-бот эслаймиз. Ширин хотиралар талабалик йиллари сари етаклайди.

Бир куни танаффусда шундоқ қўлимни ювиб чиқсам, каридорда Очил Тоғаев домламиз келяпти. Ўтган дарсда мақтов эшитганимдан масрур ҳолда (қўлни артишга улгурмасдан) югуриб бориб кўришдим.

Домламиз қўлимни маҳкам қисиб, кўзимга тик боққанча шундай дашном берди:

“Менинг қўлим сенга дастрўмолми?! Бундан кейин қўлни тозалаб артиб, кейин кўришгин, хўпми?”

Қайтар дунё экан, Журфакда фаолиятимни бошлаганимдан буён қанча талабалар гоҳо шошиб-пишиб шундоқ ҳўл қўли билан кўришади.

Ўшанда мен ҳам Устознинг панд-насиҳатини такрорлайман…

 ***

Домламиз мансабдор, бойваччароқ кимсаларга қандайдир танқидий кўз билан қарашини ҳис этиб юрардик. Бир куни республика газетаси бош муҳаррирининг қизи қимматбаҳо пальто кийиб келибди. Дарсга кириб келган Очил Тоғаев қундуз териси каби товланиб турган пальтога ғалати қараб қўйди.

Бир маҳал ўша қизнинг ёнида ўтирган дугонаси шундай деди:

– Домла, унинг боши оғриётган экан, уйига кетишга рухсат бера қолинг.

– Ўзи шу пальтони кўрган кишининг уйқуси кеп-кетади,– деди домламиз кўзойнаги узра кўз ташлаб,– Унинг ичида одам ўзини қандоқ ҳис этаркин? Қани, пальтони бироз ечиб ўтирсин-чи…

Курсдош қизимиз пальтосини ечди.

Қизиғи, кейин яна икки пара дарсда ҳам “боши оғримай” ўтирди!..

 ***

Ўша кезларда дарсларда ҳам Ленин ва коммунистик партияни улуғлаб гапириш одатга айланганди. Брежневни мақтамасдан гапириш гўё “сиёсий ғўрлик” ҳисобланарди.

Очил Тоғаев домламиз Брежнев ўлганда айтган гапини ҳамон кулги билан эслаймиз:

“Ленин ўғриларни тарбиялаб, коммунист қилди, Брежнев туппа-тузик коммунистларни ўғрига айлантириб юборди…”

 ***

Ошкоралик деган замон бошланганида прокуратура ходимлари журналистлар билан учрашув ўтказди.

Унда сўз олган Очил Тоғаев домламиз шундай деди:

– Ахир, ҳаммаёқда коррупция, порахўрлик иллатлари урчиб кетди-ку?!

Прокуратура ходими домламизни мот қилмоқчи бўлди, шекилли, савол назари билан қараб, луқма ташлади:

– Исботингиз борми?

Домламиз ҳам бўш келмади:

– Ўрнимизни алмашсак, истаганингизча топиб бераман!

 ***

Очил Тоғаев сўзи ўткир, фикри теран, жасоратли қалам соҳиби эди. Устознинг асосий мавзулари: ҲАЛОЛЛИК, ТЎҒРИЛИК, ВИЖДОН ҳақида бўлар, шул боис, вақти-вақти билан бирор газета ё журналда ёритилган мақоласи шов-шув бўлиб кетарди.

Домламизнинг “Ёш ленинчи” (ҳозирги “Туркистон”) газетаси 1988 йил 5 март сонида ёритилган “Ифтихор” сарлавҳали мақоласини бугун ҳам бўлғуси журналистларга ибрат қилиб кўрсатаман.

Бу мақолани жасоратли журналист-олимнинг қалб дафтари, дегим келади. Унда муаллифнинг ҳам асл қиёфасини, шижоати ва матонатини кўргандек бўласиз. Жамиятдаги катта муаммолар ҳақида шундай теран ва мушоҳадали мақола ёзмоқ учун Очил Тоғаевдек бўлиш даркор!

Мана, ўша мақоладан айрим жумлаларни ўқиймиз:

“Тошкентда Навоий даҳосини улуғлайдиган бир қанча ёдгорликлар мавжуд. Йирик марказий кўчалардан бири Навоий номи билан аталади. Кўчанинг нақ кўкрагида жойлашган шоирлар хиёбонида Навоийнинг салобатли ҳайкали қад кўтарган. Бутун бир халқ дардини юрагида жо қилган, унинг истиқболи ҳақида изтироб билан ўй сураётган даҳо шоирнинг нуроний сиймоси ҳар бир ташна қалбни гурунгга тортади. Шодлик-бахтиёр онларимда ҳам, руҳимда нохуш изтиробли кечинмалар рўй берганда ҳам Навоий асарларини варақлайман, шоирлар хиёбонини кезиб, соатлаб ўй сураман. Навоийнинг маъно ва туйғуларга бой олами руҳий чигалларимга ёғду бахш этади. Нопок майдакашлар муҳитидан юксакроқ кўтарилишга ундайди, руҳий бардамлик бағишлайди. Навоий сиймоси дард — олам, ишонч ва қудрат, кураш ва саодат, вафо ва садоқат, дўстлик ва ҳамкорлик олами бўлиб, шууримизни забт этади. Буюк шоир бамисоли маърифат ва гўзаллик қуёши. Унинг қиёфасида ҳар биримиз ўзлигимизни кўрамиз, ўзимизни таниймиз. Ўз моддий-маънавий қудратимизни ҳис этамиз. Халққа унинг буюк фарзандлари орқали баҳо берадилар, деган эди Расул Ҳамзатов. Навоий — халқ маънавияти кўзгуси, халқ буюклиги тимсоли”.

Мустабид тузум мафкураси ҳукмрон бўлган даврда Мир Алишер Навоий ҳақида шунчалик пурмаъно, таҳлилий мақола ёзиш ва буюк аждодимизнинг ибратли жиҳатларини маҳорат билан кўрсатиш Очил Тоғаевнинг ўзига хос услуби эди. Навоийни англаган киши “Нопок майдакашлар муҳитидан юксакроқ кўтарилишга” интилишини муаллиф ғоят таъсирчан ифода этади. У бир ўринда шундай ёзади: “Идеал олис юлдузлар шуъласи бўлиб, инсонни ўзига чорлайверади. Майса қуёш нурига интилганидек, инсон ҳам ҳамиша юксак туйғулар оғушига интилади”.Бу қуйма фикрлар атоқли адиб Пиримқул Қодировнинг “инсон ҳамиша юксакликлар сари интилиши, ҳеч қачон пастга қараб тўн бичмаслик лозим” деган ҳикматли битикларига ҳамоҳангдир.

Ифтихор ҳақида сўз юритган домламиз шундай ғояни илгари суради: “Шахс ижтимоий ифтихор туйғусини ҳис этмоқ учун эл, Ватан бойлигига ўз меҳнат улушини қўшмоғи лозим. Биринчи маошини ота-она қўлига тутқазган ўспиринда шу рўзғорга нисбатан янги туйғу пайдо бўлади. У оилада узоқ давом этган истеъмолчидан моддий бойлик яратувчига айланди. Ўспиринни ўз меҳнат маҳсулотидан ифтихор туйғуси, ўз-ўзини янгидан ҳис этиш, етуклик туйғуси ҳаракатга келтиради. Меҳнат маҳсулотининг эл-юрт, халқ манфаати учун аҳамиятини чуқурроқ ҳис этган сари бу туйғу кўлами тобора кенгайиб боради”.

Қаранг, ушбу сатрлар газетада ёритилганида ҳозирги талабалар ҳали дунёга келмагандилар. Бироқ, унинг замирида бугунги ёшлар учун ҳам ғоят ибратли фикрлар мужассам. Касб ифтихори ҳақида сўз юритган муаллиф шундай ёзади:

“Касбга садоқат инсонийликка садоқатдир. Уйимиз пешайвонига дераза роми ясаб ўрнатаётган уста ҳар бир майда-чуйдаларигача эринмай ҳафсала билан ишлар эди. Кекса дурадгор ўз ишини кузатиб турган кишининг сўзига жавобан деди: «Мен енгил-елпи қўл учида иш бажариб ўрганган эмасман. Қўлинг синсин, деган қарғиш эмас, қўлинг дард кўрмасин, деган олқиш олган меҳнат бахт келтиради». Кекса дурадгор – уста сўзлари ота-боболаримиз касбга эътиқод удумини нақадар юксак қадрлаганликларини кўрсатади”.

Ўзбекистон мустақил давлат сифатида дунёга бўй кўрсатганига чорак асрдан ошди. Президентимиз Шавкат Мирзиёевнинг дадил саъй-ҳаракатлари билан мамлакатда коррупцияга қарши кураш давлат сиёсати даражасига кўтарилди. 2017 йил 3 январь куни Ўзбекистон Республикасининг “Коррупцияга қарши курашиш тўғрисида”ги Қонуни қабул қилинди.

Аслида жамият кушандаси саналмиш коррупция деган жиноятнинг илдизи нақадар чуқур. У ўтган асрда ҳам урчигандан урчиб ётарди. Бу мавзуда ҳамиша дангал сўз юрита олган домламиз шундай ёзади:

“Текин мол-дунё, пул ифтихори касб ифтихорининг кушандасидир. Ифтихор сотилса, инсонийлик таназзулга юз ўгиради. Порахўрликка қарши шафқатсиз курашмай туриб, касбнинг ифтихори, инсонпарварлиги ҳақида гап ҳам бўлиши мумкин эмас. Даҳшатли томони шундаки, воқелигимизда таъмагирлик иснод келтирувчи иллатдан рағбат уйғотувчи «фазилат»га айланди. Ёлғончи, порахўр, ҳийлакор, умуман давлатга хиёнаткор одамлар иззат-икром тожига эга бўлдилар, қўша-қўша орденлар, лавозимлар соҳиби бўлдилар, депутатликнинг юмшоқ курсиларига ўтирдилар. Пора билан қўлга тушган олий мактаб домласи битта ҳайфсан билан оппоқ бўлиб, яна минбардан ахлоқ ҳақида лекция ўқийди. Ёки ўғрилиги ошкор бўлган шахс ташвиқот ва тарғибот соҳасига етакчилик қилиб, ҳалолликдан сабоқ беради. Ундан ҳазар қилган, норозилик билдирган шахсларнинг хатти-ҳаракати ноахлоқий иш ҳисобланади”.

Ўша даврда коррупция деган бало ахлоқсизлик билан қанчалик чатишиб кетгани ҳақида муаллиф шундай ёзади:

“Халқ маорифи райондаги илм-маърифатнинг яшил дарахти. Олий мактаб ҳам, академия ҳам шу дарахтнинг маҳсулоти. Илдизга қурт тушса, бутун маданий ҳаётга зил кетади. Қашқадарё областидаги тоғли район (ўша пайтларда вилоятни – область, туманни – район, деб атардик. Таъкид бизники.) маориф мудири, мансаб курсисига ўтирган кунидан ахлоқий нопоклик йўлига кирган. Қабулхона секретарининг эри беномусликка чидай олмасдан ўзини осганда, қутқариб қолишган. Мудирнинг милиция ва бошқа мутасадди бошлиқлар огоҳ янги-янги хуфя кирдикорлари район аҳолиси орасида дув-дув гап. Бироқ, юзига чарм қоплаган мудир мансаб курсисида ўтириб, ўқув-тарбия ҳақидаги муқаддас ҳужжатларга бемалол имзо чекмоқда. Туяни шамол учирса, эчкини осмонда кўр, дейдилар. Мудир қиёфаси райондаги юзлаб ўқитувчиларга, минглаб ўқувчиларга қай даражада сабоқ бўлиб хизмат қилишини тасаввур этиш қийин эмас. Бироқ, районнинг маърифий ифтихори мутасаддилардан ҳеч кимни безовта қилаётгани йўқ. Лоқайдлик — хавфли виждон хасталигидир”.

Хўш, бугун биз қарши бўлиб курашаётган коррупциянинг юзи, ўзи қанақа? Мазкур мақолада таърифланган воқеа-ҳодисаларга ўхшаш жиҳатлари борми? У ҳолда, бундай иллатларга қарши курашга даъват этгувчи ҳар бир сўзимизни чуқур мушоҳада ва таҳлил қилиб ёзиш маҳоратини устоз Очил Тоғаевдан ўргансак арзийди, демоқчимиз.

Қарийб ўттиз йил илгари газетада ёритилган мақолада бугунги кун учун ҳам аҳамиятли муаммоларни илғаб олиш қийинмас:

“Шаҳарнинг маданий сифати ҳам, иллати ҳам қишлоққа ўз таъсирини кўрсатади. Деҳқон маҳсулотининг илгариги сифати йўқолиб бораётганлиги қаттиқ ташвиш туғдирмоқда. Ранги заҳилроқ касалманд бир йигит бозорнинг четроғида қорнини чангаллаб азоб чекарди. «Тез ёрдам» чақириб, шифохонага жўнатишди. Маълум бўлишича, йигит қовун еб шу аҳволга тушибди. Нарироқда савдо қилаётган қовунчининг парвойи палак. Сирти ялтироқ обдан етилган қовунларни пуллаш билан банд. Марказий шаҳарлардан келган меҳмонларимиз қовун-тарвузни кўрса, қовоқ аридан чўчигандай ўзларини четга оладилар. Заҳарланиш хавфи уларнинг руҳиятига ўрнашиб қолган. Хоразм, Бухоро қовуни, умуман ўзбек қовунининг шуҳрати, ифтихори қани? Бошқа мевалар — Даштнобод анори, Самарқанд майизи, Қашқадарё анжирининг илгариги шуҳрати қаерга кетди?

Азалдан муқаддас касб бўлган деҳқон меҳнатига нопоклик қандай даҳл қилди? Буни мешчанлик, истеъмолчилик иллатининг таъсири билангина изоҳлаш камлик қилади. Деҳқон меҳнатининг моддий ва маънавий айнишида бюрократизмнинг гуноҳи катта. Қишлоқ хўжалигида ҳамма диққат-эътибор монокультурага айланган пахтага қаратилди. Бошқа экинлар катта ижтимоий манфаат доирасидан четга суриб қўйилди. Илмий-иқтисодий қаровсизлик балосига дучор қилинди. Инсон меҳридан маҳрум этилган бу экинлар кундан-кунга камайиб, қашшоқлашиб, яроқсиз ҳолга туша бошлади.

Маълумки, бюрократизм ҳамиша мансаб, вазифа негизида вужудга келади. Мансаб ифтихори халққа, умум манфаатига ҳалол, беғараз хизмат қилишдир. Халқ фаолиятидан рози бўлган раҳбарни боши узра байроқ қилиб кўтаради, улуғлайди, у билан фахрланади. Халқ орзу ниятларининг амалга ошувига хизмат қилган раҳбар охир оқибатда халқ идеалига айланиб, ёрқин юлдуз бўлиб қолади.

Бюрократизм нақ халқ юрагини нишонга олади”.

Мақоладаги ушбу жумлаларга ҳам алоҳида эътибор қаратамиз:

“Қонун ва ёлғон ўт билан сувдек азалдан бир-бирига зид. Қонун дурбинлик кўз бўлса, алдов ниқобли башара. Ёлғон расмий қиёфага эга бўлганда тескари мўъжиза рўй берди. Қонун ва ёлғон бир-бирлари билан оғиз-бурун ўпишиб, никоҳдан ўтиб, ягона оилага айландилар. Муқимий айтганидек, «ош есалар ўртада сарсон илик, Хўжа чироғ ёғи, Ҳакимжон — пилик».

Бюрократизм, шуҳратпарастлик деҳқонни ҳар гектардан етмиш-саксон центнердан пахта ҳосили етиштиришга, чорвадорни ҳар юз совлиқдан икки юз, икки юз эллик ва ундан ошириб қўзи олишга мажбур этади. Бу расмийлаштирилган ёлғон муқаддас минбарлардан, ташвиқот органларидан турлича бўёқларда товланиб янграйди. Деҳқон ҳақ бўлса, фан ёлғончига чиқади. Аграном ҳам, селекционер ҳам, чорвадор, олим ҳам бу ҳисобни инкор ҳам этмайди, тасдиқлай олмайди ҳам. Жамиятнинг адолат тарозуси — қонун сукутда”.

Гап асосан собиқ мустабид тузум даври иллатлари ҳақида кетаётган бўлса-да бу мақоланинг сиз-у биз ўрганишимиз зарур бўлган жиҳатлари кўп.

Жамиятни маънан поклаш мақсадида ёзилган бу дангал гапларни изоҳлашга ҳожат бўлмаса керак. Фақат, бу иқтибосларни келтиришдан мақсад – бўлғуси журналистларни ҳам ана шундай фикрлашга ва маҳорат билан ёзишга ўргатишдир.

 ***

Забардаст олим ва фаол журналист Очил Тоғаев факультет-у таҳририятларда гулдурос солиб юрган кезларда ижодий муҳитимиз ўзгача эди. Матбуотда ёритиладиган мавзуларнинг жанрлари: йўл очерки, портрет очерк, эссе, фельетон, деб кўрсатиларди. Улар шунга яраша ўқувчиларда катта қизиқиш уйғотарди.

Афсуски, бугунги авлод ана шу муҳим ижодий анъанани етарли даражада давом эттира олмаяпмиз. Газета-журналларимизда деярли бирорта жанри кўрсатилган публицистикани топиш амримаҳол…

Бу нима дегани? Ўша жанрлар талаби даражасида ёзолмаймизми ёки қораламаларимиз сарлавҳаси тагига фалон жанр, деб кўрсатишга журъат етишмайдими?

Тўғри, юқорида номлари қайд этилган жанрларда қалам тебратиш осонмас. Бу ижодкордан катта истеъдод билан бирга жуда кўп меҳнат талаб қилади. Худди бадиий асар устида ишлагандек ҳар бир сўз, жумла устида изланиш керак. Токи, очеркингни ўқиганлар кўз олдида унинг қаҳрамони росмана гавдалансин, ўқувчи уни кашф эта олсин, дардига руҳан шерик бўлсин…

Ахир, устозимиз бизга шундай таълим бермаганмиди?

Демак, ўз устимизда муттасил ишлашимиз, тинмай изланишимиз лозим. Токи, матбуот саҳифаларини турли жанрлар билан бойитмас эканмиз, ўқувчилар қалбини забт эта олмаймиз… Бундай матбуотни – “ҳаёт кўзгуси” дейишга уяламиз…

 ***

Устоз-мураббийларимизга бугун энди издош (ҳамкасб) сифатида боқаман. Талабалик давримиз Очил Тоғаев каби салмоқли китоблари билан дарс ўтган Ориф Саидов, Мухтор Худойқулов, Абдуғафур Расулов, Ғайбуллоҳ ас-Салом, Нажмиддин Комилов, Маҳмуджон Нурматов, Абдулла Аюпов, Раҳбархон Муртазаева, Файзулла Мўминов, Назира Абдуазизова, Феликс Нестеренко, Ҳамидулла Акбаров, Қудрат Эрназаров каби фан доктори ва профессорлар, Анвар Шомақсудов, Ирисали Тошалиев, Омонулла Мадаев, Юсуфжон Ҳамдамов, Сайди Умиров, Шодмон Азизов, Сайёра Низомиддинова, Фатхиддин Насриддинов, Анвар Каримов, Тоҳир Пидаев, Воҳид Абдуллаев, Абдулла Сайфиддинов, Фатхулла Лутфуллаев, Адҳам Эргашев, Қобилбек Каримбеков, Муқаддас Абдусаматова каби фан номзоди, доцент ва амалиёт сирларидан сабоқ берган журналист-устозларим маънавий қанот бахш этган.

Уларнинг ҳар бири ўзига хос – ШАХС эдилар. Ҳар биридан жуда кўп хислатларини ўрганса арзийди.

Уларнинг салбий хатти-ҳаракатларини кўрмаганман, орқаваротдан ёки талабалар ўртасида бир-бирларини ёмонлаганини эшитмаганман. Юриш-туришлари салобатли, муомала маданиятлари ҳавас қилса ва ибрат олса арзигулик эди.

Устозларимнинг ҳалоллиги ҳақида алоҳида сўз юритсам арзийди. Баъзи давраларда олий ўқув юрти домлалари порахўр, деган маломат қулоғимга чалингани ҳамоно ловуллаб кетаман ва менга дарс берган устозларим қанчалик ҳалол бўлганларини фахрланиб айтаман! Ота-онанинг фарзандлари, устозларнинг шогирдлари олдида юзлари ёруғ бўлиши қанчалик улкан бахтлигини тушунганлар харом-харишдан йироқ юрадилар. Беш йил талабалик давримда, кейинчалик ҳам бирор кимсадан ана шу устозларимнинг бировларни ўқишга киргизиш билан шуғуллангани ёки бирор талабага таъмагирлик қилганлари, бошқа қинғирликлари ҳақида хабар топмадим.

Улар дарсларда, ҳатто иш фаолиятида ҳам шевада гапирганини эшитмаганман. Тошкент шаҳрида вояга етган Анвар Шомақсудов ёки Шавкат Миралимов домлаларимиз уйларида ҳам адабий тилда сўзлаган гурунгларидан кўп баҳраманд бўлганман.

Устоз – отангдан улуғ, деган мақол ёдга тушганда ана шу устозлар ва ижод майдонида маҳорат сирларидан сабоқ беришган Пиримқул Қодиров, Оқилжон Ҳусанов, Эркин Воҳидов, Абдулла Орипов, Ўткир Ҳошимов, Муҳаммад Али, Иброҳим Ғафуров, Ойдин Ҳожиева, Хуршид Дўстмуҳаммад, Зиёд Есенбоев, Шавкат Миралимов, Шойим Бўтаев, Шуҳрат Жабборов, Оллоёр Бегалиев, Азим Суюн, Марди Нуриддинов, Фармон Тошев, Ҳабиб Темур, Абдуҳамид Фозилов, Зайниддин Баҳриддинов каби сиймолар гавдаланаверади. Улар публицистикада ҳам ўз маҳорат мактабларини яратган устоз ижодкорлардир.

Журналистика факультетида фаолият кўрсатаётган эканман, қайси устозимдан қандай андоза олганларимни ўзимча чўтга соламан:

Талабаларга дарсни столга ўқув қўлланмаларимни ва ҳаммуаллифликда чиқарган дарсликларни намойиш қилиб қўйишдан бошлаш – Очил Тоғаевдан андоза!

Бўлғуси журналистларга ижодий маҳорат сирларини ўргатишда мақола ёздириш, уларни таҳлил қилиб, ютуқ-камчиликларини ўзларига тушунтириш ва ёритишга муносибларини бирор газетага тавсия этиш – Очил Тоғаевдан андоза!

Журналист ҳалол бўлиши, харом-хариш ишлардан нафақат йироқ юриши, айни вақтда унга қарши беаёв курашиши лозимлиги ҳақида бонг уриб туриш – Очил Тоғаевдан андоза!

Бўлғуси журналистларнинг қалбига Ватан ва миллат туйғусини жо этиш – Очил Тоғаевдан андоза!

Ижод майдонида ёшларга ибрат кўрсатиш, долзарб мавзуларда мақолалар, бадиалар ёзиш – Очил Тоғаевдан андоза!

Ҳар бир талаба билан дўстона муносабатда бўлиш, уларни ижод қилишга ундаш, матбуотда ёритилган мақолаларига эътибор билан қараб, ўз баҳоимни айтиб бориш – Очил Тоғаевдан андоза!

Ҳаётда пастга (пасткашларга) қараб тўн бичмасдан, юксакликка интилиб яшаш – Очил Тоғаевдан андоза!

Афсуски, шу кунга қадар устоз Очил Тоғаевдан андоза ололмаган жиҳатларим кам эмас. Биринчиси, ҳали фан доктори, профессор даражасига эришолмадим, иккинчиси, ҳақиқатга тик боқиб, ҳар қандай муаммо ва уларнинг ечими ҳақида дангал айтишга журъат етишмайди, учинчиси, Устоз даражасида долзарб мавзуларда асосли ва таҳлилий мақолалар ёзишга улгура олмадим, тўртинчиси, Устоздек ҳар қандай мавзуда мушоҳада қилиб, оғир-вазминлик билан сўзлашни ўрганишим керак…

Бу хислатларга эга бўлмасдан туриб Журфакнинг “Очил Тоғаеви” бўлиш амримаҳол…

Факультетимиз профессор-ўқитувчилари орасида бугун биз ўрта авлодга мансуб бўлиб, устозларнинг энг мақбул, яхши анъаналарини қўлдан келганча давом эттиришга ҳаракат қиляпмиз.

Кўнгилни тоғдек кўтарадиган ишлар ҳақида ҳам айтиб ўтиш жоиз.

Факультетимиз пешқадам домлаларидан Юсуфжон Ҳамдамов докторлик диссертациясини ҳимоя қилиш арафасида! Ўтган йили бу устознинг “Тараққиёт мезони” деб номланган салмоқли китоби – ўқув қўлланмаси катта қизиқиш билан кутиб олинди.

Журналистика факультети профессор-ўқитувчилари сафига дадил қадамлар билан кириб келган шогирдларимиз – айни пайтда докторлик диссертациялари устида ишлаётган Нозима Муродова (у филология фанлари номзоди даражасига ва доцент илмий унвонига эга), Шоҳруҳ Қосимов, Отабек Тиллаев, Дилмурод Усмонов, Равшан Омонов, Соҳиба Солиевалар том маънода профессор Очил Тоғаевнинг муносиб ворислари бўлиб етишмоқдалар, дегим келади. Улар талабаларга дарс бериш билан бирга мақола ёзиш, ижодий маҳорат сирларини ўргатмоқдалар. Талабалар ёзган хабар ва мақолаларини компьютерда биратўла макет қилиб, газета, журнал шаклида чиқармоқдалар. Бу бўлғуси журналистларни ижод бўстонига янада дадилроқ қадамлар билан кириб келишларида муҳим пойдевор бўлиб хизмат қилади, ёшларга маънавий қанот бахш этади.

Журналистикада ўзига хос илмий мактаб яратган филология фанлари доктори, профессор Очил Тоғаев шу тариқа шогирдлари, ёш авлодлар қалбида барҳаёт бўлиб қолаверади.

***

Устоз ҳаёти ва фаолиятига бағишланган битикларим жанрини “портрет очерк” деб кўрсатдим. Хўш, уни ўқиганлар кўз олдида Очил Тоғаев сиймоси гавдаландимикин? Домламиз ўргатган ва талаб қилган даражада шу жанрда ёза олдимми-йўқми, унга ўқувчиларимиз баҳо қўйишар…

10

Тўлқин ЭШБЕК,

Мирзо Улуғбек номидаги Ўзбекистон Миллий университети

Журналистика факультети доценти, Ўзбекистон Ёзувчилар

уюшмаси аъзоси, “Олтин қалам” мукофоти совриндори

 2017 йил 21 январь

You may also like...

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>