Ректорлар порахўрликка қарши!

Ўзбекистон тарихида илк бор олий таълим муассасалари раҳбарлари мурожаатнома йўллади

кан1

Ўзбекистондаги олий таълим муассасалари ректорлари абитуриентлар ва уларнинг ота-оналарига мурожаат йўллади. Мурожаат матни Олий ва ўрта махсус таълим вазирлиги матбуот хизмати томонидан келтирилган.

Ректорлар мурожаатда таълим-тарбия ишларини замон талаблари асосида ташкил этиш, унга илғор инновацион ғояларни олиб кириш, ёшларнинг истеъдодларини намоён этишлари учун етарлича шарт-шароитлар яратиб бериш ҳамда порахўрлик ва тамагирликнинг олдини олишга ваъда беришган.

«Ҳар ишда ҳалол ва виждонан йўл тутиш, олий таълим муассасаларини ҳақиқий маънодаги маърифат ва ҳалоллик масканига айлантириш, шунингдек, бу йилги қабул жараёнларини шаффоф, адолатли ва ҳалол ўтказишга ваъда берамиз. Бугун ўзингиз учун касб танлаб, ўқишга киришга аҳд қилдингизми, ўз билимингизга, ақл-заковатингизга ва сизларга шу шароитларни яратиб берган Президент ишончига муносиб бўлинг ва муносиб иш қилинг. Кириш имтиҳонларига, тест синовларига пухта тайёргарлик кўриб, бу имтиҳонлардан ўз билимингиз билан ўтишга бел боғланг», — дейилади жумладан мурожаатда.

Шунингдек, мурожаатда «Коррупция тўғрисида»ги Қонуннинг тегишли бандларига кўра пора берган ҳам, пора олган ҳам қонун олдида тенг жавобгар саналиши ва муқаррар жазога тортилиши эслатиб ўтилади.

«Фарзандингизга ёрдам бераман десангиз, ноўрин ва пинҳона хатти-ҳаракатларга йўл қўйманг! Бу йўлдаги ножўя қадам билингки, кун ўтиб бир кун болангиз келажаги учун қаттиқ зарба бўлиши мумкин. Бир ҳақиқатни унутманг! Пора билан ўқишга кирган инсон, бутун ҳаёти давомида шу пулни қайтариб ишлаб олиш ҳаракатида бўлади. У ўқитувчими ёки шифокор, масъул мутасаддими ёки оддий ишчи қатъи назар олдига келган ҳар бир инсонга «товар» сифатида қарайди ва ундан доимо тама қилади. Тама билан суғориладиган қалбда эса яхшилик уруғи унмайди. Тама ва пора занжирини қабул жараёнларидаёқ узайлик! Токи у бошқа ниш урмасин! Фарзандларимиз қўлида занжир бўлиб, уларни панжара ортига бошламасин!», дейилади ота-оналарга қарата.

https://kun.uz/76501801

***

RЕSPUBLIKA OLIY TA’LIM MUASSASALARI RЕKTORLARINING ABITURIYENTLAR, ULARNING OTA-ONALARIGA MUROJAATI

O‘zining ko‘hna va qadim tarixiga, boqiy milliy qadriyatlariga ega bo‘lgan mamlakatimiz yaqin va uzoq davlatlar bilan o‘zaro hamkorlikda yangi tamaddim bosqichiga qadam qo‘ydi. Bu ezgu ishda buyuk adibimiz Abdulla Avloniy so‘zlari bilan aytadigan bo‘lsak, “ta’lim va tarbiya biz uchun yo hayot, yo mamot, yo najot, yo halokat, yo saodat, yo falokat masalasi”ga aylandi.

Prezidentimizning shaxsiy tashabbuslari va ulkan sa’y-harakatlari bilan bugun ta’lim tizimi butunlay yangilanish bosqichiga ko‘tarildi.

Biz – ko‘p sonli rektorlar ta’lim-tarbiya ishlarini zamon talablari asosida tashkil etish, unga ilg‘or innovatsion g‘oyalarni olib kirish, yoshlarning iste’dodlarini namoyon etishlari uchun yetarlicha shart-sharoitlar yaratib berish bilan birgalikda soha rivojiga salbiy ta’sir etishi mumkin bo‘lgan va zamonaviy ta’limning oyog‘iga kishan bo‘lib turgan illat- poraxo‘rlik va tamagirlikning oldini olish, har ishda halol va vijdonan yo‘l tutish, oliy ta’lim muassasalarini haqiqiy ma’nodagi ma’rifat va halollik maskaniga aylantirish, shuningdek, bu yilgi qabul jarayonlarini shaffof, adolatli va halol o‘tkazishga va’da beramiz.
Hurmatli abituriyentlar!
Vatanimiz, xalqimiz va Prezidentimiz Sizlarga katta umid bilan qarab turibdi. Sizlar bizning kelajagimiz. Har sohada mamlakatimiz ravnaqining kafolati sanalasiz.
Ko‘ryapsizki, yoshlarning ilm-fan va kasb-hunar sirlarini egallashlari uchun yurtimizda barcha shart-sharoitlar muhayyo qilib berilmoqda. Bugun o‘zingiz uchun kasb tanlab, o‘qishga kirishga ahd qildingizmi, o‘z bilimingizga, aql-zakovatingizga va sizlarga shu sharoitlarni yaratib bergan Prezident ishonchiga munosib bo‘ling va munosib ish qiling. Kirish imtihonlariga, test sinovlariga puxta tayyorgarlik ko‘rib, bu imtihonlardan o‘z bilimingiz bilan o‘tishga bel bog‘lang.
Aziz ota-onalar!
Hammamiz uchun farzand – aziz, uning kamolini ko‘rish esa asl orzuimizdir. Bugun zamon o‘zgarmoqda. Yoshlarning ilm dargohlariga halol va pok kirishlari uchun keng imkoniyatlar eshigi ochib berildi. Afsuski, tovlamachilar va firibgarlarning dunyoqarashi o‘zgarmayapti. Ular hamon eskicha o‘y-xayollarda, mo‘may va qing‘ir yo‘llar bilan daromad topish ilinjida yuribdi. Ularning tuzog‘iga ilinib qolmang.
Xalqimizda“qars ikki qo‘ldan chiqadi” degan naql bor. “Korrupsiya to‘g‘risida”gi Qonunning tegishli bandlariga ko‘ra pora bergan ham, pora olgan ham qonun oldida teng javobgar sanaladi va muqarrar jazoga tortiladi. Farzandingizga yordam beraman desangiz, noo‘rin va pinhona xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymang! Bu yo‘ldagi nojo‘ya qadam bilingki, kun o‘tib bir kun bolangiz kelajagi uchun qattiq zarba bo‘lishi mumkin. Bir haqiqatni unutmang! Pora bilan o‘qishga kirgan inson, butun hayoti davomida shu pulni qaytarib ishlab olish harakatida bo‘ladi. U o‘qituvchimi yoki shifokor, mas’ul mutasaddimi yoki oddiy ishchi qat’iy nazar oldiga kelgan har bir insonga “tovar” sifatida qaraydi va undan doimo tama qiladi. Tama bilan sug‘oriladigan qalbda esa yaxshilik urug‘i unmaydi. Tama va pora zanjirini qabul jarayonlaridayoq uzaylik! Toki u boshqa nish urmasin! Farzandlarimiz qo‘lida zanjir bo‘lib, ularni panjara ortiga boshlamasin!
Bugun zamon shiddat bilan oldinga qarab ketayotgan, globallashuv jarayonlari butun dunyoni qamrab olayotgan, hammaning nigohi yoshlar taqdiriga qaratilgan bir paytda muhtaram Prezidentimiz va davlatimiz tomonidan kuchli va adolatli ta’lim-tarbiya tizimi yaratib berilmoqda. Hamma gap buni to‘g‘ri anglash, Vatan va xalq oldidagi burch va mas’uliyatni his qilgan holda, yagona maqsad va g‘oya atrofida birlashishdadir. Bu g‘oya esa adolat va tinchlikka, tenglik va qardoshlikka asoslagan Mustaqillik, Vatan ravnaqi va O‘zbekiston g‘oyasidir!
Unga sodiq qolish va birgalikda harakat qilish hammamizning burchimizdir. Shundagina biz Prezidentimiz, xalqimiz va davlatimizning ishonchini oqlagan bo‘lamiz.

Manba: Axborot xizmati

 21.07.2018
http://www.edu.uz/uz/news/view/928

You may also like...

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>