O‘tmishning o‘tli nafasi

Таржимонлик – буюк санъат ва ижодий маҳоратдир, дейди Дониш домла.

ЎзМУ Хорижий филология факультети талабалари орасида ноёб истеъдод соҳиблари жуда кўп. Уларнинг қуйидаги таржима асарлари мухлисларимизда катта қизиқиш уйғотишига ишонамиз.

 3

Yigirma ikkinchi iyun

Soat millari to‘rtga yetgandi.

E’lon qildi: Kiyev bombada

Shiddat ila urush boshlandi.

Inson xotirasi bilan aziz sanaladi, millat xotirasi esa tarix bilan ulug‘lanadi. Xotira deganda, qon-qonimiz, suyak-suyagimizga singib ketgan muqaddas tuyg‘uni tushunamiz. Chindan ham, o‘tganlarni xotirlash, ularning ruhini yod etish xalqimiz uchun asrlar davomida ezgu an’anava odatga aylanib qolgan. Inson har doim o‘tmish ajdodlarini, muhtaram ustozlarni, aziz avliyolarni xotirlar ekan, xalq va jamiyat oldidagi burch va vazifalarini yana bir bor mas’uliyat bilan his etadi.O‘zidan yaxshi nom qoldirish uchun ezgu ishlarni qilishga shoshiladi va o‘zgalarni ham shunga chorlaydi.

Urushning asosiy dushmani xotiradir. Ota bobolarimiz aytganidek, o‘tmishdagi urushlardan xulosa chiqarilmas ekan, yangi urushlar boshlanadi. Insonga hayot bir marta beriladi. Mana shu hayotni kuch bilan tortib olishga hech kimning haqqi yo‘q.

Ikkinchi jahon urushi deyilganda ko‘z oldimizga nimalar kelmaydi-ya? Hozir kimdan ikkinchi jahon urushi haqida so‘ralsa, ularning hammasi urushni “Rossiyada,ya’ni SSSRda ro‘y bergan” deb aytishadi. Lekin, aslini olib qaraydigan bo‘lsak o‘sha paytda O‘zbekistonning ham urushga qo‘shgan hissasi kattadir. Agarda chet el davlatlarida bizga qayerdansan deb savol berishsa, “O‘zbekistondanman, Toshkentdanman”,— desak barchasibir bo‘lib “gorod xleba”, ya’ni “non shahri” deyishadi. Vatandoshlarimiz urushda g‘olib bo‘lishi uchun o‘zlarining kuchlarini ayashmagan. Shuning uchun ham ikkinchi jahon urushi deyilganda, ko‘z oldimizga muttasil jangda qon kechib yurgan, vatan yo‘lida o‘z jonini qurbon qilishga tayyor ota-bobolarimiz keladi. Nafaqat ular, balki urushga o‘z hissasini qo‘shgan ona xalqimiz ham e’tibordan holi emas. Ular front ortida turib, jang uchun kerakli qurol-ashyolar va oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishgan.

1945-yilning 9-mayda insoniyat tarixida eng dahshatli deya tan olingan ikkinchi urush nihoyasiga yetdi. Bu esa dunyoda tinchlikning boshlanganiga ishora edi.

Ikkinchi jahon urushidan so‘ng ko‘plab marshallar, generallar hayotlik chog‘larida o‘zlaridan keyin ulkan memuarlar qoldirishga harakat qilganlar. Tinib tinchimagan, sochlariga oq oralagan jangchilar, nafaqat, bo‘lib o‘tgan voqealarga bo‘lgan mas’uliyatni his qilib, balki kelajak haqida o‘ylab urush haqida ma’lumotlar qoldirishgan. Ular kelgusi avlodga barcha davrlarda boshlaridan kechirgan hayoti o‘rnak bo‘lishi istagida hech kim qolib ketmasin, hech narsa yoddan chiqmasin deya faqatgina haqiqatni yozishgan. Bundan tashqari yana shunday memuarlar borki, ular hech qayerda yozib qoldirilmagan va bu kabi meroslar nomlari noma’lum qahramonlar tomonidan shiddatli janglar, urushning avji chang to‘zonlari orasida, dala istehkomlaridagi bir necha damli sukunat davomida—gulxan atrofida, o‘rmon-u o‘tloqlarda yoki askarlar uchun bir kecha boshpana vazifasini bajargan tashlandiq kulbalarda yaratilgan. Bitilgan kitoblarni esa necha sahifaligini hechkim bilmaydi. Lekin shuni bilamizki, ularning soni o‘z yurti uchun kurashgan mard jangchilarning sonidan kam emas. Memuarlardan farqli o‘laroq, bu asarlarda aynan bir kishining nomi keltirilmagan, balki urushga ketgan barcha o‘g‘lonlarning taqdiri bir umumiy chiziq ostida tutashgan.

Salom  qadrdonlarim…![1]

Yuragimda o’tinchli g‘alayon bilan  sizlarga  yozyapman.  Biz  qo‘riqlayotgan  chegarada hammasi yaxshi.  Tinchlik  hukm surmoqda.  Bahor  ham bu yerda  xuddi  o‘zimizning  qadrdon Uraldagidek. Biroq, bu yerda  barcha-barchasi barvaqtroq  boshlanadi.  Olmalar ham, shumurtlar[2] ham  gullagan  va  ayni chog‘da  nazorat  vaqtlarda turli-tuman  gullar iforidan mast bo‘lamiz. Lekin, bizdan  o‘ta  ogohlik talab etilgani uchun bu ifordan  zavq tuyish imkonyati  nasib etmayapti. Ikki ko‘zimiz ham  sergak.Chegara  ortidan tuni bilan qandaydir  g‘imir-g‘imir  harakatlar, uzoq-uzoqdan taqir- taqur, g‘ovir – shuvirlar  eshitiladi.  Bularning  barisi  bejizga  emas, albatta.  Bizdagi  sarosimani sezgan Politruk[3] (o‘chirilgan) savollarimizga  javoban shunday dedi:

  • Hammasi joyida, yigitlar! Bular shunchaki  manyovrlar[4]
  • Qanaqasiga bu (o‘chirilgan)…

Eslaysizmi, dadajon  aytgandingiz: Yevropa  xaritasi go‘yoki gadoy egnidagi lash-lushga o‘xshaydi. Qancha  yashirishga urinaverma harakatlaring befoyda. Vahshiy  dushmanhamona zaminimiz etagiga qaychisini  uzatyapdi  deb tashvishlanyapman, lekin qo‘lini cho‘zib ko‘rishsinchi: ko‘radiganini ko‘rishadi.Qaychisi uyoqda tursin – qo‘lsiz qolib ketishadi! O‘zlaringizda nima gaplar? Paxa va Dlinniyga mendan alangalik salom.

Nasib etsa ular ham ko‘p o‘tmay menga yetib olishsa kerak.

Eslaysizmi , ular bilan yayrab o‘zimizning bepoyon Spartakni zavod yo‘lakchasidan  boshlab  to o‘rmongacha  kezardik…

Sizni o‘pib qoluvchi Pavel!

Bu maktub  chegara  jangchisi  P.V. Balabanovning  ota-onasiga  yozgan maktublaridan . U 1921-yilda tug‘ilib  1940-yilda “Qizil armiya”ga xizmatga  chaqirilgan.  1941-yil iyul oyining  oxirida uning so‘ngi maktubi kelgan.

Rus tilidanMurodov Asomiddinning tarjimasi

 

Urush boshlangani haqida qo‘shiq[5]

Nogoh urush qadam bosgan dam,

Sovet xalqi uxlardi hali.

E’lon qildi: Kiyev bombada

Sinov vaqti kelgan mahali.

 

Tugagandi tinchlikning vaqti,

Uy eshigin kulfat qoqmoqda.

Ketmoqdaman qilgumdir ahdni

Faqat senga sodiq qolmoqqa.

 

Ey, sen qara, ogoh bo‘l

Dil o‘yinmas hazil qilmoqqa.

Do‘sting shaydir jangga ketmoqqa.

Ko‘zat uni olis manzilga.

 

Qaltirar bir to‘da Eshelon[6],

Poyezd shamol kabi uchganga.

Kutgil meni, albat qaytaman,

Faqat zafar ila qarshinga.

Ushbu she‘r 1959-yilda “Kaluga” jurnalining 169-sonida A.V.Yermachinko tomonidan yozilgan.

* * *

Yigirma ikkinchi iyun

Soat millari to‘rtga yetgandi

E’lon qildi: Kiyev bombada

Shiddat ila urush boshlandi.

* * *

Ko‘ngilsiz u damlar tugadi,

Quvonchli xabar-la qaytaman.

Yana o‘shal qutlug‘ dargohni,

Begumon men albat topaman.

Rus tilidan Boymurzayev Ramazonning tarjimasi

«Til (Язык)[7]” ovi[8]

    Men razvedkabo‘limini boshqarar edim. Bir kuni polk komandiri chaqirib “til” kerakligini aytdi. Mening bu ishlardan yaxshigina xabardor ekanligimni, unga battol nemisning judayam kerakligini aytdi. Biz o‘sha payt Buga daryosining chap tomonida, fashistlar esa o‘ngroq tarafda, tepalikda turardi. Men komandirga “til”ni olib kelishga va’da berdim va uni qo‘lga tushirish yo‘llarini o‘ylay boshladim. Safdoshlarim yoniga ketayotib, yo‘l-yo‘lakay buning rejasini pishitib borardim. Shuni aytishim joizki, har bir qadamimni chizmaga chizgandek taqsimlayman. Balkim, ehtiyotkorligim tufayli butun urush davomida biror marta ham yaralanmadim. Ammo bu vazifam o‘ta qiyin va avvalgilaridan ancha mushkul edi.

Qirg‘oq baland, u yerga yetib borish esa mushkul. Ustiga-ustak tunda oy chiqib daryoda akslanardi. Polkovnik menga bor yo‘g‘i uch kungina vaqt bergandi. Bu qisqa muddat-u, ammo chora topishga imkon bor edi. Safdoshlarim ham ko‘mak berishmoqchi bo‘lishdi va biz tepalikni navbatma-navbat kuzata boshladik.

Birinchikun… Ikkinchikun… Aslida nemislarni ko‘rishga ko‘zim yo‘q, ammo ular ham hurmatga loyiq xalq ekan. Sababi ular makonini shunchalik darajada qo‘riqlashardiki, xuddi sodiq it kabi.

Uchinchi kun. Fashistlarning ovqat yetkazadigan qorovulining kelish vaqti bizga qulay fursat bo‘ldi. Biz joyni belgilagandik, ammo unga yetish muammo. Qanday yo‘l tutsak ular bizni payqashmaydi? Shunda quroldoshlarim nemis kiyimini kiyib olishimizni maslahat berishdi. Xudo qilgan ishimizni kechirsin. So‘ngi kun bo‘lgani uchun komandir xavotir oldi shekilli, telefon qildi. Agar ishni ko‘ngildagidek bajarsam, komandir o‘zining medallarini ham ayamasligini aytdi. Bu hazil edi, albatta.

Biz qayiqda yo‘lga tushdik. Qisqa vaqt ichida tezroq belgilangan joyga yetib borish kerak edi. Va nihoyat manzilga ham yetib keldik va qayiqni daraxtlar orasiga yashirib, dushman istehkomi tomon yura boshladik. Safdoshlarim oshxona tomon ketishdi, men esa fleyta bilan nemislarning mashxur “kleyn mixel” qo‘shig‘ini kuylay boshladim. Hamma narsa rejamizdagidek. Mana battol nemis ham ko‘rindi va biz tomon kelyapti.

O‘n qadam… sakkiz qadam… va nihoyat u changalimda. Sasi ham chiqishga ulgurmadi. Bir yuz sakson gradusga burildig-u, qayiq tomon yura boshladik. Qaytayotib fashist yelkasini miltig‘im bilan qashib quydim. Uning rangi o‘chgan, uni ham chiqmasdi.

O‘sha dam ichimga g‘ashlik tushdi. Ajdodlarim ruhiga duo o‘qiy boshladim. Nima bo‘lgan taqdirda ham safdoshlarim qo‘rqoqlik qilmasin. Nihoyat daryoga yetib keldik. Quroldoshlarim fashistdan hazar qilgishdimi, uni qayiqqa otib yuborishdi. Avvaliga nemislar payqashmadi. Birozdan so‘ng ortimizdan tinimsiz miltiqlarning ovozi kela boshladi. Biznikilar ham qarab turishmadi, otishdi.

Ish ko‘ngildagidek bajarildi, polkimizga sog‘ salomat yetib keldik. Topshiriq muvaffaqqiyatli bajarilgani uchun komandir bizga bir hafta dam berdi. Oradan ikki kun o‘tmay u meni yana huzuriga chaqirdi. Borsam… pagonlardagi yulduzlardan ko‘zim qamashib ketdi. Nima qilishni bilmay alanglab qoldim va harbiy unvon bo‘yicha balandrog‘i hisoblanmish marshalga, so‘ngra komandirga yetib kelganligimni bildirdim. Ular mendan boshqa narsani so‘raydi deb o‘ylagandim, afsuski kutganimdek chiqmadi: qisqa suhbatdan so‘ng marshal menga yana bitta “til” kerakligini aytishdi. Hovliqib qolganligimdan “bajariladi” deb yuboribman. Birozdan so‘ng o‘zimga kelib “qanday qilib”,—deb so‘radim.

—O‘tiring Borisov, birgalashib o‘ylaymiz,—dedi marshal Konyov.—Nemis aqlli bo‘lib qoldi deb o‘ylaysizmi? Yo‘q, u haliyam joyida shundayligicha o‘tiribdi. Ayni damda siz endi u yoqqamas, boshqa joyga “mehmonga” borasiz.

—Tushunarli o‘rtoq Konyov. Ketishga ro‘xsat eting?

—Ro‘xsat!…

Biz bu usulni yana ikki bor qo‘lladik. Nemisni aqlli deb eshitganman. Shundaylikka shundayku-ya, ammo uning ongi lineykada chizilgan ekan. Sababi qil degan ishni so‘zsiz qiladi, bajar deganini tap tortmay bajaradi, chig‘iriqdan tashqari yo‘l tutishga jur’at etolmaydi.

Barcha topshiriqlar muvaffaqiyatli ado etilgandan so‘ng, esdalik sifatida safdoshlarim “Qizil bayroq” bilan taqdirlandi. Menga esa hech vaqo berishmadi. O‘sha voqeadan so‘ng quroldoshlarim meni masxara qilib: “Senga uchta “til” kamlik qildi. Bor to‘rtinchisini ham olib kel”,—deyishdi…

G‘alabadan uch-to‘rt kun o‘tib pochta va gazeta oldik. Safdoshlarim menga kulib qaragancha gazetani bir-biriga uzatishyapti. Ular ajablangancha: “Ism ham, familiya ham mos kelyapti”,—deyishdi. So‘ngra menga qarab: “Qahramonlik qulluq bo‘lsin Borisov”,—deya “Qahramon yulduzi”ni ko‘ksimga taqib, xursanligidan meni osmonga ota boshlashdi.

Ushbu asar Sovet Ittifoqining Qahramoni Georgiy Alekseyivich Borisov tomonidan yozilgan.Chelyabinsk truboprakat zavodida ishlagan.

Rus tilidan Murodova Dilbarning tarjimasi

Bir soat…[9]

 Har yili g‘alaba kunida barcha qarindoshlar yig‘ilibstol atrofida suhbat qurganimizda, har doim bobomning urush haqidagi hikoyasiga muhtojlik sezilardi. Sababi u hech qachon qanday jang qilgani haqida gapirib bermagan. Biz o‘n yillab yorilishini kutdik, ammo bobom o‘zini juda sipo tutar, jimyurardi. Uning to‘qson yoshi eshik qoqib kelgandagina hikoya qilishni boshladi.

Bobom urushning birinchi kunidayoq boshqa o‘smirlar kabiko‘ngillilar qatorida ro‘yhatga yoziladi. Ularning polki vokzalda yig‘iladi. Minglab soldatlar yumalashib-dumalashib vokzalda tunashadi.

Kutish onlari juda cho‘zildi. Birinchi kun, ikkinchi, hatto uchinchi kun ham eshelonlar yetishmasligi tufayli ularni jo‘natishmaydi. Beshinchi kun esa bobom bir tanish qiz, Nellining oldiga yugurib borib kelishga qaror qiladi. Masofa yaqin. Bir soatda hammasiga ulgurish mumkin edi. U vokzalga qaytib kelganda, u yerbo‘m-bo‘sh edi. Qanday qilib? Qanaqasiga bir soatda butun boshli polk poyezdga chiqib ketishga ulgurishi mumkin?…

Ikki kundan keyin sud bo‘ladi.

Bir haftadan keyin bobomni Sibirga jo‘natishadi.

Bir yildan keyin esa o‘sha poyezdagilarning hammasi, go‘yoki qurolsiz, to‘p yemiga o‘xshab halok bo‘lishganini biladi.

O‘n besh yil o‘tib esa uni ozodlikka chiqarishadi.

Men bobom bilan faxrlanaman. Buvim Nelli bilan ham…

(Igor Ostapenko)

Rus tilidan Azizova Tursunoyning tarjimasi

 

   Zambarak do‘stim[10]

Bizning frontda Grigoriy Laptev haqida turli ajoyibotlarni gapirishardi: “Bitta zambarak—o‘yinchoq, ya’ni Grigoriy Laptev va zambarak yengilmas qo‘rg‘ondirlar”. Laptevning o‘zi esa bunga e’tiroz bildiradi:

“Yo‘q, yo‘q, zambarak emas o‘yinchoq,

U albat menga jonajon o‘rtoq”.

Bir jangda faqat biz ikkovlon qolganmiz—zambarak va men. Nemislar qora bulut singari tanklar bilan birgalikda suzib kelishyotgan bir paytda, mening yonimda boshqa hech kim yo‘q, bari jon berganlar, o‘liklar yotar edi. Men unga, ya’ni do‘stimga shunday dedim: “Qutqarsangchi meni,qadrdonim!” Qutqardi ham. Biror marta pand bermadi.

Bir narsa ma’lum. Maydonda bir kishi jangchi emas. Biz esa do‘stim bilanikki kishimiz.

Gar ikkovlon bir bo‘lmas,

Qilgan amali do‘nmas.

Ikkalasi birlashsa,

G‘anim qadamin qo‘ymas.

Rus tilidan Azizova Tursunoyning tarjimasi

 

Seni kutmoqdaman[11]

 

Kutmoqdaman seni azizam,

Ko‘z tikkancha juda intizor.

Kutmoqdaman ural qorida,

Va ko‘z tikib u ko‘rkam bahor.

 

Kutmoqdaman, kunlar o‘tmoqda,

Birin-ketin tunlar so‘nmoqda,

Kecha men-la kim kutgan bo‘lsa

Bugun takror ko‘zin tikmoqda.

 

Burungidek do‘stlar kutishar,

Qalblarida mehrlar tugun.

Nimaiki qilgan bo‘lsam gar,

Bu barchasi faqat sen uchun.

 

Tushlarimda ko‘rinib xushro‘y,

Biroq, bu dam bilmam qaydasan?

Qachon o‘zing meni kutganim

Viqor ila eshik qoqasan?

 

Sen uchun to‘pladim borliqda,

Quvonch-la to‘lishgan umrimiz.

Ichilmay qolgan ul qadahni,

Kelsang gar ichgaymiz ikkimiz.

 

Inongum, sen albat kelursan,

Yagonam, suyganim jonimdek.

Men kabi kimsaki kutmagan,

Ko‘z tikib intizor kutgandek.

Ushbu she’r K.M.Simonovning “Meni kutgil” nomli she’riga javob tariqasida yozilgan varianti P.Y.Romanovаning xat-daftaridan topilgan.

Rus tilidanBoymurzayev Ramazonning tarjimasi

 

   Mag‘lub kuchlar[12]

Fashistlar Leningradni ishg‘ol qilgandan so‘ng, shiddatli urushlar Luga shahrida boshlandi. Sovet himoya chegaralaridan biri ushbu shahar yaqinidan o‘tgani bois jangchilar istehkomini sidqidildan qo‘riqlashardi. Nemislar jangarona hujumga o‘tishar va buning oqibatida o‘zlari ham o‘q yomg‘irida qolar, ammo bir qadam ham yaqin kelisholmasdi. Fashistlarning bir leytenanti bor edi. Uning sevimli ishi mayorga xabarlarni yetkazish.

Kunlardan bir kuni u mayorning huzuriga “xabar” olib keldi. Mayor unga qarab:

—Ho‘sh,o‘rtoq leytenant, ishlar qay tarzda ketmoqda?

—Ahvolimiz qish kabidir, o‘rtoq mayor.

—Nega aynan qishdek, tushunmadim?

—Qishda kunlar qisqa bo‘lgani kabi, safimiz ham qisqarib bormoqda.

Fashistlar Lugani yengolmay ortga chekinib janubiy Luga tomon otlandilar. Jang qilishdi, ammo Sovet qo‘shinining himoya qatlami mustahkam bo‘lgani sababli bostirisholmadi.

Leytenant ma’lumot yetkazish maqsadida mayorning huzuriga keldi.

—Ho‘sh, ahvol qanday?

—Qo‘shinimiz go‘yoki bahordagi qor misoli erib bormoqda.

Fashistlar janubiy Lugani ham ishg‘ol qilisholmadi. So‘ngra chekinishdi va yo‘nalishni shimol tomon o‘zgartirdi. Nemislar takror hujumga o‘tdilar, ammo bu safargisi ham besamar bo‘ldi.

Leytenant mayor tomon otlandi.

—Nima yangiliklar o‘rtoq leytenant. Ishlar qay tarzda ketmoqda?

—Harbiy qo‘shinimiz misoli yozgi shudring kabi parchalanmoqda.

Har bir shahar, qishloq va tepaliklarda qonli urush avj olgan paytda, fashist kuchlari qish kunlari kabi qisqarib, qordek erib, shudring misoli havoda parchalanmoqda…

(Sergey Aleksev)

Rus tilidan Tojiboyeva Barnoning tarjimasi 

      Dushman alangalari ostida qolgan qishloqlardagi necha minglab insonlarning hasratli ko‘zyoshlari, o‘z tarixi davomida bu qadar g‘am-tashvishlarni ko‘rmagan xalqning shafqatsiz fashistlarga bo‘lgan nafrati, onalari, bolalari, va rafiqalariga bo‘lgan o‘tli sog‘inch tuyg‘ulari aks etgan hissiyotlar ikkinchi jahon urushida namoyon bo‘ladi.

Sobiq sovet xalqi g‘alabasining chuqur ma’nosi shundaki: “Bir kishi hamma uchun, hamma bir kishi uchun” shiori ostida harakat qilingani. Shuning uchun ham keltirilgan memuarlarda bularning yorqin ifodasini ko‘rish mumkin. Bu yerda har bir askarning ichki his tuyg‘ulari, ona yurtga bo‘lgan muhabbati yorqin ifoda etilgan. Ushbu asarlar qancha o‘tmishga sho‘ng‘iyversa, shunchalik qadri oshaveradi.

    Azizlar! Hkmingizga havola etilgan ushbu urush xotiralaridan parchalarni Xorijiy filologiya fakulteti qoshidagi “Badiiy tarjima” to‘garagi a’zolari o‘zbek tiliga o‘girdilar. Ularning ilk tarjimalari siz, azizlarga manzur bo‘ladi degan umiddamiz!

 

Mirzo Ulug‘bek nomidagi  O‘zbekiston Milliy Universiteti

Xorijiy filologiya fakulteti talabalari

 ***

Yuqorida keltirilgan ba’zi hikoya, she’r va qo‘shiqlar Народное словo надорогах войны” kitobidan tarjima qilingan. Ushbu kitobga so‘z boshi va ichidagi asarlarga sharhlarni filologiya fanlari nomzodi, professor, doktor Aleksandr Ivanovich Lazarev tomonidanyozilgan. Bu kitob haqida shuni aytishimiz mumkinki; uning ichidagi asarlar hech qayerda yozib qoldirilmagan,faqatgina urush folklori sifatida odamlar og‘zida yashagan. 1976-yilga kelib esa Aleksandr Lazarev tomonidan birinchi marta yozma shaklda yaxlit kitob holiga keltirilgan va o‘sha yili Janubiy Uraldagi Chelyabinsk shahrida chop etilgan (Южно-Уральское книжное издательство, 1976 г).

__________________________________________________

[1]Qo‘llanma“Народное слово на дорогах войны” 1976 г, № 16

[2]Shumurt-guli oq, xushbo‘y, butasimon daraxt. Uning mevasi qora va nordon

[3]Politruk-harbiy qism va bo‘linmalarga siyosiy-tarbiyaviy ishlar bo‘yicha rahbarlik qiluvchi, siyosiy va jangovor tayyorgarlik uchun komandir bilan teng javob beruvchi shaxs

[4]Manyovr-qo‘shin yoki flotning dushmanga zarba berish maqsadida eng qulay vaziyatni egallash uchun qiladigan harakati

[5]Qo‘llanma“Народное слово на дорогах войны” 1976 г, № 17

[6]Eshelon-Maxsus yuk, texnika, artilleriya, tank va qo‘shinlar ortilgan poyezd yoki avtokolonna

[7]Til (Язык)-kerakli ma’lumot olish maqsadida qo‘lga olingan, tutib keltirilgan harbiy asir

[8]Qo‘llanma“Народное слово на дорогах войны” 1976 г, № 45

[9]Internetdan

[10]Qo‘llanma“Народное слово на дорогах войны” 1976 г, № 42

[11]Qo‘llanma“Народное слово на дорогах войны” 1976 г, № 101

[12]Qo‘llanma“Сто рассказов о войне” 1075 г.

You may also like...

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>