Yurtimga fidoyi inson xotirasini yod etib…
Xalqimizning buyuk farzandi, XX asrning buyuk siyosatchilaridan bir bu,
shubhasiz, Rashidov Sharof Rashidovichdir. Boisi Sharof Rashidov sobiq mustabid tuzum davrida bo’lsa-da, Ona Vatanimiz uchun juda ko’p beqiyos xizmatlar qildi, doimo xalq uchun, Vatan ravnaqi uchun yonib yashadi. Yurtimizni rivojlantirish yo’lida og’ir tazyiqlar ostida bo’lsa-da katta jasorat ko’rsatdi: ilk metropoliten olib kelindi, Respublikamizda bir necha sanoatlashgan shaharlarga asos solindi.
“Bu murakkab shaxs, bir tarafdan, milliy manfaatlarni o‘ylashga, ikkinchi tarafdan, Markazdan kelgan, tub manfaatlarga zid buyruqlarni hayotga tatbiq etishga majbur bo‘lganini unutmasligimiz zarur. Uning umri sandon bilan bolg‘a o‘rtasiga qo‘yilgan edi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi”, deya ta’kidlagan edi O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov.[1] Aynan birinchi Prezidentimiz Islom Karimov uning ishlarini haqqoniy ravishda davom ettirdi.
Xalqimiz el-yurt uchun jon kuydirib ishlagan, shu ulug‘ yo‘lda umrini tikkan farzandlarini hamisha e’zozlagan. Mustaqillik arafasida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov jasorati bilan haqiqat qaror topgani – “paxta ishi”, “o‘zbeklar ishi” degan tamg‘alar bilan ayblanib, nohaq qamalgan yuzlab insonlar, jumladan, Sharof Rashidov nomining oqlanishi bunga yaqqol isbot bo’la oladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori bu ezgu ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Mamlakatimiz rahbarining tashabbusi bilan Sharof Rashidov o’zi tug’ilib o’sgan Jizzax tumaniga Sharof Rashidov nomi berildi. Bu yerda yodgorlik majmuasi barpo etilib, u kishining haykali o‘rnatilishi, Jizzax shahrida memorial uy-muzey tashkil etilishi rejalashtirildi. Adibning “Saylanma” kitobi, Sharof Rashidov hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan “Xalqimizning otashqalb farzandi” xotira kitobi nashrga tayyorlanmoqda. Hujjatli film yaratish, ilmiy konferensiya o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
“O‘ylab qolasan kishi, dunyoda shunaqayam adolatsizlik bo‘ladimi?! Inson tirik paytida uni ko‘klarga ko‘tarib, vafotidan keyin yer bilan yakson etsa, qadrini beobro‘ qilsa, bu o‘zi qanday davlat, qanday jamiyat bo‘ldi? Lekin tarix guvoh, hayotda shunday adolatsizliklar ham bo‘lar ekan. Agar har bir xalq, har bir davlat mustaqil bo‘lmasa, boshqalar uning nafaqat dehqonini, nafaqat ishchisini, hattoki shoir-u olimini ham, davlat arbobini ham istagancha tahqirlashi, insoniy sha’nini tuproqqa qorishi mumkin ekan”, degan edi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev.
Taniqli adib, yirik davlat arbobi Sharof Rashidov 1917-yilning 6-noyabrida Jizzax shahrida dehqon oilasida tavallud topgan. Narimonov nomidagi o‘rta maktabda dastlabki ma’lumotni olgach, Jizzaxdagi pedagogika texnikumida o‘qigan. 1941-yilda esa Samarqand davlat universitetini tugatgan. Shundan so‘ng u muallim va muxbir sifatida faoliyatini boshlagan. 1938—1941-yillarda Samarqand viloyatining «Lenin yo‘li» gazetasida ishlaydi. 1941 —1942-yillarda urushda qatnashadi. Frontdan qaytgach, 1944—1947-yillarda Samarqand viloyat partiya tashkilotining kotibi bo‘lib faoliyat ko‘rsatadi.
1947—1949-yillarda «Qizil O‘zbekiston» («O‘zbekiston ovozi») gazetasiga muharrirlik qiladi.1949—1950-yillarda O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasining raisi, 1950—1959-yillarda O‘zbekiston Oliy Kengashi rayosatining raisi, 1959—1983 yillarda O‘zbekiston Kompartiyasining birinchi kotibi bo‘lib ishlaydi.
Sh. Rashidovning ijodi 30-yillarning ikkinchi yarmida boshlangan. U dastlab she’riyatda qalam tebratib, «Samarqand kuylari» nomi bilan birinchi she’riy to‘plamini e’lon qilgan. Ikkinchi jahon urushi yillarida yozgan she’rlari 1945 yilda «Qahrim» to‘plamida chop etilgan. U ayni chog‘da adabiyotshunos va munaqqid sifatida ham qalam tebratgan.
Sharof Rashidov ijodida maqolanavislik muhim o‘rinni egallaydi. Shuning uchun ham uning badiiy ijodi namunalarida bu ruh yetakchilik qiladi. Adibning «G’oliblar» (1953) qissasi 1972-yilda qayta ishlanib, «G‘oliblar» romani sifatida nashr etiladi. «Bo‘rondan kuchli» (1958), «Qudratli to‘lqin» (1964) romanlari yaratiladi. Ularda o‘zbek xalqining urushdan keyingi tiklanish yillaridagi mehnat jasorati o‘z badiiy ifodasini topgan.
Ijodkorning «Kashmir qo‘shig‘i» (1957), «Komde va Mudan» (1959) kabi lirik qissalari va «Koinot» (1960) kabi kinoqissasi an’anaviy Sharq dostonchiligi uslubida bitilgan bo‘lib, yoshlik, bahor, go‘zallik, hayot nashidasi madhiga bag‘ishlangan. Adib hayotining so‘nggi yillarida yaratgan «Dil amri» qissasi urush yillarida Belorus zaminida kechgan jangchilarning g‘alaba yo‘lida olib borgan hayot-mamot kurashi tasviriga bag‘ishlangan.
1981—1983 yillarda adibning besh jildlik asarlari rus va o‘zbek tillarida chop etilgan.
U 1983-yilning 31-oktabrida vafot etgan.
Darhaqiqat, tarixni bilmay turib, bugungi kunga baho berib bo‘lmaydi. Yaxshi bilamizki, o‘sha davrlarda har qaysi ittifoqdosh respublika rahbari sobiq Markaz chizig‘idan chiqmasdan faoliyat olib borishga majbur edi. Shunga qaramay, Sharof Rashidov respublikamiz, xalqimiz ravnaqi uchun o‘zini ayamasdan mehnat qildi. Respublikamizdagi juda ko‘p inshootlar, muhim obyektlar qurilishi aynan uning nomi bilan bevosita bog‘liq ekanini el-yurtimiz yaxshi biladi. Eng muhimi, bularning barchasi nafaqat o‘sha davr, balki kelajakni o‘ylab, uzoqni ko‘zlab amalga oshirilgan. Bir misol: o‘sha paytlarda Mirzacho‘l, Qarshi, Jizzax, Yozyovon, Surxon-Sherobod cho‘llarining o‘zlashtirilishi natijasida millionlab gektar qo‘riq yerlar ochildi, paxtazor-u bug‘doyzorlar, bog‘-rog‘lar barpo qilindi. Bugungi kunda bu hududlar xalqimizning farovon va to‘kin hayoti uchun xizmat qilmoqda.
Mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz hayotida katta ahamiyatga ega Navoiy, Zarafshon, Yangiyer, Guliston kabi o‘nlab shaharlar bunyod etildi. Mustaqillik yillarida O‘zbekistonning tabiiy boyliklarini qayta ishlash borasidagi yirik industriyaga o‘sha vaqtlar poydevor qo‘yilgan, desak, xato bo‘lmaydi.
Sharof Rashidov buyuk davlat arbobi, taniqli adib bo‘lishiga qaramasdan, nihoyatda kamtar, samimiy, odamlarga mehribon inson edi. U yurtimizning shahar va qishloqlarida, qurilish maydonlari va dalalarda, sanoat korxonalarida bo‘lib, turli kasb egalari, oddiy odamlar bilan muloqot qilishni xush ko‘rardi. Shunday safarlar chog‘ida el-yurt hayoti uchun muhim va dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan masalalar bo‘yicha rejalar ishlab chiqilardi.
U kishi xalqimizning og‘ir va mashaqqatli mehnat evaziga katta miqdorda qishloq xo‘jalik mahsulotlari, jumladan, paxta, pilla, qorako‘l teri yetkazib berayotganini chuqur anglar, qo‘lidan kelgancha ana shu zahmatkash odamlarning og‘irini yengil qilishga intilar edi.
Xalqimiz Sharof Rashidovning poytaxtimiz Toshkent shahrining bugungi salohiyati va zamonaviy qiyofasini yaratishda beqiyos xizmatlari singganini yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi. 1966 yilgi zilzila oqibatida vayron bo‘lgan turar-joylar, ma’muriy binolar, korxonalarni tiklash, boshpanasiz qolgan va yana uzoq o‘lkalardan ko‘chib kelgan odamlarni uy-joy bilan ta’minlashning o‘zi bo‘lmagan. Bugun poytaxtimizdagi metropoliten xizmatidan foydalanayotgan, teatrlar-u muzeylar, san’at saroylari yo saylgohlarda bo‘lgan har bir inson Sharof Rashidovning porloq xotirasi oldida hurmat bajo etadi.
Darvoqe, Toshkent metropoliteni qurilishiga sobiq Markaz dastlab qarshi chiqqan. Hali zilzilani, hali yerosti suvlarini bahona qilib, bu loyihani amalga oshirishga yo‘l bermagan. Sharof Rashidov metro Toshkent hayoti uchun naqadar katta ahamiyatga ega ekanini inobatga olib, eng bilimdon va tajribali mutaxassislar ishtirokida tahliliy ma’lumotlar tayyorlatib, poytaxtimizda metropoliten qurishga barcha asos borligini isbotlab bergan edi.
Istiqlol yillarida Toshkent metrosining yo‘nalishlari kengaydi. Bugun ham uning yangi yo‘nalishlari bo‘ylab qurilish ishlari jadal olib borilmoqda. Jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Sergeli yo‘nalishida 7,1 kilometrlik yer usti metrosi qurilmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Sobiq Ittifoq miqyosidagi ko‘zga ko‘ringan siyosiy arboblardan biri sifatida Sharof Rashidovning tashqi siyosatdagi faoliyatini, afsuski, ko‘pchilik yaxshi bilmaydi. Masalan, 1966-yili Toshkentda Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi mojaroni to‘xtatish bo‘yicha qabul qilingan tarixiy bitimga erishishda Sharof Rashidovning ham munosib hissasi bo‘lgan.
U AQSH va SSSR o‘rtasida yadro urushiga olib kelishiga bir bahya qolgan «Karib tangligi» muammosini bartaraf etishda, Kuba rahbarlari bilan muzokaralar olib borishda faol qatnashgan edi. Ko‘plab mamlakatlarga safarlarda SSSR delegatsiyalariga rahbarlik qilgan edi. Bu kabi faktlar bizning qalbimizni beqiyos g’urur va iftixor tuyg’usiga to’ldiradi. Holbuki, bu kabi faktlarni yana ko‘plab misol qilib keltirish mumkin.
Ammo uning o’limidan keyin bir guruh odamlar uning ortidan ayovsiz toshlar otdi. Uning muqaddas ruhini shod qilish o’rniga ruhini chirqiratdi. Xalqimiz o‘sha og‘ir vaqtlarda ham Sharof Rashidov el-yurt ravnaqi uchun butun umrini bag‘ishlaganini yaxshi anglardi. Xalqimiz bor haqiqatni yaxshi biladi, hech narsani unutgani yo‘q. Shu bois, ko‘p o‘tmay adolat qaror topdi. Sharof Rashidovga nisbatan nonko‘rlik, munofiqlik va xoinlik qilganlarni hayotning o‘zi jazoladi. Eng muhimi, bugun xalqimiz ularning nomini deyarli eslamaydi. Aslida ularga eng haqli, eng og‘ir jazo shu.
O‘sha vaqtlar Sharof Rashidovga qo‘yilgan “ayb”larda ham u insonning xalqimizga, ma’naviyatimizga, tariximiz va qadriyatlarimizga naqadar sodiq bo‘lgani ko‘rinib turadi. Xususan, o‘sha sotqinlik boshida turib, el-yurtimiz nafratiga uchragan kimsalardan biri matbuotdagi intervyusida shunday degan: “Rashidovning millatchilik tuyg‘usidan kelib chiqib, Temur kabi qonxo‘r bosqinchilarni ulug‘lashtirgani ayniqsa menga yoqmas edi”.
Oradan ko‘p o‘tmay, kim haq ekanini hayotning o‘zi isbotlab berdi-ku! Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ma’naviy tiklanish va yangilanish islohotlarini ulug‘ ajdodlarimiz, xususan, Amir Temur bobomizning muborak nomi, boy me’rosi, xotirasi va tarixiy siymosini tiklash asosiga qurdi. Sohibqiron boshqa sarkardalardan farqli ravishda bunyodkor shaxs bo‘lgani, qaysi joydan bir g‘isht olsa, o‘rniga o‘n g‘isht qo‘ydirgani, bir daraxt kestirsa, o‘rniga o‘n ko‘chat ektirganini, buyuk Temurning insoniyat sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini dunyoga yaqqol isbotlab berdi.
Islom Abdug‘aniyevich Karimov ana shunday ulug‘ siymolarimiz qatorida Sharof Rashidovning ham porloq xotirasini tikladi. 1992 yil noyabr oyida Sharof Rashidov tavalludining 75 yilligi mamlakatimizda keng nishonlandi. Birinchi Prezidentimiz, “Daqiqani abadiyatdan ayri holda tasavvur qilib bo‘lmaganidek, Sharof Rashidovning hayotini ham o‘zbek xalqining tarixidan, hayotidan ayri tasavvur qilib bo‘lmaydi»[2], deya ta’kidlaganlarida nihoyatda haq edi.
Ko‘p yillar Sharof Rashidov bilan yelkama-yelka ishlagan O‘zbekiston fan arbobi, akademik Oqil Salimov bilan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Mamatqul Hazratqulovning suhbati yaqin tarix haqiqatlari, Sharof Rashidovning atoqli davlat arbobi, taniqli yozuvchi sifatida el-yurtimiz oldidagi unutilmas xizmatlari va insoniy xislatlari haqida bo‘lib o’tgan edi.
Mamatqul Hazratqulov: Shu o‘rinda bir suhbatimizda aytib berganingiz – Sharof Rashidov Imom Termiziy qabrini tez-tez xufiyona ziyorat qilib turgani, bu maskanni obod qilish yo‘llarini izlagani yodimga kelmoqda. Bu tarix haqiqatlaridan bugungi yoshlarni ham xabardor qilish foydadan xoli bo‘lmaydi.
O.Salimov:
– Juda to‘g‘ri aytdingiz. Men Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish haqidagi qarorini o‘qib, to‘lqinlanib ketdim.
Sharof Rashidovich bu kunlarni chin dildan orzu qilgan, desak, xato bo‘lmaydi. U kishi qachon Surxondaryoga borsa, tong-saharda Imom Termiziy qabrini ziyorat qilardi.
O‘sha ziyoratlarning birida meni sekin chetga tortib, bir gapni aytdi: “Shunday ulug‘ allomamizning mangu oromgohi, qarang, qanday xarob ahvolda… Bu joyni obod qilishimiz kerak, faqat bu tashabbus mahalliy aholidan chiqqani ma’qul”. Hech nimaga tushunmadim. So‘ng u kishi aytdiki, “Shu yerlik odamlardan Markazga, respublika rahbariyati ushbu tarixiy maskanga e’tibor bermayapti, degan mazmunda shikoyat uyushtirsangiz”. Xayolimga darhol “meni sinayaptimi”, degan o‘y keldi va keskin javob qildim: “Kechirasiz, Sharof Rashidovich, men bunday qila olmayman”. Ko‘nglimdagi fikrni sezdi va ohista jilmaydi: “Sizning sadoqatingizga zarracha ham shubham yo‘q, lekin shunday qilmasak bo‘lmaydi”. Oradan ko‘p o‘tmay Markazdan bir katta rahbar Sharof Rashidovga qo‘ng‘iroq qildi: “Qanaqa rahbarsiz, o‘rtoq Rashidov, Surxondaryoda qandaydir bir olimning qabri xarob bo‘lib yotganidan aholi norozi: bizga ketma-ket shikoyat yozmoqda. Shu qabrga sal qarab qo‘ysangiz bo‘lmaydimi?”.
Shu tariqa Imom Termiziy ziyoratgohi biroz tartibga keltirildi. Daraxtlar, gullar ekildi. Lekin, qancha xohlamaylik, bundan ortig‘i xavfli edi. Sharof Rashidovich shundan ham ancha taskin topib yurdi.
– Chindan ham, bu inson milliy qadriyatlarimizga hamisha sodiq bo‘lgan. Xalqimiz tarixini asrash, ulug‘lash Sharof Rashidovning ezgu orzusi bo‘lgan edi. Bu yo‘lda u ko‘p ishlar qilgan.
Deylik, nima uchun Toshkentda “Algoritm” zavodi qurilgan? Bu korxonaga Al-Xorazmiy nomi berilganiga e’tibor bering. Nima, bu zavod uchun boshqa nom yo‘qmidi?..
Nima uchun o‘sha vaqtlarda qadriyat va urf-odatlarimiz bilan hukmron tuzum mafkurasi o‘rtasida ko‘p bog‘liqlik izlangan? Chunki shunday qilmasa, totalitar mafkura tazyiqi bilan qadriyatlarimiz yo‘qolib ketishi mumkin edi.
Mana, Navro‘zni eslayapsiz. Jizzaxda Navro‘zbuloq degan joy bor. Bu nomni Sharof Rashidovichning o‘zlari qo‘ydirgan edi. Mahalliy aholi qadimiy bayramimizni o‘sha joyda nishonlar edi. U kishining taklifi va daldasi bilan O‘zbekiston xalq yozuvchisi Nazir Safarov “Navro‘z” romanini yozgan edi.
Sharof akaning vafotidan so‘ng milliy qadriyatlarimizni yo‘qotishga keskin harakatlar boshlandi. Navro‘z taqiqlandi. Uning o‘rniga soxta bayram – “Navbahor” joriy qilindi. Biroq xalqimiz bunday soxta bayramni qabul qilmadi.
Sharof Rashidov qanchalik muhim davlat ishlari, mana shunday siyosiy mojarolar bilan band bo‘lmasin, Xudo bergan iste’dodi, so‘z san’atiga bo‘lgan cheksiz mehri tufayli ijod olamini hech qachon tark etmadi. Ko‘plab roman va qissalar, she’riy asarlar, publitsistik maqolalar yaratdi.
Ayniqsa, adibning “Kashmir qo‘shig‘i” asari o‘zbek adabiyotida o‘ziga xos voqea bo‘lganini ko‘pchilik ijodkor ziyolilar e’tirof etadi. Eng muhimi, bu asarda yozuvchining dilidagi pinhoniy armoni – ozodlikka intilish g‘oyalari badiiy satrlarda o‘z aksini topganini zukko kitobxonlar yaxshi anglaydi. Adib voqealarni Hind yurtiga ko‘chirgan. Sababi esa ayon…
Sharof Rashidovich madaniyat va san’at ahliga juda katta e’tibor bilan qarar, ijodkor ziyolilarning samarali faoliyat yuritishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berishga intilardi. Albatta, o‘sha davrda zamon mafkurasi ta’sirida yoki g‘oyaviy buyurtmalar asosida yozilgan asarlar ham bo‘lgan. Lekin, shular bilan bir qatorda, milliy adabiyotimiz xazinasidan munosib o‘rin olgan ko‘plab asarlar ham yaratilgani ayni haqiqat.
U kishi yosh ijodkorlarni hamisha qo‘llab-quvvatlar edi. Masalan, keyinchalik o‘zbek adabiyotining atoqli namoyandalari bo‘lib yetishgan Erkin Vohidov va Abdulla Oripov singari iste’dodli shoirlarni ko‘p bor himoya qilganiga o‘zim guvoh bo‘lganman. Sharof Rashidov ularning asarlarini rus tiliga tarjima qildirib, Moskvada nashr ettirishga bosh-qosh bo‘ldi. Ularning boshida qora bulutlar aylanib qolganda, Erkin Vohidovni Gyotening “Faust”, Abdulla Oripovni Dantening “Ilohiy komediya” asarlarini tarjima qilishga da’vat etganlarini yaxshi eslayman. Sharof Rashidovichning bu oqilona tadbiri tufayli ham yosh shoirlar balo-qazolardan saqlanib qolgan, ham o‘zbek adabiyoti ikki shoh asar tarjimasi bilan boyigan edi.
…Oradan yillar, asrlar o‘tadi. Sharof Rashidovning O‘zbekistonimiz, xalqimiz uchun qilgan fidoyi xizmatlarini, halol va pokiza nomini el-yurtimiz hech qachon unutmaydi. Yaqin o‘tmishimizdagi juda murakkab, og‘ir va tahlikali yillarda yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida fidokorona xizmat qilgan, taqdir sinovlaridan munosib o‘tib, o‘z vazifasini sharaf bilan ado etgan Sharof Rashidov qismati barchamizni mustaqillikning qadriga yetishga, uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashga undaydi.
Sharof Rashidov
Har tong vagonlarga jo bo’lar yo’llar,
Poyezdlar shosharlar yerning qa’rida.
Ko’rarman bunda men ne qattiq qo’llar,
Fidoyi insonlar asr narida.
U oddiy insondir – kamtar, fidoyi,
Kitob-la chin hamroh tutingani rost.
Do’stim, ne o’kinch bor – uldir adoyi,
Qara, ne binolar qaddin etdi rost.
Toshkent zilzilasi Pompeydek dahshat,
Lekin qaytarmabdi ahddan bir onda.
Bobolar chekibdi g’ayrat, shijoat,
Toshkent ruhi kezar hamon jahonda.
Sharaflidir Sharof degan nom doim,
Haykallar qurarmiz biz unga qator.
Ruhini shod etgin o’zing, Xudoyim,
Qara, ne Sharoflar turarlar bisyor.
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati:
- Karimov I. A. Xalqimizning otashqalb farzandi. Toshkent G’afur G’ulom nomidagi NMIU. 1987
- Karimov I. A. “Atoqli davlat arbobi Sharof Rashidovning 75 yilligini nishonlash to’g’risida” gi Qarori
- O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yilning 27-mart kuni «Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida»gi qarori
Nosir Sherboyev,
O’zbekiston Milliy universiteti Xorijiy filologiya fakulteti 1-kurs magistranti
Ilmiy rahbar:Isanova Gulbahor Tahirovna
———————————————————————————————————
- [1] Karimov I. A. Xalqimizning otashqalb farzandi. Toshkent G’afur G’ulom nomidagi NMIU. 1987
[2] Karimov I. A. “Atoqli davlat arbobi Sharof Rashidovning 75 yilligini nishonlash to’g’risida” gi Qarori
Сўнгги фикрлар