Yorqin kelajak sari

Журфак талабаси Azizbek Ramazonov фанимиздан 90 балл тўплашга ҳаракат қилди, Дониш домла эса уни 91 баллга баҳолади.

 Сабабини билишни истаганлар сайтимизнинг «Таълим» папкасига жойлаштирилган «Ахборот-психологик хавфсизлик» фанимиздан маърузалар ва «Ахборот соатлари» тагига ёзилган фикрномалар, «Мақолалар» папкасидаги ижодий машқларни би-ир кўздан кечириб чиқсинлар. Балки, Азизбекка бундан ҳам зиёдроқ балл қўйиш керакдир? Сиз бунга нима дейсиз, азиз мухлислар?

жф3

                 Ozod va obod Vatan qurish, erkin va farovon hayot barpo etish – bizning pirovard maqsadimiz !
Islom Karimov

1991-yil 31-avgust. O`zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari VI sessiyasi. Jahonning ko`plab ommaviy axborot vositalari nigohi qaratilgan, millionlab zahmatkash yurtdoshlarimizning taqdiri hal qilingan palla. Ozgina uchqun chiqsa, lovullab, uning alangasi butun Respublikani qamrab oladigan nihoyatda qaltis vaziyatda Prezident Islom Karimov xalqimiz uchun barcha mas’uliyatni o`z zimmasiga oldi va yuksak minbardan turib tarix zarvaraqlariga oltin harflar bilan muhrlangan nutqini so`zladi. Unda sobiq sovet davlatida qaror topgan totalitar tuzumga xos illatlar, o`sha vaqtda SSSR da vujudga kelgan siyosiy parokandalik, notinchlik, boshboshdoqlik hayotiy dalillar va chuqur tahlil orqali ochib berildi. Prezident Islom Karimov o`z nutqi so`ngida bugungi tinch va farovon hayotimiz uchun tamal toshi bo`lgan quyidagi so`zlarni yuksak matonat va qat’iy ishonch bilan ta’kidladi :
“ Mustaqil O`zbekistonning siyosati – insoniylik, ezgulik qonunlariga asoslanadi hamda fuqarolar osoyishtaligi va milliy murosa siyosati bo`lib qoladi.
Men shu bugundan e’tiboran 1-sentabrni respublikamizda Mustaqillik kuni, umumxalq bayrami deb e’lon qilishni taklif etaman” .
Mana oradan 25 yilga yaqin vaqt o`tdi. Bu davrda O`zbekiston jahonda o`z o`rni va nufuziga ega davlat sifatida tanildi, tenglar ichra teng bo`ldi. 2015-yilda Jahon iqtisodiy forumi – “World Economic Forum” taqdim etgan iqtisodiyoti eng tez rivojlanayotgan davlatlar reytingida 5-o`rinda, “Butunjahon baxt indeksi” (“World Happiness Index”) reytingida esa Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligiga a’zo mamlakatlar orasida 1-o`rinda qayd etildi. Istiqlol yillarida O`zbekiston iqtisodiyoti 5 karradan ziyod o`sdi. Mamlakatimiz aholisi 10,5 millionga ko`paygani holda uning daromadlari qariyb 9 barobar oshdi. Aholining o`rtacha umr ko`rishi 67 yoshdan 73,5 yoshga uzaydi.
Bunday misollarni yana ko`plab keltirish mumkin. Bu raqamlar bizga inkor etib bo`lmas haqiqatni so`ylab turibdi : O`zbekiston mustaqillikning ilk yillaridanoq rivojlanishning to`g`ri yo`lini tanladi, mustaqillikni mustahkamlash, boshqa davlatlarga iqtisodiy, siyosiy yoki mafkuraviy qaram bo`lib qolmaslik uchun faqat va faqat o`z kuchiga, o`z salohiyatiga tayanib ish tutdi. Bu borada  Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan qabul qilingan, xalqimizni bosh maqsadimiz – ozod va obod Vatan qurish, erkin va farovon hayot barpo etishga ilhomlantirgan, o`zimizga xos va o`zimizga mos taraqqiyot yo`li “o`zbek modeli”ning ishlab chiqilgani muhim tarixiy qadam bo`ldi.
“O`zbek modeli” 5 ustuvor yo`nalishga asoslanadi. Bular :
1. Iqtisodiyotning siyosatdan ustunligi ;
2. Davlat – bosh islohotchi ;
3. Qonun ustuvorligi ;
4. Kuchli ijtimoiy siyosat ;
5. Islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish ;
Teranroq mushohada qilinsa, yuqoridagi besh tamoyil asosida ham “Islohot– islohot uchun emas, avvalo inson uchun” mazmunidagi ezgu g`oya mujassam. Prezidentimizning “o`zbek modeli” haqida bildirgan quyidagi fikrlari, ayniqsa, ahamiyatlidir :
“ Biz xalqimizni qiynaydigan, turli ijtimoiy qatlamlarni hayotning tabiiy to`lqiniga tashlab, bozor o`zini o`zi boshqaradi, degan, “shok terapiyasi” kabi bema’ni usullardan voz kechdik. Mana, ko`rib turibsiz, biz tanlagan yo`l keskin ijtimoiy portlashlarsiz, aholi o`rtasida tabaqalanishlarsiz xalqimizga farovon va obod turmush olib kelmoqda. Kechagina bizga aql o`rgatayotganlar endi bizdan o`rganmoqda” .
Haqiqatdan ham, bunday tadrijiy rivojlanish yo`li, avvalo, tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda, bozor iqtisodiyotiga keskin “sakrashlar”siz, puxta o`ylangan reja asosida bosqichma-bosqich o`tishda qator afzalliklarni namoyon etmoqda. “O`zbek modeli”ning ko`p funksiyaliligi, xalqimiz mentalitetiga, tarixan shakllangan urf-odat va qadriyatlarimizga har tomonlama muvofiq kelishi o`tgan 25 yil mobaynida o`z isbotini topdi. Yuqorida qayd etilgan besh tamoyil besh mustahkam ustun singari mustaqil O`zbekiston Respublikasi qo`lga kiritgan muvaffaqiyatlarning tayanchi bo`lib xizmat qilmoqda. Keling, bu haqiqatni yanada teranroq anglash, mustaqillik tufayli hayotimizda yuz bergan o`zgarishlarni adolat ko`zgusida tahlil qilish, huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurish yo`lidan dadil odimlayotgan mamlakatimizning bugungi kunda jahon hamjamiyatida tutgan o`rnini xolis baholash maqsadida mustaqil O`zbekistonning 25 yillik taraqqiyot yo`liga nazar tashlaymiz.
Istiqlol, avvalo, qullik iskanjasida qiynalayotgan insonlar ong-u tafakkurini kishanlardan ozod etdi. Odamlarda milliy g`urur uyg`ondi. Jahon maydoniga “Men – o`zbekman “ deya faxr-u iftixor bilan chiqa boshladik. Sobiq tuzum davrida bizdan berkitishga urinilgan, kommunistik mafkura qoliplari asosida biryoqlama talqin qilingan shonli tariximiz, buyuk ajdodlarimiz hayoti va faoliyati, ular qoldirgan ilmiy, adabiy asarlar, o`tmishdan bizlarga meros bo`lib kelayotgan milliy urf-odat, an’ana va qadriyatlarimiz, dinimiz qayta tiklandi. Ularni har tomonlama xolis o`rganish natijasida yuzlab ilmiy ishlar qilindi, san’at asarlari, badiiy ijod namunalari yaratildi, natijada xalqimiz o`zligini tanidi, hech kimdan hech qachon hech qaysi sohada kam bo`lmaganini angladi. Bu keng ko`lamli jarayon hamon davom etmoqda. Fikrimni oddiy bir misol bilan isbotlamoqchiman. Ilgari  O`zbekiston yoshlari kimlarga havas qilishardi, ularga kimlar o`rnak sifatida ko`rsatilardi ? “Dohiy” Lenin, xalqimizning minglab asl farzandlarini qatag`on qilgan Stalin, o`z otasini qamatgan “qahramon’ Pavlik Morozov… Ular Navoiyni ham “kommunistik g`oyalarni ifodalagan shoir” sifatida yuzaki o`rganar, Boburni esa “mo`g`ul podshohi” deya tanir edilar. Yurtimizda tug`ilib o`sgan Imom al-Buxoriy, Abdulxoliq G`ijduvoniy, Bahouddin Naqshband singari muhaddislarimizni, murshidlarimizni, valiy shoirlarimizni tadqiq etish jinoyat sanalar edi. Umuman olganda, sobiq tuzum davrini xalqimiz boshidan kechirgan istibdod yillari deb atashga asoslarimiz yetarli. Bugun esa barcha sohalardan kommunistik qoliplar olib tashlandi. Natijada, asl haqiqatlar ochildi, biz qaddimizni tik ko`tardik. E’tiborlisi, bugungi kunga kelib jamiyat hayotining turli sohalariga kommunistik mafkura tazyiqlarini boshidan o`tkazmagan, sog`lom fikrli, keng mushohadali, qaddi baland, shijoatli, salohiyatli, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “ko`zlari yonib turgan” yoshlar kirib kelmoqda.
“Yurtimizda tug`ilgan, endi 5 yoshga to`lgan bolalar ham “Men – O`zbekiston fuqarosiman!” deb, faxrlanib, g`ururlanib gapiradi. Kimki mamlakatimizga kelsa, bu haqiqatning tasdig`ini har qadamda ko`rishi mumkin” .
Mustaqillik yillarida odamlarda xususiy mulkka ega bo`lish, halol mehnat qilish va mehnatiga yarasha foyda olib, yashash sharoitini yaxshilash kayfiyati shakllandi. Natijada, utopik g`oyalarga asoslangan sobiq tuzum ta’sirida kishilarda paydo bo`lgan boqibeg`amlik kayfiyatiga tobora chek qo`yilmoqda.
Xalqimiz ong-u tafakkuridagi bunday yuksalish, milliy uyg`onish ta’lim tizimida amalga oshirilgan keng ko`lamli islohotlar bilan chambarchas bog`liq.
Bugungi kunda O`zbekistonda ta’lim tizimi maktabgacha ta’lim, umumta’lim maktablari, o`rta maxsus va oliy ta’lim muassasalaridan iborat. 2014-yil ma’lumotlariga ko`ra respublikamizda jami 5221 ga yaqin maktabgacha ta’lim muassasalari, 9780 ta umumta’lim maktablari, 150 dan ortiq akademik litseylar, 1400 ga yaqin kasb-hunar kollejlari, 65 dan ortiq oliy o`quv yurtlari yoshlarga ta’lim-tarbiya bermoqda. Mamlakatimizda dunyoning hech bir davlatida uchramaydigan o`n ikki yillik bepul majburiy ta’lim joriy etilgan. Hozirda O`zbekistonda yalpi ichki mahsulotning 10 – 12 foizi ta’lim sohasini rivojlantirish va isloh etishga yo`naltirilmoqda. Bu sohaning davlat budjeti xarajatlaridagi ulushi esa 35 foizdan ortiqroqni tashkil etadi. Bunday ko`rsatkichlar dunyoning boshqa davlatlarida kamdan-kam uchraydigan hodisadir. Yurtimizda ta’lim tizimi 1997-yilda qabul qilingan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi va uning uzviy, mantiqiy davomi bo`lgan, 2004-yilda qabul qilingan Maktab ta’limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturi asosida takomillashib bormoqda.
Shu o`rinda e’tiboringizni kichik bir iqtibosga qaratmoqchiman :
“ …Bizga kadrlar tayyorlashning maxsus milliy dasturi kerak.
Bu dastur :
— Umumiy ta’lim maktablarida dars berish sifatini oshirish (o`qituvchilarni,metodistlarni qo`shimcha ravishda moddiy rag`batlantirish, maxsus sinfxonalar barpo etish, oliy o`quv yurtlarining maktablarni otaliqqa olishini yo`lga qo`yish va shu kabilar)ni ;
— Eng iste’dodli bolalar uchun maktab ochishni ;
— Korxonalar bilan maktablar o`rtasida sifat jihatidan yangi munosabatlarni joriy etishni ;
— Hunar-texnika bilim yurtlarida xo`jalik hisobini joriy etishni va shu asosda ommaviy kasb kadrlarini tayyorlash sifatini keskin oshirishni ;
— Oliy o`quv yurtlarida mutaxassislar tayyorlash sistemasini qayta qurishni, bu sohaga kadrlar tayyorlashning buyurtma berish usulini joriy etishni ;
— Respublikaning yuqori malakali milliy mutaxassislarini tayyorlash uchun Ittifoqdagi va chet ellardagi eng yaxshi markazlarga yoshlarni yuborish sistemasini o`z ichiga olishi kerak” .
Bu fikrlar 1990-yil 4-avgustda Prezident Islom Karimovning KPSS XXVIII sezdining yakunlari va O`zbekiston Kompartiyasi faoliyatining asosiy yo`nalishlari to`g`risidagi ma’ruzasida keltirilgan edi. Ushbu ezgu g`oya birinchi bor kun tartibiga qo`yilganiga , mana, bugun 26 yil to`ldi. Tarixan uzoq bo`lmagan bu davrda intellektual salohiyati yuqori yangi avlod shakllandi. Ular xalqaro fan olimpiadalarida Vatanimiz sha’nini munosib himoya qilishmoqda, o`z ixtirolari, kashfiyotlari bilan dunyo nigohini diyorimizga qaratishmoqda. Eng muhimi, bu qalbi qaynoq yoshlar ortlarida ona Vatan – O`zbekiston turganini chuqur his etmoqdalar.
Ta’lim tizimini yanada zamonaviylashtirish, yoshlarning ilm olishi, hunar egallashi turli sport to`garaklarida shug`ullanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berish bundan keyin ham davlatimiz siyosatining ustuvor yo`nalishlaridan biri bo`lib qolishi haqida Prezidentimiz Islom Karimov shunday deydi :
“Yangi-yangi maktablar qurish, zamonaviy o`quv laboratoriyalarini tashkil etish, kollejlarni bitirib chiqayotgan bolalarimizni to`liq ish bilan ta’minlash masalalari doimo e’tiborimiz markazida turadi” .
Ta’lim tizimiga sarflanayotgan investitsiyalar miqdorining ortib borishi bevosita O`zbekiston iqtisodiyotining yuksalishi bilan uzviy aloqador.
Mustaqillik davrida mamlakatimiz iqtisodiyotida amalga oshirilgan islohotlarni, yuz bergan rivojlanish jarayonini aniqroq tasavvur etish uchun XX asrning 90-yillari boshiga nazar tashlaymiz. Bu davrda O`zbekiston agrar respublika sanalar, iqtisodiyotda paxta yakkahokimligi o`rnatilgan, Sobiq Ittifoqda, asosan, paxta yetishtirib beruvchi xom ashyo bazasi sifatida qaralar, sanoat korxonalari achinarli ahvolda bo`lib, iqtisodiyotning juda ko`p tarmoqlarida boshqa respublikalarga ipsiz bog`lanib qolgan edi. Aholi jon boshiga milliy daromad ishlab chiqarish bo`yicha ko`rsatkich Ittifoqdagi o`rtacha darajadan ikki hissa past bo`lib, bir millionga yaqin kishi ishsiz edi. Mana shunday sharoitda hukumat rahbari etib saylangan Islom Karimov o`zining birinchi ma’ruzasidayoq quyidagi haqqoniy talab bilan chiqdi :
“Biz bundan buyon eskicha yasholmaymiz va bunday yashashga zamonning o`zi yo`l qo`ymaydi” .
O`zbekiston mustaqillikka erishgach, mana shu tamoyil asosida iqtisodiyotda bosqichma-bosqich islohotlar amalga oshirildi. Avvalo, paxta yakkahokimligiga chek qo`yildi. 1990-yillarda taxminan 1800 – 1850 ming gektar maydonga paxta ekilgan bo`lsa, 2012-yilga kelib bu ko`rsatkich 1308,3 ming  gektarni tashkil etdi.Mulkchilikni davlat tasarrufidan chiqarish, xususiylashtirishga katta e’tibor berildi. Qishloq xo`jaligini boshqarishda xususiy mulkchilikka asoslangan fermer xo`jaliklari tashkil etildi. Iqtisodiyotda sanoat korxonalarining ulushini oshirish doimiy diqqat markazida turdi. Natijada, 2000-yilda yalpi ichki mahsulotning tarkibiy tuzilishida sanoatning ulushi 14,2 foizga, 2013-yilda esa 24,2 foizga yetdi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Bu yo`nalishda 2011-yilda maxsus Davlat dasturi qabul qilindi va u katta amaliy ahamiyat kasb etdi. Amalga oshirilgan islohotlar natijasida O`zbekistonda yalpi ichki mahsulotning yillik ko`payish ko`rsatkichi 2004-yildan buyon muntazam ravishda 7,0 foizdan ortiq bo`lib kelmoqda. Demak, makroiqtisodiy rivojlanish mamlakatimiz aholisining ijtimoiy holati yildan-yilga yaxshilanib borishini ta’minlamoqda.
O`zbekiston iqtisodiyotining yana bir diqqatga sazovor jihati shundaki, chet el investitsiyalarini kiritishda, boshqa davlatlardan va xalqaro tashkilotlardan moliyaviy yordam olishda shoshma-shosharlikka yo`l qo`yilmadi, ta’bir joiz bo`lsa, yetti o`lchab bir kesildi. Natijada, bugungi kunga kelib O`zbekistonning chet mamlakatlardan qarzi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 15 foizdan oshmaydi. Bu esa davlatimizning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlovchi muhim omillardan biri hisoblanadi. Zero, Prezidentimiz Islom Karimov ta’biri bilan aytganda :
“Mustaqillikka, siyosiy mustaqillikka erishish uchun, avvalambor, iqtisodiy mustaqillikka erishish kerak. O`zini boshqa birovlarga ipsiz bog`lab bermaslik kerak” .
Iqtisodiyotning rivojlanishi sog`liqni saqlash, shaharsozlik, sport singari ijtimoiy hayotning boshqa sohalarida ham ijobiy o`zgarishlarni vujudga keltirdi, aholining turmush darajasi sezilarli darajada yaxshilandi.
Umuman olganda, bugun diyorimizda erkin va baxtiyor hayot kechirayotgan har bir vijdonli inson bir haqiqatni teran anglab turibdi : O`zbekiston huquqiy demokratik tamoyillarga asoslangan, inson, uning huquq va erkinliklari oliy qadriyat darajasiga ko`tarilgan, har tomonlama barkamol shaxslarni tarbiyalaydigan, qonun ustuvorligi ta’minlangan, urush-nizolardan holi, tinch, boy va farovon jamiyat qurish yo`lidan bormoqda.
Bu ezgu maqsadga erishishda eng birinchi vazifamiz yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikni asrab avaylashdir. Chunki
“Agar tinchlik-osoyishtalik bo`lmasa, mehr-oqibat bo`lmasa, biz orzu qilgan va intilayotgan erkin va farovon hayotni qurib bo`lmaydi” .
Insoniyat tarixidan ma’lumki, urush bu tanazzul degani. Har qanday qudratli davlatlarni ham urush va nizolar yemirgan. Taraqqiyot kemasining yelkani esa tinchlikdir. Bugungi nihoyatda o`zgaruvchan va murakkab siyosiy olamda tinchlikning qadrini barchamizdan ko`ra teranroq anglagan Prezidentimiz Islom Karimovning quyidagi so`zlari mohiyatini har birimiz chuqur anglab yetishimiz zarur :
“O`zbekiston hech qanday harbiy-siyosiy blokka qo`shilmaydi, o`z hududida chet el harbiy bazalarini joylashtirishga, bizning harbiylarimizning mamlakatimiz tashqarisida bo`lishiga mutlaqo yo`l qo`ymaydi.
Bugun yaqin atrofimizda vujudga kelayotgan o`ta murakkab vaziyatda ayni shunday yo`lni, shunday siyosatni biz uchun eng to`g`ri, eng ma’qul, deb bilamiz”.
Oldimizda turgan keying vazifa iqtisodiyotimizdagi islohotlarni davom ettirishdan iborat. Bu borada kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, iqtisodiyotni yanada liberallashtirish joiz. Bu muhim vazifani Prezidentimiz Islom Karimov shunday belgilaydi :
“Iqtisodiyotimizda davlatning ulushi va o`rnini strategik hamda iqtisodiy asoslangan darajaga qadar qisqartirishimiz darkor” .
Davlat taraqqiyotini belgilashda iqtisodiyotdan qolishmaydigan yana bir omil intellektual mulk hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, insonlarning, xususan, yosh avlodning ma’naviyatini yuksaltirish, ularning ilm olishi, hunar egallashi, san’at va sport bilan muntazam mashg`ul bo`lishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish uzluksiz davom etishi kerak. Insonlarda turli yot g`oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish, aholi orasida milliy istiqlol g`oyasi va mafkurasining mazmun-mohiyatini keng targ`ib etish zarur.
Jamiyatimiz sobiq tuzumdan qolgan loqaydlik, ma’muriy buyruqbozlik, korrupsiya deb ataluvchi illatlardan hali butkul xalos bo`lmadi. Biz sog`lom rivojlanish tarafdori ekanmiz, bu illatlarga qarshi qat’iy kurashishimiz kerak. Bunda har birimizdan, ayniqsa ommaviy axborot vositalari xodimlaridan, befarq bo`lmaslik, o`z-o`zimizdagi ichki senzurani yengish talab etiladi.
Biz ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot barpo etish yo`lidan borayotgan, jahonda o`z so`ziga, nufuziga ega bo`lgan, o`tmishi shonli, buguni yorug`, kelajagi buyuk mustaqil O`zbekiston farzandlarimiz ! Ortimizda donishmand xalqimiz, kuchli va qudratli davlatimiz turibdi. Buni hech qachon unutmasligimiz, Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, mana shunday olijanob, bag`rikeng xalqimizga farzandlik mehri va sadoqati bilan xizmat qilishni har birimiz o`zimiz uchun eng yuksak sharaf, oliy saodat deb bilishimiz zarur.

Azizbek Ramazonov,
O`zbekiston Milliy Universiteti Jurnalistika fakulteti 2-bosqich talabasi

Foydalanilgan adabiyotlar ro`yxati :
1. Islom Karimov // Ona yurtimiz baxt-u iqboli va buyuk kelajagi yo`lida xizmat qilish – eng oliy saodatdir // Toshkent – “O`zbekiston” – 2015

2. Islom Karimov // O`zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida // Toshkent – “O`zbekiston” – 2012

3. A.Soliyev // O`zbekiston iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasi // Toshkent – “O`zbekiston Milliy Universiteti” – 2014

You may also like...

1 Response

  1. «O`zlikni anglash tarixni bilishdan boshlanadi. Zero haqqoniy tarixni bilmasadan turib esa o`zlikni anglash mumkin emas», — degan edai yurtboshimiz. Darhaqiqat, bugun mustaqillikka erishishimizda tarix ko`zgu vazifasini o`taydi. Ko`zgu bizning aslimizni, qanday yurt vorislari ekanimizni ko`rsatadi. Kursdoshimizning mulohazalari ham buning yorqin ifodasidir. Unda keltirilgan qimmatli ma`lumotlar barchamiz uchun muhimdir. Zero, muataqillik bergan barcha ne`matlani asrab-avaylashimiz burchimiz hisoblanadi.

Добавить комментарий для Ergasheva Nigora Отменить ответ

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>